Keyingi yillarda mamlakatimiz hayotining barcha soha va tarmoqlarini XXI asrning yuksak demokratik talablari asosida yangilash, inson huquq va erkinliklari, manfaatlarini taʼminlash, jahon hamjamiyati bilan uygʻun va hamnafas boʻlib yashash, milliy tiklanishdan milliy yuksalishga erishish yoʻlida ulkan ishlar amalga oshirilmoqda. Ana shunday strategik maqsadlarning eng muhim uzviy qismi boʻlgan ilm-fan va taʼlim-tarbiya tizimini, jumladan oliy taʼlim taraqqiyotini yangi bosqichga koʻtarish ustuvor masala sifatida kun tartibiga qoʻyilmoqda.
Ayni shu asosda insonning fundamental huquqlaridan biri boʻlgan bilim olish, zamonaviy kasb-hunarlar, malaka darajalarini egallash boʻyicha katta imkoniyatlar yaratilmoqda.
Qisqa muddatda respublikamizda oliy taʼlim muassasalari soni qariyb ikki barobar oshgani, bozor iqtisodiyoti talablaridan kelib chiqqan holda, yangi oliygohlar, xususan nufuzli xorijiy universitetlarning filiallari ochilayotgani, tizimda oʻqishning kunduzgi shakli bilan birga kechki va sirtqi boʻlimlar faoliyati yoʻlga qoʻyilgani, maktab bitiruvchilarining oliy taʼlim muassasalariga qamrovi 2016-yildagi 9 foizdan bugungi kunga kelib 28 foizga yetganini alohida taʼkidlash lozim.
Shu bilan birga, bugungi kunda biz oʻz oldimizga qoʻygan, har tomonlama rivojlangan yangi Oʻzbekiston davlati va jamiyatini barpo etish, Uchinchi Renessans poydevorini yaratishdek ulkan vazifalar yurtimizda yuksak intellektual salohiyatga ega boʻlgan, jahon mehnat bozori, ilm-fan va texnologiyalar olamida raqobatdosh, zamonaviy bilim va koʻnikmalarni chuqur oʻzlashtirgan, yuqori malakali, mustaqil fikrlaydigan, vatanparvar kadrlar tayyorlashning umumeʼtirof etilgan xalqaro standartlar asosidagi innovatsion tizimini shakllantirish borasidagi ishlarimizni sifat jihatidan yanada kuchaytirishni talab etmoqda.
Bunda, hech shubhasiz, mamlakatimiz oliy taʼlim tizimining bayroqdori — flagmani sifatida respublikamiz va dunyo tajribasining eng ilgʻor yutuqlarini oʻzida mujassam etadigan, barcha institut va universitetlarimizga namunaviy model boʻlib xizmat qiladigan yangi zamonaviy universitetni tashkil etish muhim ahamiyatga egadir.
Xalqimiz, avvalo, yoshlarimizning talab va istaklarini hisobga olib hamda mamlakatimizning oliy taʼlim sohasidagi kadrlar tayyorlash salohiyatini oshirish, bu borada farzandlarimiz uchun yanada keng imkoniyat va sharoitlar yaratish maqsadida:
1. Mamlakatimiz poytaxti Toshkent shahrida “Yangi Oʻzbekiston” universiteti (keyingi oʻrinlarda — Universitet) tashkil etilsin.
Belgilansinki:
Universitet davlat oliy taʼlim muassasasi hisoblanadi;
Universitetda taʼlim jarayoni nufuzli xorijiy oliy taʼlim muassasalari bilan hamkorlikda tashkil etiladi;
Universitetni tamomlagan Oʻzbekiston Respublikasi fuqarolari Boshqaruv samaradorligi agentligi tomonidan Istiqbolli kadrlar maʼlumotlar bazasiga olinadi hamda 5 yillik ish tajribasidan soʻng rahbarlik lavozimiga tayinlanadigan istiqbolli nomzodlar roʻyxatiga kiritiladi;
(1-bandning beshinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 29-oktabrdagi PF-197-sonli Farmoni tahririda)
Universitet Oʻzbekiston Respublikasi Davlat gerbi tasviri va davlat tilida nomi tushirilgan muhr, bank hisobvaraqlari, shtamp va boshqa rekvizitlariga ega boʻladi.
