Sport-taʼlim muassasalari faoliyati rivojlanishining oʻrta va uzoq muddatli istiqbollarini belgilash, ularda olimpiya va paralimpiya sport turlari boʻyicha sportchilar zaxirasini tayyorlash uchun zarur shart-sharoitlar yaratish, shu jumladan ularni boshqarish va moliyalashtirish tizimini takomillashtirish, shuningdek, moddiy-texnik va resurs imkoniyatlarini yanada kengaytirish maqsadida:
1. Quyidagilar:
Sport-taʼlim muassasalari faoliyatini 2025-yilgacha rivojlantirish dasturi 1-ilovaga muvofiq;
Sport-taʼlim muassasalari faoliyatini 2025-yilgacha rivojlantirish dasturini 2021-2022-yillarda amalga oshirish boʻyicha “Yoʻl xaritasi” 2-ilovaga muvofiq;
Sport-taʼlim muassasalari faoliyatini 2025-yilgacha rivojlantirish dasturining maqsadli koʻrsatkichlari (indikatorlari) 3-ilovaga muvofiq;
2022 — 2025-yillarda olimpiya va paralimpiya sport turlariga tayyorlash markazlari obyektlarini qurish, rekonstruksiya qilish, mukammal taʼmirlash va jihozlashning asosiy parametrlari 4-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
(1-bandning beshinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2023-yil 12-iyundagi PF-92-sonli Farmoni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 13.06.2023-y., 06/23/92/0366-son)
2. Belgilansinki:
a) sport bino va inshootlarida qurilish-taʼmirlash ishlari faqatgina oldindan ishlab chiqilgan texnik-iqtisodiy asosnomaga muvofiq amalga oshiriladi;
b) olimpiya va paralimpiya zaxiralari kollejlarining moddiy-texnika bazasini yanada yaxshilash uchun Davlat budjetidan 2022-yildan boshlab dasturlar toʻliq bajarilgunga qadar har yili qoʻshimcha:
qurilish-taʼmirlash ishlariga — 50 milliard soʻm;
zamonaviy sport jihozlari, texnologiya vositalari, asbob-uskunalar va maxsus sport kiyimlari bilan taʼminlashga — 10 milliard soʻm;
tibbiyot boʻlimlarini zamonaviy asbob-uskunalar, dori-darmon va tiklantiruvchi vositalar bilan jihozlashga — 10 milliard soʻm;
zamonaviy oʻquv adabiyotlarini chop etish va xarid qilishga — 2 milliard soʻm mablagʻ ajratiladi.
3. Qurilish vazirligi (B. Zakirov):
Turizm va sport vazirligi bilan birgalikda ikki oy muddatda hududlarda oʻrganishlar olib borgan holda, olimpiya va paralimpiya zaxiralari kollejlari uchun qoʻshimcha quriladigan zamonaviy oʻquv, yotoqxona, oshxona, tibbiyot binolari va sport inshootlarining namunaviy loyihalarini tasdiqlasin. Bunda, ularning sport inshootlarida jismoniy imkoniyati cheklangan va nogironligi boʻlgan shaxslarning sport bilan shugʻullanishi uchun zarur shart-sharoitlar yaratishni koʻzda tutsin;
mazkur qaror asosida obyektlarning loyihaoldi va (yoki) loyiha hujjatlari ishlab chiqilishida eng maqbul meʼmoriy hamda texnik yechimlar qoʻllanilishini, ularni innovatsion texnologiyalarga asoslangan, arzon, energiya tejamkor va tez barpo etiladigan yengil konstruksiya va materiallardan qurish, shinamlik va ekologik xavfsizlik talablariga muvofiqligini taʼminlash boʻyicha loyiha-smeta hujjatlarini kompleks ekspertizadan oʻtkazishni taʼminlasin va qurilish-montaj ishlarining sifatli bajarilishi ustidan doimiy davlat arxitektura-qurilish nazoratini oʻrnatsin.
4. Sportni rivojlantirish vazirligi:
(4-bandning birinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2022-yil 6-apreldagi PF-98-sonli Farmoni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 07.04.2022-y., 06/22/98/0279-son)
a) Sogʻliqni saqlash vazirligi bilan birgalikda:
ikki oy muddatda olimpiya va paralimpiya zaxiralari kollejlarining tibbiyot boʻlimlarida foydalaniladigan zamonaviy tibbiyot asbob-uskunalari roʻyxatini tasdiqlasin;
2021-2022-yillar davomida olimpiya va paralimpiya zaxiralari kollejlarining tibbiyot boʻlimlarini modernizatsiya qilish, zamonaviy asbob-uskunalar bilan jihozlash hamda malakali mutaxassislarni jalb qilish choralarini koʻrsin;
olimpiya va paralimpiya sport turlariga tayyorlash markazlari oʻquvchilarining hududlardagi ixtisoslashtirilgan markaziy shifoxonalarga maxsus kontingent sifatida biriktirilishini taʼminlasin;
(4-band “a” kichik bandining toʻrtinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2023-yil 12-iyundagi PF-92-sonli Farmoni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 13.06.2023-y., 06/23/92/0366-son)
b) ikki oy muddatda Oʻzbekiston Milliy kutubxonasi bilan birgalikda sport-taʼlim muassasalari tomonidan respublika va jahon axborot-resurslaridan masofadan turib foydalanish tizimini yaratsin;
v) 2023-yil 1-yanvarga qadar:
(4-band “v” kichik bandining birinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2022-yil 15-yanvardagi PF-52-sonli Farmoni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 15.01.2022-y., 06/22/52/0029-son)
Oʻzbekiston davlat jismoniy tarbiya va sport universiteti hamda Jismoniy tarbiya va sport boʻyicha mutaxassislarni qayta tayyorlash va malakasini oshirish instituti kutubxonasini sport turlari, umumkasbiy va maxsus fanlar boʻyicha 8 000 dona;
olimpiya va paralimpiya zaxiralari kollejlari kutubxonalarini sport turlari, umumkasbiy va maxsus fanlar boʻyicha 7 000 dona;
boshqa sport-taʼlim muassasalarining kutubxonalarini sport turlari boʻyicha 35 000 dona xorijiy adabiyotlar bilan taʼminlash choralarini koʻrsin.
