Ingichka tolali gʻoʻzaning respublika janubiy mintaqalari tuproq-iqlim sharoitlariga mos, serhosil, tezpishar, kasallik va zararkunandalarga bardoshli, sanoatbop navlarini yaratish hamda urugʻchiligini yoʻlga qoʻyish, shuningdek, resurs tejaydigan agrotexnologiyalarni ishlab chiqish va joriy etish maqsadida:
1. Qishloq xoʻjaligi vazirligi huzuridagi Qishloq xoʻjaligida bilim va innovatsiyalar milliy markazining Paxta seleksiyasi, urugʻchiligi va yetishtirish agrotexnologiyalari ilmiy-tadqiqot instituti Surxondaryo ilmiy-tajriba stansiyasi negizida Ingichka tolali paxtachilik ilmiy-tadqiqot instituti (keyingi oʻrinlarda — Institut) tashkil etilsin.
2. Quyidagilar Institutning asosiy vazifalari va faoliyat yoʻnalishlari etib belgilansin:
gʻoʻzaning ingichka tolali yangi navlarini yaratish va ularning birlamchi urugʻchiligini tashkil etish;
gʻoʻzaning ingichka tolali yangi navlarini yetishtirishda tuproq unumdorligini oshirish va resurs tejaydigan agrotexnologiyalardan foydalanish boʻyicha ilmiy asoslangan tavsiyalarni ishlab chiqish;
qishloq xoʻjaligi sohasi uchun yuqori malakali kadrlarni tayyorlash, shuningdek, gʻoʻzaning ingichka tolali yangi navlarini yetishtiruvchi subyektlarning malakasini oshirish;
yetakchi mahalliy va xorijiy ilmiy markazlar va taʼlim muassasalari bilan oʻzaro hamkorlikni yoʻlga qoʻyish, sohaga mahalliy va xorijiy grantlarni hamda investitsiyalarni jalb etish.
3. Qishloq xoʻjaligi vazirligi, Institut:
ikki oy muddatda gʻoʻzaning turli tuproq-iqlim sharoitlariga mos, tezpishar, serhosil, kasallik va zararkunandalarga bardoshli, tola sifati yuqori boʻlgan ingichka tolali navlarini yaratish hamda ularning birlamchi urugʻchiligini tashkil etish boʻyicha bajariladigan yillik maqsadli ilmiy loyihalarni shakllantirib, ilmiy faoliyatga oid davlat dasturlari doirasida moliyalashtirish uchun Innovatsion rivojlanish vazirligiga taqdim qilsin;
uch oy muddatda xalqaro moliya institutlarining jalb etilgan mablagʻlari hisobidan gʻoʻzaning turli tuproq-iqlim sharoitlariga mos, tezpishar, serhosil, kasallik va zararkunandalarga bardoshli, tola sifati yuqori boʻlgan ingichka tolali navlarini yetishtirish boʻyicha koʻrgazmali dala maydonlarini barpo etsin.
4. Innovatsion rivojlanish vazirligi Qishloq xoʻjaligi vazirligi bilan birgalikda gʻoʻzaning turli tuproq-iqlim sharoitlariga mos, tezpishar, serhosil, kasallik va zararkunandalarga bardoshli, tola sifati yuqori boʻlgan ingichka tolali navlarini yaratish hamda ularning birlamchi urugʻchiligini yoʻlga qoʻyish, resurs tejaydigan agrotexnologiyalarni ishlab chiqish boʻyicha Institut tomonidan taqdim etilgan ilmiy loyihalarga tanlovlar asosida davlat ilmiy-texnik dasturlari doirasida mablagʻlar ajratib borilishini taʼminlasin.
5. Surxondaryo viloyati hokimligi va Qishloq xoʻjaligi vazirligining ingichka tolali gʻoʻza navlarining birlamchi urugʻchiligini tashkil etish, zamonaviy ilmiy texnologiyalarni joriy etish uchun Surxondaryo viloyati Angor tumanidagi “Zamin Angor” paxta-toʻqimachilik klasteri, Jarqoʻrgʻon tumanidagi “Jarqoʻrgʻon Tajriba” hamda Qumqoʻrgʻon tumanidagi “Ilxombek Raxmon” elita urugʻchilik xoʻjaliklarida Institutning Ilmiy markazini tashkil etish toʻgʻrisidagi taklifi maʼqullansin.
