PF-102-son Farmon · 11.04.2022

Tibbiyotda xususiy sektor faoliyatiga qoʻshimcha qulayliklar yaratish va soha xodimlarini qoʻllab-quvvatlash chora-tadbirlari toʻgʻrisida

Rekvizitlar

  • Hujjat turi:Farmon
  • Raqami:PF-102
  • Qabul qilingan sana:11.04.2022
  • Kuchga kirgan sana:12.04.2022
  • Holati:Amalda
  • Rasmiy nashr:QMMB 06/22/102/0291

Zamonaviy tibbiy xizmatlar koʻlamini kengaytirish, nodavlat tibbiyot tashkilotlari faoliyatini yanada takomillashtirish, shuningdek, 2022-yil 18-mart kuni oʻtkazilgan Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining sogʻliqni saqlash sohasi vakillari bilan yangi formatdagi “Tibbiyotdagi islohotlar — inson qadri uchun” mavzusidagi ochiq muloqoti doirasida belgilangan vazifalar ijrosini taʼminlash maqsadida:

1. Belgilansinki:

yuqori malakali va malakali mutaxassislar toifasiga kirmaydigan boshqa chet el fuqarosi boʻlgan shifokorlar uchun Oʻzbekiston Respublikasi hududida mehnat faoliyatini amalga oshirish huquqini beruvchi tasdiqnoma berganlik uchun yigʻim miqdori 6 baravarga kamaytirilib, bazaviy hisoblash miqdorining 5 baravari miqdorida undiriladi;

Oʻzbekiston Respublikasiga qisqa muddatga (bir oygacha), shu jumladan diagnostika hamda davolash amaliyotlarini bajarish, tajriba almashish dasturlari, mahorat darslari oʻtkazish va maʼruzalar oʻqish, xodimlar malakasini oshirish maqsadida kelayotgan chet el mutaxassislariga Oʻzbekiston Respublikasi hududida mehnat faoliyatini amalga oshirish huquqini beruvchi tasdiqnoma olish talab etilmaydi;

Oʻzbekiston Respublikasi hududida doimiy yashash joyiga ega boʻlmagan xorijiy fuqarolar hamda fuqaroligi boʻlmagan shaxslardan davolash muassasalari (bundan sanatoriy va pansionatlar mustasno) tomonidan undiriladigan turistik (mehmonxona) yigʻim bekor qilinadi;

(1-bandning toʻrtinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2024-yil 18-iyuldagi PF-102-sonli Farmoni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 23.07.2024-y., 06/24/102/0541-son)

davolash muassasalari (bundan sanatoriy va pansionatlar mustasno) uchun turistik xizmatlarni sertifikatlashtirishga boʻlgan talab bekor qilinadi. Bunda, davolash muassasalari tomonidan tashrif buyuruvchilarni hisobga olish avtomatlashtirilgan maxsus dastur orqali elektron shaklda amalga oshiriladi.

2. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2017-yil 1-apreldagi “Sogʻliqni saqlash sohasida xususiy sektorni yanada rivojlantirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi PQ-2863-son qarorida nazarda tutilgan, yuridik shaxslar tomonidan, shu jumladan lizing shartnomasi asosida olib kelinadigan yangi tibbiyot asbob-uskunalari, butlovchi buyumlar va ularning ehtiyot qismlari hamda sarflash materiallari uchun bojxona imtiyozlarining amal qilish muddati 2025-yil 1-yanvarga qadar uzaytirilsin.

3. Sogʻliqni saqlash vazirligi, Moliya vazirligi, Iqtisodiy taraqqiyot va kambagʻallikni qisqartirish vazirligining tibbiyot asbob-uskunalari va buyumlarining ehtiyot qismlarini hamda tibbiyot maqsadlari uchun sarflash materiallarini oʻrnatilgan tartibda shakllantiriladigan roʻyxatlarga asosan, 2025-yil 1-yanvarga qadar Oʻzbekiston Respublikasi hududiga olib kirishda qoʻshilgan qiymat soligʻidan ozod qilish toʻgʻrisidagi takliflariga rozilik berilsin.

