Maktabgacha taʼlim tashkilotlari tarmogʻini kengaytirish, bolalarning maktabgacha taʼlim bilan qamrab olinishi uchun zarur shart-sharoitlar yaratish, maktabgacha taʼlim tizimining moddiy-texnik bazasini mustahkamlash, aholiga maktabgacha taʼlim xizmatlari koʻrsatish sifatini yaxshilash hamda sohada nodavlat sektorning ulushini oshirish maqsadida:
1. Maktabgacha taʼlim vazirligida quyidagi yangi boshqaruv tizimi joriy etilsin, unga muvofiq:
a) maktabgacha taʼlim vaziri (Shin):
vazirlik tizimi va idoraviy mansub tashkilotlar faoliyatiga umumiy rahbarlik qiladi, ular ishi samarali tashkil etilishini taʼminlaydi, yuklatilgan vazifalar va funksiyalar toʻliq bajarilishi uchun shaxsan javob beradi, mazkur tashkilotlar bilan bogʻliq masalalar boʻyicha qarorlar qabul qiladi;
oʻquv-tarbiya jarayoniga zamonaviy pedagogik texnologiyalarni, taʼlim va tarbiyaning samarali shakllari hamda usullarini, bolalarni maktabga tayyorlash boʻyicha yangi muqobil modellarni joriy etish boʻyicha chora-tadbirlarni amalga oshiradi;
maktabgacha yoshdagi bolalarni intellektual, axloqiy, estetik va jismonan kamol toptirish uchun shart-sharoitlar yaratilishini, ularning maktabgacha taʼlim bilan bosqichma-bosqich toʻliq qamrab olinishini taʼminlaydi;
ixtisoslashtirilgan maktabgacha taʼlim tashkilotlarining faoliyatini muvofiqlashtiradi, alohida taʼlim ehtiyojlari boʻlgan bolalarni reabilitatsiya qilish va maʼnaviy-axloqiy jihatdan tarbiyalash boʻyicha zarur choralar koʻradi;
maktabgacha taʼlim sohasida “komplayens-nazorat” tizimini joriy qiladi hamda idoraviy mansub tashkilotlarda korrupsiyaning oldini olish boʻyicha zarur chora-tadbirlarni amalga oshiradi;
maktabgacha taʼlim tizimida xalqaro aloqalarni kengaytirish va uning samaradorligini oshirish choralarini koʻradi, maktabgacha taʼlim masalalari boʻyicha xalqaro va xorijiy tashkilotlar bilan aloqalar oʻrnatadi va hamkorlik qiladi, sohaga xorijiy investitsiyalarni jalb qiladi;
b) maktabgacha taʼlim vazirining birinchi oʻrinbosari (Onorboyev):
hududlarda maktabgacha taʼlim tashkilotlari tarmogʻini kengaytirish boʻyicha zarur choralarini koʻradi, maktabgacha taʼlim tizimini rivojlantirishning maqsadli koʻrsatkichlariga erishish ustidan umumiy nazoratni amalga oshiradi;
maktabgacha taʼlim tashkilotlari tarbiyalanuvchilarining sogʻlom va toʻgʻri ovqatlanishini taʼminlaydi, maktabgacha taʼlim tashkilotlarida bolalarga tibbiy xizmat koʻrsatish hamda ularning hayoti va sogʻligʻini himoya qilish boʻyicha profilaktik chora-tadbirlarni amalga oshiradi;
davlat-xususiy sheriklik asosidagi nodavlat maktabgacha taʼlim tashkilotlari, shu jumladan oilaviy nodavlat maktabgacha taʼlim tashkilotlari tarmogʻini rivojlantirish choralarini koʻradi, bu borada mahalliy ijroiya hokimiyati organlari va manfaatdor tashkilotlar bilan oʻzaro hamkorlik qiladi;
v) maktabgacha taʼlim vazirining oʻrinbosari (Begimqulov):
maktabgacha taʼlim tashkilotlari rahbar va pedagog kadrlarini qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish ishlarini tashkil etadi, taʼlim-tarbiya jarayoniga malakali va kasbiy jihatdan puxta tayyorlangan pedagog kadrlar hamda tarbiyachilarni jalb qiladi;
Maktabgacha taʼlim tashkilotlari direktor va mutaxassislarini qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish instituti faoliyatini muvofiqlashtiradi;
