PF-6257-son Farmon · 06.07.2021

Korrupsiyaga qarshi murosasiz munosabatda boʻlish muhitini yaratish, davlat va jamiyat boshqaruvida korrupsiyaviy omillarni keskin kamaytirish va bunda jamoatchilik ishtirokini kengaytirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida

Rekvizitlar

  • Hujjat turi:Farmon
  • Raqami:PF-6257
  • Qabul qilingan sana:06.07.2021
  • Kuchga kirgan sana:07.07.2021
  • Holati:Amalda
  • Rasmiy nashr:QMMB 06/21/6257/0645

Mamlakatimizda korrupsiyaning oldini olish va unga qarshi murosasiz kurashishning ilgʻor xalqaro standartlarga asoslangan tizimini joriy etish boʻyicha izchil choralar koʻrilmoqda.

Jumladan, davlat organlari va tashkilotlarining faoliyatida ochiqlik, oshkoralik va shaffoflikni taʼminlash hamda mansabdor shaxslarning aholi oldidagi hisobdorligini yoʻlga qoʻyish orqali davlat boshqaruvida samarali va taʼsirchan jamoatchilik nazoratini amalga oshirish uchun zarur sharoitlar yaratildi.

Ilk bor korrupsiyaviy xavflarni aniqlash va tizimli tahlil qilish, ularni keltirib chiqaruvchi omillarni bartaraf qilish uchun masʼul boʻlgan alohida organ — Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi tashkil etildi. Davlat hokimiyati organlari va yirik xoʻjalik yurituvchi subyektlarda korrupsiyaga qarshi ichki nazorat tuzilmalari faoliyati yoʻlga qoʻyilmoqda.

Raqamli texnologiyalar imkoniyatidan keng foydalangan holda transport vositalariga davlat raqam belgilarini berish, notariat va boshqa davlat xizmatlarini koʻrsatish, yer uchastkalarini ajratish, yoʻl harakati qoidalariga rioya etilishini nazorat qilish kabi koʻplab sohalarda korrupsiya va suiisteʼmolchiliklarning oldini olishga qaratilgan samarali mexanizmlar joriy etilmoqda.

Shu bilan birga, koʻrilayotgan tizimli choralarga qaramasdan, budjet mablagʻlaridan foydalanish, davlat xaridlari, kapital qurilish, litsenziya va ruxsatnomalarni olish, bank kreditlarini ajratish, ishga qabul qilish kabi yoʻnalishlarda korrupsiya holatlari saqlanib qolmoqda.

Korrupsiyaga qarshi kurashish va korrupsiyaviy holatlarning barvaqt oldini olish tizimi samaradorligini oshirish, ushbu jarayonga jamoatchilikni keng jalb etish va korrupsiyaga nisbatan murosasiz munosabatda boʻlish muhitini shakllantirish maqsadida:

1. Mamlakat rivojlanishining bugungi bosqichida korrupsiya Oʻzbekiston davlati va jamiyati taraqqiyoti uchun eng jiddiy xavf-xatarlardan biri ekanligi qayd etilsin.

Korrupsiya holatlarining har qanday koʻrinishlariga nisbatan murosasiz munosabatda boʻlish va unga qarshi ayovsiz kurashish barcha darajadagi davlat organlari rahbar va xodimlarining eng ustuvor vazifasi etib belgilansin.

Bosh prokuratura, Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi (keyingi oʻrinlarda — Agentlik), Davlat xavfsizlik xizmati va Ichki ishlar vazirligi korrupsiyaning har qanday koʻrinishlariga nisbatan javobgarlik muqarrarligini taʼminlash uchun barcha kuch va vositalarni safarbar etsin.

2. Keng jamoatchilikning fikri va takliflarini inobatga olib, davlat boshqaruvini korrupsiyadan xoli sohaga aylantirish maqsadida:

a) Agentlik tomonidan “Korrupsiyaga oid jinoyatlarni sodir etishda aybdor deb topilgan shaxslarning ochiq elektron reyestri” (keyingi oʻrinlarda — Reyestr) yuritilishi taʼminlansin;

b) Reyestrga kiritilgan shaxslarga quyidagilar taqiqlansin:

davlat xizmatiga kirish va davlat mukofotlari bilan taqdirlanishi;

saylanadigan va alohida tartibda tayinlanadigan lavozimlarga nomzodlarining koʻrsatilishi;

