PQ-82-son Qaror · 13.01.2022

Samarqand davlat universiteti faoliyatini yanada takomillashtirishga doir qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida

Rekvizitlar

  • Hujjat turi:Qaror
  • Raqami:PQ-82
  • Qabul qilingan sana:13.01.2022
  • Kuchga kirgan sana:14.01.2022
  • Holati:Amalda
  • Rasmiy nashr:QMMB 07/22/82/0021

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2019-yil 8-oktabrdagi PF-5847-son Farmoni bilan tasdiqlangan Oʻzbekiston Respublikasi oliy taʼlim tizimini 2030-yilgacha rivojlantirish konsepsiyasida belgilangan vazifalar ijrosini bosqichma-bosqich taʼminlash hamda Samarqand davlat universitetini ilmiy-texnologik va ijtimoiy rivojlantirish, raqobatbardosh ilmiy va pedagogik kadrlar tayyorlash, flagman oliy taʼlim muassasasi darajasiga olib chiqish maqsadida:

1. Samarqand davlat universitetiga atoqli davlat va jamoat arbobi Sharof Rashidov nomi berilsin.

2. Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi hamda Innovatsion rivojlanish vazirligining Sharof Rashidov nomidagi Samarqand davlat universitetida (keyingi oʻrinlarda — Universitet) Transformatsiya ofisini tashkil etish toʻgʻrisidagi taklifiga rozilik berilsin.

Transformatsiya ofisi quyidagilar uchun masʼul etib belgilansin:

Universitetni transformatsiya qilish va kompleks rivojlantirish dasturini amalga oshirish hamda 2026-yilga qadar xalqaro tan olingan tashkilotlarning oliy taʼlim muassasalari reytingida birinchi 1000 talik roʻyxatga kiritish;

Universitet faoliyatini raqamlashtirish hamda taʼlim jarayoniga zamonaviy pedagogik texnologiyalarni joriy etish;

Universitetni tanitish boʻyicha milliy va xorijiy ommaviy axborot vositalari, Internet tarmogʻi va boshqa vositalar orqali targʻibot tadbirlarini oʻtkazish.

Belgilansinki, Transformatsiya ofisi rahbari lavozimi boʻyicha Universitet prorektoriga tenglashtiriladi.

3. Quyidagilar:

2022 — 2025-yillarda Sharof Rashidov nomidagi Samarqand davlat universitetini kompleks rivojlantirish dasturi 1-ilovaga muvofiq;

Sharof Rashidov nomidagi Samarqand davlat universitetini 2025-yilga qadar rivojlantirishning maqsadli koʻrsatkichlari 2-ilovaga muvofiq;

Sharof Rashidov nomidagi Samarqand davlat universiteti mutaxassislik kafedralarini ilmiy-tadqiqot muassasalari, tarmoq korxonalari va tashkilotlariga biriktirish jadvali 3-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.

4. Universitet tarkibida quyidagilar tashkil etilsin:

agronomiya, biotexnologiya va oziq-ovqat xavfsizligi sohalarida kadrlar tayyorlovchi Agrobiotexnologiyalar va oziq-ovqat xavfsizligi instituti (keyingi oʻrinlarda — Agrobiotexnologiyalar instituti);

muhandislik, avtomatika, mexatronika, robototexnika, raqamli elektronika, elektrotexnika, mashinasozlik, materialshunoslik va yangi materiallar texnologiyasi sohalarida kadrlar tayyorlovchi Muhandislik fizikasi instituti (keyingi oʻrinlarda — Muhandislik instituti);

pedagogika, axborot texnologiyalari va hududda kadrlarga ehtiyoj yuqori boʻlgan boshqa sohalarda kadrlar tayyorlovchi Universitetning Urgut filiali (keyingi oʻrinlarda — Filial).