maktabgacha taʼlim tizimini raqamlashtirish ishlarini, sohaga zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalari joriy etilishini tashkil etadi va boshqaradi;
sohada ilmiy-tadqiqot va ilmiy-metodik faoliyatni amalga oshiradi va muvofiqlashtiradi, maktabgacha taʼlim tashkilotlarini oʻquv va metodik materiallar, badiiy adabiyotlar bilan taʼminlash choralarini koʻradi;
g) maktabgacha taʼlim vazirining oʻrinbosari:
davlat maktabgacha taʼlim tashkilotlari bino va inshootlarini qurish, taʼmirlash, tiklash, joriy saqlash, shuningdek, ularni kuz-qish mavsumiga tayyorlash ishlarini tashkil etadi va muvofiqlashtiradi;
davlat maktabgacha taʼlim tashkilotlarining ehtiyojlarini aniqlaydi va har yili ularni jihozlash (qayta jihozlash) dasturlarini ishlab chiqadi;
Oʻzbekiston Respublikasining investitsiya dasturlariga kiritilgan maktabgacha taʼlim obyektlarida olib boriladigan qurilish-taʼmirlash ishlarining tizimli monitoringini olib boradi;
davlat maktabgacha taʼlim tashkilotlari xarajatlari oʻz vaqtida moliyalashtirilishini, ularda buxgalteriya hisobi va hisoboti belgilangan tartibda yuritilishini tashkil etadi.
2. Maktabgacha taʼlim vazirligi (Shin) bir oy muddatda mazkur qarorning 1-bandida koʻrsatilgan asosiy yoʻnalishlar hamda joriy etilayotgan yangi boshqaruv tizimidan kelib chiqib:
maktabgacha taʼlim vaziri oʻrinbosarlarining aniq vazifalari va funksiyalari taqsimotini;
Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi Raisi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimlari bilan birgalikda hududiy maktabgacha taʼlim organlarining aniq vazifalari va funksiyalari taqsimotini tasdiqlasin.
Maktabgacha taʼlim vaziriga, zarur hollarda, vazirlik rahbariyatining belgilangan asosiy faoliyat yoʻnalishlariga tegishli oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritish huquqi berilsin.
3. Maktabgacha taʼlim vazirligi (Shin) hamda Moliya vazirligining (Ishmetov) roʻyxati 1-ilovada belgilangan bolalarni maktabgacha taʼlim bilan qamrab olish darajasi past boʻlgan 53 ta tumanda 2021-2022-yillarda:
2 mingta oilaviy nodavlat maktabgacha taʼlim tashkilotlari faoliyatini yoʻlga qoʻyish, buning hisobiga 50 ming nafar tarbiyalanuvchilar uchun yangi oʻrinlar yaratish;
umumiy quvvati 11,2 ming oʻrindan ziyod boʻlgan 100 ta davlat-xususiy sheriklik asosidagi nodavlat maktabgacha taʼlim tashkilotlari faoliyatini yoʻlga qoʻyish;
quvvati 7,5 ming oʻringa teng boʻlgan 50 ta davlat maktabgacha taʼlim tashkilotini qurish;
davlat va nodavlat maktabgacha taʼlim tashkilotlari tarmogʻini kengaytirish hisobiga ularning sonini 20 mingtaga yetkazish hamda 7,5 mingdan ortiq yangi ish oʻrinlarini yaratish toʻgʻrisidagi takliflari maʼqullansin.
4. Quyidagilar:
Hududlarda maktabgacha taʼlim xizmatlarini kengaytirish boʻyicha “Yoʻl xaritasi” 2-ilovaga muvofiq;
Qamrov darajasi past boʻlgan tumanlarda maktabgacha taʼlim tashkilotlari tarmogʻini kengaytirish dasturi 3-ilovaga muvofiq;
2021-yil yakuniga qadar hududlarda bolalarni maktabgacha taʼlim bilan qamrab olish darajasini oshirish boʻyicha maqsadli koʻrsatkichlar (keyingi oʻrinlarda — Maqsadli koʻrsatkichlar) 4-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
Maqsadli koʻrsatkichlarga belgilangan muddatlarda toʻliq erishish uchun Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari masʼul va javobgar etib belgilansin.
