PF-106-son Farmon · 14.04.2022

Oʻzbekiston Respublikasi Maktabgacha va maktab taʼlimi vazirligi huzuridagi Ixtisoslashtirilgan taʼlim muassasalari agentligi tizimidagi ixtisoslashtirilgan maktablar tarmogʻini kengaytirish toʻgʻrisida

Rekvizitlar

  • Hujjat turi:Farmon
  • Raqami:PF-106
  • Qabul qilingan sana:14.04.2022
  • Kuchga kirgan sana:15.04.2022
  • Holati:Amalda
  • Rasmiy nashr:QMMB 06/22/106/0314

(farmonning nomi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2023-yil 26-maydagi PF-79-sonli Farmoni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 31.05.2023-y., 06/23/79/0302-son)

Ixtisoslashtirilgan maktablar tashkil etishga yagona yondashuvni shakllantirish, ushbu maktablar tarmogʻini kengaytirish, moddiy-texnika bazasini mustahkamlash hamda taʼlim jarayoniga malakali rahbar va pedagog kadrlarni jalb qilish, iqtidorli yoshlarni aniqlash, tanlash, oʻqitish va tarbiyalash tizimini takomillashtirish maqsadida:

1. Maktabgacha va maktab taʼlimi vazirligi huzuridagi Ixtisoslashtirilgan taʼlim muassasalari agentligi (keyingi oʻrinlarda — Agentlik), Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklarining quyidagi takliflari maʼqullansin:

(1-bandning birinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2023-yil 26-maydagi PF-79-sonli Farmoni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 31.05.2023-y., 06/23/79/0302-son)

a) Agentlik tizimida:

2022-yil 1-sentabrga qadar vazirlik, idora va tashkilotlar tasarrufida boʻlgan taʼlim muassasalari negizida 19 ta ixtisoslashtirilgan maktab-internatlarni hamda 141 ta ixtisoslashtirilgan maktablarni 1 va 2-ilovalarga muvofiq;

2023-yil 1-iyunga qadar Maktabgacha va maktab taʼlimi vazirligi tasarrufida boʻlgan va faoliyati tugatilgan Mehribonlik uylari va Bolalar shaharchalari negizida 5 ta ixtisoslashtirilgan maktab-internatlarni hamda 3 ta ixtisoslashtirilgan maktablarni 3-ilovaga muvofiq tashkil etish;

(1-band “a” kichik bandining uchinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2023-yil 26-maydagi PF-79-sonli Farmoni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 31.05.2023-y., 06/23/79/0302-son)

b) 2022 — 2024-yillarda Agentlik tizimida 25 ta ixtisoslashtirilgan maktab-internatlarni 4-ilovaga muvofiq qurish;

v) 2022/2023 oʻquv yilidan boshlab Xalq taʼlimi vazirligi tizimidagi ayrim fanlarni chuqur oʻqitishga ixtisoslashtirilgan maktablar negizida ayrim fanlar chuqur oʻqitiladigan sinflari mavjud umumiy oʻrta taʼlim maktablarini tashkil etish;

g) kelgusida yangi ixtisoslashtirilgan maktab-internatlar va ixtisoslashtirilgan maktablarni faqat Agentlik tizimida tashkil etish.

Masʼul vazirlik, idora va tashkilotlar bir oy muddatda mazkur Farmonning 1 — 3-ilovalarida koʻrsatilgan taʼlim tashkilotlarining mol-mulki, bino va inshootlarini operativ boshqaruv huquqi asosida Agentlik tizimiga oʻtkazish choralarini koʻrsin.

Vazirlar Mahkamasiga zarur hollarda, mazkur Farmonning 1 — 4-ilovalariga oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritish, shu jumladan Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari taklifiga asosan Agentlik tizimida tashkil etiladigan ixtisoslashtirilgan maktab-internatlar va ixtisoslashtirilgan maktablar sonini oshirish huquqi berilsin.

Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi va viloyat hokimliklari 2023-yil 1-yanvarga qadar Agentlik tizimiga oʻtkazilayotgan Mehribonlik uylari va Bolalar shaharchalarini taʼmirlash, rekonstruksiya qilish, jihozlash va ular hududida yangi oʻquv binolarini qurish ishlarini tugatsin.

2. Belgilansinki:

Agentlik tizimidagi mavjud ixtisoslashtirilgan maktablar oʻz faoliyat yoʻnalishidan kelib chiqqan holda, mazkur Farmonga muvofiq tashkil etiladigan ixtisoslashtirilgan maktab-internatlar va ixtisoslashtirilgan maktablarga (keyingi oʻrinlarda — Agentlik maktablari) metodik yordam koʻrsatuvchi tayanch maktab sifatida biriktiriladi;

Agentlik maktablariga qabul parametrlari bir sinfda oʻquvchilarning eng koʻp soni 24 nafardan oshmasligini hisobga olgan holda Agentlik tomonidan belgilanadi;

2022/2023 oʻquv yilida Agentlik maktablarining aniq fanlar yoʻnalishiga qabul 5 — 11-sinflarga, tabiiy fanlar yoʻnalishiga 7 — 11-sinflarga, keyingi oʻquv yillarida tegishincha 5- va 7-sinflarga amalga oshiriladi;

