PQ-5215-son Qaror · 09.08.2021

Yetim bolalar va ota-ona qaramogʻidan mahrum boʻlgan bolalarni tarbiyalashning tubdan yangilangan tizimini joriy etish chora-tadbirlari toʻgʻrisida

Rekvizitlar

  • Hujjat turi:Qaror
  • Raqami:PQ-5215
  • Qabul qilingan sana:09.08.2021
  • Kuchga kirgan sana:10.08.2021
  • Holati:Amalda
  • Rasmiy nashr:QMMB 07/21/5215/0782

Yetim bolalar va ota-ona qaramogʻidan mahrum boʻlgan bolalarni tarbiyalashning tubdan yangilangan tizimini joriy etish, ularning barkamol avlod sifatida shakllanishi hamda ijtimoiy moslashuvini taʼminlash uchun zarur shart-sharoitlar yaratish, shuningdek, yetim bolalar va ota-ona qaramogʻidan mahrum boʻlgan bolalarni davlat tomonidan qoʻllab-quvvatlash masalalari boʻyicha keng jamoatchilik bilan oʻtkazilgan muhokama natijalari ijrosini taʼminlash maqsadida:

1. Vazirlar Mahkamasi, Xalq taʼlimi vazirligi, Sogʻliqni saqlash vazirligi va Milliy gvardiyaning “Mehribonlik” uylari, Bolalar shaharchalari, oilaviy bolalar uylari va Bolalar uylarini (keyingi oʻrinlarda — oʻquv-tarbiya muassasalari) Milliy gvardiyaga biriktirish toʻgʻrisidagi taklifiga rozilik berilsin.

(1-bandning birinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2024-yil 14-noyabrdagi PF-185-sonli Farmoni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 21.11.2024-y., 06/24/185/0944-son)

Milliy gvardiya “SOS — Oʻzbekiston bolalar mahallalari” uyushmasining bolalar mahallalari bilan hamkorlik oʻrnatsin.

2. Milliy gvardiyaga quyidagi qoʻshimcha vazifalar yuklansin:

oʻquv-tarbiya muassasalarining tarbiyalanuvchilarini ota-onasi yoki ularning oʻrnini bosuvchi shaxslarga qaytarish choralarini koʻrish;

(2-bandning ikkinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2024-yil 14-noyabrdagi PF-185-sonli Farmoni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 21.11.2024-y., 06/24/185/0944-son)

yetim bolalar va ota-ona qaramogʻidan mahrum boʻlgan bolalarni moddiy, huquqiy va psixologik-pedagogik qoʻllab-quvvatlash;

oʻquv-tarbiya muassasalarida sifatli taʼlim va tarbiya jarayonini yoʻlga qoʻyishga, ularning maishiy shart-sharoitlari yaxshilanishiga, shuningdek, tarbiyalanuvchilarning boʻsh vaqtini mazmunli tashkil etish hamda ularning intellektual, jismoniy va ijodiy qobiliyatlarini rivojlantirishga koʻmaklashish;

yetim bolalar va ota-ona qaramogʻidan mahrum boʻlgan bolalar uchun maʼnaviy-maʼrifiy va madaniy tadbirlarni tashkil etish;

zamonaviy usul va shakllardan foydalangan holda jismonan sogʻlom, maʼnaviy yetuk va dunyoqarashi keng yoshlarni shakllantirish, yetim bolalar va ota-ona qaramogʻidan mahrum boʻlgan bolalarni sport turlariga qiziqtirish va jalb etish.

3. Milliy gvardiya tarkibida:

markaziy devoni tuzilmasida oʻquv-tarbiya muassasalarida yoshlarning taʼlim va tarbiya olish jarayonlarini hamda ularning boʻsh vaqtini samarali tashkil etishga masʼul Milliy gvardiya qoʻmondonining oʻrinbosari lavozimi joriy etilsin;

Jamoat xavfsizligi universitetida “Harbiy vatanparvarlik, maʼnaviy-maʼrifiy tarbiya va yoshlar bilan ijtimoiy ishlash” kafedrasi tashkil etilsin.

