Kon-metallurgiya sanoati mahsulotlari negizida ilgʻor jahon amaliyoti asosida yuqori qoʻshilgan qiymatli tayyor mahsulotlar ishlab chiqarish quvvatlarini tashkil etish, unga bogʻliq boʻlgan tarmoqlarni rivojlantirish hamda ushbu yoʻnalishning investitsiyaviy jozibadorligini oshirish maqsadida:
1. Iqtisodiy taraqqiyot va kambagʻallikni qisqartirish vazirligi, Moliya vazirligi, Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi, Innovatsion rivojlanish vazirligi, Davlat geologiya va mineral resurslar qoʻmitasi, “Olmaliq KMK” AJ, “Oʻzeltexsanoat” uyushmasining quyidagilarni kon-metallurgiya sanoati va unga bogʻliq tarmoqlarni rivojlantirishning asosiy yoʻnalishlari etib belgilash toʻgʻrisidagi takliflari maʼqullansin:
“xom ashyodan tayyor mahsulotgacha” boʻlgan koʻp pogʻonali qoʻshilgan qiymat zanjirlarini yaratishga qaratilgan iqtisodiyotning drayveri sifatida respublikada mis mahsuloti va u bilan bogʻliq sohalarda yuqori qoʻshilgan qiymatli tayyor mahsulotlar ishlab chiqarish boʻyicha ilmiy-texnologik klasterni (keyingi oʻrinlarda — Mis sanoati klasteri) tashkil etish;
kon-metallurgiya sanoatini uzoq muddatli istiqbolda ishonchli resurs bazasi bilan taʼminlash uchun mis, rangli, nodir va noyob metallar boʻyicha geologiya-qidiruv ishlarini kengaytirish, geologiya fani va geologik xizmatlar bozorini rivojlantirish;
Mis sanoati klasteri doirasida loyiha va injiniring xizmatlari, ilmiy-tadqiqot va tajriba-konstruktorlik ishlarining oʻzaro bogʻliq tizimini rivojlantirish, zamonaviy texnologiyalarni transfer qilish, innovatsiyalarni va raqamli texnologiyalarni joriy etish hamda mavjudlarini takomillashtirish boʻyicha ilgʻor xorijiy tajribalar asosida fan va ishlab chiqarish oʻrtasidagi oʻzaro hamkorlikning yangi tizimini yoʻlga qoʻyish;
Mis sanoati klasteri uchun zarur boʻlgan kon-metallurgiya mashinalari, texnikalari, asbob-uskunalar, xom ashyoni chuqur qayta ishlash, kimyoviy mahsulotlarning yangi turlarini ishlab chiqarishni kengaytirish va oʻzlashtirish, mahalliy ixtisoslashgan tashkilotlar bilan kooperatsiya va autsorsing asosida xizmat koʻrsatish turlarini rivojlantirish;
kon-metallurgiya, elektrotexnika, mashinasozlik, dastgohsozlik sohalarida kadrlarni tayyorlash, qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish tizimini tubdan takomillashtirish, shuningdek, mavjud va yangi barpo etiladigan ishlab chiqarish quvvatlarini yuqori malakali mahalliy va xorijiy mutaxassislar bilan taʼminlash;
kon-metallurgiya sanoatini zarur infratuzilma bilan taʼminlash hamda milliy ekologik talablarni xalqaro standartlarga muvofiqlashtirish, atrof-muhitni muhofaza qilish va suvdan oqilona foydalanish;
davlatning kon-metallurgiya sanoati rivojlanishini taʼminlashga qaratilgan eng maqbul tartibga solish siyosatini shakllantirish, sanoat tarmoqlarida milliy raqobatbardoshlikni oshirish.
2. Quyidagilar:
Mis sanoati klasterini tashkil etish va rivojlantirish “yoʻl xaritasi” (keyingi oʻrinlarda — “yoʻl xaritasi”) 1-ilovaga muvofiq;
Mis sanoati klasterini tashkil etish va rivojlantirish boʻyicha maxsus komissiya (keyingi oʻrinlarda — Maxsus komissiya) tarkibi 2-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
Maxsus komissiyaga (A.N. Aripov) “yoʻl xaritasi”ga, zaruratga qarab, oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritish huquqi berilsin.
