Aholi orasida onkologik kasalliklarning oldini olish va barvaqt aniqlashning samarali tizimini yaratish, ushbu kasalliklarga tashxis qoʻyish va davolashning ilgʻor usullarini joriy etish, onkologiya muassasalarining moddiy-texnik bazasini mustahkamlash va kadrlar salohiyatini oshirish hamda ularning tuzilmasini takomillashtirish maqsadida:
1. Quyidagilar:
Islom taraqqiyot banki ishtirokidagi “Oʻzbekiston Respublikasi onkologiya muassasalarini modernizatsiya qilish” loyihasining I bosqichida Respublika ixtisoslashgan onkologiya va radiologiya ilmiy‑amaliy tibbiyot markazining hududiy filiallariga 2016 — 2021-yillar davomida umumiy qiymati 22,8 million AQSH dollari miqdoridagi davolash, diagnostika hamda radioterapevtik tibbiy jihozlar yetkazib berilganligi va ishga tushirilganligi;
Oʻzbekiston Respublikasi va Islom taraqqiyot banki (keyingi oʻrinlarda — ITB) oʻrtasida 2021-yil 4-sentabrda “Oʻzbekiston Respublikasi onkologiya muassasalarini modernizatsiya qilish (II bosqich)” loyihasini (keyingi oʻrinlarda — loyiha) moliyalashtirish uchun 5 yillik imtiyozli davr bilan 20 yil muddatga jami 80 million AQSH dollari miqdorida hadli va agentlik kelishuvlari imzolanganligi;
Oʻzbekiston Respublikasi va ITB oʻrtasida 2025-yil 24-aprelda loyihani 10 million AQSH dollari miqdoridagi qoʻshimcha mablagʻlar bilan moliyalashtirish uchun hadli kelishuvga qoʻshimcha kelishuv imzolanganligi va qarzning umumiy miqdori 90 million AQSH dollarini tashkil etganligi;
loyihaning umumiy qiymati 133,0 million AQSH dollariga teng tuzatish kiritilgan texnik-iqtisodiy hisobi ishlab chiqilganligi va vakolatli davlat organlarida ekspertizadan oʻtkazilganligi, bunda 43,0 million AQSH dollari ekvivalentidagi mablagʻlar, shu jumladan, soliq va bojxona toʻlovlari boʻyicha imtiyozlar berish shaklidagi — 15,53 million AQSH dollari ekvivalentidagi mablagʻlar Oʻzbekiston Respublikasining loyihani amalga oshirishdagi ulushini tashkil etishi;
loyihaning II bosqichini 2022 — 2027-yillarda amalga oshirish doirasida onkologiya muassasalarini qurish, rekonstruksiya va modernizatsiya qilish, Respublika ixtisoslashtirilgan onkologiya va radiologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi (keyingi oʻrinlarda — Markaz) yangi majmuasi hamda uning filiallarini jihozlash uchun kontragent bilan oʻrnatilgan tartibda imzolangan bitim doirasida 200 turdan ortiq tibbiy jihozlarni xarid qilish, Jahon sogʻliqni saqlash tashkiloti va Saratonni oʻrganish xalqaro agentligi bilan imzolangan bitimlar doirasida onkologiya xizmati salohiyatini tubdan oshirish, saratonni boshlangʻich bosqichlarida aniqlash va ushbu yoʻnalishda soha mutaxassislarini oʻqitish va tayyorlash, onkologiya sohasida maʼlumotlarni saqlash va qayta ishlashning elektron tizimini yaratishga hamda Xalqaro atom energiyasi agentligi mutaxassislarini jalb qilgan holda, yadro tibbiyotini joriy qilishga qaratilgan tadbirlar amalga oshirilishi maʼlumot uchun qabul qilinsin.
(1-band Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2026-yil 20-yanvardagi PQ-18-sonli qarori tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 23.01.2026-y., 07/26/18/0071-son)
2. Belgilansinki:
Sogʻliqni saqlash vazirligi loyihani oʻz vaqtida amalga oshirish hamda muvofiqlashtirish, shuningdek, ITB qarzidan maqsadli va samarali foydalanish boʻyicha masʼul ijro etuvchi organ hisoblanadi;
qonunchilik hujjatlariga muvofiq belgilangan tartibda bitim rasmiylashtirilgan tashkilot loyiha doirasida tibbiy va diagnostika jihozlarini yetkazib berish uchun tuzilgan shartnomalar boʻyicha kontragent hisoblanadi;
Markaz, kontragent va loyihani amalga oshirish guruhi yuklarni qabul qilib oluvchilar hisoblanadi;
Sogʻliqni saqlash vazirligi Markaz uchun yangi majmua va uning filiallarida qurilish ishlari yakunlanib, loyiha doirasida yetkazib beriladigan jihozlarni qabul qilish uchun sharoitlar taʼminlangunga qadar ularni vaqtincha saqlash uchun omborxona bilan taʼminlaydi;
ITBning qarz mablagʻlarini qaytarish, shu jumladan, qoʻshimcha haq (ustama) va foizlar, boshqa toʻlovlar bilan bogʻliq xarajatlar Oʻzbekiston Respublikasining respublika budjeti mablagʻlari hisobidan qoplanadi.
