PQ-5099-son Qaror · 29.04.2021

Boksni yanada rivojlantirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida

Rekvizitlar

  • Hujjat turi:Qaror
  • Raqami:PQ-5099
  • Qabul qilingan sana:29.04.2021
  • Kuchga kirgan sana:30.04.2021
  • Holati:Amalda
  • Rasmiy nashr:QMMB 07/21/5099/0399

Mamlakatimizda yoshlarning boksga boʻlgan ommaviy qiziqishini inobatga olib, iqtidorli sportchilarni aniqlash, tanlash va saralash (seleksiya) tizimini yanada takomillashtirish, soha mutaxassislarini tayyorlash va ularning moddiy ragʻbatlantirilishini yaxshilash, shuningdek, oʻzbek boksining dunyodagi yetakchiligini saqlab qolish va davom ettirish maqsadida:

1. Quyidagilar boksni rivojlantirishning asosiy yoʻnalishlari etib belgilansin:

boksni aholi oʻrtasida eng ommaviy sport turlaridan biriga aylantirish, iqtidorli sportchilarni aniqlash, tanlash va saralash (seleksiya) hamda ularni professional sportchilar sifatida tayyorlashning yangi tizimini yoʻlga qoʻyish;

boks infratuzilmasini yanada rivojlantirish hamda xalqaro talablarga moslashtirish, boks maktablarini, shu jumladan davlat-xususiy sheriklik shartlari asosida koʻpaytirish;

boks boʻyicha professional trenerlar va hakamlarni tayyorlash tizimini rivojlantirish, oʻquv-uslubiy qoʻllanmalar ishlab chiqish, ilmiy-metodologik bazani yanada kuchaytirish;

Qurolli Kuchlar va huquqni muhofaza qiluvchi organlarning jismoniy tayyorgarlik mashgʻulotlariga boksni bosqichma-bosqich kiritish;

oʻzbek boksining dunyodagi yetakchiligini saqlab qolish va davom ettirish yuzasidan zarur choralarni koʻrish;

ayollar boksini rivojlantirish yuzasidan uzoq yillarga moʻljallangan istiqbolli rejalarni ishlab chiqish va amalga oshirish;

sport taʼlim muassasalarida boks boʻyicha davlat buyurtmasi parametrlarini oshirish.

(2-band Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2024-yil 24-dekabrdagi PF-226-sonli Farmoniga asosan oʻz kuchini yoʻqotgan — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 25.12.2024-y., 06/24/226/1060-son)

(3-band Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2024-yil 24-dekabrdagi PF-226-sonli Farmoniga asosan oʻz kuchini yoʻqotgan — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 25.12.2024-y., 06/24/226/1060-son)

(4-band Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2024-yil 24-dekabrdagi PF-226-sonli Farmoniga asosan oʻz kuchini yoʻqotgan — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 25.12.2024-y., 06/24/226/1060-son)

(5-band Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2024-yil 24-dekabrdagi PF-226-sonli Farmoniga asosan oʻz kuchini yoʻqotgan — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 25.12.2024-y., 06/24/226/1060-son)

6. Quyidagilar:

Boksni 2025-yilgacha rivojlantirish konsepsiyasi (keyingi oʻrinlarda — Konsepsiya) 1-ilovaga muvofiq;

Boksni 2025-yilgacha rivojlantirish konsepsiyasini 2021-2022-yillarda amalga oshirish boʻyicha “Yoʻl xaritasi” (keyingi oʻrinlarda — “Yoʻl xaritasi”) 2-ilovaga muvofiq;

Boksni 2025-yilgacha rivojlantirish konsepsiyasining maqsadli koʻrsatkichlari 3-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.

7. Belgilansinki:

a) Konsepsiya erishilgan natijalar, maqsadli koʻrsatkichlar va boksni rivojlantirish boʻyicha tegishli davrga moʻljallangan asosiy yoʻnalishlardan kelib chiqqan holda Vazirlar Mahkamasi tomonidan har yili alohida tasdiqlanadigan “yoʻl xaritasi” asosida bosqichma-bosqich amalga oshiriladi;

b) “Yoʻl xaritasi” 2021-yilda bajarilishi moʻljallangan quyidagi choralarni qamrab oladi:

