Soʻnggi yillarda mamlakatimiz sanoat salohiyatini mustahkamlash va hududlarni kompleks rivojlantirish, shahar va viloyatlarda yangi ishlab chiqarishlarni tashkil etish hisobiga aholini ish bilan band qilishni kengaytirishga qaratilgan kompleks chora-tadbirlar qabul qilindi va amalga oshirildi.
Natijada, soʻnggi toʻrt yil ichida sanoat mahsulotlari ishlab chiqarish hajmi 23 foizga, shu jumladan elektrotexnika, toʻqimachilik, charm-poyabzal, oziq-ovqat, farmatsevtika, zargarlik sanoati, qurilish materiallari, mebel, uy-roʻzgʻor buyumlari va boshqa isteʼmol mollari ishlab chiqarish singari sanoatning hududlarda jadal rivojlanayotgan tarmoqlari 1,3 barobardan koʻproq oʻsdi.
Shu bilan birga, hududlarda mavjud sanoat salohiyatidan, ayniqsa, qurilish industriyasini rivojlantirishda noruda minerallarning xomashyo bazasini oʻzlashtirish imkoniyatlaridan toʻliq foydalanilmayapti.
Xususan, keramzit, silikat qumi, shisha xomashyosi, qurilish va qoplama toshlarga ega oʻrganilgan konlarning yarmidan koʻpi oʻzlashtirilmay qolmoqda. Natijada, sanitariya-texnik vositalar boʻyicha mahalliy ishlab chiqarish ichki bozorning faqatgina 40 foizini, gazbeton bloklar — 51 foizini, lok-boʻyoq mahsulotlari — 65 foizini, qurilish oynalari — 70 foizini, devor gulqogʻozlari — 30 foizini tashkil etmoqda.
Elektrotexnika, toʻqimachilik, charm-poyabzal, oziq-ovqat, farmatsevtika, zargarlik buyumlari, qogʻoz sanoati, qurilish materiallari, mebel, uy-roʻzgʻor buyumlari ishlab chiqarish va boshqa mahalliy sanoat tarmoqlarini (keyingi oʻrinlarda — mahalliy sanoat) jadal rivojlantirishga koʻmaklashuvchi yaxlit tizimni yaratish, shuningdek, hududlarning sanoat salohiyatini oshirish maqsadida:
1. Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligiga mahalliy sanoatni jadal rivojlantirishni taʼminlash boʻyicha quyidagi qoʻshimcha vazifalar yuklatilsin:
mavjud tabiiy va iqtisodiy resurslarni jalb qilish, tumanlar (shaharlar) salohiyatini ishga solish va ularning nisbiy ustunliklaridan foydalanish asosida mahalliy sanoatni rivojlantirish “drayverlari” boʻlgan tarmoqlarni aniqlash;
tarmoqlarning ichki va tarmoqlararo kooperatsiya aloqalarini kengaytirish va chuqurlashtirish, korxonalarni global ishlab chiqarish zanjirlariga jalb qilish va ishlab chiqarilgan mahsulotlarni uchinchi davlatlarga hamkorlikda eksport qilishni yoʻlga qoʻyish;
sifatli va raqobatbardosh mahsulotlar ishlab chiqarishni taʼminlaydigan xususiy va xorijiy investitsiyalar hamda zamonaviy texnologiyalarni jalb qilish uchun shart-sharoitlar yaratish;
“qoʻshimcha qiymat zanjirlari”ni kengaytirish, ishlab chiqarish tannarxi va xarajatlarini kamaytirish, tayyor mahsulotlar va materiallar ishlab chiqarishni mahalliylashtirishni chuqurlashtirish asosida ishlab chiqarilayotgan mahsulotlarning raqobatbardoshligini oshirish;
kichik sanoat va maxsus iqtisodiy zonalar imkoniyatlaridan samarali foydalanish va faoliyatini muvofiqlashtirish;
zamonaviy tendensiyalarni hisobga olgan holda mahalliy sanoat korxonalari uchun professional kadrlar tayyorlash, trening dasturlaridan keng foydalanish;
tarmoqlar va hududlarning sanoat salohiyatini oshirish maqsadida tartibga solish muhiti va standartlarni takomillashtirish.
