Gematologiya va onkologiya yoʻnalishlarida amalga oshirilayotgan islohotlarni izchil davom ettirish, mazkur sohada aholiga koʻrsatilayotgan tibbiy xizmatlar sifati, koʻlami va samaradorligini oshirish, bemorlar uchun qulay shart-sharoitlar yaratish hamda ularni zarur dori vositalari bilan uzluksiz taʼminlash, shifoxonalarni zamonaviy diagnostika laboratoriyalari va tibbiy texnikalar bilan jihozlash maqsadida:
1. Respublika ixtisoslashtirilgan gematologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi Toshkent shahar, Chilonzor tumani, Arnasoy koʻchasida yangi barpo etilgan tibbiyot muassasasi binolariga operativ boshqaruv huquqi asosida bepul joylashtirilsin.
Sogʻliqni saqlash vazirligi (A. Xadjibayev):
Qurilish vazirligi (B. Zokirov) va Moliya vazirligi (T. Ishmetov) bilan birgalikda 2021-yil 1-sentabrga qadar yangi binolarni zamonaviy talablar asosida, xususan ularda kattalar va bolalar uchun alohida jarrohlik, jonlantirish, intensiv terapiya, transfuziologiya va transplantologiya boʻlimlari, shuningdek, radio diagnostika va radio davolash boʻlimlari, bakteriologik laboratoriya, maxsus ovqat tayyorlash boʻlinmasini, bolalarga taʼlim olish imkoniyatini yaratishni nazarda tutgan holda qurish ishlari olib borilishi va tibbiy texnikalar bilan jihozlanishini taʼminlasin;
Moliya vazirligi (T. Ishmetov) bilan birgalikda Respublika ixtisoslashtirilgan gematologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi yangi binolarga joylashtirilayotganligini inobatga olgan holda uning tuzilmasi, shtatlar jadvali va xarajatlar smetasini qayta koʻrib chiqib, tasdiqlasin.
2. Sogʻliqni saqlash vazirligining Respublika ixtisoslashtirilgan gematologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi huzurida Bolalar gematologiyasi, onkologiyasi va klinik immunologiyasi markazini tashkil etish toʻgʻrisidagi taklifiga rozilik berilsin.
Belgilansinki:
2022-yil 1-yanvardan boshlab Bolalar gematologiyasi, onkologiyasi va klinik immunologiyasi markazi Respublika ixtisoslashtirilgan gematologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi tarkibidan chiqarilib, mustaqil markaz sifatida faoliyat yuritadi;
Bolalar gematologiyasi, onkologiyasi va klinik immunologiyasi markazi Toshkent shahar, Chilonzor tumani, Arnasoy koʻchasida yangi barpo etilgan tibbiyot muassasasi binolaridan biriga operativ boshqaruv huquqi asosida bepul joylashtiriladi;
2021-2022-yillarda Qoraqalpogʻiston Respublikasi va viloyatlar bolalar koʻp tarmoqli tibbiyot markazlarining bolalar gematologiyasi boʻlimi negizida umumiy shtatlar va statsionar oʻrinlar doirasida Bolalar gematologiyasi va onkologiyasi boʻlimlari tashkil etiladi.
3. Toshkent shahar hokimligi (J. Artikxodjayev), Sogʻliqni saqlash vazirligi (U. Sobirov), Moliya vazirligi (T. Ishmetov) va Qurilish vazirligi (B. Zokirov) 2021-yil 1-sentabrga qadar Respublika ixtisoslashtirilgan onkologiya va radiologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi uchun Toshkent tibbiyot akademiyasi klinikasining boʻsh turgan hududida zamonaviy yangi bino-inshootlar kompleksini qurish va jihozlash boʻyicha loyiha-smeta hujjatlarini ishlab chiqsin.
