PF-91-son Farmon · 24.03.2022

Qishloq xoʻjaligiga moʻljallangan yer uchastkalarini ijaraga berish tartibini soddalashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida

Rekvizitlar

  • Hujjat turi:Farmon
  • Raqami:PF-91
  • Qabul qilingan sana:24.03.2022
  • Kuchga kirgan sana:24.03.2022
  • Holati:Amalda
  • Rasmiy nashr:QMMB 06/22/91/0233

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2021-yil 8-iyundagi “Yer munosabatlarida tenglik va shaffoflikni taʼminlash, erga boʻlgan huquqlarni ishonchli himoya qilish va ularni bozor aktiviga aylantirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi PF-6243-son Farmoni bilan boshlangan yer munosabatlari sohasidagi islohotlarni izchil davom ettirish, shuningdek, qishloq xoʻjaligiga moʻljallangan yer uchastkalarini ijaraga berish tartibini yanada soddalashtirish maqsadida:

1. Qishloq xoʻjaligiga moʻljallangan yerlarni ijaraga berish boʻyicha ochiq elektron tanlov natijalarini Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimlarining qarori bilan tasdiqlash tartibi bekor qilinsin.

2. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining ayrim hujjatlariga ilovaga muvofiq oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritilsin.

3. Qishloq xoʻjaligi vazirligi bir oy muddatda qonunchilikka ushbu Farmondan kelib chiqadigan oʻzgartirish va qoʻshimchalar toʻgʻrisida Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritsin.

4. Mazkur Farmonning ijrosini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʻrinbosarlari Sh.M. Gʻaniyev va J.A. Qoʻchqorov zimmasiga yuklansin.

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Sh. MIRZIYOYEV

Toshkent sh.,

2022-yil 24-mart,

PF-91-son

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2022-yil 24-martdagi PF-91-son Farmoniga ILOVA

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining ayrim hujjatlariga kiritilayotgan oʻzgartirish va qoʻshimchalar

1. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2021-yil 8-iyundagi “Yer munosabatlarida tenglik va shaffoflikni taʼminlash, erga boʻlgan huquqlarni ishonchli himoya qilish va ularni bozor aktiviga aylantirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi PF-6243-son Farmonining 2-bandi beshinchi xatboshisidan “, natijalari Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimlarining qarori bilan tasdiqlanadigan” soʻzlari chiqarib tashlansin.

2. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2021-yil 23-noyabrdagi “Meva-sabzavotchilik va uzumchilikda oilaviy tadbirkorlikni rivojlantirish, qishloq xoʻjaligi ishlab chiqarishida dehqon xoʻjaliklarining ulushini oshirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi PQ-20-son qarorida:

a) 2-bandning toʻrtinchi xatboshisi “oilalarga” soʻzidan keyin “hamda 2022-yil 1-mart sanasidan keyin xorijdan qaytib kelgan mehnat migrantlariga” soʻzlari bilan toʻldirilsin;

b) 6-bandning birinchi xatboshisi “tizimiga” soʻzidan keyin “va “E-auksion” elektron savdo platformasiga” soʻzlari bilan toʻldirilsin;

v) 2-ilovaning matni quyidagi tahrirda bayon etilsin:

“E-IJARA” axborot tizimiga va “E-auksion” elektron savdo platformasiga integratsiya qilish orqali idoralararo elektron maʼlumotlar almashinuvi yoʻlga qoʻyiladigan vazirliklar va idoralar

ROʻYXATI

1. Oʻzbekiston Respublikasi Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi va uning huzuridagi “Elektron hukumat loyihalarini boshqarish markazi” davlat muassasasi.

2. Oʻzbekiston Respublikasi Iqtisodiy taraqqiyot va kambagʻallikni qisqartirish vazirligi.

3. Oʻzbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi.

4. Oʻzbekiston Respublikasi Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi.

5. Oʻzbekiston Respublikasi Oliy va oʻrta-maxsus taʼlim vazirligi.

6. Oʻzbekiston Respublikasi Suv xoʻjaligi vazirligi.

7. Oʻzbekiston Respublikasi Mahalla va nuroniylarni qoʻllab-quvvatlash vazirligi.

8. Oʻzbekiston Respublikasi Xalq taʼlimi vazirligi.

9. Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi.

10. Oʻzbekiston Respublikasi Veterinariya va chorvachilikni rivojlantirish davlat qoʻmitasi.

11. Oʻzbekiston Respublikasi Davlat aktivlarini boshqarish agentligi.

12. Oʻzbekiston Respublikasi Yoshlar ishlari agentligi.

13. Oʻzbekiston Respublikasi “Oʻzarxiv” agentligi.

14. Oʻzbekiston Respublikasi Davlat soliq qoʻmitasi huzuridagi Kadastr agentligi.

15. Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Agrosanoat majmui ustidan nazorat qilish inspeksiyasi.

16. Ochiq elektron tanlov oʻtkazishda ishtirok etadigan boshqa idoralar va mansabdor shaxslar — zaruratga koʻra.

Izoh: vazirliklar va idoralar “E-IJARA” axborot tizimiga va “E-auksion” elektron savdo platformasiga Elektron hukumatning idoralararo maʼlumotlar uzatish tarmogʻi orqali belgilangan tartibda ulanadi”.

Bu hujjat sizga qanday ta'sir qiladi?

HuquqTech hujjat va qonun moddalariga tayanib, savolingizga oddiy tilda javob beradi.

AI'dan bepul so'rash

Matn lex.uz rasmiy manbasidan olingan va avtomatik yangilanadi. Huquqiy ahamiyatga ega qarorlar uchun rasmiy nashrga va malakali mutaxassisga murojaat qiling.