Navoiy viloyatining Karmana tumanida hamda Qashqadaryo viloyatining Shahrisabz shahri va Kitob tumanida aholi va tadbirkorlik subyektlarining oqova suv xizmati bilan taʼminlanganlik darajasini oshirish, ushbu hududlarning sanitariya-epidemiologik hamda ekologik holatini yanada yaxshilash, shuningdek, Fransiya taraqqiyot agentligi bilan hamkorlikni kengaytirish maqsadida:
1. Quyidagilar:
a) Fransiya taraqqiyot agentligi (keyingi oʻrinlarda — Agentlik) tomonidan Oʻzbekiston Respublikasiga jami 105,0 million yevro qarz hamda Agentlik orqali Yevropa komissiyasi tomonidan 9,0 million yevro miqdorida grant ajratilishi, shu jumladan:
“Navoiy viloyati Karmana tumanida oqova suv tizimlarini qurish” loyihasini (keyingi oʻrinlarda — Karmana loyihasi) amalga oshirish uchun 6 yillik imtiyozli davrni oʻz ichiga olgan 20 yilda qaytarish sharti bilan 24,7 million yevro miqdoridagi qarz;
“Qashqadaryo viloyati Shahrisabz shahri va Kitob tumani markazida oqova suv tizimlarini rekonstruksiya qilish va qurish” loyihasini (keyingi oʻrinlarda — Shahrisabz va Kitob loyihasi) amalga oshirish uchun 6 yillik imtiyozli davrni oʻz ichiga olgan 20 yilda qaytarish sharti bilan 80,3 million yevro miqdoridagi qarz berilishi maʼqullanganligi;
b) Karmana loyihasining umumiy qiymati 28 million yevroni, shu jumladan:
Agentlik qarzi — 24,7 million yevroni;
Karmana loyihasini amalga oshirishda Oʻzbekiston Respublikasining ulushi — qoʻshilgan qiymat soligʻini qoplash va bojxona toʻlovlari boʻyicha imtiyozlar berish tarzida 3,3 million yevroni tashkil etishi;
v) Karmana loyihasini amalga oshirish davri 6 yilni (2022 — 2027-yillar) tashkil etishi;
g) Shahrisabz va Kitob loyihasining umumiy qiymati 91,0 million yevroni, shu jumladan:
Agentlik qarzi — 80,3 million yevroni;
Shahrisabz va Kitob loyihasini amalga oshirishda Oʻzbekiston Respublikasining ulushi — qoʻshilgan qiymat soligʻini qoplash va bojxona toʻlovlari boʻyicha imtiyozlar berish tarzida 10,7 million yevroni tashkil etishi;
d) Shahrisabz va Kitob loyihasini amalga oshirish davri 6 yilni (2022 — 2027-yillar) tashkil etishi;
e) Karmana loyihasi hamda Shahrisabz va Kitob loyihasini amalga oshirish davrida moliyaviy va boshqa xarajatlarni qoplash Agentlik qarz mablagʻlari hamda Navoiy va Qashqadaryo viloyatlari mahalliy budjetlari mablagʻlari hisobidan amalga oshirilishi, baholash uchun vositachilik haqi dastlab “Oʻzsuvtaʼminot” AJ mablagʻlari hisobidan amalga oshirilishi hamda Agentlik qarz mablagʻlari hisobidan “Oʻzsuvtaʼminot” AJga qoplab berilishi maʼlumot uchun qabul qilinsin.
2. Belgilab qoʻyilsinki:
“Oʻzsuvtaʼminot” AJ Karmana loyihasi hamda Shahrisabz va Kitob loyihasining oʻz vaqtida va sifatli amalga oshirilishi uchun zarur tashkiliy-texnik tadbirlarning oʻz vaqtida oʻtkazilishini, Agentlikning qarz mablagʻlaridan maqsadli va samarali foydalanilishini taʼminlash uchun masʼul ijro etuvchi organ;
Navoiy va Qashqadaryo viloyatlari hokimliklari “Oʻzsuvtaʼminot” AJ bilan birgalikda tegishliligi boʻyicha Karmana loyihasi hamda Shahrisabz va Kitob loyihasining sifatli amalga oshirilishi, belgilangan koʻrsatkichlarga erishilishi va Agentlik qarzlarining qaytarilishi uchun javobgar hisoblanadi.
