PF-6198-son Farmon · 01.04.2021

Ilmiy va innovatsion faoliyatni rivojlantirish boʻyicha davlat boshqaruvi tizimini takomillashtirish toʻgʻrisida

Rekvizitlar

  • Hujjat turi:Farmon
  • Raqami:PF-6198
  • Qabul qilingan sana:01.04.2021
  • Kuchga kirgan sana:02.04.2021
  • Holati:Amalda
  • Rasmiy nashr:QMMB 06/21/6198/0269

Soʻnggi yillarda respublika iqtisodiyoti tarmoqlari va ijtimoiy sohani innovatsion rivojlantirish, ilm-fan va ilmiy faoliyatni har tomonlama qoʻllab-quvvatlash va natijadorligini oshirish boʻyicha aniq maqsadga yoʻnaltirilgan chora-tadbirlar amalga oshirildi.

Respublikani innovatsiyalar sohasidagi global reytingdagi ilgʻor 50 ta mamlakatlar roʻyxatiga kiritishga qaratilgan strategik dastur tasdiqlandi, ilmiy loyihalarni moliyalashtirishning yangi mexanizmlari joriy etildi, ilm-fan sohasida yuqori malakali kadrlarni moliyaviy ragʻbatlantirish uchun qoʻshimcha shart-sharoitlar yaratildi.

Shunday boʻlsada, mamlakat taraqqiyotining zamonaviy bosqichida amalga oshirilayotgan keng koʻlamli islohotlar ilm-fan va innovatsiya sohasida davlat boshqaruvi mexanizmlarini takomillashtirish, ilmiy faoliyatga oid davlat dasturlarini shakllantirishda shaffoflikni oshirish hamda iqtisodiyot tarmoqlari va hududlarda ilm-fan yutuqlari va innovatsion texnologiyalarni joriy etish ishlarini jadallashtirish lozimligini koʻrsatmoqda.

Milliy ilm-fan va innovatsiya tizimini ijtimoiy-iqtisodiy taraqqiyotdagi oʻrnini oshirish, hududlarda innovatsion faoliyatni rivojlantirish maqsadida, shuningdek, 2017 — 2021-yillarda Oʻzbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yoʻnalishi boʻyicha Harakatlar strategiyasiga asosan belgilangan vazifalardan kelib chiqib:

1. Quyidagilar Innovatsion rivojlanish vazirligining (keyingi oʻrinlarda — Vazirlik) asosiy vazifalari etib belgilansin:

mamlakatni innovatsion rivojlantirishning uzoq muddatli ssenariylari asosida ustuvor soha va tarmoqlarni ilm-fan yutuqlari va innovatsiyalar asosida rivojlantirish strategiyalarini ishlab chiqish;

hududlarning intellektual va texnologik salohiyatini oshirish, ilmiy va innovatsion faoliyatni rivojlantirishning zamonaviy infratuzilmasini shakllantirish;

ilmiy faoliyatga oid davlat dasturlarini shakllantirish, tasdiqlash va ularning ijrosini nazorat qilish;

ilmiy darajali kadrlarni tayyorlash tizimini muvofiqlashtirish;

yoshlarni ilmiy va innovatsion faoliyatga jalb etishning samarali mexanizmlarini joriy qilish va ular tashabbuslarini har tomonlama qoʻllab-quvvatlash;

ilmiy va innovatsion loyihalarni amalga oshirishda investitsiyalarni keng jalb etish, xususiy sektor faolligini oshirish va venchurga asoslangan moliyalashtirishni rivojlantirish;

innovatsion ishlanmalar asosida amalga oshiriladigan loyihalarning moliyaviy, iqtisodiy va texnik ekspertizasini oʻtkazish va intellektual mulk obyektlarini tatbiq etish uchun zarur sharoitlarni taʼminlash;

iqtisodiyotning real sektori va ishlab chiqarish tarmoqlarining ilmiy ishlanma va innovatsiyalarga boʻlgan ehtiyojlarini aniqlash hamda tarmoq ilmiy-tadqiqotlarni rivojlantirish asosida ilm-fan va ishlab chiqarish integratsiyasini mustahkamlash;

yangi ishlanmalarni tijoratlashtirish va ishlab chiqarishga joriy etish, startap loyihalarini amalga oshirish, intellektual mulk qatnashadigan yangi tashkilotlarni shakllantirish va ratsionalizatorlik faoliyatini rivojlantirish uchun zarur shart-sharoit yaratish;

ilm-fan va innovatsiyalar sohasida xalqaro aloqalarni kengaytirish va mustahkamlash, innovatsiyalar va texnologiyalar transferi boʻyicha chora-tadbirlarni amalga oshirish.

