Toshkent shahar jamoat transporti tizimini kompleks rivojlantirish, yoʻlovchilarga sifatli va xavfsiz transport xizmatlarini koʻrsatish, transport infratuzilmasini yaxshilash, harakat tarkibini barcha qulayliklarga ega boʻlgan zamonaviy avtobuslar bilan yangilash, yoʻl harakati xavfsizligini taʼminlash hamda piyodalarga qulay harakatlanish muhitini yaratish maqsadida:
1. Toshkent shahar jamoat transporti tizimini rivojlantirishning ustuvor yoʻnalishlari etib quyidagilar belgilansin:
jamoat transporti tizimini uning barcha turlarini uzviy bogʻlagan holda kompleks rivojlantirish, aholining jamoat transportidan foydalanish darajasini kamida ikki barobarga oshirish;
jamoat transporti infratuzilmasini rivojlantirish, metropoliten tarmogʻini kengaytirish, zamonaviy transport-oʻtish bogʻlamalarini hamda namunaviy loyihalar asosida avtobus bekatlarini tashkil etish, jamoat transporti harakatiga ustuvorlik berish uchun chorraha va koʻchalarni qayta loyihalashtirish;
tashuvchilarni moliyalashtirish tizimi va tarif siyosatini takomillashtirish orqali soha korxonalarini moliyaviy sogʻlomlashtirish hamda xususiy sektor ulushini ikki barobarga oshirish;
velosiped va boshqa motorsiz transport turlarini rivojlantirish, jumladan, piyodalar va velotransport uchun qulay harakatlanish yoʻlaklarini, velosipedlarni ijaraga berish va ular uchun maxsus turar joylarni tashkil etish;
raqamli texnologiyalar va innovatsion yondashuvlarni keng qoʻllagan holda transport vositalari harakatini boshqarishning intellektual (“aqlli chorraha”, “aqlli avtobus” va “aqlli bekat”) tizimlarini joriy etish hamda yoʻl harakati xavfsizligini taʼminlash;
jamoat transporti harakat tarkibini zamonaviy, ekologik toza avtobuslar, jumladan elektrobuslar bilan yangilash.
2. Transport vazirligi, Iqtisodiy taraqqiyot va kambagʻallikni qisqartirish vazirligi, Moliya vazirligi, Qurilish vazirligi va Toshkent shahar hokimligi tomonidan ishlab chiqilgan Toshkent shahar jamoat transporti tizimini 2025-yilgacha rivojlantirish konsepsiyasi va uni amalga oshirish boʻyicha “Yoʻl xaritasi” 1 va 2-ilovalarga muvofiq maʼqullansin.
Quyidagilarni nazarda tutuvchi Toshkent shahar jamoat transporti tizimini 2025-yilgacha rivojlantirishning maqsadli koʻrsatkichlari (indikatorlari) 3-ilovaga muvofiq tasdiqlansin:
yoʻlovchi tashishlar umumiy hajmida jamoat transportining ulushini hozirgi 21 foizdan 43 foizga oshirish;
jamoat transportida kunlik yoʻlovchi tashish hajmini kamida ikki barobarga oshirib, kuniga 2,7 million yoʻlovchiga yetkazish;
jamoat transportining harakatlanish oʻrtacha oraliq intervalini 2 barobarga kamaytirish;
jamoat transportining yangi tarmogʻi asosida 159 ta avtobus yoʻnalishlarini, jumladan 11 ta magistral, 14 ta halqa, 92 ta bogʻlovchi va 42 ta yetkazib beruvchi yoʻnalishlarni bosqichma-bosqich joriy etish;
1 063 ta avtobus, jumladan 673 ta elektrobus xarid qilish yoʻli bilan jamoat transporti harakat tarkibini yangilash;
bir transport turidan boshqa transport turiga qulay va tezkor oʻtish uchun 16 ta zamonaviy transport-oʻtish bogʻlamalarini tashkil etish;
namunaviy loyiha asosida 1160 ta avtobus bekatlarini rekonstruksiya qilish.
3. Transport vazirligi, Moliya vazirligi va Toshkent shahar hokimligining Toshkent shahrida 2023-yil 1-yanvardan boshlab jamoat transportining yangi tarmogʻi asosida tashkil etiladigan yoʻnalishlarda tashuvchilarni “bosib oʻtilgan yoʻl”, “yoʻlovchi oqimi” va “sifat” mezonlari boʻyicha bajarilgan ishlar hajmidan kelib chiqqan holda moliyalashtirishning yangi tizimini (keyingi oʻrinlarda — yangi tizim) bosqichma-bosqich joriy etish toʻgʻrisidagi taklifi maʼqullansin.
Belgilansinki, yangi tizim asosida:
tashuvchilarni moliyalashtirish manbalari etib jamoat transportida yoʻlovchi tashishdan olinadigan daromadlar va mahalliy budjet parametrlarida jamoat transporti uchun koʻzda tutilgan barcha mablagʻlar hisoblanadi;
bajariladigan ishlar qiymati tashuvlar bilan bogʻliq boʻlgan barcha sarf-xarajatlar hamda kamida 10 foiz rentabellik inobatga olingan holda hisob-kitob qilinadi;
yoʻlovchi tashishdan olinadigan daromadlar va mahalliy budjet parametrlarida jamoat transporti uchun koʻzda tutilgan barcha mablagʻlar Transport vazirligining Toshkent shahar transport boshqarmasida jamlanadi hamda tashuvchilar bilan hisob-kitoblar amalga oshiriladi.
Transport vazirligi Moliya vazirligi bilan birgalikda uch oy muddatda Jamoat transporti tashuvchilarini bajarilgan ish hajmidan kelib chiqqan holda moliyalashtirish tartibini tasdiqlash uchun Vazirlar Mahkamasiga kiritsin.
4. Toshkent shahar hokimligi va Transport vazirligining Toshkent shahrida avtobus bekatlari namunaviy loyihasini yoʻlovchilar, shu jumladan, aholining imkoniyati cheklangan guruhlari uchun qulay shart-sharoitlar yaratilishini inobatga olgan holda ishlab chiqish hamda mazkur bekatlar joylashtiriladigan yer maydonlarini elektron onlayn auksion savdolari orqali tadbirkorlik subyektlariga ijara huquqi asosida vaqtinchalik foydalanishga berish toʻgʻrisidagi taklifiga rozilik berilsin.