Oʻzbekiston davlat jismoniy tarbiya va sport universiteti hamda uning filiallarida boks boʻyicha davlat buyurtmasi parametrlarini oshirish;

oʻquv-mashgʻulotlar jarayoniga axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini, shu jumladan virtual raqiblar bilan jang olib borish imkoniyatini beruvchi kompyuterlashtirilgan xonalarni tashkil qilish;

bokschilar toʻgʻrisida maʼlumotlarni tezkor olish imkonini beruvchi elektron bazani yaratish;

v) Boksni 2025-yilgacha rivojlantirish konsepsiyasining maqsadli koʻrsatkichlari, shu jumladan quyidagilarni nazarda tutadi:

2025-yilgacha sport taʼlim muassasalaridagi boks bilan muntazam shugʻullanadigan oʻquvchilar sonini 27 minggacha yetkazish;

kelgusi 5 yil ichida davlat-xususiy sheriklik shartlari asosida 7 ta boks zallarini tashkil etish;

boks boʻyicha terma jamoalarning 46 ga yaqin xalqaro sport musobaqalarida ishtirokini taʼminlash.

(7-band “v” kichik bandining beshinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2021-yil 7-oktabrdagi PF-6320-sonli Farmoniga asosan chiqarilgan — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 08.10.2021-y., 06/21/6320/0940-son)

8. 2021-yil 1-maydan boshlab boks boʻyicha hududlarda iqtidorli yoshlarni aniqlash, tanlash va saralash (seleksiya) uchun uch bosqichli tizim joriy etilsin:

birinchi bosqichda — taʼlim muassasalari, sport maktablaridan saralangan sportchilar oʻrtasida tuman (shahar) musobaqalari;

(8-bandning ikkinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2023-yil 12-iyundagi PF-92-sonli Farmoni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 13.06.2023-y., 06/23/92/0366-son)

ikkinchi bosqichda — boksga ixtisoslashgan sport maktablari, taʼlim muassasalari va sport klublaridan saralangan sportchilar oʻrtasida hududiy musobaqalar;

uchinchi bosqichda — klublararo hamda hududiy oʻquv-mashgʻulot yigʻinlari gʻoliblari va sovrindorlari oʻrtasida respublika musobaqalari (“World Series Boxing” misolida).

(8-bandning beshinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2024-yil 24-dekabrdagi PF-226-sonli Farmoniga asosan chiqarilgan — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 25.12.2024-y., 06/24/226/1060-son)

9. Turizm va sport vazirligi, Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligining 2021/2022 oʻquv yilidan boshlab Oʻzbekiston davlat jismoniy tarbiya va sport universiteti, ixtisoslashtirilgan olimpiya zaxiralari maktab-internatlari, ixtisoslashtirilgan bolalar-oʻsmirlar sport maktablari va bolalar-oʻsmirlar sport maktablarida boks boʻyicha amaldagi oʻqishga qabul qilishning davlat buyurtmasi parametrlarini ikki baravarga oshirish toʻgʻrisidagi taklifi qabul qilinsin.

(10-band Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2024-yil 24-dekabrdagi PF-226-sonli Farmoniga asosan oʻz kuchini yoʻqotgan — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 25.12.2024-y., 06/24/226/1060-son)

11. Boks boʻyicha milliy terma jamoalar uchun oʻquv-mashgʻulotlar bazasini yaratish maqsadida Turizm va sport vazirligi va Toshkent viloyati hokimligining Toshkent viloyati, Angren shahri, Yangiobod qoʻrgʻoni hududida joylashgan Respublika olimpiya zaxiralari sport kolleji balansidagi 1,5 gektar maydonga ega boʻlgan sobiq stadion, suzish havzasi, shuningdek, oshxonani 2039-yil 31-dekabrga qadar Oʻzbekiston boks federatsiyasiga maqsadli tekin foydalanish huquqi asosida berish toʻgʻrisidagi taklifi maʼqullansin. Bunda, mazkur hudud atrofida sport zal, yotoqxona, oshxona hamda boshqa maishiy-xizmat bino va inshootlarni qurish uchun kamida boʻsh turgan 1 gektar yer maydoni ajratilishi taʼminlansin.

