Toshkent viloyatida tadbirkorlikni yanada qoʻllab-quvvatlash va muhandislik-kommunikatsiya tarmoqlarini rivojlantirishni moliyaviy resurslar bilan taʼminlash maqsadida:
1. Iqtisodiy taraqqiyot va kambagʻallikni qisqartirish vazirligi hamda Moliya vazirligining Tiklanish va taraqqiyot jamgʻarmasi (keyingi oʻrinlarda — Jamgʻarma) hisobidan Toshkent viloyatida tadbirkorlikni rivojlantirish hamda issiqlik taʼminoti tizimini, ichimlik suvi taʼminoti va oqova suv tarmoqlarini yaxshilash, avtomobil yoʻllarini qurish-taʼmirlash ishlari uchun 100 million AQSH dollari ekvivalenti miqdorida mablagʻ ajratish toʻgʻrisidagi taklifi maʼqullansin.
2. Mazkur qarorning 1-bandida belgilangan mablagʻlar quyidagi maqsadlarga yoʻnaltirilsin:
a) Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2021-yil 27-martdagi “Oilaviy tadbirkorlikni rivojlantirish dasturlari doirasida amalga oshiriladigan qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi PQ-5041-son qarori talablari doirasida “Har bir oila — tadbirkor” dasturi uchun tadbirkorlik faoliyatini qoʻllab-quvvatlashga — 50 million AQSH dollari ekvivalenti;
b) issiqlik taʼminoti tizimini, ichimlik suvi taʼminoti va oqova suv tarmoqlarini yaxshilash, avtomobil yoʻllarini qurish-taʼmirlash ishlari hamda Toshkent viloyatining tuman (shahar) obodonlashtirish boshqarmalari moddiy-texnika bazasini mustahkamlashga — 50 million AQSH dollari ekvivalenti. Bunda:
issiqlik taʼminoti tizimini tiklash va rivojlantirishga — 19 million AQSH dollari ekvivalenti;
ichimlik suvi taʼminoti va oqova suv tarmoqlarini yaxshilashga — 17 million AQSH dollari ekvivalenti;
avtomobil yoʻllarini qurish-taʼmirlash ishlariga — 10 million AQSH dollari ekvivalenti;
Toshkent viloyatining tuman (shahar) obodonlashtirish boshqarmalarini qoʻshimcha zamonaviy maxsus transport vositalari bilan taʼminlashga — 4 million AQSH dollari ekvivalenti.
3. Belgilansinki:
“Har bir oila — tadbirkor” dasturi uchun ajratiladigan mablagʻlar vakolatli tijorat banklariga qaytarish sharti asosida 7 yil muddatga, 3 yillik imtiyozli davr bilan teng ulushlarda Markaziy bankning asosiy stavkasidan 4 foiz past stavkada ajratiladi;
issiqlik taʼminoti tizimini, ichimlik suvi taʼminoti va oqova suv tarmoqlarini yaxshilash, avtomobil yoʻllarini qurish-taʼmirlash ishlari hamda Toshkent viloyatining tuman (shahar) obodonlashtirish boshqarmalari moddiy-texnika bazasini mustahkamlashga — 50 million AQSH dollari ekvivalentidagi mablagʻ foizsiz, oʻn yil muddatda qaytarish sharti bilan Toshkent viloyatini obodonlashtirish va farovonligini oshirish jamgʻarmasiga ajratiladi;
uy-joy kommunal xizmat koʻrsatish vaziri Sh.S. Xidoyatov, Avtomobil yoʻllari qoʻmitasi raisi A.A. Abduvaliyev, “Oʻzsuvtaʼminot” AJ boshqaruv raisi vazifasini bajaruvchi S.I. Saifnazarov va Toshkent viloyati hokimi D.A. Xidoyatov — Jamgʻarma tomonidan ajratilayotgan mablagʻlarning samarali va manzilli ishlatilishi uchun shaxsan javobgar hisoblanadi;
Moliya vazirligi mablagʻlardan maqsadli va samarali foydalanilishi, shuningdek, uning oʻz vaqtida qaytarilishi yuzasidan taʼsirchan monitoring oʻrnatadi;
ajratilayotgan mablagʻlarni qoplash Toshkent viloyati mahalliy budjetining qoʻshimcha manbalari hamda qonunchilik hujjatlarida taqiqlanmagan boshqa manbalar hisobidan amalga oshiriladi.