(2-band Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2023-yil 10-noyabrdagi PF-193-sonli Farmoniga asosan oʻz kuchini yoʻqotgan — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 11.11.2023-y., 06/23/193/0844-son)
3. Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi, “Oʻzsanoatqurilishbank” ATB, “Oʻzsanoatqurilishmateriallari” uyushmasi, Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi va viloyatlar hokimliklarining:
2-ilovaga muvofiq 24 ta tumanlar (shaharlar)ni qurilish materiallari ishlab chiqarishga ixtisoslashtirish (keyingi oʻrinlarda — ixtisoslashtirilgan tumanlar);
“Oʻzsanoatqurilishmateriallari” uyushmasi huzurida 3-ilovaga muvofiq tarkibda Qurilish materiallari sanoatini rivojlantirish boʻyicha kengash tashkil qilish;
ixtisoslashtirilgan tumanlarda zarur yer uchastkalarini ajratgan holda, shu jumladan “Oʻzsanoatqurilishbank” ATB huzuridagi “PSB Capital” MChJ investitsiya kompaniyasi ishtirokida, qurilish materiallarini ishlab chiqarish loyihalarini amalga oshirish maqsadida “kichik sanoat zonalari”ni tashkil etish toʻgʻrisidagi takliflari maʼqullansin.
4. Vazirlar Mahkamasi (S. Umurzakov) “Oʻzsanoatqurilishmateriallari” uyushmasi huzuridagi Qurilish materiallari sanoatini rivojlantirish boʻyicha kengash (S. Annaklichev), Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari bilan birgalikda xalqaro ekspertlarni jalb qilgan holda, ikki oy muddatda ixtisoslashuv sohasini inobatga olib, loyihalar amalga oshirilishi taklif qilinadigan tumanlar (shaharlar) roʻyxatini shakllantirgan holda 2022 — 2026-yillarda mahalliy sanoat tarmoqlarini jadal rivojlantirish va eksport salohiyatini oshirish dasturini ishlab chiqsin va tasdiqlasin.
5. Tiklanish va taraqqiyot jamgʻarmasi “Oʻzsanoatqurilishbank” ATBga qurilish materiallari sanoatidagi loyihalarni moliyalashtirish uchun 200 million AQSh dollari miqdorida kredit liniyasi ajratilishini taʼminlasin.
6. Vazirlar Mahkamasi (J. Qoʻchqorov) va Moliya vazirligi:
a) Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti topshiriqlariga asosan hududlarni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish uchun koʻzda tutilgan mablagʻlar hisobidan 2021-yilda:
ixtisoslashtirilgan tumanlarda sanoat infratuzilmasini rivojlantirish uchun 400 milliard soʻm;
geologiya-qidiruv ishlarini olib borish uchun 100 milliard soʻm mablagʻ ajratilishini nazarda tutsin;
b) Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi bilan birgalikda bir oy muddatda Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi va viloyatlar hokimliklarining asoslantirilgan takliflariga binoan ixtisoslashtirilgan tumanlarda sanoat infratuzilmasini rivojlantirish boʻyicha ishlarning manzilli roʻyxatini tasdiqlasin va ushbu manzilli roʻyxatga muvofiq ishlarning moliyalashtirilishini taʼminlasin.
7. Davlat geologiya va mineral resurslar qoʻmitasi 2021-yil 1-oktabrga qadar kim oshdi savdolari natijalariga koʻra 500 ta noruda foydali qazilmalar konlarining investorlarga foydalanishga berilishini taʼminlasin.
8. Belgilansinki, 2021-yil 1-iyuldan boshlab 4-ilovada koʻrsatilgan Oʻzbekiston Respublikasida ishlab chiqarilgan qurilish materiallarining muvofiqligini tasdiqlash ishlab chiqaruvchi (yetkazib beruvchi) tomonidan deklaratsiya qilish orqali amalga oshiriladi.
9. Vazirlar Mahkamasining mahalliy sanoat tarmoqlarini va qurilish materiallari ishlab chiqarishni jadal rivojlantirishga koʻmaklashishga qaratilgan yangi yaxlit tizimni joriy etish toʻgʻrisidagi, quyidagilarning shaxsiy javobgarligini nazarda tutuvchi takliflari maʼqullansin:
Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʻrinbosari S. Umurzakovga — mahalliy sanoatni jadal rivojlantirishga koʻmaklashishning vertikal tizimini joriy qilish yuzasidan;
Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi Raisi, viloyatlar, Toshkent shahar, tumanlar va shaharlar hokimlariga — “ichki bozor ehtiyojlarini oʻrganish — importni tahlil qilish — resurs bazasini aniqlash — yangi loyihalarni ishlab chiqish va amalga oshirish” tamoyili asosida mahalliy sanoatni rivojlantirish yuzasidan.