6. Qishloq xoʻjaligi vazirligi, “Oʻzbekiston paxta-toʻqimachilik klasterlari” uyushmasi va Surxondaryo viloyati hokimligi:
hududlarning tuproq-iqlim sharoiti va paxta-toʻqimachilik klasterlari talablaridan kelib chiqqan holda 2022-yilda 12 ming gektar maydonga va 2023-yilda 18 ming gektar maydonga gʻoʻzaning ingichka tolali navlarini joylashtirish;
gʻoʻzaning ingichka tolali navlarini joylashtirishning har yilgi talabidan kelib chiqib, yetarli miqdorda urugʻlik chigitlarni tayyorlab borish choralarini koʻrsin.
7. Qishloq xoʻjaligi vazirligi, Surxondaryo viloyati hokimligining Institutga qarashli qishloq xoʻjaligi ekin maydonida zamonaviy seleksiya usullari yordamida gʻoʻzaning ingichka tolali navlarini yaratish maqsadida fitotron issiqxonasini tashkil etish toʻgʻrisidagi taklifiga rozilik berilsin. Bunda fitotron issiqxonasini tashkil etish xarajatlari Qishloq xoʻjaligi vazirligi tomonidan jalb etilgan xalqaro moliya institutlarining grant mablagʻlari hisobidan amalga oshiriladi.
8. Ingichka tolali paxtachilik ilmiy-tadqiqot instituti faoliyatini tashkil etish va moddiy-texnika bazasini shakllantirish, ingichka tolali navlarni yaratish sohasida ilmiy-tadqiqotlarni rivojlantirish boʻyicha “Yoʻl xaritasi” ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
9. Qishloq xoʻjaligi vazirligi ikki oy muddatda:
Qishloq xoʻjaligi vazirligi huzuridagi Qishloq xoʻjaligida bilim va innovatsiyalar milliy markazining Ingichka tolali paxtachilik ilmiy-tadqiqot instituti ustavini tasdiqlasin;
Institutni nazariy bilim va amaliy koʻnikmalarga ega boʻlgan yuqori malakali mutaxassislar bilan toʻldirish choralarini koʻrsin;
sohada faoliyat yuritayotgan mahalliy va xorijiy ilmiy-tadqiqot institutlarining genofondida saqlanayotgan gʻoʻzaning ingichka tolali yovvoyi va yarim yovvoyi turlari hamda nav-namunalaridan seleksiya ishlarida boshlangʻich ashyo sifatida foydalanish uchun oʻzaro hamkorlik aloqalari yoʻlga qoʻyilishini taʼminlasin.
10. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2021-yil 3-fevraldagi “Qishloq xoʻjaligida bilim va innovatsiyalar tizimi hamda zamonaviy xizmatlar koʻrsatishni yanada rivojlantirish toʻgʻrisida”gi PF-6159-son Farmoni 10-bandi hamda “Oʻzbekiston Respublikasi Qishloq xoʻjaligi vazirligi huzuridagi Qishloq xoʻjaligida bilim va innovatsiyalar milliy markazi faoliyatini tashkil etish toʻgʻrisida”gi PQ-4975-son qarori 7-bandiga muvofiq, 2021-yil 1-fevraldan boshlab Qishloq xoʻjaligida bilim va innovatsiyalar milliy markazi tizimidagi ilmiy tashkilotlar bino va inshootlarini saqlash, shuningdek, ularning xodimlari (ilmiy xodimlardan tashqari) mehnatiga haq toʻlash boʻyicha, shuningdek, joriy xarajatlarini moliyalashtirish Oʻzbekiston Respublikasi Davlat budjeti mablagʻlari hisobidan amalga oshirilishi belgilanganligi maʼlumot uchun qabul qilinsin.
