PQ-5127-son Qaror · 27.05.2021

Fargʻona viloyatining Uchkoʻprik tumanida yengil sanoat mahsulotlarini ishlab chiqarishni, logistika va savdo tarmoqlarini rivojlantirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida

Rekvizitlar

  • Hujjat turi:Qaror
  • Raqami:PQ-5127
  • Qabul qilingan sana:27.05.2021
  • Kuchga kirgan sana:27.05.2021
  • Holati:Amalda
  • Rasmiy nashr:QMMB 07/21/5127/0493

Yengil sanoat sohasi salohiyatini yanada oshirish, eksportbop mahsulotlar ishlab chiqarish hajmini kengaytirish, olib borilayotgan islohotlarga va zamon talabiga toʻliq javob beradigan yengil sanoat tashkilotlarini tashkil etish maqsadida:

1. Iqtisodiy taraqqiyot va kambagʻallikni qisqartirish vazirligi, Fargʻona viloyati hokimligi va “Mikrokreditbank” ATBning:

Fargʻona viloyati Uchkoʻprik tumanida 15 gektar yer maydonida yengil sanoat mahsulotlarini ishlab chiqarish, logistika va savdo kompleksini tashkil etish (keyingi oʻrinlarda — Kompleks);

Kompleks qurilishini tashkil etishga “Mikrokreditbank” ATBni buyurtmachi etib belgilash toʻgʻrisidagi takliflari maʼqullansin.

2. Belgilab qoʻyilsinki, Kompleksda barpo etiladigan obyektlar:

a) birinchi navbatda Uchkoʻprik tumanidagi “Boboshbek”, “Bekmurod”, “Zigʻir”, “Paloxon” va “Yakkamulla” mahalla fuqarolari yigʻinlarida uy xoʻjaligida faoliyat yuritayotgan tashabbuskorlarga yengil sanoat mahsulotlari ishlab chiqarish faoliyatini kengaytirish uchun tanlov orqali sotiladi;

b) tashabbuskorlarga quyidagi shartlar asosida sotiladi:

logistika markazi, qoʻshimcha maishiy xizmat koʻrsatish obyektlarini tashkil etish, shuningdek, yengil sanoat mahsulotlari ishlab chiqarish, savdo doʻkonlari, ishlab chiqarish sexlarini tashkil etish boʻyicha investitsiya loyihalarini amalga oshirish yuzasidan biznes-reja yoki texnik-iqtisodiy asosga ega ekanligi;

yuqoridagi faoliyatni yuritish uchun zaruriy koʻnikma, mol-mulk va boshqa vositalarga ega boʻlish hamda yangi ish oʻrinlarini yaratish.

Fargʻona viloyati hokimligi logistika markazi, qoʻshimcha maishiy xizmat koʻrsatish obyektlarini tashkil etish, yengil sanoat mahsulotlarini ishlab chiqarish, shu jumladan savdo doʻkonlari, ishlab chiqarish sexlari, kichik savdo rastalarini tashkil etish salohiyatiga ega tashabbuskorlarning tanlanishiga shaxsan masʼul hisoblanadi.

3. Belgilansinki:

Kompleks hududidagi ishlab chiqarish sexlari, savdo doʻkonlari, logistika markazi, shuningdek, boshqa obyektlarning sotib olinishi tashabbuskorlarning oʻz mablagʻlari, bank krediti yoki lizing asosida amalga oshiriladi;

Kompleks hududidagi obyektlarni sotishdan, shuningdek, Uchkoʻprik tumani yengil sanoat mahsulotlarini ishlab chiqarish, logistika va savdo kompleksini boshqarish va obodonlashtirish ofisini moliyalashtirish manbalaridan kelib tushadigan mablagʻlar birinchi navbatda “Mikrokreditbank” ATB mablagʻlari hisobidan moliyalashtirilgan xarajatlarni qoplash uchun yoʻnaltiriladi.

