PF-113-son Farmon · 20.04.2022

Davlat xizmatlari koʻrsatishni soddalashtirish, byurokratik toʻsiqlarni qisqartirish hamda davlat xizmatlari koʻrsatish milliy tizimini rivojlantirishning qoʻshimcha chora-tadbirlari toʻgʻrisida

Rekvizitlar

  • Hujjat turi:Farmon
  • Raqami:PF-113
  • Qabul qilingan sana:20.04.2022
  • Kuchga kirgan sana:21.04.2022
  • Holati:Amalda
  • Rasmiy nashr:QMMB 06/22/113/0330

Respublikada davlat xizmatlarini koʻrsatishda byurokratizm, sansalorlik va boshqa maʼmuriy toʻsiqlarni bartaraf etish, eskirgan va zamon talablariga mos kelmaydigan tartib-taomillarni tubdan qisqartirishga qaratilgan tizimli ishlar amalga oshirilmoqda.

Jumladan, aholi va tadbirkorlik subyektlari tomonidan 73 turdagi maʼlumotnoma va hujjatlar taqdim etilishi talabi bekor qilinib, davlat organlari tomonidan ushbu maʼlumotlarni “Elektron hukumat” tizimi idoralararo integratsiyalashuv platformasidan foydalangan holda olish tizimi joriy etildi.

Shu bilan birga, aholiga davlat xizmatlarini qulay va oson shakllarda koʻrsatish koʻlamini oshirish va fuqarolarning idorama-idora sarson boʻlib yurishining oldini olish, davlat organlari axborot tizimida mavjud maʼlumotlarni ishonchli himoya qilish boʻyicha ishlarni izchil davom ettirish zarur.

Jismoniy va yuridik shaxslar uchun davlat xizmatlari koʻrsatish koʻlamini oshirish, aholining masofadan turib elektron davlat xizmatlaridan mustaqil foydalanish imkoniyatlarini kengaytirish, shuningdek, bu borada barcha uchun teng sharoitlarni yaratish orqali inklyuziv muhitni shakllantirish maqsadida:

1. 2022-yil 1-avgustdan boshlab:

a) davlat xizmatlaridan foydalanish uchun shaxsni identifikatsiyalashning mavjud tizim va vositalariga qoʻshimcha ravishda jismoniy shaxsni identifikatsiyalashning Mobil-ID tizimi (keyingi oʻrinlarda — Mobil-ID tizimi) joriy etilsin;

b) shunday tartib oʻrnatilsinki, unga muvofiq:

Mobil-ID tizimi “Elektron hukumat” tizimi foydalanuvchilarini identifikatsiyalash boʻyicha yagona axborot tizimining tarkibiy qismi hisoblanadi va shaxsni uning mobil telefon raqami orqali identifikatsiyalashni nazarda tutadi;

shaxsni Mobil-ID tizimi yordamida identifikatsiyalash fuqaroning xohishiga koʻra davlat xizmatlari markazi (keyingi oʻrinlarda — Markaz) yoki notarial idora tomonidan yoxud Yagona interaktiv davlat xizmatlari portalining (keyingi oʻrinlarda — YIDXP) mobil ilovasi orqali amalga oshiriladi;

Mobil-ID tizimi yordamida identifikatsiyadan oʻtish uchun fuqaro tomonidan bevosita Markaz yoki notarial idoraga murojaat qilinganda shaxsni tasdiqlovchi hujjatning asli taqdim etiladi hamda Markaz yoki notarial idora xodimi tomonidan fuqaroning yuzi raqamli formatda rasmga tushiriladi, elektron shaklda qoʻl barmogʻi izi olinadi va mobil telefon raqami YIDXPdagi shaxsiy kabinetga bogʻlanadi;

Mobil-ID tizimi yordamida identifikatsiyadan oʻtish uchun fuqaro tomonidan YIDXPning mobil ilovasidan foydalanilganda masofadan biometrik identifikatsiyalash (Face-ID) usuli yoki ID-kartadagi elektron raqamli imzo qoʻllaniladi hamda mobil telefon raqami YIDXPdagi shaxsiy kabinetga bepul bogʻlanadi;

bevosita Markazlar yoki notarial idora orqali fuqarolarni Mobil-ID tizimiga identifikatsiya qilish 2022-yil 31-dekabrga qadar toʻlov undirilmasdan, 2023-yil 1-yanvardan boshlab bazaviy hisoblash miqdorining 2 foizi miqdorida bir martalik toʻlov undirilgan holda amalga oshiriladi;

Mobil-ID tizimi foydalanuvchilari elektron raqamli imzoni qoʻllamagan holda barcha davlat xizmatlaridan (bundan moliyaviy xizmatlar mustasno) foydalanishi mumkin;

fuqaroning YIDXPdagi shaxsiy kabinetiga yuboriladigan barcha xabarnomalar uning xohishiga koʻra va belgilangan toʻlovlar asosida Mobil-ID tizimi orqali identifikatsiyalangan mobil telefon raqamiga SMS-xabar shaklida yuboriladi.

2. Belgilab qoʻyilsinki, Mobil-ID tizimini joriy qilish va kelgusida texnik qoʻllab-quvvatlash bilan bogʻliq xarajatlar Adliya vazirligining Davlat xizmatlarini rivojlantirish jamgʻarmasi hamda Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligining budjetdan tashqari mablagʻlari hisobidan teng miqdorda yoxud qonunchilik hujjatlarida taqiqlanmagan boshqa manbalar hisobidan amalga oshiriladi.

3. Quyidagilar aholi va tadbirkorlik subyektlariga davlat xizmatlari koʻrsatish boʻyicha vazifalarni amalga oshirishda Adliya vazirligining kelgusi besh yillikdagi ustuvor faoliyat yoʻnalishlari etib belgilansin:

“Davlat xizmatlarini koʻrsatishda fuqaro eʼtibor markazida” (Citizen — centric service) tamoyili asosida davlat xizmatlari koʻrsatish milliy tizimini modernizatsiya qilish;

Markazlar faoliyatida qoʻllanilayotgan axborot-kommunikatsiya texnologiyalari imkoniyatlarini kengaytirish, aholining elektron davlat xizmatlaridan foydalanish darajasini keskin oshirish hamda ish yuritishni “qogʻozsiz” tamoyil asosida olib borish;

biznes jarayonlarini modernizatsiyalash usullari (Business Process Reengineering) asosida har bir davlat xizmatini maqbullashtirish, shu jumladan muddatlar va talab etiladigan hujjatlar sonini maksimal darajada qisqartirish orqali “bir darcha” tamoyilini amaliyotga toʻliq tatbiq etish;

ijtimoiy-iqtisodiy va texnologik rivojlanishning joriy holati, aholi va tadbirkorlik subyektlarining ehtiyoji va talablaridan kelib chiqib davlat xizmatlarining yangi turlarini yoʻlga qoʻyish hamda oʻz ahamiyatini yoʻqotgan davlat xizmatlarini birlashtirish yoki bekor qilish;

jismoniy imkoniyati cheklangan va nogironligi boʻlgan shaxslarga davlat xizmatlarini koʻrsatishda inklyuziv muhitni yaratish;

davlat organlarining tashabbusi asosida proaktiv davlat xizmatlari hamda bitta soʻrov boʻyicha oʻzaro bogʻliq kompozit davlat xizmatlari koʻrsatish amaliyotini kengaytirish;

oʻziga oʻzi xizmat koʻrsatish uchun zarur shart-sharoitlar yaratish, aholi va tadbirkorlik subyektlarining davlat xizmatlaridan mustaqil foydalanish koʻnikmalarini oshirib borish.

4. Quyidagilar:

Davlat xizmatlari koʻrsatish tizimini modernizatsiya qilish va jadal rivojlantirishning 2022 — 2026-yillarga moʻljallangan milliy strategiyasi 1-ilovaga muvofiq;

Davlat xizmatlari koʻrsatish tizimini modernizatsiya qilish va jadal rivojlantirishning 2022 — 2026-yillarga moʻljallangan milliy strategiyasini 2022-2023-yillarda amalga oshirish boʻyicha “yoʻl xaritasi” 2-ilovaga muvofiq;

2022-yil 1-iyuldan ayrim talab va shartlari bekor qilinayotgan litsenziyalar va ruxsat etish xususiyatiga ega hujjatlar roʻyxati 3-ilovaga muvofiq;

2022-yil 1-iyundan Yagona interaktiv davlat xizmatlari portalida elektron raqamli imzo bilan tasdiqlash talab etilmaydigan davlat xizmatlari roʻyxati 4-ilovaga muvofiq;

“Elektron hukumat” doirasida aholi va tadbirkorlik subyektlariga koʻrsatiladigan davlat xizmatlari toʻgʻrisida elektron xabardor qilish tizimiga davlat organlari va tashkilotlarining axborot tizimlarini integratsiya qilish jadvali 5-ilovaga muvofiq;

Maʼmuriy huquqbuzarlik toʻgʻrisidagi ishlarni yuritish va koʻrib chiqish vakolatiga ega boʻlgan davlat organlarining axborot tizimlari va maʼlumotlar bazalarini Yagona billing tizimiga bosqichma-bosqich integratsiya qilish jadvali 6-ilovaga muvofiq;

2022 — 2026-yillarda davlat xizmatlari koʻrsatish tizimini jadal rivojlantirishning maqsadli koʻrsatkichlari (indikatorlari) 7-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.

5. Belgilansinki, 2022-yil 1-iyuldan boshlab kommunal tashkilotlar tomonidan aholidan, shu jumladan tadbirkorlik subyektlaridan Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2021-yil 23-martdagi PF-6191-son Farmonining 4-bandi hamda 2021-yil 24-iyuldagi PF-6269-son Farmonining 5-bandida nazarda tutilgan maʼlumot va hujjatlarni talab qilish bekor qilinadi.

“Hududiy elektr tarmoqlari” AJ, “Hududgaztaʼminot” AJ, “Oʻzsuvtaʼminot” AJ va “Toshissiqquvvati” DUK Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi bilan birgalikda 2022-yil 1-iyunga qadar oʻz axborot tizimlarining “Elektron hukumat” tizimi doirasida ishlovchi Raqamli maʼlumotlar platformasiga integratsiya qilinishini taʼminlasin.

6. Xizmatlar koʻrsatish sifatini oshirish, fuqarolar va xususiy sektorga yanada qulay shart-sharoitlar yaratish maqsadida 2022-yil 1-sentabrdan boshlab quyidagi nodavlat tashkilotlarga “Elektron hukumat” tizimi orqali olinishi mumkin boʻlgan maʼlumotlardan foydalanish imkoniyati yaratilsin:

tijorat banklari;

telekommunikatsiya tashkilotlari;

xususiy tibbiyot muassasalari;

nodavlat taʼlim tashkilotlari;

sugʻurta tashkilotlari.

Belgilansinki, “Elektron hukumat” tizimidan foydalanishga ruxsat berilgan nodavlat tashkilotlar shaxsga doir maʼlumotlarni himoya qilish hamda uchinchi shaxslarga maʼlum qilmaslik boʻyicha zarur tashkiliy va texnik choralarni koʻrishi shart. Bunda, shaxsga doir maʼlumotlar toʻgʻrisidagi qonunchilik talablariga rioya etish tegishli litsenziyaning talab va shartlaridan biri hisoblanadi.

7. Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi:

bir oy muddatda “Elektron hukumat” tizimi doirasida maʼlumotlarni nodavlat tashkilotlarga taqdim etuvchi Raqamli maʼlumotlar platformasini ishlab chiqsin;

ikki oy muddatda nodavlat tashkilotlarni Raqamli maʼlumotlar platformasiga ulash hamda barcha davlat organlari va tashkilotlari axborot tizimlarida mavjud boʻlgan maʼlumotlar nodavlat tashkilotlarga faqat Raqamli maʼlumotlar platformasi orqali taqdim etilishini nazarda tutuvchi normativ-huquqiy hujjat loyihasini Vazirlar Mahkamasiga kiritsin;

2022-yil 1-iyunga qadar ushbu Farmonga 4-ilovada koʻrsatilgan davlat xizmatlaridan YIDXPda elektron raqamli imzo bilan tasdiqlamasdan foydalanish imkoniyatini yaratsin;

2022-yil 1-avgustga qadar davlat xizmatlaridan foydalanish uchun Mobil-ID tizimini, shuningdek, shaxsga doir maʼlumotlarni “Elektron hukumat” tizimidan foydalangan holda taqdim etishning yangi tartibini joriy etish boʻyicha tashkiliy-texnik choralarni amalga oshirsin.

8. Shaxsga doir maʼlumotlarning konfidensialligini va ishonchli himoya qilinishini taʼminlash maqsadida 2022-yil 1-avgustdan boshlab shaxsga doir maʼlumotlarni “Elektron hukumat” tizimidan foydalangan holda olishning quyidagi tartibi joriy etilsin:

davlat organlari tomonidan shaxsga doir maʼlumotlar “Elektron hukumat” tizimi orqali soʻrab olinganda shaxsga doir maʼlumotlar subyektining YIDXPdagi shaxsiy kabineti yoki Mobil-ID tizimi orqali identifikatsiyadan oʻtgan mobil telefon raqamiga bu haqida xabarnoma yuboriladi (bundan davlat siri va qonunchilikka muvofiq foydalanish cheklangan maʼlumotlarni oʻz ichiga olgan holatlar mustasno);

xoʻjalik birlashmalari, davlat tashkilotlari va muassasalari, “Elektron hukumat” tizimidan foydalanishga ruxsat berilgan nodavlat tashkilotlar tomonidan ishlarni bajarish va xizmatlarni koʻrsatishda shaxsga doir maʼlumotlar uning subyekti roziligi bilan “Elektron hukumat” tizimi orqali taqdim etiladi. Bunda, maʼlumotlar tegishli tashkilotga shaxsga doir maʼlumotlar subyektining YIDXPdagi shaxsiy kabineti yoki Mobil-ID tizimi orqali identifikatsiyadan oʻtgan mobil telefon raqamidan tasdiq olingandan soʻng “Elektron hukumat” tizimi orqali taqdim etiladi.

Davlat personallashtirish markazi Adliya vazirligi bilan birgalikda uch oy muddatda davlat organlari va boshqa tashkilotlarning vakolat, funksiya va faoliyat yoʻnalishidan kelib chiqqan holda, “Elektron hukumat” tizimi orqali shaxsga doir maʼlumotlardan foydalanish doirasi va chegaralarini belgilash boʻyicha takliflarni Vazirlar Mahkamasiga kiritsin.

9. Shunday tartib joriy etilsinki, unga muvofiq 2022-yil 1-iyundan boshlab:

Ijtimoiy reyestrga kiritilgan oilalar aʼzolari hamda “Yoshlar daftari”ga kiritilgan yoshlar oliy taʼlim muassasalariga oʻqishga qabul qilishda oʻtkaziladigan kirish test sinovlarida ishtirok etish uchun undiriladigan toʻlovlardan ozod etiladi;

(9-bandning ikkinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 26-dekabrdagi PF-258-sonli Farmoni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 27.12.2025-y., 06/25/258/1223-son. Kuchga kirish sanasi — 2026-yil 1-fevral)

Markazlarda aholi va tadbirkorlik subyektlariga elektron davlat xizmatlaridan foydalanish uchun oʻziga oʻzi xizmat koʻrsatuvchi joylar tashkil etiladi. Bunda, Markazlarda faoliyat olib borayotgan operatorlarning kamida 1 nafari davlat xizmatlaridan mustaqil foydalanmoqchi boʻlgan shaxslarga bevosita yordam koʻrsatishga jalb etiladi;

davlat xizmatidan foydalanishda undiriladigan toʻlovlarni Markazlarda joylashgan tijorat banklari shoxobchasidan naqd yoki naqd pulsiz shaklda amalga oshirganda ikki foizgacha boʻlgan tijorat bankining komissiya summasi uchun alohida toʻlov undirilmaydi (bundan davlat boji toʻlovlari mustasno). Bunda, mablagʻlarni oluvchilarning har biriga yoʻnaltiriladigan summalar proporsional ravishda kamaytirilgan holda, tijorat bankining komissiya toʻlovi xizmatdan foydalanish uchun toʻlanadigan toʻlov hisobidan oʻtkazib beriladi;

tashkiliy-huquqiy shaklidan qatʼi nazar davlat xizmatlarini koʻrsatish yoki boshqa maʼmuriy tartib-taomillarni amalga oshirish funksiyalari yuklatilgan tashkilotlarning mansabdor shaxslari va masʼul xodimlari davlat xizmatlari koʻrsatish sohasidagi qonunchilik hujjatlarini buzganlik uchun javobgar hisoblanadi.

10. Adliya vazirligi 2022-yil 1-iyulga qadar:

Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi, Elektron texnologiyalarini rivojlantirish markazi va Davlat personallashtirish markazi bilan birgalikda shaxsni Mobil-ID tizimi orqali identifikatsiyalash tartibini joriy etish boʻyicha normativ-huquqiy hujjat loyihasini Vazirlar Mahkamasiga kiritsin;

Markazlarda davlat xizmatlari uchun toʻlovlarni qabul qiladigan tijorat banklari shoxobchalarini ijara toʻlovlarini undirmagan holda besh yilgacha boʻlgan muddatga joylashtirish boʻyicha tanlov oʻtkazsin;

qonunchilik hujjatlariga mazkur Farmondan kelib chiqadigan oʻzgartirish va qoʻshimchalar toʻgʻrisida Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritsin.

11. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining ayrim hujjatlariga 8-ilovaga muvofiq oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritilsin.

12. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining ayrim hujjatlari 9-ilovaga muvofiq oʻz kuchini yoʻqotgan deb hisoblansin.

13. Oʻzbekiston Milliy teleradiokompaniyasi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi hamda Oʻzbekiston Milliy axborot agentligi bilan birgalikda mazkur Farmonning mazmun-mohiyati ommaviy axborot vositalarida keng yoritilishini taʼminlasin.

14. Mazkur Farmonning ijrosini samarali tashkil qilishga masʼul va shaxsiy javobgar etib adliya vaziri R.Q. Davletov hamda axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vaziri Sh.X. Shermatov belgilansin.

Farmon ijrosini muhokama qilib borish, masʼul idoralar faoliyatini muvofiqlashtirish va nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri A.N. Aripov zimmasiga yuklansin.

Amalga oshirilgan chora-tadbirlarning natijadorligi toʻgʻrisida 2022-yil 1-noyabrga qadar Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentiga axborot berilsin.

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Sh. MIRZIYOYEV

Toshkent sh.,

2022-yil 20-aprel,

PF-113-son

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2022-yil 20-apreldagi PF-113-son Farmoniga 1-ILOVA

Davlat xizmatlari koʻrsatish tizimini modernizatsiya qilish va jadal rivojlantirishning 2022 — 2026-yillarga moʻljallangan

Davlat xizmatlari koʻrsatish tizimini modernizatsiya qilish va jadal rivojlantirishning 2022 — 2026-yillarga moʻljallangan milliy strategiyasi (keyingi oʻrinlarda — Strategiya) Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2021-yil 24-iyuldagi “Davlat xizmatlari koʻrsatish infratuzilmasini takomillashtirish va aholining davlat xizmatlaridan foydalanish imkoniyatlarini kengaytirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi PF-6269-son Farmoniga muvofiq ishlab chiqilgan.

Strategiya davlat xizmatlarini koʻrsatishning joriy holati va xorijiy mamlakatlarning ushbu sohadagi eng yaxshi tajribalarini hisobga olgan holda, “Davlat xizmatlarini koʻrsatishda fuqaro eʼtibor markazida” (Citizen — centric service) tamoyili asosida davlat xizmatlari koʻrsatish tizimini modernizatsiya qilish va jadal rivojlantirishning maqsadlari, vazifalari va ustuvor yoʻnalishlarini belgilaydi.

1-bob. Umumiy qoidalar

Davlat xizmatlari koʻrsatish tizimini yanada takomillashtirish aholining davlat organlari bilan munosabatga kirishishda inson omilini minimallashtirish, byurokratik jarayonlarni qisqartirish, xizmatdan foydalanuvchilarning vaqti va xarajatlarini kamaytirish hamda maʼmuriy tartib-taomillarning shaffofligi va ochiqligini taʼminlashda muhim ahamiyat kasb etadi.

Elektron davlat xizmatlarini koʻrsatish koʻlamini kengaytirish boʻyicha olib borilayotgan davlat siyosatida mamlakatda qulay ishbilarmonlik muhitini yanada yaxshilash, xizmatdan foydalanuvchilarga sifatli va tezkor davlat xizmatlarini taqdim etish ustuvor masalalardan biri hisoblanadi.

Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi hamda Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi boshqa vakolatli organlar bilan birgalikda Strategiyaning amalga oshirilishini taʼminlaydi.

Strategiyani amalga oshirish uchun:

“yoʻl xarita”lar ishlab chiqiladi va ularda belgilangan choralar amaliyotga tatbiq etiladi;

vakolatli davlat organlari va tashkilotlarining davlat xizmatlarini koʻrsatish faoliyati tahlil qilinadi;

biznes jarayonlarini reinjiniring qilish (BPR) usullaridan foydalangan holda davlat xizmatlarini taqdim etish jarayonlari maqbullashtiriladi;

aholi oʻrtasida ijtimoiy soʻrovlar oʻtkaziladi;

davlat xizmatlari markazlarining moddiy-texnika bazasi mustahkamlanadi;

davlat xizmatlarini koʻrsatishda qoʻllaniladigan axborot-kommunikatsiya texnologiyalari takomillashtiriladi.

2-bob. Joriy holat tavsifi va mavjud muammolar

Soʻnggi yillarda davlat xizmatlari koʻrsatish tizimida olib borilayotgan islohotlar natijasida aholi hamda tadbirkorlik subyektlariga qulay va tezkor davlat xizmatlarini taqdim etishning zamonaviy infratuzilmasi barpo etildi.