Agentlik maktablariga oʻquvchilarni qabul qilish aniq va tabiiy fanlar, xorijiy tillar hamda mantiqiy fikrlash boʻyicha oʻtkaziladigan kirish imtihonlari natijalariga koʻra amalga oshiriladi;

kirish imtihonlari Agentlik huzuridagi Pedagogik mahorat va xalqaro baholash markazi tomonidan xalqaro tashkilotlar hamda Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vazirligi huzuridagi Bilim va malakalarni baholash agentligi bilan hamkorlikda oʻtkaziladi;

(2-bandning oltinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2023-yil 26-maydagi PF-79-sonli Farmoni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 31.05.2023-y., 06/23/79/0302-son)

roʻyxati Agentlik tomonidan tasdiqlanadigan xalqaro, mintaqaviy yoki asosiy fan olimpiadalarining uchinchi (viloyat) bosqichida gʻolib boʻlgan (1, 2, 3-oʻrin) umumiy oʻrta, oʻrta maxsus va boshlangʻich professional taʼlim tashkilotlari oʻquvchilari oʻzi taʼlim oladigan hududida joylashgan Agentlik maktablariga umumiy qabul parametrlari doirasida kirish imtihonsiz oʻqishga qabul qilinadi;

Agentlik maktablarining taʼlim jarayoni Agentlik tomonidan tasdiqlangan oʻquv rejalari va taʼlim dasturlari asosida amalga oshiriladi;

Agentlik maktablarida aniq va tabiiy fanlar bilan bir qatorda Oʻzbekiston tarixi fani chuqurlashtirilgan holda oʻqitiladi;

oʻquvchilarni kasb-hunarga yoʻnaltirish, ularga keyinchalik oʻqishini davom ettirish uchun oliy taʼlim muassasalarini tanlashda koʻmaklashish maqsadida Agentlik maktablari direktorining ixtisoslik fanlari boʻyicha oʻrinbosari lavozimi oʻrniga “Maktab maslahatchisi” lavozimi joriy etiladi;

Agentlik tizimidagi ixtisoslashtirilgan maktab-internatlarda oʻquvchilar uchun autsorsing asosida bepul sogʻlom ovqatlanish tashkil etiladi;

Agentlik maktablariga rahbar kadrlarni ishga qabul qilish ikki bosqichli (saralash va suhbat), pedagog kadrlarni ishga qabul qilish uch bosqichli (saralash, test sinovi va suhbat) tanlov asosida amalga oshiriladi.

(2-bandning oʻn ikkinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2023-yil 26-maydagi PF-79-sonli Farmoni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 31.05.2023-y., 06/23/79/0302-son)

Agentlik maktablarida Davlat budjeti mablagʻlari hisobidan xodimlar ish haqi fondining 100 foizi miqdorida ragʻbatlantirish jamgʻarmasi shakllantiriladi.

3. Agentlik (A. Ubbiyev) 2022/2023 oʻquv yilidan boshlab Agentlik maktablarida:

(3-bandning birinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2023-yil 26-maydagi PF-79-sonli Farmoni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 31.05.2023-y., 06/23/79/0302-son)

oʻquv jarayoni xalqaro taʼlim dasturlari asosida tayyorlangan zamonaviy darsliklar asosida olib borilishini taʼminlasin;

oʻquvchilar xorijiy tillarni mukammal oʻzlashtirishi uchun zarur shart-sharoit va taʼlim muhitini yaratsin, mazkur jarayonga xorijiy hamda mahalliy pedagog kadrlarni jalb qilsin;

sunʼiy intellekt, robototexnika, agrotexnologiya, nanotexnologiya, biotexnologiya, IELTS, TOEFL va SAT boʻyicha qoʻshimcha kurslar tashkil etsin;

oʻquvchilarning qiziqishlaridan kelib chiqqan holda, asosiy oʻquv dasturlari bilan birgalikda sinfdan tashqari kasbga yoʻnaltirilgan amaliy mashgʻulotlar oʻtkazilishini yoʻlga qoʻysin;

Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari bilan birgalikda 10- va 11-sinf oʻquvchilariga yaqin hududlarda joylashgan ishlab chiqarish va xizmat koʻrsatish korxonalarida amaliy mashgʻulotlar oʻtkazish tartibini joriy etsin;

taʼlim va tarbiya jarayonlariga vatanparvarlik ruhi, milliy gʻurur va iftixor, oʻz xalqiga muhabbat va sadoqat, Oʻzbekiston tarixi, ilmiy-ijodiy hamda maʼnaviy-maʼrifiy merosga hurmat, oʻzlikni anglash, mehnatsevarlik va masʼuliyatlilik, qatʼiyat va shijoatlilik gʻoyalari singdirilishiga alohida eʼtibor qaratsin;

oʻquvchilarni Oʻzbekistonda amalga oshirilayotgan islohotlar mazmun-mohiyati va yoshlarga yaratilayotgan shart-sharoitlarni chuqur anglaydigan, har jihatdan raqobatbardosh, keng dunyoqarash, mustaqil fikr va intellektual salohiyatga ega boʻlgan shaxs sifatida tarbiyalash uchun taʼsirchan pedagogik texnologiyalardan foydalanish choralarini koʻrsin.