davlat organlari huzuridagi jamoatchilik kengashlari hamda idoralararo kollegial organlarning aʼzosi boʻlish;

ular tomonidan taʼsis etilgan va (yoki) ular ishtirokchisi hisoblangan tadbirkorlik subyektlari davlat xaridlarida va davlat-xususiy sheriklik toʻgʻrisidagi bitimda ishtirokchi (ijrochi) sifatida qatnashish, shuningdek, davlat aktivlarini xususiylashtirish bilan bogʻliq tender va tanlov savdolarida ishtirok etish;

davlat ulushi 50 foizdan yuqori boʻlgan tashkilotlar hamda davlat taʼlim muassasalarida rahbarlik lavozimlarida faoliyat yuritish.

3. Agentlik Bosh prokuratura, Oliy sud, Adliya vazirligi, Inson huquqlari boʻyicha Milliy markaz hamda Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi bilan birgalikda uch oy muddatda Reyestrni va u bilan bogʻliq cheklovlarni amaliyotga joriy etishga qaratilgan qonun loyihasini Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasiga kiritsin.

Belgilansinki, Reyestrga mazkur bandning birinchi xatboshisida nazarda tutilgan qonun kuchga kirganidan soʻng korrupsiyaga oid jinoyatlarni sodir etgan shaxslar kiritiladi.

4. 2022-yil 1-yanvardan boshlab, davlat xizmatchilari, davlat ulushi 50 foizdan yuqori boʻlgan tashkilotlar, davlat korxonalari va muassasalari rahbarlari va oʻrinbosarlari, ularning turmush oʻrtogʻi va voyaga yetmagan farzandlarining daromadlari va mol-mulkini majburiy deklaratsiya qilish tizimi joriy etilsin.

Shunday tartib oʻrnatilsinki, unga muvofiq:

davlat xizmatchisi tomonidan deklaratsiyani taqdim etishdan bosh tortish va qasddan notoʻgʻri maʼlumotlarni kiritish uni davlat xizmatidan chetlashtirishga va qonunda belgilangan javobgarlikka tortishga asos boʻladi;

2022-yil 1-yanvardan boshlab davlat xizmatchilariga respublika hududidan tashqarida hisobraqamlar ochish va egalik qilish, naqd pul mablagʻlarini saqlash, koʻchmas va boshqa mol-mulkka ega boʻlish taqiqlanadi (xorijda ishlayotgan davlat xizmatchilari va davlat xizmatiga kirishdan oldin olingan mol-mulk bundan mustasno).

Agentlik Davlat xizmatini rivojlantirish agentligi va boshqa manfaatdor idoralar bilan birgalikda ikki oy muddatda davlat xizmatiga oid qonunchilik hujjatlari paketi, shuningdek, deklaratsiyalash tizimini joriy etish mexanizmlari, deklaratsiya taqdim etishi lozim boʻlgan davlat xizmatchilari va ularning oila aʼzolari toifasini nazarda tutuvchi “Davlat xizmatchilarining daromadlari va mol-mulkini deklaratsiya qilish toʻgʻrisida”gi qonun loyihasini jamoatchilik muhokamasidan oʻtkazib Vazirlar Mahkamasiga kiritsin.

5. Belgilansinki, qonunchilik hujjatlarida koʻrsatilgan lavozimni egallab turgan shaxsning bevosita yoki bilvosita shaxsiy manfaati mansab (xizmat) majburiyatlarini obyektiv va xolis bajarishiga taʼsir koʻrsatuvchi yoki shunday taʼsir koʻrsatishi mumkin boʻlgan vaziyatlar manfaatlar toʻqnashuvi hisoblanadi hamda bunday vaziyatlarni oshkor qilish va ularning oldini olish boʻyicha oʻz vaqtida chora koʻrmaganlik oʻrnatilgan tartibda javobgarlikni keltirib chiqaradi.

Agentlikka manfaatlar toʻqnashuvi bilan bogʻliq har qanday holatlar aniqlanganda, shartnoma, buyruq va boshqa hujjatning amal qilishini toʻxtatib turish toʻgʻrisida taqdimnoma yoki uni haqiqiy emas deb topish boʻyicha sudga daʼvo kiritish vakolati berilsin.

