PQ-128-son Qaror · 14.02.2022

Oʻzbekiston Respublikasi Davlat budjeti xarajatlarining samaradorligini yanada oshirish va davlat moliyaviy nazorati organlari faoliyatini takomillashtirish toʻgʻrisida

Rekvizitlar

  • Hujjat turi:Qaror
  • Raqami:PQ-128
  • Qabul qilingan sana:14.02.2022
  • Kuchga kirgan sana:15.02.2022
  • Holati:Amalda
  • Rasmiy nashr:QMMB 07/22/128/0131

Oʻzbekiston Respublikasi Davlat budjeti xarajatlarining samaradorligini oshirish, budjet qonunchiligi buzilishining profilaktikasini kuchaytirish va masofaviy moliyaviy nazoratni kengaytirish, shuningdek, davlat moliyaviy nazorati organlari faoliyatini takomillashtirish maqsadida:

1. Hisob palatasi, Bosh prokuratura huzuridagi Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti (keyingi oʻrinlarda — Departament), vazirlik va idoralarning ichki audit xizmatlari birinchi navbatda quyidagi yoʻnalishlarda budjet qonunchiligi buzilishining profilaktikasiga alohida eʼtibor qaratsin:

(1-bandning birinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2024-yil 10-iyuldagi PF-100-sonli Farmoni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 12.07.2024-y., 06/24/100/0502-son)

budjet tashkilotlarida ish haqi va unga tenglashtirilgan toʻlovlarning toʻgʻri hisoblanishi;

ijtimoiy va ishlab chiqarish infratuzilmasini rivojlantirish dasturiga kiritilgan obyektlarda amalga oshirilayotgan qurilish ishlarini monitoring qilish va ularda nazorat tadbirlarini oʻtkazish;

budjet tizimi budjetlaridan toʻlanayotgan subsidiyalarning manzilliligini va samaradorligini baholash;

davlat xaridlarida qonunchilik hujjatlarida belgilangan talablarga rioya etilishini nazorat qilish;

davlat qarzi va grantlar hisobiga amalga oshirilayotgan loyihalarning natijadorligini oʻrganish.

Hisob palatasi, Departament, vazirlik va idoralarning ichki audit xizmatlari 2022-yildan boshlab nazorat ishlarining yillik dasturlarini mazkur bandda nazarda tutilgan ustuvor yoʻnalishlarga muvofiqlashtirsin. Bunda, quyidagilarga alohida eʼtibor qaratilsin:

(1-bandning yettinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2024-yil 10-iyuldagi PF-100-sonli Farmoni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 12.07.2024-y., 06/24/100/0502-son)

budjet tashkilotlarida budjet mablagʻlari boshqarilishi va budjet hisobi yuritilishini maxsus avtomatlashtirilgan dasturiy mahsulotlar vositasida doimiy monitoring qilish;

masofaviy nazoratni keng koʻlamda qoʻllash, zamonaviy axborot texnologiyalari va maʼlumotlar bazasi vositasida tekshirish obyektlari va maqsadlarini aniqlash yoʻli bilan kam samarali taftishlarni qisqartirish bilan bir vaqtda budjet tashkilotlarini tekshirish samaradorligini oshirish.

(2-band Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2024-yil 8-iyuldagi PF-99-sonli Farmoniga asosan oʻz kuchini yoʻqotgan)

3. Departament Raqamli texnologiyalar vazirligi bilan birgalikda “Elektron nazoratchi-taftishchi” dasturiy majmuasining (keyingi oʻrinlarda — dasturiy majmua) quyidagi bosqichlarda yaratilishini taʼminlasin:

(3-bandning birinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2024-yil 10-iyuldagi PF-100-sonli Farmoni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 12.07.2024-y., 06/24/100/0502-son)

birinchi bosqichda — 2022-yil 1-sentabrga qadar vazirlik va idoralar bilan real vaqt rejimida axborot almashinuvi orqali budjet qonunchiligini buzish xavfini tahlil qilish maqsadida Departamentning moliyaviy nazorat maʼlumotlari bazasini ishga tushirish;

(3-bandning ikkinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2024-yil 10-iyuldagi PF-100-sonli Farmoni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 12.07.2024-y., 06/24/100/0502-son)

ikkinchi bosqichda — 2023-yil 1-yanvarga qadar davlat moliyaviy nazorati obyektining muayyan davr uchun ayrim masalalar boʻyicha faoliyatini nazorat qilish (mavzuli nazorat) modulini yaratish.