4. Xalq taʼlimi vazirligi (B. Saidov) Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi (A. Toshkulov), Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi (N. Xusanov) hamda Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari bilan birgalikda 2022-yil 1-sentabrga qadar Agentlik tizimiga oʻtkazilgan umumiy oʻrta taʼlim muassasalarining saralash imtihonlaridan oʻta olmagan oʻquvchilarini xalq taʼlimi tizimidagi boshqa umumiy oʻrta taʼlim maktablariga joylashtirish hamda tanlovdan oʻta olmagan rahbar va pedagog kadrlarni ish bilan taʼminlash choralarini koʻrsin.

5. Belgilab qoʻyilsinki, Agentlik maktablarini qurish, rekonstruksiya qilish va taʼmirlash, zamonaviy mebel va jihozlar, oʻquv-laboratoriya asbob-uskunalari, axborot-kommunikatsiya texnologiyalari, multimedia hamda video-kuzatuv vositalari bilan taʼminlash — Oʻzbekiston Respublikasining ijtimoiy va ishlab chiqarish infratuzilmasini rivojlantirish dasturlari doirasida ajratiladigan mablagʻlar, Davlat budjeti mablagʻlari, Agentlik huzuridagi Iqtidorli yoshlarni qoʻllab-quvvatlash jamgʻarmasi, xalqaro moliya institutlarining kreditlari va grantlari, homiylik xayriyalari hamda qonunchilik hujjatlarida taqiqlanmagan boshqa manbalar hisobidan amalga oshiriladi.

Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari, Iqtisodiyot va moliya vazirligi (Sh. Kudbiyev), Maktabgacha va maktab taʼlimi vazirligi (X. Umarova) mazkur Farmonning 4-ilovasida koʻrsatilgan Agentlik maktablarining 2023-2024-yillarda Oʻzbekiston Respublikasining ijtimoiy va ishlab chiqarish infratuzilmasini rivojlantirish dasturiga kiritilishini taʼminlasin.

(5-bandning ikkinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2023-yil 26-maydagi PF-79-sonli Farmoni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 31.05.2023-y., 06/23/79/0302-son)

Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari 2022-yil 1-avgustga qadar mazkur Farmonning 1-2-ilovalarida koʻrsatilgan Agentlik maktablarini taʼmirlash, zamonaviy oʻquv qurollari, axborot-kommunikatsiya texnologiyalari, mebel va oʻquv-laboratoriyalar bilan jihozlash choralarini koʻrsin, oʻquvchilarga yashash va ovqatlanish uchun zarur sharoitlarni yaratsin.

6. Agentlik huzuridagi Pedagogik mahorat va xalqaro baholash markazi Pedagogik mahorat va xalqaro baholash ilmiy-amaliy markazi (keyingi oʻrinlarda — Markaz) etib qayta nomlansin.

Quyidagilar Markazning asosiy vazifalari etib belgilansin:

Agentlik tizimidagi taʼlim muassasalari uchun davlat taʼlim standarti, oʻquv rejalari, taʼlim dasturlari va darslik majmualarini ishlab chiqish hamda ularni xarid qilish;

Agentlik tizimidagi taʼlim muassasalari bitiruvchilarini yakuniy davlat attestatsiyasidan oʻtkazish;

taʼlim sohasidagi ilgʻor tajribalarni oʻrganish va mamlakatimizda joriy etish boʻyicha tavsiyalar ishlab chiqish, oʻqituvchilarning bilim va koʻnikmalarini baholash va sertifikatlashni xorijiy mamlakatlarning yetakchi ilmiy-tadqiqot muassasalari bilan hamkorlikda amalga oshirish;

rahbar va pedagog kadrlarni uzluksiz kasbiy rivojlantirish, ularning malakasini oshirishga qoʻyiladigan davlat taʼlim talablarini ishlab chiqish hamda xalqaro tashkilotlar bilan hamkorlikda malaka oshirish kurslarini tashkil etish;

Agentlik tizimidagi taʼlim muassasalarini ilmiy-metodik jihatdan taʼminlash, fundamental, amaliy va innovatsion tadqiqotlar oʻtkazish, tadqiqot natijalarini amaliyotga keng joriy etish;

davlat va nodavlat umumtaʼlim muassasalari oʻquvchilarining bilimini baholash;

taʼlim va ilmiy-tadqiqot sohalariga doir innovatsion loyihalarni amalga oshirish;

pedagog kadrlarga malaka toifasi berish sinovlarini tashkil qilishda Maktabgacha va maktab taʼlimi vazirligiga koʻmaklashish.

(6-band Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2024-yil 1-apreldagi PF-55-sonli Farmoniga asosan xatboshilar bilan toʻldirilgan — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 03.04.2024-y., 06/24/55/0263-son)

7. Agentlik huzuridagi Pedagogik mahorat va xalqaro baholash ilmiy-amaliy markazi tuzilmasi 5-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.

Agentlik (X. Umarova) bir oy muddatda Markaz nizomini ishlab chiqsin va tasdiqlasin.

8. Markazga mulk shaklidan qatʼi nazar umumiy oʻrta, oʻrta maxsus va professional taʼlim tashkilotlari pedagog kadrlarining bilim darajasi hamda kasbiy mahoratini baholashga ruxsat etilsin.