3. Maxsus komissiyaga quyidagi asosiy vazifalar yuklansin:
“yoʻl xaritasi”da belgilangan chora-tadbirlar amalga oshirilishida mutasaddi vazirlik, idora va tashkilotlar faoliyatini muvofiqlashtirish va ushbu jarayonni nazorat qilish;
mutasaddi vazirlik, idora va tashkilotlar tomonidan ishlab chiqilgan takliflarni koʻrib chiqish, ularni amaliyotga tatbiq etish boʻyicha qarorlar qabul qilish;
Mis sanoati klasterini tashkil etish va rivojlantirish hamda ushbu qaror ijrosini taʼminlash boʻyicha amalga oshirilayotgan chora-tadbirlar natijadorligini muhokama qilib borish, shuningdek, “yoʻl xaritasi”ni amalga oshirishda yuzaga keladigan masalalarni tezkor hal etish.
4. Iqtisodiy taraqqiyot va kambagʻallikni qisqartirish vazirligi, Moliya vazirligi, Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi, Innovatsion rivojlanish vazirligi, Davlat geologiya va mineral resurslar qoʻmitasi, “Navoiy KMK” AJ va “Olmaliq KMK” AJ:
Oʻzbekiston texnik jihatdan tartibga solish agentligi, “Oʻzeltexsanoat” uyushmasi bilan birgalikda 2021-yil 15-oktabrga qadar yetakchi xorijiy konsalting kompaniyalarini jalb qilgan holda, 2022 — 2026-yillarda kon-metallurgiya mashinalari, texnikalari va uskunalarining yangi turlarini ishlab chiqarishni rivojlantirish dasturini;
“Oʻzkimyosanoat” AJ bilan birgalikda 2021-yil 30-oktabrga qadar kon-metallurgiya sanoati uchun zarur boʻlgan kimyoviy mahsulotlarni ishlab chiqarishni kengaytirish boʻyicha chora-tadbirlar dasturini (“Navoiyazot” AJda tashkil etilayotgan texnologik kimyo klasterini hisobga olgan holda);
2021-yil 1-noyabrga qadar yetakchi xorijiy konsalting kompaniyalari hamda malakali mutaxassislarni jalb qilgan holda, Mis sanoati klasterini tashkil etish va rivojlantirish konsepsiyasini tasdiqlash uchun Vazirlar Mahkamasiga kiritsin.
5. Moliya vazirligi, Iqtisodiy taraqqiyot va kambagʻallikni qisqartirish vazirligi, “Navoiy KMK” AJ, “Olmaliq KMK” AJ, “Oʻzkimyosanoat” AJ va uning tarkibiga kiruvchi tashkilotlar, “Oʻzeltexsanoat” uyushmasining:
Mis sanoati klasterini tashkil etish va rivojlantirish konsepsiyasini hamda Kadrlar tayyorlash va ularning malakasini oshirish tizimini takomillashtirish dasturini ishlab chiqish, shu jumladan yetakchi xorijiy konsalting kompaniyalar hamda malakali mutaxassislarni jalb qilish, xorijiy davlatlar tajribasini oʻrganish, xizmat safarlarini tashkil etish bilan bogʻliq va boshqa tegishli xarajatlarni “Olmaliq KMK” AJ mablagʻlari;
2022 — 2026-yillarda kon-metallurgiya mashinalari, texnikalari va uskunalarining yangi turlarini ishlab chiqarishni rivojlantirish hamda kon-metallurgiya sanoati uchun zarur boʻlgan kimyoviy mahsulotlarni ishlab chiqarishni kengaytirish dasturlarini ishlab chiqish bilan bogʻliq va boshqa xarajatlarni tegishligicha “Navoiy KMK” AJ, “Olmaliq KMK” AJ, “Oʻzkimyosanoat” AJ va boshqa tarmoqlar korxonalarining mablagʻlari hisobidan amalga oshirish toʻgʻrisidagi takliflari maʼqullansin.