Belgilansinki:
tadbirkorlarga mazkur bekatlarda faqatgina reklama vositasi, bankomatlar va oziq-ovqat mahsulotlarini xarid qilishga moʻljallangan oʻziga oʻzi xizmat koʻrsatish (vending) avtomatlarini joylashtirishga ruxsat etiladi;
yangi va rekonstruksiya qilinadigan bekatlar joylashtiriladigan yer maydonlarida savdo va maishiy xizmat koʻrsatish obyektlarini joylashtirish taqiqlanadi, oʻziga oʻzi xizmat koʻrsatish (vending) avtomatlari bundan mustasno.
5. Toshkent shahar hokimligi:
Qurilish vazirligi bilan birgalikda ikki hafta muddatda Toshkent shahridagi avtobus bekatlarining namunaviy loyihalarini ishlab chiqsin;
ishlab chiqilgan namunaviy loyihalar asosida 280 ta avtobus bekatlari 2022-yil yakuniga qadar elektron onlayn auksion savdolariga joylashtirilishini taʼminlasin;
2022-yil 1-sentabrga qadar savdo va maishiy xizmat koʻrsatish obyektlari mavjud boʻlgan amaldagi avtobus bekatlarida yoʻlovchilar, shu jumladan aholining imkoniyati cheklangan guruhlari uchun qulay va xavfsiz muhit yaratish choralarini koʻrsin.
6. Yer usti jamoat transporti va metropoliten yoʻnalishlari kesishuvlarida hamda transport oqimi yuqori boʻlgan joylarda transport-oʻtish bogʻlamalarini tashkil etish manzilli dasturi 4-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
Belgilansinki:
transport-oʻtish bogʻlamalarini tashkil etish bilan bogʻliq sarf-xarajatlar Toshkent shahar mahalliy budjeti hisobidan amalga oshiriladi hamda qurilish ishlari yakunlanganidan soʻng obyektlar oʻrnatilgan tartibda balans qiymatida “Toshshahartransxizmat” AJga uning ustav kapitalidagi davlat ulushini oshirish evaziga oʻtkaziladi;
Toshkent shahar hokimi transport-oʻtish bogʻlamalarini qurish ishlarini oʻz vaqtida va sifatli amalga oshirishga hamda ularning imkoniyatlari va afzalliklari boʻyicha aholini xabardor qilishga shaxsan masʼuldir.
7. Transport vazirligi, Moliya vazirligi, Toshkent shahar hokimligi va “Oʻzavtosanoat” AJning 2022-yilda “Toshshahartransxizmat” AJ harakat tarkibini 190 ta katta sigʻimli “MAN” hamda 200 ta oʻrta sigʻimli “SAZ LE 60” rusumli avtobuslarni (keyingi oʻrinlarda — avtobuslar) mahalliy ishlab chiqaruvchilardan xarid qilish hisobiga yangilash toʻgʻrisidagi taklifiga rozilik berilsin.
8. Belgilansinki:
yangi avtobuslar “Oʻzmilliybank” AJning 5 yil muddatga, 18 foizdan koʻp boʻlmagan foiz stavkasi asosida ajratiladigan kreditlari hisobidan xarid qilinadi;
“Oʻzmilliybank” AJ kreditlarni xarid qilinadigan avtobuslar boʻyicha shartnomalar qiymatining 80 foizi 2022-yil fevral oyida, qolgan 20 foizi xarid qilingan avtobuslar “Toshshahartransxizmat” AJ tomonidan qabul qilib olingan kundan boshlab oʻn ish kunidan kechiktirmasdan ajratadi;
kredit, unga hisoblangan foiz, vositachilik toʻlovlari, kreditga xizmat koʻrsatish bilan bogʻliq boshqa xarajatlar kredit shartnomalari shartlariga asosan Oʻzbekiston Respublikasi Davlat budjeti mablagʻlari hisobidan qoplab beriladi;
xarid qilinadigan avtobuslar hamda Toshkent shahar hokimligining kafilligi “Oʻzmilliybank” AJ bilan tuzilgan kredit shartnomalari shartlari boʻyicha tomonlarning oʻzaro majburiyatlari bajarilishining taʼminoti hisoblanadi;
“Toshshahartransxizmat” AJ ustav kapitalidagi davlat ulushi avtobuslar xaridi bilan bogʻliq barcha xarajatlarni qoplashga Oʻzbekiston Respublikasi Davlat budjeti mablagʻlari hisobidan yoʻnaltirilgan mablagʻlar miqdoriga mutanosib ravishda oshiriladi.
9. Avtobuslar xaridini amalga oshirish uchun jalb qilinadigan tijorat banki kreditlari boʻyicha asosiy qarzni qaytarish, foizlar va vositachilik haqini toʻlashning umumiy prognoz jadvallari 5 va 6-ilovalarga muvofiq tasdiqlansin.
10. Belgilansinki, avtobuslarni xarid qilish uchun jalb etiladigan “Oʻzmilliybank” AJ kreditlari bilan bogʻliq asosiy qarzni qaytarish, foizlar va vositachilik haqi boʻyicha toʻlovlar:
2022-yilda Moliya vazirligi tomonidan Oʻzbekiston Respublikasining respublika budjetidan;
2023-yildan boshlab har yilgi Toshkent shahar mahalliy budjeti parametrlarida nazarda tutiladigan mablagʻlar hisobidan amalga oshiriladi.
Moliya vazirligi Toshkent shahar hokimligi bilan birgalikda 2023-yildan boshlab Toshkent shahar mahalliy budjetini shakllantirishda zarur mablagʻlarni nazarda tutsin.
11. Transport vazirligi “Toshshahartransxizmat” AJ bilan birgalikda avtobuslarni xarid qilishning texnik-iqtisodiy hisob-kitoblarini ishlab chiqsin va ikki oy muddatda tasdiqlash uchun Vazirlar Mahkamasiga kiritsin.
12. Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi Transport vazirligi bilan birgalikda mazkur qarorning 3-ilovasiga muvofiq 2023 — 2025-yillarda xarid qilinadigan elektrobuslar uchun xalqaro moliya institutlarining grant va kreditlarini jalb etish choralarini koʻrsin.
