PQ-5052-son Qaror · 03.04.2021

Davlat organlari va korxonalarini yengil tijorat avtotransport vositalari, maxsus va qishloq xoʻjaligi texnikalari bilan taʼminlashga oid qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida

Rekvizitlar

  • Hujjat turi:Qaror
  • Raqami:PQ-5052
  • Qabul qilingan sana:03.04.2021
  • Kuchga kirgan sana:03.04.2021
  • Holati:Amalda
  • Rasmiy nashr:QMMB 07/21/5052/0273

Vazirlik, idora va xoʻjalik birlashmalarining moddiy-texnika bazasini kengaytirish orqali aholi va iqtisodiyot tarmoqlariga koʻrsatilayotgan xizmatlar va bajarilayotgan ishlar sifatini oshirish, mahalla va qishloq infratuzilmasini yaxshilash boʻyicha amalga oshirilayotgan loyiha va dasturlarni yanada jadallashtirish maqsadida:

1. 2021 — 2023-yillarda davlat organlari va korxonalari tomonidan yengil tijorat avtotransport vositalari, maxsus va qishloq xoʻjaligi texnikalarini mahalliy ishlab chiqaruvchilar, ularning rasmiy dilerlari hamda distribyutorlaridan xarid qilish koʻrsatkichlari (keyingi oʻrinlarda — koʻrsatkichlar) 1 va 2-ilovalarga muvofiq tasdiqlansin.

2. Belgilansinki, koʻrsatkichlar, shu jumladan quyidagilarni nazarda tutadi:

2021 — 2023-yillarda davlat organlari tomonidan jami 2 770 ta texnikalar xarid qilinishi va ushbu maqsadlar uchun 1,934 trln soʻm, shu jumladan Davlat budjeti parametrlarida koʻzda tutilgan mablagʻlar hisobidan — 1,202 trln soʻm, respublika budjetidan qoʻshimcha ajratiladigan mablagʻlar hisobidan — 500,5 mlrd soʻm, shuningdek, budjetdan tashqari mablagʻlar hisobidan — 231,6 mlrd soʻm yoʻnaltirilishi;

2021 — 2023-yillarda davlat korxonalari tomonidan oʻz mablagʻlari hisobidan jami 1 488 ta texnikalar xarid qilinishi va ushbu maqsadlar uchun 1,236 trln soʻm yoʻnaltirilishi.

Bosh vazir oʻrinbosari — iqtisodiy taraqqiyot va kambagʻallikni qisqartirish vaziri D.A. Kuchkarovga koʻrsatkichlarga oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritish huquqi berilsin.

3. Belgilab qoʻyilsinki:

koʻrsatkichlarda nazarda tutilgan yengil tijorat avtotransport vositalari, maxsus va qishloq xoʻjaligi texnikalari mahalliy ishlab chiqaruvchilar va ularning rasmiy dilerlari hamda distribyutorlaridan davlat xaridlari toʻgʻrisidagi qonunchilikka muvofiq sotib olinadi;

Qoraqalpogʻiston Respublikasi va viloyatlarga “Obod qishloq” va “Obod mahalla” dasturlari ijrosini taʼminlashda zarur boʻlgan maxsus texnikalarni xarid qilish uchun hududiy obodonlashtirish boshqarmalariga 2021-yilda qoʻshimcha 108,8 mlrd soʻm mablagʻ ajratiladi;

tuman (shahar)lardagi ichki yoʻllar va markaz koʻchalarini taʼmirlash hamda rekonstruksiya qilish dasturlari ijrosini taʼminlashda zarur boʻlgan maxsus texnikalarni xarid qilish uchun Avtomobil yoʻllari qoʻmitasiga 2021-yilda qoʻshimcha 196,2 mlrd soʻm mablagʻ ajratiladi.

4. Moliya vazirligi (T.A. Ishmetov) koʻrsatkichlarda nazarda tutilgan yengil tijorat avtotransport vositalari, maxsus va qishloq xoʻjaligi texnikalarini oʻz vaqtida va toʻliq hajmda xarid qilish maqsadida:

hududlarni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish xarajatlari uchun koʻzda tutilgan mablagʻlar hisobidan 2021-yilda respublika budjetidan qoʻshimcha 500,5 mlrd soʻm mablagʻ ajratilishini taʼminlasin;

2022 va 2023-yillar uchun Davlat budjeti parametrlarini shakllantirishda zarur budjet mablagʻlarini nazarda tutsin.

