PQ-178-son Qaror · 24.03.2022

Jahon banki ishtirokidagi “Soliq maʼmuriyatchiligini isloh qilish” loyihasini amalga oshirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida

Rekvizitlar

  • Hujjat turi:Qaror
  • Raqami:PQ-178
  • Qabul qilingan sana:24.03.2022
  • Kuchga kirgan sana:25.03.2022
  • Holati:Amalda
  • Rasmiy nashr:QMMB 07/22/178/0236

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2020-yil 30-oktabrdagi “Yashirin iqtisodiyotni qisqartirish va soliq organlari faoliyati samaradorligini oshirish boʻyicha tashkiliy chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi PF-6098-son Farmoniga muvofiq, shuningdek, respublikada amalga oshirilayotgan soliq islohotlarini yanada qoʻllab-quvvatlash hamda soliq maʼmuriyatchiligi samaradorligini oshirish maqsadida:

1. Quyidagilar:

“Soliq maʼmuriyatchiligini isloh qilish” loyihasini (keyingi oʻrinlarda — Loyiha) amalga oshirish uchun Jahon banki Direktorlar kengashi 2021-yil 16-iyunda Xalqaro taraqqiyot uyushmasi tomonidan Oʻzbekiston Respublikasiga 30 yil muddatga, shu jumladan 5 yil imtiyozli davr bilan 60 million AQSH dollari miqdorida qarz ajratilishini maʼqullaganligi;

Loyihani amalga oshirish davri besh yil (2022 — 2027-yillar) etib belgilanganligi maʼlumot uchun qabul qilinsin.

2. Loyihani amalga oshirishning maqsadli koʻrsatkichlari etib quyidagilar belgilansin:

soliqlarni hisoblash va toʻlashni avtomatlashtirish darajasini 90 foizgacha yetkazish;

soliq organlari tomonidan koʻrsatilayotgan elektron xizmatlar sonini oshirish orqali tadbirkorlik subyektlarini elektron xizmatlar bilan toʻliq qamrab olish;

qoʻshilgan qiymat soligʻini undirish jarayonlarini toʻliq avtomatlashtirish orqali ushbu soliqning undiruv darajasini 75 foizgacha yetkazish;

soliq toʻlovchilarning soliq hisobotlarini tayyorlash, taqdim etish va soliqlarni toʻlash uchun vaqt sarfini 2 baravargacha kamaytirish.

3. Belgilansinki:

Davlat soliq qoʻmitasi Loyihaning oʻz vaqtida amalga oshirilishini muvofiqlashtirish, shuningdek, Xalqaro taraqqiyot uyushmasi qarzlaridan maqsadli va samarali foydalanish uchun masʼul hisoblanadi;

Xalqaro taraqqiyot uyushmasi tomonidan ajratiladigan qarzni qaytarish, shuningdek, qarz boʻyicha foiz, xizmat koʻrsatish va majburiyatlar uchun vositachilik haqi hamda bojxona toʻlovlari, soliqlar va yigʻimlar (bundan ish haqi bilan bogʻliq boʻlgan soliqlar mustasno) boʻyicha xarajatlarni qoplash Oʻzbekiston Respublikasi respublika budjeti mablagʻlari hisobidan amalga oshiriladi;

Davlat soliq qoʻmitasiga Maʼlumotlarni qayta ishlash markazini qurish bilan bogʻliq xarajatlarni qisman Davlat soliq qoʻmitasining Moddiy yordam, ijtimoiy himoya, soliq organlarini rivojlantirish va koʻzda tutilmagan xarajatlar maxsus jamgʻarmasi hisobidan moliyalashtirishga ruxsat beriladi;

Davlat soliq qoʻmitasi huzurida alohida bank hisob raqamini ochish huquqiga ega boʻlgan, faoliyati Xalqaro taraqqiyot uyushmasi krediti va qonunchilik hujjatlarida taqiqlanmagan boshqa mablagʻlar hisobidan moliyalashtiriladigan Loyihani amalga oshirish guruhi tashkil etiladi;

Loyihani amalga oshirish davrida Loyihani amalga oshirish guruhining xarajatlar smetasi har yili Moliya vazirligi bilan kelishiladi;

Davlat soliq qoʻmitasi raisiga Loyihani amalga oshirish guruhi rahbari va xodimlariga Davlat soliq qoʻmitasining Moddiy yordam, ijtimoiy himoya, soliq organlarini rivojlantirish va koʻzda tutilmagan xarajatlar maxsus jamgʻarmasi hisobidan soliq organlari xodimlari uchun koʻzda tutilgan tartibda ish haqiga qoʻshimcha haq va ustamalar belgilash huquqi beriladi.

4. Quyidagilar:

Jahon banki ishtirokidagi “Soliq maʼmuriyatchiligini isloh qilish” loyihasining asosiy texnik-iqtisodiy parametrlari 1-ilovaga muvofiq;

Jahon banki ishtirokidagi “Soliq maʼmuriyatchiligini isloh qilish” loyihasini amalga oshirish doirasida Xalqaro taraqqiyot uyushmasi tomonidan ajratiladigan qarzlarni qaytarish, foiz va xizmat koʻrsatish hamda majburiyatlar uchun vositachilik haqi boʻyicha toʻlovlarni amalga oshirishning prognoz jadvali 2-ilovaga muvofiq;

Soliq maʼmuriyatchiligini isloh qilish, sohaga axborot texnologiyalarini joriy etish va soliq organlari xodimlarining malakasini oshirish boʻyicha “yoʻl xaritasi” 3-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.

