Uran xom ashyo bazasini barqaror rivojlantirish, uni qazib chiqarish va qayta ishlash hajmlarini koʻpaytirish, sohani transformatsiya qilish hamda unga investitsiyalarni va zamonaviy texnologiyalarni jalb etish, pirovard natijada geologik oʻrganishlardan chuqur qayta ishlangan mahsulot olishgacha boʻlgan jarayonni qamrab oladigan zamonaviy klaster faoliyatini yoʻlga qoʻyish maqsadida:
1. “Navoiyuran” davlat korxonasi (keyingi oʻrinlarda — “Navoiyuran” DK) faoliyatini yanada rivojlantirishning asosiy yoʻnalishlari etib quyidagilar belgilansin:
uran mineral xom ashyosi bazasini 100 ming tonnaga yetkazish, yangi konlarni ochishni taʼminlashga yoʻnaltirilgan geologiya-qidiruv va ilmiy-tadqiqot ishlarini oʻtkazish, ularning samaradorligi va natijadorligini oshirish;
“Navoiyuran” DK transformatsiyasini jadallashtirish orqali zamonaviy korporativ boshqaruv tizimini joriy etish, moddiy-texnik, moliyaviy va mehnat resurslaridan unumli foydalanish, shuningdek, geologiya-qidiruv ishlaridan boshlab yuqori qoʻshilgan qiymatli mahsulot ishlab chiqarishgacha boʻlgan barcha boʻgʻinlarda yagona raqamlashtirilgan tizimni joriy etish;
hozirda oʻzlashtirilmagan va sanoat darajasida oʻzlashtirishga tayyorlanayotgan konlarda uran va yoʻldosh metallarni ajratib olish, shuningdek, oʻzlashtirilayotgan konlarda uran ajratib olish darajasini oshirish boʻyicha tajriba-sanoat ishlarini oʻtkazish;
uran xom ashyosini qazib olish va qayta ishlash hajmini ikki baravarga oshirish, shuningdek, nodir va kamyob metallarni ajratib olishda samarali texnologiyalarni joriy etish va ularni qayta ishlash hajmlarini koʻpaytirish;
respublika hududida uran xom ashyosini qayta ishlab, yuqori qoʻshilgan qiymatli mahsulot olish, jumladan, yadro yoqilgʻi siklini yadro reaktorigacha boʻlgan texnologik zanjiri boʻgʻinlari uchun mahsulot ishlab chiqarishni yoʻlga qoʻyish istiqbollari sohasida ilmiy tadqiqotlar olib borish;
ishlab chiqarish jarayoniga zamonaviy, resurstejamkor raqamli texnologiyalarni joriy etish, shuningdek, xavfsiz texnologik yechimlarni joriy etish orqali uran xom ashyosini qazib olish va qayta ishlash jarayonlarining ekologik xususiyatlarini yaxshilash boʻyicha ilmiy va amaliy tadqiqotlarni amalga oshirish;
uran xom ashyosini qazib olish va qayta ishlashni rivojlantirish, qoʻshimcha qiymat yaratish, sifatini oshirish va chiqindilarni qayta ishlash boʻyicha ilmiy izlanishlar oʻtkazish, shuningdek, uran xom ashyosini qazib olish va qayta ishlash boʻyicha jahon amaliyotini oʻrganish, eng maqbul tajribalarni respublika amaliyotiga tatbiq etish;
uran, nodir va kamyob metallarni qazib olish hamda qayta ishlash doirasida loyiha hamda injiniring xizmatlari, ilmiy-tadqiqot va tajriba-konstruktorlik ishlarining oʻzaro bogʻliq tizimini rivojlantirish, zamonaviy texnologiyalarni va innovatsiyalarni joriy etish hamda mavjudlarini takomillashtirish boʻyicha ilgʻor xorijiy tajribalar asosida fan va ishlab chiqarish oʻrtasidagi oʻzaro hamkorlikning yangi tizimini yoʻlga qoʻyish;
uran, nodir va kamyob metallarni qazib olish hamda qayta ishlash sohasida kadrlar tayyorlash va ularning malakasini oshirish tizimini tubdan takomillashtirish, shuningdek, mavjud va yangi barpo etiladigan ishlab chiqarish quvvatlarini yuqori malakali mahalliy va xorijiy mutaxassislar bilan taʼminlash.