Bunda, dasturiy majmuani ishlab chiqish va joriy etish bilan bogʻliq xarajatlar Oʻzbekiston Respublikasining respublika budjeti hisobidan moliyalashtiriladi.

(4-band Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2024-yil 8-iyuldagi PF-99-sonli Farmoniga asosan oʻz kuchini yoʻqotgan)

5. Davlat dasturlari ijro etilishini nazorat qilish va muvofiqlashtirish boʻyicha respublika shtabi (S.I. Samadov) budjet tizimi budjetlari hisobidan amalga oshirilayotgan qurilish ishlarining nazorati boʻyicha Bosh prokuratura huzuridagi Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamentining Davlat moliyaviy nazorati inspeksiyasi (keyingi oʻrinlarda — Inspeksiya) bilan tizimli hamkorlikni yoʻlga qoʻysin.

(5-band Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2024-yil 8-iyuldagi PF-99-sonli Farmoni tahririda)

6. Shunday tartib belgilansinki, unga muvofiq qonunchilikda belgilangan asoslarga koʻra, budjet tizimi budjetlari mablagʻlari hisobidan amalga oshirilgan qurilish obyektlarida nazorat oʻlchovi:

qurilish qiymati 10 mlrd soʻmgacha boʻlgan obyektlarda — qurilishda nazorat oʻlchovini oʻtkazish huquqiga ega boʻlgan vakolatli tashkilotlarni jalb qilgan holda;

qurilish qiymati 10 mlrd soʻmdan yuqori boʻlgan obyektlarda — Inspeksiyaning qurilish obyektlarida nazorat oʻlchovini amalga oshirish boshqarmasi tomonidan amalga oshiriladi.

Belgilansinki, nazorat qiluvchi va huquqni muhofaza qiluvchi organlar talabiga asosan budjet tizimi budjetlari mablagʻlari hisobidan amalga oshirilgan qurilish obyektlarida nazorat oʻlchovini oʻtkazish uchun jalb qilingan, qurilishda nazorat oʻlchovini oʻtkazish huquqiga ega boʻlgan vakolatli tashkilotlarga Oʻzbekiston Respublikasi respublika budjeti hisobidan haq toʻlanadi.

7. Qurilish vazirligi 2022-yil 1-mayga qadar “Shaffof qurilish” milliy axborot tizimida davlat xaridlari maxsus axborot portali, elektron kooperatsiya birjasi portali, soliq organlari va tegishli boshqa tashqi manbalar bilan maʼlumotlar almashuvi yoʻlga qoʻyilishini, shuningdek, qurilish obyektida haqiqatda sarflangan qurilish materiallari (jihozlar) miqdori va ishchilar hisobining yuritilishini taʼminlasin.

8. Belgilansinki:

a) 2022-yil 1-apreldan boshlab davlat moliyaviy nazorati sohasida qoidabuzarliklar holatlari toʻgʻrisida Inspeksiyaga “Davlat auditi” dasturiy kompleksi orqali xabar bergan jismoniy shaxslarga, ushbu maʼlumot asosida moliyaviy tekshiruvlar jarayonida aniqlanib, davlat foydasiga undirilgan mablagʻlar hisobidan mukofot toʻlanadi;

b) 2022-yil 1-iyundan boshlab:

budjet buyurtmachilarining elektron kooperatsiya birjasi portalida tuzgan shartnomalari toʻgʻrisidagi axborot kelib tushgandan soʻng, u bir ish kunida avtomatik tarzda Moliya vazirligi Gʻaznachiligida roʻyxatdan oʻtkaziladi;

mahalliy budjetlar qoʻshimcha manbalaridan foydalanish toʻgʻrisidagi Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar, tumanlar va shaharlar hokimliklarining takliflari jamoatchilik muhokamasidan oʻtkazish uchun 10 kun muddatga “E-qaror” elektron tizimiga joylashtiriladi, bundan jamoatchilik fikri asosida shakllantirilgan tadbirlarga yoʻnaltiriladigan mablagʻlar mustasno;

mazkur kichik bandning uchinchi xatboshisida nazarda tutilgan takliflar Qoraqalpogʻiston Respublikasi Joʻqorgʻi Kengesi, xalq deputatlari Toshkent shahar, viloyatlar, tuman va shaharlar Kengashlariga jamoatchilik muhokamasi natijalari bilan birgalikda kiritiladi.

