PQ-125-son Qaror · 10.02.2022

Otashin shoir, tarjimon va dramaturg Usmon Nosir tavalludining 110 yilligini keng nishonlash toʻgʻrisida

Rekvizitlar

  • Hujjat turi:Qaror
  • Raqami:PQ-125
  • Qabul qilingan sana:10.02.2022
  • Kuchga kirgan sana:11.02.2022
  • Holati:Amalda
  • Rasmiy nashr:QMMB 07/22/125/0124

Oʻzining betakror isteʼdodi, yuksak matonati va xalqparvarligi bilan oʻzbek adabiyotida oʻchmas iz qoldirgan, mustabid tuzum davrida siyosiy qatagʻon qurboni boʻlgan otashin shoir, tarjimon va dramaturg Usmon Nosir xalqimizning mashhur farzandlaridan biridir. Uning ezgu insoniy fazilatlar, Vatanga muhabbat va sadoqat, kelajakka yuksak ishonch tuygʻusi bilan yoʻgʻrilgan yetuk badiiy asarlarining xalqimiz maʼnaviyatini yuksaltirish, yosh avlod tarbiyasidagi beqiyos oʻrni va ahamiyatini hisobga olib hamda shoir tavalludining 110 yilligini keng nishonlash va xotirasini abadiylashtirish maqsadida:

1. Oʻzbekiston Yozuvchilar uyushmasi, Oʻzbekiston Fanlar akademiyasi, Madaniyat vazirligi, Tashqi ishlar vazirligi, Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi, Respublika Maʼnaviyat va maʼrifat markazi hamda jamoatchilik vakillarining 2022-yilda Usmon Nosir tavalludining 110 yilligini keng nishonlash toʻgʻrisidagi taklifi maʼqullansin.

2. Otashin shoir, tarjimon va dramaturg Usmon Nosir tavalludining 110 yilligini keng nishonlash boʻyicha tashkiliy qoʻmita tarkibi (keyingi oʻrinlarda — Tashkiliy qoʻmita) ilovaga muvofiq tasdiqlansin.

3. Tashkiliy qoʻmita (A.N. Aripov) bir oy muddatda Usmon Nosir tavalludining 110 yilligini keng nishonlash boʻyicha quyidagi chora-tadbirlarni nazarda tutuvchi dasturni, uni moliyalashtirishning aniq manbalarini belgilagan holda ishlab chiqsin va tasdiqlasin:

Usmon Nosir tavalludining 110 yilligini mamlakatimizda adabiyot va sanʼat bayrami sifatida keng nishonlash;

Usmon Nosirning hayoti va faoliyatini, xususan, uning qatagʻon davrida kechgan yillarini oʻrganish, hozirga qadar nomaʼlum boʻlib kelayotgan qoʻlyozma asarlarining taqdiri haqida maʼlumotlar toʻplash maqsadida tarixchi olimlar va ijodkorlardan iborat ishchi guruhi tuzish hamda uning Oʻzbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi, Davlat xavfsizlik xizmati, shuningdek, Rossiya Federatsiyasidagi tegishli arxiv materiallari bilan tanishishi uchun sharoit yaratish;

Namangan shahrida Usmon Nosir haykalini oʻrnatish;

Toshkent va Namangan shaharlaridagi koʻchalarga Usmon Nosir nomini berish;

Usmon Nosirning “Tanlangan asarlar” toʻplami hamda “Usmon Nosir zamondoshlari xotirasida” kitobini nashr etish;

Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat oʻzbek tili va adabiyoti universitetida Oʻzbekiston Fanlar akademiyasi bilan hamkorlikda “Zamonaviy oʻzbek adabiyoti rivojida Usmon Nosir ijodiy merosining oʻrni va ahamiyati” mavzusida ilmiy-amaliy konferensiya oʻtkazish;

