F-22-son Farmoyish · 03.02.2022

Xalq taʼlimi tizimini isloh qilish boʻyicha qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida

Rekvizitlar

  • Hujjat turi:Farmoyish
  • Raqami:F-22
  • Qabul qilingan sana:03.02.2022
  • Kuchga kirgan sana:03.02.2022
  • Holati:Amalda

Xalq taʼlimi tizimini yanada rivojlantirish, sohaga doir yangi tashabbuslarni ilgari surish va ularni qoʻllab-quvvatlash, taʼlim va tarbiya sifatiga bevosita va bilvosita taʼsir qilishi mumkin boʻlgan masalalarni hal qilish, masʼul vazirlik va idoralar, mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlarining bu boradagi faoliyatini muvofiqlashtirib borish maqsadida:

1. Quyidagilar:

Xalq taʼlimi tizimini isloh qilish boʻyicha milliy kengash (keyingi oʻrinlarda — Milliy kengash) 1-ilovaga muvofiq tarkibda;

Xalq taʼlimi tizimini isloh qilish boʻyicha Qoraqalpogʻiston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahar kengashlari (keyingi oʻrinlarda — hududiy kengashlar) 2-ilovaga muvofiq namunaviy tarkibda;

Xalq taʼlimi tizimini isloh qilish boʻyicha tuman (shahar) kengashlari (keyingi oʻrinlarda — tuman (shahar) kengashlari) 3-ilovaga muvofiq namunaviy tarkibda tashkil etilsin.

2. Milliy kengashning asosiy vazifalari etib quyidagilar belgilansin:

milliy taʼlim tizimini yoʻlga qoʻyish, darslik va oʻquv qoʻllanmalarini zamon talablari asosida takomillashtirish hamda ularning yangi avlodini yaratish, oʻquv dasturlarini ilgʻor xorijiy tajriba asosida optimallashtirish boʻyicha ishlarni muvofiqlashtirish;

oʻqituvchi kasbining maqomi va obroʻsini koʻtarish, ularning moddiy va ijtimoiy qoʻllab-quvvatlanishini taʼminlash, samarali mehnat faoliyati uchun munosib sharoitlar yaratish;

Yangi Oʻzbekiston taraqqiyoti, boy madaniy-tarixiy meros, milliy urf-odat, vatanparvarlik va umuminsoniy qadriyatlar gʻoyalari asosida maʼnaviy yetuk avlodni tarbiyalashning samarali pedagogik shakl va metodlari tatbiq etilishini tashkillashtirish;

umumiy oʻrta taʼlim muassasalari bino va inshootlarini qurish, rekonstruksiya qilish, joriy va mukammal taʼmirlash boʻyicha ishlarni muvofiqlashtirish va monitoringini olib borish, mazkur ishlarda zamonaviy texnologiyalar va energiya tejamkor materiallar qoʻllanilishini taʼminlash;

xalq taʼlimi sohasidagi ishlarning ahvolini tizimli tahlil va monitoring qilish, masʼul vazirlik, idora va mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlari rahbarlarining bu borada qilingan ishlar boʻyicha hisobotlarini tinglash, shu asosda ularni ragʻbatlantirish yoki javobgarlikka tortish boʻyicha choralar koʻrish;

xalq taʼlimi tizimida islohotlarni amalga oshirishda vazirlik, idora va mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlarining faoliyati oʻzaro kelishilgan tarzda, samarali olib borilishini, sustkashliklar va masʼuliyatsizlikka yoʻl qoʻymasligini taʼminlash, shuningdek, hududiy hamda tuman (shahar) kengashlari ishini sifatli tashkil qilish, mazkur farmoyishda belgilangan chora-tadbirlar bilan bir qatorda ularning qoʻshimcha vazifa va funksiyalarini belgilash;

xalq taʼlimi sohasidagi davlat dasturlarini ishlab chiqish va amalga oshirishni tashkillashtirish, mazkur sohadagi qonunchilik hujjatlarini va huquqni qoʻllash amaliyotini yanada takomillashtirish;

xalq taʼlimi tizimini isloh qilish boʻyicha tuman (shahar) kesimida ishlab chiqilgan yillik hududiy dasturlarning vazirlik, idora va mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlari tomonidan toʻliq hamda oʻz vaqtida bajarilishini nazorat qilish.

3. Milliy kengashning joriy faoliyatini taʼminlash uchun Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining maslahatchisi A.A. Abduvaxitov va xalq taʼlimi vaziri B.O. Saidov boshchiligida Respublika shtabi tashkil qilinsin.

