PQ-5124-son Qaror · 25.05.2021

Sogʻliqni saqlash sohasini kompleks rivojlantirishga doir qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida

Rekvizitlar

  • Hujjat turi:Qaror
  • Raqami:PQ-5124
  • Qabul qilingan sana:25.05.2021
  • Kuchga kirgan sana:25.05.2021
  • Holati:Amalda
  • Rasmiy nashr:QMMB 07/21/5124/0487

Sogʻliqni saqlash tizimida davlat boshqaruvini takomillashtirish, birlamchi boʻgʻinni kasalliklarni erta aniqlaydigan va davolaydigan tizimga aylantirish, raqamlashtirish ishlarini jadallashtirish, coha rivojlanishining yaqin va uzoq muddatli istiqbollarini belgilash, tibbiy xizmatlar hajmini oshirish va sifatini tubdan yaxshilash, raqobat va xususiy sektorni qoʻllab-quvvatlash, tibbiyot xodimlarining bilimini oshirish, taʼlim va ilm-fanni rivojlantirish maqsadida:

(1-band Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2023-yil 14-iyundagi PF-96-sonli Farmoniga asosan oʻz kuchini yoʻqotgan — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 16.06.2023-y., 06/23/96/0379-son)

2. 2021-yil 15-iyundan boshlab birlamchi tibbiy-sanitariya muassasalarida dori va tibbiy buyumlar uchun biriktirilgan aholi jon boshiga ajratilgan mablagʻ miqdori oʻrtacha 3 baravarga oshirilsin.

Moliya vazirligi (T. Ishmetov) ushbu maqsad uchun 2021-yil investitsiya loyihalarini maqbullashtirish hisobidan 40 milliard soʻm miqdorida mablagʻ ajratsin hamda ushbu bandda nazarda tutilgan xarajatlar uchun zarur mablagʻlarni 2022-yildan boshlab Davlat budjeti parametrlarida koʻzda tutsin.

(2-bandning ikkinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2022-yil 24-fevraldagi PF-78-sonli Farmoni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 24.02.2022-y., 06/22/78/0163-son)

Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi Raisi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimlari Iqtisodiy taraqqiyot va kambagʻallikni qisqartirish vazirligi (I. Norqulov, A. Boboyev), Sogʻliqni saqlash vazirligi (A. Xadjibayev) bilan birgalikda bir hafta muddatda tibbiyot sohasida investitsiya loyihalarini maqbullashtirish hisobiga har bir viloyat kesimida iqtisod qilinadigan mablagʻlarni aniqlasin.

3. Sogʻliqni saqlash vazirligi (A. Xadjibayev, A. Inoyatov):

a) Davlat boshqaruvi akademiyasi (A. Bekmurodov) bilan birgalikda ilgʻor xorijiy tajriba asosida tibbiyot sohasida boshqaruv boʻyicha ikki haftalik oʻquv kurslarini tashkil etsin va yil yakuniga qadar viloyat, tuman (shahar) tibbiyot boshqarmalari boshliqlarining oʻqitilishini taʼminlasin.

Bunda, oʻquv kurslarini tashkil etish bilan bogʻliq xarajatlar Tibbiyot tashkilotlarini moddiy ragʻbatlantirish va rivojlantirish jamgʻarmasi mablagʻlari hisobidan amalga oshiriladi;

b) Davlat xizmatini rivojlantirish agentligi (A. Xasanov) bilan birgalikda bir oy muddatda barcha sogʻliqni saqlash tizimi tashkilotlari rahbarlari faoliyatini baholash reytingini joriy etsin hamda har chorakda natijalarni Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi va Vazirlar Mahkamasiga kiritib borsin;

v) Moliya vazirligi (T. Ishmetov), Iqtisodiy taraqqiyot va kambagʻallikni qisqartirish vazirligi (I. Norqulov) hamda Davlat tibbiy sugʻurtasi jamgʻarmasi (F. Sharipov) bilan birgalikda bir oy muddatda Jahon sogʻliqni saqlash tashkiloti tavsiyalaridan kelib chiqib, birlamchi boʻgʻinda tibbiy yordamning kafolatlangan hajmlari roʻyxatini tasdiqlab, barcha hududlarda amaliyotga kiritsin.

4. “Oʻzavtosanoat” AJ (Sh. Umurzakov) 2021-yil 1-oktabrga qadar joylarda, ayniqsa olis va chekka hududlarda aholini manzilli profilaktika va skrining qilish ishlarini tashkil etish uchun zarur uskunalar bilan jihozlangan maxsus avtobuslarning kamida 3 ta tajriba namunasini yaratsin va kiritsin.