Belgilansinki:

a) Markaz tomonidan pedagog kadrlarning bilim darajasi va kasbiy mahoratini baholash barcha talabgorlar uchun shartnoma asosida amalga oshiriladi;

b) Markaz tomonidan pedagog kadrlarning bilim darajasi va kasbiy mahoratini baholash natijasi boʻyicha 2 yil muddat davomida amal qiluvchi “Ilgʻor oʻqituvchi”, “Ustoz oʻqituvchi” hamda “Professional oʻqituvchi” darajali sertifikatlar beriladi;

v) Agentlik tizimidagi taʼlim muassasalarining xalqaro miqyosda tan olinadigan “Ilgʻor oʻqituvchi”, “Ustoz oʻqituvchi” yoki “Professional oʻqituvchi” darajali sertifikatni olgan pedagog kadrlariga quyidagi miqdorda qoʻshimcha haq toʻlanadi:

“Ilgʻor oʻqituvchi” darajali sertifikatni olgan pedagog kadrlarga ularning bazaviy tarif stavkasiga nisbatan har oylik 50 foiz miqdorida;

“Ustoz oʻqituvchi” darajali sertifikatni olgan pedagog kadrlarga ularning bazaviy tarif stavkasiga nisbatan har oylik 70 foiz miqdorida;

“Professional oʻqituvchi” darajali sertifikatni olgan pedagog kadrlarga ularning bazaviy tarif stavkasiga nisbatan har oylik 100 foiz miqdorida;

g) Agentlik tizimidagi taʼlim muassasalariga “Ilgʻor oʻqituvchi”, “Ustoz oʻqituvchi” yoki “Professional oʻqituvchi” darajali sertifikatni olgan pedagog kadrlarni ularning malaka toifasidan qatʼi nazar ishga qabul qilish huquqi beriladi;

d) Markaz Moliya vazirligi gʻaznachilik boʻlinmasida shaxsiy gʻazna hisob raqamiga ega boʻladi va uning faoliyati Davlat budjeti mablagʻlari, budjetdan tashqari mablagʻlar hamda qonunchilik hujjatlarida taqiqlanmagan boshqa manbalar hisobidan moliyalashtiriladi;

e) Markazning maʼmuriy-boshqaruv xodimlari, professor-oʻqituvchilari hamda metodistlariga Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vazirligi huzuridagi Bilim va malakalarni baholash agentligining tegishli lavozimlari uchun belgilangan mehnatga haq toʻlash va moddiy ragʻbatlantirish shartlari tatbiq etiladi;

(8-bandning “e” kichik bandi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2023-yil 26-maydagi PF-79-sonli Farmoni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 31.05.2023-y., 06/23/79/0302-son)

j) Agentlik va Markazga ularga yuklatilgan vazifalarni bajarish uchun taʼlim sohasida xizmat koʻrsatuvchi xalqaro tashkilotlar bilan maxsus axborot portaliga eʼlon joylashtirmagan holda toʻgʻridan-toʻgʻri shartnomalar tuzish huquqi beriladi.

(8-bandning “j” kichik bandi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2026-yil 10-apreldagi PF-58-sonli Farmoni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 13.04.2026-y., 06/26/58/0342-son)

9. Agentlik (A. Ubbiyev):

(9-bandning birinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2023-yil 26-maydagi PF-79-sonli Farmoni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 31.05.2023-y., 06/23/79/0302-son)

a) rahbar va pedagog kadrlar bilim darajasi hamda kasbiy mahoratini baholash jarayoniga taʼlim sohasida xizmat koʻrsatuvchi nufuzli xalqaro tashkilotlarni jalb qilsin;

b) Markazda taʼlim tashkilotlarining rahbar va pedagog kadrlari uchun uzluksiz malaka oshirish kurslari hamda metodologik oʻquv seminarlarni tashkil qilsin;

v) 2022-yil 1-oktabrga qadar Agentlik tizimidagi taʼlim muassasalarining rahbar va pedagog kadrlarini oʻqitish hamda ularning bilim darajasi va kasbiy mahoratini baholash choralarini koʻrsin;

g) 2022-yil 1-sentabrga qadar iqtidorli bolalar bilan ishlashning “Maktab — Universitet — Markaz” yaxlit uzluksiz taʼlim tizimini joriy qilsin va mazkur tizim doirasida:

Agentlik tizimidagi taʼlim muassasalarining davlat taʼlim standartlari, oʻquv rejalari va taʼlim dasturlari oʻzaro uzviy bogʻlangan holda ishlab chiqilishini;

“Yangi Oʻzbekiston” universiteti va Markaz tomonidan Agentlik tizimidagi maktablarda mahorat darslari, toʻgaraklar va yozgi maktablar tashkil etilishini;

“Yangi Oʻzbekiston” universiteti va Markazning professor-oʻqituvchilari va iqtidorli talabalari Agentlik tizimidagi maktablarning taʼlim jarayoniga keng jalb qilinishini;

Agentlik tizimidagi maktablarning oʻqituvchilari “Yangi Oʻzbekiston” universiteti va Markazga stajirovka oʻtashga jalb qilinishini;

Markaz tomonidan fundamental, amaliy va innovatsion tadqiqotlar oʻtkazishda hamda tadqiqot natijalarini amaliyotga joriy etishda Agentlik tizimidagi taʼlim muassasalari oʻquvchilari va talabalarining faol ishtirokini taʼminlasin.