2. Quyidagilar:
geologiya-qidiruv ishlari orqali uran zaxiralarini koʻpaytirishning maqsadli koʻrsatkichlari 1-ilovaga muvofiq;
uran qazib olish va qayta ishlashning maqsadli koʻrsatkichlari 2-ilovaga muvofiq;
“Navoiyuran” davlat korxonasi tomonidan uran qazib olish va qayta ishlashni koʻpaytirish maqsadida amalga oshiriladigan investitsiya loyihalari roʻyxati 3-ilovaga muvofiq;
“Navoiyuran” davlat korxonasini rivojlantirish va transformatsiya qilish boʻyicha “yoʻl xaritasi” 4-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
3. “Navoiyuran” DK mutasaddi vazirlik va idoralar bilan birgalikda mazkur qarorning 5-ilovasiga muvofiq korxona tomonidan ishlab chiqarishni keskin oshirish va transformatsiya dasturlarini jadallashtirish boʻyicha 2022-yilda amalga oshiriladigan chora-tadbirlar rejasini belgilangan muddatlarda ijrosini toʻliq taʼminlasin.
Davlat aktivlarini boshqarish agentligi “Navoiyuran” DKning yillik biznes rejasida sof foydani taqsimlashda mazkur qarorga 3, 4 va 5-ilovalarda amalga oshirilishi belgilangan loyihalar va chora-tadbirlarni moliyalashtirishni inobatga olsin.
4. “Navoiyuran” DK Kuzatuv kengashi:
a) bir oy muddatda “Navoiyuran” DK tashkiliy tuzilmasida transformatsiya jarayonlarini toʻlaqonli joriy etish maqsadida Loyiha ofisi tashkil etilishini, uning xarajatlar smetasi tasdiqlanishini va malakali mutaxassislarni jalb etish boʻyicha choralar koʻrilishini taʼminlasin. Bunda Loyiha ofisiga quyidagi vazifalar yuklatilsin:
korxonaning zamonaviy tashkiliy tuzilmasini ishlab chiqish va Kuzatuv kengashiga mustaqil aʼzo hamda korxonaning rahbarlik lavozimlariga xorijiy tajribaga ega boʻlgan, yuqori malakali mutaxassislarni jalb qilish boʻyicha xorijiy rekruting tashkilotlari bilan ishlash;
rekruting tashkilotlari hamda “Orano Mayning” kompaniyasi (Fransiya) mutaxassislari bilan birgalikda “Boshqaruv xodimlari qobiliyatini rivojlantirish” dasturini ishlab chiqqan holda, korxona xodimlarini xorijiy oliy taʼlim muassasalarida hamda yetakchi xorijiy kompaniyalarda tizimli ravishda malakasini oshirishni tashkil etish;
korxonada kadrlar salohiyatini oshirish boʻyicha rekruting tashkilotlari bilan lavozimlarni baholash tizimini joriy etish;
konsalting kompaniyasi bilan birgalikda korxonaning 2030-yilga qadar rivojlanish strategiyasini ishlab chiqish;
xorijiy konsultantlar tavsiyalari asosida korxonaning operatsion samaradorligini oshirishni hamda uni texnik auditdan oʻtkazilishini tashkil etish;
xalqaro reyting agentliklari tavsiyalariga muvofiq ekologik, ijtimoiy va korporativ boshqaruv (ESG) tamoyillarini joriy etish va ularni doimiy takomillashtirib borish choralarini koʻrish;
konsalting kompaniyalari bilan birgalikda uran zaxiralarini xalqaro standartlarga muvofiq bosqichma-bosqich baholash ishlarini tashkillashtirish;
korxonaning xaridlar tizimini qayta tashkil etish, korrupsiyaga qarshi kurashish tizimlarining samaradorligini oshirish va “forenzik” auditidan oʻtkazish;
milliy standartlar asosida tayyorlanayotgan moliyaviy hisobotlarning xalqaro standartiga bosqichma-bosqich oʻtkazishni tashkil etish va xalqaro tan olingan audit kompaniyalaridan auditdan oʻtkazish;
korxonaning hisob-kitoblari, xaridlari, kadrlari, omborxonalari, mahsulotlar eksportini boshqarish hamda uran xom ashyosini qazib olish, dastlabki va oxirgi qayta ishlash bosqichlarini toʻliq raqamlashtirish;
b) korxonada rejalashtirilayotgan har bir investitsiya loyihasi boʻyicha:
texnik-iqtisodiy asoslar, zarur hollarda, xorijiy konsalting kompaniyalarini toʻgʻridan-toʻgʻri shartnomalar asosida jalb qilgan holda, puxta ishlab chiqilishi va belgilangan tartibda ekspertizadan oʻtkazilishini;
tasdiqlangan oʻrta va uzoq muddatli strategiyalarga muvofiqligi boʻyicha Kuzatuv kengashi huzuridagi Strategiya va investitsiya qoʻmitasining ijobiy xulosasi olinishi;
investitsiya loyihasi xorijiy konsultantlar ishtirokidagi ekspertlar kengashi tomonidan maʼqullangandan soʻng uni amalga oshirish toʻgʻrisidagi qaror hamda asosiy texnik-texnologik yechimlar, iqtisodiy va moliyaviy koʻrsatkichlar, moliyalashtirish sxemalari belgilangan tartibda tasdiqlanishini taʼminlasin.
