Mamlakatimizning barcha tuman va shaharlarida Adliya vazirligi tizimida yuridik xizmat koʻrsatish markazlari faoliyatining yoʻlga qoʻyilishi oʻzining ijobiy samarasini koʻrsatmoqda. Bu borada, yuridik xizmat koʻrsatiladigan davlat idoralarining markazlarga yuboriladigan hujjatlari loyihalarini huquqiy ekspertizadan oʻtkazish va qabul qilish jarayonlarini elektron shaklga oʻtkazuvchi “E-huquqshunos” elektron tizimi yaratildi, ish yurituvi toʻliq raqamlashtirilib, qogʻozbozlikka barham berildi.
207 ta tuman va shaharlardagi 2 mingdan ortiq davlat organlarida huquqni bir xil qoʻllash amaliyoti shakllandi hamda aholiga va bevosita ijrochilarga qonunchilik hujjatlarining mazmun-mohiyatini yetkazish va tushuntirishning yangi boʻgʻini yaratildi.
Shu bilan birga, yuridik xizmati mavjud boʻlmagan davlat organlari va tashkilotlari faoliyatini, ayniqsa, oʻrta va quyi boʻgʻinda huquqiy jihatdan taʼminlash hamda ularga sifatli va professional yuridik xizmat koʻrsatish maqsadida:
1. Quyidagilar:
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2021-yil 29-iyundagi “Davlat organlari va tashkilotlariga yuridik xizmat koʻrsatish faoliyatini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi PQ-5168-son qarori bilan respublikaning barcha tuman va shaharlarida Qoraqalpogʻiston Respublikasi Adliya vazirligi, viloyatlar va Toshkent shahar adliya boshqarmalarining huzurida yuridik xizmat koʻrsatish markazlari (keyingi oʻrinlarda — Markazlar) tashkil etilganligi;
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2022-yil 17-martdagi “Fuqarolarning huquq va erkinliklarini taʼminlash hamda huquqiy xizmat koʻrsatishda adliya organlari va muassasalari faoliyati samaradorligini yanada oshirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi PF-89-son Farmoniga muvofiq Markazlar tuman (shahar) adliya boʻlimlari tuzilmasi va boʻysunuviga oʻtkazilganligi maʼlumot uchun qabul qilinsin.
2. Adliya vazirligining 2022-yil 1-avgustdan boshlab bosqichma-bosqich Markazlar tomonidan respublikaning barcha tuman va shaharlarida yuridik xizmat bilan taʼminlanmagan davlat organlari va tashkilotlarining quyidagi tuman (shahar) boʻlinmalariga yuridik xizmat koʻrsatilishini taʼminlash toʻgʻrisidagi taklifi maʼqullansin:
mahalla va nuroniylarni qoʻllab-quvvatlash boʻlimi;
qishloq xoʻjaligi boʻlimi;
turizm va madaniy meros boʻlimi;
(2-bandning beshinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2023-yil 12-iyundagi PF-92-sonli Farmoniga asosan chiqarilgan — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 13.06.2023-y., 06/23/92/0366-son)
oila va xotin-qizlar boʻlimi;
yoshlar ishlari boʻlimi;
(2-bandning oltinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2023-yil 12-iyundagi PF-92-sonli Farmoni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 13.06.2023-y., 06/23/92/0366-son)
davlat soliq inspeksiyasi;
aholi bandligiga koʻmaklashish markazi;
davlat umumiy oʻrta taʼlim maktablari;
davlat maktabgacha taʼlim tashkilotlari;
davlat koʻp tarmoqli markaziy va oilaviy poliklinikalar.
3. Quyidagilar:
Yuridik xizmat koʻrsatish markazlari tomonidan respublikaning barcha tuman va shaharlarida yuridik xizmat bilan taʼminlanmagan davlat organlari va tashkilotlari tuman (shahar) boʻlinmalari, davlat umumiy oʻrta taʼlim maktablari, maktabgacha taʼlim tashkilotlari hamda koʻp tarmoqli markaziy va oilaviy poliklinikalari qamrab olinishi reja-grafigi 1-ilovaga muvofiq;
Yuridik xizmat koʻrsatish markazlari faoliyatining qamrovini oshirish boʻyicha “yoʻl xaritasi” 2-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
4. Raqamli texnologiyalar vazirligi Adliya vazirligi bilan birgalikda:
(4-bandning birinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 16-sentabrdagi PQ-286-sonli qarori tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 17.09.2025-y., 07/25/286/0832-son)
2022-yil 1-mayga qadar “E-huquqshunos” elektron tizimini texnik jihatdan qoʻllab-quvvatlash va maslahatlar berib borish maqsadida “call-markaz” faoliyatini yoʻlga qoʻyish;
2022-yil 1-avgustga qadar mazkur qarorning 2-bandi ikkinchi — sakkizinchi xatboshilarida koʻrsatilgan davlat organlari va tashkilotlarining tuman (shahar) boʻlinmalarini “E-huquqshunos” elektron tizimiga shartnoma asosida ulash va ularga xizmat koʻrsatish;
bosqichma-bosqich davlat umumiy oʻrta taʼlim maktablari, maktabgacha taʼlim tashkilotlari hamda koʻp tarmoqli markaziy va oilaviy poliklinikalarni (keyingi oʻrinlarda — tashkilotlar) “E-huquqshunos” elektron tizimiga bepul asosda ulash va ularga xizmat koʻrsatish choralarini koʻrsin.