Belgilansinki, sport turlari, umumkasbiy va maxsus fanlar boʻyicha xorijiy adabiyotlarni xarid qilish va taʼlim muassasalariga yetkazib berish bilan bogʻliq 10 milliard soʻmlik xarajatlar birinchi darajali budjet mablagʻlarini taqsimlovchi sifatida Turizm va sport vazirligiga 2022-yilda respublika budjetidan ajratilgan mablagʻlar hisobidan qoplanadi, kelgusi yillarda ushbu muassasalarning kutubxona fondini boyitib borish ularning budjetdan tashqari mablagʻlari hisobidan amalga oshiriladi;
(4-band “v” kichik bandining beshinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2022-yil 15-yanvardagi PF-52-sonli Farmoni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 15.01.2022-y., 06/22/52/0029-son)
g) Davlat aktivlarini boshqarish agentligi bilan birgalikda Olimpiya va Paralimpiya oʻyinlari gʻolib va sovrindorlari boʻlgan sportchilar tomonidan tashkil etilgan nodavlat sport-taʼlim muassasalari mashgʻulotlarini olib borish uchun davlat tasarrufida boʻlgan zarur bino va inshootlarning ijara toʻlovlarisiz ularga taqdim etilishini taʼminlasin;
d) 2022-yil 1-iyulga qadar olimpiya va paralimpiya sport turlari boʻyicha sportchilarni tayyorlayotgan nodavlat sport-taʼlim muassasalarini davlat tomonidan qoʻllab-quvvatlash yuzasidan Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti qarori loyihasini kiritsin;
(4-bandning “d” kichik bandi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2022-yil 6-iyundagi PQ-268-sonli qarori tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 07.06.2022-y., 07/22/268/0478-son)
e) oʻz tizimidagi barcha turdagi sport bino va inshootlarida turniket (lazer-datchikli) va video qayd qilish moslamalarini oʻrnatish ishlarini Sportni qoʻllab-quvvatlash jamgʻarmasi mablagʻlari hisobidan amalga oshirsin.
(4-bandning “e” kichik bandi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2022-yil 6-apreldagi PF-98-sonli Farmoni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 07.04.2022-y., 06/22/98/0279-son)
5. Bosh prokuratura (N. Yoʻldoshev) Hisob palatasi (B. Turabov), Moliya vazirligi (T. Ishmetov), Adliya vazirligi (R. Davletov), Monopoliyaga qarshi kurashish qoʻmitasi (Sh. Sharaxmetov) bilan birgalikda oxirgi 3 yilda Davlat budjeti mablagʻlari hisobidan:
(5-bandning birinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2022-yil 6-apreldagi PF-98-sonli Farmoni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 07.04.2022-y., 06/22/98/0279-son)
qurilgan, shu jumladan rekonstruksiya qilingan, mukammal taʼmirlangan va jihozlangan sport obyektlarini;
Sportni rivojlantirish vazirligi, Oʻzbekiston Milliy olimpiya qoʻmitasi, Oʻzbekiston Milliy paralimpiya qoʻmitasi, sport-taʼlim muassasalari, sport federatsiya (assotsiatsiya)lari va boshqa davlat sport tashkilotlari tomonidan amalga oshirilgan xaridlar va xizmatlarni joyiga chiqqan holda oʻrgansin.
(5-bandning uchinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2022-yil 6-apreldagi PF-98-sonli Farmoni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 07.04.2022-y., 06/22/98/0279-son)
Oʻrganish jarayonida sarflangan mablagʻlardan oqilona, tejamkor va samarali foydalanganligi, tender va tanlovlar ochiq va shaffof holda oʻtkazilganligi, korrupsiyaga yoʻl qoʻyilmaganligi, davlat xaridlarining boshqa asosiy prinsiplariga toʻliq rioya qilinganligiga qonuniy baho berilsin.
6. Sport-taʼlim muassasalari hamda Jismoniy tarbiya va sport boʻyicha mutaxassislarni qayta tayyorlash va malakasini oshirish instituti, Jismoniy tarbiya va sport ilmiy tadqiqotlar institutini jihozlash hamda faoliyatini tashkil etish uchun belgilangan tartibda shakllantiriladigan roʻyxatlar boʻyicha Sport vazirligi tomonidan olib kelinadigan, Oʻzbekiston Respublikasida ishlab chiqarilmaydigan uskunalar, maxsus transport vositalari, multimedia mahsulotlari, tibbiyot trenajyorlari, adabiyotlar, sunʼiy hamda tabiiy maydon qoplamalari va inventarlar 2024-yil 1-oktabrga qadar bojxona bojidan ozod etilsin.