2. Quyidagilar Universitetning asosiy vazifalari etib belgilansin:
nufuzli xorijiy oliy oʻquv yurtlarining taʼlim dasturlari asosida yuksak zamonaviy kasbiy bilim va malakaga ega boʻlgan, xalqaro miqyosda raqobatbardosh, istiqbolli kadrlarni tayyorlash;
oʻquv-tarbiya jarayonini ilgʻor pedagogik va zamonaviy axborot texnologiyalarini qoʻllagan holda jahonning yetakchi universitetlarida joriy etilgan taʼlim texnologiyalari va usullari asosida tashkil etish;
talabalarning intellektual qobiliyatini rivojlantirish, bilimini amaliy tajribalar orqali mustahkamlashga, oʻquv materiallarini samarali va puxta oʻzlashtirishga xizmat qiladigan har tomonlama qulay taʼlim muhitini shakllantirish;
ijtimoiy-iqtisodiy sohalardagi mavjud ehtiyojlardan kelib chiqib, ilmiy-tadqiqot ishlarini olib borish, shuningdek, chet ellardagi nufuzli, tan olingan ilmiy markazlar bilan yaqindan hamkorlik qilish, talabalarni ilmiy va innovatsion faoliyatga keng jalb etish;
taʼlimning uzluksizligi va sifatini taʼminlash borasida Prezident maktablari, ijod va ixtisoslashtirilgan maktablarga metodik yordam koʻrsatish.
3. Belgilab qoʻyilsinki:
a) Universitet quyidagilarni mustaqil ravishda amalga oshiradi:
Universitetning tuzilmasini va shtatlar jadvalini tasdiqlash, shuningdek, bakalavriat va magistraturada oʻqish tartibini belgilash;
xorijiy oliy taʼlim muassasalari bilan tuzilgan kelishuvlar asosida taʼlim yoʻnalishlarini belgilash, oʻquv rejalari va dasturlarini tasdiqlash hamda pedagog xodimlarning mehnatini meʼyorlashtirish;
yuqori malakali, jumladan xorijiy mamlakatlardagi yetuk mutaxassislarni jalb etish, ularga mehnat bozorining amaldagi konyunkturasini hisobga olgan holda Universitet xodimlarining ish haqi va boshqa toʻlovlar miqdorini belgilash;
bakalavriat, magistratura va oliy taʼlimdan keyingi taʼlim institutiga qabul qilish shartlarini, shuningdek, talabalarni qabul qilishda test sinovlari fanlari majmuasini va oʻqish uchun toʻlov miqdorini belgilash;
(3-band “a” kichik bandining beshinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2026-yil 10-apreldagi PF-58-sonli Farmoni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 13.04.2026-y., 06/26/58/0342-son)
innovatsiya va ilmiy faoliyatni olib borish, ilm-fan yutuqlarini tijoratlashtirish hamda moliyaviy resurslarni jalb etish uchun tijorat va notijorat tashkilotlar (startap, jamgʻarma va boshqalar) tuzish;
xorijiy taʼlim va ilmiy tashkilotlar bilan toʻgʻridan-toʻgʻri muzokaralar olib borish hamda oʻz faoliyatiga oid moliyaviy-iqtisodiy va maʼmuriy boshqaruv yuzasidan qarorlarni qabul qilish;
b) Universitetda taʼlim-tarbiya jarayonlari milliy va umuminsoniy qadriyatlar asosida olib boriladi hamda talabalarda yuksak maʼnaviy va axloqiy fazilatlarni rivojlantirish, Vatanga muhabbat va sadoqat, xalq manfaatlari uchun xizmat qilish tuygʻusi bilan yashaydigan barkamol avlod sifatida tarbiyalashga xizmat qiladi;
v) Universitetda taʼlim jarayoni 2021/2022 oʻquv yilidan boshlanadi hamda davlat va ingliz tillarida, kredit-modul tizimi asosida olib boriladi;
g) Universitetda taʼlim jarayoni davlat granti va toʻlov-kontrakt asosida amalga oshiriladi;
d) talabalarni qabul qilish parametrlari Maktabgacha va maktab taʼlimi vazirligi huzuridagi Ixtisoslashtirilgan taʼlim muassasalari agentligi (keyingi oʻrinlarda — Agentlik) bilan kelishgan holda Universitet tomonidan oʻrnatiladi;
(3-bandning “d” kichik bandi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2024-yil 1-apreldagi PF-55-sonli Farmoni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 03.04.2024-y., 06/24/55/0263-son)
e) Universitetda uning ilmiy salohiyatidan kelib chiqib, ilmiy va ilmiy-pedagogik kadrlar tayyorlash yoʻlga qoʻyiladi;