13. “Oʻzavtosanoat” AJ xorijiy davlatlarning yetakchi ishlab chiqaruvchilari bilan muzokaralar oʻtkazib, respublikada elektrobuslar ishlab chiqarishni yoʻlga qoʻyish boʻyicha takliflarni uch oy muddatda Vazirlar Mahkamasiga kiritsin.
14. Yoʻlovchilar tashish uchun moʻljallangan, haydovchi bilan birgalikda sakkiz va sakkiztadan ortiq oʻrindiqlarga ega boʻlgan, faqat elektr dvigatel orqali harakatga keltiriladigan avtotransport vositalarini 2026-yil 1-yanvarga qadar Oʻzbekiston Respublikasi hududiga olib kirishda utilizatsiya yigʻimining nol stavkasi qoʻllanilsin.
15. Transport vazirligi Toshkent davlat transport universiteti bilan birgalikda ilgʻor xorijiy taʼlim texnologiyalari asosida yetuk kadrlarni tayyorlash hamda taʼlim jarayonini innovatsion usul va vositalardan foydalangan holda rivojlantirish uchun universitetning transformatsiyasini xalqaro standartlarga mos ravishda amalga oshirishga qaratilgan Hukumat qarori loyihasini ikki oy muddatda Vazirlar Mahkamasiga kiritsin.
Bunda, rivojlangan xorijiy mamlakatlar oliy taʼlim muassasalari oʻquv rejalari va fan dasturlari transferini amalga oshirish, professor-oʻqituvchilarning sohaning yetakchi oliy taʼlim muassasalarida xorijiy stajirovkalarini tashkil etish hamda mutaxassislik modullariga yuqori malakali chet ellik olim va ekspertlarni keng jalb etish nazarda tutilsin.
16. Transport vazirligi, Moliya vazirligi huzuridagi Davlat-xususiy sheriklikni rivojlantirish agentligi tomonidan Toshkent shahrining 10 ta markaziy koʻchalarida avtomobillarning yoʻl boʻyi pullik toʻxtash joylari davlat-xususiy sheriklik asosida tashkil etilayotganligi maʼlumot uchun qabul qilinsin.
Vazirlar Mahkamasi ikki hafta muddatda avtomobillarning avtomatlashtirilgan yoʻl boʻyi pullik toʻxtash joylarini tashkil etish va ulardan foydalanish tartibi toʻgʻrisida qaror qabul qilsin.
17. Ichki ishlar vazirligi ikki hafta muddatda yoʻl harakati xavfsizligini taʼminlash, yoʻl-transport hodisalarini qisqartirish, haydovchilarni tayyorlash va qayta tayyorlash tizimini tubdan qayta koʻrib chiqish boʻyicha takliflarni Vazirlar Mahkamasiga kiritsin.
18. Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi, Oʻzbekiston Milliy teleradiokompaniyasi, Oʻzbekiston Milliy axborot agentligi Transport vazirligi va Toshkent shahar hokimligi bilan birgalikda mazkur qarorning mazmun va mohiyati ommaviy axborot vositalari orqali keng yoritilishini taʼminlasin.
19. Transport vazirligi manfaatdor vazirliklar va idoralar bilan birgalikda ikki oy muddatda qonunchilik hujjatlariga ushbu qarordan kelib chiqadigan oʻzgartirish va qoʻshimchalar toʻgʻrisida Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritsin.
20. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining birinchi oʻrinbosari A.J. Ramatov, Oʻzbekiston Respublikasi transport vaziri I.R. Maxkamov va Toshkent shahar hokimi J.A. Artikxodjayev zimmasiga yuklansin.
Qaror ijrosini muhokama qilib borish, ijro uchun masʼul idoralar faoliyatini muvofiqlashtirish va nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri A.N. Aripov zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Sh. MIRZIYOYEV
Toshkent sh.,
2022-yil 2-fevral,
PQ-111-son
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2022-yil 2-fevraldagi PQ-111-son qaroriga 1-ILOVA
Toshkent shahar jamoat transporti tizimini 2025-yilgacha rivojlantirish
1-bob Umumiy qoidalar
Toshkent shahar jamoat transporti tizimini 2025-yilgacha rivojlantirish konsepsiyasi (keyingi oʻrinlarda — Konsepsiya) poytaxt aholisi va mehmonlarining sifatli, ommabop va xavfsiz transport xizmatlariga oʻsib borayotgan ehtiyojlarini qondirish hamda yoʻlovchilarga qulay va xavfsiz harakatlanish muhitini yaratish uchun jamoat transport tizimini kompleks rivojlantirishning oʻrta muddatli maqsadlar, vazifalar va ustuvor yoʻnalishlarini belgilaydi.
2-bob. Toshkent shahar jamoat transport tizimining joriy holati va mavjud muammolar
1-§. Toshkent shahar jamoat transport tizimining joriy holati
Toshkent shahrida jamoat transportida yoʻlovchilarni tashish avtobus, metropoliten, yoʻnalishli va yoʻnalishsiz taksilarda amalga oshirilmoqda.
Shaharda mulkchilikning turli shakllaridagi 468 ta tashuvchi tomonidan yoʻlovchilarni tashish xizmatlari koʻrsatilmoqda, shundan 13 ta (8 ta davlat ulushi boʻlgan) korxona avtobus yoʻnalishlarida, 55 ta korxona yoʻnalishli taksi yoʻnalishlarida va 400 ta korxona yoʻnalishsiz taksilarda xizmat koʻrsatilmoqda.
“Toshshahartransxizmat” aksiyadorlik jamiyati tizimidagi korxonalar tasarrufida 2022-yil 1-yanvar holatiga jami 1 168 ta shahar yoʻlovchi avtobusi mavjud boʻlib, 30 foizi 10 yildan ortiq tasarruf etilmoqda. Avtobuslarning oʻrtacha tasarruf etish muddati 7,4 yilni tashkil etmoqda.
“Toshkent metropoliteni” davlat unitar korxonasi balansida 264 ta metro vagoni mavjud boʻlib, ularning 60 foizi 30 yildan ortiq vaqt davomida tasarruf etilmoqda.
Jamoat transportining oʻzaro bogʻliqligini taʼminlash uchun xizmat qilayotgan 5 ta transport-oʻtish bogʻlamasi mavjud.
2 306 ta avtobus oraliq bekati mavjud boʻlib, ulardan 1021 tasi belgilangan talablarga javob bermaydi.
