PQ-189-son Qaror · 04.04.2022

Osiyo taraqqiyot banki ishtirokida avtomobil yoʻllarini rekonstruksiya qilish loyihalarini amalga oshirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida

Rekvizitlar

  • Hujjat turi:Qaror
  • Raqami:PQ-189
  • Qabul qilingan sana:04.04.2022
  • Kuchga kirgan sana:04.04.2022
  • Holati:Amalda
  • Rasmiy nashr:QMMB 07/22/189/0271

Xalqaro talab va standartlarga javob beradigan milliy avtomobil yoʻllarini qurish va rekonstruksiya qilish, respublika hududlarini bogʻlovchi avtomobil yoʻllari tarmogʻini kengaytirish va yoʻl infratuzilmasini yanada rivojlantirish, shuningdek, yoʻlovchi va yuklarni xalqaro, tranzit va respublika miqyosida tashish samaradorligini oshirish maqsadida:

1. Quyidagilar:

a) Osiyo taraqqiyot banki (keyingi oʻrinlarda — OTB) Direktorlar kengashi tomonidan “Milliy avtomobil yoʻllarini rivojlantirish” loyihasini amalga oshirish uchun 273,8 mln AQSH dollari miqdorida qarz mablagʻlari 4 yillik imtiyozli davr bilan 24 yil muddatga ajratish maʼqullanganligi, shundan:

183,8 mln AQSH dollari — “4R105 “Darband — Boysun — Elbayon” avtomobil yoʻlining 5 — 70 km va 4R100 “Manguzar — Jarqoʻrgʻon — Bandixon — Oltinsoy — Denov” avtomobil yoʻlining 128 — 174 km qismlarini rekonstruksiya qilish” loyihasini (keyingi oʻrinlarda — “Surxondaryo” loyihasi) amalga oshirishga;

90 mln AQSH dollari — “A380 “Gʻuzor — Buxoro — Nukus — Beyneu” avtomobil yoʻlining 228 — 315 km (87 km) qismini rekonstruksiya qilish” loyihasini (keyingi oʻrinlarda — “Buxoro” loyihasi) yakunlashga;

b) 2022-yil 25-martda Oʻzbekiston Respublikasi va OTB oʻrtasida “Milliy avtomobil yoʻllarini rivojlantirish” loyihasini amalga oshirish boʻyicha Qarz bitimi imzolanganligi;

v) “Surxondaryo” loyihasi boʻyicha:

Transport vazirligi huzuridagi Avtomobil yoʻllari qoʻmitasi (keyingi oʻrinlarda — Avtomobil yoʻllari qoʻmitasi) tomonidan umumiy qiymati 227,3 mln AQSH dollari boʻlgan loyihaning texnik iqtisodiy asosi oʻrnatilgan tartibda ishlab chiqilganligi, hamda unga koʻra:

loyiha doirasida OTBning ulushi 183,8 mln AQSH dollarini, Oʻzbekiston Respublikasining loyihani amalga oshirishdagi ulushi 43,5 mln AQSH dollari, shu jumladan respublika budjeti hisobidan qoʻshilgan qiymat soligʻini qoplash uchun ajratilgan hamda bojxona bojlaridan ozod etish koʻrinishida 25,6 mln AQSH dollari miqdoridagi mablagʻlarni tashkil etishi;

loyihani amalga oshirish muddati 6 yil (4 yil imtiyozli davrni inobatga olgan holda 2022 — 2027-yillar) etib belgilanganligi;

g) “Buxoro” loyihasi boʻyicha:

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2016-yil 9-sentabrdagi “Osiyo taraqqiyot banki ishtirokida “A380 “Gʻuzor — Buxoro — Nukus — Beyneu” avtomobil yoʻlining 228 — 315 km (87 km) qismini rekonstruksiya qilish” loyihasini amalga oshirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi PQ-2583-son qarori bilan loyihaning texnik-iqtisodiy asosi tasdiqlanganligi;

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2021-yil 30-dekabrdagi “Oʻzbekiston Respublikasining 2022 — 2026-yillarga moʻljallangan investitsiya dasturini tasdiqlash hamda investitsiya loyihalarini boshqarishning yangi yondashuv va mexanizmlarini joriy etish toʻgʻrisida”gi PQ-72-son qarori bilan loyihani yakunlash muddati 2023-yil etib belgilanganligi;

d) Avtomobil yoʻllari qoʻmitasi huzurida “Milliy avtomobil yoʻllarini rivojlantirish” loyihasini amalga oshirish guruhi tashkil etilganligi maʼlumot uchun qabul qilinsin.