9. 2022-yilda Davlat budjeti xarajatlarining samaradorligini oshirish hamda moliyaviy nazorat faoliyatini takomillashtirish boʻyicha “yoʻl xaritasi” (keyingi oʻrinlarda — “Yoʻl xarita”) 1-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.

“Yoʻl xaritasi”da belgilangan chora-tadbirlarning oʻz vaqtida va toʻliq bajarilishini nazorat qilish Moliya vazirligi (T. Ishmetov) va Hisob palatasi (B. Turabov) zimmasiga yuklatilsin.

10. “Yoʻl xaritasi”da belgilangan chora-tadbirlar ijrosini taʼminlash uchun masʼul vazirlik va idoralar rahbarlariga quyidagi ragʻbatlantirish va javobgarlik choralari koʻrilishi belgilab qoʻyilsin:

vazifalarning oʻz vaqtida va toʻliq ijrosini taʼminlagan rahbarlarni yarim yillik yakunlarga koʻra oʻrtacha oylik ish haqining 50 foizigacha boʻlgan miqdorda mukofotlash;

vazifalarning oʻz vaqtida va toʻliq ijrosini taʼminlamagan rahbarlarga oʻrtacha oylik ish haqining 30 foizi miqdorida jarima sanksiyalarini qoʻllash.

“Yoʻl xaritasi”da belgilangan chora-tadbirlar ijrosini taʼminlash uchun masʼul vazirlik va idoralar rahbarlariga ragʻbatlantirish hamda javobgarlik choralarini qoʻllash Hisob palatasi (A. Boboyev) va Iqtisodiyot va moliya vazirligining (J. Qoʻchqorov) takliflariga koʻra amalga oshiriladi.

(10-bandning toʻrtinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2024-yil 10-iyuldagi PF-100-sonli Farmoni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 12.07.2024-y., 06/24/100/0502-son)

11. Iqtisodiyot va moliya vazirligi Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari bilan birgalikda ikki hafta muddatda har bir hudud uchun alohida chora-tadbirlar rejasini ishlab chiqsin.

(11-bandning birinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2024-yil 10-iyuldagi PF-100-sonli Farmoni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 12.07.2024-y., 06/24/100/0502-son)

Mazkur qarorda belgilangan chora-tadbirlarni hududlarda tatbiq etish boʻyicha masʼullar roʻyxati 2-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.

12. Departament ikki oy muddatda Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Davlat xizmatini rivojlantirish agentligi va Hisob palatasi bilan birgalikda Davlat moliyaviy nazorati departamenti va uning hududiy boshqarmalari boshqaruv xodimlarini attestatsiyadan oʻtkazishni tashkil qilsin hamda Inspeksiya va uning hududiy boshqarmalarini zamon talablariga javob beradigan yuqori malakali kadrlar va mutaxassislar bilan toʻldirish choralarini koʻrsin.

(12-band Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2024-yil 10-iyuldagi PF-100-sonli Farmoni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 12.07.2024-y., 06/24/100/0502-son)

13. Shunday tartib belgilansinki, unga muvofiq:

2022-yil 1-sentabrdan boshlab vazirlik va idoralarning ichki audit xizmatlari (keyingi oʻrinlarda — ichki audit xizmati) xodimlari tomonidan oʻtkaziladigan tadbirlar ichki auditning milliy standartlari va ichki audit tadbirlarini oʻtkazish qoʻllanmasi asosida amalga oshiriladi;

(13-bandning uchinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2024-yil 10-iyuldagi PF-100-sonli Farmoniga asosan chiqarilgan — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 12.07.2024-y., 06/24/100/0502-son)

2022-yil 1-noyabrga qadar Inspeksiya xodimlari moliyaviy nazorat va ichki audit sohasidagi xalqaro tajribalar asosida maxsus oʻquv kurslarida oʻqitiladi;

2022-yil 1-noyabrdan boshlab Inspeksiya va ichki audit xizmatlarining xodimlariga malaka sertifikati berish tizimi joriy etiladi;

2024-yil 1-apreldan boshlab ichki audit boʻyicha milliy malaka sertifikatiga ega boʻlmagan shaxslarni ichki audit xizmatlarining xodimi lavozimiga ishga qabul qilishga hamda ularning ushbu tizimlarda faoliyat yuritishiga yoʻl qoʻyilmaydi, bundan xalqaro sertifikatga ega boʻlgan shaxslar mustasno.