Velosiped transporti foydalanuvchilari uchun 12 ta koʻchada 100 km uzunlikdagi velosiped yoʻlaklari mavjud.
Yoʻlovchilarga yoʻnalishsiz taksi xizmati 11 000 dan ortiq litsenziyaga ega yengil avtomobillarda koʻrsatilib kelinmoqda.
2020-yil 2-yanvardan yoʻlkira haqi toʻlovining avtomatlashtirilgan tizimi joriy etilib, 60 foiz yoʻlovchilar ushbu tizimdan foydalanmoqda. Mazkur tizim doirasida 5, 10, 15, 20 va 30 kunlik hamda imtiyozli oylik tarif rejalari joriy etilgan.
Avtomatlashtirilgan dispetcherlik boshqaruvi (ASDUM) tizimi joriy etilib, ushbu tizim orqali avtobuslar harakatini onlayn, oraliq bekatlardagi toʻxtash vaqti, yoʻnalishdagi harakat tezligi, avtobuslar oraliq masofasini (intervalni) nazorat qilish imkoniyati mavjud.
Yoʻnalishlar va ularda harakatlanayotgan avtobuslar toʻgʻrisida maʼlumot olish, manzilga yetib olishning optimal yoʻnalishini belgilash kabi qulayliklarga ega boʻlgan “Toshkent transporti” mobil ilovasi ishga tushirilgan.
Toshkent metropolitenining umumiy uzunligi 59,5 kilometr va unda metro bekatlari soni 43 tadan iborat 4 ta yoʻnalish mavjud boʻlib, bir kunda oʻrtacha 420 ming nafar yoʻlovchi tashilmoqda.
Toshkent shahrida yoʻlovchilar tashish korxonalari tomonidan cheklangan tariflar asosida aholiga xizmatlar koʻrsatilishi munosabati bilan koʻriladigan zararlar belgilangan tartibda mahalliy budjet mablagʻlari hisobidan har oyda qoplanib, yakuniy miqdori chorak yakunlari boʻyicha hisoblanmoqda.
Shaharda 4 mingdan ortiq koʻcha mavjud boʻlib, ularning uzunligi 5 900 km, shundan avtomagistrallar — 462 km, asosiy koʻchalar — 445 km, shoh koʻchalar — 464 km, halqa koʻchalar 1 481 km, ishlab chiqarish hududlaridagi koʻchalar — 145 km va mahalliy ahamiyatdagi koʻchalar — 2 896 kilometrni tashkil etmoqda.
Shaharda avtomobil transporti vositalari soni 638 840 tani tashkil etib, hududlardan kuniga oʻrtacha 150 mingdan ortiq avtotransport vositalari kirib-chiqmoqda.
550 ta svetofor va 40 mingta yoʻl belgilari mavjud boʻlib, ular yordamida transport va piyodalar harakati tartibga solinadi. 115 ta svetofor yagona raqamlashtirilgan markaz tomonidan boshqarilmoqda.
2-§. Toshkent shahar jamoat transport tizimidagi muammolar
Toshkent shahar jamoat transport tizimida quyidagi muammolar mavjud:
mavjud yer usti jamoat transporti harakat tarkibining 30 foizi yoki 350 tasi eskirganligi yoʻlovchi tashish xizmatlariga boʻlgan talabning toʻliq qondirilishiga salbiy taʼsir koʻrsatmoqda;
koʻcha va chorrahalarda jamoat transporti harakatiga ustuvorlik berilmaganligi, harakat tarkibining yetishmovchiligi va uning texnik nosozliklar sabab turib qolishi natijasida yoʻlovchilarning avtobuslarni kutib turish vaqti 25 — 30 daqiqani tashkil etmoqda;
jamoat transporti turlari va yoʻnalishlarini bogʻlovchi transport-oʻtish bogʻlamalari yetarli darajada rivojlanmagan;
avtobus oraliq bekatlari infratuzilmasi xavfsizlik, qulaylik va shaharsozlik normalariga javob bermaydi;
avtomobil yoʻl boʻyi toʻxtash joylarining hozirgi kundagi betartib holati tirbandliklarni yuzaga keltirib, jamoat transportining oʻrtacha harakatlanish tezligining pasayishiga olib kelmoqda;
yoʻnalishsiz taksi faoliyati qonunchilik bilan yetarli darajada tartibga solinmagan;
Toshkent metropoliteni harakat tarkibining eskirganligi natijasida turli xil texnologik holatlar sodir boʻlishiga olib kelmoqda;
jamoat transportida yoʻlkira haqini belgilash boʻyicha tarif siyosati takomillashtirilmagan va egiluvchan tariflar joriy etilmagan;
jamoat transporti korxonalari faoliyatini moliyalashtirish ishlari bugungi kun talablariga javob bermaydi;
yoʻl harakatini tashkil etish tizimining mukammal emasligi sababli yoʻllar va chorrahalarda transport oqimi toʻgʻri taqsimlanmagan hamda tirbandliklar darajasi yuqori, yoʻl-transport hodisalari soni ortib bormoqda.
3-bob. Konsepsiyaning asosiy maqsadi va ustuvor yoʻnalishlari
Konsepsiyaning asosiy maqsadi aholining jamoat transportidan foydalanish darajasini kamida ikki barobarga oshirish, yoʻlovchilarga qulay va xavfsiz harakatlanish muhitini yaratish hamda transportning atrof-muhitga salbiy taʼsirini kamaytirish orqali shaharda ekologik holatni yaxshilashdan iborat.
Asosiy maqsadlarga erishishga qaratilgan ustuvor yoʻnalishlar:
jamoat transport tizimini uning barcha turlarini uzviy bogʻlagan holda kompleks rivojlantirish, yer usti jamoat transportining tubdan yangi yoʻnalishlar tarmogʻini joriy etish;
jamoat transporti infratuzilmasini rivojlantirish, metropoliten tarmogʻini kengaytirish, zamonaviy transport-oʻtish bogʻlamalarini hamda namunaviy loyihalar asosida avtobus oraliq bekatlarini tashkil etish, jamoat transporti harakatiga ustuvorlik berish uchun koʻcha va chorrahalarni qayta loyihalashtirish;
tashuvchilarni moliyalashtirish tizimi va tarif siyosatini takomillashtirish orqali soha korxonalarini moliyaviy sogʻlomlashtirish hamda xususiy sektor ulushini ikki barobarga oshirish;
raqamli texnologiyalarni va innovatsion yondashuvlarni keng qoʻllagan holda transport vositalari harakatini boshqarishning intellektual (“aqlli chorraha”, “aqlli avtobus” va “aqlli bekat”) tizimlarini joriy etish hamda yoʻl harakati xavfsizligini taʼminlash;
velosiped va boshqa motorsiz transport turlarini rivojlantirish, jumladan, piyodalar va velotransport uchun qulay harakatlanish yoʻlaklarini, velosipedlarni ijaraga berish va ular uchun maxsus turarjoylarni tashkil etish;
jamoat transporti harakat tarkibini zamonaviy, ekologik toza avtobuslar, jumladan elektrobuslar bilan yangilash.
