PQ-249-son Qaror · 18.05.2022

Sement-beton qoplamali avtomobil yoʻllari tarmogʻini kengaytirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida

Rekvizitlar

  • Hujjat turi:Qaror
  • Raqami:PQ-249
  • Qabul qilingan sana:18.05.2022
  • Kuchga kirgan sana:19.05.2022
  • Holati:Amalda
  • Rasmiy nashr:QMMB 07/22/249/0429

Yoʻl-transport infratuzilmasini yanada rivojlantirish, aholi, eng avvalo qishloq joylarda yashovchilarning hayot faoliyati uchun qulay shart-sharoitlar yaratish, shaharlar va boshqa aholi punktlarining koʻchalari hamda xoʻjaliklararo qishloq avtomobil yoʻllari (keyingi oʻrinlarda — ichki yoʻllar) holatini yaxshilash va ulardan foydalanish sifatini oshirish maqsadida, shuningdek, 2022 — 2026-yillarga moʻljallangan Yangi Oʻzbekistonning taraqqiyot strategiyasini “Inson qadrini ulugʻlash va faol mahalla yili”da amalga oshirishga oid davlat dasturiga muvofiq:

1. Andijon viloyatining olis va chekka hududlarida ichki yoʻllarni sement ishlab chiqaruvchilar tomonidan 10 yil mobaynida saqlab turish sharti bilan sement-beton qoplamaga, tajriba tariqasida, oʻtkazilganligi maʼlumot uchun qabul qilinsin.

2. Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari, Transport vazirligi, Qurilish vazirligi, Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi, Avtomobil yoʻllari qoʻmitasi va “Oʻzsanoatqurilishmateriallari” uyushmasining 2022-yilda sement yoki beton ishlab chiqaruvchilarni jalb qilgan holda sement-beton qoplamali ichki yoʻllarni qurish va taʼmirlash ishlarini klaster usulida (keyingi oʻrinlarda — klaster usulida sement-beton qoplamali ichki yoʻllarni qurish) amalga oshirish haqidagi taklifi maqullansin.

Bunda, klaster usulida sement-beton qoplamali ichki yoʻllarning qurish qoʻshilgan qiymat zanjirini yaratish asosida beton qorishmasini ishlab chiqarish, yoʻl konstruksiyasi asosini tayyorlash, qoplamani yotqizish hamda qurilgan yoʻllarni saqlash ishlarini nazarda tutadi.

3. Qoraqalpogʻiston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahrida 2022-yilda sement-beton qoplamali ichki yoʻllarni qurish parametrlari ilovaga muvofiq tasdiqlansin.

4. Belgilansinki, 2022-yilda klaster usulida sement-beton qoplamali ichki yoʻllarni qurish ishlari boʻyicha:

manzilli roʻyxatlar Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari tomonidan sektorlar rahbarlarining joylarda jamoatchilik fikri va talabini inobatga olgan holda bildirgan takliflari asosida shakllantiriladi hamda Qoraqalpogʻiston Respublikasi Joʻqorgʻi Kengesi, xalq deputatlari viloyatlar va Toshkent shahar Kengashlari tomonidan tasdiqlanadi;

xalqaro moliya institutlari mablagʻlari hisobiga obyektlarni qurish — Avtomobil yoʻllari qoʻmitasi huzuridagi “Avtoyoʻlinvest” agentligi buyurtmasi asosida amalga oshiriladi, boshqa obyektlar boʻyicha — Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari huzuridagi “Yagona buyurtmachi xizmati” IK DUKlar buyurtmachi etib belgilanadi;

loyiha tashkilotlarini jalb etish, masʼul tashkilotlar bilan texnik shartlarni kelishish, ishlari;

ishlab chiqilgan loyiha-smeta hujjatlari hamda shakllantirilgan narxlar Qurilish vazirligining “Shaffof qurilish” elektron platformasi orqali shaharsozlik hujjatlari ekspertizasini amalga oshiruvchi vakolatli tashkilotlar tomonidan davlat ekspertizasidan oʻtkaziladi;