4. Fargʻona viloyati hokimligi:

a) Qishloq xoʻjaligi vazirligi bilan birgalikda ikki hafta muddatda:

Kompleksni tashkil etish uchun Fargʻona viloyati Uchkoʻprik tumani markaziga yaqin hududdagi qishloq xoʻjaligiga moʻljallangan yerdan 15 gektar yer maydonni qonunchilikda belgilangan tartibda “Mikrokreditbank” ATBga ajratilishini;

ajratilgan yer maydoni tuprogʻining hosildor qatlamini olish hamda undan tumanning qishloq xoʻjaligiga yaroqsiz boshqa yerlarni rekultivatsiya qilish maqsadida foydalanilishini;

b) Qurilish vazirligi bilan birgalikda bir oy muddatda ajratilgan yer maydonida Kompleksni barpo etish yuzasidan zamonaviy arxitektura talablari asosida loyiha-smeta hujjatlarining ishlab chiqilishini taʼminlasin.

5. Fargʻona viloyati Uchkoʻprik tumani hokimligi muassisligida ikki hafta muddatda masʼuliyati cheklangan jamiyat shaklida Uchkoʻprik tumani yengil sanoat mahsulotlarini ishlab chiqarish, logistika va savdo kompleksini boshqarish va obodonlashtirish ofisi (keyingi oʻrinlarda — Ofis) tashkil etilsin.

Quyidagilar Ofisning asosiy vazifalari etib belgilansin:

“Mikrokreditbank” ATB bilan tuziladigan moliyalashtirish toʻgʻrisidagi kelishuv asosida Kompleks uchun ajratilgan yer maydonlarida ishlab chiqarish sexlari, savdo doʻkonlari va kichik savdo rastalari, logistika markazi, shuningdek, boshqa obyektlarni qurish uchun ochiq tanlovlar tashkil qilish;

qurib bitkazilgan obyektlarning tadbirkorlik subyektlariga sotilishida shaffoflikni taʼminlash;

Kompleksdagi maydonlar, koʻchalar, favvoralar hamda boshqa tashqi obodonlashtirish obyektlarini shaharsozlik normalari va qoidalari, sanitariya qoidalariga muvofiq saqlash va ulardan foydalanish ishlarini oʻz vaqtida va sifatli tashkil etish;

Kompleks hududida fuqaro va yongʻin xavfsizligini taʼminlash, qoʻriqlash xizmatini tashkil etish;

koʻkalamzorlashtirish obyektlarini saqlash va ulardan foydalanish, daraxtlarni, butalarni, gullarni parvarish qilish va koʻkalamzorlashtirilgan maydonchalarni taʼmirlash boʻyicha zarur tashkiliy-agrotexnika ishlarini amalga oshirish;

ishlab chiqarish sexlari, savdo doʻkonlaridan yigʻimlarni hamda kichik savdo rastalari ijarasi uchun toʻlovlarni undirish;

zamonaviy asbob-uskunalar va texnologiyalarni joriy etgan holda tashqi yoritish tarmoqlarini, sunʼiy sugʻorish va favvoralar tizimlarini saqlash va ulardan foydalanish.

Belgilansinki, Kompleks hududidagi obyektlarni tadbirkorlik subyektlariga sotish ishlari yakunlangandan keyin Ofisning obyektlar qurilishi uchun tanlov eʼlon qilish hamda obyektlarni sotish vazifalari bekor qilinadi.

6. Quyidagilar Ofisni moliyalashtirish manbalari etib belgilansin:

ishlab chiqarish sexlari, savdo doʻkonlaridan undiriladigan yigʻimlar;

Ofisga operativ boshqaruv huquqi asosida berilgan bino va inshootlarni belgilangan tartibda ijaraga berishdan olinadigan daromadlar;

qonunchilik hujjatlari bilan taqiqlanmagan boshqa manbalar.