Maktabgacha taʼlim vazirligi (Shin) hamda Moliya vazirligi (Ishmetov) tegishli vazirlik va idoralar bilan birgalikda mazkur qaror bilan tasdiqlanayotgan “Yoʻl xaritasi” va Dasturda belgilangan vazifalarning oʻz vaqtida va samarali amalga oshirilishini taʼminlasin.
5. Oilaviy nodavlat maktabgacha taʼlim tashkilotlari tarmogʻini kengaytirish va ularning yanada rivojlanishiga qulay shart-sharoitlar yaratish uchun 2021-yil 1-iyuldan boshlab shunday tartib oʻrnatilsinki, unga muvofiq:
oilaviy nodavlat maktabgacha taʼlim tashkilotlariga mavjud quvvatiga qarab 50 nafargacha bolani tarbiyalashga hamda tarbiyalanuvchilar sonidan kelib chiqib 4,5 tagacha shtat birligida tarbiyachi va yordamchilarni yollashga ruxsat beriladi;
(5-bandning ikkinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2024-yil 30-sentabrdagi PF-152-sonli Farmoni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 04.10.2024-y., 06/24/152/0773-son)
oilaviy nodavlat maktabgacha taʼlim tashkilotlari tomonidan yollangan (Toshkent shahri, Nukus shahri va viloyatlar markazlarida — 2,5 tagacha, boshqa hududlarda — 4,5 tagacha shtat birligida) tarbiyachi va yordamchilarga tegishli toifa boʻyicha qisqa muddatli yoki 9 soatlik davlat maktabgacha taʼlim tashkilotlari uchun belgilangan mehnatga haq toʻlash shartlarida va hajmlarda Davlat budjeti mablagʻlari hisobidan ish haqi toʻlanadi;
(5-bandning uchinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2024-yil 30-sentabrdagi PF-152-sonli Farmoni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 04.10.2024-y., 06/24/152/0773-son)
oilaviy nodavlat maktabgacha taʼlim tashkilotlari hududiy maktabgacha taʼlim boshqarmalari orqali oʻquv materiallari bilan bepul taʼminlanadi;
2022-yil 1-yanvarga qadar AK “Xalq banki” tomonidan oilaviy nodavlat maktabgacha taʼlim tashkilotlariga mebel, jihoz va asbob-uskunalarni sotib olish uchun 30 million soʻmgacha miqdorda 3 yil muddatga 6 oylik imtiyozli davr bilan 5 foizli stavkada Moliya vazirligi tomonidan joylashtirilgan resurslar hisobidan kreditlar ajratiladi;
oilaviy nodavlat maktabgacha taʼlim tashkilotlarining rahbarlari va xodimlarining malakasini oshirish davlat maktabgacha taʼlim tashkilotlari uchun belgilangan tartibda amalga oshiriladi.
(5-bandning yettinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2022-yil 30-dekabrdagi PQ-471-sonli qaroriga asosan 2023-yil 1-yanvardan chiqariladi — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 01.01.2023-y., 07/23/471/0001-son)
6. Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi va viloyatlar hokimliklari:
Qurilish vazirligi (Zokirov) va Favqulodda vaziyatlar vazirligi (Qoʻldoshev) bilan birgalikda bir oy muddatda oilaviy nodavlat maktabgacha taʼlim tashkilotlari tashkil etiladigan aholi xonadonlarining qurilish normalari, sanitariya qoidalari va meʼyorlariga, yongʻin xavfsizligi talablariga mosligini, issiqlik tizimi barqaror ishlashini hamda kerakli jihozlar bilan taʼminlanganligini oʻrganib chiqsin;
ikki oy muddatda oʻrganish natijasida shakllantirilgan kafolatli tadbirkorlik subyektlari roʻyxatini, ularning kredit resurslari, mebel, jihoz va asbob-uskunalarga boʻlgan talabi toʻgʻrisidagi maʼlumotlarni Maktabgacha taʼlim vazirligiga taqdim etsin.