6. “Navoiy KMK” AJ, “Olmaliq KMK” AJ, “Oʻzkimyosanoat” AJ, “Oʻzeltexsanoat” uyushmasiga Moliya vazirligi hamda Iqtisodiy taraqqiyot va kambagʻallikni qisqartirish vazirligi bilan birgalikda yetakchi xorijiy konsalting kompaniyalar hamda malakali mutaxassislar bilan toʻgʻridan-toʻgʻri muzokaralar natijalariga koʻra eng maqbul taklifni tanlash asosida shartnomalar imzolashga ruxsat berilsin.
7. Davlat geologiya va mineral resurslar qoʻmitasi Iqtisodiy taraqqiyot va kambagʻallikni qisqartirish vazirligi, Moliya vazirligi, manfaatdor vazirlik, idora va tashkilotlar bilan birgalikda joriy yil 1-sentabrga qadar 2022 — 2026-yillarga moʻljallangan mis va boshqa rangli va noyob metallar uchun geologiya-qidiruv ishlarining maqsadli dasturini tasdiqlash uchun Vazirlar Mahkamasiga kiritsin.
8. Moliya vazirligi Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi, Davlat geologiya va mineral resurslar qoʻmitasi, Iqtisodiy taraqqiyot va kambagʻallikni qisqartirish vazirligi bilan birgalikda 2021-yil 1-sentabrga qadar xorijiy davlatlarning kam xarajatli injiniring xizmatlarini rivojlantirish boʻyicha ilgʻor tajribasini oʻrgangan holda, ularni respublikada qoʻllash toʻgʻrisidagi takliflarni Maxsus komissiyaga kiritsin.
9. Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi:
Moliya vazirligi, “Olmaliq KMK” AJ va “Oʻzeltexsanoat” uyushmasi bilan birgalikda 2021-yil 1-dekabrga qadar Mis sanoati klasteri faoliyatini tashkil etishga yetakchi xorijiy ishlab chiqaruvchilar va salohiyatli investorlarni jalb qilish tizimini joriy etsin;
Iqtisodiy taraqqiyot va kambagʻallikni qisqartirish vazirligi, Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi va viloyatlar hokimliklari bilan birgalikda 2021-yil yakuniga qadar Mis sanoati klasterini tashkil etish uchun zarur investitsiya loyihalari roʻyxatini tarmoqlar kesimida tayyorlagan holda, maxsus sanoat zonalarini tashkil etish yuzasidan takliflarni Maxsus komissiyaga kiritsin.
10. Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish davlat qoʻmitasi:
ikki oy muddatda kon-metallurgiya sanoatida milliy ekologik talablarni xalqaro standartlarga muvofiqlashtirish boʻyicha amaliy chora-tadbirlar rejasi va xalqaro ekologik talablarni amalga oshirish jadvalini Vazirlar Mahkamasiga kiritsin;
uch oy muddatda kon-metallurgiya sanoati va boshqa bazaviy tarmoqlarning yirik korxonalarida atrof-muhitga chiqariladigan chiqindilarni kamaytirish dasturlarini ishlab chiqsin hamda ularning bajarilishini qatʼiy nazoratga olsin.
Bunda, kon-metallurgiya sanoatida milliy ekologik talablarni xalqaro standartlarga muvofiqlashtirish jarayoniga xalqaro moliya tashkilotlari va xorijiy donorlar grantlari va texnik yordamini jalb qilishga eʼtibor qaratsin.
11. Iqtisodiy taraqqiyot va kambagʻallikni qisqartirish vazirligi Moliya vazirligi bilan birgalikda Energetika vazirligi, Transport vazirligi, Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi takliflari asosida 2021-yil 1-noyabrga qadar Mis sanoati klasterini zarur resurslar va infratuzilma bilan taʼminlash boʻyicha aniq hisob-kitoblarga asoslangan takliflarni Vazirlar Mahkamasiga kiritsin.