5. Uy-joy kommunal xizmat koʻrsatish vazirligi (Sh.S. Xidoyatov), Avtomobil yoʻllari qoʻmitasi (A.A. Abduvaliyev), Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari ushbu qarorga muvofiq xarid qilinayotgan avtotransport vositalari, maxsus va qishloq xoʻjaligi texnikalarining butligi, yaxlitligi va xavfsizligini taʼminlash uchun zarur choralarni koʻrsin, tegishli davlat organlari va tashkilotlarga ushbu vositalar va texnikalardan toʻgʻri foydalanish boʻyicha zarur amaliy va uslubiy yordam koʻrsatib borsin.

6. Iqtisodiy taraqqiyot va kambagʻallikni qisqartirish vazirligi (B.K. Abdinazarov):

tegishli vazirlik, idora va xoʻjalik birlashmalari rahbarlari bilan birgalikda davlat organlari va korxonalari tomonidan xarid qilinadigan yengil tijorat avtotransport vositalari, maxsus va qishloq xoʻjaligi texnikalarini oʻz vaqtida va toʻliq hajmda xarid qilish ustidan doimiy monitoring olib borsin;

“Oʻzavtosanoat” AJ, “Oʻzeltexsanoat” uyushmasi, “Oʻzstandart” agentligi, manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda aholi va iqtisodiyot tarmoqlariga koʻrsatilayotgan xizmatlar va bajarilayotgan ishlar sifatini oshirish, mahalla va qishloq infratuzilmasini yaxshilash boʻyicha loyiha va dasturlarni amalga oshirish uchun yengil tijorat avtotransport vositalari, maxsus va qishloq xoʻjaligi texnikalari, shu jumladan uskunalar, butlovchi mahsulotlar, ehtiyot qismlar va materiallarni mahalliylashtirish (oʻzlashtirish) boʻyicha zarur choralar koʻrsin;

“Oʻzavtosanoat” AJ bilan birgalikda yengil tijorat avtotransport vositalari, maxsus va qishloq xoʻjaligi texnikalaridan foydalanish va ularga turli xil servis xizmatlarini koʻrsatish tizimini yoʻlga qoʻysin.

7. Mazkur qarorning ijrosini samarali tashkil etishga masʼul va shaxsiy javobgar etib Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʻrinbosari — iqtisodiy taraqqiyot va kambagʻallikni qisqartirish vaziri D.A. Kuchkarov belgilansin.

Amalga oshirilayotgan chora-tadbirlar natijadorligi yuzasidan Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentiga har yarim yil yakuni boʻyicha axborot berib borilsin.

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Sh. MIRZIYOYEV

Toshkent sh.,

2021-yil 3-aprel,

PQ-5052-son

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2021-yil 3-apreldagi PQ-5052-son qaroriga1-ILOVA

2021 — 2023-yillarda davlat organlari tomonidan yengil tijorat avtotransport vositalari, maxsus va qishloq xoʻjaligi texnikalarini mahalliy ishlab chiqaruvchilar, ularning rasmiy dilerlari hamda distribyutorlaridan xarid qilish koʻrsatkichlari

*Yengil tijorat avtotransport vositalari, maxsus va qishloq xoʻjaligi texnikalarining soni va uning narxi vazirlik va idoralarning talabi, shuningdek mahalliy ishlab chiqaruvchilarning imkoniyatlaridan kelib chiqib belgilangan tartibda oʻzgarishi mumkin.

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2021-yil 3-apreldagi PQ-5052-son qaroriga2-ILOVA

2021 — 2023-yillarda davlat korxonalari tomonidan yengil tijorat avtotransport vositalari, maxsus va qishloq xoʻjaligi texnikalarini mahalliy ishlab chiqaruvchilar, ularning rasmiy dilerlari hamda distribyutorlaridan xarid qilish koʻrsatkichlari

*Yengil tijorat avtotransport vositalari, maxsus va qishloq xoʻjaligi texnikalarining soni va uning narxi davlat korxonalarining talabi, shuningdek mahalliy ishlab chiqaruvchilarning imkoniyatlaridan kelib chiqib belgilangan tartibda oʻzgarishi mumkin.

Bu hujjat sizga qanday ta'sir qiladi?

HuquqTech hujjat va qonun moddalariga tayanib, savolingizga oddiy tilda javob beradi.

AI'dan bepul so'rash

Matn lex.uz rasmiy manbasidan olingan va avtomatik yangilanadi. Huquqiy ahamiyatga ega qarorlar uchun rasmiy nashrga va malakali mutaxassisga murojaat qiling.