4. Respublika gematologiya, onkologiya va radiologiya markazlari faoliyatini samarali tashkil etish boʻyicha ishchi guruhi tarkibi 1-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
Ishchi guruhi (B. Musayev):
2021-yil 1-sentabrga qadar Toshkent shahri, Chilonzor tumani, Arnasoy koʻchasida yangi barpo etilgan tibbiyot muassasasi negizida 300 oʻrinli zamonaviy Respublika ixtisoslashtirilgan gematologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi faoliyati ilgʻor xorijiy tibbiyot muassasalarining tajribasidan kelib chiqqan holda yoʻlga qoʻyilishini;
ikki oy muddatda Bolalar gematologiyasi, onkologiyasi va klinik immunologiyasi markazi faoliyatini tashkil etish va rivojlantirish, salohiyatli kadrlar bilan taʼminlash va jihozlash konsepsiyasining ishlab chiqilishini;
Bolalar gematologiyasi, onkologiyasi va klinik immunologiyasi markazi faoliyatini tashkil etishga xorijiy ekspertlar va yetakchi ilmiy-tadqiqot muassasalari jalb qilinishi, moliyaviy, tashkiliy va boshqa zarur choralar amalga oshirilishini;
suyak koʻmigi oʻzak hujayralarini koʻchirib oʻtkazish amaliyotini birinchi bosqichda Respublika ixtisoslashtirilgan gematologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazida, keyinchalik esa Bolalar gematologiyasi, onkologiyasi va klinik immunologiyasi markazida ham joriy etilishini;
Respublika ixtisoslashtirilgan onkologiya va radiologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi uchun quriladigan bino-inshootlar kompleksi sohadagi ilgʻor xorijiy tibbiyot muassasalarining tajribasini inobatga olgan holda tashkil etilishini;
markazlar joylashtiriladigan binolarni taʼmirlash va jihozlash standartlari ushbu sohadagi ilgʻor xorijiy tibbiyot muassasalari tajribasi asosida ishlab chiqilishini hamda jihozlanishini taʼminlasin.
5. Moliya vazirligi (T. Ishmetov) onkologiya yordamini takomillashtirish va onkologiya xizmatini yanada rivojlantirish bilan bogʻliq xarajatlar uchun Davlat budjetidan 2021-yilda qoʻshimcha 60 mlrd soʻm hamda 2022-yildan boshlab 125 mlrd soʻmdan kam boʻlmagan miqdorda mablagʻ ajratilishini taʼminlasin.
6. Belgilansinki, 2022-yil 1-yanvardan boshlab qizlar va ayollar orasida onkologik kasalliklar tarqalishining oldini olish va erta diagnostika qilish quyidagi milliy dasturlar asosida amalga oshiriladi:
9 — 14 yoshdagi oʻsmir qizlarni odam papillomasi virusiga qarshi vaksina bilan emlash;
30 — 55 yoshdagi ayollar orasida bachadon boʻyni va 45 — 65 yoshdagi ayollar orasida koʻkrak bezi saratoni skriningi.
Moliya vazirligi (T. Ishmetov) 2022-yildan boshlab Davlat budjeti parametrlarini shakllantirishda mazkur bandda koʻzda tutilgan xarajatlarni moliyalashtirish uchun zarur mablagʻlarni nazarda tutsin.
Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi Raisi, viloyatlar, Toshkent shahar hamda tuman (shahar) hokimlari mazkur bandda belgilangan qizlar va ayollar orasida onkologik kasalliklar tarqalishining oldini olish va erta diagnostika qilish milliy dasturlarini tegishli hududlarda samarali va toʻliq ijrosini taʼminlashga hamda ajratilayotgan mablagʻlarning manzilli ishlatilishiga shaxsan masʼul hisoblanadi.
7. Tuman (shahar) koʻp tarmoqli markaziy poliklinikalarining “Ayollar maslahatxona”lari tarkibida muntazam ravishda ayollar orasida keng koʻlamli birlamchi tekshirishlarni amalga oshiradigan “Onko-nazorat” (Cancer-nazorat) xonalari tashkil etilsin.
