PQ-113-son Qaror · 03.02.2022

Jahon banki ishtirokida “Elektr energetika sektorini transformatsiya qilish va barqaror elektr uzatish” loyihasini amalga oshirish hamda respublika magistral elektr tarmoqlari tizimini rivojlantirish va uning samaradorligini oshirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida

Rekvizitlar

  • Hujjat turi:Qaror
  • Raqami:PQ-113
  • Qabul qilingan sana:03.02.2022
  • Kuchga kirgan sana:04.02.2022
  • Holati:Amalda
  • Rasmiy nashr:QMMB 07/22/113/0102

Respublika magistral elektr tarmoqlari tizimini rivojlantirish, uning ishonchliligi va xavfsizligini oshirish, tizimli avariyalarning oldini olish, shuningdek, iqtisodiyot tarmoqlari va aholini elektr energiyasi bilan barqaror taʼminlash maqsadida:

1. Quyidagilar:

a) Jahon bankining direktorlar kengashi tomonidan 2021-yil 25-iyunda “Elektr energetika sektorini transformatsiya qilish va barqaror elektr uzatish” loyihasining quyidagi komponentlari (keyingi oʻrinlarda — Jahon banki loyihalari):

“Dispetcherlik boshqaruvi va maʼlumotlarni yigʻish dasturiy-apparat kompleksini (SCADA) joriy qilish”;

“Jahon banki ishtirokida magistral elektr tarmoqlari podstansiyalarini modernizatsiya va rekonstruksiya qilish (II-faza)”;

“Yangi 500 kV kuchlanishli “Halqa” nimstansiyasi va 220, 500 kV kuchlanishli havo elektr uzatish tarmoqlarini qurish”;

“Oʻzbekiston milliy elektr tarmoqlari” AJ resurslarini boshqarishning avtomatlashtirilgan tizimini (ERP) joriy etish” investitsiya loyihalarini Xalqaro taraqqiyot uyushmasining 330 mln AQSH dollariga teng imtiyozli va 50 mln AQSH dollariga teng imtiyozsiz kreditlari, Yashil iqlim jamgʻarmasining 43 mln AQSH dollariga teng imtiyozli krediti va 4 mln AQSH dollariga teng grant mablagʻlari hisobiga moliyalashtirishga kelishilganligi;

b) “Oʻzbekiston milliy elektr tarmoqlari” AJ (keyingi oʻrinlarda — OʻMET) hamda Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki oʻrtasida 2021-yil 6-oktabrda “130 km uzunlikdagi 500 kVli Sarimoy (Xorazm viloyati) — Jonkeldi (Buxoro viloyati) yuqori kuchlanishli elektr uzatish tarmogʻini qurish” investitsiya loyihasini moliyalashtirish uchun davlat kafolatisiz korporativ kredit ajratilishi boʻyicha mandat xati imzolanganligi maʼlumot uchun qabul qilinsin.

2. Yagona energetika tizimining mustahkam va barqaror ishlashini taʼminlash, operativ-dispetcherlik boshqaruvi jarayonlarida inson omili bilan bogʻliq xavf-xatarlarni qisqartirish va tizimli avariyalarning oldini olish hamda elektr energiyasining texnologik sarfini kamaytirish orqali uni transportirovka qilish sarf-xarajatlarini qisqartirish maqsadida amalga oshirilayotgan:

“Dispetcherlik boshqaruvi va maʼlumotlarni yigʻish dasturiy-apparat kompleksini (SCADA) joriy qilish” investitsiya loyihasining asosiy texnik-iqtisodiy koʻrsatkichlari 1-ilovaga muvofiq;

“Jahon banki ishtirokida magistral elektr tarmoqlari podstansiyalarini modernizatsiya va rekonstruksiya qilish (II faza)” investitsiya loyihasining asosiy texnik-iqtisodiy koʻrsatkichlari 2-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.