(4-bandning toʻrtinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 16-sentabrdagi PQ-286-sonli qarori tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 17.09.2025-y., 07/25/286/0832-son)
Bunda 2026-yil 1-yanvardan boshlab yuridik shaxs maqomiga ega boʻlgan tashkilotlar “E-huquqshunos” elektron tizimidan tegishli toʻlovni nazarda tutuvchi shartnoma asosida foydalanadi.
(4-band Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 16-sentabrdagi PQ-286-sonli qaroriga asosan beshinchi xatboshi bilan toʻldirilgan — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 17.09.2025-y., 07/25/286/0832-son)
5. Raqamli texnologiyalar vazirligi Adliya vazirligi hamda Raqamli texnologiyalar vazirligi tizimidagi “UNICON-SOFT” MCHJ takliflariga asosan “E-huquqshunos” elektron tizimini Markazlar va ular yuridik xizmat koʻrsatadigan davlat organlari va tashkilotlari tuman (shahar) boʻlinmalari faoliyatiga joriy qilishda “E-huquqshunos” elektron tizimidagi maʼlumotlarni saqlash va ulardan xavfsiz foydalanish hamda tizimning yuqori tezlikda ishlashini taʼminlash maqsadida “UNICON-SOFT” MCHJni tegishli server va boshqa zarur qurilmalar bilan taʼminlab borsin.
Belgilansinki, mazkur bandda nazarda tutilgan tadbirlarni amalga oshirish bilan bogʻliq xarajatlar Raqamli texnologiyalarni rivojlantirish jamgʻarmasi mablagʻlari hisobidan moliyalashtiriladi.
(5-band Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 16-sentabrdagi PQ-286-sonli qarori tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 17.09.2025-y., 07/25/286/0832-son)
6. Adliya vazirligi 2022-yil 1-dekabrga qadar viloyat darajasidagi davlat organlari va tashkilotlari hamda mahalliy davlat hokimiyati organlariga Markazlar tomonidan yuridik xizmat koʻrsatilishini yoʻlga qoʻyish boʻyicha asoslantirilgan takliflarni Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasiga kiritsin.
7. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2021-yil 29-iyundagi “Davlat organlari va tashkilotlariga yuridik xizmat koʻrsatish faoliyatini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi PQ-5168-son qaroriga 3-ilovaga muvofiq oʻzgartirishlar kiritilsin.
Belgilansinki, 3-ilova 2022-yil 1-avgustdan eʼtiboran kuchga kiradi.
8. Mazkur qaror ijrosini samarali tashkil etishga masʼul va shaxsiy javobgar etib adliya vaziri R.Q. Davletov hamda axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vaziri Sh.X. Shermatov belgilansin.
Qaror ijrosini muhokama qilib borish, ijro uchun masʼul idoralar faoliyatini muvofiqlashtirish va nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti maslahatchisi B.D. Islamov zimmasiga yuklansin.