Belgilansinki:
ushbu xonalar 2022-yil 1-yanvardan boshlab hududiy sogʻliqni saqlash umumiy budjet fondi doirasida tashkil etiladi;
ushbu xonalardagi tekshiruvlar sifati Respublika ixtisoslashtirilgan onkologiya va radiologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi tomonidan maxsus axborot boshqaruvi tizimi orqali nazorat qilinadi.
8. Sogʻliqni saqlash vazirligi (E. Basitxanova) Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari bilan birgalikda:
ikki oy muddatda mazkur qarorning 7-bandida belgilangan chora-tadbirlarni amalga oshirish boʻyicha manzilli dasturlarni ishlab chiqsin;
2021-yil yakuniga qadar “Onko-nazorat” (Cancer-nazorat) xonalarida faoliyat koʻrsatuvchi shifokorlarni tayyorlash ishlarini yakunlasin;
2022-yil 1-yanvarga qadar “Onko-nazorat” (Cancer-nazorat) xonalarining zarur tibbiy texnikalar bilan jihozlanishini taʼminlasin.
9. Belgilansinki, Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi Raisi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimlari:
“Onko-nazorat” (Cancer-nazorat) xonalari tashkil etilishiga shaxsan javobgar hisoblanadi;
oʻz hududlarida gematologik va onkologik kasalliklarni erta aniqlash hamda muvaffaqiyatli davolash koʻrsatkichlarining oshishi, kasallik oqibatida yuz beradigan oʻlim holatining kamayishiga erishilganligi ular faoliyatining samaradorligini baholashda asosiy mezonlardan biri sifatida eʼtirof etiladi.
10. Sogʻliqni saqlash vazirligi (A. Xadjibayev) va Davlat bojxona qoʻmitasi (M. Azimov) ikki hafta muddatda, istisno tariqasida, 2019 — 2021-yillarda tuzilgan (tuziladigan) shartnomalar asosida Sogʻliqni saqlash vazirligining buyurtmasiga muvofiq import qilingan tibbiy buyum va texnikalar, dori vositalari “Erkin muomalaga chiqarish” bojxona rejimida rasmiylashtirilishini taʼminlasin.
11. Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklarining hududlarda gematologiya va onkologiya xizmatlari sifatini oshirish, hududiy koʻp tarmoqli tibbiyot markazlari va onkologiya dispanserlari moddiy-texnika bazasini mustahkamlash maqsadida 2-ilovaga muvofiq tasdiqlanadigan tibbiy texnikalar va sarf materiallarini markazlashtirilgan tartibda xarid qilish toʻgʻrisidagi taklifi maʼqullansin.
Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari ushbu bandda nazarda tutilgan zarur mablagʻlarning 40 foizi 2021-yil 15-iyunga qadar, qolgan 60 foizi 2021-yil 1-oktabrga qadar mahalliy budjetlarning qoʻshimcha manbalari hisobidan Sogʻliqni saqlash vazirligi huzuridagi Onkogematologik va davolash qiyin boʻlgan kasalliklarga chalingan bemorlarni sogʻlomlashtirishga koʻmaklashish jamgʻarmasiga oʻtkazilishini taʼminlasin.
Moliya vazirligi (T. Ishmetov), zarur hollarda, ushbu bandda koʻrsatilgan tibbiy texnikalarni xarid qilish xarajatlari uchun Qoraqalpogʻiston Respublikasi budjeti, viloyatlar va Toshkent shahar mahalliy budjetlariga Oʻzbekiston Respublikasi respublika budjetidan 2022-yil 1-iyunga qadar qaytarib berish sharti bilan budjet ssudalarini ajratsin.
12. Sogʻliqni saqlash vazirligiga mazkur qarorning 11-bandida xarid qilinishi belgilangan tibbiy texnikalarni yetkazib berish haqidagi import shartnomalarini “Loyihalar va import kontraktlarini kompleks ekspertiza qilish markazi” DUKda kompleks ekspertizadan oʻtkazgan hamda kontrakt tuzilganligi toʻgʻrisidagi axborotni maxsus axborot portaliga joylashtirgan holda, eng yaxshi takliflarni tanlab olish yoʻli bilan toʻgʻridan-toʻgʻri tuzishga ruxsat berilsin.