3. Quyidagilar:
“Navoiy viloyati Karmana tumanida oqova suv tizimlarini qurish” loyihasining asosiy texnik-iqtisodiy parametrlari 1-ilovaga muvofiq;
“Qashqadaryo viloyati Shahrisabz shahri va Kitob tumani markazida oqova suv tizimlarini rekonstruksiya qilish va qurish” loyihasining asosiy texnik-iqtisodiy parametrlari 2-ilovaga muvofiq;
“Navoiy viloyati Karmana tumanida oqova suv tizimlarini qurish” loyihasi boʻyicha Fransiya taraqqiyot agentligi qarzini qaytarish, foizlar va vositachilik haqini toʻlashning prognoz jadvali 3-ilovaga muvofiq;
“Qashqadaryo viloyati Shahrisabz shahri va Kitob tumani markazida oqova suv tizimlarini rekonstruksiya qilish va qurish” loyihasi boʻyicha Fransiya taraqqiyot agentligi qarzini qaytarish, foizlar va vositachilik haqini toʻlashning prognoz jadvali 4-ilovaga muvofiq;
“Navoiy viloyati Karmana tumanida oqova suv tizimlarini qurish” loyihasi doirasida Fransiya taraqqiyot agentligi qarz mablagʻlariga xizmat koʻrsatish xarajatlarini qoplash boʻyicha ulushlar taqsimotining prognozi 5-ilovaga muvofiq;
“Qashqadaryo viloyati Shahrisabz shahri va Kitob tumani markazida oqova suv tizimlarini rekonstruksiya qilish va qurish” loyihasi doirasida Fransiya taraqqiyot agentligi qarz mablagʻlariga xizmat koʻrsatish xarajatlarini qoplash boʻyicha ulushlar taqsimotining prognozi 6-ilovaga muvofiq;
“Navoiy suv taʼminoti” MCHJni moliyaviy sogʻlomlashtirish boʻyicha “Yoʻl xaritasi” 7-ilovaga muvofiq;
“Qashqadaryo suv taʼminoti” MCHJni moliyaviy sogʻlomlashtirish boʻyicha “Yoʻl xaritasi” 8-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
4. Moliya vaziriga:
Oʻzbekiston Respublikasi nomidan Agentlik bilan Karmana loyihasi hamda Shahrisabz va Kitob loyihasi boʻyicha qarz va grant bitimlarini imzolash, zarur hollarda, ushbu bitimlarga oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritish;
“Oʻzsuvtaʼminot” AJ, Navoiy viloyati hokimligi, Qashqadaryo viloyati hokimligi, “Navoiy suv taʼminoti” MCHJ va “Qashqadaryo suv taʼminoti” MCHJ bilan Agentlik qarz mablagʻlarini qayta kreditlash toʻgʻrisidagi bitimni imzolash;
“Oʻzsuvtaʼminot” AJ, Navoiy viloyati hokimligi, Qashqadaryo viloyati hokimligi, “Navoiy suv taʼminoti” MCHJ va “Qashqadaryo suv taʼminoti” MCHJ bilan grantlarni topshirish toʻgʻrisidagi bitimlarni imzolash vakolati berilsin.
5. Oʻzbekiston Respublikasi Bojxona kodeksiga asosan Oʻzbekiston Respublikasining xalqaro shartnomalari boʻyicha xalqaro moliya institutlari va xorijiy hukumat moliya tashkilotlari tomonidan berilgan qarzlar (kreditlar) hisobidan yuridik shaxslar tomonidan bojxona hududiga olib kiriladigan tovarlar bojxona bojidan ozod qilinganligi maʼlumot uchun qabul qilinsin.
Belgilansinki, Karmana loyihasi hamda Shahrisabz va Kitob loyihasini amalga oshirish doirasida:
hosil boʻladigan qoʻshilgan qiymat soligʻi summasi xoʻjalik yurituvchi subyektlar mablagʻlari hisobidan toʻlanadi yoki qonunchilikda belgilangan tartibda respublika budjeti mablagʻlari hisobidan qoplab beriladi;
olib kiriladigan tovarlarni bojxona bojidan ozod qilish va qoʻshilgan qiymat soligʻi summasini hamda moliyaviy xarajatlarni respublika budjeti mablagʻlari hisobidan qoplab berish Oʻzbekiston Respublikasining Karmana loyihasi hamda Shahrisabz va Kitob loyihasini amalga oshirishdagi ulushi deb hisoblanadi.
6. Adliya vazirligi Oʻzbekiston Respublikasi va Agentlik oʻrtasidagi qarz bitimi, shuningdek, zarur hollarda, ushbu bitimga oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritish boʻyicha bitimlar yuzasidan belgilangan tartibda yuridik xulosa bersin.