4. Belgilansinki:

oilaviy bolalar uylari va Bolalar uylariga hamda vasiylikka, homiylikka yoki oilaga tarbiyaga olingan (patronat) yetim bolalarga (yigirma besh yoshga toʻlmagan) Milliy gvardiyaning harbiy xizmatchi va xodimlari biriktiriladi;

biriktirilgan harbiy xizmatchi va xodimlar vasiylik va homiylik organlari bilan hamkorlikda bir oyda kamida bir marotaba yetim bolalar va ota-ona qaramogʻidan mahrum boʻlgan bolalar bilan suhbatlar oʻtkazish asosida ularning taʼlim-tarbiya olish ahvolini va maishiy shart-sharoitlarini oʻrganadi, shuningdek, mavjud muammolarni bartaraf etish, ularni ota-onasi yoki ularning oʻrnini bosuvchi shaxslarga qaytarish, vasiy yoki homiy tayinlash, farzandlikka berish va joylashtirishning boshqa shakllarini qoʻllash choralarini koʻrib boradi.

5. Xalq taʼlimi vazirligi (Sh. Shermatov) ikki oy muddatda:

a) Milliy gvardiya (R. Djurayev), Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi (A. Toshkulov), Turizm va sport vazirligi (U. Azamov) hamda Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi (Sh. Sadikov) bilan birgalikda:

yetim bolalar va ota-ona qaramogʻidan mahrum boʻlgan bolalarga tarbiya berish, ularni fan, axborot texnologiyalari, xorijiy tillar, kasb-hunar va tadbirkorlikka oʻqitish, boshlangʻich harbiy tayyorgarlik va sport bilan shugʻullanishlarini tashkil etish boʻyicha yangi tizimni amaliyotga tatbiq etsin;

oʻquv-tarbiya muassasalari tarbiyalanuvchilari oʻrtasida ular tomonidan erishilgan natijalarni baholash orqali oʻquv-tarbiya muassasalarining reyting tizimini joriy qilsin;

b) Milliy gvardiya (R. Djurayev), Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi (Sh. Sadikov) bilan birgalikda oʻquv-tarbiya muassasalarining Toshkent shahridagi Inxa universiteti, Muhammad al-Xorazmiy nomidagi Toshkent axborot texnologiyalari universiteti, IT-parklar bilan oʻzaro aloqalar oʻrnatishini taʼminlasin hamda ular tomonidan oʻquv kurslari tashkil etilishi choralarini koʻrsin;

v) yetim bolalar va ota-ona qaramogʻidan mahrum boʻlgan bolalar, shuningdek, vasiylikka va homiylikka olingan bolalar va oilaga tarbiyaga berilgan (patronat) bolalar boʻyicha yaratilgan axborot tizimida maʼlumotlarni toʻliq shakllantirgan holda Milliy gvardiya, Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklariga ushbu tizimdan foydalanish huquqini bersin;

g) Milliy gvardiya (R. Djurayev), Turizm va sport vazirligi (U. Azamov), Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari bilan birgalikda:

oʻquv-tarbiya muassasalari tarbiyalanuvchilarini har yili kamida ikki marotaba oʻqishdan boʻsh vaqtlarida Oʻzbekiston boʻylab sayohatga olib chiqish dasturini tasdiqlasin. Bunda, sayohat davomida ichki ishlar organlari hamrohligi Ichki ishlar vazirligi mablagʻlari hisobidan hamda oʻquv-tarbiya muassasalari tarbiyalanuvchilarini sayohatga olib chiqish (transport, yashash va ovqatlanish) bilan bogʻliq xarajatlar oʻquv-tarbiya muassasalariga ajratilgan budjet mablagʻlari hisobidan qoplanadi;

oʻquv-tarbiya muassasalari tarbiyalanuvchilari uchun yakka kurash, ot sporti, futbol, suzish, tennis, shaxmat kabi sport turlari boʻyicha sport toʻgaraklarini tashkil etish yuzasidan chora-tadbirlar rejasini tasdiqlasin.

6. Milliy gvardiya (R. Djurayev) Xalq taʼlimi vazirligi (Sh. Shermatov) bilan birgalikda 2022-yil 1-yanvarga qadar Jamoat xavfsizligi universitetida oʻquv-tarbiya muassasalari tarbiyachilarining malakasini oshirish va qayta tayyorlashni yoʻlga qoʻysin.

7. Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi (A. Toshkulov) Xalq taʼlimi vazirligi (Sh. Shermatov) va Milliy gvardiya (R. Djurayev) bilan birgalikda har yili 1-sentabrga qadar yangi oʻquv yili uchun oliy taʼlim muassasalari yetakchi professor-oʻqituvchilarining “Mehribonlik” uylari va Bolalar shaharchalarining tarbiyalanuvchilarini axborot texnologiyalari, xorijiy tillar, aniq, tabiiy va boshqa fanlarga oʻqitish boʻyicha fakultativ va toʻgarak mashgʻulotlarini, “davra suhbatlari”ni, fan musobaqalarini tashkil etish dasturini tasdiqlasin.

8. Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari mutasaddi vazirlik va idoralar bilan birgalikda uch oy muddatda “Mehribonlik” uylari va Bolalar shaharchalarini zarur sport anjomlari (bolalarning sport bilan shugʻullanishlari uchun barcha sharoitlarni yaratgan holda), 20 tadan zamonaviy kompyuter toʻplami (uzluksiz tezkor Internet tarmogʻiga ulagan holda), tikuvchilik, oshpazlik, qandolatchilik va boshqa sohadagi toʻgaraklarni tashkil etishga ixtisoslashgan xonalarning zarur moddiy-texnik bazasi hamda avtobuslar va mikroavtobuslar bilan taʼminlasin.

9. Oliy Majlis Senatiga (T. Narbayeva) mutasaddi vazirlik va idoralar bilan birgalikda ikki oy muddatda quyidagilarni nazarda tutuvchi kompleks chora-tadbirlar rejasini tasdiqlash tavsiya etilsin:

oʻquv-tarbiya muassasalari tarbiyalanuvchilarining muammolarini oʻrganish hamda hal etish, ularning orzu-istaklarini roʻyobga chiqarishga koʻmaklashish boʻyicha “Mehr daftari” tizimini hayotga tatbiq etish;

yetim bolalar va ota-ona qaramogʻidan mahrum boʻlgan bolalarni farzandlikka, vasiylikka (homiylikka, patronatga) oladigan oilalarda tarbiyalashni ragʻbatlantirish amaliyotini joriy etish hisobiga oʻquv-tarbiya muassasalarida tarbiyalanuvchilarni bosqichma-bosqich farzandlikka, vasiylikka (homiylikka, patronatga) oladigan oilalarda tarbiyalashga oʻtkazish choralarini koʻrish;

bolalarning ota-ona qaramogʻidan mahrum boʻlishining sabablarini oʻrganish va aniqlangan muammolarni bartaraf etish.

10. Belgilansinki:

Mehr daftari”ga kiritilgan yetim bolalar va ota-ona qaramogʻidan mahrum boʻlgan bolalarni qoʻllab-quvvatlash tadbirlari mazkur bandning beshinchi xatboshisida nazarda tutilgan manbalar hisobidan Ijtimoiy himoya davlat jamgʻarmasi orqali moliyalashtiriladi;

Bunda Ijtimoiy himoya davlat jamgʻarmasi tomonidan “Mehr daftari”ga kiritilgan yetim bolalar va ota-ona qaramogʻidan mahrum boʻlgan bolalarni qoʻllab-quvvatlash tadbirlari uchun ajratilgan mablagʻlar Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Ijtimoiy himoya milliy agentligining Qoraqalpogʻiston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahar boshqarmalarining gʻazna hisobvaragʻiga ushbu hududlardagi yetim bolalar va ota-ona qaramogʻidan mahrum boʻlgan bolalar soniga mutanosib ravishda taqsimlanadi;

(10-bandning ikkinchi xatboshisi Oʻzbekiston Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2024-yil 14-noyabrdagi PF-185-sonli Farmoniga asosan ikkinchi va uchinchi xatboshilar bilan almashtirilgan — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 21.11.2024-y., 06/24/185/0944-son)

2022-yil 1-yanvardan boshlab alkogol mahsulotlarining (pivo va tabiiy vino bundan mustasno) ulgurji savdosi bilan shugʻullanuvchi korxonalar sof tushumidan ajratmalar miqdori besh foizdan uch foizga pasaytiriladi;

2022-yil 1-yanvardan boshlab alkogol mahsulotlarining (pivo va tabiiy vino bundan mustasno) ulgurji savdosi bilan shugʻullanuvchi korxonalar sof tushumining uch foiz miqdoridagi ajratmalar budjetga toʻlanadigan soliq va yigʻimlarga tenglashtiriladi, ushbu ajratmalar soliq organlari tomonidan undiriladi va import qilinadigan alkogol mahsulotlariga nisbatan tatbiq etilmaydi;