5. Belgilab qoʻyilsinki, 2021-yil 1-iyundan boshlab:

a) Qoraqalpogʻiston Respublikasi Sogʻliqni saqlash vazirligi, viloyatlar sogʻliqni saqlash boshqarmalari va Toshkent shahar sogʻliqni saqlash bosh boshqarmasi tuzilmalariga amaldagi shtat birliklari doirasida boshliqning raqamlashtirish va davlat-xususiy sheriklik boʻyicha oʻrinbosari lavozimi joriy qilinadi. Bunda, ushbu lavozimlarga tayinlanayotgan shaxslarning avvalgi davlat tashkilotlaridagi ish joyi boʻyicha oylik ish haqi miqdori yuqori boʻlgan taqdirda, ularning avvalgi ish joyi boʻyicha oylik ish haqi miqdori saqlab qolinadi.

Raqamlashtirish va davlat-xususiy sheriklik boʻyicha oʻrinbosar oʻz faoliyatida bevosita sogʻliqni saqlash vaziri oʻrinbosari A. Azizovga boʻysunadi va hisobdor boʻladi hamda A. Azizov Qoraqalpogʻiston Respublikasi Sogʻliqni saqlash vazirligi, viloyatlar sogʻliqni saqlash boshqarmalari va Toshkent shahar sogʻliqni saqlash bosh boshqarmasi faoliyatining raqamlashtirish natijadorligi boʻyicha masʼul hisoblanadi, ularning ishiga baho beradi;

b) har bir oilaviy shifokor punkti, oilaviy poliklinika hamda tuman (shahar) koʻp tarmoqli markaziy poliklinikasida elektron tizim bilan ishlaydigan bir nafardan IT operator lavozimi kiritiladi. Bunda, ushbu lavozimlar Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2021-yil 5-maydagi “Sogʻliqni saqlash tizimida olib borilayotgan islohotlarni izchil davom ettirish va tibbiyot xodimlarining salohiyatini oshirish uchun zarur shart-sharoitlar yaratish toʻgʻrisida”gi PF-6221-son Farmoniga muvofiq ajratilayotgan shtat birliklari hisobidan shakllantiriladi;

(5-band “b” kichik bandining birinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2026-yil 5-maydagi PF-77-sonli Farmoni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 12.05.2026-y., 06/26/77/0478-son)

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2021-yil 5-maydagi “Sogʻliqni saqlash tizimida olib borilayotgan islohotlarni izchil davom ettirish va tibbiyot xodimlarining salohiyatini oshirish uchun zarur shart-sharoitlar yaratish toʻgʻrisida”gi PF-6221-son Farmoniga muvofiq ajratilayotgan shtat birliklarini saqlash bilan bogʻliq xarajatlar 2021-yil davlat budjeti parametrlarida koronavirus pandemiyasiga qarshi kurashish va vaksina sotib olish uchun koʻzda tutilgan mablagʻlar hisobidan qoplanadi, 2022-yildan boshlab esa davlat budjeti parametrlarida koʻzda tutiladi;

(5-bandining “b” kichik bandi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2021-yil 28-iyuldagi PQ-5199-sonli qaroriga asosan xatboshi bilan toʻldirilgan — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 29.07.2021-y., 07/21/5199/0721-son)

v) boshqa tuman (shahar) hamda barcha viloyat va respublika davolash-profilaktika muassasalarida ularning amaldagi shtat birliklari doirasida IT operator lavozimi kiritiladi.

(5-bandning “v” kichik bandi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2026-yil 5-maydagi PF-77-sonli Farmoni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 12.05.2026-y., 06/26/77/0478-son)

6. Bosh vazir maslahatchisi O.M. Umarov, Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi (Sh. Sadikov), Sogʻliqni saqlash vazirligi (A. Azizov):

ikki hafta muddatda IT operatorlar hamda boshqa sogʻliqni saqlash tizimi xodimlarining kompyuter savodxonligini oshirish maqsadida ularni oʻqitish boʻyicha dastur ishlab chiqsin;

(6-bandning ikkinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2026-yil 5-maydagi PF-77-sonli Farmoni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 12.05.2026-y., 06/26/77/0478-son)

reja-jadvalga asosan IT operatorlar hamda boshqa sogʻliqni saqlash tizimi xodimlarining kompyuter savodxonligini oshirish maqsadida ularni tuman (shahar) IT markazlarida bepul oʻqitish mashgʻulotlarini tashkil etsin.