Adliya vazirligi Agentlik, Davlat xizmatini rivojlantirish agentligi va Bosh prokuratura bilan birgalikda 2022-yil 1-yanvarga qadar “Manfaatlar toʻqnashuvini tartibga solish toʻgʻrisida”gi qonun, shuningdek, davlat xaridlari, soliq imtiyozlari, yer ajratish, davlat aktivlarini xususiylashtirish sohalarida manfaatlar toʻqnashuviga yoʻl qoʻyganlik uchun javobgarlikni oʻrnatishni nazarda tutuvchi qonun loyihalarini ishlab chiqib Vazirlar Mahkamasiga kiritsin.

6. Bosh prokuratura Agentlik, Oliy sud, Davlat xavfsizlik xizmati, Ichki ishlar vazirligi va Adliya vazirligi bilan birgalikda uch oy muddatda quyidagilarni nazarda tutuvchi qonun loyihasini ishlab chiqib, Oliy Majlis Qonunchilik palatasiga kiritsin:

Jinoyat kodeksida korrupsiyaga oid jinoyatlar toifasiga kiruvchi moddalarning aniq roʻyxatini belgilash;

korrupsiyaga oid jinoyatlar uchun belgilangan jazo choralarini uzoq muddatli ozodlikdan mahrum qilish jazo chorasigacha keskin kuchaytirish;

daromadlar va mol-mulkni deklaratsiyalash jarayonida aniqlangan noqonuniy boylik orttirganlik uchun javobgarlik oʻrnatish;

korrupsiyaga oid jinoyatlarni sodir etgan shaxslarga nisbatan jinoiy jazoni oʻtashda yengillashtiruvchi normalar qoʻllanilishiga cheklovlar belgilash.

7. Davlat xaridlarida raqobatli savdo turlarini cheklovchi toʻgʻridan-toʻgʻri shartnomalar, investitsiyaviy, davlat-xususiy sheriklik, xususiylashtirish va boshqa bitimlarni tuzishni nazarda tutuvchi qonunchilik hujjatlarini ishlab chiqish boʻyicha tashabbus bilan chiqish qatʼiyan taqiqlansin.

8. Vazirlar Mahkamasi, Bosh prokuratura va Adliya vazirligi ikki oy muddatda ilgʻor xorijiy tajriba asosida davlat moliyaviy nazorat institutlarini maqbullashtirib, ularning samarali modelini joriy etish va ushbu sohada parlament nazoratini kengaytirish boʻyicha taklif kiritsin.

9. Adliya vazirligi Bosh prokuratura va boshqa manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda 2021-yil 1-noyabrga qadar:

barcha inspeksiyalarning vazifa va funksiyalari, vakolatlari, huquq va majburiyatlari, tashkiliy tuzilmalarini qayta koʻrib chiqib, takomillashtirish;

boshqa shakldagi (qoʻmita, agentlik, xizmat) davlat boshqaruvi organlarining nazorat sohasidagi funksiyalarini maqbullashtirishni nazarda tutuvchi qonunchilik hujjatlari loyihalarini Vazirlar Mahkamasiga kiritsin.

10. Mahalliy budjet mablagʻlaridan foydalanishdagi korrupsiyaviy xavf-xatarlarni bartaraf qilish maqsadida Qoraqalpogʻiston Respublikasi Joʻqorgʻi Kengesi, xalq deputatlari viloyatlar, Toshkent shahar, tuman va shahar Kengashlari muntazam ravishda mahalliy budjetlarning qoʻshimcha manbalari hisobidan ajratilgan mablagʻlardan foydalanilishi ustidan nazorat oʻrnatsin.

Oliy Majlis palatalariga Korrupsiyaga qarshi kurashish milliy kengashi bilan birgalikda ikki oy muddatda mahalliy budjetlar hisobidan tashkil etilgan vaqtinchalik va maxsus jamgʻarmalar mablagʻlaridan foydalanish tartibi toʻgʻrisidagi namunaviy nizomni tasdiqlash tavsiya etilsin.

11. Korrupsiyaga qarshi kurashish boʻyicha 2021-2022-yillarga moʻljallangan davlat dasturi 1-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.

Agentlik davlat dasturida nazarda tutilgan chora-tadbirlarning oʻz vaqtida va sifatli amalga oshirilishi ustidan muntazam ravishda nazorat olib borsin va har chorak yakunlari boʻyicha Korrupsiyaga qarshi kurashish milliy kengashiga axborot kiritib borsin.