Maktabgacha taʼlim vazirligi (Shin, Onorboyev) oilaviy nodavlat maktabgacha taʼlim tashkilotlari faoliyatini lozim darajada tashkil etish choralarini koʻrsin, shu jumladan ularni oʻquv-metodik va didaktik adabiyotlar bilan taʼminlasin, zamonaviy oʻquv uskunalari, mebel va jihozlarni maqbul narxlarda sotib olishga koʻmaklashsin.
7. Belgilansinki, 2021-yil 1-iyuldan boshlab davlat-xususiy sheriklik asosidagi nodavlat maktabgacha taʼlim tashkilotlarini qoʻllab-quvvatlash, ularning moliyaviy holatini yaxshilash hamda moddiy-texnik bazasini mustahkamlash uchun:
a) roʻyxati mazkur qarorga 1-ilovada belgilangan tumanlarda Moliya vazirligi tomonidan tijorat banklarida joylashtirilgan resurslar hisobidan 100 ta davlat-xususiy sheriklik asosidagi nodavlat maktabgacha taʼlim tashkilotlarini tashkil etish uchun 7 yil muddatga 2 yillik imtiyozli davr bilan 5 foizlik stavkada kreditlar ajratiladi;
b) roʻyxati mazkur qarorga 5-ilovada belgilangan olis va chekka hududlarda joylashgan davlat-xususiy sheriklik asosidagi nodavlat maktabgacha taʼlim tashkilotlariga:
har bir tarbiyalanuvchi bola uchun Davlat budjeti mablagʻlari hisobidan davlat maktabgacha taʼlim tashkilotining bir nafar tarbiyalanuvchisi uchun sarflanadigan xarajatlar summasining 75 foizi miqdorida subsidiya toʻlanadi;
“Yoshlar daftari”, “Temir daftar” yoki “Ayollar daftari”ga kiritilgan oilalarning har bir tarbiyalanuvchi farzandlari uchun mazkur daftarlar jamgʻarmalari hisobidan davlat maktabgacha taʼlim tashkilotining bir nafar tarbiyalanuvchisi uchun sarflanadigan xarajatlar summasining 25 foizi miqdorida subsidiya toʻlanadi. Bunda, mazkur subsidiya ushbu kichik bandining ikkinchi xatboshidagi subsidiyaga qoʻshimcha ravishda toʻlanadi;
v) davlat-xususiy sheriklik asosidagi nodavlat maktabgacha taʼlim tashkilotlariga foydalangan elektr energiyasi va tabiiy gaz xizmatlari narxining 50 foizi miqdorida Davlat budjeti mablagʻlari hisobidan oylik kompensatsiyalar toʻlanadi;
g) 2018-2019-yillarda nodavlat maktabgacha taʼlim tashkilotlarini tashkil etish uchun davlat-xususiy sheriklik toʻgʻrisidagi bitimlarga muvofiq avval berilgan kreditlar boʻyicha imtiyozli davr muddati 2022-yil 1-yanvarga qadar uzaytiriladi. Bunda, 2022-yil 1-yanvarga qadar toʻlanishi lozim boʻlgan asosiy qarz toʻlovlari kredit davrining qolgan qismiga teng miqdorda taqsimlanadi.
Belgilansinki, mazkur qarorda “davlat-xususiy sheriklik asosidagi nodavlat maktabgacha taʼlim tashkilotlari” deganda oilaviy nodavlat maktabgacha taʼlim tashkilotlaridan tashqari boshqa shakldagi davlat-xususiy sheriklik asosidagi nodavlat maktabgacha taʼlim tashkilotlari tushuniladi.
