Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2021-yil 13-iyuldagi “Yoshlarni har tomonlama qoʻllab-quvvatlash va ularning ijtimoiy faolligini yanada oshirishga oid qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi PF-6260-son Farmoniga muvofiq, shuningdek, mamlakatimizda ot sporti turlarini yanada rivojlantirish, yangi avlod chavandozlarini tayyorlash va tarbiyalash, yoshlar oʻrtasida ot sportini faol targʻib qilish va ommalashtirish maqsadida:
1. Qoraqalpogʻiston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahrida ot sporti turlariga ixtisoslashtirilgan sport maktablari (Chavandozlar maktablari) va ularning tuman (shahar) seksiyalari tashkil qilinsin.
(1-band Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2023-yil 12-iyundagi PF-92-sonli Farmoni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 13.06.2023-y., 06/23/92/0366-son)
2. Belgilansinki:
Chavandozlar maktablari Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2021-yil 11-martdagi “Yilqichilik va ot sportini yanada rivojlantirish hamda zamonaviy beshkurash va polo sport turini ommalashtirish boʻyicha qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi PQ-5024-son qaroriga muvofiq ot sportiga ixtisoslashtirilgan bolalar va oʻsmirlar sport maktablari negizida tashkil qilinadi;
Chavandozlar maktablari Milliy gvardiya tizimiga kiradi hamda oʻz faoliyatini Vazirlar Mahkamasining 2010-yil 23-sentabrdagi 211-son qarori bilan tasdiqlangan Davlat budjetidan moliyalashtiriladigan sport maktablari toʻgʻrisidagi nizomga muvofiq amalga oshiradigan maktabdan tashqari sport-taʼlim muassasasi hisoblanadi;
Chavandozlar maktablarining faoliyati ot sporti (uchkurash, toʻsiqlardan sakrash va ot yoʻrttirish), zamonaviy beshkurash, polo hamda uloq-koʻpkariga ixtisoslashtiriladi;
Chavandozlar maktablariga ilmiy-metodik va tashkiliy koʻmaklashish (oʻquv qoʻllanmalar, darsliklar, kitoblar va boshqa ilmiy-metodik adabiyotlar bilan taʼminlash, oʻquv darslari va hajmlarini belgilash, maktablar uchun zotli otlarni tanlash) Yoshlar siyosati va sport vazirligi hamda tegishincha Oʻzbekiston yilqichilik va ot sporti federatsiyasi, Oʻzbekiston zamonaviy beshkurash federatsiyasi, Oʻzbekiston polo federatsiyasi va Oʻzbekiston uloq-koʻpkari federatsiyasi tomonidan amalga oshiriladi;
(2-bandning beshinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2023-yil 12-iyundagi PF-92-sonli Farmoni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 13.06.2023-y., 06/23/92/0366-son)
Chavandozlar maktablari oʻz faoliyatini 2022-yil 1-martdan boshlaydi, shuningdek, davlat buyurtmasiga asosan ular tomonidan razryadli va unvonli sportchilar tayyorlash tizimi joriy etiladi;
Chavandozlar maktablarining tuman (shahar) seksiyalari mazkur qarorning 8-bandida koʻrsatilgan tartibda davlat-xususiy sheriklik asosida tashkil qilinadi. Bunda, bitta tuman (shahar)da bir nechta seksiyalarni tashkil qilishga ruxsat beriladi;
Chavandozlar maktablari faoliyatini (ish haqi va unga tenglashtirilgan toʻlovlar, kommunal xizmatlar, sport otlariga ozuqa va dori-darmonlar sotib olish hamda boshqa xarajatlar) moliyalashtirish manbalari etib respublika va mahalliy budjet mablagʻlari, shuningdek, oʻz faoliyati ixtisosligi boʻyicha pullik xizmatlar koʻrsatishdan tushadigan mablagʻlar, jismoniy va yuridik shaxslarning homiylik xayriyalari, shuningdek, qonunchilik hujjatlari bilan taqiqlanmagan boshqa manbalar hisoblanadi.