7. Fargʻona viloyati Uchkoʻprik tumani hokimligi bir oy muddatda:

Ofis ustavini ishlab chiqsin va belgilangan tartibda tasdiqlasin;

Ofisning shtatlar jadvalini ishlab chiqish va tasdiqlash, shtatlarini malakali mutaxassislar bilan toʻldirish hamda uning samarali faoliyat olib borishini taʼminlash bilan bogʻliq boshqa zarur chora-tadbirlarni amalga oshirsin.

8. Fargʻona viloyati Uchkoʻprik tumanida barpo etiladigan yengil sanoat mahsulotlarini ishlab chiqarish, logistika va savdo kompleksida savdo doʻkonlari, ishlab chiqarish sexlari, kichik savdo rastalari va logistika markazini tashkil etishning prognoz koʻrsatkichlari 1-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.

Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʻrinbosari J.A. Kuchkarovga zaruratga qarab, Fargʻona viloyati hokimining taklifiga koʻra mazkur ilovaga oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritish huquqi berilsin.

9. Fargʻona viloyati Uchkoʻprik tumanida barpo etiladigan yengil sanoat mahsulotlarini ishlab chiqarish, logistika va savdo kompleksida qurib bitkazilgan obyektlarni ajratish boʻyicha komissiya (keyingi oʻrinlarda — Komissiya) tarkibi 2-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.

Komissiyaga quyidagi vazifalar yuklatilsin:

Kompleksda qurib bitkazilgan obyektlarni tanlov natijalariga koʻra tadbirkorlik subyektlariga ajratish toʻgʻrisida qaror qabul qilish;

qurib bitkazilgan obyektlarning tadbirkorlik subyektlariga mazkur qaror talablariga qatʼiy rioya qilingan holda sotilishini doimiy nazorat qilish;

ishlab chiqarish sexlari, savdo doʻkonlaridan yigʻimlarning hamda kichik savdo rastalari ijarasi uchun toʻlovlarning toʻlanishi va maqsadli sarflanishini taʼminlash.

10. Fargʻona viloyati hokimligi, Iqtisodiy taraqqiyot va kambagʻallikni qisqartirish vazirligi “Mikrokreditbank” ATB bilan birgalikda:

bir oy muddatda Fargʻona viloyati iqtisodiyotining ehtiyojlarini, shuningdek, mavjud xom ashyo, qishloq xoʻjaligi resurslarini va infratuzilmani inobatga olgan holda tashkil etilgan Kompleksga ishlab chiqarish korxonalarining joylashtirilishini taʼminlasin;

joriy yil yakuniga qadar ilgʻor xorijiy tajribalar asosida Kompleksda tikuv-trikotaj mahsulotlari ishlab chiqarish majmuasining tashkil etilishi va uni zamonaviy talablar asosida loyihalashtirish va qurish ishlarini tashkil etish hamda zarur infratuzilma bilan taʼminlash choralarini koʻrsin.

11. Fargʻona viloyat hokimligi:

a) “Mikrokreditbank” ATB, Qishloq xoʻjaligi vazirligi bilan birgalikda:

oʻn kun muddatda belgilangan tartibda olib qoʻyilayotgan sugʻoriladigan yer maydonida qishloq xoʻjaligi ekinlarini yetishtirish uchun sarflangan xarajatlar miqdorini hisoblab chiqsin hamda yetkazilgan zararning qoplanishini taʼminlasin;

ikki hafta muddatda tadbirkorlik subyektlarini jalb qilgan holda mahalliy budjet mablagʻlari hisobidan qishloq xoʻjaligida foydalanishga kiritiladigan 100 gektar yer maydonlarining manzilli roʻyxatini tasdiqlasin;

b) Suv xoʻjaligi vazirligi, Qishloq xoʻjaligi vazirligi bilan birgalikda yil yakuniga qadar istiqbolda Uchkoʻprik tumanida yengil sanoat xom ashyo bazasini mustahkamlash maqsadida tashabbuskorlar hamda mahalliy budjet mablagʻlari hisobidan Uchkoʻprik tumani hududidan 100 gektar yer maydonlarini oʻzlashtirish boʻyicha zaruriy tadbirlarni amalga oshirsin.