8. Maktabgacha taʼlim vazirligi (Shin, Begimkulov) oilaviy nodavlat maktabgacha taʼlim tashkilotlari hamda davlat-xususiy sheriklik asosidagi nodavlat maktabgacha taʼlim tashkilotlari xodimlarini Maktabgacha taʼlim vazirligi huzuridagi kollejlarda oʻqitish va ularning malakasini oshirish choralarini koʻrsin, shuningdek, ular uchun qisqa muddatli oʻquv kurslarini tashkil etsin.
9. Qurilish vazirligi (Zakirov) Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi va viloyatlar hokimliklari bilan birgalikda bir oy muddatda davlat-xususiy sheriklik asosidagi nodavlat maktabgacha taʼlim tashkilotlarini tashkil etish boʻyicha tashabbuskor tadbirkorlik subyektlari tomonidan bugungi kunga qadar bajarilgan qurilish ishlari hajmini oʻrganib chiqsin hamda oʻrganish natijalarini Maktabgacha taʼlim vazirligiga taqdim etsin.
Maktabgacha taʼlim vazirligi (Shin, Onorboyev) tadbirkorlik subyektlari tomonidan bajarilgan qurilish ishlari hajmidan kelib chiqqan holda, shakllangan mablagʻlar doirasida:
davlat-xususiy sheriklik toʻgʻrisidagi bitimlarni oʻz vaqtida tuzish va amalga oshirish boʻyicha barcha zarur choralarni koʻrsin;
xususiy sheriklarga imtiyozli kreditlar olishda koʻmaklashsin;
tadbirkorlik subyektlari tomonidan bitim talablarining bajarilishi ustidan doimiy monitoring oʻrnatsin;
davlat-xususiy sheriklik asosidagi nodavlat maktabgacha taʼlim tashkilotlariga oʻz faoliyatini tashkil etishda uslubiy va amaliy yordam koʻrsatsin.
10. Maktabgacha taʼlim vazirligi (Shin, Onorboyev, Begimkulov):
Iqtisodiy taraqqiyot va kambagʻallikni qisqartirish vazirligi (Boboyev) hamda Moliya vazirligi (Ishmetov) bilan birgalikda bir oy muddatda roʻyxati mazkur qarorga 1-ilovada belgilangan tumanlarda 2021-2022-yillarda davlat maktabgacha taʼlim tashkilotlarini qurish va jihozlashning manzilli dasturini tasdiqlasin;
yangidan tashkil etiladigan davlat maktabgacha taʼlim tashkilotlari rahbarlar tarkibini yetarlicha pedagogik ish tajribasiga, yuksak kasbiy tayyorgarlikka ega boʻlgan, zamonaviy fikrlovchi mutaxassislar bilan toʻldirish choralarini koʻrsin.
Qurilish vazirligi (Zakirov) maktabgacha taʼlim tashkilotlarini qurish boʻyicha loyiha-smeta hujjatlarining davlat ekspertizasidan oʻtkazilishini va qurilish-montaj ishlari sifatli bajarilishi ustidan davlat nazorati amalga oshirilishini taʼminlasin.
11. Belgilansinki, mazkur qarorga muvofiq yangi quriladigan davlat maktabgacha taʼlim tashkilotlariga tashqi muhandislik-kommunikatsiya tarmoqlarini tortish ishlari mahalliy budjet mablagʻlari hisobidan amalga oshiriladi.
Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi va viloyatlar hokimliklari tashqi muhandislik-kommunikatsiya tarmoqlarini tortish ishlari oʻz vaqtida bajarilishini taʼminlasin hamda mahalliy budjet mablagʻlari hisobidan zarur mablagʻlarni ajratib borsin.
12. Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari:
bir oy muddatda idoraviy maktabgacha taʼlim tashkilotlari tarmogʻini kengaytirish boʻyicha yirik sanoat korxonalari, xoʻjalik birlashmalari va klasterlar bilan muzokaralar olib borsin;
ikki oy muddatda idoraviy maktabgacha taʼlim tashkilotlari faoliyatini yoʻlga qoʻyish istagini bildirgan yirik sanoat korxonalari, xoʻjalik birlashmalari va klasterlar roʻyxatini shakllantirsin hamda Maktabgacha taʼlim vazirligiga taqdim etsin.