(6-bandning birinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2024-yil 24-dekabrdagi PF-226-sonli Farmoni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 25.12.2024-y., 06/24/226/1060-son)
Davlat bojxona qoʻmitasi mazkur bandga asosan xorijdan olib kelinadigan tovarlardan boshqa maqsadlarda foydalanilgan taqdirda, imtiyozlar berilishi munosabati bilan toʻlanmagan bojxona boji summasi qonun hujjatlarida nazarda tutilgan moliyaviy sanksiyalar qoʻllanilgan holda Davlat budjetiga undirilishini taʼminlasin.
7. Shunday tartib oʻrnatilsinki, unga muvofiq:
Davlat budjeti, shuningdek, ustav kapitalida davlat ulushi 50 foiz va undan ortiq boʻlgan yuridik shaxs, ustav kapitalining 50 foizi va undan ortigʻi ustav kapitalida davlat ulushi 50 foiz va undan ortiq boʻlgan yuridik shaxsga tegishli boʻlgan yuridik shaxs (keyingi oʻrinlarda — davlat ulushi mavjud tashkilotlar) hisobidan moliyalashtiriladigan Oʻzbekiston Milliy olimpiya qoʻmitasi, Oʻzbekiston Milliy paralimpiya qoʻmitasi va sport federatsiya (assotsiatsiya)larining daromadlari va xarajatlari smetasi har yili Sport vazirligi hamda Iqtisodiyot va moliya vazirligi bilan kelishilgan holda tasdiqlanadi;
(7-bandning ikkinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2024-yil 24-dekabrdagi PF-226-sonli Farmoni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 25.12.2024-y., 06/24/226/1060-son)
daromadlar va xarajatlar smetasida nazarda tutilgan mablagʻlardan ortiqcha xarajat qilishga hamda smetada koʻzda tutilmagan xarajatlarni amalga oshirishga yoʻl qoʻyilmaydi;
(7-bandning toʻrtinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2023-yil 12-iyundagi PF-92-sonli Farmoniga asosan chiqarilgan — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 13.06.2023-y., 06/23/92/0366-son)
sport musobaqalarini oʻtkazish uchun budjet mablagʻlari faqat har yili tasdiqlanadigan sport va ommaviy jismoniy tarbiya tadbirlarining kalendar rejasi asosida ajratib boriladi;
Davlat budjeti va davlat ulushi mavjud tashkilotlar hisobidan moliyalashtiriladigan sport tadbirlari uchun ajratiladigan mablagʻlarning samarali va maqsadli foydalanilishi ustidan doimiy ravishda davlat moliyaviy nazorati organlari tomonidan nazorat oʻrnatiladi;
(7-bandning yettinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2023-yil 12-iyundagi PF-92-sonli Farmoniga asosan chiqarilgan — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 13.06.2023-y., 06/23/92/0366-son)
8. Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari hududlarda sport turlarini rivojlantirish boʻyicha ishlarni samarali tashkil qilsin, har yili sport va ommaviy jismoniy tarbiya tadbirlarining kalendar rejalariga muvofiq hududiy sport musobaqalarini toʻliq hajmda moliyalashtirish hamda yuqori saviyada oʻtkazish choralarini koʻrsin.
9. Vazirlar Mahkamasi (A. Aripov) uch oy muddatda:
a) Tokio shahrida (Yaponiya) boʻlib oʻtgan yozgi XXXII Olimpiya oʻyinlarida gʻolib va sovrindor boʻlgan sportchilarimiz faoliyatini targʻib etish tizimini joriy qilish boʻyicha quyidagilarni nazarda tutuvchi Hukumat qarorini qabul qilsin:
mazkur sportchilarimiz tahsil olgan sport-taʼlim va oliy taʼlim muassasalari, mahallalarda ularning ibratli faoliyatiga bagʻishlangan koʻrgazmalar tashkil qilish;
koʻrgazmalarga yoshlarni keng jalb qilish, ularda sport ruhiyatini yuksaltirish, bolalar oʻrtasida sport tarbiyasini kuchaytirish;
targʻibot-tashviqot ishlarini muntazam ravishda tashkil etish orqali yoshlarni sportga, ayniqsa, olimpiya va paralimpiya sport turlariga jalb qilish;
b) Oksana Chusovitina va Bahodir Jalolov nomlaridagi sport mahorati maktablarini tashkil etish va ular uchun barcha zarur shart-sharoitlarni yaratib berish boʻyicha Hukumat qarorini qabul qilsin;
v) sportda yuksak natijalarga erishib, sport jarohatlari olganligi yoki sport faoliyatini yosh koʻrsatkichlariga koʻra tugatgan yuksak malakali sportchilarni keyingi faoliyatini davom ettirishi uchun kasbga yoʻnaltirish, ularni ish bilan taʼminlash, ijtimoiy himoya qilish boʻyicha Hukumat qarorini qabul qilsin.
10. Oʻzbekiston Milliy teleradiokompaniyasi, Oʻzbekiston Milliy axborot agentligi ajratilgan mablagʻlar doirasida:
mazkur qarorning mazmun-mohiyati va amaliy ahamiyatini yoritishga oid brifinglar, press-konferensiyalar, tematik telekoʻrsatuvlar tashkil etsin;
Kinematografiya agentligi bilan birgalikda yoshlarning sportga kirib kelishidan boshlab ularning yuqori natijalarga erishish yoʻli, nufuzli musobaqalardagi ishtiroki va bugungi kundagi hayoti toʻgʻrisida qisqa metrajli badiiy va hujjatli filmlar, videoroliklar, maxsus koʻrsatuvlar tayyorlanishini va ommaviy axborot vositalarida keng yoritilishini taʼminlasin.