Belgilansinki, Institutning bino va inshootlarini saqlash, xodimlar (ilmiy xodimlardan tashqari) mehnatiga haq toʻlash boʻyicha xarajatlarni moliyalashtirish:
2022-yil 1-apreldan boshlab Oʻzbekiston Respublikasining respublika budjetidan birinchi darajali budjet mablagʻlarini taqsimlovchi sifatida idoraviy mansubligiga koʻra tegishli vazirliklar va idoralarga ajratiladigan mablagʻlar doirasida amalga oshiriladi;
2023-yil 1-yanvardan boshlab Oʻzbekiston Respublikasining respublika budjeti parametrlarida nazarda tutiladi.
Institut xodimlarining mehnatiga haq toʻlash shartlari budjet mablagʻlari hisobidan fundamental, amaliy tadqiqotlar va innovatsion ishlarning ilmiy-texnik dasturlarini amalga oshirishda qatnashuvchi ilmiy-tadqiqot muassasalari ilmiy va rahbar xodimlarining bazaviy lavozim maoshlariga tenglashtiriladi.
11. Belgilansinki:
Institut Paxta seleksiyasi, urugʻchiligi va yetishtirish agrotexnologiyalari ilmiy-tadqiqot instituti Surxondaryo ilmiy-tajriba stansiyasining huquqlari, majburiyatlari va shartnomalari boʻyicha huquqiy vorisi hisoblanadi;
Institutning moddiy-texnika bazasini mustahkamlash va modernizatsiya qilish bilan bogʻliq xarajatlar Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2020-yil 11-avgustdagi “Xalqaro tiklanish va taraqqiyot banki hamda Xalqaro taraqqiyot uyushmasi ishtirokida “Oʻzbekiston Respublikasi qishloq xoʻjaligini modernizatsiya qilish” loyihasini amalga oshirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi PQ-4803-son qarori doirasida amalga oshiriladi.
12. Institut faoliyatini moliyalashtirish manbalari etib quyidagilar belgilansin:
Institutning bino va inshootlarini saqlash, shuningdek, uning xodimlari (ilmiy xodimlardan tashqari) mehnatiga haq toʻlash uchun Oʻzbekiston Respublikasining respublika budjetidan ajratiladigan mablagʻlar;
davlat ilmiy-texnik dasturlari doirasida Innovatsion rivojlanish vazirligi tomonidan oʻtkaziladigan tanlovlar natijalari boʻyicha ilmiy loyihalar uchun ajratiladigan mablagʻlar;
xalqaro moliya va boshqa institutlar, xorijiy tashkilotlarning grantlari doirasida tushadigan mablagʻlar, shuningdek, xoʻjalik faoliyatidan hamda shartnoma asosida koʻrsatilgan xizmatlardan olinadigan daromadlar;
boʻsh turgan budjetdan tashqari mablagʻlarni belgilangan tartibda tijorat banklari depozitlariga joylashtirishdan olinadigan daromadlar;
jismoniy va yuridik shaxslarning homiylik xayriyalari hamda qonunchilik hujjatlari bilan taqiqlanmagan boshqa manbalar.
13. Qishloq xoʻjaligi vazirligi ikki oy muddatda manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda qonunchilik hujjatlariga ushbu qarordan kelib chiqadigan oʻzgartirish va qoʻshimchalar toʻgʻrisida Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritsin.
14. Mazkur qarorning ijrosini taʼminlashda masʼul va shaxsiy javobgar etib qishloq xoʻjaligi vaziri J.A. Xodjayev hamda Surxondaryo viloyati hokimi T.A. Bobolov belgilansin.
Qaror ijrosini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʻrinbosari Sh.M. Gʻaniyev zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Sh. MIRZIYOYEV
Toshkent sh.,
2022-yil 18-mart,
PQ-170-son
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2022-yil 18-martdagi PQ-170-son qaroriga ILOVA
Ingichka tolali paxtachilik ilmiy-tadqiqot instituti faoliyatini tashkil etish va moddiy-texnika bazasini shakllantirish, ingichka tolali navlarni yaratish sohasida ilmiy-tadqiqotlarni rivojlantirish boʻyicha