2. Quyidagilar Innovatsion rivojlanish vazirligining 2021-2022-yillardagi ustuvor faoliyat yoʻnalishlari etib belgilansin:

biotexnologiyalarni rivojlantirish sohasida biofarmatsevtik mahsulotlar, rekombinant va DNK vaksinalar, biotibbiyot tashxislash texnologiyalari hamda hududlar xususiyatidan kelib chiqib gen va hujayra muhandisligiga asoslangan qishloq xoʻjaligi ekinlarining yangi biotexnologik navlarini yaratish;

tuproq unumdorligini oshirish sohasida tuproq resurslari holatini kompleks monitoring qilish tizimi hamda resurs tejamkor sugʻorish va oʻgʻitlantirish agrotexnologiyalarini yaratish, bunda hududlarda mobil laboratoriyalar tarmogʻini tashkil etib, tuproqdagi mavjud foydali va zararli moddalarni aniqlash asosida qishloq xoʻjaligi ekinlarining agrokimyoviy xaritalarini ishlab chiqish;

“sunʼiy intellekt”ni joriy etish sohasida yoʻl transport infratuzilmasi, taʼlim va sud tizimida “aqlli” innovatsion texnologiyalarni yaratish;

qayta tiklanuvchi energetikani rivojlantirish sohasida muqobil va ekologik toza energiya manbai — “yashil” vodorodni ishlab chiqarish, saqlash va qoʻllash boʻyicha innovatsion texnologiyalarni yaratish;

chorvachilikni rivojlantirish sohasida genetika usullarini qoʻllash orqali chorva zotlarining genofondini koʻpaytirish va goʻsht mahsuldorligini oshirish, yem-ozuqa bazasini kengaytirish boʻyicha innovatsion texnologiyalarni joriy etish;

qishloq xoʻjaligi sohasida qayta ishlash samaradorligini oshirishga qaratilgan qishloq xoʻjaligi texnikasining innovatsion konstruksiyalarini hamda qishloq xoʻjaligi mahsulotlarini yetishtirishning yangi texnologiyalarini yaratish.

3. Quyidagilar:

Innovatsion rivojlanish vazirligining 2021-2022-yillardagi ustuvor faoliyat yoʻnalishlarini amalga oshirish boʻyicha amaliy chora-tadbirlar dasturi (keyingi — oʻrinlarda chora-tadbirlar dasturi) 1-ilovaga muvofiq;

Innovatsion rivojlanish vazirligining 2021-2022-yillardagi faoliyati natijadorligini baholash koʻrsatkichlari 2-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.

Belgilansinki, chora-tadbirlar dasturi doirasida:

Innovatsion rivojlanish vazirligi — loyihalar (ishlanmalar)ni tashabbus qilish (yaratish) va amalga oshirishda koʻmaklashadi, innovatsion texnologiyalar ishlab chiqilishini muvofiqlashtiradi hamda belgilangan tadbirlarning oʻz muddatida va sifatli bajarilishi ustidan tizimli monitoring olib boradi;

ilmiy tashkilotlar hamda tegishli vazirlik va idoralar — har bir loyiha (ishlanma)ni amalga oshirish (yaratish) uchun chuqur ilmiy-tadqiqot va tajriba-konstruktorlik ishlarini amalga oshiradi hamda ularning tegishli tarmoqlarga joriy etilishini taʼminlaydi.

Vazirlik chora-tadbirlar dasturida belgilangan loyihalar (ishlanmalar)ni moliyalashtirishga venchur jamgʻarmalari va xususiy sektor vakillarini keng jalb qilsin.

4. Hududlarda ilmiy va innovatsion faoliyatni rivojlantirish maqsadida Vazirlik tizimida Qoraqalpogʻiston Respublikasi va viloyatlar innovatsion rivojlanish boshqarmalari (keyingi oʻrinlarda — hududiy boshqarmalar) tashkil etilsin.

Belgilab qoʻyilsinki:

Vazirlikka yuklatilgan asosiy vazifalar va funksiyalarning hududlardagi ijrosi hududiy boshqarmalar tomonidan amalga oshiriladi;

hududiy boshqarmalar tomonidan shakllantirilgan ilmiy faoliyatga oid hududiy dasturlar Qoraqalpogʻiston Respublikasi Joʻqorgʻi Kengesi, xalq deputatlari viloyatlar va Toshkent shahar Kengashlari tomonidan tasdiqlanadi va ularning amalga oshirilishini monitoring qilish hududiy boshqarmalar zimmasiga yuklatiladi;

(4-bandning toʻrtinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2024-yil 25-oktabrdagi PF-168-sonli Farmoni tahririda)

hududlardagi ilm-fan va innovatsion faoliyatni amalga oshiruvchi tashkilotlar, shuningdek, Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi va viloyatlar hokimliklari huzuridagi Innovatsion faoliyat va texnologiyalar transferi markazlari faoliyati hududiy boshqarmalar tomonidan muvofiqlashtiriladi.

5. Innovatsion rivojlanish va novatorlik gʻoyalarini qoʻllab-quvvatlash jamgʻarmasi unga Innovatsion rivojlanish vazirligi huzuridagi Ilmiy va ilmiy-texnik faoliyat natijalarini tijoratlashtirish Prezident jamgʻarmasini va Innovatsion rivojlanish vazirligi huzuridagi Yoshlar akademiyasining iqtidorli yoshlarni qoʻllab-quvvatlash jamgʻarmasini qoʻshib olish yoʻli bilan Ilm-fanni moliyalashtirish va innovatsiyalarni qoʻllab-quvvatlash jamgʻarmasi (keyingi oʻrinlarda — Jamgʻarma) etib qayta tashkil etilsin.