(6-bandning uchinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2026-yil 5-maydagi PF-77-sonli Farmoni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 12.05.2026-y., 06/26/77/0478-son)

Belgilansinki, 2026-yil 1-iyundan boshlab tibbiyot muassasalarining IT operatorlariga Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2018-yil 19-fevraldagi “Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalari sohasini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi PF-5349-son Farmoni 7-bandi “g” kichik bandida nazarda tutilgan ustama tatbiq etiladi hamda tibbiyot muassasalarining IT operatorlariga tibbiyot brigadalari amaliyotchi hamshiralari uchun belgilangan mehnatga haq toʻlash shartlari tatbiq etiladi.

(6-bandning toʻrtinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2026-yil 10-sentabrdagi PF-191-sonli Farmoni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 16.09.2026-y., 06/26/191/0937-son)

7. Sogʻliqni saqlash vazirligi (A. Azizov) Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi (O. Pekos), boshqa manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda 2021-yil 1-sentabrga qadar sohada katta tajribaga ega boʻlgan mahalliy va xorijiy mutaxassislar hamda tashkilotlarni jalb etgan holda Sogʻliqni saqlash sohasini 2025-yilgacha raqamlashtirish (E-health-2025) strategiyasini va uni amalga oshirishga doir yillar boʻyicha “Yoʻl xaritasi”ni tasdiqlashni nazarda tutuvchi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining qarori loyihasini Vazirlar Mahkamasiga kiritsin.

8. Davlat tibbiyot muassasalarini 2021 — 2023-yillarda zamonaviy kompyuter jihozlari bilan taʼminlash reja-jadvali 1-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.

Moliya vazirligi (T. Ishmetov) 2021-yil yakuniga qadar 17 400 ta zamonaviy kompyuter jihozlarini xarid qilish bilan bogʻliq mablagʻlar xalqaro moliya institutlari mablagʻlari hisobidan, yetmagan qismi esa har yili Davlat budjetida Sogʻliqni saqlash vazirligi uchun koʻzda tutilgan mablagʻlar doirasida amalga oshirilishini nazarda tutsin.

Sogʻliqni saqlash vaziri oʻrinbosari (A. Azizov)ga tizimni raqamlashtirish uchun zamonaviy kompyuter va axborot texnika vositalarini eng yaxshi takliflarni tanlab olish yoʻli bilan xarid qilishga, istisno tariqasida, ruxsat berilsin.

(8-bandning uchinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2021-yil 10-sentabrdagi PF-6311-sonli Farmoni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 10.09.2021-y., 06/21/6311/0861-son)

9. Belgilab qoʻyilsinki:

Sogʻliqni saqlash vazirligida markazlashgan xaridlar natijasida iqtisod qilingan budjet mablagʻlari tibbiyot sohasini raqamlashtirishga qaratilgan loyihalarni amalga oshirish va kengaytirish, IT-sohasidagi yetakchi mahalliy va xorijiy mutaxassislar hamda kompaniyalarni jalb qilishga yoʻnaltiriladi;

Sogʻliqni saqlash vazirligi tizimini isloh qilishga ajratiladigan xalqaro moliya institutlari va xorijiy hukumat moliyaviy tashkilotlari mablagʻlari hisobidan moliyalashtiriladigan loyihalarda tovarlar (ishlar, xizmatlar)ni davlat xarid komissiyasi tarkibi Vazirlar Mahkamasi tomonidan tasdiqlanadi.

10. 2021-yil 1-iyuldan boshlab tuman (shahar) tibbiyot birlashmalarida kompyuter jihozlari boʻyicha texnik xodim lavozimlari kompyuter texnikasi xizmati boʻyicha muhandis lavozimlariga almashtirilsin hamda ular zimmasiga zamonaviy axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini joriy qilish hamda rivojlantirish vazifalari yuklansin.

Bunda, kompyuter texnikasi xizmati boʻyicha muhandislarga beriladigan har oylik ustama miqdori xodim lavozim maoshidan 100 foizdan kam boʻlmagan miqdorda belgilanadi.