Milliy gvardiya (R. Djurayev) ikki hafta muddatda:
Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari bilan birgalikda yangidan tashkil qilinayotgan Chavandozlar maktablarining aniq joylashgan joyini belgilasin;
Turizm va sport vazirligi, Oʻzbekiston yilqichilik va ot sporti federatsiyasi, Oʻzbekiston zamonaviy beshkurash federatsiyasi, Oʻzbekiston polo federatsiyasi hamda Oʻzbekiston uloq-koʻpkari federatsiyasi bilan birgalikda Chavandozlar maktablari va ularning tuman (shahar) seksiyalari faoliyatiga oid minimal talablar va jihozlash meʼyorlarini ishlab chiqsin va tasdiqlasin hamda mahalliy davlat hokimiyati organlariga yetkazsin.
3. Quyidagilar Chavandozlar maktablarining asosiy vazifalari va faoliyat yoʻnalishlari etib belgilansin:
oʻsmirlar va yoshlarni ot sporti, zamonaviy beshkurash, polo va uloq-koʻpkari bilan muntazam shugʻullanishga jalb etish, iqtidorli yoshlarni aniqlash, tanlash va saralash (seleksiya), sport zaxirasi va yuqori mahoratli sportchilar tayyorlash boʻyicha oʻquv-mashq jarayonini tashkil etish, shuningdek, ushbu sport turlari boʻyicha sport tayyorgarligi mutaxassislari oʻrtasida kasbiy tajribani almashish;
xalqaro sport maydonida mamlakat sharafini munosib himoya qilishga qodir boʻlgan Oʻzbekiston terma jamoalari uchun oʻquv-tarbiya jarayonini tashkil etishning eng yangi usullarini qoʻllagan holda sport zaxirasi va yuqori mahoratli sportchilar tayyorlash;
tajriba almashish, sport musobaqalarini tashkil etish, ilmiy-metodik taʼminlash masalalari boʻyicha Yoshlar siyosati va sport vazirligi, Oʻzbekiston yilqichilik va ot sporti federatsiyasi, Oʻzbekiston zamonaviy beshkurash federatsiyasi, Oʻzbekiston polo federatsiyasi va Oʻzbekiston uloq-koʻpkari federatsiyasi bilan hamkorlikni rivojlantirish;
(3-bandning toʻrtinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2023-yil 12-iyundagi PF-92-sonli Farmoni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 13.06.2023-y., 06/23/92/0366-son)
yilqichilikda naslchilik ishlarini takomillashtirish yoʻli bilan qorabayir va boshqa nasldor zotli otlar bosh sonini koʻpaytirish.
4. Chavandozlar maktablarining namunaviy tuzilmasi 1-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
5. Belgilansinki:
Chavandozlar maktablariga Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi Raisi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimlari bilan kelishilgan holda Milliy gvardiya qoʻmondoni tomonidan lavozimga tayinlanadigan va lavozimidan ozod qilinadigan direktor rahbarlik qiladi;
oliy yoki oʻrta maxsus, kasb-hunar jismoniy tarbiya maʼlumotiga ega boʻlmagan, jismoniy tarbiya va sport mutaxassisliklari boʻyicha kollejlarda yoki oliy taʼlim muassasalarida oʻqiyotgan shaxslarga trener-yoʻriqchi sifatida trenerlik faoliyati bilan shugʻullanishga berilgan ruxsatnoma asosida Chavandozlar maktablari va ularning tuman (shahar) seksiyalarida trener yoki trener-oʻqituvchi lavozimlarida ishlashga ruxsat beriladi;
2022-yil 1-yanvardan boshlab Chavandozlar maktablarining usta-chavandozi, ot parvarishlovchisi, taqachisi, otxona boshligʻi (brigadir), zootexnigi, veterinar-shifokori, feldsher-veterinarlari mehnatini ragʻbatlantirishga Vazirlar Mahkamasining 2010-yil 23-sentabrdagi “Sport maktablari faoliyatini hamda sport maktablari trenerlari va mutaxassislari mehnatini moddiy ragʻbatlantirish tizimini yanada takomillashtirish toʻgʻrisida”gi 211-son qarorida belgilangan sharoitlar tatbiq etiladi. Bunda, usta-chavandoz, ot parvarishlovchi, taqachi, otxona boshligʻi (brigadir) — trenerga, veterinar-shifokor — shifokorga, feldsher-veterinar, zootexnik — hamshiraga tenglashtiriladi;
2022-yil 1-martdan boshlab Chavandozlar maktablari faoliyati samaradorligi boʻyicha reyting tizimi joriy qilinadi hamda uning natijalariga qarab rahbariyat, yoʻriqchi-uslubchilar, trenerlar va boshqa xodimlar mahalliy budjetning qoʻshimcha mablagʻlari hisobidan har yili bazaviy hisoblash miqdorining 10 baravarigacha miqdorda bir martalik pul mukofoti bilan ragʻbatlantiriladi.