5. Davlat aktivlarini boshqarish agentligi Iqtisodiy taraqqiyot va kambagʻallikni qisqartirish vazirligi, Moliya vazirligi va “Navoiyuran” DK bilan birgalikda korxonaning transformatsiya jarayonlarini jadallashtirish, tashkiliy tuzilmasini qayta koʻrib chiqish, operatsion samaradorligini oshirish, sohaga yuqori malakali kadrlarni jalb etish va mavjud kadrlar malakasini oshirish hamda ishlab chiqarish va boshqaruv jarayonlarini toʻliq raqamlashtirish orqali korxonani zamonaviy va raqobatbardosh kompaniyaga aylantirish maqsadida:
a) 2022-yil 1-dekabrga qadar xorijiy rekruting tashkilotlarini jalb qilgan holda Kuzatuv kengashiga mustaqil aʼzo hamda korxonaning boshqaruviga bosh geolog, bosh geotexnolog va boshqa rahbarlik lavozimlariga xorijiy tajribaga ega boʻlgan, yuqori malakali mutaxassislarni, shu jumladan xorijdagi vatandoshlarni jalb qilsin hamda “Boshqaruv xodimlari qobiliyatini rivojlantirish” dasturini va korxonaning zamonaviy tashkiliy tuzilmasini ishlab chiqqan holda lavozimlarni baholash tizimini joriy etsin;
b) 2022-yil 20-dekabrga qadar xalqaro konsalting kompaniyalarini jalb qilgan holda:
“Navoiyuran” DKning 2030-yilga qadar rivojlanish strategiyasini ishlab chiqishni;
geologiya, qazib olish va qayta ishlash jarayonlarining operatsion samaradorligini oshirish hamda texnik-texnologik jihozlanganlik holatini yaxshilash maqsadida texnik auditdan oʻtkazishni;
konsalting kompaniyalar tomonidan berilgan tavsiyalar va koʻrsatmalarni bosqichma-bosqich amalga oshirishni nazarda tutuvchi chora-tadbirlar rejasini ishlab chiqsin;
v) 2023-yil 1-iyunga qadar xalqaro talablarga muvofiq ekologik, ijtimoiy va korporativ boshqaruv (ESG) tamoyillarini joriy etsin;
g) 2023-yil 1-yanvardan boshlab:
xalqaro konsalting kompaniyalaridan birini jalb qilgan holda uran zaxiralari Avstraliya kodeksi (JORC Code) standartlariga muvofiq tayyorlanishini taʼminlasin;
“Navoiyuran” DK rahbar xodimlarining kamida 30 foizini xorijiy davlatlarning sohada yuqori reytingga ega boʻlgan oliy taʼlim muassasalarida hamda yetakchi xalqaro kompaniyalarda tizimli ravishda qisqa va oʻrta muddatli oʻquv va qayta tayyorlash kurslarida malakasini oshirish choralarini koʻrsin;
d) xalqaro auditorlik kompaniyalarini jalb qilgan holda “Navoiyuran” DKning:
2023-yil 1-aprelga qadar xarid jarayonlarini “forenzik” auditdan oʻtkazish, shu jumladan mavjud xaridlar tizimini qayta tashkil etish va korrupsiyaga qarshi kurashish tizimlarining samaradorligini oshirishni;
2023-yil 1-oktabrga qadar moliyaviy hisobotlarini xalqaro standartlar asosida auditdan oʻtkazishni taʼminlasin;
e) 2023-yil 1-dekabrga qadar “Navoiyuran” DK moliya, xaridlar, kadrlar, omborxonalar va eksportni toʻliq qamrab oladigan resurslarni boshqarish (ERP) axborot tizimini yaratish hamda uran xom ashyosini qazib olish, dastlabki va oxirgi qayta ishlash bosqichlarini boshqarish boʻyicha (SCADA) raqamlashtirilgan tizimini takomillashtirish;
j) 2024-yil yakuniga qadar xalqaro kredit reytingi qoʻlga kiritilishini taʼminlasin.