11. Sogʻliqni saqlash vazirligi Moliya vazirligi, Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari bilan birgalikda davlat tibbiy sugʻurtasi tizimi joriy etilishini tezlashtirish maqsadida 2021-yil 1-avgustdan boshlab boshqa hududlarda ham bosqichma-bosqich quyidagi chora-tadbirlarni amalga oshirsin:

tibbiy jihozlar, buyumlar, kompyuter texnikasi va boshqa vositalarni xatlovdan oʻtkazish, shuningdek, tibbiy xodimlar roʻyxatini shakllantirish;

tibbiyot muassasalarini kafolatlangan paketga kiritilgan tibbiy xizmatlarni koʻrsatish uchun zarur boʻladigan tibbiy texnika bilan jihozlash;

oilaviy shifokor yoʻllanmasi asosida kafolatlangan paketga kiritilgan bepul tibbiy xizmatlar koʻrsatish tizimini tashkil etish.

Bosh vazir oʻrinbosari B.A. Musayev, Moliya vazirligi (T. Ishmetov) va Sogʻliqni saqlash vazirligi (A. Azizov) Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari bilan birgalikda bir oy muddatda tibbiy sugʻurta tizimining alohida elementlarini boshqa hududlarda joriy qilishni boshlash yuzasidan aniq taklif kiritsin.

12. Belgilansinki, 2021-yil 1-iyuldan boshlab ish staji besh yil boʻlmagan oliy maʼlumotli tibbiyot xodimlarini nodavlat tibbiyot tashkilotlariga ishga qabul qilish bilan bogʻliq talablar davlat tibbiyot muassasalariga tenglashtiriladi.

Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi xizmati (B. Yusupaliyev) bir oy muddatda nodavlat tibbiyot tashkilotlari faoliyatini tashkil etishda bino va inshootlarga belgilangan sanitariya qoidalari, normalari va gigiyena normativlarini xalqaro standartlardan kelib chiqib, qayta koʻrib chiqsin.

13. 2021-2022-yillarda Qoraqalpogʻiston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahrida respublika ixtisoslashtirilgan ilmiy-amaliy tibbiyot markazlari filiallarini tashkil etish reja-jadvali 2-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.

Belgilansinki:

a) yangi tashkil qilinayotgan filiallar Qoraqalpogʻiston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahar tibbiyot muassasalarining negizida, ularning amaldagi shtat birliklari va ajratilgan mablagʻlar doirasida, shuningdek, yuridik shaxs maqomga ega boʻlmagan asosda tashkil qilinadi;

b) sogʻliqni saqlash vaziri oʻrinbosari U. Sobirov va respublika ixtisoslashtirilgan markazlari rahbarlari filiallar tomonidan:

kasalliklarni joylarda barvaqt aniqlash, profilaktik chora-tadbirlarni amalga oshirish, mahorat darslarini oʻtkazish;

diagnostika va davolashning zamonaviy usullarini joriy etish, yuqori sifatli tibbiy xizmatlarni koʻrsatish, shu jumladan teletibbiyotni joriy etish va rivojlantirish;

kasalliklar registrini yaratish, ilmiy tadqiqotlarni olib borish va amaliyotga tatbiq etish, shuningdek, ular faoliyatiga oid boshqa masalalarni (tibbiy jihozlar va asbob-uskunalar bilan taʼminlash, malakali mutaxassislar bilan toʻldirish) hal qilish yuzasidan shaxsan masʼul hisoblanadi.

14. Sogʻliqni saqlash vazirligi (E. Basitxanova):

a) 2021-yil 1-avgustdan boshlab Qoraqalpogʻiston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahrida perinatal va skrining markazlari hamda birlamchi tibbiy-sanitariya muassasalaridagi onalar va bolalar salomatligiga masʼul tuzilmalar (“Ayollar maslahatxonasi”, prenatal skrining xonasi, “tibbiyot brigadalari” tarkibidagi oilaviy shifokor, pediatr va boshqalar)ning homilador ayolni kompleks kuzatuvi boʻyicha quyidagi chora-tadbirlarni nazarda tutuvchi oʻzaro hamkorlik va muvofiqlashtirilishini taʼminlovchi yagona tizimni joriy etsin:

homilador ayolning kompleks kuzatuvi yagona maʼlumotlar bazasini yaratish;

perinatal va skrining markazlari hamda birlamchi tibbiy-sanitariya muassasalaridagi onalar va bolalar salomatligiga masʼul tuzilmalar tomonidan yagona maʼlumotlar bazasiga zarur maʼlumotlarni kiritish, shuningdek, homilador ayollarning tibbiy kartasini yuritish;

shakllangan maʼlumotlarga asosan homilador ayollarga zarur maslahatlarni berish;