4. Toshkent viloyati hokimligi:
a) “Har bir oila — tadbirkor” dasturini amalga oshirish doirasida:
imtiyozli kreditlar belgilangan tartibda oilalarning xohish va istaklarini, tadbirkorlik faoliyatini amalga oshirish uchun yetarli sharoitlari mavjudligini chuqur oʻrganib, har bir oilaning taklif etayotgan loyihalariga kredit ajratish maqsadga muvofiqligi toʻgʻrisidagi xulosalari asosida ajratish;
viloyatning tumanlar va shaharlarida faoliyat koʻrsatayotgan xoʻjalik yurituvchi subyektlar tomonidan aholi va tadbirkorlik subyektlariga maqbul narxlarda mini-texnologiyalar, asbob-uskunalar, chorva mollari (nasldor qoramol, qoʻy, echki), parranda, baliq, asalari uyasi, chorva ozuqasi hamda boshqa zarur xom ashyo va materiallarni yetkazish, ixcham issiqxonalar qurib berish va boshqa xizmatlar koʻrsatish choralarini koʻrsin;
b) Toshkent viloyatining tuman (shahar)larida:
Jamgʻarma tomonidan ajratilayotgan mablagʻlar hisobidan issiqlik taʼminoti tizimini tiklash va rivojlantirish, ichimlik suvi taʼminoti va oqova suv tarmoqlarini yaxshilash, avtomobil yoʻllarini qurish-taʼmirlash obyektlarining manzilli roʻyxatlarini shakllantirib, mutasaddi vazirlik va idoralar bilan kelishilishini va belgilangan muddatlarda amalga oshirilishini tashkil qilsin;
mahalliy budjet mablagʻlari va qonunchilik hujjatlarida taqiqlanmagan boshqa manbalar hisobidan koʻp qavatli uylarning ichki isitish tizimlarini taʼmirlash-tiklash choralarini koʻrsin;
v) Vazirlar Mahkamasiga:
ikki oy muddatda “2021-yil uchun Oʻzbekiston Respublikasining Davlat budjeti toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuniga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritish haqida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuni loyihasini hamda issiqlik taʼminoti korxonalarini moliyaviy sogʻlomlashtirish yuzasidan takliflarni;
har chorakda tadbirkorlikni yanada qoʻllab-quvvatlash va muhandislik-kommunikatsiya tarmoqlarini rivojlantirishga yoʻnaltirilgan mablagʻlardan samarali foydalanish boʻyicha amalga oshirilgan chora-tadbirlarning natijadorligi toʻgʻrisidagi hisobotni kiritsin.
5. Toshkent viloyatining tuman (shahar) obodonlashtirish boshqarmalarini belgilangan meʼyor talablaridan kelib chiqqan holda, ishlab chiqarish xodimlari bilan toʻldirish hamda qoʻshimcha zamonaviy maxsus transport vositalari bilan taʼminlash maqsadida:
2021-yilda Toshkent viloyatining tuman (shahar) obodonlashtirish boshqarmalarini zamonaviy maxsus transport vositalari bilan jihozlash parametrlari ilovaga muvofiq tasdiqlansin;
Toshkent viloyati hokimligi bir oy muddatda viloyatning tuman (shahar) obodonlashtirish boshqarmalariga biriktirilgan obodonlashtirish obyektlarini xatlovdan oʻtkazgan holda ularning kadastr hujjatlari hamda obodonlashtirish boshqarmalarining pasportlarini qayta shakllantirsin.