6. “Navoiyuran” DK tuzilmasida bosh direktorning transformatsiya jarayonlarini muvofiqlashtirish boʻyicha oʻrinbosari — Loyiha ofisi rahbari hamda ilm-fan va innovatsion rivojlantirish boʻyicha oʻrinbosari lavozimlari joriy etilsin. Bunda:
transformatsiya jarayonlarini muvofiqlashtirish boʻyicha oʻrinbosari — Loyiha ofisi rahbariga mazkur qarorning 4 va 5-bandlarida hamda korxonani transformatsiya qilish boʻyicha belgilangan topshiriqlarning ijrosini taʼminlash;
ilm-fan va innovatsion rivojlantirish boʻyicha oʻrinbosarga — mazkur qarorda ishlab chiqarish va ilm-fan integratsiyasi boʻyicha belgilangan topshiriqlarning ijrosini taʼminlash yuklatilsin.
7. “Navoiyuran” DKning iqtisodiy salohiyatini toʻlaqonli namoyish etish maqsadida quyidagi maʼlumotlarni rasman eʼlon qilish boʻyicha cheklovlar olib tashlansin:
uran zaxiralari va resurslari geologiyasi, ularni qazib olish, qayta ishlash va eksport hajmlari toʻgʻrisidagi maʼlumotlar;
“Navoiyuran” DKning 2021-yildan boshlab milliy va xalqaro standartlar asosidagi moliyaviy hisobotlari boʻyicha maʼlumotlar.
8. Belgilansinki, 2022 — 2030-yillarda mineral xom ashyo bazasini rivojlantirish va qayta toʻldirish davlat dasturi doirasida uran, nodir va kamyob metallar prognoz resurslarini hamda zaxiralarini koʻpaytirish boʻyicha geologiya-qidiruv, ilmiy-tadqiqot va tajriba-sinov ishlari “Navoiyuran” DK tomonidan amalga oshiriladi.
9. “Navoiyuran” DKga istiqboli yuqori boʻlgan uran maʼdanli maydonlarning zaxiralari hisoblangan bloklarida, geologik oʻrganishni davom ettirish va uran xom ashyosini qazib olish ishlarini bir vaqtning oʻzida olib borishga, istisno tariqasida, ruxsat berilsin.
10. Davlat geologiya va mineral resurslar qoʻmitasi mazkur qarorga 1-ilovada nazarda tutilgan istiqbolli va yangi istiqbolli maydonlar negizida topilgan konlarning uran zaxiralari Davlat geologiya va mineral resurslar qoʻmitasining Foydali qazilmalar zaxiralari boʻyicha davlat komissiyasi tomonidan tasdiqlangandan soʻng “Navoiyuran” DKning murojaati asosida ushbu konlarda foydali qazilmalarni qazib olish huquqi uchun ruxsatnomalarni toʻgʻridan-toʻgʻri rasmiylashtirsin.
11. Navoiy, Samarqand, Buxoro, Jizzax va Namangan viloyati hokimliklari Davlat geologiya va mineral resurslar qoʻmitasining murojaati asosida mazkur qarorga 1-ilovada koʻrsatilgan istiqbolli maydonlar va konlar joylashgan yer uchastkalarini belgilangan tartibda jamoat ehtiyojlari uchun olib qoʻyish hamda Davlat geologiya va mineral resurslar qoʻmitasiga doimiy foydalanish huquqi asosida ajratib berish choralarini koʻrsin.