(11-band Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2022-yil 15-yanvardagi PF-52-sonli Farmoni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 15.01.2022-y., 06/22/52/0029-son)

12. Toshkent viloyati, Chirchiq shahri, Zakovat koʻchasi, 2-uyda joylashgan sobiq Sanoat-iqtisodiyot kasb-hunar kolleji binosi, shuningdek, sport inshooti va yonidagi sport maydoni Oʻzbekiston boks federatsiyasi tomonidan investitsiya majburiyati asosida sotib olinishiga rozilik berilsin.

13. Iqtisodiy taraqqiyot va kambagʻallikni qisqartirish vazirligi Yoshlar siyosati va sport vazirligi bilan birgalikda 2022-2023-yillardagi investitsiya dasturlarini shakllantirishda ishlab chiqilgan loyiha-smeta hujjatlariga asosan boks boʻyicha milliy terma jamoalar uchun oʻquv-mashgʻulotlar bazasini va boks maktablarini qurish, rekonstruksiya qilish va kapital taʼmirlash ishlari uchun markazlashgan kapital qoʻyilmalar limitlari ajratilishini taʼminlasin.

(13-band Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2023-yil 12-iyundagi PF-92-sonli Farmoni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 13.06.2023-y., 06/23/92/0366-son)

14. Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari mahalliy budjet mablagʻlari hisobidan olis hududlarda joylashgan sport maktablari hamda boks maktablariga jalb qilinayotgan trenerlar va boshqa mutaxassislarni 2025-yil 1-yanvargacha uy-joy bilan taʼminlash choralarini koʻrsin.

(14-band Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2023-yil 12-iyundagi PF-92-sonli Farmoni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 13.06.2023-y., 06/23/92/0366-son)

15. Yoshlar siyosati va sport vazirligi hamda Oʻzbekiston boks federatsiyasi Toshkent shahrida 2023-yilda rejalashtirilgan boks boʻyicha Jahon chempionati yuqori darajada oʻtkazilishini taʼminlasin va shu bilan bogʻliq boʻlgan “yoʻl xaritasi”ni ishlab chiqsin.

(15-bandning birinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2023-yil 12-iyundagi PF-92-sonli Farmoni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 13.06.2023-y., 06/23/92/0366-son)

Belgilansinki:

jahon chempionatini oʻtkazish uchun aʼzolik badali va mukofot puli bilan bogʻliq sarf-xarajatlarni qoplash Davlat budjetining 2022 va 2023-yillardagi parametrlarida koʻzda tutilgan mablagʻlar doirasida bosqichma-bosqich 18 oy davomida, lekin 2023-yil 1-maygacha boʻlgan davrda amalga oshiriladi;

jahon chempionatini oʻtkazish bilan bogʻliq boʻlgan sarf-xarajatlar homiylar va Oʻzbekiston boks federatsiyasi tomonidan qoplanadi, olinadigan foyda Oʻzbekiston boks federatsiyasi tasarrufida qolib, boksni yanada rivojlantirishga va federatsiya faoliyatini moliyalashtirishga yoʻnaltiriladi.

16. Boks boʻyicha milliy terma jamoalar uchun oʻquv-mashgʻulotlar bazasini va boks maktablarini qurish, rekonstruksiya qilish, kapital taʼmirlash, jihozlash hamda ular faoliyatini taʼminlash maqsadida belgilangan tartibda shakllantiriladigan roʻyxatlar boʻyicha chetdan olib kiriladigan, Oʻzbekiston Respublikasida ishlab chiqarilmaydigan maxsus sport anjomlari va jihozlari, oʻquv uskunalari, kompyuter texnikasi, dasturiy mahsulotlar, inventar, qurilish materiallari va moddiy-texnik resurslar 2023-yil 1-martga qadar bojxona toʻlovlaridan (qoʻshilgan qiymat soligʻi va bojxona yigʻimlaridan tashqari) ozod etilsin.

17. Iqtisodiyot va moliya vazirligi mazkur qarorga asosan joriy yilda koʻzda tutilgan chora-tadbirlar va kelgusi yillarda amalga oshirilishi belgilangan vazifalar uchun zarur mablagʻlarni 2021-yil Davlat budjetida Yoshlar siyosati va sport vazirligi uchun koʻzda tutilgan mablagʻlar doirasida, 2022-yildan boshlab esa Davlat budjeti parametrlarida nazarda tutishni taʼminlasin.