(2-band Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2026-yil 20-yanvardagi PQ-18-sonli qarori tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 23.01.2026-y., 07/26/18/0071-son)
3. Quyidagilar:
Oʻzbekiston Respublikasi onkologiya muassasalarini modernizatsiya qilish (II bosqich)” loyihasining asosiy texnik-iqtisodiy koʻrsatkichlari 1-ilovaga muvofiq;
(3-bandning ikkinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2026-yil 20-yanvardagi PQ-18-sonli qarori tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 23.01.2026-y., 07/26/18/0071-son)
“Oʻzbekiston Respublikasi onkologiya muassasalarini modernizatsiya qilish (II bosqich)” loyihasi boʻyicha Islom taraqqiyot bankining qarz mablagʻlarini qaytarish, shu jumladan qoʻshimcha haq (ustama) va foizlarni toʻlashning prognoz jadvali 2-ilovaga muvofiq;
Oʻzbekiston Respublikasi onkologiya muassasalarini modernizatsiya qilish (II bosqich)” loyihasi doirasida jalb etilayotgan qarz mablagʻlari hisobiga jihozlar va xizmatlarni yetkazib berishning manzilli taqsimoti 3-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
(3-bandning toʻrtinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2026-yil 20-yanvardagi PQ-18-sonli qarori tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 23.01.2026-y., 07/26/18/0071-son)
4. Adliya vazirligi bir oy muddatda Oʻzbekiston Respublikasi va ITB oʻrtasida imzolangan qarz bitimi boʻyicha yuridik xulosa bersin.
5. Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari Sogʻliqni saqlash vazirligi bilan birgalikda loyiha doirasida:
yetkazib beriladigan tibbiy asbob-uskunalar bilan jihozlanadigan onkologiya muassasalarini qurish, rekonstruksiya qilish va kapital taʼmirlash boʻyicha loyiha-smeta hujjatlarining belgilangan tartibda ishlab chiqilishini;
xarid qilinadigan zamonaviy radiologiya, tashxislash va boshqa tibbiy asbob-uskunalar hamda materiallar yetkazib berilguniga qadar onkologiya muassasalarida jihozlarni joylashtirish va oʻrnatish uchun tegishli binolar tayyorlanishini taʼminlasin.
6. Iqtisodiyot va moliya vazirligi:
(6-bandning birinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2026-yil 20-yanvardagi PQ-18-sonli qarori tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 23.01.2026-y., 07/26/18/0071-son)
loyihani amalga oshirish davrida Sogʻliqni saqlash vazirligining soʻrovnomasiga asosan tovarlar va uskunalarni sotib olish, belgilangan manzilga yetkazib berish boʻyicha xizmatlarni, shuningdek, loyihani qoʻshma moliyalashtirish boʻyicha boshqa xarajatlarni moliyalashtirish uchun Davlat budjetidan zarur mablagʻlar ajratsin;
loyihani joriy yilda qoʻshma moliyalashtirish Davlat budjetidan sogʻliqni saqlash sohasiga ajratilgan mablagʻlar doirasida amalga oshirilishini, 2023-yildan boshlab zarur mablagʻlarning Davlat budjeti parametrlarida koʻzda tutilishini taʼminlasin.
7. Belgilab qoʻyilsinki, loyihani boshqarish boʻyicha vazifalar “Sogʻliqni saqlash vazirligining “Oʻzbekiston Respublikasi onkologiya muassasalarini modernizatsiya qilish (II bosqich)” loyihasini amalga oshirish guruhi” davlat muassasasi (keyingi oʻrinlarda — Loyihani amalga oshirish guruhi) zimmasiga yuklatiladi hamda uning moliyalashtirilishi loyihaning tuzatish kiritilgan texnik-iqtisodiy hisobida koʻrsatilgan ITB va Oʻzbekiston Respublikasi hissasi hisobidan amalga oshiriladi.
Bunda loyihani amalga oshirish davrida Loyihani amalga oshirish guruhining faoliyatini moliyalashtirish boʻyicha yillik xarajatlar smetasi Iqtisodiyot va moliya vazirligi bilan kelishilgan holda tasdiqlanadi.
(7-band Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2026-yil 20-yanvardagi PQ-18-sonli qarori tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 23.01.2026-y., 07/26/18/0071-son)
8. Belgilansinki, loyihani amalga oshirish doirasida xarid qilinadigan va olib kiriladigan tovarlar (xizmatlar) Oʻzbekiston Respublikasi Soliq kodeksining 483-moddasiga muvofiq qoʻshilgan qiymat soligʻidan ozod etiladi. Bunda, soliq va bojxona imtiyozlari qoʻllanishi yoki budjet mablagʻlari hisobidan toʻlab berilishi natijasida iqtisod qilingan mablagʻlar Oʻzbekiston Respublikasining loyihani amalga oshirishga qoʻshgan ulushi sifatida hisobga olinadi.