Bunda quyidagilar:

yagona elektr energetikasi tizimini, shu jumladan elektr tarmoqlari boʻyicha elektr energiyasi oqimini tezkor boshqarishning zamonaviy, avtomatlashtirilgan tizimi joriy etilishi hisobiga energetika tizimi uzluksiz va barqaror ishlashi taʼminlanishi;

22 ta podstansiyada jismonan va maʼnan eskirgan elektr uskunalar va jihozlarni yangisiga almashtirish, shu jumladan 10 ta podstansiyada 20 ta jamlanma yangi kuch transformatorlari va avtotransformatorlarni oʻrnatish orqali podstansiyalar quvvatining 912,7 MVAga oshirilishi;

uskunalarni mukammal taʼmirlash xarajatlarini va transformatorlar oʻz ehtiyoji uchun sarflanadigan elektr energiyasi hajmini oʻrtacha yillik 14,2 mln AQSH dollariga teng miqdorda kamaytirishga erishilishi maʼlumot uchun qabul qilinsin.

3. Moliya vazirligi Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi va OʻMET bilan birgalikda 2022-yil 1-martga qadar “Elektr energetika sektorini transformatsiya qilish va barqaror elektr uzatish” loyihasini moliyalashtirish boʻyicha Jahon banki bilan qarz bitimi imzolanishini taʼminlasin.

4. Moliya vaziriga xalqaro moliya institutlarining kreditlaridan foydalanish va oʻz vaqtida qaytarish boʻyicha Oʻzbekiston Respublikasi va OʻMET oʻrtasida qayta kreditlash toʻgʻrisidagi bitimlarni Oʻzbekiston Respublikasi nomidan belgilangan tartibda imzolash vakolati berilsin.

5. Xalqaro moliya institutlarining 3-ilovada keltirilgan loyihalarni amalga oshirish doirasida jalb qilingan kreditlari boʻyicha iqtisod qilinadigan mablagʻlarni, Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi, Moliya vazirligi, Energetika vazirligi va kreditorlar bilan kelishilgan holda, OʻMETning boshqa investitsiya loyihalarini moliyalashtirish uchun yoʻnaltirishga ruxsat berilsin.

6. Energetika vazirligi bir hafta muddatda OʻMET tomonidan amalga oshirilayotgan investitsiya loyihalarining samaradorligini oshirish boʻyicha chora-tadbirlarni tasdiqlash uchun Vazirlar Mahkamasiga kiritsin.

7. Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish davlat qoʻmitasi loyiha hujjatlarining belgilangan tartibda davlat ekologiya ekspertizasidan oʻtkazilishini hamda loyihalarni amalga oshirishda tabiatni muhofaza qilishga oid qonunchilik hujjatlari talablariga rioya etilishini taʼminlasin.

8. Energetika vazirligi, Moliya vazirligi va Davlat aktivlarini boshqarish agentligining 4-ilovada koʻrsatilgan “Issiqlik elektr stansiyalari” AJ tarkibidagi korxonalar va “Oʻzbekgidroenergo” AJ tasarrufida boʻlgan 110 — 500 kV kuchlanishli taqsimlovchi qurilmalarni OʻMET tasarrufiga balans (qoldiq) qiymati boʻyicha shtat birliklari bilan birga oʻtkazish toʻgʻrisidagi taklifiga rozilik berilsin.

Bunda, mazkur bandga muvofiq xoʻjalik jamiyatlarining bir tashkilotdan boshqa bir tashkilotga oʻtkazilayotgan mulki va mulkiy huquqlari soliqqa tortishning barcha turlari boʻyicha soliq solish obyekti hisoblanmaydi.

Vazirlar Mahkamasi oʻn kun muddatda ushbu takliflarni amalga oshirish boʻyicha “yoʻl xaritasi”ni tasdiqlasin.