(12-band Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2021-yil 10-sentabrdagi PF-6311-sonli Farmoni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 10.09.2021-y., 06/21/6311/0861-son)
13. 2021-yil 1-iyuldan boshlab shunday tartib oʻrnatilsinki, unga koʻra:
gematologiya, onkologiya, klinik immunologiya, transfuziologiya va shu sohadagi laboratoriya yoʻnalishlari boʻyicha yosh mutaxassislarning xorijdagi yetakchi ilmiy va tibbiyot markazlari ish joylarida malaka oshirishi va stajirovka oʻtashi bilan bogʻliq xarajatlar Davlat budjeti hamda Onkogematologik va davolash qiyin boʻlgan kasalliklarga chalingan bemorlarni sogʻlomlashtirishga koʻmaklashish jamgʻarmasi mablagʻlari hisobidan toʻliq qoplab beriladi;
bemorlarning onkologiya va gematologiyaga ixtisoslashtirilgan davlat tibbiyot muassasalari yoʻllanmalari asosida pozitron-emission tomografiya tekshiruvidan oʻtishi bilan bogʻliq xarajatlari Davlat budjetidan qoplanadi;
onkologik va gematologik bemorlarning Qoraqalpogʻiston Respublikasi va viloyatlardan respublika ixtisoslashtirilgan markazlariga temir yoʻl va aviatransport vositalari orqali kelishi bilan bogʻliq xarajatlar tegishli mahalliy budjetlar mablagʻlari hisobidan toʻliq qoplab beriladi.
Sogʻliqni saqlash vazirligi (U. Sobirov), Moliya vazirligi (T. Ishmetov) va Transport vazirligi (I. Mahkamov) bir oy muddatda mazkur bandda belgilangan xarajatlarni davlat tomonidan qoplab berish tartibini ishlab chiqsin va tasdiqlash uchun Vazirlar Mahkamasiga kiritsin.
14. Sogʻliqni saqlash vazirligi (A. Inoyatov, U. Sobirov, E. Basitxanova) uch oy muddatda Jahon sogʻliqni saqlash tashkilotining tavsiyalari, gematologik va onkologik kasalliklarni kamaytirish boʻyicha ijobiy tajribaga ega xorijiy davlatlar tajribasi asosida quyidagilarni nazarda tutuvchi gematologik va onkologik kasalliklarni erta aniqlash dasturini tasdiqlasin:
birlamchi boʻgʻin shifokorlarining gematologik va onkologik kasalliklar toʻgʻrisidagi hushyorligini oshirish boʻyicha qisqa muddatli seminar-treninglar oʻtkazish;
tibbiyot birlashmalari laboratoriyalarining aniqlik darajasini oshirish, laboratoriya shifokorlarining analizlarni tahlil qilish malakasini oshirish;
aholining onkogematologik savodxonligini oshirish boʻyicha targʻibot-tashviqot ishlarini jadallashtirish.
Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi (A. Xodjayev), Oʻzbekiston Milliy teleradiokompaniyasi (A. Xadjayev) va Oʻzbekiston Milliy axborot agentligi (A. Koʻchimov) Sogʻliqni saqlash vazirligi hamda Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari bilan birgalikda gematologik va onkologik kasalliklarni erta diagnostika qilishning afzalliklarini aks ettiruvchi aniq raqamlar, hayotiy misollar yordamida qisqa metrajli video rolik, qoʻllanmalar tayyorlash va jamoatchilikka yetkazish boʻyicha zarur choralarni koʻrsin.
15. 2021-2022-yillar davomida aholi orasida gematologik va onkologik kasalliklarni erta aniqlash, bemorlarni davolash va ularning profilaktikasini kuchaytirish uchun xorijiy grantlar, texnik va boshqa tashqi begʻaraz koʻmak mablagʻlarini jalb etishning maqsadli koʻrsatkichlari 3-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi Raisi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimlari hamda investitsiyalar va tashqi savdo vazirining oʻrinbosari B. Abidov mazkur qarorga 3-ilovada nazarda tutilgan maqsadli koʻrsatkichlarga erishilishi uchun shaxsan masʼul va javobgar etib belgilansin.