Bunda, Mis sanoati klasterini tashkil qilishda elektr energiyasini, shu jumladan qayta tiklanuvchi energiya manbalaridan foydalangan holda ishlab chiqarish va transportirovka qilish imkoniyatlari, suv taʼminoti, transport va muhandislik kommunikatsiyalarini yaratish, Mis sanoati klasteri korxonalarining faoliyatini raqamlashtirish va telekommunikatsiya texnologiyalarini joriy etish masalalari nazarda tutilsin.
12. Bosh vazir oʻrinbosari — iqtisodiy taraqqiyot va kambagʻallikni qisqartirish vaziri J.A. Qoʻchqorov Moliya vazirligi bilan birgalikda:
uch oy muddatda kon-metallurgiya sanoati boʻyicha jahon amaliyotini oʻrganish, eng maqbul tajribalarni respublika amaliyotiga tatbiq etish, ishlab chiqarish zanjirlarini tahlil qilish va rivojlantirish, qazib olish tannarxini kamaytirish va qoʻshimcha qiymat yaratish masalalari bilan shugʻullanuvchi Kon-metallurgiya sanoati iqtisodiyotini oʻrganish markazini tashkil etish boʻyicha takliflarni;
2021-yil 1-oktabrga qadar yer qaʼridan foydalanish va geologiya sohasida, shuningdek, kon-metallurgiya sanoatida soliq tizimini takomillashtirish boʻyicha tegishli qonunchilik hujjatlari loyihalarini;
2021-yil 1-noyabrga qadar Sanoat tarmoqlarida milliy raqobatbardoshlikni, shu jumladan mehnat unumdorligini oshirish dasturini amalga oshirish boʻyicha takliflarni Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasiga kiritsin.
13. Quyidagilar:
a) Suv xoʻjaligi vazirligi Davlat geologiya va mineral resurslar qoʻmitasi, Iqtisodiy taraqqiyot va kambagʻallikni qisqartirish vazirligi, Sanoat xavfsizligi davlat qoʻmitasi bilan birgalikda ikki oy muddatda “Navoiy KMK” AJ va “Olmaliq KMK” AJning suv resurslariga boʻlgan ehtiyojini hisobga olgan holda, ushbu kombinatlarda suv resurslaridan tejamkor foydalanish dasturini;
b) Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi Iqtisodiy taraqqiyot va kambagʻallikni qisqartirish vazirligi, Moliya vazirligi, Fanlar akademiyasi, “Navoiy KMK” AJ, “Olmaliq KMK” AJ va “Oʻzeltexsanoat” uyushmasi bilan birgalikda — 2021-yil 1-dekabrga qadar ilgʻor xorijiy tajribani oʻrgangan holda, quyidagilarni nazarda tutuvchi Mis sanoati klasteri uchun kadrlarni tayyorlash va qayta tayyorlash, ularning malakasini oshirish hamda sohada tajriba-konstruktorlik va ilmiy izlanishlar koʻlamini kengaytirish dasturini:
kon-metallurgiya sanoati va unga bogʻliq boʻlgan sohalar uchun muhandis, texnik va boshqa oʻrta boʻgʻin ishchi-xodimlarni tayyorlash boʻyicha professional taʼlim oʻquv dasturlarini ularning amaliyot bilan uzviy bogʻliqligini yanada kuchaytirgan holda takomillashtirish;
sohada joriy etilayotgan yangi texnologiyalarni oʻzlashtirish va ulardan samarali foydalanish, loyihalashtirish, tajriba-konstruktorlik faoliyatini rivojlantirish maqsadida kadrlar malakasini oshirish va ularni qayta tayyorlash;
ixtisoslashtirilgan oliy taʼlim muassasalarida mos yoʻnalishlar boʻyicha kechki, sirtqi va masofaviy taʼlim shakllari asosida kadrlar tayyorlash tizimini rivojlantirish, shuningdek, ilmiy izlanishlar olib borish koʻlamini kengaytirish;
v) Sanoat xavfsizligi davlat qoʻmitasi Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi, Oʻzbekiston texnik jihatdan tartibga solish agentligi bilan birgalikda — 2021-yil yakuniga qadar kon-metallurgiya, elektrotexnika va boshqa bazaviy tarmoqlarda sanoat xavfsizligi, mehnat xavfsizligi, mahsulot sifatini taʼminlash boʻyicha texnik va texnologik jihatdan tartibga solish sohasidagi normativ-huquqiy hujjatlarni, shu jumladan idoraviy hujjatlarni yetakchi xorijiy davlatlar tajribasiga muvofiq takomillashtirish dasturini tasdiqlash uchun Vazirlar Mahkamasiga kiritsin.