5. Quyidagilar Agrobiotexnologiyalar instituti, Muhandislik instituti va Filialning asosiy faoliyat yoʻnalishlari etib belgilansin:

mehnat bozorida raqobatbardosh, amaliy koʻnikmalarni egallagan oliy maʼlumotli mutaxassislar va ilmiy-pedagogik kadrlarni tayyorlash, qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish;

yetakchi xorijiy oliy taʼlim muassasalari bilan qoʻshma taʼlim dasturlari va ilmiy loyihalarni amalga oshirish, shuningdek, taʼlim jarayoniga ilgʻor pedagogik va masofaviy taʼlim texnologiyalarini, ilm-fan va texnikaning yangi yutuqlarini joriy etish;

oʻquv rejalarini tegishli sohalarning rivojlanish istiqbollari va ustuvor vazifalarini hisobga olgan holda shakllantirish, oʻquv va ilmiy-tadqiqot laboratoriyalarining zamonaviy moddiy-texnika bazasini yaratish;

oʻquv jarayonini talabalarda mustaqil taʼlim olish, tizimli tahlil qilish, ijodiy fikrlash va amaliy, jumladan tadbirkorlik koʻnikmalarini shakllantirishga yoʻnaltirish;

ilmiy-tadqiqot ishlarini yoʻlga qoʻyish, ishlab chiqarish tashkilotlarining muammolarini yechishga qaratilgan ilmiy, amaliy va innovatsion tadqiqotlarni rivojlantirish;

taʼlim va ilmiy izlanishlar jarayoniga malakali mutaxassislarni jalb etish, respublika hamda yetakchi xorijiy oliy taʼlim muassasalari va ilmiy markazlar bilan hamkorlik aloqalarini rivojlantirish;

talabalarga taʼlim olish va ilmiy faoliyat bilan shugʻullanish uchun shart-sharoit yaratish hamda chet el fuqarolari uchun taʼlim olish imkoniyatini kengaytirish;

ilmiy-pedagogik salohiyatni oshirib borish, jumladan professor-oʻqituvchilar stajirovkasi va malaka oshirishini nufuzli respublika va xorijiy oliy taʼlim va ilmiy-tadqiqot muassasalarida tashkil etish.

6. Belgilab qoʻyilsinki:

Agrobiotexnologiyalar instituti, Muhandislik instituti va Filialda taʼlim faoliyati 2022/2023 oʻquv yilidan boshlanadi hamda oʻquv jarayoni kredit-modul tizimi asosida olib boriladi;

Universitetning agrobiotexnologiyalar va oziq-ovqat xavfsizligi fakulteti bakalavriat taʼlim yoʻnalishlari va magistratura mutaxassisliklarida taʼlim olayotgan talabalar oʻqishini Agrobiotexnologiyalar institutida davom ettiradi;

Universitetning fizika va matematika fakultetlari tarkibidagi amaliy bakalavriat taʼlim yoʻnalishlari va magistratura mutaxassisliklarida taʼlim olayotgan talabalar oʻqishini Muhandislik institutida davom ettiradi;

Filial Urgut tumanidagi umumiy oʻrta, oʻrta maxsus va professional taʼlim muassasalari oʻqituvchilariga ilmiy-uslubiy yordam koʻrsatib boradi;

Agrobiotexnologiyalar instituti, Muhandislik institutining budjet va budjetdan tashqari mablagʻlari hisobi Iqtisodiyot va moliya vazirligi huzuridagi Gʻaznachilik xizmati qoʻmitasida ochilgan Universitetning shaxsiy gʻazna hisobvaraqlarida yuritiladi, Filial esa Iqtisodiyot va moliya vazirligi huzuridagi Gʻaznachilik xizmati qoʻmitasida shaxsiy gʻazna hisobvaraqlariga ega boʻladi;

(6-bandning oltinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2026-yil 10-apreldagi PF-58-sonli Farmoni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 13.04.2026-y., 06/26/58/0342-son)