Bosh vazir oʻrinbosari — investitsiyalar va tashqi savdo vaziri S. Umurzakov:
mazkur qarorga 3-ilovada nazarda tutilgan maqsadli koʻrsatkichlarning ijrosi toʻgʻrisida har chorak yakuni boʻyicha Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasiga axborot kiritib borsin;
aholi, xususan Orolboʻyi mintaqasidagi bolalar orasida gematologik va onkologik kasalliklarni erta aniqlash, bemorlarni davolash va ularning profilaktikasini kuchaytirish uchun tizimli ravishda grant mablagʻlarini jalb etish choralarini koʻrsin.
16. Gematologik, onkologik va irsiy immunologik kasalliklarga chalingan fuqarolarga koʻrsatilayotgan tibbiy xizmatlar samaradorligi va sifatini oshirish maqsadida bemorlarning elektron roʻyxatini yuritish tizimi joriy etilsin.
Sogʻliqni saqlash vazirligi (A. Azizov) Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi (O. Pekos) bilan birgalikda 2021-yil yakuniga qadar bemorlarning elektron roʻyxatini, jumladan unda gematologik va onkologik bemorlar roʻyxatini shakllantirish, ularning elektron tibbiy kartalarini yuritish va bemorlarni davolash jarayonlarini kuzatish imkoniyatlari yaratilishini nazarda tutgan holda ishlab chiqsin.
17. Gematologiya va onkologiya xizmatlarini yanada rivojlantirishga yoʻnaltirilgan chora-tadbirlar rejasi 4-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
18. Sogʻliqni saqlash vazirligi (U. Sobirov):
a) ikki oy muddatda:
gematologiya va onkologiya kasalliklarini davolashda foydalaniladigan dori vositalari roʻyxatini, ularning samaradorligini hisobga olgan holda, qayta koʻrib chiqsin va har yili yangilab borsin;
manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda qonunchilik hujjatlariga ushbu qarordan kelib chiqadigan oʻzgartirish va qoʻshimchalar toʻgʻrisida Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritsin;
b) uch oy muddatda Ichki ishlar vazirligi (P. Bobojonov), Farmatsevtika tarmogʻini rivojlantirish agentligi (S. Kariyev) bilan birgalikda onkologik bemorlarning davolab boʻlmaydigan bosqichida ularga narkotik va psixotrop vositalarni buyurish tartibini soddalashtirish, shuningdek, ogʻriq qoldiruvchi narkotik noinyeksion vositalarni amaliyotga tatbiq etish boʻyicha Vazirlar Mahkamasiga taklif kiritsin;
v) 2022-yil 1-martga qadar kattalar va bolalarda gematologik, onkologik va immunologik kasalliklarni tashxislash, davolash hamda bemorlarga palliativ yordam koʻrsatish standartlari va klinik protokollarini Jahon sogʻliqni saqlash tashkilotining tavsiyalari asosida qayta ishlab chiqsin.
19. Mazkur qaror ijrosini samarali tashkil etishga shaxsiy javobgar etib sogʻliqni saqlash vaziri A.M. Xadjibayev va uning oʻrinbosari U.Yu. Sobirov belgilansin.
Qaror ijrosini har chorakda muhokama qilib borish, ijro uchun masʼul idoralar faoliyatini muvofiqlashtirish va nazorat qilish Bosh vazir oʻrinbosari B.M. Musayev va Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti maslahatchisining birinchi oʻrinbosari L.N. Toʻychiyev zimmasiga yuklansin.