(17-band Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2023-yil 12-iyundagi PF-92-sonli Farmoni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 13.06.2023-y., 06/23/92/0366-son)

18. Mazkur qarorning ijrosi quyidagi tartibda amalga oshirilsin:

yoshlar siyosati va sport vaziri A.I. Ikramov — Konsepsiyaning maqsadli koʻrsatkichlariga erishish, Konsepsiya va “Yoʻl xaritasi”ni ijro etish yuzasidan barcha zarur choralar koʻrilishini taʼminlasin, mazkur qarorda belgilangan vazifalarni oʻz vaqtida va sifatli amalga oshirishda masʼul tashkilotlarga uslubiy va amaliy yordam koʻrsatsin hamda uning ijrosi boʻyicha har oyda Vazirlar Mahkamasiga axborot kiritib borsin;

masʼul vazirlik, idora va tashkilotlar rahbarlari — Konsepsiya va “Yoʻl xaritasi”da nazarda tutilgan tadbirlarni oʻz vaqtida, sifatli va toʻliq bajarish yuzasidan barcha choralarni amalga oshirsin;

Oʻzbekiston Milliy axborot agentligi bosh direktori A.K. Koʻchimov hamda Oʻzbekiston Milliy teleradiokompaniyasi raisi A.D. Xadjayev — mazkur qarorning mazmun-mohiyati va amaliy ahamiyatini yoritishga oid maqolalar, brifinglar, tematik telekoʻrsatuvlar tashkil etsin.

(18-band Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2023-yil 12-iyundagi PF-92-sonli Farmoni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 13.06.2023-y., 06/23/92/0366-son)

19. Turizm va sport vazirligi manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda ikki oy muddatda qonunchilik hujjatlariga ushbu qarordan kelib chiqadigan oʻzgartirish va qoʻshimchalar toʻgʻrisida Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritsin.

20. Mazkur qarorning ijrosini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining maslahatchisi K.K. Kuranbayev va Oʻzbekiston Respublikasi yoshlar siyosati va sport vaziri A.I. Ikramov zimmasiga yuklansin.

(20-band Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2023-yil 12-iyundagi PF-92-sonli Farmoni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 13.06.2023-y., 06/23/92/0366-son)

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Sh. MIRZIYOYEV

Toshkent sh.,

2021-yil 29-aprel

PQ-5099-son

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2021-yil 29-apreldagi PQ-5099-son qaroriga 1-ILOVA

Boksni 2025-yilgacha rivojlantirish

1-bob. Umumiy qoidalar

Boksni 2025-yilgacha rivojlantirish konsepsiyasi (keyingi oʻrinlarda — Konsepsiya) boksni yanada ommalashtirish hamda tizimli rivojlantirish maqsadida ishlab chiqilgan kompleks chora-tadbirlarni oʻz ichiga oladi.

Konsepsiya boksni tizimli rivojlantirishning maqsadi, vazifalari, ustuvor yoʻnalishlari, istiqboldagi bosqichlarini belgilaydi hamda boksni rivojlantirish dasturlari va kompleks chora-tadbirlarni ishlab chiqish uchun asos boʻlib xizmat qiladi.

2-bob. Boksning rivojlanish holati va sohadagi mavjud muammolar

Oʻzbekiston boks terma jamoasi mustaqil jamoa sifatida ilk bor 1993-yildan Jahon chempionatlarida, 1996-yildan Olimpiya oʻyinlarida, 1994-yildan esa Osiyo oʻyinlarida ishtirok etishni boshladi. 2016-yil Oʻzbekiston bokschilari dunyo reytingida birinchi oʻrinni qoʻlga kiritdi. 2019-yil 6 — 22-sentabr kunlari Rossiyaning Yekaterinburg shahrida boʻlib oʻtgan boks boʻyicha jahon chempionati sportchilarimiz uchun yanada muvaffaqiyatli kechdi. Dunyoning 80 ga yaqin mamlakatidan eng kuchli charm qoʻlqop ustalari ishtirok etgan va gʻoyat keskin kurashlar ostida oʻtgan musobaqada terma jamoamiz eng yuqori pogʻonaga koʻtarilib, oʻzbek boks maktabi jahon boksining eng kuchli mamlakati sifatida dunyo hamjamiyati tomonidan tan olindi.