Konsepsiyaning asosiy mohiyati Toshkent shahrida qulay, jozibador boʻlgan jamoat transporti tizimini tashkil etish, bunda birinchi oʻrinda piyodalar, keyingi oʻrinda mos ravishda velotransport, shahar jamoat transporti va shaxsiy avtotransport uchun qulay infratuzilmani yaratishdan iborat.
4-bob. Transport tizimida mavjud muammolarni hal etish yoʻllari
1-§. Shahar yoʻlovchi transporti yoʻnalishlarining yangilangan tizimini yaratish
Jamoat transportida toʻrt turdagi yangi yoʻnalishlar (magistral, halqa, bogʻlovchi va yetkazib beruvchi) tarmogʻi bosqichma-bosqich joriy etiladi.
Magistral yoʻnalishlar — shaharning chekka hududlarini markaz bilan bogʻlovchi va yoʻlovchilar manzillariga tez vaqt oraligʻida yetib olishlarini taʼminlovchi yoʻnalishlar. Bunday yoʻnalishlar yoʻlovchilar oqimi katta boʻlgan yoʻnalishlarda tashkil etilib, ularda yoʻlovchilar amaldagi avtobus yoʻnalishlariga nisbatan 10 — 15 daqiqa tezroq vaqtda manzillariga yetib olishlari mumkin.
Magistral yoʻnalishlar tashkil etilishi bilan Toshkent shahrining barcha tumanlari poytaxt markazi bilan 11 ta asosiy yoʻnalish yordamida uzviy ravishda bogʻlanadi. Magistral yoʻnalishlar uchun harakat tarkibining yuqori tezlikda harakatlanishini taʼminlash uchun alohida yoʻlaklar tashkil etilishi lozim.
Halqa yoʻnalishlar — harakati halqa yoʻli boʻylab tashkil etilgan yoʻnalish boʻlib, yoʻlovchilarga halqa yoʻnalishi boʻyicha joylashgan hudud va bekatlargacha yetib olish imkoniyatini beradi.
Halqa yoʻnalishlar tashkil etilishi bilan Toshkent halqa yoʻllarini va tumanlarini 14 ta avtobus yoʻnalishi orqali uzviy bogʻlash rejalashtirilgan. Halqa yoʻnalishlar uchun harakat tarkibining yuqori tezlikda harakatlanishini taʼminlash uchun alohida yoʻlaklar tashkil etilishi mumkin.
Bogʻlovchi yoʻnalishlar — magistral yoʻnalishlar va metro bekatlarini, tumanda joylashgan turarjoy mavzelari, ijtimoiy obyektlar, aeroport, temir yoʻl va avtovokzallar, bozorlarni bir-biri bilan uzviy bogʻlaydigan yoʻnalishlar. Bunday yoʻnalishlar 92 ta yoʻnalishdan iborat boʻladi.
Yetkazib beruvchi yoʻnalishlar — yordamchi yoʻnalish sifatida, aholini boshqa avtobus yoʻnalishlariga, metro bekatlariga, transport-oʻtish bogʻlamalariga va ijtimoiy obyektlarga qisqa vaqtda yetkazib boradi. Bunday yoʻnalishlar 42 ta yoʻnalishdan iborat boʻladi.
Yangi yoʻnalishlar tarmogʻining joriy etilishi jamoat transporti turlarini oʻzaro bogʻlash orqali tashuvlar samaradorligini oshirish, yoʻlovchilarning manzillariga qulay va tez yetib borishi natijasida shaxsiy transport vositasiga nisbatan jamoat transportidan foydalanish darajasi oshiriladi.
2-§. Jamoat transporti harakat tarkibini zamonaviy transport turlari bilan yangilash
Jamoat transporti harakat tarkibini yangilashda xarid qilinadigan avtobuslarning siqilgan tabiiy gaz va/yoki elektr quvvatida ishlaydigan dvigatellar bilan jihozlanganligi, nogironligi boʻlgan shaxslarni tashishga moʻljallanganligi, konditsioner, avtobus salonida bekatlarni va yoʻnalishlarni koʻrsatib turuvchi yozma hamda ovozli eʼlon qilib boradigan elektron tablolar, xavfsizlikni taʼminlash maqsadida videokuzatuv kameralari, yoʻlkira haqini avtomatlashtirilgan toʻlov tizimi yordamida toʻlash uchun validatorlar va boshqa qulayliklar bilan jihozlanganligi inobatga olinishi lozim.
Mazkur talablar asosida “Toshshahartransxizmat” aksiyadorlik jamiyati korxonalari harakat tarkibini 2022 — 2025-yillarda 1 063 ta, shu jumladan, 673 ta elektr quvvatida ishlaydigan avtobuslarni xarid qilish yoʻli bilan yangilash dasturi amalga oshiriladi.
Jamoat transporti harakat tarkibini yangilash dasturlarini moliyalashtirish davlat tomonidan qoʻllab-quvvatlanishi zarur.
3-§. Toshkent shahrida transport-oʻtish bogʻlamalarini tashkil etish
Toshkent shahrida 16 ta qulay va zamonaviy transport-oʻtish bogʻlamalari yer usti jamoat transporti va metropoliten yoʻnalishlari kesishuvchi, viloyatlardan keladigan transportlar va shahar markazi bilan bogʻlovchi, aholi zich joylashgan yashash massivlari va aholi gavjum nuqtalarda tashkil etiladi.
Transport-oʻtish bogʻlamalarida barcha toifadagi yoʻlovchilar uchun teng sharoitlar yaratiladi, yoʻlovchilar xavfsizligini taʼminlash choralarini koʻrish, tabaqalashtirilgan tariflar hamda yoʻlovchi va haydovchilar uchun dam olish maskanlarini nazarda tutiladi.