(13-bandning oltinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2024-yil 8-iyuldagi PF-99-sonli Farmoni tahririda)

14. 2022-yil 1-martdan boshlab Xalq taʼlimi vazirligi (4 ta), Maktabgacha taʼlim vazirligi (4 ta) va Sogʻliqni saqlash vazirligi (4 ta) tizimidagi tashkilotlarning shtat birliklarini maqbullashtirish hisobidan Moliya vazirligi markaziy apparatida 12 ta shtat birligidan iborat Ichki audit xizmatlari bilan ishlash boshqarmasi tashkil qilinsin.

Quyidagilar Ichki audit xizmatlari bilan ishlash boshqarmasining asosiy vazifalari etib belgilansin:

ichki audit milliy standartlari va boshqa uslubiy hujjatlarni hamda normativ-huquqiy hujjatlar loyihalarini ishlab chiqish;

Inspeksiya va ichki audit xizmatlari xodimlarining malakasini doimiy oshirib borish ishlarini va ularni sertifikatlashni tashkil etish;

masofaviy audit tadbirlari koʻlami va sifatini oshirish, shuningdek, ichki audit xizmatlariga xavflarni aniqlash va ularning oldini olishda uslubiy koʻmaklashish;

ichki audit xizmatlari faoliyatini oʻrganish va ularning natijalarini tahlil qilish asosida hisobotlar tayyorlash va eʼlon qilib borish.

15. Moliya vazirligining aksiz soligʻini toʻgʻri va oʻz vaqtida hisoblashni nazorat qilish funksiyasi Davlat soliq qoʻmitasiga oʻtkazilsin, shuningdek, paxta xom ashyosi hisobi va hisobotini davlat tomonidan nazorat qilish amaliyoti bekor qilinsin.

(16-band Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2024-yil 8-iyuldagi PF-99-sonli Farmoniga asosan oʻz kuchini yoʻqotgan)

17. Moliya vazirligi manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda ikki oy muddatda qonunchilik hujjatlariga ushbu qarordan kelib chiqadigan oʻzgartirish va qoʻshimchalar toʻgʻrisida Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritsin.

18. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining ayrim qarorlariga 3-ilovaga muvofiq qoʻshimcha va oʻzgartirish kiritilsin.

19. Mazkur qaror ijrosini samarali tashkil qilishga masʼul va shaxsiy javobgar etib moliya vaziri T.A. Ishmetov belgilansin.

Qaror ijrosini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʻrinbosari J.A. Qoʻchqorov zimmasiga yuklansin.

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Sh. MIRZIYOYEV

Toshkent sh.,

2022-yil 14-fevral,

PQ-128-son

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2022-yil 14-fevraldagi PQ-128-son qaroriga 1-ILOVA

2022-yilda Davlat budjeti xarajatlarining samaradorligini oshirish hamda moliyaviy nazorat faoliyatini takomillashtirish boʻyicha

(1-ilova Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2022-yil 25-oktabrdagi PQ-409-son qarori tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 26.10.2022-y., 07/22/409/0956-son)

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2022-yil 14-fevraldagi PQ-128-son qaroriga 2-ILOVA

Davlat budjeti xarajatlarining samaradorligini oshirish hamda moliyaviy nazorat faoliyatini takomillashtirish chora-tadbirlarini hududlarda tatbiq etish boʻyicha masʼullar

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2022-yil 14-fevraldagi PQ-128-son qaroriga 3-ILOVA

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining ayrim qarorlariga kiritilayotgan qoʻshimcha va oʻzgartirish

(1-band Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 4-oktabrdagi PF-178-sonli Farmoniga asosan oʻz kuchini yoʻqotgan — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 07.10.2025-y., 06/25/178/0900-son)

2. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2017-yil 21-avgustdagi “Taʼlim va tibbiyot muassasalarini moliyalashtirish mexanizmini hamda davlat moliyaviy nazorati tizimini yanada takomillashtirish toʻgʻrisida”gi PQ-3231-son qarorining 4 va 5-bandlari, shuningdek, qarorga 1 — 3-ilovalar oʻz kuchini yoʻqotgan deb hisoblansin.

Bu hujjat sizga qanday ta'sir qiladi?

HuquqTech hujjat va qonun moddalariga tayanib, savolingizga oddiy tilda javob beradi.

AI'dan bepul so'rash

Matn lex.uz rasmiy manbasidan olingan va avtomatik yangilanadi. Huquqiy ahamiyatga ega qarorlar uchun rasmiy nashrga va malakali mutaxassisga murojaat qiling.