“Mehr daftari”ga kiritilgan yetim bolalar va ota-ona qaramogʻidan mahrum boʻlgan bolalarni qoʻllab-quvvatlash tadbirlarini moliyalashtirish homiylik mablagʻlari, 2022-yil 1-yanvardan boshlab alkogol mahsulotlarining (pivo va tabiiy vino bundan mustasno) ulgurji savdosi bilan shugʻullanuvchi korxonalar sof tushumining uch foizi miqdoridagi ajratmalar, shuningdek, qonunchilikda taqiqlanmagan boshqa manbalar hisobidan amalga oshiriladi;

(10-bandning oltinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2024-yil 14-noyabrdagi PF-185-sonli Farmoni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 21.11.2024-y., 06/24/185/0944-son)

2025-yil 1-yanvardan boshlab mazkur bandda nazarda tutilgan manbalar hisobidan ijtimoiy himoyaga muhtoj oilalar farzandlarini qoʻllab-quvvatlash tadbirlarini moliyalashtirish uchun ham mablagʻ yoʻnaltirishga ruxsat beriladi.

(10-band Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2024-yil 14-noyabrdagi PF-185-sonli Farmoniga asosan yettinchi xatboshi bilan toʻldirilgan — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 21.11.2024-y., 06/24/185/0944-son)

11. Oʻzbekiston Kasaba uyushmalari Federatsiyasi hamda Mahalla va oilani qoʻllab-quvvatlash vazirligining quyidagi takliflariga rozilik berilsin:

a) Mahalla va oilani qoʻllab-quvvatlash vazirligini oʻquv-tarbiya muassasalarida tarbiyalanayotgan, vasiylikka, homiylikka va oilaga tarbiyaga olingan (patronat) qizlarning taʼlim-tarbiyasi, ularni balogʻatga, turmushga tayyorlash ishlariga masʼul etib belgilash hamda Mahalla va oilani qoʻllab-quvvatlash vazirligi tomonidan:

har yili kamida ikki marotaba oʻquv-tarbiya muassasalarida tarbiyalanayotgan, vasiylikka, homiylikka va oilaga tarbiyaga olingan (patronat) qizlarning ijtimoiy holatini oʻrganib borish;

oʻquv-tarbiya muassasalarida tarbiyalanayotgan, vasiylikka, homiylikka va oilaga tarbiyaga olingan (patronat) qizlarni “Mehr daftari”ga kiritib, ularni qiynayotgan masalalarni joyida hal qilishga hamda oʻquv-tarbiya muassasalaridan keyingi hayotida oʻz oʻrnini topishiga har tomonlama koʻmaklashish;

b) Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Ijtimoiy himoya milliy agentligi va Milliy gvardiya tavsiyasiga binoan har yili 25 nafar oʻquv-tarbiya muassasalari tarbiyachilarini Oʻzbekiston Kasaba uyushmalari Federatsiyasi tizimidagi sanatoriylarda bepul davolash.

(11-bandning “b” kichik bandi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2024-yil 14-noyabrdagi PF-185-sonli Farmoni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 21.11.2024-y., 06/24/185/0944-son)

12. Qoraqalpogʻiston Respublikasi Joʻqorgʻi Kengesi, xalq deputatlari viloyatlar va Toshkent shahar, tuman (shahar) Kengashlariga yiliga kamida bir marotaba “Mehr daftari”ga kiritilgan bolalar bilan ishlashga masʼul davlat organlari va tashkilotlarining hisobotlarni eshitib borish amaliyotini yoʻlga qoʻyish tavsiya etilsin.

(12-band Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2024-yil 2-fevraldagi PF-28-sonli Farmoni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 06.02.2024-y., 06/24/28/0099-son)

13. Bosh prokuratura (N. Yoʻldoshev) oʻquv-tarbiya muassasalarida tarbiyalanayotgan voyaga yetmagan farzandi uchun ota-onalardan alimentlarning oʻz vaqtida va toʻliq undirilishini taʼminlasin.

14. Ichki ishlar vazirligi Milliy gvardiyaga biriktirilgan Xalq taʼlimi vazirligi huzuridagi Respublika oʻgʻil bolalar oʻquv-tarbiya muassasasining tarbiyalanuvchilari bilan ishlash jarayonlariga koʻmaklashsin.