Maktabgacha taʼlim vazirligi (Shin, Onorboyev, Begimkulov) yirik sanoat korxonalari, xoʻjalik birlashmalari va klasterlarga idoraviy maktabgacha taʼlim tashkilotlari faoliyatini yoʻlga qoʻyishda uslubiy yordam koʻrsatsin.
13. Moliya vazirligi (Ishmetov):
a) mazkur qarorda nazarda tutilgan chora-tadbirlarni amalga oshirish uchun 2021-yilda 900 milliard soʻmgacha, 2022-yilda 400 milliard soʻmgacha mablagʻ ajratsin;
b) quyidagilarga:
oilaviy nodavlat maktabgacha taʼlim tashkilotlari tomonidan mebel, jihoz va asbob-uskunalar sotib olinishiga kreditlar berish uchun AK “Xalq banki”ga 3 yil muddatga 6 oylik imtiyozli davr bilan 2 foizli stavkada;
roʻyxati mazkur qarorga 1-ilovada belgilangan tumanlarda davlat-xususiy sheriklik asosidagi nodavlat maktabgacha taʼlim tashkilotlarini tashkil etishga kreditlar berish uchun tijorat banklariga 7 yil muddatga 2 yillik imtiyozli davr bilan 2 foizlik stavkada zarur resurslar ajratib borsin.
Bosh prokuratura (Mavlonov) mazkur qarorda nazarda tutilgan chora-tadbirlarni amalga oshirish uchun ajratilayotgan mablagʻlardan maqsadli va samarali foydalanilishi yuzasidan doimiy nazorat oʻrnatsin.
14. Maktabgacha taʼlim vazirligi (Shin) Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi (Sadikov) bilan birgalikda 2022-yil 1-yanvarga qadar davlat maktabgacha taʼlim tashkilotlarida xodimlarni ishga joylashtirish, bolalarni qabul qilish, sogʻlom ovqatlantirishni tashkil etish, mazkur tashkilotlarni mebel, jihoz va asbob-uskunalar bilan taʼminlash jarayonlarini real vaqt rejimida monitoring qilish imkonini beradigan hamda sohada amalga oshiriladigan davlat xaridlarining ochiqligi va shaffofligini taʼminlaydigan elektron maʼlumotlar bazasini shakllantirsin hamda uning Maktabgacha taʼlimni boshqarish axborot tizimi bilan oʻzaro integratsiya qilinishini taʼminlasin.
Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi (Burxonov) Maktabgacha taʼlim vazirligi (Shin) bilan birgalikda bir oy muddatda maktabgacha taʼlim tizimida korrupsiyaga oid huquqbuzarliklarning sabab va shart-sharoitlarini bartaraf etish hamda korrupsiyaga qarshi kurashish choralarining samaradorligini oshirishga qaratilgan chora-tadbirlar dasturini ishlab chiqsin va amalga oshirilishini taʼminlasin.
15. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining va Oʻzbekiston Respublikasi Hukumatining ayrim qarorlariga 6-ilovaga muvofiq oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritilsin.
16. Maktabgacha taʼlim vazirligi manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda ikki oy muddatda qonunchilik hujjatlariga mazkur qarordan kelib chiqadigan oʻzgartirish va qoʻshimchalar toʻgʻrisida Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritsin.
17. Mazkur qarorning ijrosini samarali tashkil etishga masʼul va javobgar etib maktabgacha taʼlim vaziri A.V. Shin hamda moliya vaziri T.A. Ishmetov belgilansin.
