Texnik jihatdan tartibga solish, standartlashtirish, sertifikatlash va metrologiya sohalarida tarkibiy islohotlarni yanada chuqurlashtirish, sohani xalqaro andozalarga moslashtirish, standartlardan keng foydalanish muhitini yaratish, muvofiqlikni baholash jarayonlariga zamonaviy uslublarni joriy qilish maqsadida:
1. Oʻzbekiston standartlashtirish, metrologiya va sertifikatlashtirish agentligi negizida Oʻzbekiston Respublikasi Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi huzuridagi Oʻzbekiston texnik jihatdan tartibga solish agentligi (keyingi oʻrinlarda — Texnik jihatdan tartibga solish agentligi) tashkil etilsin.
2. Belgilansinki, Texnik jihatdan tartibga solish agentligi:
texnik jihatdan tartibga solish va metrologiya sohalarida davlat siyosatini amalga oshiruvchi respublika davlat boshqaruvi organi hisoblanadi;
oʻz vakolatlari doirasida umummajburiy boʻlgan normativ-huquqiy hujjatlar qabul qilishga haqli.
(3-band Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2026-yil 16-fevraldagi PF-25-sonli Farmoniga asosan oʻz kuchini yoʻqotgan — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 18.02.2026-y., 06/26/25/0150-son)
(4-band Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2026-yil 16-fevraldagi PF-25-sonli Farmoniga asosan oʻz kuchini yoʻqotgan — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 18.02.2026-y., 06/26/25/0150-son)
5. Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi hamda Texnik jihatdan tartibga solish agentligining:
tashkilot standartlari toifasiga kiruvchi standartlashtirishga doir normativ hujjatlarni davlat roʻyxatidan oʻtkazishni bekor qilish;
vazirliklar, davlat qoʻmitalari va idoralari tomonidan tashkilot standartlarini ekspertizadan oʻtkazish ishlarini haq olmasdan amalga oshirish haqidagi takliflari maʼqullansin.
Bunda, tashkilot standartlarida belgilanadigan koʻrsatkichlar (talablar) Oʻzbekiston Respublikasida amalda boʻlgan tegishli mahsulotlarga oid standartlar talablaridan past boʻlgan hollarda, ushbu tashkilot standartlariga asosan mahsulot muvofiqligini tasdiqlashga yoʻl qoʻyilmaydi.
6. Belgilab qoʻyilsinki, mahalliy muvofiqlikni baholash organlarida mahsulotning xorijiy davlatlarning standartlariga muvofiqligini baholash uchun xorijiy davlatlar standartlarining Oʻzbekiston Respublikasida davlat roʻyxatidan oʻtkazilishi talab qilinmaydi.
7. Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi 2021-yil 1-iyulga qadar texnik jihatdan tartibga solish sohasidagi normativ hujjatlarni qabul qilish tartibini xalqaro talablar asosida soddalashtirish boʻyicha qonunchilikka oʻzgartirishlar kiritish haqida Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritsin.
8. Yangi qabul qilinayotgan xalqaro standartlarni va texnik reglamentlarni joriy etish, qoʻllash hamda texnik jihatdan tartibga solish talablariga rioya etilmagan holatlar yuzasidan kiritilgan taqdimnomalar korxona va tarmoq rahbarlarining oylik, choraklik va yillik ragʻbatlantirish mezonlarini shakllantirishda inobatga olinsin.
9. Texnik jihatdan tartibga solish agentligi Tadbirkorlik subyektlarining huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish boʻyicha vakil bilan birgalikda ikki oy muddatda korxonalarni texnik jihatdan tartibga solish sohasidagi huquqbuzarliklar profilaktikasi bilan qamrab olish darajasini 2021-yilda 20 foizga va 2022-yilda 40 foizga yetkazish boʻyicha chora-tadbirlarni tasdiqlasin.
10. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2020-yil 18-avgustdagi PF-6042-son Farmoni bilan tasdiqlangan Eksport va investitsiyalarni rivojlantirish masalalari boʻyicha Hukumat komissiyasi Tashqi savdo, investitsiyalar, mahalliy sanoatni rivojlantirish va texnik jihatdan tartibga solish masalalari boʻyicha Hukumat komissiyasi (keyingi oʻrinlarda — Hukumat komissiyasi) etib qayta nomlansin.