Agentlikka zaruratga qarab budjetdan tashqari mablagʻlar hisobidan Markazning hududiy filiallarini ochishga ruxsat etilsin.

10. Oʻzbekiston Respublikasining xorijdagi diplomatik vakolatxonalari Agentlik bilan birgalikda vakolatxonalarga biriktirilgan hududlarda joylashgan Agentlik tizimidagi taʼlim muassasalariga xorijiy ilgʻor tajribalarni joriy etish maqsadida:

Agentlik tizimidagi taʼlim muassasalariga xalqaro taʼlim dasturlari boʻyicha malakali mutaxassislarni jalb etgan holda taʼlim jarayonini takomillashtirish;

oʻqituvchilar va oʻquvchilarni tajriba almashish dasturlari boʻyicha xorijiy taʼlim muassasalariga yuborish;

nufuzli xalqaro oliy taʼlim muassasalari grant dasturlari asosida bitiruvchilarning taʼlim olishiga koʻmaklashish;

rivojlangan davlatlar bilan taʼlim va ilm-fanni takomillashtirish borasida oʻzaro hamkorlikni yoʻlga qoʻyish;

dunyo miqyosida tan olingan, axborot-kommunikatsiya texnologiyalari, tibbiyot, ekologiya, muhandislik va boshqa sohalardagi yetakchi tashkilotlar bilan Agentlik tizimidagi taʼlim muassasalari oʻrtasida hamkorlik aloqalarini yoʻlga qoʻyish va yanada rivojlantirish;

Agentlik tizimidagi taʼlim muassasalarida faoliyat yuritayotgan mahalliy mutaxassislarning xorijiy ilgʻor taʼlim muassasalarida malaka oshirishi va stajirovka oʻtashini tashkil etish;

oʻqituvchilar va oʻquvchilarning xalqaro konferensiyalar, anjumanlar, fan olimpiadalari, tanlovlar, ixtisoslikka oid koʻrgazmalarda ishtirok etishiga koʻmaklashish;

Agentlik tizimidagi taʼlim muassasalari kutubxonalarini yetakchi xorijiy axborot-kutubxona resurslari fondlariga ulash, ularni xorijiy adabiyotlar bilan boyitib borish, oʻqituvchilar va oʻquvchilarga ushbu kutubxona resurslaridan keng foydalanish uchun imkoniyat yaratish choralarini koʻrsin.

11. Agentlik tizimidagi taʼlim muassasalari faoliyatini samarali tashkil etish boʻyicha “yoʻl xaritasi” 6-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.

Agentlik (A. Ubbiyev) boshqa vazirlik va idoralar hamda mahalliy hokimliklar bilan birgalikda “yoʻl xaritasi”da nazarda tutilgan chora-tadbirlarning oʻz vaqtida, toʻliq va sifatli bajarilishini taʼminlasin.

(11-bandning ikkinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2023-yil 26-maydagi PF-79-sonli Farmoni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 31.05.2023-y., 06/23/79/0302-son)

12. Agentlikning:

Agentlik markaziy apparati tuzilmasida sogʻlom ovqatlanishni tashkil etish shuʼbasi, ichki audit xizmati, ixtisoslashtirilgan maktab-internatlar va ixtisoslashtirilgan maktablar bilan ishlash boʻlimini ochish va Agentlikning umumiy cheklangan shtat birliklari sonini 80 nafar etib belgilash;

Agentlik tashkiliy tuzilmasida yuridik shaxs maqomiga ega boʻlgan va har biri 4 ta shtat birligidan iborat 13 ta hududiy boʻlimlarini tashkil etish toʻgʻrisidagi takliflari maʼqullansin.

Belgilab qoʻyilsinki:

Agentlik markaziy apparati va hududiy boʻlimlar uchun zarur boʻlgan 67 ta shtat birligining 50 tasi Xalq taʼlimi vazirligi tizimidagi, 17 tasi Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi tizimidagi tegishli shtat birliklarini maqbullashtirish hisobiga shakllantiriladi;

Agentlik hududiy boʻlimlari xodimlariga Agentlikning tegishli lavozimlari uchun belgilangan mehnatga haq toʻlash va moddiy ragʻbatlantirish shartlari qoʻllaniladi.

13. Agentlik (X. Umarova) ikki oy muddatda Agentlik va uning hududiy boʻlimlariga zarur bilim va salohiyatga ega malakali mahalliy va xorijiy mutaxassislarni ishga jalb qilsin.

Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari 2023-yil 1-yanvarga qadar mahalliy budjet mablagʻlari hisobidan Agentlik hududiy boʻlimlarini bittadan yengil avtomobil bilan taʼminlash choralarini koʻrsin.

