Buxoro, Navoiy, Qashqadaryo, Samarqand va Surxondaryo viloyatlarida nasos stansiyalarini modernizatsiya qilish, elektr energiyasini tejash hamda sugʻoriladigan yerlarni suv bilan barqaror taʼminlash maqsadida:
1. Rossiya Federatsiyasining Davlat taraqqiyot korporatsiyasi “VEB.RF” (keyingi oʻrinlarda — Vneshekonombank) tomonidan maʼqullangan:
“Qashqadaryo va Surxondaryo viloyatlarida 29 ta nasos stansiyasini modernizatsiya qilish”;
“Buxoro, Navoiy va Samarqand viloyatlarida 24 ta nasos stansiyasini modernizatsiya qilish”;
“Surxondaryo va Qashqadaryo viloyatlarida 42 ta nasos stansiyasini modernizatsiya qilish” investitsiya loyihalarining (keyingi oʻrinlarda — loyihalar) texnik-iqtisodiy asoslanishi ishlab chiqilganligi va belgilangan tartibda ekspertizadan oʻtkazilganligi maʼlumot uchun qabul qilinsin.
2. Belgilab qoʻyilsinki:
a) loyihalarning umumiy qiymati 213,5 mln yevroni tashkil qiladi, shundan 146 mln yevro — Vneshekonombank krediti, 67,5 mln yevro — Oʻzbekiston Respublikasining ulushi, jumladan 33,7 mln yevro — respublika budjeti hisobidan qoʻshilgan qiymat soligʻini qoplab berish va bojxona bojidan ozod etish shaklida;
b) Oʻzbekiston Respublikasi nomidan Moliya vazirligi Vneshekonombank krediti (qarzi) boʻyicha qarz oluvchi hisoblanadi;
v) Oʻzbekiston Respublikasi Suv xoʻjaligi vazirligi:
loyihalarni amalga oshirishda iqtisodiy va moliyaviy samaradorlikka hamda belgilangan koʻrsatkichlarga erishish, shuningdek, kreditning maqsadli ishlatilishi boʻyicha masʼul ijrochi organ hisoblanadi;
oʻzlashtirilgan mablagʻlar hamda erishilgan natijalar yuzasidan maʼlumotlarni oʻzining rasmiy veb-saytida muntazam eʼlon qilib boradi;
g) Vneshekonombank tomonidan taqdim etilgan moliyalashtirish shartlariga binoan loyihalarni moliyalashtirishga bank tomonidan ajratilayotgan kreditning qayta moliyalashtiriladigan foiz stavkasi yillik 2 foiz, kreditni olish muddati 2 yil, kreditni qaytarish muddati 10 yil etib belgilanadi;
d) Oʻzbekiston Respublikasi Suv xoʻjaligi vazirligi loyihalarni amalga oshirish boʻyicha bosh pudratchilarni tender asosida aniqlaydi.
Bosh pudratchilar loyihalarni amalga oshirish doirasida:
qarz shartnomasida belgilangan mablagʻ hisobidan nasoslar, elektr dvigatellar, jihozlar, elektr qurilmalari va boshqa turdagi mahsulotlar va xizmatlarning 70 foizini Rossiya Federatsiyasi ishlab chiqaruvchilaridan, 30 foizini esa Oʻzbekiston Respublikasi mahalliy ishlab chiqaruvchilardan xarid qiladi;
Oʻzbekiston Respublikasi Davlat budjeti hisobidan nasoslar, elektr dvigatellar, jihozlar, elektr qurilmalari va boshqa turdagi mahsulotlar va xizmatlarni toʻliq Oʻzbekiston Respublikasi mahalliy ishlab chiqaruvchilaridan xarid qiladi.