Transport-oʻtish bogʻlamalari quyidagi asosiy talablarga muvofiq tashkil etiladi:
yoʻlovchilar oʻrtacha 10 daqiqa ichida bir transport turidan ikkinchi transport turi yoki boshqa transport yoʻnalishiga qulay oʻtish imkoniyati;
shaharning istalgan hududiga yangi avtobus yoʻnalishlari tarmogʻi joriy etilishi hisobiga kafolatlangan vaqt oraligʻida yetib olish;
transport-oʻtish bogʻlamalarida avtoturargohlarni yaratish.
4-§. Toshkent shahrida namunaviy loyiha asosida avtobus oraliq bekatlarini rekonstruksiya qilish
Toshkent shahri transport infratuzilmasini takomillashtirish va tubdan yaxshilash, shuningdek, jamoat transporti jozibadorligini oshirish, shahar aholisi va mehmonlarga qulayliklar yaratish maqsadida namunaviy loyiha asosida avtobus oraliq bekatlari rekonstruksiya qilinadi.
Mazkur bekatlar hududida aholining imkoniyati cheklangan guruhlarining toʻsiqsiz harakatlanish muhiti, avtomobil yoʻli qatnovi qismi bilan chegarasida “taktil” plitalar oʻrnatish yoʻli bilan ularning xavfsizligi taʼminlanadi, zamonaviy dizayndagi va qulay boʻlgan oʻrindiqlar oʻrnatiladi, aholining internet tarmogʻidan (Wi-Fi) foydalanish, bekatlarda elektron tablo oʻrnatish orqali avtobuslar qatnov jadvali va kelish vaqtini kuzatib borish, mobil qurilmalarni quvvatlash uchun manbalardan foydalanish imkoniyati yaratiladi.
Bunday bekatlarda faqatgina reklama mahsulotlari, bankomatlar va oziq-ovqat mahsulotlarini xarid qilishga moʻljallangan oʻziga-oʻzi xizmat koʻrsatish (vending) avtomatlari joylashtiriladi.
5-§. Toshkent shahrida avtomobillarning yoʻl boʻyi pullik toʻxtash joylari tizimini tashkil etish
Toshkent shahridagi tirbandliklarni, markaziy koʻchalarda transport oqimini kamaytirish, jamoat transportining oʻrtacha harakatlanish tezligini oshirish, avtomobillarning yoʻl boʻyida betartib toʻxtashini tartibga solish, aholining jamoat transportidan foydalanishini ragʻbatlantirish maqsadida Toshkent shahrida yagona avtomobil yoʻl boʻyi pullik toʻxtash joylari tizimi tashkil etiladi.
Birinchi bosqichda 10 ta koʻchada, kelgusida talabdan kelib chiqib boshqa koʻchalarda ham avtomobillarning avtomatlashtirilgan yoʻl boʻyi pullik toʻxtash joylari tizimi davlat-xususiy sheriklik tamoyillari asosida tashkil etiladi.
Tizimni joriy etish jarayonida yoʻl boʻyi pullik toʻxtash joylariga yondosh hududdagi piyoda yoʻlaklarini taʼmirlash va velosiped yoʻlaklari tashkil etish ishlari amalga oshiriladi.
6-§. Toshkent shahrida velosiped transportini rivojlantirish
Velosiped transportini rivojlantirish, undan ommaviy foydalanishni ragʻbatlantirish maqsadida quyidagi tadbirlar amalga oshiriladi:
velosiped transportini rivojlantirishni davlat tomonidan qoʻllab-quvvatlash;
shaharsozlik siyosatining zarur elementi sifatida velosipedlar infratuzilmasini rivojlantirish, bunda 2025-yilgacha 250 km velosiped yoʻlaklarini va unga tegishli infratuzilmani barpo etish;
shaharda velosipeddan ommaviy foydalanishni yoʻlga qoʻyish uchun “veloshering” tizimini joriy etish;
ijtimoiy soha obyektlari, savdo-xizmat koʻrsatish majmualari, dam olish maskanlari, maʼmuriy binolar va transport-oʻtish bogʻlamalari hududlarida velosipedlarning saqlash joylari barpo etiladi.
7-§. Yoʻnalishsiz taksi faoliyatini tartibga solish va yanada takomillashtirish
Yoʻnalishsiz taksi faoliyatini rivojlantirish, yoʻlovchilarga sifatli, qulay va xavfsiz transport xizmati koʻrsatish, mazkur xizmat turini raqamlashtirish hamda ilgʻor xorijiy tajriba va axborot texnologiyalarini joriy qilish maqsadida yoʻnalishsiz taksi xizmatida quyidagi tadbirlar amalga oshiriladi:
harakat tarkibiga qoʻyiladigan talablarni belgilovchi yagona davlat standartlarini ishlab chiqish va ekologik toza “yashil transport” turlariga oʻtkazish darajasini bosqichma-bosqich oshirish;
faoliyatni tartibga soluvchi normativ-huquqiy bazani takomillashtirish;
haydovchilar toʻgʻrisidagi barcha maʼlumotlarni oʻzida jamlagan elektron axborot bazani shakllantirish va uni amaldagi ID-kartalar tizimi bilan integratsiyalash;
yoʻnalishsiz taksilarning harakatini masofadan onlayn kuzatish va nazorat qilish tizimini joriy qilish;
ruxsat beruvchi litsenziya varaqalarining amal qilish hududini belgilash;
imkoniyati cheklangan fuqarolarga maxsus moslamali (pandus) taksi xizmatini yoʻlga qoʻyish;
aholi gavjum joylarda, vokzal va aeroportlarga tutash hududlarda alohida yoʻnalishsiz taksi toʻxtash joylarini tashkil qilish;
yoʻnalishsiz taksilar faoliyatiga xizmatlar turini (“Standart”, “Biznes”, “Ekonom”, “Komfort”) joriy qilish.