Qaror ijrosi uchun masʼul idoralar faoliyatini muvofiqlashtirish va nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʻrinbosari B.A. Musayev va Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining maslahatchisi A.A. Abduvaxitov zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Sh. MIRZIYOYEV
Toshkent sh.,
2021-yil 10-iyun,
PQ-5144-son
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2021-yil 10-iyundagi PQ-5144-son qaroriga1-ILOVA
Bolalarni maktabgacha taʼlim bilan qamrab olish darajasi past boʻlgan tumanlar
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2021-yil 10-iyundagi PQ-5144-son qaroriga2-ILOVA
Hududlarda maktabgacha taʼlim xizmatlarini kengaytirish boʻyicha
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2021-yil 10-iyundagi PQ-5144-son qaroriga3-ILOVA
Qamrov darajasi past boʻlgan tumanlarda maktabgacha taʼlim tashkilotlari tarmogʻini kengaytirish
Izoh: Joylardagi haqiqiy vaziyatdan kelib chiqqan holda Maktabgacha taʼlim vazirligi tomonidan Iqtisodiy taraqqiyot va kambagʻallikni qisqartirish vazirligi hamda Moliya vazirligi bilan birgalikda Qamrov darajasi past boʻlgan tumanlarda maktabgacha taʼlim tashkilotlari tarmogʻini kengaytirish dasturiga tegishli oʻzgartirishlar kiritilishi mumkin.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2021-yil 10-iyundagi PQ-5144-son qaroriga4-ILOVA
2021-yil yakuniga qadar hududlarda bolalarni maktabgacha taʼlim bilan qamrab olish darajasini oshirish boʻyicha
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2021-yil 10-iyundagi PQ-5144-son qaroriga5-ILOVA
Olis va chekka hududlar
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2021-yil 10-iyundagi PQ-5144-son qaroriga6-ILOVA
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining va Oʻzbekiston Respublikasi Hukumatining ayrim qarorlariga kiritilayotgan oʻzgartirish va qoʻshimchalar
1. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2009-yil 30-dekabrdagi “Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi huzuridagi budjetdan tashqari Pensiya jamgʻarmasining tashkiliy tuzilmasini shakllantirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi PQ-1252-son qarori 2-bandning beshinchi xatboshisidan “(koʻp yillik ishlaganlik uchun har oylik ustama bundan mustasno)” soʻzlari chiqarib tashlansin.
2. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2018-yil 5-apreldagi “Maktabgacha taʼlim tizimini yanada ragʻbatlantirish va rivojlantirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi PQ-3651-son qarorida:
a) 5-bandning uchinchi xatboshisi quyidagi mazmundagi uchinchi — beshinchi xatboshilar bilan almashtirilsin:
“2021-yil 1-iyuldan boshlab davlat-xususiy sheriklik asosidagi nodavlat maktabgacha taʼlim tashkilotlariga (oilaviy nodavlat maktabgacha taʼlim tashkilotlaridan tashqari) foydalangan elektr energiyasi va tabiiy gaz xizmatlari narxining 50 foizi miqdorida Davlat budjeti mablagʻlari hisobidan oylik kompensatsiyalar toʻlash;
2021-yil 1-iyuldan boshlab olis va chekka hududlarda joylashgan davlat-xususiy sheriklik asosidagi nodavlat maktabgacha taʼlim tashkilotlariga (oilaviy nodavlat maktabgacha taʼlim tashkilotlaridan tashqari) har bir tarbiyalanuvchi bola uchun Davlat budjeti mablagʻlari hisobidan davlat maktabgacha taʼlim tashkilotining bir nafar tarbiyalanuvchisi uchun sarflanadigan xarajatlar summasining 75 foizi miqdorida subsidiya toʻlash;
olis va chekka hududlardan tashqari boshqa hududlarda joylashgan davlat-xususiy sheriklik asosidagi nodavlat maktabgacha taʼlim tashkilotlariga (oilaviy nodavlat maktabgacha taʼlim tashkilotlaridan tashqari) har bir tarbiyalanuvchi bola uchun Davlat budjeti mablagʻlari hisobidan davlat maktabgacha taʼlim tashkilotining bir nafar tarbiyalanuvchisi uchun sarflanadigan xarajatlar summasining 50 foizi miqdorida subsidiya toʻlash tartibini joriy etish toʻgʻrisidagi takliflari qabul qilinsin”;
b) 10-bandi quyidagi mazmundagi beshinchi — yettinchi xatboshilari bilan toʻldirilsin:
“2021-yil 1-iyuldan boshlab oilaviy nodavlat maktabgacha taʼlim tashkilotlariga mavjud quvvatiga qarab 50 nafargacha bolalarni tarbiyalashga hamda tarbiyalanuvchilar sonidan kelib chiqib 4 nafargacha tarbiyachi va yordamchilarni yollashga ruxsat beriladi;
2021-yil 1-iyuldan boshlab oilaviy nodavlat maktabgacha taʼlim tashkilotlari hududiy maktabgacha taʼlim boshqarmalari orqali oʻquv materiallar bilan bepul taʼminlanadi;
2021-yil 1-iyuldan boshlab oilaviy nodavlat maktabgacha taʼlim tashkilotlarining rahbarlari va xodimlarining malakasini oshirish davlat maktabgacha taʼlim tashkilotlari uchun belgilangan tartibda amalga oshiriladi”.