Oʻzbekiston Milliy teleradiokompaniyasi Oʻzbekiston Milliy axborot agentligi bilan birgalikda Oʻzbekiston chempionati (kubogi), mamlakatimizda oʻtkaziladigan nufuzli xalqaro musobaqalar (turnirlar)ning ular oʻtkazilishidan kamida ikki oy oldin tasdiqlangan media-reja asosida ommaviy axborot vositalari orqali targʻibot qilinishini amaliyotga joriy etsin.
11. Turizm va sport vazirligi manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda uch oy muddatda qonunchilik hujjatlariga ushbu qarordan kelib chiqadigan oʻzgartirish va qoʻshimchalar toʻgʻrisida Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritsin.
12. Mazkur qarorning ijrosini samarali tashkil qilishga masʼul va shaxsiy javobgar etib yoshlar siyosati va sport vaziri A.I. Ikramov, Oʻzbekiston Milliy olimpiya qoʻmitasi bosh kotibi O.O. Kasimov, Oʻzbekiston Milliy paralimpiya qoʻmitasi raisi M.M. Tashxodjayev hamda Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi Raisi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimlari belgilansin.
(12-bandning birinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2023-yil 12-iyundagi PF-92-sonli Farmoni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 13.06.2023-y., 06/23/92/0366-son)
Qaror ijrosini muhokama qilib borish, masʼul tashkilotlar faoliyatini muvofiqlashtirish va nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vaziri A.N. Aripov va Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining maslahatchisi K.K. Kuranbayev zimmasiga yuklansin.
(12-bandning ikkinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2023-yil 12-iyundagi PF-92-sonli Farmoni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 13.06.2023-y., 06/23/92/0366-son)
Amalga oshirilayotgan chora-tadbirlar natijadorligi yuzasidan har yarim yilda Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentiga axborot berib borilsin.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Sh. MIRZIYOYEV
Toshkent sh.,
2021-yil 5-noyabr,
PQ-5280-son
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2021-yil 5-noyabrdagi PQ-5280-son qaroriga 1-ILOVA
Sport-taʼlim muassasalari faoliyatini 2025-yilgacha rivojlantirish
1-bob. Umumiy qoidalar
Sport-taʼlim muassasalari faoliyatini 2025-yilgacha rivojlantirish dasturi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2021-yil 25-iyundagi “2021-yilda Tokio shahrida (Yaponiya) boʻlib oʻtadigan XXXII yozgi Olimpiya va XVI Paralimpiya oʻyinlarida Oʻzbekiston sport delegatsiyasining ishtirokini taʼminlash hamda olimpiya sport turlarini yanada rivojlantirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi PQ-5160-son qarorining ijrosini taʼminlash maqsadida ishlab chiqilgan.
Dastur sport taʼlimi tizimini rivojlantirishning maqsadi, vazifalari, ustuvor yoʻnalishlari, istiqboldagi bosqichlarini belgilaydi hamda ular boʻyicha dasturlar va kompleks chora-tadbirlarni ishlab chiqish uchun asos hisoblanadi.
2-bob. Sport taʼlimi tizimini rivojlantirishning asosiy yoʻnalishlari
Sport taʼlimi tizimini rivojlantirish quyidagi ustuvor yoʻnalishlarga asosan amalga oshiriladi:
a) sport taʼlimi tizimining mazmunini sifat jihatidan yangilash, shuningdek, malakali professional pedagog kadrlarni tayyorlash, qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish:
trener-oʻqituvchilar tayyorlovchi oliy taʼlim muassasalarining tegishli yoʻnalishlarida taʼlimning pedagogika, didaktika, amaliy pedagogik psixologiya, metodika, umumkasbiy va maxsus fanlarga alohida eʼtibor qaratgan holda, oʻquv materiallarini va pedagogik baholashni ishlab chiqish orqali pedagog kadrlar tayyorlash tizimini takomillashtirish;
taʼlim berishning zamonaviy nazariyalarini oʻzlashtirish, pedagogik psixologiyani tushunish, pedagogik kompetentlik hamda shaxsga yoʻnaltirilgan yondashuvlar asoslarini egallashni koʻzda tutgan holda trener-oʻqituvchilarni tayyorlash va qayta tayyorlash markazlari faoliyatini qayta koʻrib chiqish;
sport-taʼlim muassasalarida trener-oʻqituvchilarning sifat tarkibini, xususan bakalavr darajasiga ega boʻlgan trenerlar sonini bosqichma-bosqich oshirish;
sport taʼlimi tizimi uchun boshqaruv kadrlarini tayyorlash, qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish tizimini, shu jumladan yosh kadrlar kirib kelishini ragʻbatlantirishni qoʻllab-quvvatlash;
avvalo olis va chekka hududlarda joylashgan, oʻquvchilar soni kam boʻlgan sport maktablari trenerlariga qoʻshimcha yangi ixtisosliklar va malakalarni oʻzlashtirishga imkon beradigan sport taʼlimi infratuzilmasini shakllantirish;
(2-bob “a” kichik bandining oltinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2023-yil 12-iyundagi PF-92-sonli Farmoni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 13.06.2023-y., 06/23/92/0366-son)
sport taʼlimi sohasida rahbar kadrlar tayyorlash boʻyicha standartlashtirilgan dastur ishlab chiqish hamda “Sport taʼlimi sohasida menejment” yoʻnalishi boʻyicha malaka oshirish tizimini yaratish;