8-§. Toshkent shahar jamoat transporti tizimida raqamli texnologiyalarni joriy etish
Toshkent shahar jamoat transport tizimida raqamlashtirish darajasini oshirish boʻyicha quyidagi tadbirlar amalga oshiriladi:
jamoat transporti sohasiga oid barcha maʼlumotlarni bir butun axborot resurslari sifatida Big Data texnologiyasi asosida shakllantirish va Machine Learning (sunʼiy intellekt) algoritmlarini qoʻllash orqali ulardagi jarayonlar kechishini prognoz qiluvchi va maqbullashtiruvchi axborot tizimini yaratish;
“Toshkent transporti” mobil ilovasi negizida maʼlumotlarni qayta ishlash orqali yoʻlovchilarga dasturiy taʼminot va maʼlumotlardan foydalanishlari mumkin boʻlgan mobil qurilmalarini boshqarish MaaS (Mobility as a Service — mobillik servis sifatida) platformasini yaratish;
raqamlashtirish va sunʼiy intellekt texnologiyalarini qoʻllagan holda “Aqlli avtobus” (SmartBUS), “Aqlli bekat” (SmartBUS Stop) hamda “Aqlli chorrahalar” (Smart Crossroads) tizimini joriy etish;
avtobuslardagi GPS-trekerlar, chorrahalar va bekatlarda oʻrnatilgan turli xil sensorlar, kuzatuv kameralari, Wi-Fi tarmogʻi va boshqa IoT qurilmalaridan onlayn tarzda maʼlumotlarni yigʻish, tahlil qilish, xavfsizlikni taʼminlash va jarayonlarni optimallashtirish tizimini joriy etish;
yoʻlovchi tashish faoliyati bilan shugʻullanuvchi davlat tomonidan moliyalashtiriladigan korxonalar moliyaviy-xoʻjalik faoliyatiga ERP (Enterprise Resource Planning — Korxona resurslarni rejalashtirish) tizimini joriy etish va avtomatlashtirilgan dispetcherlik boshqaruvi (ASDUM) tizimi bilan integratsiya qilish orqali korxona faoliyatini takomillashtirish;
jamoat transporti infratuzilmasi obyektlari nomlarini ID-tasniflagan holda ularning ID-reyestrini yuritish;
jamoat transportida mavjud elektron toʻlov tizimlari, elektron hamyonlar, virtual kartalar hamda mobil operatorlarning tizimlari orqali toʻlovlarni amalga oshirish mexanizmini ishlab chiqish va takomillashtirish.
9-§. Toshkent metropolitenining jozibadorligini oshirish
Quyidagilar Toshkent metropoliteni faoliyatini yanada takomillashtirishning eng muhim vazifalari va yoʻnalishlari hisoblanadi:
metropoliten tarmogʻini kengaytirish;
yoʻlovchilar tashishni tashkil etishning samaradorligini oshirish, harakat tarkibini yangilash va modernizatsiya qilish;
metropoliten yoʻnalishlarining shahar yer usti jamoat transporti yoʻnalishlari bilan oʻzaro bogʻliqligini taʼminlash;
metropoliten boshqaruv tizimiga poyezdlar harakatining muntazamligini, belgilangan jadval va oraliqlarga qatʼiy rioya etilishini, texnologik jarayonlar avtomatlashtirilishini taʼminlovchi zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini joriy etish;
metropoliten ishchi-xodimlarining malakasini oshirish, yangi ish oʻrinlarini yaratish.
10-§. Jamoat transportida tarif siyosatini takomillashtirish
Jamoat transporti yoʻnalishlarining yangi tarmogʻi joriy qilinishi munosabati bilan tariflarning ham yangi tabaqalashtirilgan turlari joriy etiladi.
Tabaqalashtirilgan tariflar yoʻnalish turi, metropolitenda qatnov masofasi va transport turidan kelib chiqqan holda shakllantiriladi (magistral va halqa yoʻnalishlari tarifi, bogʻlovchi yoʻnalish tarifi, yetkazib beruvchi yoʻnalish tarifi, masofaga bogʻlangan metro tarifi, bir transportdan ikkinchi transportga oʻtish tarifi).
Yoʻlkira haqi toʻlanishi ustidan zamonaviy nazorat tizimini yaratish uchun:
maxsus kiyim, bodi kamera va planshetlarga ega yoʻnalish nazoratchisi lavozimini joriy etiladi va ularga yoʻlkira haqini toʻlamagan yoʻlovchilarga oʻrnatilgan tartibda jarima qoʻllash huquqi beriladi;
yoʻnalish nazoratchilari foydalanadigan dasturlar Ichki ishlar vazirligining tegishli dasturlariga integratsiya qilinadi va normativ-huquqiy hujjatlariga zarur oʻzgartirishlar kiritiladi.
11-§. Jamoat transporti korxonalari faoliyatini moliyalashtirish tizimini takomillashtirish
Jamoat transporti tashuvchilarini ularga biriktirilgan yoʻnalishlarda haqiqiy bajarilgan ish hajmlari (bosilgan masofa va tashilgan yoʻlovchilar soni) hamda sifat koʻrsatkichlarini inobatga olgan holda moliyalashtirishning yangi tizimi (Pool system) joriy etiladi.
Moliyalashtirishning yangi tizimi (Pool system) manbai etib yoʻlovchi tashishdan olingan daromadlar, mahalliy budjet parametrlarida cheklangan tariflar asosida yoʻlovchilar tashishdan koʻriladigan zararlarini qoplash hamda shahar yoʻlovchi transportida bepul yurish huquqiga ega boʻlgan yoʻlovchilarni tashish uchun ajratiladigan mablagʻlar hisoblanadi.
Yoʻlovchi tashishdan olinadigan daromadlar va mahalliy budjet parametrlarida jamoat transporti uchun koʻzda tutilgan barcha mablagʻlar Transport vazirligining Toshkent shahar transport boshqarmasida jamlanadi hamda tashuvchilar bilan hisob-kitoblar amalga oshiriladi.
Moliyalashtirishning yangi tizimida har bir yoʻnalishning shartnomaviy qiymati hisob-kitoblar asosida aniqlanib, xizmat koʻrsatishning sifat koʻrsatkichlari belgilanadi.
Ushbu tizimda har bir yoʻnalish elektron tender savdolari orqali savdoga chiqarilib, eng yaxshi taklif bergan tashuvchi bilan transport sohasini boshqarishga vakolatli boʻlgan davlat organi oʻrtasida shartnoma tuziladi. Shartnoma talablari bajarilganda vakolatli organ tomonidan tashuvchilar faoliyati har oy yakuni bilan moliyalashtirilib boriladi.
