Yoshlarning oliy taʼlim bilan qamrab olinishini yanada kengaytirish, shuningdek, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2022-yil 15-iyundagi “Davlat oliy taʼlim muassasalariga oʻqishga qabul qilish jarayonlarini tashkil etish toʻgʻrisida”gi PQ-279-son qaroriga muvofiq:
1. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2022-yil 15-iyundagi “Davlat oliy taʼlim muassasalariga oʻqishga qabul qilish jarayonlarini tashkil etish toʻgʻrisida”gi PQ-279-son qaroriga asosan:
a) 2022/2023 oʻquv yilidan boshlab:
Oila va xotin-qizlar qoʻmitasining tavsiyanomasi mavjud oliy maʼlumotga ega boʻlmagan xotin-qizlar uchun bakalavriatning kunduzgi taʼlim shakli boʻyicha umumiy belgilangan davlat granti asosidagi qabul parametrlariga qoʻshimcha 2 000 ta davlat granti ajratilishi;
respublikada faoliyat yuritayotgan xorijiy oliy taʼlim tashkilotlari va ularning filiallari hamda nodavlat oliy taʼlim tashkilotlarida (keyingi oʻrinlarda — nodavlat oliy taʼlim tashkilotlari) kadrlar tayyorlash uchun 1 000 ta davlat granti ajratilishi;
davlat oliy taʼlim muassasalari magistraturasiga ajratilgan qabul parametrlari doirasida bazaviy toʻlov-kontrakt asosida talabalikka qabul qilingan xotin-qizlarning toʻlov-kontrakt miqdori Davlat budjeti mablagʻlari hisobidan qoplab berilishi;
b) 2023/2024 oʻquv yilidan boshlab:
davlat oliy taʼlim muassasalariga oʻqishga qabul qilishning davlat buyurtmasi parametrlari faqat davlat granti boʻyicha tasdiqlanishi;
davlat oliy taʼlim muassasalariga (moliyaviy mustaqillik berilgan oliy taʼlim muassasalari bundan mustasno) toʻlov-kontrakt asosidagi qabul parametrlari boʻysunuvi boʻyicha tegishli vazirlik (idora) tomonidan Iqtisodiyot va moliya vazirligi, Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vazirligi bilan kelishilgan holda tasdiqlanishi maʼlumot uchun qabul qilinsin.
2. 2023/2024 oʻquv yili uchun davlat oliy taʼlim muassasalariga oʻqishga qabul qilishning davlat buyurtmasi parametrlari:
bakalavrlar tayyorlash boʻyicha kunduzgi taʼlim shakliga — 34 860 nafar etib, 1-ilovaga muvofiq;
magistrlar tayyorlash boʻyicha — 8 923 nafar etib, 2-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
3. Davlat oliy taʼlim muassasalariga oʻqishga qabul qilish jarayonlarini muvofiqlashtirish boʻyicha davlat komissiyasi (keyingi oʻrinlarda — Davlat komissiyasi) bir hafta muddatda 2023/2024 oʻquv yili uchun:
sogʻliqni saqlash, taʼlim, veterinariya, tibbiy-ijtimoiy xizmatlar sohalarida oliy maʼlumotli kadrlarga ehtiyoj yuqori boʻlgan hududlar uchun manfaatdor vazirlik va idoralarning buyurtmalariga muvofiq umumiy davlat granti asosidagi qabul parametrlari doirasida maqsadli qabul parametrlarining tuman (shahar)lar kesimidagi taqsimotini;
Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vazirligi, tizimida oliy taʼlim muassasasi boʻlgan vazirlik va idoralarning takliflari asosida davlat buyurtmasi parametrlarining taʼlim tillari boʻyicha taqsimotini tasdiqlasin va eʼlon qilsin.
4. Tizimida oliy taʼlim muassasalari boʻlgan vazirlik va idoralar davlat oliy taʼlim muassasalariga (moliyaviy mustaqillik berilgan davlat oliy taʼlim muassasalari bundan mustasno) toʻlov-kontrakt asosidagi qabul parametrlarini 2023-yil 20-iyunga qadar Iqtisodiyot va moliya vazirligi hamda Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vazirligi bilan kelishilgan holda tasdiqlasin.
Moliyaviy mustaqillik berilgan davlat oliy taʼlim muassasalarining Kuzatuv kengashlari 2023-yil 20-iyunga qadar toʻlov-kontrakt asosidagi qabul parametrlarini tasdiqlasin hamda qabul jarayonlarini tashkil etish uchun Davlat komissiyasiga taqdim etsin.
Qabul parametrlarini Vasiylik kengashi qarori bilan tasdiqlash vakolati berilgan oliy taʼlim tashkilotlariga qabul parametrlarini 2023-yil 20-iyunga qadar tasdiqlash tavsiya etilsin.
5. Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vazirligi bir oy muddatda yangi kiritilayotgan bakalavriat taʼlim yoʻnalishlari hamda magistratura mutaxassisliklari boʻyicha:
Kambagʻallikni qisqartirish va bandlik vazirligi, Oʻzbekiston texnik jihatdan tartibga solish agentligi bilan birgalikda Oliy taʼlim yoʻnalishlari va mutaxassisliklari klassifikatoriga belgilangan tartibda oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritsin;
malaka talablari, oʻquv rejalari hamda fan dasturlarining ishlab chiqilishini va belgilangan tartibda tasdiqlanishini taʼminlasin.
6. Xotin-qizlar va nodavlat oliy taʼlim tashkilotlariga ajratilgan davlat grantining oliy taʼlim tashkilotlari va bakalavriat taʼlim yoʻnalishlari boʻyicha taqsimoti yuzasidan takliflarni:
tavsiyanomaga ega boʻlgan xotin-qizlar boʻyicha — Oila va xotin-qizlar qoʻmitasi Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vazirligi bilan birgalikda 2023-yil 20-iyunga qadar;
nodavlat oliy taʼlim tashkilotlari boʻyicha — Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vazirligi 2023-yil 1-iyulga qadar tasdiqlash uchun Davlat komissiyasiga kiritsin.
7. Mazkur farmoyishning ijrosini samarali tashkil qilishga masʼul va shaxsiy javobgar etib oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vaziri I.Y. Abdurahmonov belgilansin.
Farmoyish ijrosini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri A.N. Aripov va Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining maslahatchisi O.K. Abduraxmanov zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Sh. MIRZIYOYEV
Toshkent sh.,
2023-yil 15-iyun,
F-31-son
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2023-yil 15-iyundagi F-31-son farmoyishiga1-ILOVA
2023/2024 oʻquv yilida davlat oliy taʼlim muassasalariga bakalavriatning kunduzgi taʼlim shakli boʻyicha davlat buyurtmasi asosida oʻqishga qabul qilish parametrlari
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2023-yil 15-iyundagi F-31-son farmoyishiga2-ILOVA
2023/2024 oʻquv yilida davlat oliy taʼlim muassasalari magistraturasiga davlat buyurtmasi asosida oʻqishga qabul qilish parametrlari