Belgilansinki:

Jamgʻarma mazkur bandning birinchi xatboshisidagi tashkilotlarning barcha huquqlari, majburiyatlari va shartnomalari boʻyicha huquqiy vorisi hisoblanadi;

ilmiy faoliyatga oid davlat dasturlariga Oʻzbekiston Respublikasi Davlat budjetidan ajratiladigan mablagʻlar Jamgʻarma tomonidan moliyalashtiriladi.

6. Barcha vazirlik va idoralar, mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlari, xoʻjalik birlashmalari, ustav fondida davlat ulushi 50 foiz va undan yuqori boʻlgan yirik tashkilotlarda amaldagi rahbar oʻrinbosarlaridan biriga innovatsiyalarni joriy etish (Chief Innovation Officer) vazifasi yuklatilsin.

Innovatsiyalarni joriy etish vazifasi yuklatilgan rahbar oʻrinbosarlarining tegishli yoʻnalishdagi faoliyatini muvofiqlashtirish Vazirlikka yuklatilsin hamda ularning bazaviy lavozim maoshiga har oyda 30 foiz miqdorida ustama toʻlansin.

7. Qoraqalpogʻiston Respublikasi va viloyatlarda innovatsion hududga aylantirilayotgan tumanlar roʻyxati 3-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.

Vazirlik (I.Y. Abduraxmonov) Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi raisi va viloyatlar hokimlari bilan birgalikda bir oy muddatda 3-ilovada koʻrsatilgan tumanlarni innovatsion hududlarga aylantirish boʻyicha dasturlarni ishlab chiqsin va tasdiqlasin.

8. Namangan viloyati Chust tumani hokimligi boshqaruv apparatida hokimlikning umumiy shtat birliklari cheklangan soni doirasida tuman hokimining innovatsiyalarni rivojlantirish masalalari boʻyicha oʻrinbosari lavozimi (keyingi oʻrinlarda — hokim oʻrinbosari) joriy etilsin.

Belgilab qoʻyilsinki:

hokim oʻrinbosari Oʻzbekiston Respublikasi innovatsion rivojlanish vazirining tavsiyanomasi asosida belgilangan tartibda lavozimga tayinlanadi va lavozimidan ozod etiladi;

Chust tumanida yangi hududiy innovatsion infratuzilmalar yaratish va innovatsion tadbirkorlikni rivojlantirish maqsadida “Yashnobod” innovatsiya texnoparki rezidentlarini eksterritorial tamoyil asosida Chust tumani hududida joylashtirishga ruxsat etiladi.

9. Vazirlik tomonidan ilmiy tashkilotlar reytingi yuritilayotganligi hamda ularning ilmiy va innovatsion faoliyatini baholash tizimi joriy etilganligi maʼlumot uchun qabul qilinsin.

Vazirlik hamda Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda uch oy muddatda oliy taʼlim muassasalarining ilmiy va innovatsion faoliyatini baholash tizimini joriy qilsin.

10. Shunday tartib oʻrnatilsinki, unga muvofiq:

Vazirlik tomonidan har kalendar yil yakuni boʻyicha ilmiy tashkilotlarning hamda har oʻquv yili yakuni boʻyicha oliy taʼlim muassasalarining ilmiy va innovatsion faoliyati baholanadi;

Vazirlik baholash natijalariga koʻra oliy taʼlim muassasalari va ilmiy tashkilotlar rahbarlari, shu jumladan rektor (direktor) hamda ularning ilmiy ishlar va innovatsiyalar boʻyicha prorektoriga (direktor oʻrinbosariga) nisbatan ragʻbatlantirish yoki intizomiy jazolarni qoʻllash haqida tizimida oliy taʼlim muassasalari va ilmiy tashkilotlari boʻlgan tegishli vazirlik va idoralarga taqdimnoma kiritadi;

oliy taʼlim muassasalari va ilmiy tashkilotlar rahbarlarining (rektor, direktor) ilmiy ishlar va innovatsiyalar boʻyicha prorektor va direktor oʻrinbosari Oʻzbekiston Respublikasi innovatsion rivojlanish vazirining taqdimnomasiga muvofiq tizimida oliy taʼlim muassasalari va ilmiy tashkilotlari boʻlgan tegishli vazirlik va idoralar rahbarining buyrugʻiga asosan lavozimga tayinlanadi va lavozimidan ozod etiladi.

11. Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi Tashqi ishlar vazirligi va Vazirlik bilan birgalikda 2021-yil 1-mayga qadar nufuzli xorijiy universitetlar va ilmiy markazlar bilan ilmiy-innovatsion sohada ikki tomonlama oʻzaro manfaatli hamkorlikni rivojlantirishga qaratilgan chora-tadbirlar rejasini tasdiqlasin va amalga oshirilishini taʼminlasin.

12. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining ayrim hujjatlariga 4-ilovaga muvofiq oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritilsin.

13. Vazirlik bir oy muddatda qonun hujjatlariga mazkur Farmondan kelib chiqadigan oʻzgartirish va qoʻshimchalar toʻgʻrisida Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritsin.

14. Mazkur Farmon ijrosini samarali tashkil etishga masʼul va shaxsiy javobgar etib innovatsion rivojlanish vaziri I.Y. Abduraxmonov belgilansin.

Farmon ijrosini har chorakda muhokama qilib borish, ijro uchun masʼul idoralar faoliyatini muvofiqlashtirish va nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vaziri A.N. Aripov hamda Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining maslahatchisi A.A. Abduvaxitov zimmasiga yuklansin.