Usmon Nosirning hayoti va ijodiy faoliyati haqida hujjatli film suratga olish, spektakllar sahnalashtirish, musiqa asarlari va qoʻshiqlar, Internet va ijtimoiy tarmoqlar uchun moʻljallangan audiovizual asarlar yaratish, shuningdek, ommaviy axborot vositalarida turkum materiallar eʼlon qilish;

umumiy oʻrta taʼlim muassasalari, ijod maktablari oʻquvchilari oʻrtasida Usmon Nosir hayoti va ijodiga bagʻishlangan “Unutmas meni bogʻim” mavzuyida insholar tanlovini oʻtkazish;

mamlakatimizdagi taʼlim tashkilotlari, harbiy qismlar, mehnat jamoalari va mahallalarda taniqli adib va olimlar, sanʼatkorlar ishtirokida Usmon Nosir ijodiga bagʻishlangan uchrashuvlar, davra suhbatlari hamda kitobxonlik kechalarini tashkil etish;

2022-yil noyabr oyining ikkinchi oʻn kunligida Oʻzbek Milliy akademik drama teatrida Usmon Nosir tavalludining 110 yilligiga bagʻishlangan adabiy-badiiy xotira kechasini oʻtkazish.

4. Tashkiliy qoʻmita (A.N. Aripov)ga Usmon Nosir tavalludining 110 yilligiga bagʻishlangan tadbirlarni yuksak saviyada tashkil etish, mazkur qaror va chora-tadbirlar dasturining oʻz vaqtida, sifatli va toʻliq amalga oshirilishini muvofiqlashtirib borish vazifasi yuklatilsin.

5. Tashqi ishlar vazirligi (A.H. Kamilov):

Madaniyat vazirligi, Badiiy akademiya, Yozuvchilar uyushmasi va “Shahidlar xotirasi” jamgʻarmasi bilan birgalikda belgilangan tartibda Rossiya Federatsiyasi Kemerovo viloyatining Mariinsk shahrida Usmon Nosir xotirasiga bagʻishlangan yodgorlik oʻrnatish va uning tantanali ochilish marosimini oʻtkazish yuzasidan Rossiya Federatsiyasining tegishli idoralari bilan muzokaralar oʻtkazsin hamda natijasi boʻyicha Tashkiliy qoʻmitaga taklif kiritsin;

Oʻzbekistonning Novosibirsk shahridagi Bosh konsulxonasi tomonidan shoir xotirasiga hamda oʻzbek adabiyoti va madaniyati targʻibotiga bagʻishlangan tadbirlarni Rossiya Federatsiyasi Kemerovo viloyatidagi oʻzbek diasporasi vakillarini jalb etgan holda oʻtkazish choralarini koʻrsin.

6. Oʻzbekiston Milliy axborot agentligi, Oʻzbekiston Milliy teleradiokompaniyasi, “Dunyo” axborot agentligi, Oʻzbekiston elektron ommaviy axborot vositalari milliy assotsiatsiyasi va boshqa ommaviy axborot vositalariga Usmon Nosir tavalludining 110 yilligini nishonlash bilan bogʻliq tadbirlarni keng yoritish tavsiya etilsin.

7. Mazkur qarorda nazarda tutilgan chora-tadbirlarni moliyalashtirish Davlat budjeti, Maʼnaviyat va ijodni qoʻllab-quvvatlash maqsadli jamgʻarmasi, tashkilotchilar mablagʻlari hamda qonunchilik hujjatlarida taqiqlanmagan boshqa manbalar hisobidan amalga oshirilishi belgilansin.

8. Mazkur qarorning ijrosini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri A.N. Aripov va Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining maslahatchisi A.A. Abduvaxitov zimmasiga yuklansin.

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Sh. MIRZIYOYEV

Toshkent sh.,

2022-yil 10-fevral,

PQ-125-son

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2022-yil 10-fevraldagi PQ-125-son qaroriga ILOVA

Otashin shoir, tarjimon va dramaturg Usmon Nosir tavalludining 110 yilligini keng nishonlash boʻyicha tashkiliy qoʻmita

Izoh. Tashkiliy qoʻmita aʼzolari boshqa ishga oʻtgan taqdirda, uning tarkibiga shu lavozimga yangidan tayinlangan yoki zimmasiga tegishli vazifalarni bajarish yuklangan shaxslar kiritiladi.

Bu hujjat sizga qanday ta'sir qiladi?

HuquqTech hujjat va qonun moddalariga tayanib, savolingizga oddiy tilda javob beradi.

AI'dan bepul so'rash

Matn lex.uz rasmiy manbasidan olingan va avtomatik yangilanadi. Huquqiy ahamiyatga ega qarorlar uchun rasmiy nashrga va malakali mutaxassisga murojaat qiling.