(10-band Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2023-yil 31-oktabrdagi PF-186-sonli Farmoniga asosan oʻz kuchini yoʻqotgan)
11. Viloyatlar va Toshkent shahar hokimlarining ishlab chiqarishni mahalliylashtirish va sanoat kooperatsiyasini rivojlantirish boʻyicha yordamchisi lavozimi mahalliy sanoatni rivojlantirish masalalari boʻyicha yordamchisi lavozimiga oʻzgartirilsin. Bunda, ularning kotibiyatlari shtati Iqtisodiy taraqqiyot va kambagʻallikni qisqartirish vazirligining hududiy boʻlinmalaridan 2 ta shtat birligini oʻtkazish hisobiga 3 ta shtat birligigacha kengaytirilsin.
12. Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining investitsiyalar va tashqi iqtisodiy aloqalar masalalari boʻyicha oʻrinbosari zimmasiga Kotibiyat hamda viloyatlar va Toshkent shahar hokimlarining mahalliy sanoatni rivojlantirish masalalari boʻyicha yordamchisi faoliyatini muvofiqlashtirish vazifasi yuklansin.
13. 2021-yil 1-iyuldan Iqtisodiy taraqqiyot va kambagʻallikni qisqartirish vazirligi huzuridagi Elektron kooperatsiya portali markazi hamda Qoraqalpogʻiston Respublikasi Iqtisodiy taraqqiyot va kambagʻallikni qisqartirish vazirligi va viloyatlar iqtisodiy taraqqiyot va kambagʻallikni qisqartirish bosh boshqarmalari huzuridagi Kichik sanoat zonalari direksiyalari Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi tizimiga toʻligʻicha mavjud shtat birliklari va moddiy-texnika bazasi bilan birgalikda oʻtkazilsin.
14. Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vaziri A.N. Aripov bir hafta muddatda ushbu Farmon talablaridan kelib chiqqan holda, Vazirlar Mahkamasining ijro etuvchi tuzilmasini takomillashtirish toʻgʻrisidagi qaror loyihasini kiritsin.
15. Qoraqalpogʻiston Respublikasi Joʻqorgʻi Kengesiga Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi tuzilmasini ushbu Farmonda belgilangan talablarga muvofiq qayta koʻrib chiqish, uning yangi tuzilmasi va boshqaruv xodimlari shtat jadvalini tasdiqlash tavsiya etilsin.
16. Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda ikki oy muddatda qonunchilik hujjatlariga ushbu Farmondan kelib chiqadigan oʻzgartirish va qoʻshimchalar toʻgʻrisida Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritsin.
17. Mazkur Farmon ijrosini samarali tashkil etishga masʼul va shaxsiy javobgar etib Investitsiyalar va tashqi savdo vazirining birinchi oʻrinbosari A.B. Voitov, “Oʻzsanoatqurilishmateriallari” uyushmasi huzuridagi Qurilish materiallari sanoatini rivojlantirish boʻyicha kengash raisi S.S. Annaklichev hamda Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi raisi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimlari belgilansin.