3. Bosh vazir oʻrinbosari Sh.M. Gʻaniyev va Suv xoʻjaligi vazirligi (Sh.R. Xamrayev) loyihalar boʻyicha tanlov (tender) oʻtkazilganda sohaning tegishli yoʻnalishidagi mutaxassislarini oʻqitish va ularning malakasini oshirish talabini nazarda tutishni amaliyotga joriy etsin.
4. Quyidagilar:
“Qashqadaryo va Surxondaryo viloyatlarida 29 ta nasos stansiyasini modernizatsiya qilish” loyihasining asosiy texnik-iqtisodiy koʻrsatkichlari 1-ilovaga muvofiq;
“Buxoro, Navoiy va Samarqand viloyatlarida 24 ta nasos stansiyasini modernizatsiya qilish” loyihasining asosiy texnik-iqtisodiy koʻrsatkichlari 2-ilovaga muvofiq;
“Surxondaryo va Qashqadaryo viloyatlarida 42 ta nasos stansiyasini modernizatsiya qilish” loyihasining asosiy texnik-iqtisodiy koʻrsatkichlari 3-ilovaga muvofiq;
“Qashqadaryo va Surxondaryo viloyatlarida 29 ta nasos stansiyasini modernizatsiya qilish”, “Buxoro, Navoiy va Samarqand viloyatlarida 24 ta nasos stansiyasini modernizatsiya qilish” hamda “Surxondaryo va Qashqadaryo viloyatlarida 42 ta nasos stansiyasini modernizatsiya qilish” loyihalari uchun Vneshekonombankdan jalb etiladigan kredit boʻyicha asosiy qarzni qaytarish va foizlar toʻlashning prognoz jadvali 4-ilovaga muvofiq;
“Qashqadaryo va Surxondaryo viloyatlarida 29 ta nasos stansiyasini modernizatsiya qilish”, “Buxoro, Navoiy va Samarqand viloyatlarida 24 ta nasos stansiyasini modernizatsiya qilish” hamda “Surxondaryo va Qashqadaryo viloyatlarida 42 ta nasos stansiyasini modernizatsiya qilish” loyihalarini amalga oshirish natijasida qayta foydalanishga kiritiladigan yer maydonlari va yetishtiriladigan mahsulot prognoz koʻrsatkichlari 5-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
5. Oʻzbekiston Respublikasi Suv xoʻjaligi vazirligi bir oy muddatda:
Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi bilan birgalikda loyihalarning amalga oshirilishini jadallashtirish maqsadida Suv xoʻjaligi vazirligi huzuridagi Suv xoʻjaligida xorijiy investitsiya loyihalarini amalga oshirish markazi tarkibida yuridik shaxs maqomiga ega boʻlmagan loyihalarni amalga oshirish guruhini tashkil etsin;
loyihalarni amalga oshirish guruhining yillik xarajatlar smetasi va shtatlar jadvalini tasdiqlash uchun Moliya vazirligiga kiritsin.
6. Oʻzbekiston Respublikasi Iqtisodiy taraqqiyot va kambagʻallikni qisqartirish vazirligi, Moliya vazirligi, Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi 2021-yildan boshlab har yili Oʻzbekiston Respublikasi Investitsiya dasturi parametrlarini shakllantirishda loyihalarning Oʻzbekiston Respublikasi Davlat budjeti mablagʻlari hisobidan moliyalashtiriladigan qismi uchun markazlashtirilgan kapital qoʻyilmalar limitlarini nazarda tutsin.
7. Buxoro, Qashqadaryo, Navoiy, Samarqand va Surxondaryo viloyatlari hokimliklarining loyihalarni amalga oshirish doirasida Vneshekonombankdan kredit mablagʻlari jalb etilgunga qadar aniq hisob-kitoblarga asosan tegishincha mahalliy budjetlarning qoʻshimcha manbalari hisobidan budjet ssudalari ajratish toʻgʻrisidagi taklifiga rozilik berilsin. Bunda, mahalliy budjet mablagʻlari tegishli xalq deputatlari viloyat Kengashlarining roziligi bilan ajratiladi.