Belgilansinki, Hukumat komissiyasining oʻz vakolatlari doirasida qabul qilgan qarorlari davlat organlari va tashkilotlari, yuridik va jismoniy shaxslar tomonidan bajarilishi majburiy hisoblanadi.
11. Hukumat komissiyasiga tashqi savdoni texnik jihatdan tartibga solish sohasida quyidagi vazifalar yuklatilsin:
xalqaro standartlarni va texnik reglamentlarni joriy etish, qoʻllash hamda texnik jihatdan tartibga solish talablariga rioya etish darajasidan kelib chiqqan holda, korxona va tarmoq rahbarlariga nisbatan ragʻbatlantirish yoki intizomiy choralar koʻrib borish;
texnik jihatdan tartibga solish sohasidagi normativ hujjatlar talablariga muvofiqligi tasdiqlanishi majburiy boʻlgan mahsulotlar roʻyxatlariga oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritish;
xavflilik darajasi yuqori boʻlgan ayrim turdagi mahsulotlarni davlat roʻyxatidan oʻtkazish tartibini hamda bunday mahsulotlar roʻyxatini tasdiqlash, ularga oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritish;
mahalliy korxonalarning xalqaro standartlarni xarid qilish va joriy etish bilan bogʻliq xarajatlarini qoplash tartibini tasdiqlash;
Texnik jihatdan tartibga solish agentligi va uning tashkiliy tuzilmasiga kiradigan idoraviy mansub tashkilotlar xodimlari uchun qoʻshimcha (mehnatga haq toʻlash tizimida nazarda tutilgan toʻlovlaridan tashqari) toʻlovlarni belgilash.
Hukumat komissiyasi yigʻilishlarida texnik jihatdan tartibga solish tizimini yanada rivojlantirish boʻyicha amalga oshiriladigan chora-tadbirlar ijrosi har chorakda muhokama etib borilsin.
12. 2021-yil 1-sentabrdan boshlab texnik jihatdan tartibga solish, standartlashtirish, sertifikatlash va metrologiya sohalarida sodir etilgan huquqbuzarliklar uchun:
a) mahsulotlarga nisbatan qonunchilik hujjatlarida va texnik reglamentlarda belgilangan majburiy talablarga ishlab chiqaruvchi yoki olib kiruvchi tomonidan rioya etilmagan hollarda yuridik shaxslarga:
huquqbuzarlik ogohlantirishdan soʻng birinchi marta sodir etilganda — realizatsiya qilingan mahsulot qiymatining 50 foizigacha miqdorda moliyaviy jarima;
ushbu huquqbuzarlik sodir etilgan kundan boshlab bir yil davomida takroran sodir etilganda — realizatsiya qilingan mahsulot qiymatining 100 foizigacha miqdorda moliyaviy jarima;
b) qonunchilik hujjatlari, texnik reglamentlar, standartlashtirishga doir normativ hujjatlarning majburiy talablari, metrologiya, sertifikatlashtirish va muvofiqlikni baholash qoidalari buzilgan hollarda mansabdor shaxslarga:
huquqbuzarlik ogohlantirishdan soʻng birinchi marta sodir etilganda — bazaviy hisoblash miqdorining 40 baravarigacha miqdorda maʼmuriy jarima;
shunday huquqbuzarlik uchun maʼmuriy jazo chorasi qoʻllanilganidan keyin bir yil davomida takroran sodir etilganda — bazaviy hisoblash miqdorining 80 baravarigacha miqdorda maʼmuriy jarima koʻrinishidagi taʼsir choralari belgilansin.
Bunda, qonunchilik hujjatlari va texnik reglamentlarda belgilangan majburiy talablarga nomuvofiq deb topilgan mahsulotlar erkin muomaladan chiqarilishi va yoʻq qilinishi lozim. Moliyaviy jarimaning toʻlanishi mazkur talabning bajarilishidan ozod etmaydi.
Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi Adliya vazirligi va Oliy sud bilan birgalikda Maʼmuriy javobgarlik toʻgʻrisidagi kodeks va boshqa qonunlarga mazkur banddan kelib chiqadigan oʻzgartish va qoʻshimchalarni kiritish boʻyicha qonun loyihasini Vazirlar Mahkamasiga kiritsin.