2. Belgilab qoʻyilsinki:

a) “Milliy avtomobil yoʻllarini rivojlantirish” loyihasining amalga oshirilishini muvofiqlashtirish va monitoring qilish, OTBning qarz mablagʻlaridan maqsadli foydalanish yuzasidan masʼul ijro etuvchi organ Avtomobil yoʻllari qoʻmitasi hisoblanadi;

b) OTBning qarz mablagʻlarini soʻndirish, shuningdek, foiz, qarz boʻyicha komissiya va boshqa toʻlovlar bilan bogʻliq xarajatlar Oʻzbekiston Respublikasining respublika budjeti mablagʻlari hisobidan amalga oshiriladi;

v) “Surxondaryo” loyihasi boʻyicha:

qurilish-montaj ishlari hududiga tushgan yuridik va jismoniy shaxslarga tegishli yer uchastkalari va ularda joylashgan koʻchmas mulk obyektlarining jamoat ehtiyojlari uchun olib qoʻyilishi Oʻzbekiston Respublikasining “Yer uchastkalarini kompensatsiya evaziga jamoat ehtiyojlari uchun olib qoʻyish tartib-taomillari toʻgʻrisida”gi Qonunida belgilangan tartibda amalga oshiriladi;

(2-band “v” kichik bandi ikkinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2023-yil 30-yanvardagi PF-15-sonli Farmoni tahririda)

jismoniy va yuridik shaxslarga yetkazilgan zararlarni qoplash respublika va Surxondaryo viloyati hokimligining markazlashtirilgan jamgʻarmalari hisobidan hamda qonunchilik hujjatlarida belgilangan boshqa manbalar hisobidan kompensatsiya qilinadi;

jismoniy va yuridik shaxslarga yetkazilgan zararlar belgilangan tartibda toʻliq qoplangandan soʻng ularga tegishli yer uchastkalari Surxondaryo viloyati hokimligi tomonidan zaxira yerlar toifasiga oʻtkaziladi hamda Avtomobil yoʻllari qoʻmitasi tizimidagi unitar korxonalarga belgilangan tartibda doimiy foydalanish huquqi bilan ajratiladi.

3. Transport vazirligi Qishloq xoʻjaligi vazirligi, Suv xoʻjaligi vazirligi va Avtomobil yoʻllari qoʻmitasi bilan birgalikda “Surxondaryo” loyihasi doirasida avtomobil yoʻllarining kengayishi sababli qishloq xoʻjaligiga moʻljallangan sugʻoriladigan yer maydonlarini yer fondining boshqa toifasiga oʻtkazishni nazarda tutuvchi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining qarori loyihasini Vazirlar Mahkamasiga kiritsin.

4. Quyidagilar:

a) “Buxoro” loyihasi doirasida OTB tomonidan ajratiladigan qarzni soʻndirish, foiz va komissiya toʻlovlarini amalga oshirishning prognoz jadvali 1-ilovaga muvofiq;

b) “Surxondaryo” loyihasi boʻyicha:

loyiha Texnik-iqtisodiy asosining asosiy texnik-iqtisodiy koʻrsatkichlari 2-ilovaga muvofiq;

OTB tomonidan ajratiladigan qarzni soʻndirish hamda foiz va komissiya toʻlovlarini amalga oshirishning prognoz jadvali 3-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.

5. Avtomobil yoʻllari qoʻmitasi raisiga “Milliy avtomobil yoʻllarini rivojlantirish” loyihasi doirasida OTB bilan loyiha bitimini imzolash vakolati berilsin.

6. Adliya vazirligi Oʻzbekiston Respublikasi va OTB oʻrtasidagi qarz bitimi yuzasidan belgilangan tartibda yuridik xulosa bersin.

7. Davlat dasturlari ijro etilishini nazorat qilish va muvofiqlashtirish boʻyicha respublika shtabi (E.T. Yuldashev) “Milliy avtomobil yoʻllarini rivojlantirish” loyihasi doirasidagi mablagʻlarning maqsadli ajratilishi va sarflanishi ustidan doimiy nazorat oʻrnatsin hamda har yarim yilda Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasiga axborot kiritib borsin.

8. Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi (A.E. Burxanov) “Milliy avtomobil yoʻllarini rivojlantirish” loyihasi doirasida ajratilgan mablagʻlarning maqsadli ishlatilishi jarayonida ochiqlik va oshkoralikni taʼminlash ustidan doimiy nazorat oʻrnatsin.