Aholiga davlat xizmatlari koʻrsatish milliy tizimining sifat jihatidan yangi darajaga oʻtishini taʼminlash maqsadida 2017-yilda har bir tuman (shahar)da davlat xizmatlari markazlari (keyingi oʻrinlarda — Markaz) tashkil etildi.

Davlat xizmatlarini koʻrsatish tizimini isloh qilish natijasida mavjud 750 dan ortiq davlat xizmatlaridan 172 tasi Markazlar, 308 tasi esa Oʻzbekiston Respublikasi Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali (keyingi oʻrinlarda — YIDXP) hamda “Litsenziya” axborot tizimi orqali interaktiv shaklda koʻrsatilishi yoʻlga qoʻyildi.

Bugungi kunga qadar 207 ta Markazlar hamda ularning 141 ta filiallari orqali jismoniy va yuridik shaxslarga jami 32 mln.dan ortiq xizmatlar koʻrsatildi.

Davlat xizmatlarini koʻrsatishning umumiy muddati deyarli 787 kundan 471 kungacha qisqartirildi. Tadbirkorlik sohasida 132 ta litsenziya va ruxsat berish tartib-taomillari bekor qilindi.

Aholiga davlat xizmatlaridan foydalanishda qulayliklar yaratish boʻyicha davlat xizmatlaridan eksterritoriallik tamoyili boʻyicha foydalanish tartibi joriy etildi hamda davlat idoralari tomonidan fuqarolar va tadbirkorlardan jami 73 ta hujjat hamda maʼlumotnomalarni talab qilish amaliyoti bekor qilindi.

Davlat xizmatlarini koʻrsatishing yangi shakllari joriy qilinishi natijasida 17 ta davlat xizmatini kompozit tarzda koʻrsatish yoʻlga qoʻyildi.

Markazlar orqali davlat xizmatlarini koʻrsatishni joriy etish natijasida 200 dan ortiq tartib-taomillar qayta koʻrib chiqilib, soddalashtirildi.

Shu bilan birga, davlat xizmatlari koʻrsatish tizimining yanada rivojlanishiga salbiy taʼsir koʻrsatuvchi quyidagi tizimli muammolar mavjud:

mavjud davlat xizmatlarining katta qismi hamon elektron shaklda koʻrsatilmasdan anʼanaviy shaklda aholiga taqdim etib kelinmoqda;

davlat xizmatlarini koʻrsatishni tartibga soluvchi normativ-huquqiy hujjatlar davlat xizmatlarini koʻrsatishning zamonaviy shakllari va maʼmuriy tartib-taomillar prinsiplariga muvofiq emasligi hamda ichki idoraviy hujjatlar bilan davlat xizmatlarini koʻrsatish tartibotlarini belgilash hanuzgacha saqlanib qolinmoqda;

davlat xizmatlarini koʻrsatuvchi vakolatli organlar tomonidan faqat rasmiy qoidalar va talablarga rioya etishni vaj qilgan holda, boshqa qonunchilik hujjatlarida belgilangan ustuvor huquq va imtiyozlarni qoʻllash rad etilishi holatlari tufayli ariza beruvchilarning ovoragarchiliklari saqlanib qolmoqda;

tartib-taomillari oʻzaro oʻxshash boʻlgan davlat xizmatlarini koʻrsatish asoslarini belgilovchi normativ-huquqiy hujjatlarni tizimlashtirish ishlari lozim darajada amaliyotga tatbiq etilmaganligi qonunchilik hujjatlarining soni sunʼiy oshib ketishiga sabab boʻlmoqda;

davlat xizmatlari yagona reyestrida takrorlanuvchi, bir xizmatning tarkibiy qismi boʻlgan bir nechta xizmatlar, oʻz ahamiyatini yoʻqotgan davlat xizmatlari saqlanib qolmoqda;

vakolatli idoralar tomonidan davlat xizmatlarini koʻrsatishda toʻlovlar ularning ushbu xizmatni koʻrsatish uchun sarf qiladigan xarajatlaridan ortiqcha miqdorlarda undirilmoqda;

ayrim davlat xizmatlarini koʻrsatuvchi vakolatli organlar tomonidan davlat xizmatlarini koʻrsatish tartiblari muntazam ravishda buzilishi sabablari bartaraf qilinmasdan qolmoqda;

vakolatli idoralar tomonidan davlat xizmatlarini koʻrsatish tartib-taomillari buzilganda ularning qonunga xilof xatti-harakatlari va qarorlari ustidan sudgacha shikoyat qilishning mexanizmlari yoʻlga qoʻyilmaganligi sababli jismoniy va yuridik shaxslarning buzilgan huquqlarini tiklash uzoq vaqtni talab qilmoqda;

hududlarda vakolatli idoralarning quyi boʻgʻin tashkilotlarida zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalari yetishmovchiligi yoki axborot tizimlari mavjud emasligi interaktiv davlat xizmatlarini koʻrsatishga toʻlaqonli imkon bermayapti;

bir qator vakolatli idoralarda davlat xizmatlarini koʻrsatishga aniq masʼul boʻlgan xodimlar ajratilmaganligi yoki belgilanmaganligi koʻrsatilayotgan davlat xizmatlarining sifatiga salbiy taʼsir koʻrsatmoqda;

shaxsni identifikatsiyalashning muqobil usullari joriy etilmaganligi sababli fuqarolar tomonidan davlat xizmatlaridan foydalanishda identifikatsiya jarayoni asosan elektron raqamli imzoga bogʻlanib qolmoqda;

respublika miqyosida Internet tezligining pastligi hamda optik-tolali tarmoq chekka hududlargacha yetib bormaganligi elektron davlat xizmatlarining koʻrsatkichlari past darajada saqlanib qolishiga olib kelmoqda;

davlat xizmatlarini koʻrsatishda foydalaniladigan maʼlumotlarning katta qismi raqamlashtirilmaganligi “Elektron hukumat” tizimining barcha imkoniyatlaridan foydalanish darajasini cheklamoqda;

davlat xizmatlarining mobil ilovasi talab yuqori boʻlgan xizmatlarni toʻliq qamrab olmasligi, bu ilovadan xizmatning oxiriga qadar foydalanish imkoniyati mavjud emasligi sababli elektron davlat xizmatlaridan mustaqil foydalanish koʻlami pastligicha qolmoqda;

davlat xizmatlarini koʻrsatuvchi organlar tomonidan jismoniy imkoniyati cheklangan va nogironligi boʻlgan shaxslarga zarur infratuzilma yaratilmaganligi natijasida ariza beruvchilar ijtimoiy sohadagi xizmatlardan foydalanishda noqulayliklarga duch kelmoqda;

davlat xizmatlaridan masofadan turib elektron foydalanish boʻyicha aholining bilim va koʻnikmalarini shakllantirishga qaratilgan tizimli ishlar yoʻlga qoʻyilmaganligi 24 soat davomida Markazlarda ortiqcha navbatlar yuzaga kelishiga olib kelmoqda va talab yuqori boʻlgan yangi xizmatlarni koʻrsatishni yoʻlga qoʻyishga toʻsqinlik qilmoqda;

davlat xizmatlarini koʻrsatuvchi xodimlarning malakasi talab darajasida emasligi yoki ularning maʼlum bir sohaga ixtisoslashib qolganligi natijasida xizmat koʻrsatish sifati pastligicha qolmoqda;

ayrim fuqarolik holati dalolatnomalarini qayd qilish jarayonlari murakkabligi, hanuzgacha inson omiliga bogʻliqligi hamda shaffof emasligi ushbu sohada aholining ovoragarchiligiga olib kelmoqda.

3-bob. Strategiyaning maqsadi, vazifalari va tamoyillari

Strategiyaning maqsadi davlat xizmatlarini jismoniy va yuridik shaxslar uchun foydalanishga oson, qulay va shaffof shakllarda koʻrsatish koʻlamini oshirish, aholining masofadan turib elektron davlat xizmatlaridan mustaqil foydalanish imkoniyatlarini kengaytirish hamda davlat xizmatini koʻrsatishda barcha uchun teng sharoitlarni vujudga keltirish orqali inklyuziv muhitni yaratishdan iborat.

Maqsadga erishish uchun quyidagilar Strategiyaning asosiy vazifalari hisoblanadi:

davlat xizmatidan foydalanish uchun murojaat qilishning qulay usullarini yoʻlga qoʻyish;

Markazlar va YIDXPga yangi xizmatlarni joriy etishdan oldin ularning tartib-taomillarini soddalashtirgan holda, asosan maʼlum bir hududda eksperiment tariqasida koʻrsatishni yoʻlga qoʻyish orqali tartibga solish taʼsirini baholash;

jismoniy va yuridik shaxslarning buzilgan huquqlarini sudgacha ishonchli himoya qilishning samarali mexanizmlarini belgilash;

YIDXPning mobil ilovasini takomillashtirish va ommabop xizmatlardan ushbu ilova orqali foydalanish imkoniyatlarini kengaytirish;

elektron hukumat, davlat xizmatlarini rivojlantirish sohasidagi xalqaro reytinglarda Oʻzbekiston Respublikasi oʻrnini yaxshilash;

Markazlar faoliyati samaradorligini oshirish;

ayrim davlat xizmatlarini xususiy sektorga bosqichma-bosqich oʻtkazish.

Quyidagi tamoyillar Strategiyaning asosini tashkil qiladi:

Davlat xizmatlarini koʻrsatishda fuqaro eʼtibor markazida (Citizen — centric service). Bu tamoyil davlat xizmatlarini koʻrsatishning tashkiliy-huquqiy mexanizmi undan foydalanuvchi uchun maksimal qulaylik yaratgan holda yoʻlga qoʻyilishini nazarda tutadi. Bu, oʻz navbatida, davlat xizmatlarini joriy etish va takomillashtirishda foydalanuvchilarning faol ishtirokini ham taqozo etadi.

Kam xarajat bilan yuqori ijtimoiy qiymat yaratish. Davlat xizmatlarini koʻrsatishda foydalanuvchilarning ehtiyojlari yuqori darajada qondirilishini taʼminlash uchun davlat ilgʻor boshqaruv texnologiyalaridan, davlat-xususiy sheriklik va bozor iqtisodiyoti tamoyillaridan samarali foydalanishi zarur.

Davlat xizmatlarini innovatsion rivojlantirish. Davlat xizmatlari tizimida innovatsiyalarni joriy etish, sifatni monitoring va nazorat qilish, oʻz vaqtida tezkor tuzatishlar kiritish mexanizmi qoʻllanilishi kerak.

Huquqiy aniqlik va xavfsizlik. Davlat xizmatlarini koʻrsatish qonun asosida, maʼmuriy tartib-taomillarga muvofiq hamda tegishli qarorlar va xatti-harakatlarning qonuniyligi ustidan nazoratning ishonchli kafolatlari bilan amalga oshirilishi lozim.