Bunda, reyting koʻrsatkichlarini shakllantirishda Chavandozlar maktablari faoliyatiga davlat buyurtmasiga asosan tayyorlangan razryadli va unvonli sportchilar, respublika va xalqaro musobaqalarda gʻolib va sovrindor boʻlgan sportchilar, olimpiya va paralimpiya sport turlariga tayyorlash markazlari hamda ot sporti boʻyicha Respublika oliy sport mahorati maktabiga qabul qilingan oʻquvchilar soni ham inobatga olinadi.
(5-bandning oltinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2023-yil 12-iyundagi PF-92-sonli Farmoni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 13.06.2023-y., 06/23/92/0366-son)
6. Chavandozlar maktablari tuzilmasida yuridik shaxs maqomiga ega boʻlmagan, oʻz mablagʻlari hisobidan moliyalashtiriladigan Ippoterapiya markazlari tashkil qilinsin.
Sogʻliqni saqlash vazirligi (A. Inoyatov):
Milliy gvardiya, Yoshlar siyosati va sport vazirligi, Oʻzbekiston yilqichilik va ot sporti federatsiyasi, Maktabgacha va maktab taʼlimi vazirligi bilan birgalikda nevrologik, ruhiy va boshqa kasalliklarni davolash, jismoniy yoki ruhiy rivojlanishida nuqsoni boʻlgan bolalarni (shu jumladan, ixtisoslashtirilgan taʼlim muassasalarida taʼlim olayotgan bolalarni) ippoterapiya uslubi yordamida tibbiy-ijtimoiy reabilitatsiya qilish boʻyicha tizimli chora-tadbirlarni qabul qilsin;
(6-bandning uchinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2023-yil 12-iyundagi PF-92-sonli Farmoni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 13.06.2023-y., 06/23/92/0366-son)
Milliy gvardiya, Turizm va sport vazirligi, Oʻzbekiston yilqichilik va ot sporti federatsiyasi bilan birgalikda bir oy muddatda Ippoterapiya markazlari tomonidan aholiga xizmat koʻrsatish tartibini tasdiqlasin. Bunda, Ippoterapiya markazlarida “Temir daftar”ga kiritilgan oilalarning farzandlariga bepul xizmat koʻrsatish nazarda tutilsin.
7. Andijon, Buxoro, Namangan, Sirdaryo, Toshkent va Fargʻona viloyatlarida Chavandozlar maktablarini rekonstruksiya qilish, qayta taʼmirlash va jihozlash, Qoraqalpogʻiston Respublikasi, Jizzax, Qashqadaryo, Navoiy, Samarqand, Surxondaryo, Xorazm viloyatlari va Toshkent shahrida Chavandozlar maktablarini barpo etish va jihozlash boʻyicha:
buyurtmachi etib — Milliy gvardiya;
bosh loyihachi etib — “ToshuyjoyLITI” AJ belgilansin;
bosh pudratchi tashkilot belgilangan tartibda tanlov (tender) savdolari orqali aniqlansin.