14. Maktabgacha va maktab taʼlimi vazirligi tizimidagi ayrim fanlar chuqur oʻqitiladigan sinflari mavjud umumiy oʻrta taʼlim maktablari (keyingi oʻrinlarda — fanlar chuqur oʻqitiladigan maktablar) hamda maktab-internatlar faoliyatini tashkil etishning shunday tartibi oʻrnatilsinki, unga muvofiq 2022/2023 oʻquv yilidan boshlab:

(14-bandning birinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2023-yil 26-maydagi PF-79-sonli Farmoni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 31.05.2023-y., 06/23/79/0302-son)

fanlar chuqur oʻqitiladigan maktablar hamda maktab-internatlar bosqichma-bosqich umumiy oʻrta taʼlim maktablari sifatida qayta tashkil etiladi;

fanlar chuqur oʻqitiladigan maktablar hamda maktab-internatlar faoliyati ushbu maktablarda ixtisoslashtirilgan dasturlar asosida taʼlim olayotgan oʻquvchilar oʻqishini bitirguniga qadar davom ettiriladi;

fanlar chuqur oʻqitiladigan maktablar hamda maktab-internatlarning rahbarlariga hamda ixtisoslashtirilgan fanlardan dars oʻtganligi uchun pedagog kadrlariga amalda belgilangan qoʻshimcha ustama haqlar ushbu maktablardagi ixtisoslashtirilgan sinflar faoliyati tugatilguniga qadar saqlab qolinadi;

maktab-internatlarda oʻquvchilar belgilangan tartibda yotoqxona va oziq-ovqat bilan taʼminlanadi;

fanlar chuqur oʻqitiladigan maktablar hamda maktab-internatlarda laboratoriya va amaliy mashgʻulotlarni oʻtkazish, shuningdek, ayrim fanlarni chuqurlashtirilgan holda oʻqitish uchun ixtisoslashtirilgan fanlar ikki guruhga boʻlib oʻqitilishi mumkin.

(14-bandning yettinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2023-yil 26-martdagi PF-79-sonli Farmoniga asosan chiqarilgan — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 31.05.2023-y., 06/23/79/0302-son)

15. Vazirlar Mahkamasi ikki hafta muddatda Agentlik tizimidagi ixtisoslashtirilgan maktab-internatlar va ixtisoslashtirilgan maktablar toʻgʻrisidagi nizomni tasdiqlashni nazarda tutuvchi Hukumat qarorini qabul qilsin.

16. Moliya vazirligi (T. Ishmetov) mazkur Farmonga muvofiq yangi tashkil etiladigan taʼlim muassasalarining taʼminoti uchun zarur xarajatlarni:

2022-yilda Agentlik tizimiga oʻtkazilayotgan taʼlim muassasalarining yuqori turuvchi birinchi darajali budjet mablagʻlari oluvchilarida boʻshaydigan budjet mablagʻlari hamda Agentlikka Davlat budjetidan ajratiladigan mablagʻlar hisobidan moliyalashtirsin;

2023-yildan boshlab belgilangan tartibda Davlat budjeti parametrlarida nazarda tutsin.

17. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining ayrim hujjatlariga 7-ilovaga muvofiq oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritilsin.

18. Agentlik (X. Umarova) ikki oy muddatda:

Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi (A. Toshkulov), Taʼlim sifatini nazorat qilish davlat inspeksiyasi (U. Tashkenbayev) hamda Davlat test markazi (M. Karimov) bilan birgalikda 2024/2025 oʻquv yili qabulidan boshlab Agentlik maktablari bitiruvchilariga kimyo, biologiya, fizika, matematika va axborot texnologiyalari sohalari uchun kadrlar tayyorlaydigan davlat oliy taʼlim muassasalariga oʻqishga kirishda imtiyoz berish boʻyicha;

manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda qonunchilik hujjatlariga ushbu Farmondan kelib chiqadigan oʻzgartirish va qoʻshimchalar toʻgʻrisida Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritsin.

19. Mazkur Farmon ijrosini samarali tashkil qilishga masʼul va shaxsiy javobgar etib Maktabgacha va maktab taʼlimi vaziri X. Umarova, Agentlik direktori A. Ubbiyev hamda Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi Raisi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimlari belgilansin.

Farmon ijrosini nazorat qilish, ijro uchun masʼul tashkilotlar faoliyatini muvofiqlashtirish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vaziri A.N. Aripov va Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti maslahatchisi O.K. Abdurahmanov zimmasiga yuklansin.

(19-band Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2023-yil 26-maydagi PF-79-sonli Farmoni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 31.05.2023-y., 06/23/79/0302-son)

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Sh. MIRZIYOYEV

Toshkent sh.,

2022-yil 14-aprel,

PF-106-son

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2022-yil 14-apreldagi PF-106-son Farmoniga 1-ILOVA

Maktabgacha va maktab taʼlimi vazirligi huzuridagi Ixtisoslashtirilgan taʼlim muassasalari agentligi tizimida tashkil etilayotgan ixtisoslashtirilgan maktab-internatlarning

(1-ilovaning nomi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2023-yil 26-maydagi PF-79-sonli Farmoni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 31.05.2023-y., 06/23/79/0302-son)

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2022-yil 14-apreldagi PF-106-son Farmoniga 2-ILOVA

Maktabgacha va maktab taʼlimi vazirligi huzuridagi Ixtisoslashtirilgan taʼlim muassasalari agentligi tizimida tashkil etilayotgan ixtisoslashtirilgan maktablarning

(2-ilovaning nomi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2023-yil 26-maydagi PF-79-sonli Farmoni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 31.05.2023-y., 06/23/79/0302-son)

(2-ilova Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2022-yil 2-dekabrdagi PF-258-sonli Farmoni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 03.12.2022-y., 06/22/258/1064-son)