v) 1-ilovada:
31-bandning oltinchi xatboshisidagi “bir yildan keyin” soʻzlari “sud orqali” soʻzlari bilan almashtirilsin;
34-bandning oʻn ikkinchi xatboshisidagi “qiladigan muddat tugamay turib xususiy sherik mulki boʻlgan obyektning u tomonidan musodara qilinishiga yoʻl qoʻyilmaydi” soʻzlari “qilish muddati davomida xususiy sherik tomonidan unga tegishli boʻlgan mulkni tasarruf etish, shu jumladan garovga qoʻyish man etiladi (ushbu nizomning 12-13-boblarida koʻrsatilgan shakllardan tashqari)” soʻzlari bilan almashtirilsin;
46, 57, 65, 75, 90, 97 bandlari “50 foizi” soʻzlaridan keyin “(Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2021-yil 10-iyundagi PQ-5144-son qarori bilan tasdiqlangan olis va chekka hududlarda 75 foizi)” soʻzlari bilan toʻldirilsin;
99-bandida “25” raqami “50” raqami bilan almashtirilsin;
102-bandi quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“Bitim imzolangan kundan boshlab qonun hujjatlarida belgilangan tartibda kuchga kiradi.
Oilaviy nodavlat maktabgacha taʼlim tashkiloti faoliyatini boshlash yoki tugatish Davlat xizmatlari markaziga xabarnoma berish orqali amalga oshiriladi”;
103-band quyidagi mazmundagi toʻqqizinchi xatboshi bilan toʻldirilsin:
“oilaviy nodavlat maktabgacha taʼlim tashkilotlarini hududiy maktabgacha taʼlim boshqarmalari orqali oʻquv materiallar bilan bepul taʼminlash”.
3. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2020-yil 4-avgustdagi “Aholiga davlat ijtimoiy xizmatlari va yordam taqdim etish tartib-taomillarini avtomatlashtirish boʻyicha qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi PQ-4797-son qarorida:
a) 1-bandning beshinchi xatboshisidagi “egasi va” soʻzlari chiqarib tashlansin;
b) 4-ilovaning 7-pozitsiyasidagi “martgacha” soʻzlari “noyabrgacha” soʻzlari bilan almashtirilsin.
4. Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2011-yil 7-yanvardagi 6-son qarori bilan tasdiqlangan Xususiy tadbirkorlar yuridik shaxs tashkil etmasdan shugʻullanishi mumkin boʻlgan faoliyat turlari roʻyxatining 60-ustundagi “sherikchilikning”, “muassasalarini” “muassasalari” soʻzlari tegishincha “sheriklikning” “tashkilotlarini” “tashkilotlari” soʻzlari bilan almashtirilsin.
5. Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2015-yil 31-iyuldagi 219-son qarori bilan tasdiqlangan Xususiy tadbirkorlar tomonidan xodimlarni yollagan holda tadbirkorlik faoliyatini amalga oshirish tartibi toʻgʻrisidagi nizomga 1-ilovada:
a) Xodimlarni yollagan holda xususiy tadbirkorlar tomonidan amalga oshiriladigan faoliyat turlarining roʻyxati quyidagi mazmundagi 3-1 pozitsiya bilan toʻldirilsin:
b) Izohdan “60” raqami chiqarib tashlansin.
Izoh: mazkur ilovaning 2 va 5-bandlari 2021-yil 1-iyuldan boshlab kuchga kiradi.