4-bob. Strategiyaning ustuvor yoʻnalishlari

Strategiya quyidagi ustuvor yoʻnalishlarni nazarda tutadi:

davlat xizmatlarini koʻrsatishni tartibga soluvchi huquqiy asoslarni takomillashtirish va maʼmuriy tartib-taomillarning samaradorligini oshirish;

sohaga zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini keng joriy etish, davlat xizmatlarini koʻrsatishda idoralararo elektron hamkorlikni kengaytirish va mavjud maʼlumotlar bazasini raqamlashtirish, konfidensial axborotlarning xavfsizligini taʼminlash;

davlat xizmatlarining yangi turlari va shakllarini joriy qilish, xizmatlardan foydalanish qulayligini oshirish va koʻrsatilayotgan xizmatlarni ilmiy-amaliy jihatdan tahlil qilish;

davlat xizmatlarini koʻrsatishda vakolatli idoralarning masʼuliyatini yanada oshirish, aholiga oʻz vaqtida xizmatlar koʻrsatilishini taʼminlashning taʼsirchan mexanizmlarini ishlab chiqish hamda xodimlarni ijtimoiy himoya qilish;

xalqaro reytinglarda Oʻzbekiston oʻrnini yaxshilash va xalqaro hamkorlikni rivojlantirish.

1-§. Davlat xizmatlarini koʻrsatishni tartibga soluvchi huquqiy asoslarni takomillashtirish va maʼmuriy tartib-taomillarning samaradorligini oshirish

Davlat xizmatlarini koʻrsatishni tartibga soluvchi huquqiy asoslarni takomillashtirish va maʼmuriy tartib-taomillarning samaradorligini oshirish boʻyicha quyidagilar amalga oshiriladi:

maʼmuriy tartib-taomillar tamoyillari asosida davlat xizmatlarini koʻrsatishni tartibga soluvchi normativ-huquqiy hujjatlarni qayta koʻrib chiqish hamda ularni mazkur tamoyillarga muvofiqlashtirish;

davlat xizmatlarini koʻrsatishni tartibga soluvchi normativ-huquqiy hujjatlarni tizimlashtirish va ularning sonini maqbullashtirish;

idoraviy normativ-huquqiy hujjat yoki ichki hujjatlar asosida koʻrsatiladigan davlat xizmatlari tartibotlarini Hukumat qarori darajasida belgilash;

davlat xizmatlarini koʻrsatish tartib-taomillarini biznes jarayonlarini reinjiniring qilish (BPR) usullarini qoʻllagan holda maqbullashtirish;

arizalarni koʻrib chiqqanlik uchun undiriladigan yigʻimlar miqdorini vakolatli organ sarf qiladigan xarajatlarga muvofiqlashtirish choralarini koʻrish;

davlat xizmatlarini koʻrsatuvchi vakolatli davlat organlari tomonidan davlatda mavjud maʼlumotlarni fuqarolardan talab qilish tartibini bosqichma-bosqich bekor qilish;

davlat xizmatlari yagona reyestrini qayta koʻrib chiqqan holda, uning doimiy dolzarbligini taʼminlash;

jismoniy va yuridik shaxslarga davlat xizmatlari koʻrsatishni ularning yashash manzili va joylashgan yeridan qatʼi nazar eksterritorial tamoyil asosida amalga oshirishni kengaytirish;

davlat xizmatlarini koʻrsatishni tartibga soluvchi normativ-huquqiy hujjat loyihasini ishlab chiqishda foydalanadigan qoʻllanmani tayyorlash.

2-§. Sohaga zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini keng joriy etish, davlat xizmatlarini koʻrsatishda idoralararo elektron hamkorlikni kengaytirish va mavjud maʼlumotlar bazasini raqamlashtirish, konfidensial axborotlarning xavfsizligini taʼminlash

Sohaga zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini keng joriy etish, davlat xizmatlarini koʻrsatishda idoralararo elektron hamkorlikni kengaytirish va mavjud maʼlumotlar bazasini raqamlashtirish boʻyicha quyidagilar amalga oshiriladi:

maʼlumotlarni boshqarish jarayonlarini joriy qilish, ularni himoya qilish, koʻrsatilgan davlat xizmatlari toʻgʻrisidagi reyestrlarni raqamlashtirish;

davlat organlarining oʻzaro soʻrov asosidagi integratsiyasini faqatgina “Elektron hukumat” tizimi idoralararo integratsiyalashuv platformasi orqali amalga oshirish;

bank-moliya va davlat xizmatlarini koʻrsatish sohasida yagona identifikatsiya tizimini joriy etish;

davlat, bank, ijtimoiy xizmatlarni koʻrsatish va boshqa maʼmuriy tartib-taomillardan oʻtishda shaxsni identifikatsiya qilishning muqobil usullarini joriy etish (Mobil-ID, bank plastik kartasi orqali identifikatsiyalash, biometrik identifikatsiya — Face ID, Finger Print);

xorijdagi vatandoshlarga elektron davlat xizmatlaridan foydalanish imkoniyatini yaratish;

davlat xizmatlari koʻrsatishni mobil ilova orqali koʻrsatishni rivojlantirish. Bunda “hujjatlar-telefonda” tamoyili asosida shaxsni tasdiqlovchi hujjatlarni mobil ilovaga oʻtkazish va ularni QR-kod (matritsali shtrix-kod) orqali identifikatsiyalashni yoʻlga qoʻyish;

xalqaro standartlarga mos keladigan algoritmlarni tatbiq qilgan holda, jismoniy va yuridik shaxslarga elektron raqamli imzo taqdim etishni yoʻlga qoʻyish;

FHDY sohasidagi ish yuritishni “qogʻozsiz” sohaga aylantirish;

blokcheyn texnologiyalariga asoslangan raqamli transformatsiya orqali davlat xizmatlari koʻrsatishning innovatsion yondashuvlarini joriy etish;

Davlat xizmatlari yagona reyestridagi pullik asosda koʻrsatiladigan barcha xizmatlar boʻyicha toʻlovlarni elektron koʻrinishda ham amalga oshirish imkoniyatini yoʻlga qoʻyish;

Markazlar, tuman, viloyat va respublika kesimida foydalanuvchilarning qanoatlanishi umumiy indeksini yuritish mexanizmini joriy etish;

“veb-saytdan mobil ilovaga” (from web to app) tamoyiliga asosan YIDXPning mobil ilovasini takomillashtirish va ommabop xizmatlardan ushbu ilova orqali foydalanishni kengaytirish;

jismoniy va yuridik shaxslarga vakolatli davlat organlari tomonidan Oʻzbekiston Respublikasi hududida tuzilgan rasmiy hujjatlarga elektron tarzda “Apostil” (Apostille) maxsus shtampini qoʻyish amaliyotini joriy etish;

axborot tizimlarini ishlab chiqish boʻyicha loyihalarni davlat-xususiy sheriklik asosida amalga oshirish;

barcha koʻchmas mulk obyektlari, yer uchastkalari va boshqa obyektlarni oʻz ichiga olgan yagona manzillar reyestrini shakllantirish. Bunda reyestrning ajralmas qismi sifatida majburiy tartibda koʻchmas mulkning kadastr raqami va geomakon kodini kiritish amaliyotini joriy etish. Shuningdek, har qanday yangi qurilgan bino-inshoot yoki yangi koʻchani foydalanishga topshirishdan oldin aynan yagona manzillar reyestriga oʻzgartirish kiritish tartibini joriy etish;

axborot-kommunikatsiyalarni (chat, bot, ishonch telefoni va b.) keng joriy qilgan holda, davlat xizmatlarini koʻrsatish sohasida yuzaga kelayotgan masalalar yuzasidan aholiga 24 soat davomida maslahat va tushuntirishlar berishni yoʻlga qoʻyish;

Markazlar, axborot portallari, call-markaz orqali kelib tushayotgan murojaatlardan kelib chiqib davlat idoralari faoliyatini reyting asosida baholash tizimini joriy etish;

aholi va tadbirkorlik subyektlari uchun talab yuqori boʻlgan ayrim elektron davlat xizmatlarini tijorat banklari va mobil aloqa operatorlarining mobil ilovalari orqali koʻrsatish mexanizmlarini joriy qilish;

barcha turdagi davlat xizmatlarini koʻrsatish natijasida beriladigan hujjatlarni foydalanuvchilarning YIDXPdagi shaxsiy kabinetidan bepul tarzda olish imkoniyatini yaratish;

davlat xizmatlari uchun toʻlovlarni murojaatchilarning ixtiyoriy tanloviga asosan xalqaro toʻlov kartasi orqali xorijiy valyutalarda amalga oshirish imkoniyatini yaratish;

davlat xizmatlaridan foydalanishda ariza beruvchilarga xizmatning natijasini ularning mobil telefoniga yuborish tartibini yoʻlga qoʻyish;

davlat xizmatlarini koʻrsatishda foydalaniladigan barcha axborot tizimlarida majburiy tartibda bevosita vakolatli boʻlgan organlar tomonidan ishlab chiqilgan klassifikatorlar va identifikatorlardan foydalanish tartibini joriy etish. Barcha vazirlik va idoralarning axborot tizimlarida bugungi kunga qadar foydalanib kelinayotgan klassifikatorlarni birxillashtirish choralarini koʻrish;

fuqarolarning imkoniyatlaridan foydalangan holda davlat organlarining maʼlumotlar bazalarini shaxsga doir maʼlumotlar bilan raqamlashtirish;

Markazlarda bosqichma-bosqich bepul Wi-Fi hududlar tashkil qilish;

“FHDY yagona elektron arxivi” axborot tizimini qayta koʻrib chiqish va foydalanish uchun qulay shaklga keltirish;

“Yagona milliy mehnat tizimi” idoralararo dasturiy-apparat kompleksi tizimiga tegishli axborot tizimlarini integratsiya qilgan holda, vazifasidan ozod qilingan xodimning tizimga kirish imkoniyatini cheklash boʻyicha tegishli choralar koʻrish.