j) Universitetda taʼlim jarayoni “fan — taʼlim — ishlab chiqarish integratsiyasi” tamoyili asosida tashkil etilib, talabalar 1-kursdan ishlab chiqarish va ilmiy-tadqiqot markazlariga biriktiriladi hamda bitiruvchi kurs talabalari uchun “El-yurt umidi” jamgʻarmasi hisobidan yetakchi xorijiy oliy taʼlim muassasalarida oʻqishni davom ettirish va bitiruv oldi amaliyotini nufuzli xorijiy kompaniyalarda oʻtash imkoniyati yaratiladi;
z) Agentlik Universitetga malakali professor-oʻqituvchilarni, jumladan xorijiy mamlakatlar mutaxassislarini jalb qilishga yaqindan koʻmaklashadi;
i) Universitet bitiruvchilariga Oʻzbekiston Respublikasida oliy maʼlumot toʻgʻrisidagi hujjat sifatida tan olinadigan Universitet tomonidan belgilangan namunadagi diplom beriladi;
k) Universitetda talabalar boʻsh vaqtini mazmunli oʻtkazishi uchun sport toʻgaraklari, sanʼat studiyalari, kutubxona va ekskursiyalar tashkil etiladi, turli trening va madaniy uchrashuvlar oʻtkaziladi.
4. Universitetda iqtidorli talabalarning taʼlim olishini qoʻllab-quvvatlash uchun davlat granti quyidagilarga nisbatan tatbiq etiladi:
xalqaro darajadagi tegishli dasturlar (International Baccalaureate, Advanced Placement, International Advanced Levels) diplomi yoki sertifikatiga ega Prezident maktablari bitiruvchilariga;
Agentlik tizimidagi ijod va ixtisoslashtirilgan maktablar uchun ajratiladigan qabul parametrlariga muvofiq kirish imtihonlari asosida ushbu maktablar bitiruvchilariga;
Universitetga kirish imtihonlaridan muvaffaqiyatli oʻtgan Xalqaro matematika olimpiadasi (IMO), Xalqaro fizika olimpiadasi (IPhO), Xalqaro kimyo olimpiadasi (IChO), Xalqaro biologiya olimpiadasi (IBO), Xalqaro informatika olimpiadasi (IOI) gʻoliblariga;
Universitetga kirish imtihonlarida yuqori ball toʻplagan Oʻzbekiston Respublikasi fuqarolariga;
Universitetga kirish imtihonlaridan muvaffaqiyatli oʻtgan Ijtimoiy reyestrga kiritilgan oilalar farzandlariga.
(4-bandning oltinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 26-dekabrdagi PF-258-sonli Farmoni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 27.12.2025-y., 06/25/258/1223-son. Kuchga kirish sanasi — 2026-yil 1-fevral)
Agentlik bir oy muddatda davlat grantini berish tartibini nazarda tutuvchi Hukumat qarori loyihasini Vazirlar Mahkamasiga kiritsin.
5. “Yangi Oʻzbekiston” universitetining faoliyatini yoʻlga qoʻyish boʻyicha “yoʻl xaritasi” ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
6. Agentlik tomonidan Universitetda taʼlim jarayonlarini xalqaro standartlar asosida tashkil etish boʻyicha Amerika Qoʻshma Shtatlarining Massachusets texnologiya instituti, Stenford universiteti, Buyuk Britaniyaning Kembrij universiteti, Germaniyaning Myunxen texnika universiteti va boshqa nufuzli xorijiy oliy taʼlim muassasalari bilan muzokaralar olib borilayotganligi maʼlumot uchun qabul qilinsin.
Agentlik:
a) bir oy muddatda:
Universitet ustavining tasdiqlanishi va uning davlat roʻyxatidan oʻtkazilishini taʼminlasin;
muzokaralar yakuni boʻyicha hamkor xorijiy oliy taʼlim muassasalari bilan uzoq muddatli kelishuvga erishish choralarini koʻrsin;
2021/2022 oʻquv yilidan boshlab joriy etiladigan taʼlim yoʻnalishlarini belgilasin;
b) ikki oy muddatda Universitetni chuqur bilim, yuqori kasb mahoratiga ega, tajribali rahbar va pedagog kadrlar hamda malakali mutaxassislar bilan toʻldirish choralarini koʻrsin;
v) fakultetlar va taʼlim yoʻnalishlari ochilishidan kelib chiqib, oʻquv rejalari va fan dasturlarini joriy etish uchun Universitetni zarur moddiy-texnika vositalari, darsliklar, oʻquv va metodik adabiyotlar, laboratoriya asbob-uskunalari, sarflanadigan laboratoriya materiallari bilan butlash choralarini koʻrsin hamda ilgʻor elektron maʼlumotlar bazalariga doimiy ulanishini taʼminlasin;
g) Universitetga homiylik, grant va budjetdan tashqari mablagʻlarni, texnik koʻmak hamda qonunchilik hujjatlari bilan taqiqlanmagan boshqa mablagʻlarni jalb etishga koʻmaklashsin.