9. Quyidagilarga:

energetika vaziri A.S. Sultanovga — loyiha boʻyicha qurilish-pudrat ishlari tizimli nazorat qilinishini taʼminlash, shuningdek, loyiha doirasida bajarilgan ishlarni doimiy tahlil qilish va aniqlangan kamchiliklarni oʻz vaqtida bartaraf etish;

“Oʻzbekiston milliy elektr tarmoqlari” AJ raisi D.A. Isakulovga — loyiha hujjatlari puxta ishlab chiqilishi, qurilish ishlari oʻz vaqtida va sifatli bajarilishini taʼminlash yuzasidan shaxsiy javobgarlik yuklansin.

10. Mazkur qaror ijrosini muhokama qilib borish, ijro uchun masʼul idoralar faoliyatini muvofiqlashtirish va nazorat qilish Bosh vazir oʻrinbosari J. Qoʻchqorov zimmasiga yuklansin.

Amalga oshirilayotgan chora-tadbirlar natijadorligi yuzasidan har chorak yakunida Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentiga axborot berilsin.

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Sh. MIRZIYOYEV

Toshkent sh.,

2022-yil 3-fevral,

PQ-113-son

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2022-yil 3-fevraldagi PQ-113-son qaroriga 1-ILOVA

“Dispetcherlik boshqaruvi va maʼlumotlarni yigʻish dasturiy-apparat kompleksini (SCADA) joriy qilish” investitsiya loyihasining asosiy texnik-iqtisodiy

Izoh.

* Investitsiya loyihasining yakuniy qiymati loyiha-smeta hujjatlarini ishlab chiqish hamda tovarlar (ishlar va xizmatlar) yetkazib berish boʻyicha tender savdo natijalari asosida belgilanadi;

** Moliyaviy xarajatlar kreditning haqiqatda ishlatilishi qiymati va sanasidan kelib chiqib oʻzgarishi mumkin;

*** Oʻzbekiston Respublikasining hissasi sifatida hisobga olinadigan soliq va bojxona imtiyozlari.

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2022-yil 3-fevraldagi PQ-113-son qaroriga2-ILOVA

“Jahon banki ishtirokida magistral elektr tarmoqlari podstansiyalarini modernizatsiya va rekonstruksiya qilish (II faza)” investitsiya loyihasining asosiy texnik-iqtisodiy

Izoh.

* Investitsiya loyihasining yakuniy qiymati loyiha-smeta hujjatlarini ishlab chiqish hamda tovarlar (ishlar va xizmatlar) yetkazib berish boʻyicha tender savdo natijalari asosida belgilanadi;

** Moliyaviy xarajatlar kreditning haqiqatda ishlatilishi qiymati va sanasidan kelib chiqib oʻzgarishi mumkin;

*** Soliq va bojxona imtiyozlari.

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2022-yil 3-fevraldagi PQ-113-son qaroriga3-ILOVA

“Oʻzbekiston milliy elektr tarmoqlari” AJning investitsiya loyihalarini moliyalashtirish uchun jalb qilingan va mablagʻlar iqtisod qilinishi kutilayotgan xalqaro moliya institutlarining kreditlari

*Izoh. Ushbu summalar marketing tahlillar natijasida olingan boʻlib, tender savdolari yakuniga koʻra aniqlanadi.

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2022-yil 3-fevraldagi PQ-113-son qaroriga4-ILOVA

“Issiqlik elektr stansiyalari” AJ tarkibidagi korxonalar va “Oʻzbekgidroenergo” AJ tasarrufida boʻlgan, balans (qoldiq) qiymati boʻyicha “Oʻzbekiston milliy elektr tarmoqlari” AJga oʻtkaziladigan 110 — 500 kV kuchlanishli ochiq taqsimlovchi qurilmalar

Bu hujjat sizga qanday ta'sir qiladi?

HuquqTech hujjat va qonun moddalariga tayanib, savolingizga oddiy tilda javob beradi.

AI'dan bepul so'rash

Matn lex.uz rasmiy manbasidan olingan va avtomatik yangilanadi. Huquqiy ahamiyatga ega qarorlar uchun rasmiy nashrga va malakali mutaxassisga murojaat qiling.