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2022-yil 14-apreldagi PF-106-son Farmoniga 3-ILOVA

Faoliyati tugatilgan Mehribonlik uylari va Bolalar shaharchalari negizida tashkil etilayotgan ixtisoslashtirilgan maktab-internatlar hamda ixtisoslashtirilgan maktablarning

Izoh:

* Mahalliy budjet mablagʻlari va qonunchilik hujjatlari bilan taqiqlanmagan boshqa manbalar hisobidan oʻquv binolarini qurish, rekonstruksiya qilish va jihozlash ishlari yakunlangandan keyin faoliyati tugatilayotgan Mehribonlik uylari va Bolalar shaharchalari negizida Agentlik tizimidagi ixtisoslashtirilgan maktab va maktab-internatlar tashkil etiladi.

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2022-yil 14-apreldagi PF-106-son Farmoniga 4-ILOVA

2022 — 2024-yillarda Maktabgacha va maktab taʼlimi vazirligi huzuridagi Ixtisoslashtirilgan taʼlim muassasalari agentligi tizimida yangi quriladigan ixtisoslashtirilgan maktab-internatlarning

(4-ilovaning nomi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2023-yil 26-maydagi PF-79-sonli Farmoni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 31.05.2023-y., 06/23/79/0302-son)

Izoh:

* Homiylik xayriyalari mablagʻlari va hududiy budjet parametrlarini oshirib bajarilishi hisobidan quriladi.

Qolgan ixtisoslashtirilgan maktab-internatlar 2022 — 2024-yillarda Oʻzbekiston Respublikasining ijtimoiy va ishlab chiqarish infratuzilmasini rivojlantirish dasturi doirasida quriladi

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2022-yil 14-apreldagi PF-106-son Farmoniga 5-ILOVA

Pedagogik mahorat va xalqaro baholash ilmiy-amaliy markazining

Xodimlarning umumiy cheklangan soni 36 nafar.

Texnik va xizmat koʻrsatuvchi xodimlar davlat va xoʻjalik boshqaruv organi uchun oʻrnatilgan meʼyorlarda belgilanadi.

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2022-yil 14-apreldagi PF-106-son Farmoniga 6-ILOVA

Maktabgacha va maktab taʼlimi vazirligi huzuridagi Ixtisoslashtirilgan taʼlim muassasalari agentligi tizimidagi taʼlim muassasalari faoliyatini samarali tashkil etish boʻyicha

(6-ilova Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2023-yil 26-maydagi PF-79-sonli Farmoni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 31.05.2023-y., 06/23/79/0302-son)

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2022-yil 14-apreldagi PF-106-son Farmoniga 7-ILOVA

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining ayrim hujjatlariga kiritilayotgan oʻzgartirish va qoʻshimchalar

1. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2019-yil 6-sentabrdagi “Professional taʼlim tizimini yanada takomillashtirishga doir qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi PF-5812-son Farmonida:

(1-bandning “a” kichik bandi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2024-yil 16-oktabrdagi PF-158-sonli Farmoniga asosan chiqarilgan — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 21.10.2024-y., 06/24/158/0839-son)

(1-bandning “b” kichik bandi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2024-yil 16-oktabrdagi PF-158-sonli Farmoniga asosan chiqarilgan — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 21.10.2024-y., 06/24/158/0839-son)

(1-bandning “v” kichik bandi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2024-yil 16-oktabrdagi PF-158-sonli Farmoniga asosan chiqarilgan — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 21.10.2024-y., 06/24/158/0839-son)

g) 5-ilovaning 4 va 42-pozitsiyalari chiqarib tashlansin;

d) 6-ilovaning 3, 5, 6, 9 va 83-pozitsiyalari chiqarib tashlansin.

2. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2021-yil 24-iyuldagi “Davlat xizmatlari koʻrsatish infratuzilmasini takomillashtirish va aholining davlat xizmatlaridan foydalanish imkoniyatlarini kengaytirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi PF-6269-son Farmoniga 2-ilovaning 70 va 71-pozitsiyalari chiqarib tashlansin.

3. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2020-yil 7-maydagi “Matematika sohasidagi taʼlim sifatini oshirish va ilmiy-tadqiqotlarni rivojlantirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi PQ-4708-son qarorida:

a) 4 va 6-bandlar oʻz kuchini yoʻqotgan deb hisoblansin;

b) 1-ilovaning 3-pozitsiyasi chiqarib tashlansin.

4. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2020-yil 12-avgustdagi “Kimyo va biologiya yoʻnalishlarida uzluksiz taʼlim sifatini va ilm-fan natijadorligini oshirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi PQ-4805-son qarorida:

a) 1-bandda:

ikkinchi, uchinchi va toʻrtinchi xatboshilar chiqarib tashlansin;

beshinchi va oltinchi xatboshilar tegishlicha ikkinchi va uchinchi xatboshilar deb hisoblansin;

b) 2-bandning ikkinchi, uchinchi va toʻrtinchi xatboshilari chiqarib tashlansin;

v) 2-ilova oʻz kuchini yoʻqotgan deb hisoblansin.

5. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2020-yil 6-oktabrdagi “Axborot texnologiyalari sohasida taʼlim tizimini yanada takomillashtirish, ilmiy tadqiqotlarni rivojlantirish va ularni IT-industriya bilan integratsiya qilish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi PQ-4851-son qarorida:

a) 1-band, 2-bandning uchinchi xatboshisi hamda 3 va 4-bandlar oʻz kuchini yoʻqotgan deb hisoblansin;

b) 5-bandda:

birinchi xatboshi “Xalq taʼlimi vazirligi” soʻzlaridan oldin “Prezident taʼlim muassasalari agentligi,” soʻzlari bilan toʻldirilsin;

“v” kichik band oʻz kuchini yoʻqotgan deb hisoblansin;

v) 7-band oʻz kuchini yoʻqotgan deb hisoblansin;

g) 2-ilova oʻz kuchini yoʻqotgan deb hisoblansin.

6. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2021-yil 19-martdagi “Fizika sohasidagi taʼlim sifatini oshirish va ilmiy tadqiqotlarni rivojlantirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi PQ-5032-son qarorida:

a) 2-bandning ikkinchi va uchinchi xatboshilari chiqarib tashlansin;

b) 1-ilovaning 1, 3, 9 va 12-pozitsiyalari chiqarib tashlansin;

v) 2 va 3-ilovalar oʻz kuchini yoʻqotgan deb hisoblansin.

7. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2021-yil 19-maydagi “Oʻzbekiston Respublikasida xorijiy tillarni oʻrganishni ommalashtirish faoliyatini sifat jihatidan yangi bosqichga olib chiqish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi PQ-5117-son qarori 3-bandining “a” kichik bandi oʻz kuchini yoʻqotgan deb hisoblansin.

8. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2021-yil 19-iyuldagi “Prezident, ijod va ixtisoslashtirilgan maktablar faoliyatini yanada takomillashtirish boʻyicha qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi PQ-5188-son qarorida:

a) 8-band “b” kichik bandining uchinchi xatboshisi “Agentlik tizimidagi” soʻzlaridan keyin “Abu Ali ibn Sino, Mirzo Ulugʻbek hamda Muhammad al-Xorazmiy nomidagi” soʻzlari bilan toʻldirilsin;

b) 10-bandning toʻrtinchi xatboshisi “Agentlik tizimidagi” soʻzlaridan keyin “Abu Ali ibn Sino, Mirzo Ulugʻbek hamda Muhammad al-Xorazmiy nomidagi” soʻzlari bilan toʻldirilsin;

v) 2-ilovaning matni quyidagi tahrirda bayon etilsin:

“Prezident taʼlim muassasalari agentligi tizimidagi maktablarni qurish, taʼmirlash hamda zarur mebel jihozlari, oʻquv adabiyotlari va moddiy-texnika vositalari bilan taʼminlash boʻyicha 2022 — 2025-yillarga moʻljallangan manzilli roʻyxat-1

Izoh:

1) Bino-inshootlarni qurish manzili boʻyicha takliflar Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari tomonidan Agentlikka kiritiladi.

2) Nukus shahridagi Ibroyim Yusupov nomidagi ijod maktabi uchun qoʻshimcha 80 oʻrinli yotoqxona va kutubxona binolari quriladi hamda qoʻshimcha jihozlash ishlari amalga oshiriladi.

3) Muhammad Yusuf nomidagi ijod maktabi binosida joylashgan umumtaʼlim maktabi boshqa binoga koʻchiriladi, maktab binosi toʻliq taʼmirlanadi, zamonaviy kutubxona tashkil etiladi hamda oʻquv va yotoqxona binolari qoʻshimcha jihozlanadi.

4) Hamid Olimjon va Zulfiya nomidagi ijod maktabi uchun qoʻshimcha oʻquv xonasi, yotoqxona, oshxona, kutubxona, sport zali quriladi hamda maktabni jihozlash ishlari amalga oshiriladi.

5) Abdulla Oripov nomidagi ijod maktabi uchun 50 oʻrinli oshxona va 80 oʻrinli yotoqxonaning quvvati oshiriladi hamda qoʻshimcha jihozlash ishlari amalga oshiriladi.

6) Erkin Vohidov nomidagi ijod maktabi uchun qoʻshimcha 100 oʻrinli oʻquv xonasi, 90 oʻrinli yotoqxona va sport zali quriladi, oʻquv xonalarining quvvati oshiriladi hamda qoʻshimcha jihozlash ishlari amalga oshiriladi”;

g) 4-ilovaning matni quyidagi tahrirda bayon etilsin:

“Prezident taʼlim muassasalari agentligining tashkiliy tuzilmasi

d) 5-ilovaning matni quyidagi tahrirda bayon etilsin:

“Prezident taʼlim muassasalari agentligining markaziy apparatining tuzilmasi

Boshqaruv xodimlarining umumiy cheklangan soni — 132 nafar, shundan 80 nafari — markaziy apparat, 52 nafari — hududiy boʻlimlar”.

Bu hujjat sizga qanday ta'sir qiladi?

HuquqTech hujjat va qonun moddalariga tayanib, savolingizga oddiy tilda javob beradi.

AI'dan bepul so'rash

Matn lex.uz rasmiy manbasidan olingan va avtomatik yangilanadi. Huquqiy ahamiyatga ega qarorlar uchun rasmiy nashrga va malakali mutaxassisga murojaat qiling.