Mamlakatimizda suv xoʻjaligi sohasida davlat boshqaruvi samaradorligini oshirish, suv xoʻjaligini modernizatsiya qilish va rivojlantirish, suv resurslarini boshqarish, suvdan tejamkorlik bilan foydalanish, yerlarning meliorativ holatini yaxshilash borasida izchil islohotlar amalga oshirilmoqda.
Shu bilan birga, suv resurslarini boshqarish va ulardan oqilona foydalanish, suv xoʻjaligi obyektlarini loyihalash, davlat ekspertizasidan oʻtkazish, qurish va rekonstruksiya qilish, ayniqsa, suv omborlari va boshqa yirik suv xoʻjaligi obyektlarining xavfsizligini taʼminlashda jiddiy kamchilik va muammolar saqlanib qolmoqda.
Suv xoʻjaligi obyektlarining aksariyat qismi 30 — 40 yildan ortiq xizmat qilayotganligi hamda ularni loyihalashga malakali xorijiy ekspertlarni jalb qilish, ilgʻor xorijiy tajribani joriy etish kabi masalalarga yetarli eʼtibor qaratilmayotganligi sababli keyingi yillarda ayrim suv xoʻjaligi obyektlarida texnogen vaziyatlar va avariyaviy holatlar kuzatilmoqda.
Suv xoʻjaligini boshqarishning samarali tizimini shakllantirish, suvning hisobi va hisobotini yuritishni takomillashtirish, suv xoʻjaligida raqamli texnologiyalarni keng joriy qilish, suv xoʻjaligi obyektlarining xavfsizligini oshirish hamda samarali nazorat tizimini oʻrnatish maqsadida:
1. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2020-yil 10-iyuldagi PF-6024-son Farmoni bilan Oʻzbekiston Respublikasi suv xoʻjaligini rivojlantirishning 2020 — 2030-yillarga moʻljallangan konsepsiyasi tasdiqlanganligi hamda Konsepsiyaning ustuvor yoʻnalishlari belgilab berilganligi maʼlumot uchun qabul qilinsin.
2. Quyidagilar Suv xoʻjaligi vazirligining asosiy vazifalari va faoliyat yoʻnalishlari etib belgilansin:
suv resurslarini boshqarish, suvlarning hisobi, hisoboti va balansini shakllantirish sohasida yagona siyosatni amalga oshirish, shuningdek, suv resurslaridan oqilona foydalanish va ularni muhofaza qilish, suvlarning zararli taʼsirini oldini olish va bartaraf etish sohasida davlat organlari va boshqa tashkilotlar faoliyatini muvofiqlashtirish;
respublika aholisi, iqtisodiyot tarmoqlari va atrof-muhitning suvga boʻlgan muttasil oshib borayotgan ehtiyojlarini qondirish uchun shart-sharoitlarni yaratish, suv resurslaridan samarali foydalanishni taʼminlash;
suv xoʻjaligi obyektlarini modernizatsiyalash, rivojlantirish va qurilish ishlarini sifatli tashkil etish, normativ-huquqiy hujjatlarni ishlab chiqish, shuningdek, xavfsizlik darajasi yuqori boʻlgan suv xoʻjaligi obyektlarini loyihalash va ekspertiza qilish ishlariga malakali xorijiy ekspertlar va konsalting tashkilotlarini jalb qilish;
har bir loyihaning iqtisodiy samaradorligini hamda suv xoʻjaligi obyektining xavfsizligini aniq koʻrsatkich va mezonlar asosida chuqur tahlil qilish orqali uning ustuvorligini belgilash va amalga oshirish;
suv xoʻjaligi obyektlarini qurish va rekonstruksiya qilish loyihalarini ekspertiza qilish hamda amalga oshirish ishlarini ilmiy-texnik taʼminlash;
suv omborlari, sel-suv omborlari va boshqa suv xoʻjaligi obyektlari xavfsizligini hamda ishonchli ishlashini taʼminlash;
sugʻoriladigan yerlarning meliorativ holatini yaxshilash va barqarorligini taʼminlash choralarini koʻrish;
suv xoʻjaligi sohasida resurs tejaydigan texnologiyalar, zamonaviy qurilish materiallari, ilgʻor xorijiy tajribani keng qoʻllash;
suv xoʻjaligi obyektlarini boshqarish, suvning hisobi va hisobotini yuritish hamda tegishli maʼlumotlar bazasini shakllantirishda raqamli texnologiyalarni joriy qilish;
suv resurslarining hisobi va elektr energiyasi isteʼmoli boʻyicha shaffoflikni taʼminlash hamda ularning samaradorligini oshirish;
suv xoʻjaligida bozor iqtisodiyoti tamoyillari, davlat-xususiy sheriklik mexanizmlari va autsorsingni joriy qilish;
suv xoʻjaligi sohasidagi mutaxassislar malakasini oshirishni tizimli tashkil etish, suv xoʻjaligi tashkilotlari bilan taʼlim va ilmiy-tadqiqot muassasalari oʻrtasidagi integratsiyani kuchaytirish, fan va texnika yutuqlarini amaliyotga joriy etishni tizimli tashkil qilish;
transchegaraviy suv resurslarini boshqarish va ulardan foydalanish boʻyicha davlatlararo munosabatlarni rivojlantirish, xorijiy investitsiyalar va texnik koʻmak mablagʻlarini jalb qilish, shuningdek, suv xoʻjaligi sohasidagi xalqaro tashkilotlar faoliyatida faol ishtirok etish.