b) sogʻliqni saqlash vazirining oʻrinbosari A. Azizov bilan birgalikda homilador ayolni eng erta muddatlarda hisobga olinishi, uning har kungi holatidagi oʻzgarishlarni kompleks nazorat qilib borish uchun 2021-yil yakuniga qadar yagona elektron baza yaratilishini taʼminlasin;

v) Maktabgacha taʼlim vazirligi (A. Shin) va Xalq taʼlimi vazirligi (Sh. Shermatov) bilan birgalikda ikki oy muddatda maktabgacha taʼlim tashkilotlari va maktablarda toʻgʻri ovqatlanishni yoʻlga qoʻyish maqsadida 2021/2022 oʻquv yilidan boshlab yangilangan ovqatlanish ratsionini hamda ushbu yoʻnalish bilan shugʻullanuvchi tadbirkorlik subyektlariga boʻlgan talablarni tasdiqlasin va amaliyotga kiritsin. Bunda, bolalarning sogʻligʻiga zarar va rivojlanishiga salbiy taʼsir koʻrsatadigan barcha oziq-ovqat mahsulotlarini maktabgacha taʼlim tashkilotlari va maktablar hududida sotishga cheklovlar qoʻyilsin.

Sogʻliqni saqlash vazirligi huzuridagi Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi qoʻmitasi (B. Yusupaliyev) maktabgacha taʼlim tashkilotlari va maktablarda bolalarning sogʻlom va xavfsiz ovqatlanishini taʼminlash maqsadida belgilangan sanitariya qoidalari, normalari va gigiyena normativlariga soʻzsiz rioya etilishi ustidan nazoratni kuchaytirsin.

(14-bandning sakkizinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2024-yil 27-dekabrdagi PF-230-sonli Farmoni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 30.12.2024-y., 06/24/230/1096-son)

15. Moliya vazirligi (T. Ishmetov):

onalar va bolalar, reproduktiv yoshdagi ayollar salomatligini taʼminlash uchun zarur dori va tibbiyot vositalari (“K” vitamin, surfaktant va boshqalar) bilan qoʻshimcha taʼminlash uchun Davlat budjetidan 2021-yilda 26 milliard soʻm ajratsin, 2022-yildan boshlab mazkur banddagi xarajatlar uchun zarur mablagʻlarni Davlat budjeti parametrlarida koʻzda tutsin;

bolalar tibbiyot va tugʻuruq muassasalarida yuqori texnologik laborator uskunalaridan toʻlaqonli va samarali foydalanish maqsadida 2022-yildan boshlab Davlat budjetidan reaktiv, reagentlar, sarflov anjomlari hamda servis xizmatlar uchun qoʻshimcha 8 milliard soʻm ajratsin.

16. Sogʻliqni saqlash sohasida amalga oshirilayotgan islohotlarni tezlashtirish boʻyicha “Yoʻl xaritasi” 3-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.

17. Sogʻliqni saqlash vazirligining Oʻzbekiston Respublikasi sogʻliqni saqlash tizimini 2030-yilgacha rivojlantirish strategiyasini xalqaro ekspertlar va tashkilotlar bilan birgalikda ishlab chiqish toʻgʻrisidagi taklifi qabul qilinsin.

Vazirlar Mahkamasi, Moliya vazirligi Sogʻliqni saqlash vazirligining asoslantirilgan buyurtmalariga koʻra Vazirlar Mahkamasining zaxira jamgʻarmasi mablagʻlari hisobidan “Sogʻliqni saqlash strategiyasi — 2030”ni ishlab chiqish, xorijiy va mahalliy ekspertlar hamda tashkilotlarni jalb qilish bilan bogʻliq xarajatlarni moliyalashtirish choralarini koʻrsin.

17-1. Sogʻliqni saqlash vaziriga ushbu qarorga muvofiq sogʻliqni saqlash vaziri oʻrinbosarlari oʻrtasida taqsimlangan vazifalar va funksiyalarni, zarur hollarda qayta taqsimlash huquqi berilsin.

(17-1-band Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2022-yil 25-apreldagi PQ-216-sonli qaroriga asosan kiritilgan — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 26.04.2022-y., 07/22/216/0343-son)

18. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti maslahatchisining birinchi oʻrinbosari L.N. Toʻychiyev Sogʻliqni saqlash vazirligi (A. Xadjibayev), Davlat xizmatini rivojlantirish agentligi (A. Xasanov) bilan birgalikda bir oy muddatda sogʻliqni saqlash vaziri oʻrinbosarlari, hududiy sogʻliqni saqlash boshqarmalari boshliqlari faoliyatini baholash tizimini joriy etsin hamda har yarim yil yakuni bilan tegishli takliflarni kiritib borsin.