(14-band Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2023-yil 31-oktabrdagi PF-186-sonli Farmoniga asosan oʻz kuchini yoʻqotgan)
(15-band Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2023-yil 31-oktabrdagi PF-186-sonli Farmoniga asosan oʻz kuchini yoʻqotgan)
16. Iqtisodiy taraqqiyot va kambagʻallikni qisqartirish vazirligi Moliya vazirligi, manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda ikki oy muddatda qonunchilik hujjatlariga ushbu qarordan kelib chiqadigan oʻzgartirish va qoʻshimchalar toʻgʻrisida Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritsin.
17. Mazkur qarorning ijrosini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri A.N. Aripov hamda Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʻrinbosari J.A. Qoʻchqorov zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Sh. MIRZIYOYEV
Toshkent sh.,
2021-yil 24-iyun,
PQ-5159-son
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2021-yil 24-iyundagi PQ-5159-son qaroriga1-ILOVA
Mis sanoati klasterini tashkil etish va rivojlantirish
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2021-yil 24-iyundagi PQ-5159-son qaroriga2-ILOVA
Mis sanoati klasterini tashkil etish va rivojlantirish boʻyicha maxsus komissiya
A.N. Aripov — Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri, komissiya raisi J.A. Qoʻchqorov — Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʻrinbosari — iqtisodiy taraqqiyot va kambagʻallikni qisqartirish vaziri, komissiya raisi oʻrinbosari R.A. Gulyamov — Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti maslahatchisi, komissiya raisi oʻrinbosari T.A. Ishmetov — moliya vaziri I.Yu. Abduraxmanov — innovatsion rivojlanish vaziri B.F. Islamov — Davlat geologiya qoʻmitasi raisi Sh.M. Sadikov — axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vaziri B.I. Zakirov — qurilish vaziri A.B. Voitov — investitsiyalar va tashqi savdo vazirining birinchi oʻrinbosari B.Q. Abdinazarov — iqtisodiy taraqqiyot va kambagʻallikni qisqartirish vaziri oʻrinbosari Sh.A. Vafayev — investitsiyalar va tashqi savdo vaziri oʻrinbosari A.N. Karimov — adliya vaziri oʻrinbosari Q.S. Sanaqulov — “Navoiy kon-metallurgiya kombinati” AJ bosh direktori A.X. Xursanov — “Olmaliq kon-metallurgiya kombinati” AJ boshqaruv raisi B.V. Gulyamov — Sanoat xavfsizligi davlat qoʻmitasi raisi A.I. Maksudov — Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish davlat qoʻmitasi raisi Lavozimi boʻyicha — Oʻzbekiston texnik jihatdan tartibga solish agentligi direktori M.M. Yunusov — “Oʻzeltexsanoat” uyushmasi boshqaruv raisi A.R. Jumanazarov — Vazirlar Mahkamasining Geologiya, energetika, sanoat va uning bazaviy tarmoqlarini rivojlantirish masalalari departamenti boshligʻining oʻrinbosari Lavozimi boʻyicha — Vazirlar Mahkamasining Metallurgiya tarmogʻini va mis sanoati klasterini rivojlantirish shuʼbasi mudiri, komissiya kotibi
Izoh: Komissiya aʼzolari boshqa ishga oʻtgan taqdirda, uning tarkibiga ushbu lavozimlarga yangi tayinlangan yoki tegishli funksiyalarni bajarish zimmasiga yuklangan shaxslar kiritiladi.