4. Respublika shtabi tomonidan joylarda amalga oshiriladigan ishlar rejasi (keyingi oʻrinlarda — ish reja) va hududlarni oʻrganish reja jadvali 4 va 5-ilovalarga muvofiq tasdiqlansin.

Quyidagilarga:

vazirlik va idoralar rahbarlari hamda Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar, Toshkent shahar, tuman va shahar hokimliklariga — ish rejada nazarda tutilgan tadbirlarni oʻz vaqtida va sifatli bajarish;

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining maslahatchisi A.A. Abduvaxitovga — ish rejada nazarda tutilgan tadbirlarni toʻliq hajmda amalga oshirish boʻyicha vazirlik, idora va mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlari faoliyatini samarali tashkil etish, normativ-huquqiy hujjatlar loyihalarini oʻz vaqtida va puxta ishlab chiqish yuzasidan shaxsiy javobgarlik yuklansin.

5. Hududiy kengashlar tuman (shahar) kengashlari bilan birgalikda:

2022-yil 15-fevralga qadar umumiy oʻrta taʼlim muassasalari direktorlari, pedagog kadrlar, oʻquvchilarning ota-onalari, malakali mutaxassislar va xorijiy ekspertlarni jalb qilgan holda xalq taʼlimi tizimini isloh qilish boʻyicha tuman (shahar) kesimida yillik hududiy dasturlarni ishlab chiqsin va keng muhokama qilish uchun rasmiy veb-saytlar, ommaviy axborot vositalari va ijtimoiy tarmoqlarda joylashtirsin;

2022-yil 1-martga qadar muhokama doirasida kelib tushgan takliflardan kelib chiqib qayta ishlangan hududiy dasturlarni tegishlicha Qoraqalpogʻiston Respublikasi Joʻqorgʻi Kengesi, viloyatlar va Toshkent shahar xalq deputatlari Kengashlarida taqdimot qilsin;

2022-yil 5-martga qadar hududiy dasturlarni tasdiqlasin va Milliy kengashga kiritsin;

har oyning 20-sanasiga qadar hududiy dasturlar ijrosi boʻyicha hisobotini hamda xalq taʼlimi tizimini isloh qilish boʻyicha taklif va tashabbuslarini Respublika shtabiga kiritsin.

Bunda, tashabbuslar va takliflar Respublika shtabiga taqdimot koʻrinishida kiritiladi hamda ularga tahliliy maʼlumotnoma va jadvallar, rivojlangan mamlakatlarning tajribasini oʻrganish boʻyicha maʼlumotnoma va boshqa materiallar, shuningdek, zarur hollarda, normativ-huquqiy hujjatlar loyihalari ilova qilinadi.

Respublika shtabi (Abduvaxitov, Saidov) har oyning 25-sanasigacha hududiy kengashlar tomonidan taqdim etilgan hisobotlar, tashabbuslar va takliflarni umumlashtirib Milliy kengashga kiritsin.

6. Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi Raisi, viloyatlar, Toshkent shahar, tuman va shahar hokimlari:

uch kun muddatda kengashlarning tashkiliy yigʻilishlarini oʻtkazib, tegishli yoʻnalish doirasida belgilangan vazifalar sifatli va oʻz vaqtida amalga oshirilishini taʼminlash boʻyicha savolnoma, tarmoq grafigi va taqdimot materiallari namunalarini tasdiqlasin hamda kengash aʼzolarining vazifalar taqsimotini belgilasin;

kengashlar ishini samarali tashkil qilish uchun barcha zarur choralarni amalga oshirsin, ularning faoliyatiga ilmiy va taʼlim muassasalari, xalqaro tashkilotlar mutaxassislari, shuningdek, mahalliy hamda xorijiy ekspert va maslahatchilarni jalb qilsin;

har kuni tegishli kengashlar tomonidan tayyorlanayotgan takliflarning, shu jumladan joyiga chiqqan holda muhokamasini tashkil etib borsin;

takliflarni tayyorlash jarayonida kengash aʼzolari oʻrtasida samarali va doimiy kommunikatsiya hamda hamkorlikni yoʻlga qoʻysin;

kengashlar tomonidan har tomonlama asoslantirilgan takliflar ishlab chiqilishini va ularning oʻz vaqtida Respublika shtabiga kiritilishini taʼminlasin.