(11-band Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2023-yil 30-yanvardagi PF-15-sonli Farmoni tahririda)
12. Davlat geologiya va mineral resurslar qoʻmitasi, Davlat aktivlarini boshqarish agentligi, Moliya vazirligi hamda Iqtisodiy taraqqiyot va kambagʻallikni qisqartirish vazirligining:
Davlat geologiya va mineral resurslar qoʻmitasi tizimidagi “Urankamyobmetgeologiya” AJning uran, nodir va kamyob metallar qazib olish boʻyicha istiqbolli maydonlarni oʻrganishga yoʻnaltirilgan barcha aktivlari va majburiyatlarini “Navoiyuran” DK ga oʻtkazish hamda “Urankamyobmetgeologiya” AJni belgilangan tartibda tugatish va aksiyalarini davlat reyestridan chiqarish;
“Nurlikum mining Uzbek-French joint venture” masʼuliyati cheklangan jamiyati qoʻshma korxonasidagi Davlat geologiya va mineral resurslar qoʻmitasining ulushini “Navoiyuran” DKga ustav fondida davlat ulushini mos ravishda oshirish hisobiga berish toʻgʻrisidagi takliflariga rozilik berilsin.
Soliq kodeksining 243-moddasi 17-bandiga va 304-moddasi 8-bandiga muvofiq “Navoiyuran” DKga berilgan mol-mulklar va ulushlar soliqqa tortilmasligi maʼlumot uchun qabul qilinsin.
13. Belgilansinki:
“Urankamyobmetgeologiya” AJ xodimlari bilan mehnat munosabatlari ushbu xodimlarning xohishiga koʻra Mehnat kodeksining 98-moddasiga muvofiq, ular bilan tuzilgan amaldagi mehnat shartnomasiga tegishli oʻzgartirishlar kiritish orqali “Navoiyuran” DKda davom ettiriladi. Bunda:
oʻtkazilgan ishchi xodimlarga mehnatga haq toʻlashning amaldagi shartlari, shu jumladan belgilangan tarif razryadlari va stavkalari, mukofotlar, qoʻshimcha haqlar va ustamalar, moddiy yordam hamda qonunchilik bilan belgilangan tuman koeffitsiyentlari saqlab qolinadi;
“Urankamyobmetgeologiya” AJda faoliyat yuritayotgan barcha xodimlar uchun qonunchilikka muvofiq va jamoa shartnomasida belgilangan imtiyozlar, shuningdek, tovon, kompensatsiya va nafaqalarning barcha turlari (mehnatda mayib boʻlganlik, kasb kasalliklari, sogʻliqqa shikast yetganlik, bola parvarishi va boshqalar uchun) saqlab qolinadi;
“Navoiyuran” DK xodimlari uchun Vazirlar Mahkamasining 2017-yil 24-apreldagi “Navoiyuran” davlat korxonasi, “Navoiy kon-metallurgiya kombinati” aksiyadorlik jamiyati va “Navoiy kon-metallurgiya kombinati jamgʻarmasi” davlat muassasasi” korxonasi xodimlari ish haqini tumanlar (hududlar) boʻyicha tartibga solishni takomillashtirish toʻgʻrisida”gi 232-son qarori tatbiq qilinadi;
“Urankamyobmetgeologiya” AJda mavjud boʻlgan ish oʻrinlarining mehnat sharoitlari boʻyicha attestatsiya xaritalari amal qilishi saqlanib qolinadi.
14. Ichki ishlar vazirligi, Davlat geologiya va mineral resurslar qoʻmitasi, Kadastr agentligi hamda boshqa vazirlik va idoralar yigʻimlar va boshqa toʻlovlarni undirmasdan tegishli ariza berilgan kundan boshlab 10 kalendar kunidan oshmagan muddatda:
“Urankamyobmetgeologiya” AJdan “Navoiyuran” DKga oʻtkaziladigan avtotransport vositalari va boshqa harakatlanadigan tarkib ichki ishlar organlarida qayta rasmiylashtirilishini;
“Urankamyobmetgeologiya” AJdan “Navoiyuran” DKga oʻtkaziladigan koʻchmas mulk obyektlariga nisbatan mulk huquqini beruvchi kadastr hujjatlari qayta roʻyxatdan oʻtkazilishini;
“Urankamyobmetgeologiya” AJdan “Navoiyuran” DKga litsenziya, sertifikat, patent va boshqa ruxsat beruvchi hujjatlar berilishini, roʻyxatdan oʻtkazilishini va qayta rasmiylashtirilishini taʼminlasin.