klaster usulida ichki yoʻllarni qurish ishlarini amalga oshiruvchi bosh pudratchi (keyingi oʻrinlarda — bosh pudratchi) tashkilot Qoraqalpogʻiston Respublikasi Joʻqorgʻi Kengesi, xalq deputatlari viloyatlar va Toshkent shahar Kengashlari tomonidan eng yaxshi takliflarni tanlab olish orqali aniqlanadi;

qurilish ishlari yakunlanib, obyektlar foydalanishga qabul qilingandan soʻng shahar va tuman obodonlashtirish boshqarmalari tasarrufiga beriladi hamda ushbu ichki yoʻllarni bosh pudratchi tomonidan oʻz mablagʻlari hisobidan 5 yil davomida kafolatli soz holatda saqlash va ekspluatatsiya qilish ishlarini amalga oshirish boʻyicha bosh pudratchi bilan shartnoma tuziladi. Bunda, bosh pudratchilarga nisbatan ekspluatatsiya qiluvchi tashkilotlar uchun qonunchilik hujjatlarida belgilangan barcha talablar, huquq va majburiyatlar amal qiladi;

obyektlarning loyiha-smeta hujjatlariga asosan ajratilgan mablagʻlar yetishmagan taqdirda, qoʻshimcha xarajatlar tegishlicha Qoraqalpogʻiston Respublikasining respublika budjeti, viloyatlar va Toshkent shahar mahalliy budjeti hamda uning qoʻshimcha manbalari hisobidan qoplanadi.

5. Transport vazirligi huzuridagi Yoʻl-qurilish ishlari sifatini nazorat qilish inspeksiyasi sement-beton qoplamaga oʻtkazilayotgan ichki yoʻllarning Qurilish vazirligi tomonidan tasdiqlangan maxsus yoʻriqnomalar, shaharsozlik normalari va qoidalari, texnik jihatdan tartibga solish sohasidagi boshqa normativ hujjatlar talablariga mosligi ustidan doimiy nazorat oʻrnatsin.

6. Sement-beton qoplamali ichki yoʻllarni qurish uchun sement mahsulotlari va inert materiallarni Buxoro, Sirdaryo va Xorazm viloyatlariga tashish boʻyicha amaldagi temir yoʻl yuk tashuvlari tariflariga 50 foiz chegirma joriy etilsin.

7. 2022-yilda klaster usulida sement-beton qoplamali ichki yoʻllarni qurish ishlarini moliyalashtirish uchun:

a) Moliya vazirligi — Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti topshiriqlariga asosan hududlarni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish tadbirlari uchun budjet parametrlarida nazarda tutilgan mablagʻlar hisobidan qoʻshimcha 430 mlrd soʻm ajratsin;

b) Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi Moliya vazirligi bilan birgalikda:

ikki oy muddatda xalqaro moliya institutlari ishtirokida amalga oshirilayotgan loyihalar doirasida iqtisod qilingan mablagʻlar hisobidan 40 mln AQSh dollari miqdoridagi mablagʻni yoʻnaltirish;

joriy yilning 1-sentabriga qadar qoʻshimcha 40 mln AQSh dollari miqdorida xalqaro moliya institutlari mablagʻlarini jalb qilish choralarini koʻrsin;

v) Iqtisodiy taraqqiyot va kambagʻallikni qisqartirish vazirligi, Avtomobil yoʻllari qoʻmitasi — 2022-yil tasdiqlangan dasturlarga kiritilgan avtomobil yoʻllarini qurish, rekonstruksiya qilish va taʼmirlash ishlariga ajratilgan mablagʻlarni qayta taqsimlash hisobiga 70,5 mlrd soʻm yoʻnaltirsin;

g) Toshkent shahar hokimligi — mahalliy budjet va uning qoʻshimcha manbalari, shuningdek, 2022-yilda “Obod mahalla” dasturi uchun yoʻnaltirilgan mablagʻlarni qayta taqsimlash hisobidan 200 mlrd soʻm ajratsin.