13. 2021-yilda sifat milliy infratuzilmasini rivojlantirish boʻyicha “yoʻl xaritasi” 1-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
14. Quyidagilar:
qurilish vaziri B. Zakirov zimmasiga — qurilish materiallari, qurilish industriyasi, shu jumladan loyihalash va konstruksiyalash boʻyicha;
qishloq xoʻjaligi vaziri J. Xodjayev zimmasiga — qishloq xoʻjaligi mahsulotlari, qishloq xoʻjaligi va melioratsiya texnikasi boʻyicha;
Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish davlat qoʻmitasi raisi A. Maksudov zimmasiga — tabiiy resurslardan foydalanishni tartibga solish hamda atrof-muhitni ifloslanishdan va boshqa zararli taʼsirlardan muhofaza qilish boʻyicha;
Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Sanoat, radiatsiya va yadro xavfsizligi qoʻmitasi zimmasiga — uskuna va buyumlarning sanoat va foydalanish xavfsizligi boʻyicha texnik jihatdan tartibga solish sohasidagi majburiy talablarning bajarilishini, mahsulotlar xavfsizligini va muvofiqlikni tasdiqlashni tashkil etish hamda taʼminlash yuklansin.
(14-bandning beshinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2024-yil 24-maydagi PF-79-sonli Farmoni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 25.05.2024-y., 06/24/79/0363-son)
15. Quyidagilarga:
investitsiyalar va tashqi savdo vazirining oʻrinbosarlari A. Voitov, L. Qudratov va B. Abidovga — texnik jihatdan tartibga solish sohasini xalqaro andozalar, shu jumladan Jahon savdo tashkiloti, Yevroosiyo iqtisodiy ittifoqi, Yevropa Ittifoqi va Mustaqil Davlatlar Hamdoʻstligi amaliyoti asosida takomillashtirish uchun xorijiy hamkorlarni va investitsiyalarni jalb qilish yuzasidan;
Davlat bojxona qoʻmitasining raisi M. Azimovga — chegara bojxona postlarida nazorat tartibotlarini bajarishda sanitariya-epidemiologiya, fitosanitariya va veterinariya nazorati organlari faoliyatining samarali va operativ muvofiqlashtirilishini taʼminlash, mahsulotlarni texnik jihatdan tartibga solish sohasidagi normativ hujjatlar talablariga muvofiqligini tasdiqlovchi hujjatlar oldindan bojxona elektron dasturiga joylashtirilmagan mahsulotlarni respublika hududiga olib kirilishiga yoʻl qoʻymaslik yuzasidan;
Texnik jihatdan tartibga solish agentligi bosh direktoriga — texnik jihatdan tartibga solish tizimi, shu jumladan qonunchilik, texnik reglamentlar va normativ hujjatlar talablariga rioya etilishi ustidan davlat nazorati samaradorligini taʼminlash, shuningdek, tashqi bozorlarda raqobatbardosh mahsulotlarni ishlab chiqarishda korxonalarga uslubiy va amaliy koʻmak koʻrsatish yuzasidan;
Sogʻliqni saqlash vazirligi huzuridagi Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi qoʻmitasi raisi B. Yusupaliyevga — majburiy tartibda sanitariya-epidemiologik xulosasi olinishi lozim boʻlgan oziq-ovqat va qishloq xoʻjaligi mahsulotlari ustidan samarali nazoratni taʼminlash, xavfli oziq-ovqat mahsulotlarini erkin muomalaga chiqarishning oldini olish bilan bogʻliq chora-tadbirlarni amalga oshirish yuzasidan shaxsiy javobgarlik yuklansin.
(15-bandning beshinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2024-yil 27-dekabrdagi PF-230-sonli Farmoni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 30.12.2024-y., 06/24/230/1096-son)
16. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining ayrim farmonlariga 2-ilovaga muvofiq oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritilsin.
17. Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi manfaatdor idoralar bilan birgalikda:
bir hafta muddatda Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Oʻzbekiston Respublikasi Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi huzuridagi Oʻzbekiston texnik jihatdan tartibga solish agentligi faoliyatini tashkil etish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qarori loyihasini kiritsin;
2021-yil 1-avgustga qadar xavflilik darajasi yuqori boʻlgan ayrim turdagi mahsulotlarni davlat roʻyxatidan oʻtkazish, xavflilik darajasi yuqori boʻlmagan ayrim turdagi mahsulotlarni olib kirishda ularning muvofiqligini baholash, muvofiqlikni deklaratsiyalash, shuningdek, texnik reglamentlar va standartlar talablariga nomuvofiq deb topilgan mahsulotlar roʻyxatini yuritish, ularni erkin muomaladan chiqarish va yoʻq qilish tartiblarini ishlab chiqsin va tasdiqlash uchun Vazirlar Mahkamasiga kiritsin;
2021-yil yakuniga qadar barcha tizim tashkilotlarida ISO 37001 xalqaro standartiga asosan, korrupsiyaga qarshi menejment tizimlarini joriy etish va sertifikatlashni taʼminlasin;
ikki oy muddatda qonunchilikka mazkur Farmondan kelib chiqadigan oʻzgartirish va qoʻshimchalar toʻgʻrisida Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritsin.
18. Mazkur Farmonning ijrosini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri A.N. Aripov va Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʻrinbosari S.U. Umurzakov zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Sh. MIRZIYOYEV
Toshkent sh.,
2021-yil 2-iyun,
PF-6240-son
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2021-yil 2-iyundagi PF-6240-son Farmoniga 1-ILOVA
2021-yilda sifat milliy infratuzilmasini rivojlantirish boʻyicha
Izoh: “Yoʻl xaritasi”da koʻzda tutilgan chora-tadbirlarni amalga oshirishda ishlab chiqilayotgan hujjat shakli oʻzgartirilishi yoki ishlab chiqilayotgan hujjat boshqa bandlarda koʻzda tutilgan hujjatlar bilan birlashtirilishi mumkin. Ikki va undan ortiq hujjatlarning birlashtirilishida tegishli bandlar bajarilishi uchun belgilangan eng oxirgi muddat ishlab chiqish muddati hisoblanadi.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2021-yil 2-iyundagi PF-6240-son Farmoniga 2-ILOVA
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining ayrim farmonlariga kiritilayotgan oʻzgartirish va qoʻshimchalar
1. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2016-yil 5-oktabrdagi “Tadbirkorlik faoliyatining jadal rivojlanishini taʼminlashga, xususiy mulkni har tomonlama himoya qilishga va ishbilarmonlik muhitini sifat jihatidan yaxshilashga doir qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida” PF-4848-son Farmoni 6-bandining uchinchi xatboshisi quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“texnik jihatdan tartibga solish sohasidagi amaldagi normativ hujjatlardan xalqaro tashkilotlar va xorijiy davlatlar bilan tuzilgan bitimlar hamda qoidalar doirasida foydalanish maqsadida ularni jahon Internet axborot tarmogʻidagi oʻz rasmiy veb-saytlarida joylashtirilishini va doimiy yangilab borilishini taʼminlasinlar”.
(Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2024-yil 14-noyabrdagi PF-184-sonli Farmoniga asosan 2-bandning oʻz kuchini yoʻqotish sanasi — 2025-yil 1-yanvar — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 23.11.2024-y., 06/24/184/0954-son)
3. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2020-yil 18-avgustdagi “Respublikada eksport va investitsiya salohiyatini yanada rivojlantirishga oid qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida” PF-6042-son Farmoni 4-bandi:
quyidagi mazmundagi toʻrtinchi xatboshi bilan toʻldirilsin:
“hududlardagi erkin iqtisodiy zonalar direksiyalarining direktorlarini lavozimga tayinlash va lavozimidan ozod qilish”;
toʻrtinchi va beshinchi xatboshilar tegishincha beshinchi va oltinchi xatboshilar deb hisoblansin.
4. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2020-yil 27-oktabrdagi PF-6096-son Farmoni bilan tasdiqlangan Xususiylashtirishdan oldin tayyorlash va investitsiyaviy jozibadorligini oshirish orqali ommaviy savdolarda toʻliqligicha davlat aksiya paketlari (ulushlari) sotiladigan korxonalar roʻyxatining 26-pozitsiyasi chiqarib tashlansin.