Jumladan, 2016-yilgi Olimpiya oʻyinlarida 3 ta oltin, 2 ta kumush, 2 ta bronza medallari, 2019-yilgi jahon chempionatida 3 ta oltin, 1 ta kumush, 1 ta bronza medallarini qoʻlga kiritib, mamlakatimiz boks boʻyicha dunyoning eng kuchli mamlakati maqomiga koʻtarildi, bokschilarimiz esa jahon chempionatining eng yaxshi bokschi nominatsiyasi gʻolibi boʻldi.

Bunday yutuqlar tasodifiy emasligini, Oʻzbekiston tom maʼnoda boks mamlakatiga aylanib borayotganini milliy terma jamoamiz aʼzolari yana bir bor butun dunyoga yaqqol namoyon etdi. Mazkur gʻalabalar “Oʻzbekiston boks maktabi”, “Oʻzbekiston bokschilari” degan soʻzlarni jahon sporti tarixiga oltin harflar bilan muhrlab qoʻydi. Bu gʻalabalarning yana bir muhim tomoni shundaki, u mamlakatimizda boshqa sport turlarining rivojiga ham qudratli turtki beradi, oʻz navbatida, yoshlarni barcha sohalarda marrani baland olib, doimo gʻalaba sari intilib yashashga oʻrgatadi.

Bugungi kunda boksni rivojlantirishga yoʻnaltirilgan 263 ta sport taʼlim muassasalarining seksiyalari va boʻlimlari faoliyat yuritmoqda, ulardan:

227 tasi sport maktablari;

(2-bobning beshinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2023-yil 12-iyundagi PF-92-sonli Farmoni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 13.06.2023-y., 06/23/92/0366-son)

13 tasi sportning yakkakurashga ixtisoslashtirilgan bolalar-oʻsmirlar sport maktablari;

15 tasi olimpiya va paralimpiya sport turlariga tayyorlash markazlari;

(2-bobning yettinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2023-yil 12-iyundagi PF-92-sonli Farmoni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 13.06.2023-y., 06/23/92/0366-son)

8 tasi olimpiya va milliy sport turlari boʻyicha maktab-internatlar.

Mazkur muassasalarda boks boʻyicha oʻquv-mashgʻulotlarni tashkil etish mumkin. Toshkent shahrida joylashgan 3 ta sport majmuasida xalqaro miqyosdagi boks musobaqalarini oʻtkazish imkoniyati mavjud.

Boks boʻyicha trenerlik faoliyati bilan shugʻullanuvchilar soni 1 215 nafarni tashkil etadi.

Shu bilan birga, boks boʻyicha yetakchilikni saqlab qolish va davom ettirish hamda sifatini oshirish, boksni zamon talablariga muvofiq yanada rivojlantirish yoʻlida toʻsiq boʻluvchi ayrim muammolar mavjud. Jumladan:

birinchidan, hududlarda malakali trenerlar va tegishli mutaxassislar yetishmasligi sababli, iqtidorli yoshlarni aniqlash, tanlash va saralash (seleksiya) ishlari talab darajasida emas;

ikkinchidan, boks uchun sifatli sport anjomlari va jihozlarining yetishmasligi hamda respublikada ishlab chiqarilayotgan sport anjomlari va jihozlarning sifat darajasi xalqaro standartlarga javob bermaydi;

uchinchidan, Oʻzbekiston milliy terma jamoasi zaxirasini tayyorlash hamda trenerlar tarkibining sifat darajasini koʻtarishga qaratilgan boks boʻyicha oliy sport mahorati maktablari mavjud emas;

toʻrtinchidan, oliy mahoratli bokschilarning markazlashgan oʻquv-mashgʻulot yigʻinlarini samarali oʻtkazishlari uchun yagona oʻquv-mashgʻulot bazasiga ehtiyoj mavjud;

beshinchidan, sportga zamonaviy innovatsion texnologiyalar talab darajasida joriy qilinmaganligi mashgʻulotlar samaradorligiga salbiy taʼsir koʻrsatmoqda;

oltinchidan, oliy mahoratli bokschilarning tibbiy xizmatdan toʻlaqonli foydalanish imkoniyati cheklangan hamda hududlarda bokschilar uchun maxsus tibbiy xizmat mavjud emas;

yettinchidan, boksni ommaviy axborot vositalarida yoritish va targʻib qilish talab darajasida tashkil qilinmagan;

sakkizinchidan, sohani ilmiy-metodik taʼminlash darajasi yetarli emas.