8. Loyihalarni amalga oshirish doirasida 2024-yil may oyiga qadar Oʻzbekiston Respublikasi Davlat budjeti va Vneshekonombank kreditlari hisobidan xarid qilinadigan tovarlar bojxona bojidan ozod qilinsin.
9. Oʻzbekiston Respublikasi moliya vaziriga Oʻzbekiston Respublikasi va Vneshekonombank oʻrtasida imzolanadigan qarz bitimini Oʻzbekiston Respublikasi nomidan imzolash vakolati berilsin.
10. Belgilab qoʻyilsinki, Vneshekonombankdan jalb etilayotgan kreditning asosiy qarzi, foizi, komissiya toʻlovlari va loyihalar bilan bogʻliq boshqa xarajatlar Oʻzbekiston Respublikasi Respublika budjeti hisobidan qoplanadi.
11. Ushbu qarorda belgilangan chora-tadbirlarning samarali va oʻz vaqtida amalga oshirilishini taʼminlash maqsadida:
a) Bosh vazir oʻrinbosari Sh.M. Ganiyev ikki hafta muddatda Buxoro (B.T. Zaripov), Qashqadaryo (Z.T. Mirzayev), Navoiy (Q.B. Tursunov), Samarqand (E.O. Turdimov) va Surxondaryo (T.A. Bobolov) viloyatlari hokimliklarining takliflari asosida:
95 ta nasos stansiyalarini modernizatsiya qilishga ajratiladigan mablagʻlardan foydalanish boʻyicha hududlar kesimida “Yoʻl xarita”larini va tarmoq jadvallarini tasdiqlab, ijroga qaratsin;
har bir tuman kesimida loyihalarni amalga oshirish boʻyicha ishchi guruhlari tashkil qilinishini taʼminlasin;
bir oy muddatda loyihalar doirasida taʼmirlanayotgan 95 ta nasos stansiyalarining kamida 30 foizini davlat-xususiy sheriklikka berish boʻyicha “Yoʻl xaritasi”ni tasdiqlasin;
loyihalar amalga oshirilishi natijasida suv taʼminoti yaxshilanadigan yer maydonlarida serdaromad ekin turlarini (paxta va gʻalladan tashqari) joylashtirish choralarini koʻrsin;
b) Suv xoʻjaligi vazirligi (Sh.R. Xamrayev):
Qishloq xoʻjaligi vazirligi (J.A. Xodjayev), Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi (Sh.A. Vafayev), Moliya vazirligi (O.Z. Nasritdinxodjayev) bilan birgalikda ikki hafta muddatda loyihalarni amalga oshirish uchun masʼul boʻlgan vazirlik va idora xodimlari, shu jumladan tuman hokimlari uchun xorijiy konsultantlarni jalb qilgan holda ikki haftalik seminar tashkil qilsin;
Moliya vazirligi (O.Z. Nasritdinxodjayev) bilan birgalikda moliyalashtirilgan loyihalar toʻgʻrisida, shuningdek, ularning sifatli amalga oshirilishi ustidan monitoring natijalari yuzasidan har chorak yakuni boʻyicha Vazirlar Mahkamasiga maʼlumot kiritib borsin;
bir oy muddatda Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi, Moliya vazirligi va Surxondaryo viloyati hokimligi bilan birgalikda Termiz Davlat universiteti huzurida irrigatsiya va melioratsiya yoʻnalishida kadrlar tayyorlash va ularni malakasini oshirishni yoʻlga qoʻyish boʻyicha Vazirlar Mahkamasiga taklif kiritsin;
v) Oʻzbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi (Sh.J. Raximov) va Hisob palatasi (B.T. Turabov) loyihalar doirasidagi mablagʻlarning maqsadli ajratilishi va sarflanishi ustidan doimiy nazorat oʻrnatsin hamda har yarim yilda Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasiga axborot kiritib borsin;
g) Oʻzbekiston Respublikasi Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi (A.E. Burxanov) loyihalar doirasida ajratilgan mablagʻlarning maqsadli ishlatilishi jarayonida ochiqlik va oshkoralikni taʼminlash ustidan doimiy nazorat oʻrnatsin;
d) Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlis Senatiga loyihalar doirasida amalga oshirilgan ishlar toʻgʻrisida vazirlik va idoralar hamda viloyatlar hokimlarining axborotlarini har chorakda Senat va tegishlicha xalq deputatlari viloyat Kengashlarining majlislarida eshitib borilishini taʼminlash tavsiya etilsin.
12. Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi Suv xoʻjaligi vazirligining buyurtmanomalariga binoan loyihalarni amalga oshirish doirasida jalb qilinadigan xorijiy mutaxassislar uchun kirish vizalari konsullik yigʻimlari undirilmasdan, haqiqiy xarajatlarning oʻrnini qoplash hisobidan, zarur hollarda Islom Karimov nomidagi “Toshkent” xalqaro aeroportida belgilangan tartibda rasmiylashtirilishini taʼminlasin.
13. Mazkur qarorning ijrosini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʻrinbosarlari J.A. Qoʻchqorov, S.Oʻ. Umurzakov va Sh.M. Gʻaniyev zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Sh. MIRZIYOYEV
Toshkent sh.,
2021-yil 29-iyul,
PQ-5201-son
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2021-yil 29-iyuldagi PQ-5201-son qaroriga 1-ILOVA
“Qashqadaryo va Surxondaryo viloyatlarida 29 ta nasos stansiyasini modernizatsiya qilish” loyihasining asosiy
* xalqaro moliya institutlari va xorijiy hukumat moliya tashkilotlari
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2021-yil 29-iyuldagi PQ-5201-son qaroriga 2-ILOVA
“Buxoro, Navoiy va Samarqand viloyatlarida 24 ta nasos stansiyasini modernizatsiya qilish” loyihasining asosiy
* xalqaro moliya institutlari va xorijiy hukumat moliya tashkilotlari
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2021-yil 29-iyuldagi PQ-5201-son qaroriga 3-ILOVA
“Surxondaryo va Qashqadaryo viloyatlarida 42 ta nasos stansiyasini modernizatsiya qilish” loyihasining asosiy
* xalqaro moliya institutlari va xorijiy hukumat moliya tashkilotlari
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2021-yil 29-iyuldagi PQ-5201-son qaroriga 4-ILOVA
“Qashqadaryo va Surxondaryo viloyatlarida 29 ta nasos stansiyasini modernizatsiya qilish”, “Buxoro, Navoiy va Samarqand viloyatlarida 24 ta nasos stansiyasini modernizatsiya qilish” hamda “Surxondaryo va Qashqadaryo viloyatlarida 42 ta nasos stansiyasini modernizatsiya qilish” loyihalari uchun Vneshekonombankdan jalb etiladigan kredit boʻyicha asosiy qarzni qaytarish va foizlar toʻlashning
* foizlarni toʻlash miqdori kreditni olish muddatlariga asosan aniqlanadi.
** toʻlovlar miqdori kreditni amalda oʻzlashtirish muddatlaridan kelib chiqib aniqlanadi.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2021-yil 29-iyuldagi PQ-5201-son qaroriga 5-ILOVA
“Qashqadaryo va Surxondaryo viloyatlarida 29 ta nasos stansiyasini modernizatsiya qilish”, “Buxoro, Navoiy va Samarqand viloyatlarida 24 ta nasos stansiyasini modernizatsiya qilish” hamda “Surxondaryo va Qashqadaryo viloyatlarida 42 ta nasos stansiyasini modernizatsiya qilish” loyihalarini amalga oshirish natijasida qayta foydalanishga kiritiladigan yer maydonlari va yetishtiriladigan mahsulot