Amalga oshirilgan chora-tadbirlarning natijadorligi toʻgʻrisida 2022-yil 1-dekabrga qadar Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentiga axborot kiritilsin.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Sh. MIRZIYOYEV
Toshkent sh.,
2022-yil 18-mart,
PQ-173-son
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2022-yil 18-martdagi PQ-173-son qaroriga 1-ILOVA
Yuridik xizmat koʻrsatish markazlari tomonidan respublikaning barcha tuman va shaharlarida yuridik xizmat bilan taʼminlanmagan davlat organlari va tashkilotlari tuman (shahar) boʻlinmalari, davlat umumiy oʻrta taʼlim maktablari, maktabgacha taʼlim tashkilotlari hamda koʻp tarmoqli markaziy va oilaviy poliklinikalari qamrab olinishi
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2022-yil 18-martdagi PQ-173-son qaroriga 2-ILOVA
Yuridik xizmat koʻrsatish markazlari faoliyatining qamrovini oshirish boʻyicha
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2022-yil 18-martdagi PQ-173-son qaroriga 3-ILOVA
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2021-yil 29-iyundagi “Davlat organlari va tashkilotlariga yuridik xizmat koʻrsatish faoliyatini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi PQ-5168-son qaroriga kiritilayotgan oʻzgartirishlar
1. 2-bandning oltinchi xatboshisi quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“davlat organlari va tashkilotlari tomonidan qabul qilinayotgan hujjatlarning loyihalaridagi korrupsiyaviy omillarni bartaraf etishga koʻmaklashish”.
2. 3-bandning ikkinchi xatboshisi quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“Yuridik xizmat koʻrsatish markazlari tomonidan yuridik xizmat koʻrsatiladigan davlat organlarining tuman (shahar) boʻlinmalari va davlat tashkilotlarining roʻyxati 3-ilovaga muvofiq tasdiqlansin”.
3. 5-bandning uchinchi xatboshisi chiqarib tashlansin.
4. 6-bandning ikkinchi xatboshisi quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“Markazlar tomonidan yuridik xizmat koʻrsatilishi belgilangan tashkilotlar tomonidan Markazlar bilan kelishilmagan holda yuridik tusdagi hujjatlar qabul qilinishiga yoʻl qoʻyilmaydi, bundan maʼmuriy javobgarlik va maʼmuriy sud ishlarini yuritish toʻgʻrisidagi, fuqarolik protsessual, jinoyat-protsessual, jinoyat-ijroiya, iqtisodiy protsessual qonunchilikka muvofiq qabul qilinadigan hujjatlar mustasno. Bunday hujjatlar yuridik kuchga ega emas hamda ular qabul qilingan paytdan eʼtiboran hech qanday huquqiy oqibatlarni keltirib chiqarmaydi”.
5. 3-ilova quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2021-yil 29-iyundagi PQ-5168-son qaroriga 3-ILOVA
Yuridik xizmat koʻrsatish markazlari tomonidan yuridik xizmat koʻrsatiladigan davlat organlarining tuman (shahar) boʻlinmalari va davlat tashkilotlarining
6. 4-ilovada:
a) 1-banddagi “Qoraqalpogʻiston Respublikasi Adliya vazirligi, viloyatlar va Toshkent shahar adliya boshqarmalari huzuridagi” soʻzlari chiqarib tashlansin;
b) 3-banddagi “Qoraqalpogʻiston Respublikasi Adliya vazirligi, viloyatlar va Toshkent shahar adliya boshqarmalari (keyingi oʻrinlarda — hududiy adliya organlari) huzurida” soʻzlari “tuman (shahar) adliya boʻlimlari tuzilmasi va boʻysunuvida” soʻzlari bilan almashtirilsin;
v) 4-banddagi “hududiy adliya organlari” soʻzlari “Qoraqalpogʻiston Respublikasi Adliya vazirligi, viloyatlar va Toshkent shahar adliya boshqarmalari (keyingi oʻrinlarda — hududiy adliya organlari)” soʻzlari bilan almashtirilsin;
g) 12-band quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“Markazlar tomonidan yuridik xizmat koʻrsatilishi belgilangan tashkilotlar tomonidan Markazlar bilan kelishilmagan holda qabul qilingan yuridik tusdagi hujjatlar yuridik kuchga ega emas hamda ular qabul qilingan paytdan eʼtiboran hech qanday huquqiy oqibatlarni keltirib chiqarmaydi, bundan maʼmuriy javobgarlik va maʼmuriy sud ishlarini yuritish toʻgʻrisidagi, fuqarolik protsessual, jinoyat-protsessual, jinoyat-ijroiya, iqtisodiy protsessual qonunchilikka muvofiq qabul qilinadigan hujjatlar mustasno”;
d) 13-bandning oltinchi xatboshisi quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“davlat organlari va tashkilotlari tomonidan qabul qilinayotgan hujjatlarning loyihalaridagi korrupsiyaviy omillarni bartaraf etishga koʻmaklashish”;
e) 14-bandning 5-kichik bandi birinchi xatboshisi quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“davlat organlari va tashkilotlari tomonidan qabul qilinayotgan hujjatlarning loyihalaridagi korrupsiyaviy omillarni bartaraf etishga koʻmaklashish sohasida”.