Sogʻliqni saqlash vazirligi Moliya vazirligi va Davlat bojxona qoʻmitasi bilan birgalikda bir oy muddatda ushbu banddan kelib chiqib, Soliq kodeksiga 2025-yil 1-yanvarga qadar qoʻshilgan qiymat soligʻidan ozod qilish boʻyicha imtiyozlarni nazarda tutuvchi oʻzgartish kiritish toʻgʻrisidagi qonun loyihasini Vazirlar Mahkamasiga kiritsin.

4. Sogʻliqni saqlash vazirligining tibbiyot xodimlarining malakasini oshirish tizimini takomillashtirish yuzasidan quyidagi takliflari maʼqullansin:

nodavlat tibbiyot tashkilotlarida tibbiyot oliy taʼlim muassasalarining klinik bazalarini tashkil etib, ularda shifokor va hamshiralar malakasini oshirish hamda qayta tayyorlash;

malaka toifasi olish uchun talab etiladigan ish staji muddatini qisqartirgan holda, toifasiz xodimlarga 3 yil, birinchi toifa uchun — 5 yil, oliy toifa uchun — 7 yil etib belgilash.

5. Sogʻliqni saqlash vazirligi Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi xizmati hamda Qurilish vazirligi bilan birgalikda ikki oy muddatda tegishli meʼyoriy hujjatlarga xususiy tibbiy faoliyat bilan shugʻullanuvchi tashkilotlar uchun litsenziya olishda sanitariya va qurilish talablarini soddalashtirish boʻyicha oʻzgartirishlar kiritsin.

6. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining va Oʻzbekiston Respublikasi Hukumatining ayrim hujjatlariga ilovaga muvofiq oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritilsin.

7. Sogʻliqni saqlash vazirligi manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda ikki oy muddatda qonunchilik hujjatlariga ushbu Farmondan kelib chiqadigan oʻzgartirish va qoʻshimchalar toʻgʻrisida Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritsin.

8. Mazkur Farmonning ijrosini samarali tashkil qilishga masʼul va shaxsiy javobgar etib sogʻliqni saqlash vaziri B.A. Musayev belgilansin.

9. Farmonning oʻz vaqtida va samarali ijro etilishini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vaziri A.N. Aripov va Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti maslahatchisining birinchi oʻrinbosari L.N. Toʻychiyev zimmasiga yuklansin.

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Sh. MIRZIYOYEV

Toshkent sh.,

2022-yil 11-aprel,

PF-102-son

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2022-yil 11-apreldagi PF-102-son Farmoniga ILOVA

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining hamda Oʻzbekiston Respublikasi Hukumatining ayrim hujjatlariga kiritilayotgan oʻzgartirish va qoʻshimchalar

1. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2021-yil 5-maydagi “Sogʻliqni saqlash tizimida olib borilayotgan islohotlarni izchil davom ettirish va tibbiyot xodimlarining salohiyatini oshirish uchun zarur shart-sharoitlar yaratish toʻgʻrisida”gi PF-6221-son Farmonining 12-bandida:

a) ikkinchi xatboshi quyidagi mazmundagi ikkinchi — toʻrtinchi xatboshilar bilan almashtirilsin:

“Belgilansinki:

3-ilovada koʻrsatilgan tashkilotlarning talablariga asosan sertifikatlangan tibbiy texnika, tibbiy buyumlar va ularning butlovchi qismlari Oʻzbekiston Respublikasi hududida davlat roʻyxatidan oʻtkazilishida laboratoriya sinovlaridan oʻtkazilmaydi hamda oʻrnatilgan tartibda oʻn besh ish kunidan kechiktirmay roʻyxatdan oʻtkaziladi;

standart talablarga muvofiqligi 3-ilovada koʻrsatilgan tashkilotlar tomonidan berilgan sertifikatlar bilan tasdiqlangan tibbiy buyumlar Oʻzbekiston Respublikasi hududida majburiy sertifikatlashtirishdan ozod etiladi”;

b) uchinchi xatboshi beshinchi xatboshi deb hisoblansin.

2. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2017-yil 1-apreldagi “Sogʻliqni saqlash sohasida xususiy sektorni yanada rivojlantirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi PQ-2863-son qarorining 8-bandi “a” kichik bandining ikkinchi xatboshisidagi “2024” raqami “2025” raqami bilan almashtirilsin.

(Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 26-dekabrdagi PF-259-sonli Farmoniga asosan 3-bandning oʻz kuchini yoʻqotish sanasi — 2026-yil 1-yanvar — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 27.12.2025-y., 06/25/259/1224-son)

4. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2020-yil 30-maydagi “Nodavlat tibbiyot tashkilotlari tomonidan tez tibbiy yordam xizmatlarini koʻrsatish uchun qoʻshimcha shart-sharoitlar yaratish toʻgʻrisida”gi PQ-4737-son qarorining 1-bandi birinchi xatboshisidagi “2024” raqami “2025” raqami bilan almashtirilsin.

5. Vazirlar Mahkamasining 2016-yil 10-sentabrdagi “Oʻzbekiston Respublikasi tibbiyot tashkilotlari tuzilmasini yanada optimallashtirish va sogʻliqni saqlash tizimi tibbiyot xodimlari mehnatiga haq toʻlash tizimini takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi 292-son qaroriga 6-ilovaning rus tilidagi matnida “Doplati k tarifnim stavkam (okladam) v svyazi s opasnimi dlya zdorovya i osobo tyajelimi usloviyami truda” boʻlimining 5-pozitsiyasi quyidagi tahrirda bayon etilsin:

6. Vazirlar Mahkamasining 2021-yil 4-iyundagi 352-son qarori bilan tasdiqlangan Oʻzbekiston Respublikasi hududiga import qilishda bojxona boji va qoʻshilgan qiymat soligʻidan ozod etiladigan, oʻxshashi respublikada ishlab chiqarilmaydigan texnologik asbob-uskunalar roʻyxati:

a) quyidagi mazmundagi 78-1-band bilan toʻldirilsin:

b) quyidagi mazmundagi 231-1-band bilan toʻldirilsin:

v) quyidagi mazmundagi 449-1-band bilan toʻldirilsin:

g) quyidagi mazmundagi 531-1-band bilan toʻldirilsin:

d) quyidagi mazmundagi 531-2-band bilan toʻldirilsin:

e) quyidagi mazmundagi 552-1-band bilan toʻldirilsin:

j) quyidagi mazmundagi 559-1-band bilan toʻldirilsin:

z) quyidagi mazmundagi 580-1-band bilan toʻldirilsin:

i) quyidagi mazmundagi 596-1-band bilan toʻldirilsin:

k) quyidagi mazmundagi 599-1-band bilan toʻldirilsin:

l) quyidagi mazmundagi 604-1-band bilan toʻldirilsin:

m) quyidagi mazmundagi 611-1-band bilan toʻldirilsin:

n) quyidagi mazmundagi 633-1-band bilan toʻldirilsin:

o) quyidagi mazmundagi 669-1-band bilan toʻldirilsin:

p) quyidagi mazmundagi 675-1-band bilan toʻldirilsin:

r) quyidagi mazmundagi 677-band bilan toʻldirilsin:

s) quyidagi mazmundagi 678-band bilan toʻldirilsin:

7. Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 22-fevraldagi 86-son qarori bilan tasdiqlangan Maxsus elektron tizim orqali ruxsat etish xususiyatiga ega ayrim hujjatlarni berish tartib-taomillari toʻgʻrisidagi yagona nizomga 20-ilovaning 7-pozitsiyasi quyidagi tahrirda bayon etilsin:

Bu hujjat sizga qanday ta'sir qiladi?

HuquqTech hujjat va qonun moddalariga tayanib, savolingizga oddiy tilda javob beradi.

AI'dan bepul so'rash

Matn lex.uz rasmiy manbasidan olingan va avtomatik yangilanadi. Huquqiy ahamiyatga ega qarorlar uchun rasmiy nashrga va malakali mutaxassisga murojaat qiling.