9. Mazkur qarorning ijrosini samarali tashkil qilishga masʼul va shaxsiy javobgar etib transport vaziri I.R. Maxkamov va Avtomobil yoʻllari qoʻmitasi raisi A.A. Abduvaliyev belgilansin.

Qaror ijrosini muhokama qilib borish, ijro uchun masʼul idoralar faoliyatini muvofiqlashtirish va nazorat qilish Bosh vazir oʻrinbosarlari A.J. Ramatov va S.U. Umurzakov zimmasiga yuklansin.

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Sh. MIRZIYOYEV

Toshkent sh.,

2022-yil 4-aprel,

PQ-189-son

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2022-yil 4-apreldagi PQ-189-son qaroriga 1-ILOVA

“A380 Gʻuzor — Buxoro — Nukus — Beyneu” avtomobil yoʻlining 228 — 315 km (87 km) qismini rekonstruksiya qilish loyihasi” doirasida Osiyo taraqqiyot banki tomonidan ajratiladigan qarzni soʻndirish, foiz va komissiya toʻlovlarni amalga oshirishning PROGNOZ JADVALI

Izohlar:

1. SOFR stavkasi 2022-yil 25-mart holatiga 0,0599 % miqdorda qabul qilingan.

2. Asosiy qarzni qaytarish sanasi OTB Direktorlar kengashi tomonidan tasdiqlangandan keyin birinchi oʻzlashtirish sanasiga bogʻliq.

3. Yakuniy moliyaviy barqarorlik xarajatlari miqdori haqiqiy summalar, oʻzlashtirish sanasi va SOFR stavkasiga bogʻliq.

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2022-yil 4-apreldagi PQ-189-son qaroriga 2-ILOVA

“4R105 Darband — Boysun — Elbayon” avtomobil yoʻlining 5 — 70 km qismini va “4R100 Manguzar — Jarqoʻrgʻon — Bandixon — Oltinsoy — Denov” avtomobil yoʻlining 128 — 174 km qismini rekonstruksiya qilish” loyihasi texnik-iqtisodiy asosining ASOSIY TEXNIK-IQTISODIY KOʻRSATKICHLARI

* Yakuniy narx koʻrsatkichlari batafsil loyiha-smeta hujjatlari, tovar (ish va xizmatlar) yetkazib berish boʻyicha belgilangan tartibda oʻtkaziladigan tender savdolari natijalari asosida belgilanadi.

** Qurilish-montaj ishlarining 5,2 foizi miqdorida koʻzda tutilmagan xarajatlarni hisobga olgan holda.

*** Davlat budjeti ijtimoiy soliq toʻlovi boʻyicha toʻlovlar manbai hisoblanadi.

**** Yakuniy moliyaviy xarajatlar miqdori haqiqiy summalar, oʻzlashtirish sanasi va 6 oylik SOFR foiz stavkasiga bogʻliq.

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2022-yil 4-apreldagi PQ-189-son qaroriga 3-ILOVA

“4R105 Darband — Boysun — Elbayon” avtomobil yoʻlining 5 — 70 km qismini va “4R100 Manguzar — Jarqoʻrgʻon — Bandixon — Oltinsoy — Denov” avtomobil yoʻlining 128 — 174 km qismini rekonstruksiya qilish” loyihasi loyihasi doirasida Osiyo taraqqiyot banki tomonidan ajratiladigan qarzni soʻndirish hamda foiz va komissiya toʻlovlarini amalga oshirishning PROGNOZ JADVALI

Izohlar:

1. SOFR stavkasi 2022-yil 25-mart holatiga 0,0599 foiz miqdorda qabul qilingan.

2. Asosiy qarzni qaytarish sanasi OTB Direktorlar kengashi tomonidan tasdiqlangandan keyin birinchi oʻzlashtirish sanasiga bogʻliq.

3. Yakuniy moliyaviy barqarorlik xarajatlari miqdori haqiqiy summalar, oʻzlashtirish sanasi va SOFR stavkasiga bogʻliq.

Bu hujjat sizga qanday ta'sir qiladi?

HuquqTech hujjat va qonun moddalariga tayanib, savolingizga oddiy tilda javob beradi.

AI'dan bepul so'rash

Matn lex.uz rasmiy manbasidan olingan va avtomatik yangilanadi. Huquqiy ahamiyatga ega qarorlar uchun rasmiy nashrga va malakali mutaxassisga murojaat qiling.