3. Suv xoʻjaligi vazirligi, Moliya vazirligi hamda Iqtisodiy taraqqiyot va kambagʻallikni qisqartirish vazirligining suv xoʻjaligi vazirining:
suvni tejaydigan texnologiyalarni joriy qilish va rivojlantirishga masʼul boʻlgan oʻrinbosari;
davlat-xususiy sheriklik va raqamli texnologiyalarni rivojlantirish boʻyicha maslahatchisi lavozimlarini joriy etish toʻgʻrisidagi takliflariga rozilik berilsin.
4. Suv xoʻjaligi vazirligi Oʻzbekiston Respublikasida barcha suv resurslarini hisobga olish hamda suvdan foydalanish va suv isteʼmoli samaradorligini oshirish boʻyicha tegishli tadbirlarni muvofiqlashtirish, shuningdek, suv balansini shakllantirish boʻyicha vakolatli davlat organi etib belgilansin.
5. Suv xoʻjaligi vazirligi huzuridagi Katta va alohida muhim suv xoʻjaligi obyektlarining texnik holatini hamda bexatar ishlashini nazorat qilish davlat inspeksiyasi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Suv xoʻjaligi obyektlari xavfsizligini nazorat qilish davlat inspeksiyasi (keyingi oʻrinlarda — Inspeksiya) etib qayta tashkil etilsin.
6. Belgilansinki, Inspeksiya Suv xoʻjaligi vazirligi huzuridagi Katta va alohida muhim suv xoʻjaligi obyektlarining texnik holatini hamda bexatar ishlashini nazorat qilish davlat inspeksiyasining huquqlari, majburiyatlari va shartnomalari boʻyicha huquqiy vorisi hisoblanadi.
7. Belgilansinki:
a) Quyidagilar Inspeksiyaning asosiy vazifalari va faoliyat yoʻnalishlari hisoblanadi:
suv omborlari, sel-suv omborlari va xavf darajasi yuqori boʻlgan boshqa suv xoʻjaligi obyektlarining (keyingi oʻrinlarda — xavf darajasi yuqori boʻlgan suv xoʻjaligi obyektlari) xavfsizligini, ishonchli ishlashini hamda qoʻriqlanishini nazorat qilish;
xavf darajasi yuqori boʻlgan suv xoʻjaligi obyektlarini joylashtirish va loyihalash boʻyicha topshiriqlarni hamda ulardan foydalanish boʻyicha qoidalarni kelishish, shuningdek, ularning xavfsizligi qoidalari va mezonlarini ishlab chiqish;
xavf darajasi yuqori boʻlgan suv xoʻjaligi obyektlarini qurish, rekonstruksiya qilish, ularni foydalanishga qabul qilish, konservatsiyalash va tugatish ishlarida ishtirok etish hamda tegishli xulosalar berish;
xavf darajasi yuqori boʻlgan suv xoʻjaligi obyektlarining xavfsizlik darajasini aniqlash ishlariga zamonaviy texnologiyalar va ilgʻor tajribalarni joriy qilish;
favqulodda vaziyatlarda xavf darajasi yuqori boʻlgan suv xoʻjaligi obyektlarining aholiga va iqtisodiyot tarmoqlariga salbiy taʼsirini yumshatish boʻyicha kompleks chora-tadbirlarni amalga oshirishda ishtirok etish;
b) Inspeksiyaga:
xavf darajasi yuqori boʻlgan suv xoʻjaligi obyektlaridan foydalanishda xavfsizlik boʻyicha koʻrsatkichlar va mezonlarga amal qilinmagan hollarda suv toʻplashni cheklash yoki toʻxtatib qoʻyish;
xavf darajasi yuqori boʻlgan suv xoʻjaligi obyektlarining xavfsizligini taʼminlash maqsadida tegishli vazirlik va idoralar, loyiha tashkilotlari, ilmiy-tadqiqot va taʼlim muassasalari, shuningdek, xalqaro tashkilotlar va xorijiy kompaniyalarning yuqori malakali mutaxassislarini ekspert sifatida jalb qilish huquqi beriladi.