3-bob. Boksni rivojlantirishning asosiy maqsadlari va vazifalari

Quyidagilar boksni rivojlantirishning asosiy maqsadlari hisoblanadi:

boksni aholi oʻrtasida eng ommaviy sport turlaridan biriga aylantirish, iqtidorli sportchilarni aniqlash, tanlash va saralash (seleksiya) hamda ularni professional sportchilar sifatida tayyorlashning yangi tizimini yoʻlga qoʻyish;

yuqori malakali sportchi va kadrlarni tayyorlash sifatini oshirish;

respublikada xalqaro standartlar asosida boks boʻyicha sport jihozlari va anjomlarini ishlab chiqarishni yoʻlga qoʻyish;

oʻquv-mashgʻulotlar jarayoniga zamonaviy ilmiy-innovatsion texnologiyalarni keng joriy qilish;

sport tibbiyoti boʻlimlarida hududlardagi bokschilarga koʻrsatilayotgan tibbiy diagnostika va profilaktika sifatini oshirish;

boksni ommaviy axborot vositalarida keng yoritish;

oliy mahoratli bokschilar markazlashgan oʻquv-mashgʻulot yigʻinlarini samarali oʻtkazishlari uchun boks sport bazasini yaratish;

boks boʻyicha oliy sport mahorati maktablarini tashkil etish;

boks boʻyicha ilmiy tadqiqot va metodik ishlarini olib borish.

Koʻrsatib oʻtilgan maqsadlarga erishish uchun quyidagi vazifalar amalga oshiriladi:

a) birinchidan:

taʼlim muassasalarida oʻquv reja va dasturlarini takomillashtirish orqali xalqaro standartlar asosida yuqori malakali, kreativ va tizimli fikrlaydigan, mustaqil qaror qabul qila oladigan kadrlarni tayyorlash;

ayollar boksini rivojlantirish maqsadida ayol trenerlarni tayyorlash tizimini shakllantirish;

malaka oshirish va qayta tayyorlash tizimida xorijiy davlatlar bilan hamkorlik asosida innovatsion texnologiyalardan foydalangan holda masofaviy taʼlimni tashkil etish;

oʻquv-mashq jarayoniga jahonning yetakchi mutaxassislarini tizimli asosda jalb etish hamda kadrlarni tajriba almashish maqsadida boks rivojlangan yetakchi xorijiy davlatlarga yuborish;

respublikaning boks boʻyicha mahoratli trenerlari tomonidan yaratilgan sportchilarni tayyorlash metodikasini chuqur oʻrganib, ilmiy jihatdan samarasini isbotlagan holda, barcha sport taʼlim muassasa va tashkilotlarga keng joriy etish;

b) ikkinchidan:

yosh tadqiqotchilarni boks boʻyicha ilmiy faoliyatga keng jalb etish;

boks bilan shugʻullanishga qiziqishni oshirishga yoʻnaltirilgan oʻquv adabiyotlar yaratish;

boks boʻyicha elektron taʼlim resurslarida mashq jarayonini tashkil etish va oʻtkazish boʻyicha metodik tavsiyalarning respublika ochiq maʼlumotlar bazasini yaratish;

axborot texnologiyalari va multimedia mahsulotlarini rivojlantirishda zamonaviy tendensiyalarni hisobga olgan holda oʻquv-mashq jarayonining kompyuterlashtirish darajasini oshirish;

v) uchinchidan:

boks rivojlanmayotgan hududlarda ushbu sport turini rivojlantirish boʻyicha choralar koʻrish;

trenerlarni va tegishli mutaxassislarni Oʻzbekiston boks federatsiyasi tavsiyanomasi asosida Turizm va sport vazirligi tomonidan maʼlum bir muddatga tajribani joriy etish maqsadida hududlarga yuborish (rotatsiya);

boks boʻyicha tuman (shahar) miqyosida musobaqalar oʻtkazilishi, tahlil qilinishi va monitoringi olib borilishi;

boksga ixtisoslashgan sport maktablari, taʼlim muassasalari va sport klublaridan saralangan sportchilar oʻrtasida mintaqaviy oʻquv-mashq yigʻinlari va musobaqalar oʻtkazilishi;

oʻtkazilgan musobaqalarning gʻolib va sovrindorlaridan tarkib topgan jamoaviy klublar tashkil etilib, respublika darajasida klublararo musobaqalar oʻtkazilishi (“World Series Boxing” musobaqalar misolida);