sport-taʼlim muassasalari rahbar xodimlari lavozimiga nomzodlar oʻrtasida tanlov asosida saralash amaliyotini joriy qilish va ularni ragʻbatlantirishni kuchaytirish;
trener-oʻqituvchilarning masofadan malakasini oshirish va qayta tayyorlash tizimi samaradorligini oshirish va qamrovini kengaytirish;
malaka oshirish va qayta tayyorlash kurslarida oʻqitish mazmuni va usullarini yangilash, baholash tizimini qayta koʻrib chiqish;
trenerlar tayyorlovchi tegishli yoʻnalishidagi oliy taʼlim muassasalarining sirtqi va kechki taʼlim yoʻnalishlari uchun qabul kvotalarini oshirish, Sport vazirligining asoslangan tavsiyasiga asosan trenerlarga ehtiyoj katta boʻlgan olis va chekka hududlardagi abituriyentlar uchun umumiy qabul kvotalari doirasida imtiyozli qabul kvotalarini belgilash mexanizmini joriy etish;
(2-bob “a” kichik bandining oʻn birinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2024-yil 24-dekabrdagi PF-226-sonli Farmoni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 25.12.2024-y., 06/24/226/1060-son)
oʻquvchi-sportchilarning umumiy va maxsus jismoniy hamda texnik-taktik darajasini baholashga yoʻnaltirilgan xalqaro tajribalardan foydalanib sportchining sifat darajasini baholash milliy tizimini yaratish;
trenerlarning malaka talablarini, shuningdek, yangilangan standartlarini joriy etish uchun egallanadigan amaliy koʻnikmalarni aniqlashning yangi usullarini joriy etish;
yosh trenerlarni, ularning xizmat mavqeyi oʻsishini hisobga olgan holda, kasbiy qoʻllab-quvvatlash va hamkorlikda ishlash mexanizmini takomillashtirish;
sport-taʼlim muassasalarining faoliyati samaradorligini baholashning reyting tizimini takomillashtirish;
sport-taʼlim muassasalarining taʼsis hujjatlarini qayta koʻrib chiqish, zamonaviy boshqaruvni joriy qilish, ularning sportchilar, trenerlar va jamiyat oldidagi masʼuliyatini oshirish;
sport taʼlimi tizimini rivojlantirish uchun qulay shart-sharoitlarni yaratishga qaratilgan xalqaro meʼyorlar va standartlarni implementatsiya qilish;
b) iqtidorli va isteʼdodli yoshlar bilan aniq maqsadga yoʻnaltirilgan ishlarni amalga oshirish tizimini takomillashtirish:
sport musobaqalarini oʻtkazish mexanizmlarini qayta koʻrib chiqish va qobiliyatli, iqtidorli sportchilarni aniqlashda shaffoflikni taʼminlash, baholash mezonlarini mos ravishda tegishli xalqaro qoidalarga va mezonlariga moslashtirish;
sport maktablari, shu jumladan ularning filiallarini tashkil etish;
(2-bob “b” kichik bandining uchinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2023-yil 12-iyundagi PF-92-sonli Farmoni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 13.06.2023-y., 06/23/92/0366-son)
olimpiya va paralimpiya sport turlariga tayyorlash markazlari kontingentini olimpiya va paralimpiya sport turlari boʻyicha shakllantirish;
(2-bob “b” kichik bandining toʻrtinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2023-yil 12-iyundagi PF-92-sonli Farmoni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 13.06.2023-y., 06/23/92/0366-son)
respublika oliy sport mahorati maktablarining ilmiy salohiyatga ega trenerlar jamoasini sport maktablarida iqtidorli oʻquvchilar bilan ishlashga va sport darajasi sifatini baholashga jalb qilish;
(2-bob “b” kichik bandining beshinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2023-yil 12-iyundagi PF-92-sonli Farmoni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 13.06.2023-y., 06/23/92/0366-son)
sport-taʼlimi muassasalariga oʻquvchilarni qabul qilishda shaffoflikni taʼminlash;
sport maktablari hamda ixtisoslashtirilgan sport maktablariga oʻquvchilarni qabul qilishda ularning jismoniy tayyorgarlik darajasini baholash tizimi boʻyicha sport sinovlarini muvaffaqiyatli topshirganligiga alohida eʼtibor qaratish;
(2-bob “b” kichik bandining yettinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2023-yil 12-iyundagi PF-92-sonli Farmoni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 13.06.2023-y., 06/23/92/0366-son)
davlat buyurtmasiga asosan sport-taʼlim muassasalari tomonidan razryadli va unvonli sportchilar tayyorlash tizimini joriy etish;
hududlarda iqtidorli yoshlarni aniqlash, tanlash va saralash (seleksiya)ning raqamlashtirilgan yangi tizimini joriy qilish maqsadida maxsus sport tizimini boshqarish platformasini yaratish va kelgusida uning samarali faoliyat yuritishini taʼminlash;
sport-taʼlim muassasalari oʻquvchilarining yakka tartibdagi ish daftarlari, kartochkalar, tarqatma va sanoq materiallari mazmuni va dizaynini ishlab chiqish va tasdiqlash;
yetuk va professional sportchilarni tayyorlash uchun sport-taʼlim muassasalarining sport federatsiya (assotsiatsiya)lari bilan hamkorligini kuchaytirish;
xalqaro tajribani oʻrganish asosida iqtidorli yosh sportchilarni aniqlash, xalqaro sport maydonlarida munosib qatnashadigan professional sportchilarni tayyorlash uchun ularning koʻnikma va bilimini rivojlantirishga yoʻnaltirilgan zamonaviy oʻqitish dasturlari va metodikalarini amaliyotga joriy etish.