Belgilansinki, Chavandozlar maktablari, shu jumladan quyidagilardan iborat boʻladi:
oʻquv mashgʻulotlari va musobaqalarni oʻtkazish uchun ochiq va yopiq turdagi manej (shu jumladan, jangovar manej), otxona, ozuqa bazasini shakllantirish uchun yer maydoni, suv saqlanadigan bochka, omborxona, beda saqlanadigan joy, otlarni qadamlash uchun joy (shagalka);
tomoshabinlar uchun tribuna, trenerlar, tibbiyot xodimlari, kiyim almashtirish xonalari, trenajyor zali, sport anjomlari, jihozlari, kiyimlari va ekipirovkasini saqlash uchun xona.
Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari:
Milliy gvardiya, Turizm va sport vazirligi bilan birgalikda uch hafta muddatda mazkur band talablaridan kelib chiqib Chavandozlar maktablarini tashkil qilish uchun belgilangan tartibda yer maydonlarini ajratsin;
hududlardagi ippodromlarni Chavandozlar maktablariga musobaqa va turnirlarni tashkil qilish, shuningdek, ularda oʻquv mashgʻulotlarini oʻtkazish uchun biriktirish va zarur sharoitlar yaratish choralarini koʻrsin.
Iqtisodiy taraqqiyot va kambagʻallikni qisqartirish vazirligi (D. Kuchkarov) Milliy gvardiya (R. Djurayev), Turizm va sport vazirligi (A. Abduxakimov) bilan birgalikda 2022-yilda ijtimoiy va ishlab chiqarish infratuzilmasini rivojlantirish dasturini shakllantirishda ishlab chiqilgan loyiha-smeta hujjatlariga asosan Chavandozlar maktablarini rekonstruksiya qilish, qayta taʼmirlash va barpo etish uchun markazlashgan kapital qoʻyilmalar limitlari ajratilishini taʼminlasin. Bunda, Chavandozlar maktablari 2022-yil 1-martga qadar toʻliq foydalanishga topshirilishi inobatga olinsin.
Qurilish vazirligi (B. Zakirov) Chavandozlar maktablarini innovatsion texnologiyalarga asoslangan, qimmat boʻlmagan, energiya tejovchi va tez barpo etiladigan yengil konstruksiya va materiallardan qurish boʻyicha loyiha-smeta hujjatlarini kompleks ekspertizadan oʻtkazishni taʼminlasin va qurilish-montaj ishlarining sifatli bajarilishi ustidan doimiy davlat arxitektura-qurilish nazoratini oʻrnatsin.
8. Belgilab qoʻyilsinki, Chavandozlar maktablarining tuman (shahar) seksiyalarini tashkil qilish quyidagi shartlar va mexanizmlarni oʻz ichiga olgan holda amalga oshiriladi:
xususiy sherikka (investorga) mahalliy ijroiya hokimiyati organlari tomonidan belgilangan tartibda bepul foydalanish uchun tegishli bino va inshootlar taqdim etiladi;
(8-bandning ikkinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2024-yil 2-fevraldagi PF-28-sonli Farmoni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 06.02.2024-y., 06/24/28/0099-son)
xususiy sherikka (investorga) qonunchilikda belgilangan tartibda qishloq xoʻjaligiga moʻljallanmagan yer uchastkalari mulk huquqi yoki uzoq muddatli ijara asosida elektron onlayn-auksion orqali realizatsiya qilinadi. Bunda, seksiyalarni muhandislik kommunikatsiyalariga, jumladan elektr, gaz va suv taʼminoti tarmoqlariga olib borish va ulash tuman (shahar)lar budjetlarining qoʻshimcha manbalari hisobidan taʼminlanadi;
xususiy sherik (investor), Milliy gvardiyaning hududiy boshqarmasi hamda mahalliy ijroiya hokimiyati organlari oʻrtasida tuzilgan bitimga asosan qamrov va otlar sonidan kelib chiqqan holda xususiy sherik (investor)ning mablagʻlari hisobidan seksiya tashkil qilinadi;
(8-bandning toʻrtinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2024-yil 2-fevraldagi PF-28-sonli Farmoni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 06.02.2024-y., 06/24/28/0099-son)
seksiya kamida 10 yil soha boʻyicha faoliyatini yuritadi. Bunda, ushbu muddat yakuni boʻyicha seksiyaning amaldagi faoliyat yoʻnalishini boshqa sohaga ixtisoslashtirishga ruxsat beriladi.