Amalga oshirilayotgan chora-tadbirlar natijadorligi yuzasidan har chorak yakuni boʻyicha Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentiga axborot berib borilsin.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Sh. MIRZIYOYEV
Toshkent sh.,
2021-yil 27-may,
PQ-5130-son
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2021-yil 27-maydagi PQ-5130-son qaroriga1-ILOVA
Respublika gematologiya, onkologiya va radiologiya markazlari faoliyatini samarali tashkil etish boʻyicha ishchi guruhi
Izoh: Ishchi guruhi aʼzolari boshqa ishga oʻtgan taqdirda, uning tarkibiga ushbu lavozimlarga yangi tayinlangan yoki tegishli funksiyalarni bajarish zimmasiga yuklatilgan shaxslar kiritiladi.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2021-yil 27-maydagi PQ-5130-son qaroriga2-ILOVA
Hududlarda gematologiya va onkologiya xizmatlari sifatini oshirish uchun xarid qilinadigan tibbiy texnikalar va sarf materiallari
Izoh:
1) xarid qilinadigan tibbiy texnikalar va sarf materiallari Qoraqalpogʻiston Respublikasi budjeti, viloyatlar va Toshkent shahar mahalliy budjetlarining qoʻshimcha manbalari hisobidan moliyalashtiriladi;
2) Buxoro viloyati tajribasidan kelib chiqib, axborot taʼminotiga integratsiya qilish, tasvirlarni 2-marta oʻqish imkonini beruvchi hamda tomosintez funksiyasiga ega boʻlgan xalqaro standartlarga mos mobil mammograflar xarid qilinadi;
3) yetkazib beruvchilar bilan tuzilgan shartnomalar hamda ishlab chiqaruvchi tomonidan belgilangan kafolat muddatlariga qarab mablagʻlar miqdori oʻzgarishi mumkin;
4) onkomarkerni aniqlash va immunogistokimyoviy tadqiqotlar oʻtkazish uskunasi uchun talab etiladigan reaktivlar toʻplami 2021-yil uchun hisobga olingan boʻlib, keyingi yillarda Sogʻliqni saqlash vazirligi tomonidan aniqlangan ehtiyoj asosida budjet tashkilotlarining smetalariga kiritilgan holda moliyalashtiriladi;
5) Samarqand va Fargʻona viloyatlarida immunogistokimyoviy tadqiqotlar oʻtkazish uchun faqat reaktiv xarid qilinadi, respublika markazlari uchun esa qoʻshimcha 2 ta reaktiv xarid qilinadi;
6) respublika markazlari uchun tibbiy texnikalar va sarf materiallari markazlarning budjetdan tashqari mablagʻlari hamda Onkogematologik va davolash qiyin boʻlgan kasalliklarga chalingan bemorlarni sogʻlomlashtirishga koʻmaklashish jamgʻarmasi hisobidan xarid qilinadi.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2021-yil 27-maydagi PQ-5130-son qaroriga 3-ILOVA
2021-2022-yillar davomida aholi orasida gematologik va onkologik kasalliklarni erta aniqlash, bemorlarni davolash va ularning profilaktikasini kuchaytirish uchun xorijiy grantlar, texnik va boshqa tashqi begʻaraz koʻmak mablagʻlarini jalb etishning
Izoh:
1) begʻaraz yordam berayotgan xorijiy davlatlar, xalqaro va xorijiy hukumat hamda nohukumat tashkilotlar, kompaniya va jamgʻarmalarning talablari hamda shartlaridan kelib chiqib, mablagʻlar miqdori hududlar kesimida oʻzgarishi mumkin;
2) Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi Orolboʻyi mintaqasidagi bolalar orasida gematologik va onkologik kasalliklarni erta aniqlash, bemorlarni davolash va ularning profilaktikasini kuchaytirish uchun tizimli ravishda grant mablagʻlarini jalb etish choralarini koʻradi.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2021-yil 27-maydagi PQ-5130-son qaroriga 4-ILOVA
Gematologiya va onkologiya xizmatlarini yanada rivojlantirishga yoʻnaltirilgan chora-tadbirlar rejasi
(4-ilova Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2021-yil 28-iyuldagi PQ-5199-sonli qarori tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 29.07.2021-y., 07/21/5199/0721-son)