7. Belgilansinki, 2022-yil 1-martdan boshlab har oyda ikkita hududiy kengashlar xalq taʼlimi tizimini isloh qilish boʻyicha tayyorlagan taklif va tashabbuslarini Milliy kengashga taqdimot qiladi.

Respublika shtabi (Abduvaxitov, Saidov) hududiy kengashlarga taqdimot materiallarini tayyorlashda koʻmaklashsin.

8. Tashqi ishlar vazirligi (Kamilov):

Respublika shtabi soʻroviga asosan Oʻzbekiston Respublikasining xorijiy mamlakatlardagi diplomatik vakolatxonalarini jalb qilgan holda xalq taʼlimi tizimini isloh qilish yuzasidan rivojlangan davlatlarning tajribasini chuqur oʻrganib, ular boʻyicha maʼlumotlarning tezkor taqdim etilishini taʼminlasin;

ushbu maʼlumotlarni tayyorlashda xorijiy davlatlarning nufuzli ekspertlari, olimlari va mutaxassislari bilan uchrashuvlar va muhokamalar oʻtkazish (shu jumladan, videokonferensaloqa shaklida), ulardagi asosiy normativ-huquqiy hujjatlarni tarjima qilish choralarini koʻrsin;

Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi bilan birgalikda xalqaro tashkilotlar va xalqaro moliya institutlaridan xalq taʼlimi tizimini isloh qilish yuzasidan tayyorlangan tahliliy axborotlar va hisobotlar, shuningdek, tavsiya va takliflarni Respublika shtabiga taqdim etsin;

Davlat xizmatini rivojlantirish agentligi, “El-yurt umidi” jamgʻarmasi bilan birgalikda zarur hollarda kengash aʼzolarini rivojlangan xorijiy davlatlarga qisqa muddatli xizmat safariga yuborishni tashkil etsin.

9. Mazkur farmoyishning ijrosini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri A.N. Aripov va Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining maslahatchisi A.A. Abduvaxitov zimmasiga yuklansin.

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Sh. MIRZIYOYEV

Toshkent sh.,

2022-yil 3-fevral,

F-22-son

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2022-yil 3-fevraldagi F-22-son farmoyishiga1-ILOVA

Xalq taʼlimi tizimini isloh qilish boʻyicha milliy kengash

Izoh: Milliy kengash aʼzolari boshqa ishga oʻtgan taqdirda uning tarkibiga ushbu lavozimga yangi tayinlangan yoki tegishli funksiyalarni bajarish yuklangan shaxslar kiritiladi.

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2022-yil 3-fevraldagi F-22-son farmoyishiga2-ILOVA

Xalq taʼlimi tizimini isloh qilish boʻyicha Qoraqalpogʻiston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahar kengashlarining

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2022-yil 3-fevraldagi F-22-son farmoyishiga3-ILOVA

Xalq taʼlimi tizimini isloh qilish boʻyicha tuman (shahar) kengashlarining

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2022-yil 3-fevraldagi F-22-son farmoyishiga4-ILOVA

Xalq taʼlimi tizimini isloh qilish boʻyicha milliy kengashning joriy faoliyatini taʼminlash uchun tashkil etilgan respublika shtabi tomonidan joylarda amalga oshiriladigan

(4-ilova Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2023-yil 26-maydagi PF-79-sonli Farmoni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 31.05.2023-y., 06/23/79/0302-son)

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2022-yil 3-fevraldagi F-22-son farmoyishiga5-ILOVA

Xalq taʼlimi tizimini isloh qilish boʻyicha belgilangan vazifalar ijrosini samarali tashkil etish va ularni muvofiqlashtirib borish yuzasidan respublika shtabi aʼzolarining hududlarni oʻrganish

Izoh: Respublika shtabi tarkibiga Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimlari, ularning oʻrinbosarlari, Ichki ishlar, Mudofaa, Xalq taʼlimi, Turizm va sport hamda Moliya vazirliklari, Milliy gvardiya, Yoshlar ishlari agentligi hamda Taʼlim sifatini nazorat qilish davlat inspeksiyasining hududiy boshqarmalari boshliqlari jalb qilinadi.

Bu hujjat sizga qanday ta'sir qiladi?

HuquqTech hujjat va qonun moddalariga tayanib, savolingizga oddiy tilda javob beradi.

AI'dan bepul so'rash

Matn lex.uz rasmiy manbasidan olingan va avtomatik yangilanadi. Huquqiy ahamiyatga ega qarorlar uchun rasmiy nashrga va malakali mutaxassisga murojaat qiling.