Amalga oshirilayotgan chora-tadbirlar natijadorligi yuzasidan Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentiga 2022-yil 1-yanvarga qadar axborot berilsin.

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Sh. MIRZIYOYEV

Toshkent sh.,

2021-yil 1-aprel,

PF-6198-son

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2021-yil 1-apreldagi PF-6198-son Farmoniga1-ILOVA

Innovatsion rivojlanish vazirligining 2021-2022-yillardagi ustuvor faoliyat yoʻnalishlarini amalga oshirish boʻyicha amaliy chora-tadbirlar

(1-ilova Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2022-yil 1-dekabrdagi PQ-435-son qarori tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 03.12.2022-y., 07/22/435/1063)

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2021-yil 1-apreldagi PF-6198-son Farmoniga2-ILOVA

Innovatsion rivojlanish vazirligining 2021-2022-yillardagi faoliyati natijadorligini baholash

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2021-yil 1-apreldagi PF-6198-son Farmoniga3-ILOVA

Qoraqalpogʻiston Respublikasi va viloyatlarda innovatsion hududga aylantirilayotgan tumanlar

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2021-yil 1-apreldagi PF-6198-son Farmoniga4-ILOVA

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining ayrim hujjatlariga kiritilayotgan oʻzgartirish va qoʻshimchalar

1. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2006-yil 25-iyuldagi “Oʻzbekiston Respublikasining fan va texnika, adabiyot, sanʼat va meʼmorchilik sohasidagi davlat mukofotlarini taʼsis etish toʻgʻrisida”gi PF-3781-son Farmonida:

a) 2-band quyidagi tahrirda bayon etilsin:

“Oʻzbekiston Respublikasining fan va texnika, adabiyot, sanʼat va meʼmorchilik sohasidagi davlat mukofotlariga talabgorlar boʻyicha tavsiyanomalarni qabul qilish va ularni saralash, davlat mukofotlariga nomzodlar roʻyxatini shakllantirish, ularning ilmiy, ijodiy, adabiy va badiiy ishlarining keng muhokamasini tashkil qilish, ekspertizadan oʻtkazish hamda tegishli takliflarni Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentiga taqdim etishda:

fan va texnika sohasida — Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Fan va texnologiyalar boʻyicha respublika kengashiga yuklatilsin;

adabiyot, sanʼat va meʼmorchilik sohasida — Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Oʻzbekiston Respublikasining adabiyot, sanʼat va meʼmorchilik sohasidagi davlat mukofotlari boʻyicha kengashning asosiy vazifasi etib hisoblansin.

Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Oʻzbekiston Respublikasining adabiyot, sanʼat va meʼmorchilik sohasidagi davlat mukofotlari boʻyicha kengash tarkibi 1-ilovaga muvofiq tasdiqlansin”;

b) 1-ilovaning matni quyidagi tahrirda bayon etilsin:

“Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Oʻzbekiston Respublikasining adabiyot, sanʼat va meʼmorchilik sohasidagi Davlat mukofotlari boʻyicha kengash

v) 2-ilovaning matnida:

3-bandning ikkinchi xatboshisi quyidagi tahrirda bayon etilsin:

“Davlat mukofotlarini berish toʻgʻrisidagi takliflar:

fan va texnika sohasida — Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Fan va texnologiyalar boʻyicha respublika kengashi;

adabiyot, sanʼat va meʼmorchilik sohasida — Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Oʻzbekiston Respublikasining Adabiyot, sanʼat va meʼmorchilik sohasidagi davlat mukofotlari boʻyicha kengashi tomonidan taqdim etiladi.

Tegishli davlat mukofotlarini berish toʻgʻrisidagi takliflar Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Fan va texnologiyalar boʻyicha respublika kengashi hamda Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Oʻzbekiston Respublikasining Adabiyot, sanʼat va meʼmorchilik sohasidagi davlat mukofotlari boʻyicha kengashi (keyingi oʻrinlarda — Davlat mukofotlari boʻyicha kengashlar) qaroriga muvofiq belgilangan tartibda Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentiga koʻrib chiqish kiritiladi”;

4-bandning beshinchi xatboshisi, 6-bandning toʻrtinchi va oltinchi xatboshilaridagi “kengash” soʻzi “kengashlar” soʻzi bilan almashtirilsin;

7-band quyidagi tahrirda bayon etilsin:

“Davlat mukofotlariga talabgorlar boʻyicha tavsiyanomalar va ularga tegishli materiallarni tayyorlash, Davlat mukofotlari boʻyicha kengashlarga taqdim etish, ularni Davlat mukofotlari boʻyicha kengashlarning ishchi organlarida rasmiylashtirish, ekspertizadan oʻtkazish, Davlat mukofotlari boʻyicha kengashlarida koʻrib chiqish tartibi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan belgilanadi”;

8-banddagi “kengash” soʻzi “kengashlar” soʻzi bilan almashtirilsin.

2. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2017-yil 5-iyundagi “Toshkent shahrining Yashnobod tumanida innovatsiya texnoparkini tashkil qilish toʻgʻrisida”gi PF-5068-son Farmonida:

a) 1-banddan “1-ilovaga muvofiq qatnashuvchilar tarkibi bilan” soʻzlari chiqarib tashlansin;

b) 5-band oʻz kuchini yoʻqotgan deb hisoblansin;

v) 6-bandning uchinchi xatboshisi quyidagi tahrirda bayon etilsin:

“Oʻzbekiston Respublikasi Innovatsion rivojlanish vazirligi “Yashnobod” texnoparki faoliyatini muvofiqlashtiradi, xoʻjalik yurituvchi subyektlarga “Yashnobod” texnoparki rezidenti maqomini berish toʻgʻrisida qaror qabul qiladi va “Yashnobod” texnoparki rahbarini lavozimga tayinlaydi va lavozimidan ozod qiladi”;

g) 7-bandda:

toʻrtinchi xatboshi chiqarib tashlansin;

oltinchi xatboshidagi “iqtisodiyot” soʻzi “innovatsion rivojlanish” soʻzlari bilan almashtirilsin;

d) 1 va 2-ilovalar oʻz kuchini yoʻqotgan deb hisoblansin.

3. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2017-yil 29-noyabrdagi “Oʻzbekiston Respublikasi Innovatsion rivojlanish vazirligini tashkil etish toʻgʻrisida”gi PF-5264-son Farmonining 1 va 3-bandlari oʻz kuchini yoʻqotgan deb hisoblansin.

4. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2020-yil 5-oktabrdagi “Raqamli Oʻzbekiston — 2030” strategiyasini tasdiqlash va uni samarali amalga oshirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi PF-6079-son Farmoni 22-ilovasining matni quyidagi tahrirda bayon etilsin:

“Raqamli Oʻzbekiston — 2030” strategiyasini amalga oshirish boʻyicha muvofiqlashtirish komissiyasi

5. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2017-yil 1-noyabrdagi “Ilmiy-tadqiqot muassasalarining infratuzilmasini yanada mustahkamlash va innovatsion faoliyatini rivojlantirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi PQ-3365-son qarorida:

a) 1-bandning uchinchi va toʻrtinchi xatboshilaridagi “2018 — 2021-yillarda” soʻzlari “2018 — 2022-yillarda” soʻzlari bilan almashtirilsin;

b) 10-banddan uchinchi xatboshi chiqarib tashlansin;

v) 2-ilovaning matni quyidagi tahrirda bayon etilsin:

“2018 — 2022-yillarda Dasturni amalga oshirish moliyaviy xarajatlarining hisob-kitob hajmlari

* Xarajatlar qiymati joriy narxlarda koʻrsatilgan va loyiha-smeta hujjatlarini ishlab chiqish hamda oʻtkaziladigan tender (tanlov) savdolarining yakunlariga koʻra aniqlashtirilishi lozim.

** Mablagʻ ajratish Ilm-fanni moliyalashtirish va innovatsiyalarni qoʻllab-quvvatlash jamgʻarmasiga mablagʻlar kelib tushishiga qarab amalga oshiriladi. Bunda Jamgʻarma mablagʻlarining yetishmayotgan qismi boʻyicha xarajatlar ajratilgan budjet mablagʻlari hisobidan va uning doirasida amalga oshiriladi.

Izoh. Vazirlar Mahkamasi Oʻzbekiston Respublikasi Innovatsion rivojlanish vazirligi, Iqtisodiy taraqqiyot va kambagʻallikni qisqartirish vazirligi, Moliya vazirligi hamda boshqa manfaatdor vazirliklar va idoralarning qoʻshma takliflari asosida, ajratilayotgan mablagʻlardan rejali va ratsional foydalanishni taʼminlashni inobatga olgan holda Dastur parametrlariga oʻzgartirishlar kiritishga haqlidir”.

6. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2017-yil 30-noyabrdagi “Oʻzbekiston Respublikasi Innovatsion rivojlanish vazirligi faoliyatini tashkil etish toʻgʻrisida”gi PQ-3416-son qarorida:

a) 1-band oʻz kuchini yoʻqotgan deb hisoblansin;

b) quyidagi mazmundagi 3-1-band bilan toʻldirilsin:

“3-1. Vazirlikka quyidagi maqsadlar uchun shartnoma asosida, jumladan xorijiy konsultantlar va ekspertlarni, shuningdek texnik koʻmak va grantlarini jalb qilishga ruxsat etilsin:

innovatsion rivojlanish strategiyalarini ishlab chiqish va ilm-fan sohasida ilgʻor xalqaro tajribani oʻrganish va tatbiq etish, shuningdek vazirlikka yuklatilgan boshqa vazifalar va topshiriqlarni bajarish;

vazirlik va uning tarkibiy boʻlinmalari xodimlarini qayta tayyorlash va malakasini oshirish, shuningdek ilmiy-innovatsion rivojlantirishning dolzarb masalalari boʻyicha tadqiqotlar oʻtkazish, investitsiya siyosati strategiyasini ishlab chiqish;

xorijiy mamlakatlarning tegishli vazirliklari va idoralari bilan samarali va oʻzaro manfaatli hamkorlik oʻrnatish”;

v) quyidagi mazmundagi 7-1-band bilan toʻldirilsin:

“7-1. Vazirlik Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi, Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi, Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi, Davlat statistika qoʻmitasi, Davlat soliq qoʻmitasi, Davlat bojxona qoʻmitasi, Davlat aktivlarini boshqarish agentligi boshqa vazirlik va idoralar statistik axborot byulletenlarini majburiy tarqatish roʻyxatiga kiritilsin”;

g) 1 — 6-ilovalar oʻz kuchini yoʻqotgan deb hisoblansin.

7. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2018-yil 19-apreldagi “Oʻzbekiston Respublikasi Innovatsion rivojlanish vazirligi huzurida Ilgʻor texnologiyalar markazini tashkil qilish toʻgʻrisida”gi PQ-3674-son qarorining 2-bandi quyidagi mazmundagi oʻn ikkinchi xatboshi bilan toʻldirilsin:

“Markaz faoliyati, shu jumladan tijoratlashtirish, ilmiy tadbirkorlik va biznes boʻyicha bilim va koʻnikmalarni oshirish boʻyicha pulli toʻlov asosida oʻquv va trening kurslarini tashkil etish”.

8. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2018-yil 27-apreldagi “Innovatsion gʻoyalar, texnologiyalar va loyihalarni amaliy joriy qilish tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi PQ-3682-son qarorida:

a) 1-band quyidagi tahrirda bayon etilsin:

“1. Oʻzbekiston Respublikasi Innovatsion rivojlanish vazirligi hamda Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligining 2018-yildan boshlab har yili xorijiy innovatsion va ilmiy markazlar, investitsion fondlar, texnologik agentliklar, texnoparklar va biznes-inkubatorlarning faol ishtirokida Xalqaro innovatsion gʻoyalar haftaligi — “InnoWeek.Uz” (keyingi oʻrinlarda — haftalik) oʻtkazish toʻgʻrisidagi takliflari maʼqullansin”;

b) 2-bandning birinchi xatboshisidagi “Innovatsiyalar yarmarkalari va xalqaro forumlarni” soʻzlari “Haftalikni” soʻzi bilan almashtirilsin;

v) 3-bandning birinchi xatboshisidagi “innovatsiyalar yarmarkasini” soʻzlari “haftalikni” soʻzi bilan almashtirilsin;

g) 4-bandda:

ikkinchi xatboshi chiqarib tashlansin;

uchinchi xatboshidagi “innovatsiyalar yarmarkalarini” soʻzlari “haftalikni” soʻzi bilan almashtirilsin;

toʻrtinchi xatboshidagi “innovatsiyalar yarmarkalarini oʻtkazishning” soʻzlari “haftalikni oʻtkazish joyi,” soʻzlari bilan almashtirilsin;

uchinchi va toʻrtinchi xatboshilar tegishlicha ikkinchi va uchinchi xatboshilar deb hisoblansin;

d) 5 va 7-bandlardagi “innovatsiyalar yarmarkalari va xalqaro forumlarni” soʻzlari “haftalikni”soʻzi bilan almashtirilsin;

e) 8-bandda:

ikkinchi xatboshidagi “innovatsiyalar yarmarkalari va xalqaro forumlarda” soʻzlari “haftalikda” soʻzi bilan almashtirilsin;

uchinchi xatboshidagi “innovatsiyalar yarmarkalari va xalqaro forumlarning” soʻzlari “haftalikning” soʻzi bilan almashtirilsin;

j) 9-bandning uchinchi xatboshisidagi “innovatsiyalar yarmarkalari va xalqaro forumlarning” soʻzlari “haftalikning” soʻzi bilan almashtirilsin.

9. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2018-yil 27-apreldagi “Oʻzbekiston Respublikasida urugʻchilik tizimini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi PQ-3683-son qarorida:

a) 1-bandning beshinchi xatboshisidagi “xulosasiga asosan Innovatsion rivojlanish vazirligining qarori boʻyicha” soʻzlari “qaroriga binoan” soʻzlari bilan almashtirilsin;

b) 2-band quyidagi tahrirda bayon etilsin:

“2. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2019-yil 17-apreldagi “Qishloq xoʻjaligi sohasida davlat boshqaruvi tizimini takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi PF-5708-son Farmoniga muvofiq Oʻzbekiston Respublikasi Innovatsion rivojlanish vazirligi huzurida Urugʻchilikni rivojlantirish markazi va uning boʻlinmalari Qishloq xoʻjaligi vazirligi huzuridagi Urugʻchilikni rivojlantirish markazi etib qayta tashkil etilganligi maʼlumot uchun qabul qilinsin”;

v) 4 — 6 va 8-bandlar oʻz kuchini yoʻqotgan deb hisoblansin;

g) 7-banddan beshinchi xatboshi chiqarib tashlansin;

d) 12-banddagi “Innovatsion rivojlanish” soʻzlari “Qishloq xoʻjaligi” soʻzlari bilan almashtirilsin;

e) 1 va 2-ilovalar oʻz kuchini yoʻqotgan deb hisoblansin.

10. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2018-yil 5-maydagi “Faol tadbirkorlik va innovatsion faoliyatni rivojlantirish uchun shart-sharoitlarni yaratish boʻyicha qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi PQ-3697-son qarorida:

a) 1-bandda:

birinchi xatboshidagi “davlat-xususiy sheriklik shartlarida” soʻzlari “davlat tashkilotlarining budjetdan tashqari innovatsiyalarni rivojlantirish jamgʻarmalari mablagʻlarini, xalqaro moliya institutlarining grant va/yoki kreditlarini, xorijiy investorlarning mablagʻ va sarmoyalarini jalb qilgan holda hamda” soʻzlari bilan almashtirilsin;

quyidagi mazmundagi ikkinchi xatboshi bilan toʻldirilsin:

“Ikki yoki undan ortiq shaxslar ishtirokida tashkil etiladigan innovatsiya markazlari aksiyadorlik va boshqa tashkiliy-huquqiy shaklda ham tuzilishi mumkin. Bunday hollarda taʼsis hujjatlarida uning tashkiliy-huquqiy shakli, ishtirokchilarning shartlari va vazifalari aniq koʻrsatiladi”;

ikkinchi xatboshi uchinchi xatboshi deb hisoblansin;

b) 3-bandda:

birinchi xatboshidagi “davlat-xususiy sheriklikning” soʻzlari “markazlar tashkil etishning” soʻzlari bilan almashtirilsin;

toʻrtinchi — yettinchi xatboshilar chiqarib tashlansin;

yettinchi xatboshidagi “davlat sherigi” soʻzlari “mahalliy hokimiyatlar” soʻzlari bilan almashtirilsin;

sakkizinchi xatboshi quyidagi tahrirda bayon etilsin:

“markaz tashkil etish bilan bogʻliq kelishuv tomonlarining huquqlari va majburiyatlari, Innovatsion rivojlanish vazirligi roziligi bilan tuziladigan kelishuvlarda belgilanadi”;

v) 4-bandning oltinchi xatboshisi quyidagi tahrirda bayon etilsin:

“Davlat va jamiyat maqsadlari uchun yangi, innovatsion mahsulotlar yaratish, ishlab chiqarish va xizmatlarni yoʻlga qoʻyish maqsadida davlat boshqaruvi organlari, xoʻjalik birlashmalari, taʼlim va ilmiy-tadqiqot muassasalari, nodavlat tashkilotlar hamda xususiy tadbirkorlar markazlar faoliyatini moliyalashtirishlari mumkin”;

g) 5-bandda:

uchinchi — beshinchi xatboshilar chiqarib tashlansin;

oltinchi xatboshidan “markazlarni tashkil etish boʻyicha davlat-xususiy sheriklik toʻgʻrisidagi kelishuvda belgilangan muddatlarni hisobga olgan holda” soʻzlari chiqarib tashlansin;

oltinchi va yettinchi xatboshilar tegishlicha ikkinchi va uchinchi xatboshilar deb hisoblansin;

d) 7-bandda:

birinchi xatboshidagi “boʻyicha davlat qoʻmitasi” soʻzlari “va tashqi savdo vazirligi” soʻzlari bilan almashtirilsin;

ikkinchi xatboshidan “davlat-xususiy sheriklik” soʻzlari chiqarib tashlansin;

uchinchi xatboshi quyidagi tahrirda bayon etilsin:

“Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi bilan birgalikda doimiy ravishda markazlarni tashkil etishga xorijiy davlat vakillarini jalb qilish, shuningdek, grantlar va homiylik xayriyalarini ajratish maqsadida xalqaro va xorijiy tashkilotlar, moliya institutlari vakillari bilan muzokaralar oʻtkazishni;”;

toʻrtinchi xatboshi chiqarib tashlansin;

beshinchi xatboshidagi “mazkur qarorning mazmun-mohiyatini” soʻzlari “markazlar faoliyatini” soʻzlari bilan almashtirilsin;

oltinchi xatboshi “tuman (shahar)larda” soʻzlaridan keyin “xorijiy investorlar yoki homiylar ishtirokida” soʻzlari bilan toʻldirilsin;

beshinchi va oltinchi xatboshilar tegishlicha toʻrtinchi va beshinchi xatboshilar deb hisoblansin;

e) 8-banddagi “davlat va xususiy sheriklarning” soʻzlari “tashabbuskorlar” soʻzi bilan almashtirilsin.

11. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2018-yil 7-maydagi “Iqtisodiyot tarmoqlari va sohalariga innovatsiyalarni joriy etish mexanizmlarini takomillashtirish boʻyicha qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi PQ-3698-son qarorida:

a) 1-banddan uchinchi va beshinchi xatboshilar chiqarib tashlansin;

b) 2-bandda:

ikkinchi xatboshi “lavozimga tayinlash” soʻzlaridan keyin “va lavozimidan ozod etish” soʻzlari bilan toʻldirilsin;

beshinchi xatboshi quyidagi tahrirda bayon etilsin:

“Oʻzbekiston Respublikasi innovatsion rivojlanish vazirining tegishli oʻrinbosari ilmiy ishlar va innovatsiyalar boʻyicha prorektorlar hamda ilm-fan boʻyicha direktor oʻrinbosarlarining faoliyatini samarali muvofiqlashtirish boʻyicha masʼul hisoblanadi”;

quyidagi mazmundagi oʻninchi xatboshi bilan toʻldirilsin:

“kichik startap loyihalarni moliyalashtirishga”;

oʻninchi va oʻn birinchi xatboshilar tegishlicha oʻn birinchi va oʻn ikkinchi xatboshilar deb hisoblansin;

v) 6-bandning birinchi xatboshisidan “oʻz xarajatlarini oʻzi qoplash asosida” soʻzlari chiqarib tashlansin;

g) 7-band oʻz kuchini yoʻqotgan deb hisoblansin.

12. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2018-yil 14-iyuldagi “Ilmiy va ilmiy-texnikaviy faoliyat natijalarini tijoratlashtirish samaradorligini oshirish boʻyicha qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi PQ-3855-son qarorida:

a) 2-bandda:

ikkinchi xatboshidagi “va ilmiy-texnikaviy faoliyat natijalaridan foydalangan” soʻzlari “faoliyat natijalarini qoʻllagan” soʻzlari bilan almashtirilsin;

toʻrtinchi xatboshi quyidagi tahrirda bayon etilsin:

“intellektual mulk obyektlariga boʻlgan mulkiy huquqlarni uchinchi shaxslarga oʻtkazish va mazkur obyektlardan foydalanish huquqini royalti toʻlovlariga asoslangan litsenziya shartnomalarini tuzish orqali, shu jumladan, ularni keyinchalik ushbu huquqlar oluvchisi tomonidan tijoratlashtirish sharti bilan berish va boshqa usullar orqali amalga oshiriladi”;

b) 7-banddagi va 9-bandning “v” kichik bandidagi “boʻyicha davlat qoʻmitasi” soʻzlari “va tashqi savdo vazirligiga” soʻzlari bilan almashtirilsin;

v) 10-band quyidagi tahrirda bayon etilsin:

“10. Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi huzuridagi Intellektual mulk agentligi Oʻzbekiston Respublikasi Davlat budjeti mablagʻlari hisobidan yaratilgan intellektual mulk obyektlari boʻyicha axborotning doimiy asosda ularni keyinchalik tijoratlashtirilishini choralarini koʻrish uchun Oʻzbekiston Respublikasi Innovatsion rivojlanish vazirligiga taqdim etilishini taʼminlasin”.

13. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2018-yil 20-iyuldagi “Fan va oliy taʼlim sohasi xodimlarining mehnat haqi miqdorini yanada oshirish, ilmiy va ilmiy-texnik faoliyat natijalari joriy etilishini davlat tomonidan qoʻllab-quvvatlash chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi PQ-3876-son qarorida:

2-bandning ikkinchi xatboshisidagi “Oʻzbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi boshqaruv apparati xodimlarining” soʻzlari “Oʻzbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi boshqaruv apparati hamda Qoraqalpogʻiston va Navoiy boʻlimlari maʼmuriy-boshqaruv xodimlarining” soʻzlari bilan almashtirilsin;

4-banddagi “Oʻzbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi boshqaruv apparati xodimlari” soʻzlari “Oʻzbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi boshqaruv apparati hamda Qoraqalpogʻiston, Navoiy boʻlimlari maʼmuriy-boshqaruv xodimlari” soʻzlari bilan almashtirilsin.

14. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2019-yil 9-iyuldagi “Matematika taʼlimi va fanlarini yanada rivojlantirishni davlat tomonidan qoʻllab-quvvatlash, shuningdek, Oʻzbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasining V.I. Romanovskiy nomidagi Matematika instituti faoliyatini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi PQ-4387-son qarorida:

a) 19-bandning toʻrtinchi xatboshisi chiqarib tashlansin;

b) beshinchi — oʻninchi xatboshilar tegishlicha toʻrtinchi — toʻqqizinchi xatboshilar deb hisoblansin;

v) 1-ilovaning 4, 5, 6, 14-pozitsiyalari “Moliyalashtirish manbalari” ustunidagi “Davlat ilmiy-texnik dasturlarini” soʻzlari “Ilmiy faoliyatga oid davlat dasturlarini” soʻzlari bilan almashtirilsin.

15. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2019-yil 30-avgustdagi “Yoshlarni ilm-fan sohasiga jalb etish va ularning tashabbuslarini qoʻllab-quvvatlash tizimini takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi PQ-4433-son qarorida:

a) 1-bandning uchinchi xatboshisidagi “vazirining birinchi” soʻzlari “vaziri tomonidan uning tegishli” soʻzlari bilan almashtirilsin;

b) 3-bandning ikkinchi xatboshisidagi “Iqtidorli yoshlar bilan ishlash” soʻzlari “Yoshlar salohiyatini rivojlantirish” soʻzlari bilan almashtirilsin;

v) 9-banddan uchinchi va toʻrtinchi xatboshilar chiqarib tashlansin;

g) 15-band oʻz kuchini yoʻqotgan deb hisoblansin;

d) 3-ilovaning 13-pozitsiyasi “Ijro muddati” ustunidagi “2020-yil 15-sentabr” soʻzlari “Tadbir doirasida” soʻzlari bilan almashtirilsin;

e) 4-ilova oʻz kuchini yoʻqotgan deb hisoblansin.

Bu hujjat sizga qanday ta'sir qiladi?

HuquqTech hujjat va qonun moddalariga tayanib, savolingizga oddiy tilda javob beradi.

AI'dan bepul so'rash

Matn lex.uz rasmiy manbasidan olingan va avtomatik yangilanadi. Huquqiy ahamiyatga ega qarorlar uchun rasmiy nashrga va malakali mutaxassisga murojaat qiling.