oʻtkazilgan musobaqalar natijalari asosida boks boʻyicha oliy sport mahorati maktablarini iqtidorli sportchilar bilan butlash taʼminlanadi;

g) toʻrtinchidan:

boks boʻyicha xalqaro standart talablariga javob beruvchi sport jihozlari va anjomlari bilan taʼminlanganlik darajasini tahlil qilish;

mahalliy ishlab chiqaruvchilar tomonidan davlat standartlari va xalqaro talablarga toʻliq javob beradigan sport anjomi va jihozlarini ishlab chiqarishni taʼminlash;

d) beshinchidan:

oʻquv-mashgʻulot samaradorligini oshirish maqsadida, mashgʻulotlar jarayoniga axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini keng joriy etish;

oʻquv-mashgʻulotlar jarayonida zamonaviy sport anjomlari (sensor qoplar va “yassi” qoʻlqoplar), maxsus dasturlardan foydalanishni tashkil etish;

virtual raqiblar bilan jang olib borish imkoniyatini beruvchi kompyuterlashtirilgan xonalarda maxsus oʻquv-mashgʻulotlarini tashkil etishni yoʻlga qoʻyish;

e) oltinchidan:

hududiy tibbiyot muassasalariga bokschilarni biriktirish;

bokschilar jismoniy holatining muntazam monitoringini olib borish;

bokschilarga tibbiy profilaktika ishlarini takomillashtirish;

harakatlanuvchi (mobil) ilmiy-tibbiyot laboratoriyalarini tashkil etish;

j) yettinchidan:

“Oʻzbek boksi” ommabop jurnalini taʼsis etish;

boksga bagʻishlangan “Ikki avlod uchrashuvi”, “Yurtimiz oʻgʻlonlari” mavzularida turkum koʻrsatuv va radioeshittirishlarni tashkil etish;

sportga boʻlgan qiziqishni orttirish maqsadida taniqli bokschilar ishtirokida ijtimoiy reklama roliklarini ishlab chiqish va yoritib borish;

sport jurnalistlarining boks yutuqlarini tahlil qilgan efirlarini ommaviy axborot vositalarida doimiy yoritib borish;

mashhur bokschilar ishtirokida sport tadbirlarini, davra suhbatlarini oʻtkazish, yoshlar va barcha xohlovchilar uchun master-klass mashgʻulotlari va dastxat-sessiyalarni tashkil etish;

taniqli bokschilar hayoti haqida badiiy va videofilmlar yaratish;

z) sakkizinchidan:

hududlardagi bokschilar toʻgʻrisida maʼlumotlarni tezkor olish imkonini beruvchi elektron bazani yaratish va monitoringini olib borish;

hududlarga boks boʻyicha oʻquv-metodik adabiyotlarni yetkazib berishni yoʻlga qoʻyish;

i) toʻqqizinchidan:

boks boʻyicha milliy terma jamoalari uchun xalqaro andozalarga mos keladigan yagona oʻquv-mashgʻulot bazasini tashkil etish;

sport bazasini zamonaviy uskunalar, sport inventar va jihozlar bilan bosqichma-bosqich jihozlash;

hududlarning iqlim xususiyatlarini hisobga olgan holda, xorijiy kompaniyalarning ilgʻor tajribasi asosida qurilish materiallaridan, energiya va resurslarni tejaydigan zamonaviy texnologiyalardan foydalangan holda boks sport markazlari loyihasini ishlab chiqish;

k) oʻninchidan:

hududlarda (Andijon, Buxoro, Qashqadaryo, Toshkent viloyatlari markazlarida) boks boʻyicha oliy sport mahorati maktablarini tashkil etish. Bunda boks boʻyicha oliy sport mahorati maktablarini:

malakali kadrlar bilan taʼminlash;

nufuzini olimpiya va paralimpiya sport turlariga tayyorlash markazlariga tenglashtirish;

(3-bob “k” kichik bandining toʻrtinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2023-yil 12-iyundagi PF-92-sonli Farmoni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 13.06.2023-y., 06/23/92/0366-son)

qabul qilish tartibini ishlab chiqish;

zamon talablariga javob beradigan oʻquv reja va dasturlarini ishlab chiqishni nazarda tutish.