Bunda, natija koʻrsatgan, xizmat sifatini yaxshilab, aholini rozi qilgan rahbarlarni tegishli Sogʻliqni saqlash vazirligi tizimi tashkilotlari mablagʻlari hisobidan ragʻbatlantirish hamda ishlarni qoniqarsiz tashkil etgan masʼul kadrlarga chora koʻrish belgilansin.

19. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining va Oʻzbekiston Respublikasi Hukumatining ayrim hujjatlariga oʻzgartirish va qoʻshimchalar 4-ilovaga muvofiq kiritilsin.

20. Sogʻliqni saqlash vazirligi manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda ikki oy muddatda qonunchilik hujjatlariga ushbu qarordan kelib chiqadigan oʻzgartirish va qoʻshimchalar toʻgʻrisida Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritsin.

21. Ushbu qarorning ijrosini samarali tashkil etishga masʼul va shaxsiy javobgar etib sogʻliqni saqlash vaziri A.M. Xadjibayev, uning oʻrinbosarlari A.Sh. Inoyatov, A.A. Azizov, U.Yu. Sobirov, E.I. Basitxanova, Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi Raisi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimlari belgilansin.

22. Mazkur qarorning oʻz vaqtida va natijali ijro etilishini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʻrinbosari B.A. Musayev va Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti maslahatchisining birinchi oʻrinbosari L.N. Toʻychiyev zimmasiga yuklansin.

Amalga oshirilayotgan chora-tadbirlar natijadorligi yuzasidan har chorakda Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentiga axborot berib borilsin.

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Sh. MIRZIYOYEV

Toshkent sh.,

2021-yil 25-may,

PQ-5124-son

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2021-yil 25-maydagi PQ-5124-son qaroriga 1-ILOVA

Davlat tibbiyot muassasalarini 2021 — 2023-yillarda zamonaviy kompyuter jihozlari bilan taʼminlash

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2021-yil 25-maydagi PQ-5124-son qaroriga 2-ILOVA

2021-2022-yillarda Qoraqalpogʻiston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahrida respublika ixtisoslashtirilgan ilmiy-amaliy tibbiyot markazlari filiallarini tashkil etish

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2021-yil 25-maydagi PQ-5124-son qaroriga 3-ILOVA

Sogʻliqni saqlash sohasida amalga oshirilayotgan islohotlarni tezlashtirish boʻyicha

(3-ilova Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2023-yil 26-maydagi PF-79-sonli Farmoni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 31.05.2023-y., 06/23/79/0302-son)

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2021-yil 25-maydagi PQ-5124-son qaroriga 4-ILOVA

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining va Oʻzbekiston Respublikasi Hukumatining ayrim hujjatlariga kiritilayotgan oʻzgartirish va qoʻshimchalar

(Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 26-dekabrdagi PF-259-sonli Farmoniga asosan 1-bandning oʻz kuchini yoʻqotish sanasi — 2026-yil 1-yanvar — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 27.12.2025-y., 06/25/259/1224-son)

2. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2020-yil 10-fevraldagi “Oʻzbekiston Respublikasida gematologiya va transfuziologiya xizmatlarini rivojlantirish hamda onkogematologik va davolash qiyin boʻlgan kasalliklarga chalingan shaxslarni yanada qoʻllab-quvvatlash chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi PQ-4592-son qarori 6 va 7-bandlari hamda qarorga 1-ilovaning 4-pozitsiyasi oʻz kuchini yoʻqotgan deb hisoblansin.

3. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2020-yil 2-oktabrdagi “Sogʻliqni saqlash sohasida davlat boshqaruvi tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi PQ-4847-son qarori 3, 4 va 5-ilovalarining matni quyidagi tahrirda bayon etilsin:

“Qoraqalpogʻiston Respublikasi Sogʻliqni saqlash vazirligi

Boshqaruv xodimlarining cheklangan soni — 31 nafar.

Viloyatlar sogʻliqni saqlash boshqarmalarining

Boshqaruv xodimlarining cheklangan soni — 26 — 32 nafar.

Toshkent shahar sogʻliqni saqlash bosh boshqarmasining

Boshqaruv xodimlarining cheklangan soni — 32 nafar”.

4. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2020-yil 30-dekabrdagi “Oʻzbekiston Respublikasining “2021-yil uchun Oʻzbekiston Respublikasining Davlat budjeti toʻgʻrisida”gi Qonuni ijrosini taʼminlash chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi PQ-4938-son qaroriga 7-ilovada 5-pozitsiya quyidagi tahrirda bayon etilsin:

5. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2021-yil 11-maydagi “Xizmatlar sohasini jadal rivojlantirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi PQ-5113-son qaroriga 2-ilovaning 21 va 33-pozitsiyalari oʻz kuchini yoʻqotgan deb hisoblansin.

6. Vazirlar Mahkamasining 2003-yil 25-avgustdagi “Nikohlanuvchi shaxslarni tibbiy koʻrikdan oʻtkazish toʻgʻrisidagi nizomni tasdiqlash haqida”gi 365-sonli qarori:

a) quyidagi mazmundagi 2-1-band bilan toʻldirilsin:

“2-1. Koʻp tarmoqli markaziy poliklinikalarda nikohlanuvchi shaxslarni tibbiy koʻrikdan oʻtkazish boʻyicha ularga maslahat berish va tibbiy xizmat koʻrsatuvchi muassasalar faoliyatini monitoring qilib, mavjud muammolarni tahlil etish, umumlashtirish Respublika va hududiy aholi reproduktiv salomatligi markazlarining (keyingi oʻrinlarda — Markazlar) asosiy vazifalaridan biri etib belgilansin.

Mazkur vazifalarni amalga oshirish uchun Markazlar tuzilmasiga sogʻliqni saqlash tizimi tashkilotlarining amaldagi shtatlari doirasida mutaxassis shtatlar (tibbiy-genetik, psixolog, IT-texnologiyalari boʻyicha mutaxassis) kiritilsin.

Oʻzbekiston Respublikasi Sogʻliqni saqlash vazirligi bir oy muddatda Markazlar moddiy-texnika bazasini mustahkamlash boʻyicha Vazirlar Mahkamasiga asoslantirilgan taklif kiritsin”;

b) quyidagi mazmundagi 3-1-band bilan toʻldirilsin:

“3-1. Oʻzbekiston Respublikasi Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi Sogʻliqni saqlash vazirligi bilan birgalikda ikki oy muddatda FHDY organlari bilan tibbiyot muassasalari, xususan koʻp tarmoqli markaziy poliklinikalar, Markazlar oʻrtasida nikohlanuvchilarning yagona avtomatlashtirilgan elektron bazasini shakllantirsin”;

v) 1-ilovasida:

6-band quyidagi mazmundagi ikkinchi va uchinchi xatboshilar bilan toʻldirilsin:

“Nikohlanuvchi shaxslar doimiy yoki vaqtinchalik yashash joyidagi tuman (shahar) koʻp tarmoqli markaziy poliklinikalarida bepul dispanserizatsiyadan, yaʼni kardiolog, endokrinolog, revmatolog, urolog mutaxassislari jalb qilingan holda nikoh oldi tibbiy koʻrikdan oʻtadi hamda qoʻshimcha UTT, EKG, umumiy qon tahlili, qondagi qand miqdori aniqlanadi.

Nikohlanuvchi shaxslar uchun tibbiy koʻrik jarayonida genetik tekshiruvlarga zarurat boʻlganda, ularning oʻzaro kelishuvi asosida ushbu tekshiruvlar pullik asosda amalga oshirilishi mumkin”;

ikkinchi xatboshi toʻrtinchi xatboshi deb hisoblansin;

31-band quyidagi tahrirda bayon etilsin:

“31. Agar nikohlanuvchi shaxslarni tibbiy koʻrikdan oʻtkazish natijasida ularning bittasida yoki har ikkalasida mazkur Nizomga 1-ilovada nazarda tutilgan kasallik, shuningdek, dispanserizatsiya natijasida boshqa kasalliklar aniqlangan taqdirda, nikohni qayd etish tomonlarning ushbu tekshirish natijalaridan xabardorligi tasdiqlanganidan keyin amalga oshiriladi”.

