2023-yil 30-aprel kuni boʻlib oʻtgan umumxalq referendumida xalqimiz oʻzining yuksak siyosiy ongi, huquqiy madaniyati va dunyoqarashini namoyon etib, yangi tahrirdagi Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasini qabul qildi. Yangi tahrirdagi Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi davlatchilik, ijtimoiy-siyosiy, ijtimoiy-iqtisodiy va sud-huquq sohalarini bundan keyin ham barqaror rivojlantirish uchun mustahkam zamin yaratdi.
Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi kunini munosib kutib olish va yuksak saviyada nishonlash, Asosiy qonunimizda belgilangan demokratiya, erkinlik va tenglik, ijtimoiy adolat va birdamlik gʻoyalari atrofida fuqarolarni jipslashtirish, “Konstitutsiya — xalqchil davlat, barqaror taraqqiyot va farovon hayot asosi!” degan bosh gʻoyani oʻzida mujassam etgan tashkiliy-amaliy hamda maʼnaviy-maʼrifiy tadbirlarni samarali tashkil etish maqsadida:
1. Quyidagilar:
Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi kuniga bagʻishlangan bayram tadbirlariga tayyorgarlik koʻrish va ularni oʻtkazish dasturi (keyingi oʻrinlarda — Dastur) 1-ilovaga muvofiq;
Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi kuni bayramiga tayyorgarlik koʻrish va uni oʻtkazish boʻyicha tashkiliy qoʻmitaning (keyingi oʻrinlarda — Tashkiliy qoʻmita) tarkibi 2-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
2. Tashkiliy qoʻmita (A. Aripov):
Dasturda nazarda tutilgan chora-tadbirlarning samarali bajarilishi hamda Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi kuni bayramining Qoraqalpogʻiston Respublikasi, viloyatlar markazlari va Toshkent shahrida, shuningdek, barcha shahar va tumanlar, qishloq va ovullarda nishonlanishini taʼminlasin;
barcha hududlarda aholining keng qatlamlari oʻrtasida Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi kuni bayramiga bagʻishlangan maʼnaviy-maʼrifiy anjumanlar, ochiq muloqot va suhbatlar, badiiy kechalar, festivallar, sayillar, madaniyat va sport tadbirlarini samarali oʻtkazish maqsadida atoqli ilm-fan namoyandalari, madaniyat va sanʼat arboblari, keksa va yosh avlod vakillari, taniqli sportchilarni jalb etgan holda bayram tadbirlarini amalga oshirsin.
3. Joylarda Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi kuni bayramini bugungi davr ruhiga hamohang tarzda nishonlash maqsadida quyidagi masalalarga alohida eʼtibor qaratilsin:
yangilangan Konstitutsiyamiz mazmun-mohiyati va “Oʻzbekiston — 2030” strategiyasining asosiy ustuvor yoʻnalishlari doirasida belgilangan tub islohotlar haqida mahallalar, taʼlim va mehnat jamoalarida maʼrifiy uchrashuv va suhbatlar oʻtkazish;
soʻnggi yillarda iqtisodiy, ijtimoiy, madaniy-maʼnaviy hayotning turli sohalarida amalga oshirilayotgan keng koʻlamli islohotlar va bu borada erishilayotgan natijalarni mustahkamlashda yangi tahrirdagi Konstitutsiyaning oʻrni va rolini yoritish;
“Konstitutsiya — xalqchil davlat, barqaror taraqqiyot va farovon hayot asosi!” degan hayotiy shiorning mohiyati va ahamiyatini, yangi tahrirdagi Konstitutsiya asosida inson huquq va erkinliklari sohasida mutlaqo yangi bosqichga oʻtilganligini ochib berish;
mulkiy huquqlarning ishonchli himoyasini taʼminlash, ushbu huquqlarni cheklayotgan omillarni bartaraf etish, sogʻliqni saqlash, ilm-fan, madaniyat, sanʼat va sport sohalarini rivojlantirish, nuroniylar, xotin-qizlar va yoshlarga doimiy eʼtibor va gʻamxoʻrlik koʻrsatish, oila, onalik, bolalik va otalikni himoya qilish boʻyicha amalga oshirilayotgan islohotlarning ahamiyatini keng targʻib qilish;
“Konstitutsiya haftaligi”da umumiy oʻrta, oʻrta maxsus, professional va oliy taʼlim tashkilotlarida barcha oʻquvchi va talabalarni qamrab olgan holda Konstitutsiya darslarini oʻtkazish.