15. Iqtisodiy taraqqiyot va kambagʻallikni qisqartirish vazirligi hamda “Navoiyuran” DKning uran xom ashyosini qazib olish va qayta ishlash sohasi uchun kadrlar tayyorlaydigan Toshkent shahridagi “MMFI” milliy tadqiqot yadro universiteti (Rossiya Federatsiyasi) filiali, Navoiy davlat konchilik va texnologiyalar universiteti hamda boshqa oliy taʼlim tashkilotlarini moddiy-texnik taʼminlash boʻyicha ularning xarajatlarini amalga oshirish uchun qoʻshimcha moliyalashtirish manbai sifatida “Navoiyuran” DK tomonidan ularga homiylik yordami koʻrsatish toʻgʻrisidagi taklifiga rozilik berilsin.
16. Iqtisodiy taraqqiyot va kambagʻallikni qisqartirish vazirligi 2023-yil 1-aprelga qadar:
“Oʻzkimyosanoat” AJ, “Olmaliq KMK” AJ va “Oʻzbekneftgaz” AJ bilan birgalikda “Navoiyuran” DKning ishlab chiqarish hajmlari keskin oshishini hisobga olgan holda mazkur qarorga 6-ilovada keltirilgan xom ashyolarni ishlab chiqarishni koʻpaytirish;
“Oʻzbekiston temir yoʻllari” AJ bilan birgalikda uran qazib olish va qayta ishlash uchun zarur xom ashyoni uzluksiz va doimiy yetkazib berish boʻyicha yuk aylanmasi hajmlarini oshirish chora-tadbirlari dasturini Vazirlar Mahkamasiga tasdiqlash uchun kiritsin.
17. Mazkur qarorga 1 — 5-ilovalar bilan tasdiqlangan maqsadli koʻrsatkichlar hamda belgilangan chora-tadbirlar bajarilishini muvofiqlashtirish boʻyicha ishchi guruhi (keyingi oʻrinlarida — Ishchi guruhi) 7-ilovaga muvofiq tarkibda tuzilsin.
18. Ishchi guruhining asosiy vazifalari etib quyidagilar belgilansin:
Mazkur qarorga 1, 2, 3-ilovalarda belgilangan maqsadli koʻrsatkichlar, 4-ilovadagi yoʻl xaritasida hamda 5-ilovadagi chora-tadbirlar rejasida belgilangan tadbirlarning amalga oshirilishida manfaatdor vazirlik, idora va tashkilotlar faoliyatini muvofiqlashtirish hamda ushbu jarayonni nazorat qilish;
manfaatdor vazirlik, idora va tashkilotlar tomonidan ishlab chiqilgan takliflarni koʻrib chiqish, ularni amaliyotga tatbiq etish boʻyicha qarorlar qabul qilish;
uran, nodir va kamyob metallar qazib olish hamda qayta ishlashni rivojlantirish hamda ushbu qaror ijrosini taʼminlash boʻyicha amalga oshirilayotgan chora-tadbirlar natijadorligini muhokama qilib borish, shuningdek, yuzaga keladigan masalalarni tezkor hal etish.
19. Mazkur qarorning ijrosini samarali tashkil qilish maqsadida quyidagilar:
Bosh vazir maslahatchisi — Davlat geologiya va mineral resurslar qoʻmitasi raisi B.F. Islamov — uran boʻyicha geologiya-qidiruv ishlarini jadallashtirish va zaxiralarni 100 ming tonnaga yetkazishga;
“Navoiyuran” DK bosh direktori J.T. Xasanov — ishlab chiqarishni ikki baravarga oshirishga;
moliya vazirining birinchi oʻrinbosari O.Z. Nasritdinxodjayev — “Navoiyuran” DKni transformatsiya qilish va operativ samaradorligini oshirishga hamda Loyiha ofis faoliyatini muvofiqlashtirishga masʼul hamda shaxsan javobgar etib belgilansin.
20. Ushbu qarorning ijrosini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri A.N. Aripov va Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining maslahatchisi R.A. Gulyamov zimmasiga yuklansin.