Shuningdek, ushbu maqsad va vazifalarni amalga oshirish uchun hamda Respublikada boks sohasining tizimli va samarali faoliyat olib borishi uchun uzluksiz moliyalashtirishni takomillashtirish.

4-bob. Konsepsiyani amalga oshirishdan kutilayotgan natijalar

Konsepsiya doirasida belgilangan vazifalarni bajarish orqali 2025-yilgacha boʻlgan davrda Oʻzbekistonda boksni rivojlantirishda quyidagi natijalarga erishish kutilmoqda:

boksda erishilgan xalqaro miqyosidagi yetakchilik saqlab qolinadi;

boks boʻyicha yuqori malakali kadrlarni tayyorlash tizimi yoʻlga qoʻyiladi;

boks boʻyicha ilmiy tadqiqot va metodik ishlarni takomillashtirish orqali yuqori malakali sportchilarni tayyorlash tizimi shakllantiriladi;

boks rivojlanmayotgan hududlarga trenerlar va tegishli mutaxassislarni yuborish (rotatsiya) orqali hududlarda boksda iqtidorga ega boʻlgan yoshlarni aniqlash, tanlash va saralash (seleksiya) ishlari samaradorligi taʼminlanadi;

mahalliy ishlab chiqaruvchilarga keng imkoniyat yaratib berish natijasida respublikada xalqaro standartlar asosida sport jihozlari va anjomlarini ishlab chiqarish yoʻlga qoʻyiladi;

oʻquv-mashgʻulotlar jarayoniga zamonaviy innovatsion texnologiyalarni keng joriy qilish orqali sifat koʻrsatkichlarining oʻsishiga erishiladi;

sport tibbiyoti boʻlimlarida hududlardagi bokschilarga koʻrsatilayotgan tibbiy diagnostika va profilaktika sifatining oshirilishi milliy terma jamoa zaxirasini sifatli sportchilar bilan toʻldirishga sharoit yaratiladi;

boksni ommaviy axborot vositalarida keng yoritilishi orqali aholi orasida boksga boʻlgan qiziqishni yanada kuchaytirish va ommaviylik darajasi ortishiga erishiladi;

hududlardagi bokschilar toʻgʻrisida maʼlumotlar elektron bazasini yaratish orqali ular toʻgʻrisidagi maʼlumotlarni tezkor va sifatli olish imkoni yaratiladi;

oliy mahoratli bokschilarni markazlashgan oʻquv-mashgʻulot yigʻinlarini samarali oʻtkazishlari uchun boks sport bazasini tashkil etish orqali bokschilarning tayyorgarlik darajasida barqarorlik taʼminlanadi, natijada xalqaro maydondagi oʻrni saqlab qolinishiga erishiladi;

hududlarda boks boʻyicha oliy sport mahorati maktablarini tashkil etish orqali kadrlar zaxirasini shakllantirish boʻyicha uzluksiz tizim yoʻlga qoʻyiladi.

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2021-yil 29-apreldagi PQ-5099-son qaroriga 2-ILOVA

Boksni 2025-yilgacha rivojlantirish konsepsiyasini 2021-2022-yillarda amalga oshirish boʻyicha

Izoh: normativ-huquqiy hujjatlar tegishli huquqiy munosabatlarni tartibga solish sohasi va predmetiga qarab qayta koʻrib chiqilishi yoki bir hujjatga birlashtirilishi mumkin.

(2-ilova Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2023-yil 12-iyundagi PF-92-sonli Farmoni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 13.06.2023-y., 06/23/92/0366-son)

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2021-yil 29-apreldagi PQ-5099-son qaroriga 3-ILOVA

Boksni 2025-yilgacha rivojlantirish konsepsiyasining maqsadli koʻrsatkichlari

(3-ilova Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2023-yil 12-iyundagi PF-92-sonli Farmoni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 13.06.2023-y., 06/23/92/0366-son)

Bu hujjat sizga qanday ta'sir qiladi?

HuquqTech hujjat va qonun moddalariga tayanib, savolingizga oddiy tilda javob beradi.

AI'dan bepul so'rash

Matn lex.uz rasmiy manbasidan olingan va avtomatik yangilanadi. Huquqiy ahamiyatga ega qarorlar uchun rasmiy nashrga va malakali mutaxassisga murojaat qiling.