4. Belgilab qoʻyilsinki, oʻtkaziladigan bayram tadbirlari:
Qoraqalpogʻiston Respublikasi, viloyatlarda — tegishli mahalliy budjetlarning qoʻshimcha manbalari, vazirlik va idoralarning budjetdan tashqari mablagʻlari, qonunchilikda taqiqlanmagan boshqa mablagʻlar hisobidan;
Toshkent shahrida — Tashkiliy qoʻmita tomonidan tasdiqlangan xarajatlar smetasiga muvofiq Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining va Toshkent shahar hokimligining zaxira jamgʻarmalari hisobidan teng ulushlarda moliyalashtiriladi.
5. Oʻzbekiston Milliy teleradiokompaniyasi, Oʻzbekiston Milliy axborot agentligi, “Dunyo” axborot agentligi va boshqa ommaviy axborot vositalariga Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi kuni bayramiga tayyorgarlik koʻrish va uni oʻtkazish boʻyicha amalga oshirilayotgan ishlarni keng yoritib borish tavsiya etilsin.
6. Mazkur farmoyishning ijrosini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri A.N. Aripov zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Sh. MIRZIYOYEV
Toshkent sh.,
2023-yil 16-noyabr,
F-72-son
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2023-yil 16-noyabrdagi F-72-son farmoyishiga1-ILOVA
Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi kuniga bagʻishlangan bayram tadbirlariga tayyorgarlik koʻrish va ularni oʻtkazish
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2023-yil 16-noyabrdagi F-72-son farmoyishiga2-ILOVA
Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi kuni bayramiga tayyorgarlik koʻrish va uni oʻtkazish boʻyicha tashkiliy qoʻmita
1. A.N. Aripov — Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vaziri, Tashkiliy qoʻmita raisi 2. R.Q. Davletov — Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining maslahatchisi, Tashkiliy qoʻmita raisining oʻrinbosari 3. X.M. Sultonov — Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining maslahatchisi — Spichrayteri 4. Q.Q. Quronboyev — Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi Yoshlar siyosati departamenti rahbari 5. J.A. Qoʻchqorov — Bosh vazir oʻrinbosari, iqtisodiyot va moliya vaziri 6. Sh.B. Umurzakov — Toshkent shahar hokimi v.b., Tashkiliy qoʻmita raisining oʻrinbosari 7. A.J. Toshqulov — adliya vaziri 8. O.A. Nazarbekov — madaniyat vaziri 9. B.O. Saidov — tashqi ishlar vaziri 10. P.R. Bobojonov — ichki ishlar vaziri 11. A.H. Qoʻldoshev — favqulodda vaziyatlar vaziri 12. R.M. Joʻrayev — Milliy gvardiya qoʻmondoni 13. X.U. Umarova — maktabgacha va maktab taʼlimi vaziri 14. A.Sh. Inoyatov — sogʻliqni saqlash vaziri 15. Sh.X. Shermatov — raqamli texnologiyalar vaziri 16. A.I. Ikramov — yoshlar siyosati va sport vaziri 17. B.A. Musayev — kambagʻallikni qisqartirish va bandlik vaziri 18. A.A. Xodjayev — Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi direktori 19. R.J. Qurbonov — Millatlararo munosabatlar va xorijiy mamlakatlar bilan doʻstlik aloqalari qoʻmitasi raisi 20. F.F. Abduholiqov — Kinematografiya agentligi bosh direktori 21. A.Z. Saʼdullayev — Yoshlar ishlari agentligi direktori 22. A.J. Xodjayev — Oʻzbekiston Milliy teleradiokompaniyasi raisi 23. A. Koʻchimov — Oʻzbekiston Milliy axborot agentligi bosh direktori 24. M.M. Hojimatov — Respublika Maʼnaviyat va maʼrifat markazi rahbari 25. Lavozimiga koʻra — Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi Raisi va viloyatlar hokimlari
Izoh. Tashkiliy qoʻmita aʼzolari boshqa ishga oʻtgan taqdirda, uning tarkibiga ushbu lavozimlarga yangi tayinlangan shaxslar kiritiladi.