3-§. Davlat xizmatlarining yangi turlari va shakllarini joriy qilish, xizmatlardan foydalanish qulayligini oshirish va koʻrsatilayotgan xizmatlarni ilmiy-amaliy jihatdan tahlil qilish

Davlat xizmatlarining yangi turlari va shakllarini joriy qilish, xizmatlardan foydalanish qulayligini oshirish va koʻrsatilayotgan xizmatlarni ilmiy-amaliy jihatdan tahlil qilish sohasida quyidagilar amalga oshiriladi:

ijtimoiy-iqtisodiy va texnologik rivojlanishning joriy holati, aholi va tadbirkorlik subyektlarining ehtiyoj hamda talablaridan kelib chiqib davlat xizmatlarining yangi turlarini koʻrsatishni yoʻlga qoʻyish hamda oʻz ahamiyatini yoʻqotgan davlat xizmatlarini birlashtirish yoki bekor qilish choralarini koʻrish;

davlat organlarining oʻz tashabbusi bilan fuqarolarga muayyan vaziyatda kerakli xizmatdan foydalanishni taklif qilishini nazarda tutuvchi proaktiv davlat xizmatlari koʻrsatilishini yoʻlga qoʻyish;

fuqaroning bitta soʻrovi asosida oʻzaro bogʻliq davlat xizmatlarini kompozit shaklda taqdim etishni kengaytirish;

Markazlarda oʻziga oʻzi xizmat koʻrsatish uchun zarur shart-sharoitlar yaratish va aholining davlat xizmatlaridan mustaqil foydalanish koʻnikmasini oshirib borish;

jismoniy imkoniyati cheklangan va nogironligi boʻlgan shaxslarga davlat xizmatlarini koʻrsatishda inklyuziv muhitni yaratish;

nogironligi boʻlgan shaxslarni tibbiy-ijtimoiy ekspert komissiyalari tomonidan koʻrikdan oʻtkazishni ularning talabnomalariga asosan joyiga chiqqan holda amalga oshirish;

FHDY organlariga elektron murojaat qilishni toʻliq yoʻlga qoʻyish, ayrim xizmatlardan foydalanish uchun arizalarni Markazlar va YIDXP orqali qabul qilish;

tugʻilish qayd etilmagan va tugʻilganligi haqida tibbiy maʼlumotnomasi boʻlmagan shaxslarni soddalashtirilgan tartibda tugʻilganligini qayd qilish boʻyicha bir martalik aksiya oʻtkazish;

barcha turdagi fuqarolik holati dalolatnoma yozuvlarining “yagona dalolatnoma” asosida yuritilishini yoʻlga qoʻyish;

jismoniy shaxslarga beriladigan ID-kartadan foydalanish infratuzilmasini rivojlantirish hamda davlat xizmatlarini koʻrsatishda identifikatsiya va verifikatsiya vositasi sifatida uni keng qoʻllash;

Markazlarda joriy qilingan xizmatni koʻrsatish vaqtiga qarab ularni alohida toifa (yoʻlak)larga ajratgan holda xizmatlar koʻrsatishni yoʻlga qoʻyish;

ayrim turdagi davlat xizmatlarini tijorat banklari orqali koʻrsatish tizimini joriy etish;

Nukus shahri va viloyat markazlaridagi Davlat xizmatlari markazlari joylashgan binolarning old tomonida oʻziga oʻzi xizmat qilish tamoyili asosida ishlovchi interaktiv infokiosklar oʻrnatish orqali 24 soat rejimida davlat xizmatlari koʻrsatishni joriy etish;

Markazlarda xizmat natijasini avtotransport vositasidan tushmagan holda tezkor olish imkonini beruvchi “DXM drive” xizmatini yoʻlga qoʻyish;

qoʻshimcha toʻlov evaziga tezlashtirilgan tartibda koʻrsatiladigan davlat xizmatlari turlarini koʻpaytirish;

pochta aloqa boʻlimlari orqali koʻrsatilayotgan davlat xizmatlari sonini oshirib borish;

“Davlat xizmatlarini rivojlantirish markazi” davlat muassasasi tomonidan aholiga masofadan turib telefon aloqasi orqali konsalting va ayrim turdagi davlat xizmatlarini koʻrsatishni yoʻlga qoʻyish;

aholining turli ijtimoiy qatlamlari tomonidan davlat xizmatlaridan foydalanishda yuzaga keladigan muammolarni aniqlash va ilmiy tahlil qilish;

olis aholi punktlarining davlat xizmatlaridan foydalanish imkoniyatini kengaytirish, shu jumladan mahalla fuqarolar yigʻinlari raislarining va aholining davlat xizmatlaridan foydalanish boʻyicha bilim va koʻnikmalarini oshirgan holda, “markaz-mahalla-fuqaro” tamoyili boʻyicha Markazlar orqali koʻrsatilayotgan xizmatlarning har bir oilaga kirib borishini taʼminlash;

har bir mahallada yashovchi aholining davlat xizmatlariga boʻlgan talabi va ehtiyojidan kelib chiqib, joylarga chiqqan holda, “mahallabay” asosida manzilli xizmat koʻrsatish. Bu borada aholining davlat xizmatidan qoniqish darajasini oshirish;

davlat xizmatlarining respublika hududlariga kirib borganlik holatini tahlil qilish va hududlarda istiqomat qiluvchi aholining davlat xizmatlariga boʻlgan talabini oʻrganish;

davlat xizmatlarini koʻrsatish joylarida foydalanuvchilar uchun yaratilgan qulayliklar, mavjud boʻlishi kerak boʻlgan minimal jihozlar, axborot texnologiyalari, operatorlar tashqi koʻrinishi, muomala madaniyati qoidalarini oʻz ichiga olgan talablarni ishlab chiqish.

4-§. Davlat xizmatlarini koʻrsatishda vakolatli idoralarning masʼuliyatini yanada oshirish, aholiga oʻz vaqtida xizmatlar koʻrsatilishini taʼminlashning taʼsirchan mexanizmlarini ishlab chiqish hamda xodimlarni ijtimoiy himoya qilish

Davlat xizmatlarini koʻrsatishda vakolatli idoralarning masʼuliyatini yanada oshirish, aholiga oʻz vaqtida xizmatlar koʻrsatilishini taʼminlashning taʼsirchan mexanizmlarini ishlab chiqish hamda xodimlarni ijtimoiy himoya qilish sohasida quyidagilar amalga oshiriladi:

davlat xizmatlarini koʻrsatish tartiblari muntazam ravishda buzilishiga yoʻl qoʻyib kelayotgan davlat xizmatlarini koʻrsatuvchi vakolatli organlarda ushbu holatlarning sabablarini tahlil qilish va ularni bartaraf etish boʻyicha takliflar kiritish;

vakolatli idoralar tomonidan davlat xizmatlarini koʻrsatish tartib-taomillari buzilganda ularning qonunga xilof xatti-harakatlari va qarorlari ustidan sudgacha shikoyat qilish mexanizmini yoʻlga qoʻyish;

davlat xizmatlarini koʻrsatish tartib-taomillarini qayta tahlil qilgan holda, davlat idoralari hamda tashkilotlar tomonidan koʻrsatiladigan ayrim xizmatlarni xususiy sektorga bosqichma-bosqich oʻtkazish chora-tadbirlarini amalga oshirish;

davlat xizmatlarini koʻrsatuvchi masʼul xodim tayinlanganda bu haqda Adliya vazirligini xabardor qilish tartibini joriy qilish, xodim tegishli lavozimga tayinlangandan soʻng bir oy ichida davlat xizmatlari sohasida malaka oshirishni yoʻlga qoʻyish;

davlat boshqaruvi organlari va boshqa tashkilotlar xodimlari tomonidan davlat xizmatlari koʻrsatilishida samaradorlik va natijadorlikni baholash tartibini takomillashtirish hamda uni elektron shaklda amalga oshirishni yoʻlga qoʻyish;

Adliya vazirligining Davlat xizmatlari departamenti va Markazlarda samarali mehnat faoliyatini amalga oshirayotgan xodimlarni ijtimoiy himoya qilish, ularni ragʻbatlantirish choralarini koʻrish;

davlat xizmatlarini koʻrsatishda vakolatli organlarning ish yuklamasidan kelib chiqib, tegishli funksiyalarni ularning hududiy boʻlinmalariga (tuman va viloyat) yoki yuqori turuvchi tuzilmalariga oʻtkazish choralarini koʻrish;

Adliya vazirligi tomonidan vakolatli organlarning davlat xizmatlarini koʻrsatishdagi funksiya, vakolat hamda imkoniyatlarini tahlil qilish, xizmatlarni raqamlashtirish darajasini baholash yordamida vakolatli organlarning tarkibiy tuzilmalari salohiyatini mustahkamlash.

5-§. Xalqaro reytinglarda Oʻzbekiston oʻrnini yaxshilash va xalqaro hamkorlikni rivojlantirish

Xalqaro reytinglarda Oʻzbekiston oʻrnini yaxshilash va xalqaro hamkorlikni rivojlantirish sohasida quyidagilar amalga oshiriladi:

Birlashgan Millatlar Tashkilotining Barqaror Rivojlanish Maqsadlari (SDGs) reytingi va Jahon bankining Boshqaruv sifati indikatorida (Worldwide Governance Indicators) doimiy ishtirok etish va unda Oʻzbekiston oʻrnini yaxshilash;

Elektron hukumat global indeksida Oʻzbekiston oʻrnini yaxshilash;

davlat xizmatlarini koʻrsatishni rivojlantirish maqsadida xalqaro ekspertlar ishtirokida xodimlar uchun xorijiy amaliyot, seminar va oʻquv kurslarini tashkil etish ishlarini kengaytirish;

davlat xizmatlari sohasida ilgʻor davlatlar bilan tajriba almashishni yoʻlga qoʻyish yuzasidan xalqaro forumlar oʻtkazish;

davlat xizmatlarini koʻrsatish, maʼmuriy islohotlarni tadqiq qilish sohasida faoliyat yurituvchi ilmiy-tadqiqot institutlari bilan hamkorlikni yoʻlga qoʻyish;

Birlashgan Millatlar Tashkiloti Taraqqiyot Dasturining “Oʻzbekistonning qishloq hududlarida davlat xizmatlarini taqdim etishni takomillashtirish va boshqaruv darajasini oshirish” loyihasi boʻyicha hamkorlikning II fazasini amalga oshirish;

davlat xizmatlari sohasida ilgʻor davlatlarning vakolatli organlari bilan ikki tomonlama aloqalarni kengaytirish.

5-bob. Strategiyani amalga oshirish orqali erishiladigan natijalar va maqsadli koʻrsatkichlar

Davlat xizmatlarini koʻrsatishning milliy tizimini rivojlantirish, sohaga zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini joriy etish, aholining elektron davlat xizmatlaridan foydalanish darajasini oshirish, tizimga innovatsion yangiliklarni joriy etish maqsadida Strategiya quyidagi natijalarga erishishni koʻzda tutadi:

davlat xizmatlari respublikaning barcha hududlariga kirib borishi hamda aholining davlat xizmatlariga boʻlgan talabi samarali qondirilishiga erishish;

davlat xizmatlarini koʻrsatishni tartibga soluvchi normativ-huquqiy hujjatlarni qayta koʻrib chiqish asosida huquqiy aniqlikni taʼminlash;

anʼanaviy tarzda koʻrsatiladigan davlat xizmatlarini elektron shaklga oʻtkazish darajasini 80 foizga yetkazish;

jismoniy va yuridik shaxslar tomonidan elektron davlat xizmatlaridan mustaqil foydalanish koʻlamini 60 foizgacha koʻtarish;

davlat xizmatlarini oʻziga oʻzi xizmat koʻrsatish asosida koʻrsatilishini rivojlantirish;

zarur arxiv maʼlumotlarini raqamlashtirish orqali jismoniy va yuridik shaxslarga davlat xizmatlarini koʻrsatish sifati hamda tezligini oshirish;

Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali orqali koʻrsatiladigan davlat xizmatlari sonini 400 taga, Markazlar orqali koʻrsatiladigan davlat xizmatlari sonini 300 taga yetkazish;

Elektron hukumatni rivojlantirish reytingida Oʻzbekiston oʻrnini 20 pogʻonaga yaxshilash;

Birlashgan Millatlar Tashkilotining Barqaror Rivojlanish Maqsadlari (SDGs) reytingi va Jahon bankining Boshqaruv sifati indikatorida (Worldwide Governance Indicators) Oʻzbekiston oʻrnini yaxshilash;

davlat xizmatlarini koʻrsatishda “Elektron hukumat” tizimi idoralararo integratsiyalashuv platformasi orqali maʼlumot almashinuv darajasini 90 foizga yetkazish;

davlat xizmatlarini koʻrsatishda foydalaniladigan maʼlumotlar bazalarini raqamlashtirish darajasini 80 foizga yetkazish;

davlat xizmatlarini koʻrsatishda jismoniy shaxslarni identifikatsiya qilish tizimini takomillashtirish hamda uning zamonaviy vositalarini (Mobil-ID, bank plastik kartasi orqali identifikatsiyalash, biometrik identifikatsiya — Face ID, Finger Print kabilar) joriy etish;

davlat xizmatlarini koʻrsatishda maʼlumotlar ochiqligini, davlat organlari hamda boshqa idoralar faoliyati ustidan jamoatchilik nazoratini rivojlantirish;

tadbirkorlik subyektlariga davlat xizmatlarining faqat “yagona darcha” tamoyili asosida koʻrsatilishiga erishish.