Agrobiotexnologiyalar instituti, Muhandislik instituti va Filial direktori, direktor oʻrinbosari mehnatga haq toʻlash shartlari va miqdorlari boʻyicha tegishli ravishda oliy taʼlim muassasasi filiali direktori va filial direktori oʻrinbosariga, boshqa xodimlar esa oliy taʼlim muassasalari xodimlariga tenglashtiriladi;

Agrobiotexnologiyalar instituti, Muhandislik instituti va Filial faoliyatini yoʻlga qoʻyish bilan bogʻliq xarajatlar, jumladan bino va inshootlarni taʼmirlash va jihozlash — Universitetning budjetdan tashqari mablagʻlari hamda Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vazirligining Oliy taʼlim muassasalarini rivojlantirish jamgʻarmasi mablagʻlari hisobidan amalga oshiriladi.

(6-bandning sakkizinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2026-yil 10-apreldagi PF-58-sonli Farmoni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 13.04.2026-y., 06/26/58/0342-son)

7. Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi:

a) Universitet bilan birgalikda:

Agrobiotexnologiyalar instituti, Muhandislik instituti va Filial tuzilmasi hamda shtat jadvali normativlarga muvofiq tasdiqlanishini taʼminlasin;

Agrobiotexnologiyalar instituti, Muhandislik instituti va Filialni tanlov asosida amaliy tajriba va (yoki) ilmiy darajaga ega boʻlgan mutaxassislardan iborat yuqori malakali professor-oʻqituvchilar bilan toʻldirish choralarini koʻrsin;

Transformatsiya ofisi rahbari lavozimiga yetakchi xorijiy oliy taʼlim muassasalarida rahbarlik ish tajribasiga ega boʻlgan mutaxassisni jalb etsin;

b) Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi bilan birgalikda ikki oy muddatda Agrobiotexnologiyalar instituti, Muhandislik instituti va Filialni yuqori tezlikdagi Internet jahon axborot tarmogʻiga ulash hamda onlayn maʼruza oʻtkazish va masofaviy taʼlim texnologiyalarini joriy etish uchun zarur telekommunikatsiya jihozlari bilan taʼminlash choralarini koʻrsin;

v) Fanlar akademiyasi va Qishloq xoʻjaligi vazirligi bilan birgalikda:

Agrobiotexnologiyalar instituti talabalarining amaliy koʻnikmalarini oshirish maqsadida dars jarayonlariga soha mutaxassislari va olimlarni, bitiruv malakaviy ishlariga rahbarlik qilish uchun ilmiy tashkilotlar mutaxassislarini jalb etish, zarur hollarda amaliy darslarni ishlab chiqarish va dala sharoitlarida olib borish choralarini koʻrsin;

Agrobiotexnologiyalar instituti talabalarining tanishuv va malakaviy amaliyotlarini zamonaviy texnologiyalar bilan jihozlangan agroklasterlar, qishloq xoʻjaligi va oziq-ovqat sanoati tashkilotlarida tashkil etsin;

Agrobiotexnologiyalar instituti talaba va professor-oʻqituvchilariga ilmiy-tadqiqot institutlari hamda yetakchi tashkilotlarning laboratoriyalaridan foydalanishlari uchun zarur sharoit yaratsin;

g) “Oʻzeltexsanoat” uyushmasi bilan hamkorlikda:

Muhandislik instituti talabalarining tanishuv va malakaviy amaliyotlarini sanoat korxonalarida tashkil etish choralarini koʻrsin;

Muhandislik institutiga ilmiy-tadqiqot ishlarini rivojlantirish, kichik biznes va sanoat korxonalari uchun innovatsion mini-texnologiyalar ishlab chiqish yoʻnalishlarida koʻmak berib borsin.