v) oʻqitish usullarini takomillashtirish, mashgʻulot jarayoniga individuallashtirish tamoyillarini bosqichma-bosqich tatbiq etish:
kichik yoshdan oʻquvchilarda sogʻlom, kuchli va taʼsirchan motivatsiyani shakllantirish hamda sport turini tanlash, sportda natijaga erishishni mustaqil rejalashtirish qobiliyatini rivojlantirish;
zamonaviy darsliklar, oʻquv-uslubiy qoʻllanmalar uchun axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini joriy etgan holda multimedia ilovalarini yaratish;
sport-taʼlim muassasalari kutubxonalarini oʻquvchilar mustaqil tayyorlanadigan zamonaviy (smart) markazlarga aylantirish, ularning foydali maydonlarini kengaytirish va moddiy-texnik jihozlash, yagona axborot tizimiga birlashtirish, shuningdek, Oʻzbekiston Milliy kutubxonasi elektron resurslariga ulash;
sport-taʼlim muassasalarida oʻquv-tarbiya jarayonini samarali tashkil etish, muqobil yondashuvlarni oʻrganishga va ilmiy asoslashga yoʻnaltirilgan amaliy xarakterdagi ilmiy izlanishlarni rivojlantirish;
olimpiya va paralimpiya sport turlariga tayyorlash markazlarida bir-biri bilan uzviy bogʻliq boʻlmagan fanlar asosida tuzilgan oʻquv dasturlaridan bosqichma-bosqich voz kechish, oʻquv rejalari va taʼlim dasturlari sonini optimallashtirish;
(2-bob “v” kichik bandining oltinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2023-yil 12-iyundagi PF-92-sonli Farmoni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 13.06.2023-y., 06/23/92/0366-son)
olimpiya va paralimpiya sport turlarining tarixi, xorijiy mamlakatlarning ilgʻor tajribasi, sportchilar va trenerlarni kompleks tayyorlash kabi masalalarga qattiq eʼtibor qaratish;
g) oʻquvchilarni maʼnaviy-axloqiy tarbiyalashni, ularning jismonan sogʻlom va baquvvat shakllanishini taʼminlash:
sport-taʼlim muassasalari shugʻullanuvchilari oʻrtasida sogʻlom ovqatlanish tamoyillarini ommalashtirish;
olimpiya va paralimpiya sport turlariga tayyorlash markazlari oʻquvchilarini ovqatlantirish hamda xoʻjalik xizmatlarini autsorsing shartlari asosida amalga oshirish;
(2-bob “g” kichik bandining uchinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2023-yil 12-iyundagi PF-92-sonli Farmoni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 13.06.2023-y., 06/23/92/0366-son)
salomatlikni muhofaza qilish va sportda farmakologik taʼsirga ega dori preparatlari va boshqa moddalardan qonuniy foydalanish borasida sportchilar, trenerlarning huquqiy madaniyati va savodxonligini oshirish tadbirlarini oʻtkazish;
fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organlari tomonidan tarbiyasida muammolari boʻlgan oʻquvchilarning ota-onalari bilan tushuntirish ishlarini olib borish;
rivojlangan mamlakatlarning ilgʻor tajribasini oʻrgangan holda sport-taʼlim muassasalarida oʻquvchilar oʻrtasida zoʻravonlik (bulling)ning oldini olishga qaratilgan dasturlarni joriy etish;
d) jismoniy imkoniyati cheklangan va nogironligi boʻlgan sportchilarga koʻrsatiladigan sport xizmatlari sifatini yaxshilash:
jismoniy imkoniyati cheklangan va nogironligi boʻlgan sportchilar taʼlim oladigan sport-taʼlimi muassasalari binolari, inshootlari, sport bazalari va boshqa obyektlariga qoʻyiladigan talablarni belgilash;
jismoniy imkoniyati cheklangan va nogironligi boʻlgan sportchilar oʻqitiladigan taʼlim muassasalarini zarur adabiyotlar, metodik qoʻllanmalar, kasblarga oʻqitish uchun zarur boʻladigan uskuna va jihozlar bilan taʼminlashga qaratilgan chora-tadbirlarni amalga oshirish;
jismoniy imkoniyati cheklangan va nogironligi boʻlgan sportchilarni oʻqitish uchun inklyuziv taʼlim tizimini tashkil etish, taʼlim muassasalarini maxsus moslamalar (koʻtarish qurilmasi, pandus, tutqich va boshqalar), shuningdek, tegishli kadrlar (pedagog-defektolog, bolalarni ruhiy-pedagogik kuzatish boʻyicha mutaxassislar va boshqalar) bilan taʼminlash;
jamoatchilik oʻrtasida jismoniy imkoniyati cheklangan va nogironligi boʻlgan bolalarning bilim olish hamda sport bilan shugʻullanish huquqi, inklyuziv oʻqitishning mazmun-mohiyati haqida tushuntirish ishlarini olib borish;
jismoniy imkoniyati cheklangan va nogironligi boʻlgan sportchilarning moslashishi va integratsiyasi uchun olimpiya va paralimpiya sport turlariga tayyorlash markazlarini maxsus jihozlar bilan taʼminlash;
(2-bob “d” kichik bandining oltinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2023-yil 12-iyundagi PF-92-sonli Farmoni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 13.06.2023-y., 06/23/92/0366-son)
e) sport-taʼlim muassasalari faoliyatiga zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalari va innovatsion loyihalarni joriy etish:
barcha sport-taʼlim muassasalarini yagona maʼlumotlarni uzatish tarmogʻiga birlashtirish hamda foydalanish uchun ruxsat etilgan Internet tarmogʻi resurslarini avtomatik filtrlash orqali “Xavfsiz Internet” konsepsiyasini ishlab chiqish va amaliyotga tatbiq etish;
ichki lokal tarmoqlarni yaratish, oʻquv sinfxonalarini, oʻqituvchilar hamda muassasa maʼmuriyatini axborot-kommunikatsiya texnologiyalari va vositalari, xususan kompyuter texnikasi, interaktiv doska, planshet va boshqa jihozlar bilan taʼminlash;
Sport vazirligi hamda uning hududiy boʻlinmalari faoliyatining boshqaruv jarayonlarini avtomatlashtirish, yangiliklar, xavf-xatarlar va muammolarga oʻz vaqtida munosib ravishda eʼtibor qaratish uchun axborot almashinuvining samarali tizimini shakllantirish;
(2-bob “e” kichik bandining toʻrtinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2024-yil 24-dekabrdagi PF-226-sonli Farmoni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 25.12.2024-y., 06/24/226/1060-son)
sport-taʼlim muassasalarining mavjud darslik va oʻquv-uslubiy adabiyotlarini toʻliq elektron formatga oʻtkazish;
sport-taʼlim muassasalarida oʻquvchilarning davomati monitoringini taʼminlovchi biometrik tizimni joriy etish;
axborot-kommunikatsiya texnologiyalari rivojlanishining zamonaviy tendensiyalarini hisobga olgan holda sport taʼlimi tizimida kompyuterlashtirish darajasini oshirish;
axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini qoʻllagan holda yangi avlod darslik va oʻquv-uslubiy adabiyotlarini tayyorlash va chop etishni tashkillashtirish;
sport taʼlimi tizimi boshqaruvi sohasiga ilmiy-tadqiqot va innovatsion faoliyatning zamonaviy yutuqlarini joriy etishning samarali mexanizmlarini yaratish;
budjetdan tashqari manbalardan, homiylardan mablagʻlar tushishi va taqsimlanishini nazorat qilish maqsadida raqamli onlayn-platformalarni yaratish;
sport taʼlimi tizimida multimedia mahsulotlarini ishlab chiqish va ularni qoʻllash jarayonini tizimli tashkil etish choralarini koʻrish;
elektron kitoblarni mobil uskunalarga yuklab va koʻchirib olish maqsadida kutubxonalarda QR-kod yordamida elektron kitoblar haqidagi axborotlarni joylashtirish tizimini yaratish;
sport-taʼlim muassasalarida oʻquvchilarning sport natijalarini QR-kodlantirish;
j) sport taʼlimi tizimida korrupsiyaga qarshi kurashishning taʼsirchan mexanizmini yaratish:
sport taʼlimi tizimi davlat xizmatchilarining professional korpusini yaratish, ularning huquqiy maqomi, klassifikatsiyasi, xizmatga qabul qilishning shaffof mexanizmlari (tanlov asosida), kadrlar zaxirasini shakllantirish, odob-axloq normalariga rioya etilishini taʼminlash masalalarini tartibga soluvchi normativ-huquqiy hujjatlar loyihalarini ishlab chiqish;
sport taʼlimi tizimida davlat xizmatining jozibadorligini oshirish, korrupsiyaning yuzaga kelish xavfi va mansab suiisteʼmolchiligini kamaytirish imkonini beradigan davlat xizmatchilari mehnatiga haq toʻlash va ijtimoiy taʼminotining zamonaviy tizimini yaratish;
Sport vazirligi hamda uning hududiy boʻlinmalari faoliyatining shaffofligi va ochiqligini kuchaytirish, jismoniy va yuridik shaxslarga axborot taqdim etishning zamonaviy shakllarini joriy qilish orqali sport-taʼlim muassasalari va aholi bilan oʻzaro ishlashda ortiqcha maʼmuriy sarf-xarajatlarga barham berish;
(2-bob “j” kichik bandining toʻrtinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2024-yil 24-dekabrdagi PF-226-sonli Farmoni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 25.12.2024-y., 06/24/226/1060-son)
jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlari bilan ishlash tizimini yanada takomillashtirish, aholi bilan ochiq muloqotni yoʻlga qoʻyishning yangi, samarali mexanizm va uslublarini joriy etish;
ish vaqti va moddiy ishlab chiqarish resurslaridan oqilona foydalanish va axborot-kommunikatsiya texnologiyalari yutuqlarini keng joriy etish hisobiga sport taʼlimi tizimi xodimlarining mehnat unumdorligini oshirish;
sport-taʼlim muassasalarida korrupsiyaga qarshi kurashish borasida ular bilan huquqni muhofaza qiluvchi organlarning hamkorligini kuchaytirish;
sport-taʼlim muassasalaridagi uskunalar, maxsus transport vositalari, kompyuter texnikasi, multimedia mahsulotlari, tibbiyot trenajyorlari, adabiyotlar, qurilish materiallari, sunʼiy hamda tabiiy maydon qoplamalari va inventarlardan samarali va maqsadli foydalanishni taʼminlash, budjet mablagʻlaridan toʻgʻri foydalanish;