15. Ichki ishlar vazirligi va Xalq taʼlimi vazirligining:

Toshkent viloyati Chinoz tumanidagi 2-son kasb-hunar maktabini ushbu tumandagi 39-son umumiy oʻrta taʼlim maktabi binosiga;

Xalq taʼlimi vazirligi huzuridagi Respublika qiz bolalar oʻquv-tarbiya muassasasini Chinoz tumanidagi 2-son kasb-hunar maktabining boʻshaydigan binosiga koʻchirish toʻgʻrisidagi takliflariga rozilik berilsin.

16. Moliya vazirligi (T. Ishmetov);

bir oy muddatda “Mehribonlik” uylari va Bolalar shaharchalarida xarajatlar smetasi tuzilishi va ijro etilishini, ish haqining hisoblanishi va toʻlanishini, tovar, ish va xizmatlarning xarid qilinishini, budjet va budjetdan tashqari mablagʻlar hisobining yuritilishini taʼminlashga koʻmaklashish maqsadida “Mehribonlik” uylari va Bolalar shaharchalariga ikki nafardan hududiy moliya organlarining malakali xodimlarini biriktirsin;

mazkur qaror ijrosi bilan bogʻliq xarajatlar uchun mablagʻlarni tegishli vazirlik va idoralarning asoslantirilgan hisob-kitoblari asosida 2021-yilda Davlat budjeti hisobidan ajratilishini taʼminlasin hamda 2022-yildan boshlab Davlat budjeti parametrlarida koʻzda tutsin.

17. Oʻzbekiston Milliy teleradiokompaniyasi, Oʻzbekiston Milliy axborot agentligi va boshqa ommaviy axborot vositalariga:

mazkur qarorning mazmun-mohiyatini, shuningdek, yetim bolalar va ota-ona qaramogʻidan mahrum boʻlgan bolalarni farzandlikka, vasiylikka (homiylikka va patronatga) olish hamda oilaviy bolalar uylarini tashkil etish tartibini, uning ijtimoiy ahamiyatini jamoatchilikka keng yoritish;

jamiyatda ayrim ota-onalar tomonidan oʻz farzandlarini mehribonlik va bolalar uylariga topshirishlari sabablarini keng tahlil qilgan holda bunday holatlarning oldini olishga qaratilgan ijtimoiy roliklarni namoyish etish, davra suhbatlari va muhokamalar tashkil etish tavsiya etilsin.

18. Yetim bolalar va ota-ona qaramogʻidan mahrum boʻlgan bolalarni tarbiyalashning tubdan yangilangan tizimini joriy etish boʻyicha “yoʻl xaritasi” ilovaga muvofiq tasdiqlansin.

19. Xalq taʼlimi vazirligi (Sh. Shermatov) manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda ikki oy muddatda qonunchilik hujjatlariga mazkur qarordan kelib chiqadigan oʻzgartirish va qoʻshimchalar toʻgʻrisida Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritsin.

20. Mazkur qaror ijrosini samarali tashkil qilishga masʼul va shaxsiy javobgar etib Milliy gvardiya qoʻmondoni R.M. Djurayev, xalq taʼlimi vaziri Sh.H. Shermatov hamda Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi Raisi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimlari belgilansin.

Qaror ijrosini muhokama qilib borish, ijro uchun masʼul tashkilotlar faoliyatini muvofiqlashtirish va nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʻrinbosari B.A. Musayev va Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti maslahatchisining oʻrinbosari D.M. Kenjayev zimmasiga yuklansin.

Amalga oshirilayotgan chora-tadbirlar natijadorligi yuzasidan Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentiga har chorakda axborot berib borilsin.

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Sh. MIRZIYOYEV

Toshkent sh.,

2021-yil 9-avgust,

PQ-5215-son

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2021-yil 9-avgustdagi PQ-5215-son qaroriga ILOVA

Yetim bolalar va ota-ona qaramogʻidan mahrum boʻlgan bolalarni tarbiyalashning tubdan yangilangan tizimini joriy etish boʻyicha

(ilova Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2024-yil 14-noyabrdagi PF-185-sonli Farmoni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 21.11.2024-y., 06/24/185/0944-son)

Bu hujjat sizga qanday ta'sir qiladi?

HuquqTech hujjat va qonun moddalariga tayanib, savolingizga oddiy tilda javob beradi.

AI'dan bepul so'rash

Matn lex.uz rasmiy manbasidan olingan va avtomatik yangilanadi. Huquqiy ahamiyatga ega qarorlar uchun rasmiy nashrga va malakali mutaxassisga murojaat qiling.