8. Agrobiotexnologiyalar instituti, Muhandislik instituti va Filial faoliyatini moliyalashtirish manbalari etib Davlat budjeti mablagʻlari, toʻlov-kontrakt asosida oʻqitishdan tushadigan mablagʻlar, Universitetning budjetdan tashqari mablagʻlari, xoʻjalik faoliyatidan va shartnoma asosida xizmatlar koʻrsatishdan tushadigan tushumlar, homiylik xayriyalari va grantlar hamda qonunchilik hujjatlarida taqiqlanmagan boshqa manbalar belgilansin.

9. Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vazirligi har yilgi investitsiya dasturiga kiritish uchun Agrobiotexnologiyalar instituti, Muhandislik instituti va Filial bino va inshootlarini qurish, rekonstruksiya qilish hamda kapital taʼmirlash ishlarini sohaga ajratilgan limitlar doirasida amalga oshirish yuzasidan Iqtisodiyot va moliya vazirligiga takliflar taqdim etib borsin.

(9-band Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2026-yil 10-apreldagi PF-58-sonli Farmoni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 13.04.2026-y., 06/26/58/0342-son)

10. Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi hamda Samarqand viloyati hokimligining quyidagi takliflariga rozilik berilsin:

Agrobiotexnologiyalar institutini Samarqand tumani, Gulobod qoʻrgʻonidagi Universitet huzuridagi Gulobod agrotexnologiyalar texnikumining bir qismiga tekin foydalanish huquqi asosida joylashtirish;

Muhandislik institutini Samarqand shahri, Xishrav qoʻrgʻonidagi Universitet huzuridagi Yadro fizikasi laboratoriyasi hududining bir qismiga tekin foydalanish huquqi asosida vaqtincha joylashtirish;

Filialga Samarqand viloyati, Urgut tumani, Vagashti mahallasida joylashgan Urgut iqtisodiyot va servis kasb-hunar kolleji bino va inshootlarini tegishli hududi bilan birgalikda operativ boshqaruv huquqi asosida bepul berish.

11. Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda bir oy muddatda qonunchilik hujjatlariga ushbu qarordan kelib chiqadigan oʻzgartirish va qoʻshimchalar toʻgʻrisida Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritsin.

12. Mazkur qaror ijrosini samarali tashkil qilishga masʼul va shaxsiy javobgar etib oliy va oʻrta maxsus taʼlim vaziri A.H. Toshkulov hamda Samarqand viloyati hokimi E.O. Turdimov belgilansin.

Qaror ijrosini nazorat qilish, ijro uchun masʼul tashkilotlar faoliyatini muvofiqlashtirish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vaziri A.N. Aripov va Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining maslahatchisi A.A. Abduvaxitov zimmasiga yuklansin.

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Sh. MIRZIYOYEV

Toshkent sh.,

2022-yil 13-yanvar,

PQ-82-son

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2022-yil 13-yanvardagi PQ-82-son qaroriga 1-ILOVA

2022 — 2025-yillarda Sharof Rashidov nomidagi Samarqand davlat universitetini kompleks rivojlantirish

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2022-yil 13-yanvardagi PQ-82-son qaroriga 2-ILOVA

Sharof Rashidov nomidagi Samarqand davlat universitetini 2025-yilga qadar rivojlantirishning maqsadli koʻrsatkichlari

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2022-yil 13-yanvardagi PQ-82-son qaroriga 3-ILOVA

Sharof Rashidov nomidagi Samarqand davlat universiteti mutaxassislik kafedralarini ilmiy-tadqiqot muassasalari, tarmoq korxonalari va tashkilotlariga biriktirish jadvali

(3-ilova Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 24-fevraldagi PF-27-sonli Farmoni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 01.03.2025-y., 06/25/27/0196-son)

Bu hujjat sizga qanday ta'sir qiladi?

HuquqTech hujjat va qonun moddalariga tayanib, savolingizga oddiy tilda javob beradi.

AI'dan bepul so'rash

Matn lex.uz rasmiy manbasidan olingan va avtomatik yangilanadi. Huquqiy ahamiyatga ega qarorlar uchun rasmiy nashrga va malakali mutaxassisga murojaat qiling.