Amalga oshirilayotgan chora-tadbirlar natijadorligi yuzasidan 2023-yil 1-yanvarga qadar Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasiga axborot berilsin.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Sh. MIRZIYOYEV
Toshkent sh.,
2022-yil 14-iyul,
PQ-319-son
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2022-yil 14-iyuldagi PQ-319-son qaroriga 1-ILOVA
Geologiya-qidiruv ishlari orqali uran zaxiralarini koʻpaytirishning
Izoh. Geologik obyektlar kesimidagi uran zaxiralarini koʻpaytirishning maqsadli koʻrsatkichlari geologiya-qidiruv ishlarining natijalariga koʻra oʻzgarishi mumkin. Uran zaxiralarini aniqlash boʻyicha geologiya-qidiruv ishlari yoʻnalishlari va hajmlari har yili mineral xom ashyo bazasini rivojlantirish va qayta toʻldirish davlat dasturlari doirasida aniqlashtirib boriladi.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2022-yil 14-iyuldagi PQ-319-son qaroriga 2-ILOVA
Uran qazib olish va qayta ishlashning
Izoh:
1. Vazirlar Mahkamasi “Navoiyuran” DKning Kuzatuv kengashi tomonidan maʼqullangan asosli takliflari asosida (zarur boʻlsa) ushbu koʻrsatkichlarga oʻzgartirishlar kiritishi mumkin.
2. Uran qazib olish va qayta ishlash prognozida xorijiy investitsiyalar (“Nurliqum mayning” MCHJ QK (Fransiya), Jogmec (Yaponiya) va boshqalar) hisobiga amalga oshiriladigan loyihalar inobatga olingan.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2022-yil 14-iyuldagi PQ-319-son qaroriga 3-ILOVA
“Navoiyuran” davlat korxonasi tomonidan uran qazib olish va qayta ishlashni koʻpaytirish maqsadida amalga oshiriladigan investitsiya loyihalari
Izoh. Oʻzbekiston Respublikasining Investitsiya dasturiga muvofiq loyihalar tarkibiga, qiymatiga hamda moliyalashtirish manbalariga oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritilishi mumkin.
* Loyihaning yakuniy qiymati va moliyalashtirish manbalari tasdiqlangan loyiha hujjatiga asosan aniqlashtiriladi.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2022-yil 14-iyuldagi PQ-319-son qaroriga 4-ILOVA
“Navoiyuran” davlat korxonasini rivojlantirish va transformatsiya qilish boʻyicha
Izoh. Vazirlar Mahkamasiga ushbu “Yoʻl xaritasi”ga zaruratga koʻra oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritish huquqi beriladi.
(4-ilova Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2024-yil 24-maydagi PF-79-sonli Farmoni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 25.05.2024-y., 06/24/79/0363-son)
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2022-yil 14-iyuldagi PQ-319-son qaroriga 5-ILOVA
“Navoiyuran” davlat korxonasi tomonidan ishlab chiqarishni keskin oshirish va transformatsiya dasturlarini jadallashtirish boʻyicha 2022-yilda amalga oshiriladigan chora-tadbirlar
Izoh. Vazirlar Mahkamasiga ushbu “Chora-tadbirlar rejasi”ga zaruratga koʻra oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritish huquqi beriladi.
(5-ilova Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2026-yil 28-avgustdagi PF-177-sonli Farmoni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 08.09.2026-y., 06/26/177/0904-son)
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2022-yil 14-iyuldagi PQ-319-son qaroriga 6-ILOVA
2022 — 2030-yillarda “Navoiyuran” davlat korxonasining uran qazib olish va qayta ishlash jarayonida ishlatiladigan asosiy kimyoviy va boshqa xom ashyo mahsulotlarga boʻlgan
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2022-yil 14-iyuldagi PQ-319-son qaroriga 7-ILOVA
“Navoiyuran” davlat korxonasini transformatsiya qilish va faoliyatini rivojlantirish chora-tadbirlari, shuningdek uran zaxiralarini, ularni qazib olishni va qayta ishlashni koʻpaytirish boʻyicha maqsadli koʻrsatkichlarni bajarilishini muvofiqlashtirish boʻyicha ishchi guruhi
Izoh.
1. Ishchi guruh aʼzolari boshqa ishga oʻtgan taqdirda, uning tarkibiga ushbu lavozimga yangidan tayinlangan yoki tegishli funksiyalarni bajarish zimmasiga yuklangan shaxslar kiritiladi.
2. Ishchi guruhi tarkibiga ushbu qaror bilan belgilangan vazifalarning bajarilishini taʼminlash yuzasidan tegishli vazirlik, idora va tashkilotlar rahbarlari jalb etilishi mumkin.