7. Vazirlar Mahkamasining 2017-yil 21-iyundagi 405-son qarori bilan tasdiqlangan Tibbiy faoliyatni litsenziyalash tartibi toʻgʻrisidagi nizomda:

a) 10-bandning “a” kichik bandida:

ikkinchi xatboshi quyidagi tahrirda bayon etilsin:

“bosh shifokorda — oliy tibbiy maʼlumot, boshqa vrach-mutaxassislarda (oliy tibbiy taʼlim maʼlumotiga ega boʻlmagan, xalq tabobati usullaridan foydalangan holda tibbiy faoliyat bilan shugʻullanuvchi shaxslardan tashqari) tegishli tibbiy mutaxassislik boʻyicha oliy maʼlumot”;

quyidagi tahrirdagi toʻrtinchi xatboshi bilan toʻldirilsin:

“ish staji besh yildan oshgan oliy tibbiy maʼlumotli shifokorda ixtisosligi boʻyicha malaka toifa”;

toʻrtinchi — oʻn uchinchi xatboshilar tegishincha beshinchi — oʻn toʻrtinchi xatboshilar deb hisoblansin;

b) 22-band:

quyidagi tahrirdagi ikkinchi xatboshi bilan toʻldirilsin:

“Qoʻshimcha tibbiy ixtisoslik turini yoki nodavlat tibbiyot tashkiloti filialini litsenziyalashda uning litsenziya talablari va shartlariga muvofiqligini oʻrganish faqat soʻralayotgan tibbiy ixtisoslik turi hamda tashkilot filiali qismida oʻtkaziladi”;

ikkinchi — sakkizinchi xatboshilar tegishli ravishda uchinchi — toʻqqizinchi xatboshilar deb hisoblansin;

sakkizinchi va toʻqqizinchi xatboshilar quyidagi tahrirda bayon etilsin:

“Litsenziyalovchi organning litsenziya berish, muassasa turini oʻzgartirish (ambulator yoki statsionar), filial ochish, litsenziyaga yangi tibbiy ixtisosliklarni qoʻshish, tibbiy xizmat hajmini oʻzgartirish (konservativ yoki operativ) yoki uni berishni rad etish haqidagi qarori umumiy tartib boʻyicha uch kun muddatda, tezlashtirilgan tartib boʻyicha bir ish kuni davomida tasdiqlanadi va litsenziya berish yoki uni berishni rad etish uchun asos hisoblanadi;

Litsenziyalovchi organ umumiy tartib boʻyicha ikki kun muddatda, tezlashtirilgan tartib boʻyicha esa litsenziya berish, muassasa turini oʻzgartirish (ambulator yoki statsionar), filial ochish, litsenziyaga yangi tibbiy ixtisosliklarni qoʻshish, tibbiy xizmat hajmini oʻzgartirish (konservativ yoki operativ) haqida qaror qabul qilingan kunning oʻzida litsenziya talabgorini u oʻz arizasida koʻrsatgan shaklda, bank hisob raqami rekvizitlari va davlat bojini toʻlash muddati koʻrsatilgan holda qabul qilingan qaror toʻgʻrisida xabardor qiladi”;

quyidagi tahrirdagi oʻninchi xatboshi bilan toʻldirilsin:

“Muassasa turi oʻzgarganda (ambulator yoki statsionar), filial ochilganda, litsenziyaga yangi tibbiy ixtisosliklar qoʻshilganda, tibbiy xizmat hajmi oʻzgarganda (konservativ yoki operativ) tegishli oʻzgartirish va qoʻshimchalar mavjud litsenziyaga kiritiladi, bunda litsenziyaning amal qilish muddati oʻzgarmaydi”;

v) 36-band quyidagi tahrirdagi ikkinchi xatboshi bilan toʻldirilsin:

“Tibbiy faoliyatni amalga oshirish uchun litsenziya talablari va shartlari buzilgan taqdirda, litsenziyaning amal qilishi faqat bunday buzilishlarga yoʻl qoʻyilgan tibbiy ixtisoslik turi qismida toʻxtatiladi (tugatiladi) (amaldagi boshqa tibbiy ixtisosliklar faoliyatini taʼminlovchi ixtisoslik turlaridan tashqari) va litsenziya amaldagi boshqa tibbiy ixtisoslik turlari qismida belgilangan tartibda qayta rasmiylashtiriladi”;

ikkinchi xatboshi uchinchi xatboshi deb hisoblansin.

Bu hujjat sizga qanday ta'sir qiladi?

HuquqTech hujjat va qonun moddalariga tayanib, savolingizga oddiy tilda javob beradi.

AI'dan bepul so'rash

Matn lex.uz rasmiy manbasidan olingan va avtomatik yangilanadi. Huquqiy ahamiyatga ega qarorlar uchun rasmiy nashrga va malakali mutaxassisga murojaat qiling.