(8-bandning birinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2026-yil 20-yanvardagi PQ-18-sonli qarori tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 23.01.2026-y., 07/26/18/0071-son)
Berilgan qarzlar (kreditlar) hisobidan yuridik shaxslar tomonidan bojxona hududiga olib kiriladigan tovarlar Bojxona kodeksiga asosan bojxona bojidan ozod etilganligi maʼlumot uchun qabul qilinsin.
9. Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi, Iqtisodiyot va moliya vazirligi har yili:
(9-bandning birinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2026-yil 20-yanvardagi PQ-18-sonli qarori tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 23.01.2026-y., 07/26/18/0071-son)
kelgusi yillarga moʻljallangan investitsiya dasturini shakllantirishda, unga “Oʻzbekiston Respublikasi onkologiya muassasalarini modernizatsiya qilish (II bosqich)” loyihasining belgilangan tartibda kiritilishini;
onkologiya muassasalaridagi qurilish va taʼmirlash ishlarini Oʻzbekiston Respublikasining ijtimoiy va ishlab chiqarish infratuzilmasini rivojlantirish dasturiga muvofiq tibbiyot muassasalarini qurish, rekonstruksiya qilish va kapital taʼmirlash uchun ajratiladigan mablagʻlar doirasida moliyalashtirilishini taʼminlasin.
10. Tashqi ishlar vazirligi Sogʻliqni saqlash vazirligining viza talabnomalariga binoan mazkur loyihani amalga oshirish doirasida jalb qilinadigan xorijiy mutaxassislar uchun kirish vizalari konsullik yigʻimlari va boshqa haqiqiy xarajatlarning oʻrnini qoplash hisobidan yigʻimlar undirilmasdan rasmiylashtirilishini taʼminlasin.
11. Ichki ishlar vazirligi Sogʻliqni saqlash vazirligi buyurtmasiga asosan loyihani amalga oshirish uchun jalb qilinadigan xorijiy mutaxassislarga koʻp martalik viza muddatlari uzaytirilishini, shuningdek, vaqtincha turar joyi boʻyicha roʻyxatga olinishini va uning muddati uzaytirilishini taʼminlasin.
12. Mazkur qarorning ijrosini samarali tashkil qilishga masʼul va shaxsiy javobgar etib sogʻliqni saqlash vaziri A.A. Xudayarov belgilansin.
(12-band Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2026-yil 20-yanvardagi PQ-18-sonli qarori tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 23.01.2026-y., 07/26/18/0071-son)
13. Qarorning oʻz vaqtida va samarali ijro etilishini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vaziri A.N. Aripov zimmasiga yuklansin.
(13-band Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2026-yil 20-yanvardagi PQ-18-sonli qarori tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 23.01.2026-y., 07/26/18/0071-son)
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Sh. MIRZIYOYEV
Toshkent sh.,
2022-yil 13-may,
PQ-242-son
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2022-yil 13-maydagi PQ-242-son qaroriga1-ILOVA
Oʻzbekiston Respublikasi onkologiya muassasalarini modernizatsiya qilish (II bosqich)” loyihasining asosiy texnik-iqtisodiy koʻrsatkichlari
* Soʻnggi qiymat koʻrsatkichlari tovarlar va xizmatlarini yetkazib berish boʻyicha oʻtkaziladigan xalqaro tender savdolari natijalariga asosan aniqlanadi.
(1-ilova Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2026-yil 20-yanvardagi PQ-18-sonli qarori tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 23.01.2026-y., 07/26/18/0071-son)
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2022-yil 13-maydagi PQ-242-son qaroriga 2-ILOVA
Oʻzbekiston Respublikasi onkologiya muassasalarini modernizatsiya qilish (II bosqich)” loyihasi boʻyicha Islom taraqqiyot bankining qarz mablagʻlarini qaytarish, shu jumladan qoʻshimcha haq (ustama) va foizlarni toʻlashning
* SWAP foiz koʻrsatkichi soʻnggi haqiqiy qarz mablagʻlari oʻzlashtirilganidan keyin belgilanadi;
** Islom taraqqiyot banki qarzining haqiqatda oʻzlashtirilgan miqdori hamda sanasidan kelib chiqib oʻzgaradi.
(2-ilova Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2026-yil 20-yanvardagi PQ-18-sonli qarori tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 23.01.2026-y., 07/26/18/0071-son)
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2022-yil 13-maydagi PQ-242-son qaroriga3-ILOVA
Oʻzbekiston Respublikasi onkologiya muassasalarini modernizatsiya qilish (II bosqich)” loyihasi doirasida jalb etilayotgan qarz mablagʻlari hisobiga jihozlar va xizmatlarni yetkazib berishning
* Loyihaning yakuniy qiymat koʻrsatkichlari loyiha-smeta hujjatlari va tanlov (tender) savdolari natijalari boʻyicha aniqlashtiriladi.
** Loyihani amalga oshirish jarayonida zaruratga koʻra Sogʻliqni saqlash vazirligi tomonidan roʻyxatga oʻzgartirishlar kiritilishi mumkin.
(3-ilova Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2026-yil 20-yanvardagi PQ-18-sonli qarori tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 23.01.2026-y., 07/26/18/0071-son)