Qashqadaryo, Surxondaryo, Toshkent, Fargʻona viloyatlari va Toshkent shahar hokimliklari Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2021-yil 11-martdagi “Yilqichilik va ot sportini yanada rivojlantirish hamda zamonaviy beshkurash va polo sport turini ommalashtirish boʻyicha qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi PQ-5024-son qaroriga muvofiq tashkil qilinayotgan ot sportini rivojlantirish, naslli va zotdor otlarni koʻpaytirish, shuningdek, mahalliy va xorijiy turistlarning dam olishini tashkil qilish uchun zarur infratuzilma obyektlaridan iborat koʻp tarmoqli sport majmualarining mazkur bandda koʻrsatilgan davlat-xususiy sheriklik shartlari asosida 2022-yil 1-martga qadar barpo etilishi va foydalanishga topshirilishini taʼminlasin.
(9-band Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2023-yil 10-noyabrdagi PF-193-sonli Farmoniga asosan oʻz kuchini yoʻqotgan — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 11.11.2023-y., 06/23/193/0844-son)
10. Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi Raisi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimlari:
Milliy gvardiyaning hududiy boshqarmalari bilan birgalikda bir oy muddatda Chavandozlar maktablari va ularning tuman (shahar) seksiyalari faoliyatini tashkil qilish boʻyicha rejani tasdiqlasin;
2022-yil 1-fevralga qadar mahalliy budjet mablagʻlari hisobidan Chavandozlar maktablarini qorabayir va boshqa nasldor zotli otlar bilan taʼminlasin;
bir oy muddatda Chavandozlar maktablarining tuman (shahar) seksiyalarini tashkil etish maqsadida xususiy sheriklar (investorlar)ning roʻyxatini shakllantirsin va ularga bepul foydalanish uchun tegishli bino va inshootlarni taqdim etsin;
Chavandozlar maktablari faoliyatiga tajribali trener va boshqa mutaxassislarni jalb qilish choralarini koʻrsin;
mahalliy budjet mablagʻlari hisobidan Oʻzbekiston yilqichilik va ot sporti federatsiyasi, Oʻzbekiston zamonaviy beshkurash federatsiyasi, Oʻzbekiston polo federatsiyasi va Oʻzbekiston uloq-koʻpkari federatsiyasining hududiy boʻlinmalari faoliyatini qoʻllab-quvvatlash va moddiy-texnika bazasini mustahkamlash, shuningdek, ularni mutaxassislar (uslubchilar, menejerlar va boshqalar) bilan toʻldirishni taʼminlasin;
Oʻzbekiston yilqichilik va ot sporti federatsiyasi, Oʻzbekiston zamonaviy beshkurash federatsiyasi, Oʻzbekiston polo federatsiyasi va Oʻzbekiston uloq-koʻpkari federatsiyasining hududiy boʻlinmalari rahbarlari bilan har chorakda uchrashib, joylarda ot sportini yanada rivojlantirish va ommalashtirish boʻyicha chora-tadbirlarni belgilasin.
Milliy gvardiya, Yoshlar siyosati va sport vazirligi Oʻzbekiston yilqichilik va ot sporti federatsiyasi, Oʻzbekiston zamonaviy beshkurash federatsiyasi, Oʻzbekiston polo federatsiyasi va Oʻzbekiston uloq-koʻpkari federatsiyasi bilan birgalikda Chavandozlar maktablarida xorijiy mutaxassis faoliyat koʻrsatishini taʼminlasin.
(10-bandning sakkizinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2023-yil 12-iyundagi PF-92-sonli Farmoni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 13.06.2023-y., 06/23/92/0366-son)
11. Belgilab qoʻyilsinki:
2022-yildan boshlab har yili Chavandozlar maktablari va ularning tuman (shahar) seksiyalarining oʻquvchi-sportchilarini va trenerlarini ragʻbatlantirish maqsadida ot sporti, zamonaviy beshkurash, polo va uloq-koʻpkari boʻyicha “Eng yaxshi chavandoz”, “Eng yaxshi trener” tanlovlari tashkil etiladi;
“Eng yaxshi chavandoz”, “Eng yaxshi trener” tanlovlari gʻoliblari va sovrindorlari mahalliy budjetning qoʻshimcha mablagʻlari hisobidan bazaviy hisoblash miqdorining 10 baravaridan 30 baravarigacha miqdorda bir martalik pul mukofoti bilan ragʻbatlantiriladi.
Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari Milliy gvardiya, Yoshlar siyosati va sport vazirligi, Oʻzbekiston yilqichilik va ot sporti federatsiyasi, Oʻzbekiston zamonaviy beshkurash federatsiyasi, Oʻzbekiston polo federatsiyasi hamda Oʻzbekiston uloq-koʻpkari federatsiyasi bilan birgalikda “Eng yaxshi chavandoz”, “Eng yaxshi trener” tanlovlarini har yili yuqori saviyada tashkil etsin, turistlarni jalb qilsin va ommaviy axborot vositalarida keng yoritsin.
(11-bandning toʻrtinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2023-yil 12-iyundagi PF-92-sonli Farmoni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 13.06.2023-y., 06/23/92/0366-son)
12. 2021-yildan boshlab har yili sentabr oyida Qashqadaryo viloyatida yilqichilik yoʻnalishidagi naslchilik xoʻjaliklaridagi seleksiya ishlari natijalarini baholash, shuningdek, Chavandozlar maktablarining moddiy-texnika bazasini yanada yaxshilash maqsadida nasldor va sport otlarini tanlash boʻyicha “Oʻzbekiston otlari” nomli koʻrgazma tashkil qilinsin.
Qashqadaryo viloyati hokimligi (Z. Mirzayev) Yoshlar siyosati va sport vazirligi, Milliy gvardiya, Oʻzbekiston yilqichilik va ot sporti federatsiyasi, Oʻzbekiston zamonaviy beshkurash federatsiyasi, Oʻzbekiston polo federatsiyasi hamda Oʻzbekiston uloq-koʻpkari federatsiyasi bilan birgalikda “Oʻzbekiston otlari” nomli koʻrgazmani yuqori saviyada tashkil qilish, mahalliy va xorijiy turistlar oqimini koʻpaytirish choralarini koʻrsin.
(12-bandning ikkinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2023-yil 12-iyundagi PF-92-sonli Farmoni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 13.06.2023-y., 06/23/92/0366-son)
13. Chavandozlar maktablari va ularning tuman (shahar) seksiyalari ehtiyojlari uchun olib kelinadigan, respublikamizda ishlab chiqarilmaydigan inventarlar, sport otlari, naslli mahsulotlar (materiallar), ozuqalar, veterinariya dori vositalari va ozuqabop qoʻshimchalar, vitaminlar, uskunalar va materiallar belgilangan tartibda shakllantiriladigan roʻyxatga muvofiq bojxona bojidan ozod etilsin.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2021-yil 11-martdagi “Yilqichilik va ot sportini yanada rivojlantirish hamda zamonaviy beshkurash va polo sport turini ommalashtirish boʻyicha qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi PQ-5024-son qarori 14-bandi “e” kichik bandining ikkinchi xatboshisida nazarda tutilgan qoida Oʻzbekiston zamonaviy beshkurash federatsiyasi, Oʻzbekiston polo federatsiyasi va Oʻzbekiston uloq-koʻpkari federatsiyasiga tatbiq etilsin.
14. Milliy gvardiya (R. Djurayev) Qishloq xoʻjaligi vazirligi (J. Xodjayev) va Toshkent viloyati hokimligi (D. Xidoyatov) bilan birgalikda ikki oy muddatda Toshkent viloyati Yuqori Chirchiq tumani hududida joylashgan Milliy gvardiya 65921 harbiy qismining yordamchi xoʻjaligiga tegishli yer maydoni hududidan milliy ot sporti musobaqalari va oʻyinlarini oʻtkazish, yoshlarni milliy ot sportiga oʻrgatish maqsadida xalqaro standartlarga mos keladigan (220x80 m) yer maydoni belgilangan tartibda ajratilishini taʼminlasin, zarur hollarda, mazkur vazifani amalga oshirish uchun tegishli normativ-huquqiy hujjat loyihasini Vazirlar Mahkamasiga kiritsin.