7. Quyidagilar Universitet faoliyatini moliyalashtirish manbalari etib belgilansin:
Oʻzbekiston Respublikasi Davlat budjeti mablagʻlari;
Agentlik huzuridagi Iqtidorli yoshlarni qoʻllab-quvvatlash jamgʻarmasi mablagʻlari;
(7-bandning uchinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2024-yil 1-apreldagi PF-55-sonli Farmoni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 03.04.2024-y., 06/24/55/0263-son)
talabalarni toʻlov-kontrakt asosida oʻqitishdan tushadigan mablagʻlar;
xoʻjalik faoliyati va shartnoma asosida xizmatlar koʻrsatishdan tushadigan mablagʻlar;
yuridik va jismoniy shaxslarning homiylik xayriyalari;
xalqaro moliya tashkilotlarining grantlari;
qonunchilik hujjatlari bilan taqiqlanmagan boshqa manbalar.
Vazirlar Mahkamasi bir oy muddatda Universitetda taʼlim jarayonini 2021/2022 oʻquv yilidan tashkil etish uchun zarur mablagʻlar ajratilishini taʼminlasin.
8. 2024-yil 1-iyunga qadar Agentlik va Universitet tomonidan olib kelinadigan oʻquv va ilmiy laboratoriya jihozlari, sarflanadigan laboratoriya materiallari, kompyuter texnikasi, dasturiy mahsulotlar, multimedia mahsulotlari, oʻquv va ilmiy-metodik adabiyotlar, qurilish materiallari, inventar va moddiy-texnika resurslari bojxona bojidan ozod etilsin.
9. Universitet buyurtmalariga binoan:
Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi jalb etiladigan xorijiy oʻqituvchilar va mutaxassislar, shuningdek, ularning oila aʼzolari uchun belgilangan tartibda koʻp martalik kirish vizalari konsullik va boshqa yigʻimlar undirilmasdan belgilangan tartibda rasmiylashtirilishini taʼminlasin;
Oʻzbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi jalb etiladigan xorijiy oʻqituvchilar va mutaxassislar, ularning oila aʼzolari uchun belgilangan tartibda koʻp martalik vizalar uzaytirilishini, shuningdek, ularning yashash manzillari boʻyicha vaqtinchalik roʻyxatdan oʻtkazilishi hamda uning muddati uzaytirilishini taʼminlasin.
(9-band Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2024-yil 1-apreldagi PF-55-sonli Farmoni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 03.04.2024-y., 06/24/55/0263-son)
10. Vazirlar Mahkamasi:
Universitet kampusini qurish uchun Toshkent shahrida zarur yer maydonini doimiy foydalanish huquqi bilan ajratish choralarini koʻrsin;
xorijiy loyiha va pudrat kompaniyalarini jalb etgan holda Universitet uchun zamonaviy oʻquv kampusi loyihasi ishlab chiqilishi va xalqaro standartlar asosida qurilishini taʼminlasin;
yangi bino qurilgunga qadar Universitetni Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universitetining boʻsh maydonlarida vaqtinchalik joylashtirsin.
11. Agentlik manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda bir oy muddatda qonunchilik hujjatlariga mazkur qarordan kelib chiqadigan oʻzgartirish va qoʻshimchalar toʻgʻrisida Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritsin.
12. Mazkur qarorning ijrosini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri A.N. Aripov va Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi rahbari Z.Sh. Nizomiddinov zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Sh. MIRZIYOYEV
Toshkent sh.,
2021-yil 23-iyun,
PQ-5158-son
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2021-yil 23-iyundagi PQ-5158-son qaroriga ILOVA
“Yangi Oʻzbekiston” universitetining faoliyatini yoʻlga qoʻyish boʻyicha “yoʻl xaritasi”