Moliya vazirligi Toshkent viloyati hokimligi bilan birgalikda xatlov natijalariga koʻra, hisob-kitoblar asosida shtat birliklari ajratilishini taʼminlasin hamda ular uchun talab etiladigan mablagʻlarni 2021-yilda respublika budjeti mablagʻlari hisobidan, 2022-yildan boshlab esa, belgilangan normativlar asosida Toshkent viloyati mahalliy budjeti parametrlarini shakllantirishda nazarda tutsin.
6. Belgilab qoʻyilsinki:
a) Toshkent viloyatining tuman (shahar)larida issiqlik taʼminoti tizimini tiklash va rivojlantirish ishlari boʻyicha:
Uy-joy kommunal xizmat koʻrsatish vazirligining “Koʻp xonadonli uylarni mukammal va joriy taʼmirlash hamda issiqlik taʼminoti obyektlari qurilishi boʻyicha injiniring kompaniyasi” DUK Toshkent viloyati hududiy filiali — loyihalarni amalga oshirish boʻyicha buyurtmachi;
“Issiqlikelektrloyiha” AJ — loyihalarning loyiha-smeta hujjatlarini ishlab chiqish boʻyicha bosh loyiha tashkiloti;
b) ichimlik suvi taʼminoti va oqova suv tarmoqlarini yaxshilash boʻyicha:
“Suv taʼminoti va oqova suv obyektlari qurilishi boʻyicha injiniring kompaniyasi” UK Toshkent viloyati hududiy boshqarmasi — loyihalarni amalga oshirish boʻyicha buyurtmachi;
“Oʻzbekkommunalloyihaqurilish” DUK — loyihalarning loyiha-smeta hujjatlarini ishlab chiqish boʻyicha bosh loyiha tashkiloti;
v) avtomobil yoʻllarini qurish-taʼmirlash obyektlari boʻyicha:
Toshkent viloyati avtomobil yoʻllari hududiy bosh boshqarmasi tarkibidagi “Mintaqaviy yoʻllarga buyurtmachi xizmati” DUK — loyihalarni amalga oshirish boʻyicha buyurtmachi;
“Yoʻl loyiha byurosi” MCHJ — obyektlarning loyiha-smeta hujjatlarini ishlab chiqish boʻyicha bosh loyiha tashkiloti hisoblanadi.
Issiqlik taʼminoti tizimi, ichimlik suvi taʼminoti va oqova suv tarmoqlarini yaxshilash hamda avtomobil yoʻllarini qurish-taʼmirlash obyektlari boʻyicha bosh pudrat tashkilotlari belgilangan tartibda tanlov (tender) savdolari asosida aniqlanadi.
7. Uy-joy kommunal xizmat koʻrsatish vazirligi manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda ikki oy muddatda qonunchilik hujjatlariga mazkur qarordan kelib chiqadigan oʻzgartirish va qoʻshimchalar toʻgʻrisida Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritsin.
8. Mazkur qarorning ijrosini samarali tashkil etishga masʼul va javobgar etib Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʻrinbosari J.A. Qoʻchqorov hamda Toshkent viloyati hokimi D.A. Xidoyatov belgilansin.
Qaror ijrosi uchun masʼul idoralar faoliyatini muvofiqlashtirish va nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri A.N. Aripov zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Sh. MIRZIYOYEV
Toshkent sh.,
2021-yil 20-may,
PQ-5118-son
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2021-yil 20-maydagi PQ-5118-son qaroriga ILOVA
2021-yilda Toshkent viloyatining tuman (shahar) obodonlashtirish boshqarmalarini zamonaviy maxsus transport vositalari bilan jihozlash parametrlari
* yetkazib beruvchilarning narxiga koʻra aniqlik kiritilishi mumkin.