15. Chavandozlar maktablari faoliyatini tashkil etishga oid qoʻshimcha chora-tadbirlar boʻyicha “Yoʻl xaritasi” 2-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
Vazirlik, idora va tashkilotlar rahbarlari, Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi Raisi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimlari “Yoʻl xaritasi”da belgilangan vazifalarning oʻz vaqtida va sifatli bajarilishi uchun shaxsan masʼul hisoblanadi.
16. Moliya vazirligi (T. Ishmetov) Chavandozlar maktablari faoliyatini moliyalashtirish, ular uchun noyob zotli sport otlarini xarid qilish bilan bogʻliq xarajatlarni 2022-yildan boshlab Davlat budjeti parametrlarida nazarda tutsin.
17. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2021-yil 11-martdagi “Yilqichilik va ot sportini yanada rivojlantirish hamda zamonaviy beshkurash va polo sport turini ommalashtirish boʻyicha qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi PQ-5024-son qaroriga 3-ilovaga muvofiq oʻzgartirishlar kiritilsin.
18. Mazkur qarorning ijrosini samarali tashkil etishga masʼul va shaxsiy javobgar etib Milliy gvardiya qoʻmondoni R.M. Djurayev, yoshlar siyosati va sport vaziri oʻrinbosari Sh.Sh. Maxmudov, Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi Raisi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimlari belgilansin.
(18-bandning birinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2023-yil 12-iyundagi PF-92-sonli Farmoni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 13.06.2023-y., 06/23/92/0366-son)
Qaror ijrosini muhokama qilib borish, ijro uchun masʼul tashkilotlar faoliyatini muvofiqlashtirish va nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining maslahatchisi K.K. Kuranbayev va Oʻzbekiston Respublikasi yoshlar siyosati va sport vaziri A.I. Ikramov zimmasiga yuklansin.
(18-bandning ikkinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2023-yil 12-iyundagi PF-92-sonli Farmoni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 13.06.2023-y., 06/23/92/0366-son)
Amalga oshirilayotgan chora-tadbirlar natijadorligi yuzasidan har yili 1-yanvargacha Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentiga axborot berib borilsin.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Sh. MIRZIYOYEV
Toshkent sh.,
2021-yil 5-avgust,
PQ-5212-son
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2021-yil 5-avgustdagi PQ-5212-son qaroriga1-ILOVA
Chavandozlar maktablarining namunaviy tuzilmasi
* Terma jamoaning asosiy tarkibiga kirgan sportchi(lar) ushbu lavozimga qabul qilinadi.
** Mavjud otlar sonidan kelib chiqib aniqlanadi. Bunda, 1 nafar usta-chavandozga 10 ta ot toʻgʻri keladi.
*** Mavjud otlar sonidan kelib chiqib aniqlanadi. Bunda, 1 nafar ot parvarishlovchiga 5 ta ot toʻgʻri keladi.
Yordamchi xodimlari soni belgilangan meʼyorlarga muvofiq aniqlanadi.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2021-yil 5-avgustdagi PQ-5212-son qaroriga 2-ILOVA
Chavandozlar maktablari faoliyatini tashkil etishga oid qoʻshimcha chora-tadbirlar boʻyicha
(2-ilova Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2023-yil 12-iyundagi PF-92-sonli Farmoni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 13.06.2023-y., 06/23/92/0366-son)
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2021-yil 5-avgustdagi PQ-5212-son qaroriga 3-ILOVA
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2021-yil 11-martdagi “Yilqichilik va ot sportini yanada rivojlantirish hamda zamonaviy beshkurash va polo sport turini ommalashtirish boʻyicha qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi PQ-5024-son qaroriga kiritilayotgan oʻzgartirish
1. 5-band oʻz kuchini yoʻqotgan deb hisoblansin.
2. 6-bandning beshinchi va oltinchi xatboshilari chiqarib tashlansin.
3. Qarorning ilovasi oʻz kuchini yoʻqotgan deb hisoblansin.