sport musobaqalari, konferensiya, koʻrgazma va boshqa tadbirlarni oʻtkazish orqali mamlakatning sport taʼlimi sohasidagi yutuqlarini keng yoritish, xalqaro aloqalarni kengaytirish va mustahkamlash;
z) sport-taʼlim muassasalarining moddiy-texnika bazasini mustahkamlash va ularni moliyalashtirish samaradorligini oshirish:
ilgʻor xalqaro tajribani hisobga olgan holda bosqichma-bosqich qurilish, rekonstruksiya qilish va kapital taʼmirlash ishlarida ilgʻor texnologiyalar va muhandis yechimlariga tayanish, mazkur ishlarni amalga oshirishda innovatsion texnologiyalarga asoslangan, arzon, energiya tejamkor va tez barpo etiladigan yengil konstruksiya va materiallardan keng foydalanish, ularni shinamlik va ekologik xavfsizlik talablariga muvofiqligini taʼminlash;
sport taʼlimi tizimida qulay investitsiya muhitini yaratish, xususiy sektorni sport-taʼlim muassasalarining quvvatlarini oshirishga yanada ragʻbatlantirish va manfaatdorligini oshirish;
nodavlat sport-taʼlim muassasalari tarmogʻini kengaytirish, sport taʼlimi tizimida raqobat muhitini oshirish, iqtidorli va isteʼdodli yoshlarni qoʻllab-quvvatlash;
olimpiya va paralimpiya sport turlariga tayyorlash markazlari va boshqa sport-taʼlim muassasalaridan yetishib chiqqan Olimpiya va Paralimpiya oʻyinlari, Osiyo va Paraosiyo oʻyinlari, jahon chempionatlari (kuboklari) gʻolib va sovrindorlari boʻlgan sportchilarning maktablari (klublari)ni tashkil etish, ularni davlat tomonidan qoʻllab-quvvatlash;
(2-bob “z” kichik bandining beshinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2023-yil 12-iyundagi PF-92-sonli Farmoni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 13.06.2023-y., 06/23/92/0366-son)
oilaviy nodavlat sport taʼlimi tizimini joriy qilishning huquqiy asoslarini yaratish;
“Zamonaviy sport inshooti” loyihasini amalga oshirish, uning doirasida sport-taʼlim muassasalari uchun xalqaro tajribalarni hisobga olgan holda yangi turdagi sport inshootlarni barpo etish va muqaddam qurilgan yangi binolarni zamonaviy inshootlar namunasiga moslashtirishni taʼminlash;
olimpiya va paralimpiya zaxiralari kollejlarida tibbiyot boʻlimlarini tashkil etish, ularni kardiologiya, travmatologiya, stomatologiya va boshqa zarur yoʻnalishlar boʻyicha zamonaviy asbob-uskunalar bilan jihozlash hamda malakali mutaxassislarni jalb qilish;
sport-taʼlim muassasalarining oʻquv xonalari va laboratoriyalarini zamonaviy mebel, jihozlar, oʻquv-uslubiy materiallar, kompyuter va multimedia texnikalari, videokuzatuv tizimlari bilan jihozlash;
sport-taʼlim muassasalarida pullik xizmatlarni koʻrsatishni kengaytirish, homiylik va xayriya mablagʻlari hisobidan budjetdan tashqari jamgʻarmalarni shakllantirish amaliyotini joriy etish;
sport-taʼlim muassasalarini elektr energiyasi, tabiiy gaz, koʻmir, ichimlik suvi va boshqa kommunal xizmatlar bilan uzluksiz taʼminlash.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2021-yil 5-noyabrdagi PQ-5280-son qaroriga2-ILOVA
Sport-taʼlim muassasalari faoliyatini 2025-yilgacha rivojlantirish dasturini 2021-2022-yillarda amalga oshirish boʻyicha
Izoh: ushbu dastur tegishli davrga moʻljallangan maqsadli parametrlar va asosiy yoʻnalishlardan kelib chiqib, har yili alohida Vazirlar Mahkamasi qarori bilan tasdiqlanadigan “yoʻl xaritasi” orqali bosqichma-bosqich amalga oshirib boriladi.
(2-ilova Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2023-yil 12-iyundagi PF-92-sonli Farmoni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 13.06.2023-y., 06/23/92/0366-son)
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2021-yil 5-noyabrdagi PQ-5280-son qaroriga3-ILOVA
Sport-taʼlim muassasalari faoliyatini 2025-yilgacha rivojlantirish dasturining maqsadli koʻrsatkichlari (indikatorlari)
(3-ilova Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2023-yil 12-iyundagi PF-92-sonli Farmoni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 13.06.2023-y., 06/23/92/0366-son)
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2021-yil 5-noyabrdagi PQ-5280-son qaroriga4-ILOVA
2022 — 2025-yillarda olimpiya va paralimpiya sport turlariga tayyorlash markazlari obyektlarini qurish, rekonstruksiya qilish, mukammal taʼmirlash va jihozlashning asosiy parametrlari
(4-ilova nomi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2023-yil 12-iyundagi PF-92-sonli Farmoni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 13.06.2023-y., 06/23/92/0366-son)
(4-ilova Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2023-yil 12-iyundagi PF-92-sonli Farmoni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 13.06.2023-y., 06/23/92/0366-son)