5. Moliya vaziriga Oʻzbekiston Respublikasi va Xalqaro taraqqiyot uyushmasi oʻrtasidagi Loyihani moliyalashtirish yuzasidan moliyaviy bitimni Oʻzbekiston Respublikasi nomidan imzolash vakolati berilsin.

6. Davlat soliq qoʻmitasi hamda Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi 4-ilovaga muvofiq grafik boʻyicha soliq solish sohasida yangi axborot texnologiyalari va dasturiy mahsulotlar imkoniyatlari yuzasidan soliq organlari xodimlariga oʻquv mashgʻulotlarini oʻtkazsin.

7. Davlat soliq qoʻmitasi:

Loyiha doirasida tadbirlarni amalga oshirish uchun zarur shart-sharoitlar yaratilishini, shu jumladan xarid qilinadigan texnika hamda asbob-uskunalarni oʻrnatish va montaj qilish uchun maxsus xonalar tayyorlanishini;

Loyiha oʻz vaqtida va toʻliq amalga oshirilishi, uning muvofiqlashtirilishi va boshqarilishi, Loyihani amalga oshirish davrida monitoring va hisobot yuritilishini taʼminlasin.

8. Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi hamda Iqtisodiy taraqqiyot va kambagʻallikni qisqartirish vazirligi Loyiha Investitsiya dasturlariga belgilangan tartibda kiritilishini taʼminlasin.

9. Tashqi ishlar vazirligi Davlat soliq qoʻmitasining talabnomalariga binoan Loyihani amalga oshirishda ishtirok etuvchi chet ellik mutaxassislarga kirish vizalari konsullik va haqiqiy xarajatlarning oʻrnini qoplash hisobidan yigʻimlarni undirmagan holda rasmiylashtirilishini taʼminlasin.

10. Mazkur qaror ijrosini samarali tashkil qilishga masʼul va shaxsiy javobgar etib Davlat soliq qoʻmitasi raisi Sh.D. Kudbiyev hamda axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vaziri Sh.X. Shermatov belgilansin.

Qaror ijrosini muhokama qilib borish, ijro uchun masʼul idoralar faoliyatini muvofiqlashtirish va nazorat qilish Bosh vazir oʻrinbosari J.A. Qoʻchqorov zimmasiga yuklansin.

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Sh. MIRZIYOYEV

Toshkent sh.,

2022-yil 24-mart,

PQ-178-son

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2022-yil 24-martdagi PQ-178-son qaroriga1-ILOVA

Jahon banki ishtirokidagi “Soliq maʼmuriyatchiligini isloh qilish” loyihasining asosiy texnik-iqtisodiy

Izoh. Yakuniy qiymat koʻrsatkichlari batafsil loyiha-smeta hujjatlari ishlab chiqilishi, tovarlarni yetkazib berish boʻyicha tenderlar va xizmatlarni bajarish natijalari boʻyicha aniqlanadi.

Davlat soliq qoʻmitasiga Loyiha doirasida ajratilib, iqtisod qilingan mablagʻlarni moliyalashtirishning ustuvor yoʻnalishlaridan kelib chiqib, Jahon banki bilan kelishilgan holda qayta taqsimlash vakolati beriladi.

(1-ilova Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2022-yil 30-dekabrdagi PQ-471-sonli qarori tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 01.01.2023-y., 07/23/471/0001-son — 2023-yil 1-yanvardan kuchga kiradi)

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2022-yil 24-martdagi PQ-178-son qaroriga2-ILOVA

Jahon banki ishtirokidagi “Soliq maʼmuriyatchiligini isloh qilish” loyihasini amalga oshirish doirasida Xalqaro taraqqiyot uyushmasi tomonidan ajratiladigan qarzlarni qaytarish, foiz va xizmat koʻrsatish hamda majburiyatlar uchun vositachilik haqi boʻyicha toʻlovlarni amalga oshirishning

* 2021-yil 1-oktabr holatiga foiz toʻlovi uchun toʻgʻrilash stavkasi yillik 0,11 foizni tashkil etadi.

** 2021-yil 1-oktabr holatiga xizmat koʻrsatganlik uchun toʻgʻrilash stavkasi yillik 0,73 foizni tashkil etadi.

*** Majburiyatlar uchun vositachilik haqi qarz bitimi imzolangandan soʻng 60 kundan keyin hisoblanadi.

**** Toʻlov summalari qarzlarning amalda oʻzlashtirilishidan kelib chiqib aniqlanadi.

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2022-yil 24-martdagi PQ-178-son qaroriga3-ILOVA

Soliq maʼmuriyatchiligini isloh qilish, sohaga axborot texnologiyalarini joriy etish va soliq organlari xodimlarining malakasini oshirish boʻyicha

(3-ilova Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2022-yil 30-dekabrdagi PQ-471-sonli qarori tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 01.01.2023-y., 07/23/471/0001-son — 2023-yil 1-yanvardan kuchga kiradi)

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2022-yil 24-martdagi PQ-178-son qaroriga4-ILOVA

Yangi axborot texnologiyalari va dasturiy mahsulotlar imkoniyatlarini barcha darajadagi soliq organlari xodimlariga oʻrgatish boʻyicha oʻquv mashgʻulotlarini oʻtkazish

Izoh: Oʻquv mashgʻulotlarini oʻtkazish uchun Davlat soliq qoʻmitasi hamda Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi masʼul hisoblanadi.

Bu hujjat sizga qanday ta'sir qiladi?

HuquqTech hujjat va qonun moddalariga tayanib, savolingizga oddiy tilda javob beradi.

AI'dan bepul so'rash

Matn lex.uz rasmiy manbasidan olingan va avtomatik yangilanadi. Huquqiy ahamiyatga ega qarorlar uchun rasmiy nashrga va malakali mutaxassisga murojaat qiling.