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2022-yil 20-apreldagi PF-113-son Farmoniga 2-ILOVA

Davlat xizmatlarini koʻrsatish tizimini modernizatsiya qilish va jadal rivojlantirishning 2022 — 2026-yillarga moʻljallangan milliy strategiyasini 2022-2023-yillarda amalga oshirish boʻyicha

(2-ilova Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2023-yil 28-avgustdagi PF-151-sonli Farmoni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 29.08.2023-y., 06/23/151/0661-son)

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2022-yil 20-apreldagi PF-113-son Farmoniga 3-ILOVA

2022-yil 1-iyuldan ayrim talab va shartlari bekor qilinayotgan litsenziyalar va ruxsat etish xususiyatiga ega hujjatlar

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2022-yil 20-apreldagi PF-113-son Farmoniga 4-ILOVA

2022-yil 1-iyundan Yagona interaktiv davlat xizmatlari portalida elektron raqamli imzo bilan tasdiqlash talab etilmaydigan davlat xizmatlari

1. Fuqaroning nomida shaxsiy uy-joyi borligi yoki yoʻqligi toʻgʻrisidagi maʼlumotnoma berish.

2. Bino va inshootlarning ijara shartnomasini davlat roʻyxatidan oʻtkazish.

3. Oʻzganing yer uchastkasidan cheklangan tarzda foydalanish huquqi (servitut) toʻgʻrisidagi kelishuvni davlat roʻyxatidan oʻtkazish.

4. Yakka tartibda uy-joy qurishga (rekonstruksiya qilishga) loyiha-smeta hujjatlarini kelishish.

5. Bino va inshootning tashqi koʻrinishini oʻzgartirishni kelishish.

6. Qurilishi (rekonstruksiyasi) tugallangan bino va inshootlarni foydalanishga qabul qilish (yakka tartibdagi uy-joy qurish obyekti uchun).

7. Qurilishi (rekonstruksiyasi) tugallangan bino va inshootlarni foydalanishga qabul qilish (yakka tartibda uy-joy qurish obyekti boʻlmagan obyekt uchun).

8. Manzil-maʼlumot axborotlarini taqdim etish.

9. Sudlanganlik haqida maʼlumotnoma berish.

10. Sport-taʼlim muassasalarining trener-oʻqituvchilari va yoʻriqchi-uslubchilariga malaka toifalarini berish.

11. Xorijiy davlatda umumiy oʻrta va oʻrta maxsus taʼlim olganlik toʻgʻrisidagi hujjatni tan olish uchun ariza yuborish.

12. Xorijiy davlatda taʼlim olganlik toʻgʻrisidagi hujjatni tan olish va nostrifikatsiyalash (ekvivalentligini qayd etish).

13. Elektr energiyasini hisobga olish uskunasini (hisoblagichini) yechish va oʻrnatishga ariza yuborish.

14. Sovuq suvni hisobga olish uskunasini (hisoblagichini) yechish va oʻrnatishga ariza yuborish.

15. Tabiiy gazni hisobga olish uskunasini (hisoblagichini) yechish va oʻrnatishga ariza yuborish.

16. Issiq suvni hisobga olish uskunasini (hisoblagichini) yechish va oʻrnatishga ariza yuborish.

17. Gaz taʼminoti loyihasini hududiy gaz taʼminoti korxonasi bilan kelishish.

18. Tabiiy gazni hisobga olish uskunasini plombalash va gaz taʼminoti shartnomasini tuzish.

19. Elektr tarmoqlariga ulanish uchun texnik shartlarni olish.

20. Issiqlik energiyasini hisobga olish uskunasini plombalash va issiqlik taʼminoti shartnomasini tuzish.

21. Isteʼmolchilarning issiqlikdan foydalanish qurilmalari va issiqlik tarmoqlarini ishga tushirish uchun ruxsatnoma berish.

22. Issiqlik taʼminoti loyihasini issiqlik taʼminoti korxonasi bilan kelishish.

23. Quvvati 20 kVtdan yuqori boʻlgan elektr energiyasi isteʼmolchilari uchun elektr taʼminoti loyihasini kelishish.

24. Issiqlik taʼminoti tarmoqlariga ulanish uchun texnik shartlarni olish.

25. 1,2 MPa bosimdan yuqori boʻlmagan gaz tarmoqlariga ulanishga texnik shartlarni olish.

26. Suvni hisobga olish priborini plombalash, suv taʼminoti va suvni chiqarib tashlash xizmatlarini koʻrsatish boʻyicha shartnomani tuzish.

27. Suv taʼminoti va suvni chiqarib tashlash loyihasini kelishish.

28. Suv taʼminoti va suvni chiqarib tashlash tarmoqlariga ulanish uchun texnik shartlarni olish.

29. Ruhiy kasalliklar boʻyicha dispanser hisobida turishi yoki turmasligi toʻgʻrisida maʼlumotnoma olish.

30. Narkologiya boʻyicha dispanser hisobida turishi yoki turmasligi toʻgʻrisida maʼlumotnoma olish.

31. Baholovchilarning malaka imtihonini oʻtkazish va ularga malaka sertifikatini berish.

32. Rieltorlarning malaka imtihonini oʻtkazish va ularga malaka sertifikatini berish.

33. Koʻchmas mulk obyektiga kadastr pasportini berish.

34. Bolalarni davlat maktabgacha taʼlim tashkilotlariga qabul qilish.

35. Avtomobil yoʻllarini, yoʻl inshootlarini, temir yoʻl kesishmalarini, avtomobil yoʻllari va koʻchalar boʻyida joylashgan AYOQS, AGTKS va AGQS stansiyalarini qurish, rekonstruksiya qilish va taʼmirlash loyihalarini kelishish.

36. Gidrogeologik xulosa olish.

37. Hisoblangan ish haqi summalari toʻgʻrisidagi maʼlumot.

38. Harbiy roʻyxatga qoʻyish va undan chiqarish.

Izoh: davlat xizmatlaridan foydalanuvchiga faqat oʻziga tegishli maʼlumotlar taqdim qilinadi.

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2022-yil 20-apreldagi PF-113-son Farmoniga 5-ILOVA

“Elektron hukumat” doirasida aholi va tadbirkorlik subyektlariga koʻrsatiladigan davlat xizmatlari toʻgʻrisida elektron xabardor qilish tizimiga davlat organlari va tashkilotlarining axborot tizimlarini integratsiya qilish

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2022-yil 20-apreldagi PF-113-son Farmoniga6-ILOVA

Maʼmuriy huquqbuzarlik toʻgʻrisidagi ishlarni yuritish va koʻrib chiqish vakolatiga ega boʻlgan davlat organlarining axborot tizimlari va maʼlumotlar bazalarini Yagona billing tizimiga bosqichma-bosqich integratsiya qilish

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2022-yil 20-apreldagi PF-113-son Farmoniga7-ILOVA

2022 — 2026-yillarda davlat xizmatlari koʻrsatish tizimini jadal rivojlantirishning

Izoh:

2 — 4, 6, 7 — 9-bandlardagi maqsadli koʻrsatkichlar yildan-yilga qoʻshilib boradi (oʻsib boruvchi);

* 2, 4, 7-bandlardagi maqsadli koʻrsatkichlarga erishishga Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi masʼul hisoblanadi.

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2022-yil 20-apreldagi PF-113-son Farmoniga8-ILOVA

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining ayrim hujjatlariga kiritilayotgan oʻzgartirishlar

1. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2018-yil 11-apreldagi “Tadbirkorlik faoliyati sohasidagi litsenziyalash va ruxsat berish tartib-taomillarini yanada qisqartirish va soddalashtirish, shuningdek, biznes yuritish shart-sharoitlarini yaxshilash chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi PF-5409-son Farmoni 1-bandining toʻrtinchi xatboshisidagi “Adliya vazirligi huzuridagi Davlat xizmatlari agentligining” soʻzlari “Adliya vazirligining” soʻzlari bilan almashtirilsin.

2. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2019-yil 15-maydagi “Navoiy viloyatini innovatsion, yuqori texnologiyalarga asoslangan, eksportga yoʻnaltirilgan va import oʻrnini bosadigan ishlab chiqarishlar uchun erkin iqtisodiy zona sifatida belgilash chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi PF-5719-son Farmoni 11-bandining sakkizinchi xatboshisidagi “Adliya vazirligi huzuridagi Davlat xizmatlari agentligi” soʻzlari “Adliya vazirligi” soʻzlari bilan almashtirilsin.

3. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2019-yil 17-iyundagi PF-5742-son Farmoni bilan tasdiqlangan Qishloq xoʻjaligida yer va suv resurslaridan samarali foydalanish konsepsiyasining 1-bandida:

sakkizinchi xatboshidagi “davlat xizmatlari agentligi,” soʻzlari chiqarib tashlansin;

oʻn uchinchi xatboshidagi “Adliya vazirligi huzuridagi Davlat xizmatlari agentligi” soʻzlari “Adliya vazirligi” soʻzlari bilan almashtirilsin.

4. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2020-yil 31-yanvardagi “Davlat xizmatlari koʻrsatish milliy tizimini jadal rivojlantirish boʻyicha qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi PF-5930-son Farmonida:

a) 1, 11 va 12-bandlari oʻz kuchini yoʻqotgan deb hisoblansin;

b) 3-banddagi “Agentlikka” soʻzi “Adliya vazirligiga” soʻzlari bilan almashtirilsin;

v) 9-bandning ikkinchi va uchinchi xatboshilaridagi “Agentlik,” soʻzi chiqarib tashlansin;

g) 10-banddagi “Agentlikning” soʻzi “Adliya vazirligining” soʻzlari bilan almashtirilsin;

d) 14-bandda:

ikkinchi xatboshidagi “Agentlikning budjetdan tashqari jamgʻarmasi” soʻzlari “Adliya vazirligining Davlat xizmatlarini rivojlantirish jamgʻarmasi” soʻzlari bilan almashtirilsin;

toʻrtinchi xatboshidagi “Agentlikda” soʻzi “davlat xizmatlari markazlarida” soʻzlari bilan almashtirilsin;

e) 18-bandning toʻrtinchi xatboshisi quyidagi tahrirda bayon etilsin:

“Oʻzbekiston Respublikasi adliya vaziri R.K. Davletov — mahallalarning ehtiyojini, aholi soni va markazlardan uzoqligini inobatga olgan holda ularda filiallar tashkil etilishi va keyinchalik faoliyat yuritishi, ularning yuqori malakali kadrlar bilan toʻldirilishi, Tadbirkorlik subyektlarini davlat roʻyxatidan oʻtkazish va hisobga qoʻyishning avtomatlashtirilgan tizimi uzluksiz ishlashi va doimiy takomillashtirib borilishi, Vazirlik tizimi uchun kadrlarni tayyorlash, qayta tayyorlash va malakasini oshirishning zamonaviy standartlari joriy etilishini taʼminlasin”.

5. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2020-yil 18-fevraldagi “Jamiyatda ijtimoiy-maʼnaviy muhitni sogʻlomlashtirish, mahalla institutini yanada qoʻllab-quvvatlash hamda oila va xotin-qizlar bilan ishlash tizimini yangi darajaga olib chiqish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi PF-5938-son Farmonining 23-bandidagi “Adliya vazirligi huzuridagi Davlat xizmatlari agentligi” soʻzlari “Adliya vazirligi” soʻzlari bilan almashtirilsin.

6. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2020-yil 19-maydagi “Davlat huquqiy siyosatini amalga oshirishda adliya organlari va muassasalari faoliyatini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi PF-5997-son Farmonida:

9-bandning “a” kichik bandi oʻz kuchini yoʻqotgan deb hisoblansin;

3-ilovaning 43-pozitsiyasi “Maqsadli koʻrsatkichlar” ustunidagi “Davlat xizmatlari agentligi” soʻzlari “Davlat xizmatlari markazlari” soʻzlari bilan almashtirilsin;

7-ilovaning 9 va 11-bandlari oʻz kuchini yoʻqotgan deb hisoblansin.

7. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2020-yil 22-iyundagi “Inson huquqlari boʻyicha Oʻzbekiston Respublikasining Milliy strategiyasini tasdiqlash toʻgʻrisida”gi PF-6012-son Farmoniga 2-ilovaning 30-pozitsiyasi “Muddati” ustunidagi “2022-yil” soʻzlari “2023-yil” soʻzlari bilan almashtirilsin.

8. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2020-yil 5-oktabrdagi “Raqamli Oʻzbekiston — 2030” strategiyasini tasdiqlash va uni samarali amalga oshirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi PF-6079-son Farmoniga 15-ilovaning 43-pozitsiyasi “Ijrochilar” ustunidagi “Davlat xizmatlari agentligi (U. Muhammadiyev)” soʻzlari “Adliya vazirligi “R. Davletov” soʻzlari bilan almashtirilsin.

9. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2021-yil 23-martdagi “Aholi va tadbirkorlik subyektlariga davlat xizmatlaridan foydalanishda yanada qulay sharoitlar yaratish, bu borada byurokratik toʻsiqlarni qisqartirish boʻyicha qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi PF-6191-son Farmonida:

a) 1-bandning oltinchi xatboshisi quyidagi tahrirda bayon etilsin:

“davlat xizmatlari markazlari orqali xizmatlardan foydalanishda jismoniy va yuridik shaxslar tomonidan ortiqcha toʻlangan toʻlovlar, shuningdek, davlat xizmatini tezlashtirilgan tartibda koʻrsatish uchun qoʻshimcha toʻlangan yigʻimlar summasi (tezlashtirilgan tartibda koʻrsatilmagan taqdirda) soddalashtirilgan tartibda Adliya vazirligining (keyingi oʻrinlarda — Vazirlik) Davlat xizmatlarini rivojlantirish jamgʻarmasi mablagʻlari hisobidan bir ish kuni ichida qaytariladi. Bunda qaytarib berilgan mablagʻlar Vazirlik tomonidan tegishli davlat organlari va tashkilotlaridan regress tartibida undirib olinadi”;

b) 7-bandning ikkinchi xatboshisidagi “Agentlik” soʻzi “Davlat xizmatlari markazlari” soʻzlari bilan almashtirilsin;

v) 8-bandning toʻqqizinchi xatboshisidagi “Davlat xizmatlari agentligi” soʻzlari “Adliya vazirligi” soʻzlari bilan almashtirilsin;

g) 9-bandning uchinchi xatboshisidagi “Agentlik” soʻzi “Adliya vazirligi” soʻzi bilan almashtirilsin;

d) 13-bandning birinchi xatboshisidagi “, adliya vaziri R.K. Davletov hamda Davlat xizmatlari agentligi direktori U.I. Muxammadiyev” soʻzlari “hamda adliya vaziri R.K. Davletov” soʻzlari bilan almashtirilsin;

e) 1-ilovaning 18-pozitsiyasi “Maʼlumot va hujjatlarni berish uchun masʼul vakolatli organlar” ustunidagi “Davlat xizmatlari agentligi” soʻzlari “Adliya vazirligi” soʻzlari bilan almashtirilsin.

10. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2021-yil 6-apreldagi “Turizm, sport va madaniy meros sohalarida davlat boshqaruvi tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi PF-6199-son Farmoni 11-bandining birinchi xatboshisidagi “Davlat xizmatlari agentligi” soʻzlari “Adliya vazirligi” soʻzlari bilan almashtirilsin.

11. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2021-yil 7-apreldagi “Kino sanʼati va sanoatini yangi bosqichga olib chiqish, sohani davlat tomonidan qoʻllab-quvvatlash tizimini yanada takomillashtirish toʻgʻrisida”gi PF-6202-son Farmoni 14-bandining birinchi xatboshisidan “Intellektual mulk agentligi,” soʻzlari chiqarib tashlansin.

12. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2021-yil 13-apreldagi “Kapital bozorini yanada rivojlantirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi PF-6207-son Farmoniga 3-ilovaning 8-pozitsiyasi “Amalga oshirish mexanizmi” ustunidagi “Davlat xizmatlari agentligi” soʻzlari “Adliya vazirligi” soʻzlari bilan almashtirilsin.

13. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2021-yil 30-apreldagi “Milliy qonunchilik bazasini kompleks tizimlashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi PF-6218-son Farmoniga 5-ilovaning 15-pozitsiyasi chiqarib tashlansin.

14. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2021-yil 28-iyundagi “Oʻzbekiston Respublikasining jinoiy faoliyatdan olingan daromadlarni legallashtirishga, terrorizmni moliyalashtirishga va ommaviy qirgʻin qurolini tarqatishni moliyalashtirishga qarshi kurashish milliy tizimini rivojlantirish strategiyasini tasdiqlash toʻgʻrisida”gi PF-6252-son Farmoniga 4-ilovaning 22 — 25-pozitsiyalari “Maʼlumotlarni taqdim etadigan tashkilotlar” ustunidagi “Davlat xizmatlari agentligi” soʻzlari “Adliya vazirligi” soʻzlari bilan almashtirilsin.

15. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2022-yil 28-yanvardagi PF-60-son Farmoni bilan tasdiqlangan 2022 — 2026-yillarga moʻljallangan Yangi Oʻzbekistonning taraqqiyot strategiyasini “Inson qadrini ulugʻlash va faol mahalla yili”da amalga oshirishga oid davlat dasturining 132-pozitsiyasi “Amalga oshirish mexanizmlari” ustunidagi “Davlat xizmatlari agentligi” soʻzlari “Adliya vazirligi” soʻzlari bilan almashtirilsin.

16. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2017-yil 29-dekabrdagi “Oʻzbekiston Respublikasining 2018-yilgi asosiy makroiqtisodiy koʻrsatkichlari prognozi va Davlat budjeti parametrlari toʻgʻrisida”gi PQ-3454-son qaroriga 21-ilovaga izohning 2-bandidagi “Adliya vazirligi huzuridagi Davlat xizmatlari agentligi” soʻzlari “Adliya vazirligi” soʻzlari bilan almashtirilsin.

17. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2018-yil 11-apreldagi “Davlat xizmatlari koʻrsatish tizimini jadal rivojlantirish boʻyicha qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi PQ-3662-son qarorida:

2-bandning sakkizinchi xatboshisidagi “Agentlik” soʻzi “Adliya vazirligi” soʻzlari bilan almashtirilsin;

3-bandning sakkizinchi xatboshisidagi “Agentlik budjetdan tashqari jamgʻarmasi” soʻzlari “Davlat xizmatlarini rivojlantirish jamgʻarmasi” soʻzlari bilan almashtirilsin;

6-bandning toʻrtinchi xatboshisidagi va 13-bandning birinchi xatboshisidagi “Agentlik” soʻzi “Adliya vazirligi” soʻzlari bilan almashtirilsin;

23-banddagi “Agentlikning budjetdan tashqari jamgʻarmasi” soʻzlari “Davlat xizmatlarini rivojlantirish jamgʻarmasi” soʻzlari bilan almashtirilsin.

18. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2018-yil 8-maydagi “Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining tuman (shahar)lardagi Xalq qabulxonalari huzuridagi Davlat xizmatlari markazlari binolarining davlat-xususiy sheriklik shartlari asosida qurilishini tashkil etish toʻgʻrisida”gi PQ-3701-son qarorida:

a) 2-bandda:

ikkinchi xatboshidagi “Agentlikning” soʻzi “Adliya vazirligining” soʻzlari bilan almashtirilsin;

uchinchi xatboshidagi “Agentlik” soʻzi “Adliya vazirligi” soʻzlari bilan almashtirilsin;

oʻninchi xatboshi quyidagi tahrirda bayon etilsin:

“Adliya vazirligiga Xalq qabulxonalari binolaridagi foydalanilmayotgan xonalarni ijaraga berish toʻgʻrisida ikki tomonlama shartnomalarni mustaqil ravishda kelib tushayotgan mablagʻlarni keyinchalik Davlat xizmatlarini rivojlantirish jamgʻarmasi hisobvaragʻiga oʻtkazgan holda tuzish huquqi berilsin”;

b) 4-bandning ikkinchi xatboshisidagi “Agentlik” soʻzi “Adliya vazirligi” soʻzlari bilan almashtirilsin;

v) 5-bandning oltinchi xatboshisidan “Agentlikning,” soʻzi chiqarib tashlansin.

19. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2018-yil 25-maydagi “Nizolarning oldini olishga qaratilgan institut sifatida notariat tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi PQ-3741-son qaroriga 1-ilovaning 5-pozitsiyasi “Maʼlumotlar beruvchi vakolatli idora” ustunidagi “Adliya vazirligi huzuridagi Davlat xizmatlari agentligi” soʻzlari “Adliya vazirligi” soʻzlari bilan almashtirilsin.

20. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2018-yil 19-sentabrdagi “Oʻzbekiston Respublikasida auditorlik faoliyatini yanada rivojlantirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi PQ-3946-son qarorining 10-bandi “a” kichik bandidagi “Adliya vazirligi huzuridagi Davlat xizmatlari agentligining” soʻzlari “Adliya vazirligining” soʻzlari bilan almashtirilsin.

21. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2019-yil 15-fevraldagi “Davlat xizmatlari koʻrsatish milliy tizimini yanada kompleks rivojlantirish choralari haqida”gi PQ-4193-son qarorida:

a) 1-bandning toʻrtinchi xatboshisi quyidagi tahrirda bayon etilsin:

“Yagona portal orqali koʻrsatilayotgan davlat xizmatlari uchun davlat bojlari va yigʻimlarning Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligining (keyingi oʻrinlarda — Vazirlik) Davlat xizmatlarini rivojlantirish jamgʻarmasiga yoʻnaltiriladigan qismi 20 foizdan 10 foizga kamaytiriladi va boʻshaydigan mablagʻlar qolgan oluvchilar orasida mutanosib ravishda taqsimlanadi”;

b) 2-banddagi “Agentlikka” soʻzi “Vazirlikka” soʻzi bilan almashtirilsin;

v) 4-bandning ikkinchi xatboshisidagi “Agentlik” soʻzi “Vazirlik” soʻzi bilan almashtirilsin;

g) 7-banddagi “Agentlikka” va “Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi” soʻzlari tegishincha “Vazirlikka” va “oʻzi” soʻzlari bilan almashtirilsin;

d) 8-bandning toʻrtinchi xatboshisidagi “Agentlikni” soʻzi “Vazirlikni” soʻzi bilan almashtirilsin;

e) 9-band oʻz kuchini yoʻqotgan deb hisoblansin;

j) 13-bandning uchinchi xatboshisi chiqarib tashlansin;

z) 3-ilovaga izohning ikkinchi xatboshisi chiqarib tashlansin.

22. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2019-yil 7-martdagi “Xotin-qizlarning mehnat huquqlari kafolatlarini yanada kuchaytirish va tadbirkorlik faoliyatini qoʻllab-quvvatlashga oid chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi PQ-4235-son qaroriga 2-ilovaning 7-pozitsiyasi “Maʼlumotlarni shakllantirish uchun masʼul organ” ustunidagi “Davlat xizmatlari agentligi” soʻzlari “Adliya vazirligi” soʻzlari bilan almashtirilsin.

23. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2020-yil 11-apreldagi “Xorazm viloyati tarkibida Tuproqqalʼa tumanini tashkil etish bilan bogʻliq tashkiliy masalalarni hal etish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi PQ-4671-son qarorining 10-bandi “b” kichik bandidagi “Adliya vazirligi huzuridagi Davlat xizmatlari agentligi” soʻzlari “Adliya vazirligi” soʻzlari bilan almashtirilsin.

24. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2020-yil 1-maydagi PQ-4702-son qarori bilan tasdiqlangan Reyting koʻrsatkichlari asosida hududlarning ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanish darajasini baholash tartibi toʻgʻrisidagi nizomda:

2-ilovaning 29, 30 va 32-pozitsiyalari “Masʼul organ*” ustunidagi “Davlat xizmatlari agentligi” soʻzlari “Adliya vazirligi” soʻzlari bilan almashtirilsin;

2a-ilovaning 14-pozitsiyasi “Masʼul organ*” ustunidagi “Davlat xizmatlari agentligi” soʻzlari “Adliya vazirligi” soʻzlari bilan almashtirilsin;

3-ilovaning 38 — 40 va 42-pozitsiyalari “Masʼul organ*” ustunidagi “Davlat xizmatlari agentligi” soʻzlari “Adliya vazirligi” soʻzlari bilan almashtirilsin;

3a-ilovaning 14-pozitsiyasi “Masʼul organ*” ustunidagi “Davlat xizmatlari agentligi” soʻzlari “Adliya vazirligi” soʻzlari bilan almashtirilsin.

25. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2020-yil 27-maydagi PQ-4732-son qarori bilan tasdiqlangan Koʻp kvartirali uylarni ulush kiritish asosida qurish toʻgʻrisidagi nizomning 10-bandi toʻqqizinchi xatboshisidagi “Adliya vazirligi huzuridagi Davlat xizmatlari agentligining” soʻzlari “Adliya vazirligining” soʻzlari bilan almashtirilsin.

26. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2020-yil 7-dekabrdagi “Davlat tomonidan tartibga solinadigan sohalarga xususiy sektorni jalb etish boʻyicha qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi PQ-4913-son qarorida:

a) 6-bandda:

toʻrtinchi xatboshidagi “Davlat xizmatlari agentligining” soʻzlari “Adliya vazirligining” soʻzlari bilan almashtirilsin;

oltinchi xatboshidagi “Davlat xizmatlari agentligi” soʻzlari “Adliya vazirligi” soʻzlari bilan almashtirilsin;

b) 1-ilovaning 5-pozitsiyasi “Amalga oshirish mexanizmlari” ustunidagi “Davlat xizmatlari agentligining” va “Davlat xizmatlari agentligi” soʻzlari tegishincha “Adliya vazirligining” va “Adliya vazirligi” soʻzlari bilan almashtirilsin.

27. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2020-yil 14-dekabrdagi “Pochta aloqasi xizmatlarini koʻrsatish tizimini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi PQ-4921-son qarorining 6-bandi ikkinchi xatboshisi quyidagi tahrirda bayon etilsin:

“Bunda, pochta aloqasi xizmati haqi koʻrsatilgan davlat xizmatlari uchun toʻlanadigan davlat bojlari, yigʻimlari va barcha turdagi toʻlovlar summasining 10 foizi miqdorida belgilanadi va Adliya vazirligi tomonidan mablagʻlarning oʻziga yoʻnaltiriladigan qismi hisobidan toʻlab beriladi”.

28. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2021-yil 14-yanvardagi PQ-4951-son qarori bilan tasdiqlangan Hududlarning huquq ustuvorligi indeksini aniqlash tartibi toʻgʻrisidagi nizomda:

2-ilovaning 1.2. va 7.2. pozitsiyalari “Maʼlumotlarni shakllantirish va kiritishga masʼul idora va tashkilotlar” ustunidagi “Adliya vazirligi huzuridagi Davlat xizmatlari agentligi” soʻzlari “Adliya vazirligi” soʻzlari bilan almashtirilsin;

3-ilovaning 1.2. pozitsiyasi “Masʼullar” ustunidagi “Davlat xizmatlari agentligi hududiy boshqarmasi boshligʻi” soʻzlari “Qoraqalpogʻiston Respublikasi adliya vaziri, viloyatlar va Toshkent shahar adliya boshqarmalari boshliqlari” soʻzlari bilan almashtirilsin.

29. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2021-yil 28-yanvardagi “Intellektual mulk obyektlarini muhofaza qilish tizimini takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi PQ-4965-son qaroriga 1-ilovaning 2-pozitsiyasi “Ijro muddati” ustunidagi “2021-yil 10-iyun” soʻzlari “2022-yil may” soʻzlari bilan almashtirilsin.

30. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2021-yil 31-avgustdagi “Oliy, oʻrta maxsus va professional taʼlim muassasalari oʻrtasida taʼlim jarayoni hamda tarmoq tashkilotlari bilan ishlab chiqarish amaliyoti uzviyligini kuchaytirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi PQ-5241-son qaroriga 2-ilovaning 104-pozitsiyasi “Amaliyot oʻtash va kelgusida ishga joylashtirish uchun kelishuv asosida biriktirilgan korxona va tashkilotlar” ustunidagi “Davlat xizmatlari agentligi Samarqand viloyati hududiy boshqarmasi” soʻzlari “Samarqand viloyat adliya boshqarmasi” soʻzlari bilan almashtirilsin.

31. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2021-yil 22-oktabrdagi “Normativ-huquqiy hujjatlar va ularning loyihalarini korrupsiyaga qarshi ekspertizadan oʻtkazishni yanada takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi PQ-5263-son qaroriga 2-ilovaning 10-pozitsiyasi “Ijro uchun masʼullar” ustunidagi “Davlat xizmatlari agentligi” soʻzlari “Adliya vazirligi” soʻzlari bilan almashtirilsin.

32. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2022-yil 28-yanvardagi “Ishni sudga qadar yuritishda yagona idoralararo elektron hamkorlik tizimini joriy etish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi PQ-105-son qaroriga 2-ilovaning 5-pozitsiyasida:

“Tadbir nomi” ustunidagi “Davlat xizmatlari agentligining” soʻzlari “Adliya vazirligining” soʻzlari bilan almashtirilsin;

“Masʼul ijrochilar” ustunidagi “Davlat xizmatlari agentligi” soʻzlari “Adliya vazirligi” soʻzlari bilan almashtirilsin.

33. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2022-yil 18-martdagi “Iqtisodiyotda davlat ishtirokini yanada qisqartirish va xususiylashtirishni jadallashtirishga oid qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi PQ-168-son qaroriga 2-ilovaning 1233-pozitsiyasida:

“Balansda saqlovchi (Mulkdor nomi)” ustunidagi “Davlat xizmatlari agentligi Toshkent viloyat hududiy boshqarmasi” soʻzlari “Toshkent viloyat adliya boshqarmasi” soʻzlari bilan almashtirilsin;

“Yuqori turuvchi organ yoki tashkilot” ustunidagi “Davlat xizmatlari agentligi” soʻzlari “Adliya vazirligi” soʻzlari bilan almashtirilsin.

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2022-yil 20-apreldagi PF-113-son Farmoniga9-ILOVA

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining oʻz kuchini yoʻqotgan deb eʼtirof etilayotgan ayrim hujjatlari

1. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2017-yil 21-avgustdagi “Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining baʼzi hujjatlariga qoʻshimcha va oʻzgartishlar kiritish, shuningdek, ayrimlarini oʻz kuchini yoʻqotgan deb hisoblash toʻgʻrisida”gi PF-5159-son Farmoniga 1-ilovaning 6 va 13-bandlari.

2. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2017-yil 11-sentabrdagi “Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining ayrim hujjatlariga oʻzgartishlar kiritish, baʼzilarini esa oʻz kuchini yoʻqotgan, deb hisoblash toʻgʻrisida”gi PF-5187-son Farmoniga 1-ilovaning 19-bandi.

3. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2017-yil 18-oktabrdagi “Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining ayrim hujjatlariga oʻzgartirishlar kiritish toʻgʻrisida”gi PF-5209-son Farmoniga ilovaning 2 va 3-bandlari.

4. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2017-yil 12-dekabrdagi “Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi huzuridagi Davlat xizmatlari agentligi faoliyatini tashkil etish toʻgʻrisida”gi PQ-3430-son qarorining 1 — 3 va 5-bandlari, shuningdek qarorga 1 — 3-ilovalar.

Bu hujjat sizga qanday ta'sir qiladi?

HuquqTech hujjat va qonun moddalariga tayanib, savolingizga oddiy tilda javob beradi.

AI'dan bepul so'rash

Matn lex.uz rasmiy manbasidan olingan va avtomatik yangilanadi. Huquqiy ahamiyatga ega qarorlar uchun rasmiy nashrga va malakali mutaxassisga murojaat qiling.