12-§. Toshkent shahrida transport oqimini boshqarish va chorrahalarni loyihalash
Toshkent shahrida transport oqimini boshqarish va chorrahalarni loyihalash ishlarini takomillashtirishning asosiy yoʻnalishlari:
yirik shaharlarda transport oqimini boshqarish boʻyicha xorijiy tajribani oʻrganib borish;
shahar koʻchalaridagi transport oqimlari monitoring-tahlilini olib borish;
jamoat transport tizimini matematik modellashtirish yoʻli bilan transport xizmatlariga boʻlgan talabni oʻrganib borish;
shahar koʻchalarida transport tirbandliklarini kamaytirish maqsadida mavjud svetofor obyektlarining bir-biri bilan bogʻliq holda ishlash tizimini bosqichma-bosqich joriy etish;
500 ta chorrahaga transport harakatini boshqarishning intellektual tizimlarini — “aqlli svetoforlar” (Smart traffic lights) va “aqlli chorrahalar”ni (Smart Crossroads) joriy qilish;
chorrahalar geometrik parametrlarini oʻzgartirish yoʻli bilan ularning oʻtkazuvchanlik qobiliyatini oshirib borish;
jamoat transporti harakat tarkibining shahar koʻchalarida toʻsiqlarsiz harakatlanishini taʼminlash uchun alohida yoʻlaklar tashkil etish;
uch tasmagacha boʻlgan avtomobil yoʻllarida shahar yoʻlovchilar transporti uchun avtobus oraliq bekatlarini loyihalashda avtobuslarning bunday bekatga kirish va toʻxtash qismini (karman) majburiy etib belgilash.
5-bob. Konsepsiyani amalga oshirish va undan kutilayotgan natijalar
Konsepsiyaning amalga oshirilishi natijasida 2025-yilda:
yoʻnalishdagi avtobuslarning oʻrtacha tasarruf tezligini 17 foizga oshirish;
avtobus qatnovlari muntazamligini 95 foizga yetkazish;
yoʻnalish harakat intervalini 35 foizgacha qisqartirish;
shahar hududini jamoat transporti bilan toʻliq qamrab olish;
aholining jamoat transportidan foydalanish darajasini 43 foizga yetkazish (kunlik yoʻlovchi tashish hajmi oʻrtacha 2,7 mln. yoʻlovchiga yetkazish);
jamoat transporti qulay va ekologik toza harakat tarkibi bilan yangilash yoʻli bilan atrof-muhitga salbiy taʼsirini 35 foizga kamaytirish;
shahar markazida harakatlanayotgan yengil avtomobillar soni 20 foizgacha qisqartirilishi;
velosiped transporti infratuzilmasining keng rivojlanishi;
transport korxonalari faoliyatini raqamlashtirish hisobiga ishlab chiqarish samaradorligi 30 — 35 foizga oʻsishi, maʼmuriy va operatsion xarajatlar oʻrtacha 20 — 22 foizga kamayishi;
yoʻlkira haqi toʻlanishida naqd pul aylanmasidan voz kechish;
transport korxonalari daromadlari yigʻilishining shaffofligini taʼminlash;
chorrahalarda transport vositalarining oʻtkazuvchanligi 15 foizga oshirilishi.
6-bob. Konsepsiyani amalga oshirish mexanizmlari
Konsepsiyani amalga oshirish boʻyicha tasdiqlangan “Yoʻl xarita”da belgilangan chora-tadbirlar masʼul vazirlik va idoralar tomonidan sifatli, toʻliq va oʻz vaqtida amalga oshirilishi natijasida Toshkent shahar jamoat transporti tizimini 2025-yilgacha rivojlantirishning maqsadli koʻrsatkichlari (indikatorlari)ning bajarilishi taʼminlanadi.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2022-yil 2-fevraldagi PQ-111-son qaroriga 2-ILOVA
Toshkent shahar jamoat transporti tizimini 2025-yilgacha rivojlantirish konsepsiyasini amalga oshirish boʻyicha
* Loyiha-smeta hujjatlari ishlab chiqilib, ekspertiza xulosalari olingandan soʻng obyektlarning qiymatlariga aniqlik kiritiladi.
(2-ilova Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 27-yanvardagi PQ-28-sonli qarori tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 28.01.2025-y., 07/25/28/0076-son)
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2022-yil 2-fevraldagi PQ-111-son qaroriga 3-ILOVA
Toshkent shahar jamoat transporti tizimini 2025-yilgacha rivojlantirishning maqsadli
Izoh. Maqsadli koʻrsatkichlar (indikatorlar)ga dasturlar va “Yoʻl xaritasi”da belgilangan tadbirlarning ijrosi davomida oʻzgartirishlar kiritilishi mumkin.
(3-ilova Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 27-yanvardagi PQ-28-sonli qarori tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 28.01.2025-y., 07/25/28/0076-son)
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2022-yil 2-fevraldagi PQ-111-son qaroriga 4-ILOVA
2022 — 2025-yillar davomida yer usti jamoat transporti va metropoliten yoʻnalishlari kesishuvlarida hamda transport oqimi yuqori boʻlgan joylarda transport-oʻtish bogʻlamalarini tashkil etish
Izoh: Dasturda belgilangan chora-tadbirlarning ijrosi muddatiga loyiha-smeta hujjatlaridan kelib chiqqan holda oʻzgartirish kiritilishi mumkin.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2022-yil 2-fevraldagi PQ-111-son qaroriga 5-ILOVA
2022-yilda 190 ta “MAN A22 CNG” rusumli katta sigʻimli avtobus xaridini amalga oshirish uchun jalb qilinadigan tijorat banki krediti boʻyicha asosiy qarzni qaytarish, foizlar va vositachilik haqini toʻlashning
* Toʻlovlar umumiy miqdori va muddati amalda olingan kredit sanasiga bogʻliq holda aniqlashtirilishi mumkin.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2022-yil 2-fevraldagi PQ-111-son qaroriga 6-ILOVA
2022-yilda 200 ta “SAZ LE 60” rusumli oʻrta sigʻimli avtobus xaridini amalga oshirish uchun jalb qilinadigan tijorat banki krediti boʻyicha asosiy qarzni qaytarish, foizlar va vositachilik haqini toʻlashning
* Toʻlovlar umumiy miqdori va muddati amalda olingan kredit sanasiga bogʻliq holda aniqlashtirilishi mumkin.