8. “Gidrotexnika inshootlarining xavfsizligi toʻgʻrisida”gi yangi tahrirdagi Oʻzbekiston Respublikasi qonuni loyihasini zamonaviy talablar va yondashuvlar asosida ishlab chiqish boʻyicha ishchi guruh tarkibi va “Yoʻl xaritasi” 1 va 2-ilovalarga muvofiq tasdiqlansin.
9. Suv xoʻjaligi vazirligi, Iqtisodiy taraqqiyot va kambagʻallikni qisqartirish vazirligi, Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi hamda Moliya vazirligining:
Jahon banki loyihalarini amalga oshirish guruhi, Osiyo taraqqiyot banki loyihalarini amalga oshirish guruhi va Arab muvofiqlashtirish guruhi loyihalarini amalga oshirish guruhi negizida Suv xoʻjaligi vazirligi huzuridagi Suv xoʻjaligida xorijiy investitsiya loyihalarini amalga oshirish markazini;
Suv xoʻjaligi vazirligi huzuridagi Suv xoʻjaligida kapital qurilish loyihalarini amalga oshirish agentligini tashkil qilish toʻgʻrisidagi takliflari maʼqullansin.
10. Vazirlar Mahkamasi ushbu Farmon talablaridan kelib chiqib:
bir hafta muddatda Suv xoʻjaligi vazirligi faoliyatini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisidagi;
ikki hafta muddatda Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Suv xoʻjaligi obyektlari xavfsizligini nazorat qilish davlat inspeksiyasi faoliyatini tashkil etish chora-tadbirlari toʻgʻrisidagi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti qarorlari loyihalarini Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasiga kiritsin.
11. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining ayrim farmonlariga 3-ilovaga muvofiq oʻzgartirishlar kiritilsin.
12. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining ayrim farmonlari 4-ilovaga muvofiq oʻz kuchini yoʻqotgan deb hisoblansin.
13. Mazkur Farmonning ijrosini har chorakda muhokama qilib borish, ijro uchun masʼul idoralar faoliyatini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri A.N. Aripov zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Sh. MIRZIYOYEV
Toshkent sh.,
2021-yil 6-aprel,
PF-6200-son
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2021-yil 6-apreldagi PF-6200-son Farmoniga 1-ILOVA
“Gidrotexnika inshootlarining xavfsizligi toʻgʻrisida”gi yangi tahrirdagi Oʻzbekiston Respublikasi qonuni loyihasini zamonaviy talablar va yondashuvlar asosida ishlab chiqish boʻyicha
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2021-yil 6-apreldagi PF-6200-son Farmoniga2-ILOVA
“Gidrotexnika inshootlarining xavfsizligi toʻgʻrisida”gi yangi tahrirdagi Oʻzbekiston Respublikasi qonuni loyihasini zamonaviy talablar va yondashuvlar asosida ishlab chiqish boʻyicha
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2021-yil 6-apreldagi PF-6200-son Farmoniga3-ILOVA
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining ayrim farmonlariga kiritilayotgan oʻzgartirishlar
1. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2017-yil 18-apreldagi “Uy-joy kommunal xizmat koʻrsatish tizimini boshqarishni yanada takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi PF-5017-son Farmoni 2-bandida:
uchinchi xatboshi chiqarib tashlansin;
toʻrtinchi — oʻn ikkinchi xatboshilar tegishincha uchinchi — oʻn birinchi xatboshilar deb hisoblansin.
2. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2019-yil 26-noyabrdagi “Aholining ichimlik suvi bilan taʼminlanganlik darajasini oshirish va uning sifatini yaxshilash uchun Oʻzbekiston Respublikasining suv resurslarini boshqarishni takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi PF-5883-son Farmonida:
a) 1-bandning ikkinchi xatboshisidan “, shuningdek, yagona suv balansini shakllantirish” soʻzlari chiqarib tashlansin;
b) 2-bandda:
birinchi xatboshidagi “, shuningdek, yagona suv balansini shakllantirish boʻyicha” soʻzlari;
ikkinchi xatboshidagi “orqali respublikaning yagona suv balansini shakllantirishni tashkil etish” soʻzlari chiqarib tashlansin.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2021-yil 6-apreldagi PF-6200-son Farmoniga4-ILOVA
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining oʻz kuchini yoʻqotgan deb eʼtirof etilayotgan ayrim farmonlari
1. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 1999-yil 24-martdagi “Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Katta va alohida muhim suv xoʻjaligi obyektlarining texnik holatini hamda bexatar ishlashini nazorat qilish davlat inspeksiyasi (“Davsuvxoʻjaliknazorat”)ni tashkil qilish toʻgʻrisida”gi PF-2272-son Farmoni.
2. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2018-yil 17-apreldagi “Qishloq va suv xoʻjaligi davlat boshqaruvi tizimini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi PF-5418-son Farmoni 3-bandi.