Belgilansinki, Kompleks qurilishi uchun yer maydoni ajratilishi bilan bogʻliq qishloq xoʻjaligi va oʻrmon xoʻjaligi ishlab chiqarishi nobudgarchiliklari oʻrnini qoplash boʻyicha toʻlanadigan kompensatsiya toʻlovlari, istisno tariqasida, undirilmaydi.

12. Qurilish vazirligi Kompleksning tashkil etilishida qurish-taʼmirlash ishlarini amalga oshirishda loyiha-smeta hujjatlarini belgilangan tartibda davlat ekspertizasidan oʻtkazsin va qurilish-montaj ishlarining sifatli bajarilishi ustidan davlat nazoratini oʻrnatsin.

13. Fargʻona viloyati hokimligi:

Kompleksga ishlab chiqarish korxonalarini joylashtirish boʻyicha “Yoʻl xarita”sini tasdiqlasin va ijrosini taʼminlasin;

mazkur qarorda amalga oshirilishi belgilangan loyihalarni oʻz vaqtida ishga tushirish va yangi ish oʻrinlarini yaratish choralarini koʻrsin;

har chorak yakuni boʻyicha qarorda nazarda tutilgan topshiriqlar va tadbirlarning oʻz vaqtida va sifatli bajarilishi xalq deputatlari viloyat va tuman Kengashlari yigʻilishlarida muhokama qilib borilishini taʼminlasin.

14. Oʻzbekiston Milliy teleradiokompaniyasi, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi, Oʻzbekiston Milliy axborot agentligi mazkur qarorning mazmun-mohiyati hamda unda belgilangan vazifalarning ijrosi yoritib borilishini taʼminlasin.

15. Mazkur qarorning ijrosini nazorat qilishga masʼul va shaxsiy javobgar etib Fargʻona viloyati hokimi X.X. Bozarov belgilansin.

Qaror ijrosini har chorakda muhokama qilib borish, ijro uchun masʼul idoralar faoliyatini muvofiqlashtirish va nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri oʻrinbosarlari J.A. Kuchkarov va Sh.M. Ganiyev zimmasiga yuklansin.

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Sh. MIRZIYOYEV

Toshkent sh.,

2021-yil 27-may,

PQ-5127-son

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2021-yil 27-maydagi PQ-5127-son qaroriga 1-ILOVA

Fargʻona viloyati Uchkoʻprik tumanida barpo etiladigan yengil sanoat mahsulotlarini ishlab chiqarish, logistika va savdo kompleksida savdo doʻkonlari, ishlab chiqarish sexlari, kichik savdo rastalari va logistika markazini tashkil etishning

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2021-yil 27-maydagi PQ-5127-son qaroriga2-ILOVA

Fargʻona viloyati Uchkoʻprik tumanida barpo etiladigan yengil sanoat mahsulotlarini ishlab chiqarish, logistika va savdo kompleksida qurib bitkazilgan obyektlarni ajratish boʻyicha komissiya

Izoh: komissiya aʼzolari boshqa ishga oʻtgan taqdirda, uning tarkibiga ushbu lavozimlarga yangi tayinlangan yoki tegishli funksiyalarni bajarish zimmasiga yuklatilgan shaxslar kiritiladi.

Bu hujjat sizga qanday ta'sir qiladi?

HuquqTech hujjat va qonun moddalariga tayanib, savolingizga oddiy tilda javob beradi.

AI'dan bepul so'rash

Matn lex.uz rasmiy manbasidan olingan va avtomatik yangilanadi. Huquqiy ahamiyatga ega qarorlar uchun rasmiy nashrga va malakali mutaxassisga murojaat qiling.