Farmon ijrosini muhokama qilib borish, ijro uchun masʼul idoralar faoliyatini muvofiqlashtirish va nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti maslahatchisi R.A. Gulyamov va Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʻrinbosari S.U. Umurzakov zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Sh. MIRZIYOYEV
Toshkent sh.,
2021-yil 9-iyun,
PF-6244-son
(1-ilova Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2023-yil 10-noyabrdagi PF-193-sonli Farmoniga asosan oʻz kuchini yoʻqotgan — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 11.11.2023-y., 06/23/193/0844-son)
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2021-yil 9-iyundagi PF-6244-son Farmoniga 2-ILOVA
Qurilish materiallari ishlab chiqarishga ixtisoslashgan tumanlar (shaharlar)
T/r Tumanlar (shaharlar) Tuman (shahar)ning ixtisoslashuvi 1. Qoraqalpogʻiston Respublikasi Qoraoʻzak tumani Sement va undan qurilish materiallarini ishlab chiqarish, vermikulitni qayta ishlash 2. Andijon viloyati Buloqboshi tumani Marmar buyumlar, gazbeton bloklari va pardozbop gʻishtlarni ishlab chiqarish 3. Buxoro viloyati Peshku tumani Tabiiy toshlarni qayta ishlash va pardozbop plitalarni ishlab chiqarish 4. Buxoro viloyati Qorovulbozor tumani Silikat mahsulotlar, qurilish plitalari va sement ishlab chiqarish 5. Jizzax viloyati Forish tumani Bazalt xomashyosini qayta ishlash asosida qurilish materiallarini ishlab chiqarish 6. Qashqadaryo viloyati Kitob tumani Sement ishlab chiqarish va tabiiy tosh (marmar)ni qayta ishlash 7. Qashqadaryo viloyati Dehqonobod tumani Qurilish toshi va shagʻalni qayta ishlash asosida qurilish materiallarini ishlab chiqarish 8. Navoiy viloyati Zarafshon shahri Gazbeton bloklarini ishlab chiqarish 9. Navoiy viloyati Gʻozgʻon shahri Mineral momiq (vata), tabiiy toshlardan pardozbop va qurilish plitalarini ishlab chiqarish 10. Navoiy viloyati Uchquduq tumani Kaolinni qayta ishlash, temirbeton buyumlarni ishlab chiqarish 11. Namangan viloyati Uychi tumani Pardozbop gʻisht ishlab chiqarish 12. Namangan viloyati Uchqoʻrgʻon tumani Pardozbop gʻisht ishlab chiqarish 13. Namangan viloyati Chust tumani Pardozbop gʻisht ishlab chiqarish 14. Namangan viloyati Pop tumani Tabiiy toshni qayta ishlash, pardozbop plitalarni ishlab chiqarish 15. Samarqand viloyati Nurobod tumani Gips va silikat materiallar, sement ishlab chiqarish, tabiiy toshni qayta ishlash 16. Samarqand viloyati Paxtachi tumani Gips buyumlar va mineral momiq (vata) ishlab chiqarish, tabiiy toshni qayta ishlash 17. Sirdaryo viloyati Xovos tumani Temirbeton buyumlar ishlab chiqarish 18. Surxondaryo viloyati Boysun tumani Sement va gipsokarton buyumlar ishlab chiqarish 19. Surxondaryo viloyati Sherobod tumani Gips buyumlar, sement, temirbeton buyumlar ishlab chiqarish, tabiiy toshni qayta ishlash 20. Surxondaryo viloyati Sariosiyo tumani Gips buyumlar, sement, temirbeton buyumlar ishlab chiqarish, tabiiy toshni qayta ishlash 21. Toshkent viloyati Ohangaron tumani Gips buyumlar, sement, temirbeton buyumlar, mineral momiq (vata) ishlab chiqarish, tabiiy toshni qayta ishlash 22. Fargʻona viloyati Oʻzbekiston tumani Gips va keramik buyumlar, sement, temirbeton buyumlar, tabiiy boʻyoqlar ishlab chiqarish 23. Xorazm viloyati Hazorasp tumani Pardozbop gʻisht va gulqogʻoz (oboy) ishlab chiqarish 24. Xorazm viloyati Tuproqqalʼa tumani Gulqogʻoz (oboy) va keramik plitalar ishlab chiqarish
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2021-yil 9-iyundagi PF-6244-son Farmoniga 3-ILOVA
“Oʻzsanoatqurilishmateriallari” uyushmasi huzuridagi Qurilish materiallari sanoatini rivojlantirish boʻyicha kengash
S. Annaklichev — “Oʻzsanoatqurilishbank” ATB boshqaruv raisi, kengash raisi lavozimi boʻyicha — “Oʻzsanoatqurilishmateriallari” uyushmasi raisi, kengash aʼzosi A. Kadirxodjayev — Davlat geologiya qoʻmitasi raisi oʻrinbosari, kengash aʼzosi A. Akbarjonov — “Oʻzsanoatqurilishbank” ATB boshqaruv raisining birinchi oʻrinbosari, kengash aʼzosi B. Mamatov — Iqtisodiy taraqqiyot va kambagʻallikni qisqartirish vazirligi boshqarma boshligʻi, kengash aʼzosi A. Xamidov — Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi boshqarma boshligʻi, kengash aʼzosi
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2021-yil 9-iyundagi PF-6244-son Farmoniga 4-ILOVA
Muvofiqligi ishlab chiqaruvchi (yetkazib beruvchi) tomonidan deklaratsiya qilish orqali tasdiqlanadigan qurilish materiallari