8. 2023-yil va kelgusi yillarda klaster usulida sement-beton qoplamali ichki yoʻllarni qurish ishlarini moliyalashtirish uchun:

Iqtisodiy taraqqiyot va kambagʻallikni qisqartirish vazirligi Moliya vazirligi bilan birgalikda 2023-yil va kelgusi yillar uchun ijtimoiy va ishlab chiqarish infratuzilmasini rivojlantirish dasturlarini shakllantirishda tegishli mablagʻlarni koʻzda tutsin;

Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi Avtomobil yoʻllari qoʻmitasi bilan birgalikda xalqaro moliya institutlaridan 200 mln AQSh dollari miqdoridagi mablagʻlarni jalb qilish boʻyicha 2023-yil 15-martga qadar qarz kelishuvi imzolanishini taʼminlasin.

9. Buyurtmachi tashkilotlarga Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi hamda Transport vazirligi tavsiyalariga koʻra ichki yoʻllarni sement-beton qoplamaga oʻtkazish ishlari sifatli olib borilishini taʼminlash maqsadida xorijiy ekspertlarni hamda xalqaro sertifikatga ega injener-konsultantlarni toʻgʻridan toʻgʻri jalb qilish huquqi berilsin.

10. Davlat dasturlari ijro etilishini nazorat qilish va muvofiqlashtirish boʻyicha respublika shtabi (E.T. Yuldashev) mazkur qaror doirasidagi mablagʻlarning maqsadli ajratilishi va sarflanishi ustidan doimiy nazorat oʻrnatsin hamda har yarim yilda Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasiga axborot kiritib borsin.

11. Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi (A.E. Burxanov) mazkur qaror doirasida ajratilgan mablagʻlarning maqsadli ishlatilishi jarayonida ochiqlik va oshkoralikni taʼminlash ustidan doimiy nazorat oʻrnatsin.

12. Transport vazirligi ikki oy muddatda avtomobil yoʻllari va sunʼiy inshoatlarni qurish, rekonstruksiya qilish, mukammal va joriy taʼmirlash ishlari yakuni boʻyicha ularning kafolat muddatini belgilovchi normativ hujjat ishlab chiqsin va tasdiqlasin.

13. Oʻzbekiston Milliy teleradiokompaniyasi va Oʻzbekiston Milliy axborot agentligiga Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari bilan birgalikda ommaviy axborot vositalarida klaster usulida ichki yoʻllarni sement-beton qoplamaga oʻtkazish boʻyicha amalga oshirilayotgan ishlarni keng koʻlamda yoritish tavsiya etilsin.

14. Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi Raisi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimlari ajratilgan mablagʻlardan samarali foydalanish hamda belgilangan reja koʻrsatkichlari ijrosini oʻz muddatida taʼminlash yuzasidan shaxsiy javobgar etib belgilansin.

15. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʻrinbosarlari A.J. Ramatov va S.U. Umurzakov zimmasiga yuklansin.

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Sh. MIRZIYOYEV

Toshkent sh.,

2022-yil 18-may,

PQ-249-son

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2022-yil 18-maydagi 249-son qarorigaILOVA

Qoraqalpogʻiston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahrida 2022-yilda sement-beton qoplamali ichki yoʻllarni qurish

*Mazkur parametrlarga Ijtimoiy va ishlab chiqarish infratuzilmasini rivojlantirish boʻyicha Respublika komissiyasi tomonidan oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritilishi mumkin.

** Avtomobil yoʻllari qoʻmitasi huzuridagi “Mintaqaviy yoʻllarga buyurtmachi xizmati” DUK va “Avtoyoʻlinvest” agentligi buyurtmachiligi asosida amalga oshiriladi.

Bu hujjat sizga qanday ta'sir qiladi?

HuquqTech hujjat va qonun moddalariga tayanib, savolingizga oddiy tilda javob beradi.

AI'dan bepul so'rash

Matn lex.uz rasmiy manbasidan olingan va avtomatik yangilanadi. Huquqiy ahamiyatga ega qarorlar uchun rasmiy nashrga va malakali mutaxassisga murojaat qiling.