Korrupsiyaga qarshi kurashish milliy kengashi (T. Narbayeva) davlat dasturida nazarda tutilgan chora-tadbirlarning amalga oshirilishini har chorakda tanqidiy muhokama qilib borsin.

12. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining ayrim hujjatlariga 2-ilovaga muvofiq oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritilsin.

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining ayrim hujjatlari 3-ilovaga muvofiq oʻz kuchini yoʻqotgan deb hisoblansin.

13. Agentlik bir oy muddatda qonunchilik hujjatlariga ushbu Farmondan kelib chiqadigan oʻzgartirish va qoʻshimchalar toʻgʻrisida Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritsin.

14. Mazkur Farmon ijrosini samarali tashkil etishga masʼul etib Bosh prokuror N.T. Yoʻldoshev, Agentlik direktori A.E. Burxanov va Davlat xavfsizlik xizmati raisi A.A. Azizov belgilansin.

Farmon ijrosini muhokama qilib borish, ijro uchun masʼul idoralar faoliyatini muvofiqlashtirish va nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasining Korrupsiyaga qarshi kurashish milliy kengashi raisi T.K. Narbayeva, Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri A.N. Aripov va Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi rahbari Z.Sh. Nizomiddinov zimmasiga yuklansin.

Amalga oshirilayotgan chora-tadbirlar natijadorligi yuzasidan Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentiga har chorak yakuni boʻyicha axborot berib borilsin.

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Sh. MIRZIYOYEV

Toshkent sh.,

2021-yil 6-iyul,

PF-6257-son

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2021-yil 6-iyuldagi PF-6257-son Farmoniga1-ILOVA

Korrupsiyaga qarshi kurashish boʻyicha 2021-2022-yillarga moʻljallangan

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2021-yil 6-iyuldagi PF-6257-son Farmoniga2-ILOVA

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining ayrim hujjatlariga kiritilayotgan oʻzgartirish va qoʻshimchalar

1. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2018-yil 21-sentabrdagi “2019 — 2021-yillarda Oʻzbekiston Respublikasini innovatsion rivojlantirish strategiyasini tasdiqlash toʻgʻrisida”gi PF-5544-son Farmoniga 3-ilovaning 4-2-pozitsiyasida:

a) “Asosiy masʼul organ” grafasidagi “Bosh prokuratura” soʻzlari “Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi” soʻzlari bilan almashtirilsin;

b) “Turdosh davlat organlari” grafasidagi “Adliya vazirligi” soʻzlari “Bosh prokuratura, Adliya vazirligi” soʻzlari bilan almashtirilsin.

2. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2019-yil 17-yanvardagi “2017 — 2021-yillarda Oʻzbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yoʻnalishi boʻyicha Harakatlar strategiyasini “Faol investitsiyalar va ijtimoiy rivojlanish yili”da amalga oshirishga oid davlat dasturi toʻgʻrisida” PF-5635-son Farmoniga 3-ilovada:

a) 2.1-pozitsiyaning “Korrupsiya darajasi” indikatorida “Masʼul davlat organlari” grafasidagi “Bosh prokuratura (N. Yoʻldoshev)” soʻzlari “Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi (A. Burxanov)” soʻzlari bilan almashtirilsin;

b) 5.2, 6 va 17.6-pozitsiyalarning “Masʼul davlat organlari” grafasidagi “Bosh prokuratura (N. Yoʻldoshev)” soʻzlari “Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi (A. Burxanov)” soʻzlari bilan almashtirilsin.

3. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2019-yil 27-maydagi “Oʻzbekiston Respublikasida korrupsiyaga qarshi kurashish tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida” PF-5729-son Farmonida:

a) 1-band quyidagi tahrirda bayon etilsin:

“1. 2019-2020-yillarda korrupsiyaga qarshi kurashish davlat dasturi (keyingi oʻrinlarda — Davlat dasturi) 1-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.

Davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari, jamoat birlashmalari va boshqa tashkilotlar Davlat dasturining har bir bandi boʻyicha maqsadlarga erishishda samaradorlik indikatorlarini ishlab chiqsin va Oʻzbekiston Respublikasi korrupsiyaga qarshi kurashish milliy kengashi bilan kelishib olsin”;

b) 5-bandning “a” kichik bandida:

toʻrtinchi xatboshidagi “Idoralararo komissiya” soʻzlari “Oʻzbekiston Respublikasi korrupsiyaga qarshi kurashish milliy kengashi (keyingi oʻrinlarda — Milliy kengash)” soʻzlari bilan almashtirilsin;

beshinchi xatboshidagi “Idoralararo komissiyaga” soʻzlari “Milliy kengashga” soʻzlari bilan almashtirilsin;

v) 8-bandning birinchi xatboshisi quyidagi tahrirda bayon etilsin:

“Milliy kengash (T.K. Narbayeva):”;

g) 9-banddagi “Idoralararo komissiyaga” soʻzlari “Milliy kengashga” soʻzlari bilan almashtirilsin;

d) 2-ilova oʻz kuchini yoʻqotgan deb hisoblansin;

e) 3-ilova quyidagi mazmundagi 3-1-band bilan toʻldirilsin:

(4-band Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2024-yil 19-iyundagi PF-91-sonli Farmoniga asosan oʻz kuchini yoʻqotgan — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 20.06.2024-y., 06/24/91/0429-son)

5. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2017-yil 14-martdagi “Huquqbuzarliklar profilaktikasi va jinoyatchilikka qarshi kurashish tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi PQ-2833-son qarori 4-bandining toʻrtinchi xatboshisi chiqarib tashlansin.

6. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2019-yil 20-sentabrdagi “Qurilish sohasiga axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini keng joriy etish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi PQ-4464-son qaroriga 1-ilovaning birinchi xatboshisi quyidagi tahrirda bayon etilsin:

“A.E. Burxanov — Oʻzbekiston Respublikasi Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi direktori, Komissiya raisi”.

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2021-yil 6-iyuldagi PF-6257-son Farmoniga3-ILOVA

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining oʻz kuchini yoʻqotgan deb eʼtirof etilayotgan ayrim hujjatlari

1. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2017-yil 6-iyuldagi “Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining ayrim hujjatlariga oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritish, shuningdek baʼzilarini oʻz kuchini yoʻqotgan deb hisoblash toʻgʻrisida”gi PF-5111-son Farmoniga 1-ilovaning 19-bandi.

2. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2017-yil 14-sentabrdagi “Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining ayrim hujjatlariga oʻzgartirishlar va qoʻshimcha kiritish toʻgʻrisida”gi PF-5191-son Farmoniga ilovaning 11-bandi.

3. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2018-yil 5-iyundagi “Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining ayrim hujjatlariga oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritish, shuningdek, baʼzilarini oʻz kuchini yoʻqotgan deb hisoblash toʻgʻrisida”gi PF-5456-son Farmoniga 1-ilovaning 46-bandi.

4. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2018-yil 30-sentabrdagi “Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining ayrim hujjatlariga oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritish, shuningdek, baʼzilarini oʻz kuchini yoʻqotgan deb hisoblash toʻgʻrisida”gi PF-5547-son Farmoniga 1-ilovaning 12-bandi.

5. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2019-yil 19-iyuldagi “Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining ayrim hujjatlariga oʻzgartirishlar va qoʻshimcha kiritish toʻgʻrisida”gi PF-5769-son Farmoniga ilova 1-bandining “a” kichik bandi.

6. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2019-yil 8-noyabrdagi “Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining ayrim hujjatlariga oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritish, shuningdek, baʼzilarini oʻz kuchini yoʻqotgan deb hisoblash toʻgʻrisida”gi PF-5870-son Farmoniga 1-ilovaning 17-bandi.

7. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2019-yil 10-dekabrdagi “Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining ayrim hujjatlariga oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritish, shuningdek, baʼzilarini oʻz kuchini yoʻqotgan deb hisoblash toʻgʻrisida”gi PF-5892-son Farmoniga 1-ilovaning 33-bandi.

8. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2017-yil 2-fevraldagi “Korrupsiyaga qarshi kurashish toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonunining qoidalarini amalga oshirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi PQ-2752-son qarori.

Bu hujjat sizga qanday ta'sir qiladi?

HuquqTech hujjat va qonun moddalariga tayanib, savolingizga oddiy tilda javob beradi.

AI'dan bepul so'rash

Matn lex.uz rasmiy manbasidan olingan va avtomatik yangilanadi. Huquqiy ahamiyatga ega qarorlar uchun rasmiy nashrga va malakali mutaxassisga murojaat qiling.