7. “Oʻzsuvtaʼminot” AJ boshqaruvi raisi (S. Saifnazarov) zimmasiga “Navoiy suv taʼminoti” MCHJ va “Qashqadaryo suv taʼminoti” MCHJ tomonidan qayta kreditlash toʻgʻrisidagi bitim shartlariga muvofiq Agentlik qarzini qaytarish va foizlarni toʻlash uchun zarur boʻlgan mablagʻlar oʻz vaqtida jamlab borilishini taʼminlash yuzasidan shaxsiy javobgarlik yuklansin.
8. “Oʻzsuvtaʼminot” AJga faoliyati Agentlikning qarz mablagʻlari hisobidan moliyalashtiriladigan Agentlik ishtirokidagi loyihalarni amalga oshirish guruhini tashkil etgan holda loyihalarni muvofiqlashtirish va boshqarish funksiyalari yuklansin.
9. Navoiy va Qashqadaryo viloyatlari hokimliklari:
oqova suv quvurlari hamda oqova suv inshootlari qurish uchun zarur boʻlgan yer uchastkalarining qonunchilik hujjatlarida belgilangan tartibda ajratilishini, shuningdek, yer uchastkalari ajratilishi bilan bogʻliq kompensatsiya toʻlovlari toʻlanishini;
2026-yildan boshlab mahalliy budjet parametrlarida Agentlik qarzi boʻyicha foizlarni va asosiy qarzni qaytarish uchun tegishincha “Navoiy suv taʼminoti” MCHJ va “Qashqadaryo suv taʼminoti” MCHJga ushbu maqsadlarga yoʻnaltiriladigan oʻz mablagʻlari bilan bir qatorda qoʻshimcha mablagʻlar ajratilishini nazarda tutsin.
10. Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi Moliya vazirligi bilan birgalikda belgilangan tartibda Oʻzbekiston Respublikasining investitsiya dasturlarida har bir yil uchun asosiy koʻrsatkichlarni aniqlashtirib va yangilab borgan holda Karmana loyihasi hamda Shahrisabz va Kitob loyihasi doirasida ajratiladigan mablagʻlarni inobatga olsin.
11. Davlat dasturlari ijro etilishini nazorat qilish va muvofiqlashtirish boʻyicha respublika shtabi (E.T. Yuldashev) Karmana loyihasi hamda Shahrisabz va Kitob loyihasi doirasidagi mablagʻlarning maqsadli ajratilishi va sarflanishi ustidan doimiy nazorat oʻrnatsin hamda har yarim yilda Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasiga axborot kiritib borsin.
12. Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi (A.E. Burxanov) Karmana loyihasi hamda Shahrisabz va Kitob loyihasi doirasida ajratilgan mablagʻlarning maqsadli ishlatilishi jarayonida ochiqlik va oshkoralikni taʼminlash ustidan doimiy nazorat oʻrnatsin.
13. Uy-joy kommunal xizmat koʻrsatish vazirligi Mahalla va nuroniylarni qoʻllab-quvvatlash vazirligi, Adliya vazirligi, Navoiy va Qashqadaryo viloyatlari hokimliklari bilan birgalikda mazkur qarorning mazmuni va ahamiyatini aholi hamda tadbirkorlik subyektlariga yetkazish, ularga oqova suv tizimi bilan taʼminlanadigan hududlar toʻgʻrisida maʼlumot berib borish hamda qurilish-montaj ishlari ustidan jamoatchilik nazoratini oʻrnatish choralarini koʻrsin.
14. Quyidagilar:
moliya vaziri T. Ishmetov — Agentlik bilan Karmana loyihasi hamda Shahrisabz va Kitob loyihalari boʻyicha qarz va grant bitimlarini imzolashga va mazkur bitimlarga asosan qarz va grantlarni oʻz vaqtida jalb qilishga;
uy-joy kommunal xizmat koʻrsatish vaziri Sh. Hidoyatov va “Oʻzsuvtaʼminot” AJ boshqaruvi raisi S. Saifnazarov — Karmana loyihasi hamda Shahrisabz va Kitob loyihasi boʻyicha mablagʻlarning samarali yoʻnaltirilishiga, qurilish-montaj ishlari sifatli bajarilishini taʼminlashga, obyektlar va ishlab chiqarish quvvatlarini belgilangan muddatlarda ishga tushirishga;
investitsiyalar va tashqi savdo vazirining oʻrinbosarlari A. Voitov va Sh. Vafayev — Karmana loyihasi hamda Shahrisabz va Kitob loyihasi amalga oshirilishini muvofiqlashtirishga, natijadorligini taʼminlashga, tasdiqlangan prognoz parametrlari bajarilishini tizimli muhokama qilib borishga, loyihalarni amalga oshirishda yuzaga keladigan muammoli masalalarni tezkor hal etib borishga;
Navoiy viloyati hokimi vazifasini bajaruvchi N. Tursunov, Qashqadaryo viloyati hokimi vazifasini bajaruvchi M. Azimov va “Oʻzsuvtaʼminot” AJ boshqaruvi raisi S. Saifnazarov — “Navoiy suv taʼminoti” MCHJ va “Qashqadaryo suv taʼminoti” MCHJni moliyaviy sogʻlomlashtirish boʻyicha “Yoʻl xaritalari”da belgilangan chora-tadbirlarni oʻz vaqtida bajarishni taʼminlashga, tuzilgan bitim shartlariga muvofiq qarz mablagʻlarini oʻz vaqtida qaytarishga shaxsan masʼul va javobgar ekanligi belgilab qoʻyilsin.
15. Mazkur qarorning ijrosini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʻrinbosarlari A.J. Ramatov va S.U. Umurzakov zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Sh. MIRZIYOYEV
Toshkent sh.,
2022-yil 18-mart,
PQ-171-son
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2022-yil 18-martdagi PQ-171-son qaroriga 1-ILOVA
“Navoiy viloyati Karmana tumanida oqova suv tizimlarini qurish” loyihasining asosiy texnik-iqtisodiy
* Loyihaning yakuniy qiymat koʻrsatkichlari batafsil loyiha-smeta hujjatlari ishlab chiqilgandan keyin hamda tovarlar (ishlar va xizmatlar) yetkazib berish boʻyicha tender savdolari natijalariga koʻra aniqlanadi.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2022-yil 18-martdagi PQ-171-son qaroriga 2-ILOVA
“Qashqadaryo viloyati Shahrisabz shahri va Kitob tumani markazida oqova suv tizimlarini rekonstruksiya qilish va qurish” loyihasining asosiy texnik-iqtisodiy
* Loyihaning yakuniy qiymat koʻrsatkichlari batafsil loyiha-smeta hujjatlari ishlab chiqilgandan keyin hamda tovarlar (ishlar va xizmatlar) yetkazib berish boʻyicha tender savdolari natijalariga koʻra aniqlanadi.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2022-yil 18-martdagi PQ-171-son qaroriga 3-ILOVA
“Navoiy viloyati Karmana tumanida oqova suv tizimlarini qurish” loyihasi boʻyicha Fransiya taraqqiyot agentligi qarzini qaytarish, foizlar va vositachilik haqini toʻlashning
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2022-yil 18-martdagi PQ-171-son qaroriga 4-ILOVA
Qashqadaryo viloyati Shahrisabz shahri va Kitob tumani markazida oqova suv tizimlarini rekonstruksiya qilish va qurish” loyihasi boʻyicha Fransiya taraqqiyot agentligi qarzini qaytarish, foizlar va vositachilik haqini toʻlashning
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2022-yil 18-martdagi PQ-171-son qaroriga 5-ILOVA
“Navoiy viloyati Karmana tumanida oqova suv tizimlarini qurish” loyihasi doirasida Fransiya taraqqiyot agentligi qarz mablagʻlariga xizmat koʻrsatish xarajatlarini qoplash boʻyicha ulushlar taqsimotining
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2022-yil 18-martdagi PQ-171-son qaroriga 6-ILOVA
“Qashqadaryo viloyati Shahrisabz shahri va Kitob tumani markazida oqova suv tizimlarini rekonstruksiya qilish va qurish” loyihasi doirasida Fransiya taraqqiyot agentligi qarz mablagʻlariga xizmat koʻrsatish xarajatlarini qoplash boʻyicha ulushlar taqsimotining
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2022-yil 18-martdagi PQ-171-son qaroriga 7-ILOVA
“Navoiy suv taʼminoti” MCHJni moliyaviy sogʻlomlashtirish boʻyicha
(7-ilova Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 28-fevraldagi PF-35-sonli Farmoni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 01.03.2025-y., 06/25/35/0204-son)
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2022-yil 18-martdagi PQ-171-son qaroriga 8-ILOVA
“Qashqadaryo suv taʼminoti” MCHJni moliyaviy sogʻlomlashtirish boʻyicha
(8-ilova Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 28-fevraldagi PF-35-sonli Farmoni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 01.03.2025-y., 06/25/35/0204-son)