Mamlakat aholisiga sifatli va kafolatli qishloq xoʻjaligi mahsulotlarini yetkazib berish orqali oziq-ovqat xavfsizligini taʼminlash, issiqxona xoʻjaliklari va muzlatkichli omborxonalarning iqtisodiy jihatdan samarali ishlashi uchun yanada qulay shart-sharoitlar yaratish, shuningdek, mazkur sohada band boʻlgan aholi daromadlarini oshirishni qoʻshimcha ragʻbatlantirish maqsadida:
1. Issiqxona xoʻjaliklarida mahsulot yetishtirish va tayyor mahsulotni ichki va tashqi bozorga yoʻnaltirishning shunday yangi mexanizmi joriy etilsinki, unga muvofiq Agrosanoatni rivojlantirish agentligi:
(1-bandning birinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2024-yil 30-sentabrdagi PF-151-sonli Farmoni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 02.10.2024-y., 06/24/151/0764-son)
issiqxona xoʻjaliklariga urugʻ, koʻchat, mineral oʻgʻit va boshqa moddiy resurslarni yetkazib berish va yetishtirilgan mahsulotni ulardan xarid qilish choralarini koʻradi;
respublikada faoliyat yuritayotgan tajribali va malakali agronom, entomolog, laboratoriya mutaxassislarini issiqxona xoʻjaliklariga shartnoma asosida tavsiya qiladi;
sertifikatlangan va kafolatlangan urugʻ va koʻchatlarni yetishtirish boʻyicha maxsus koʻchatxonalarni tashkil etishga koʻmaklashadi;
issiqxona xoʻjaliklari bilan oʻzaro hamkorlik asosida kooperatsiya faoliyatini yoʻlga qoʻyish, yetishtirilgan mahsulotni saralash, qayta ishlash, saqlash, qadoqlash va eksport qilishga koʻmaklashadi;
Oʻsimliklar karantini va himoyasi agentligi bilan birgalikda kelishuv asosida hududiy inspektorlarni biriktiradi va oʻsimliklar himoyasini tashkil etish boʻyicha xizmatlar koʻrsatilishini taʼminlaydi.
2. Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi, Markaziy bank, Qishloq xoʻjaligi vazirligi hamda Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi va viloyatlar hokimliklarining quyidagi takliflari maʼqullansin:
a) xalqaro moliya institutlari, maqsadli jamgʻarmalar hamda Tiklanish va taraqqiyot jamgʻarmasi mablagʻlari hisobidan issiqxona xoʻjaliklari va muzlatkichli omborxonalar uchun ajratilgan milliy va xorijiy valyutadagi kreditlarni qaytarish muddatlarini umumiy hisobda 14 yil etib belgilash va imtiyozli davrini 3 yildan 5 yilgacha uzaytirish (muddati oʻtgan asosiy va foiz qarzdorliklarini kredit davriga mutanosib ravishda uzaytirish). Bunda, Tadbirkorlik faoliyatini qoʻllab-quvvatlash davlat jamgʻarmasi tomonidan avval taqdim qilingan kafillik va kredit foizlari kompensatsiyalari saqlanib qoladi.
Mazkur imtiyozlar Issiqxona xoʻjaliklari moliyaviy ahvolini sogʻlomlashtirish va rivojlantirish boʻyicha respublika ishchi guruhining oʻrganish natijalariga koʻra shakllantirilgan roʻyxat asosida taqdim etiladi;
b) issiqxona xoʻjaliklarini aylanma mablagʻ (urugʻlik, koʻchat, oʻgʻit, kimyoviy vositalar, issiqxona materiallarini sotib olish va isitish xarajatlari uchun) bilan taʼminlash uchun tijorat banklari tomonidan bir yil muddatga olti oylik imtiyozli davr bilan kredit ajratish. Bunda:
mazkur kreditlar Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2022-yil 6-oktabrdagi PQ-387-son qarorida nazarda tutilgan tartibda va shartlarda Agrosanoatni rivojlantirish agentligiga ajratilgan budjet ssudasi hisobidan moliyalashtiriladi;
(2-band “b” kichik bandining ikkinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2024-yil 30-sentabrdagi PF-151-sonli Farmoni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 02.10.2024-y., 06/24/151/0764-son)
issiqxona xoʻjaliklarida eksportbop mahsulot yetishtirishga talab etiladigan aylanma mablagʻlar uchun xorijiy valyutadagi bank kreditlari Eksportni ragʻbatlantirish agentligi mablagʻlari hisobidan yillik 4 foiz stavkada (shundan, bank marjasi 2 foiz) ajratiladi. Bunda, kredit taʼminoti sifatida “Oʻzbekinvest” sugʻurta kompaniyasi sugʻurta polisi qabul qilinadi va sugʻurta mukofoti xarajatlarining 75 foizi Eksportni ragʻbatlantirish agentligi mablagʻlari hisobidan qoplab beriladi;
ajratilgan kreditlarni qaytarish muddatlari issiqxonalarda hosilni yigʻib olish va sotish muddatlariga moslashtiriladi hamda kreditlarni qaytarish grafiklari shu asosida tasdiqlanadi;
v) issiqxona xoʻjaliklariga tabiiy gaz boʻyicha toʻlovni oʻz vaqtida amalga oshirmaganlik uchun penya summasi 2022-yil 1-oktabrdan 2023-yil 1-aprelgacha, istisno tariqasida, hisoblanmaydi.
3. Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi Markaziy bank va tijorat banklari bilan birgalikda 15 kun muddatda mazkur qarorning 2-bandida nazarda tutilgan milliy va xorijiy valyutadagi kreditlarning belgilangan tartibda qayta rasmiylashtirilishini taʼminlasin.
4. Shunday tartib oʻrnatilsinki, unga koʻra:
a) issiqxona xoʻjaliklari uchun tijorat banklariga kredit va ularning foizini qaytarish muddati qatʼiy ravishda mahsulotning pishib-yetilishi davriga moslashtiriladi;
b) sanoat tipidagi zamonaviy issiqxona va logistika markazlarini tashkil etish uchun yaxlit maydonlar yagona (hududda) “lot” bilan ochiq auksion savdolariga chiqariladi. Bunda, ajratiladigan maydonlar hajmi hudud sharoitidan kelib chiqib, Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi Raisi va viloyatlar hokimlari tomonidan belgilanadi.
5. 2022-2023-yillarda issiqxona xoʻjaliklarini muhandislik-kommunikatsiya tarmoqlari (ichimlik va oqova suv, elektr energiyasi va irrigatsiya tarmoqlari) bilan taʼminlash boʻyicha manzilli roʻyxat 1-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
Moliya vazirligi, Energetika vazirligi, Qishloq xoʻjaligi vazirligi, Suv xoʻjaligi vazirligi Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi va viloyatlar hokimliklari bilan birgalikda bir oy muddatda 2022-2023-yillarda respublika boʻyicha faoliyat koʻrsatayotgan va yangidan tashkil etiladigan issiqxonalar uchun elektr uzatish liniyalarini qurish, irrigatsiya va melioratsiya tarmoqlarini tortish dasturini hamda ajratiladigan budjet mablagʻlari parametrlarini tasdiqlasin. Bunda, ajratiladigan mablagʻlar kichik sanoat zonalari uchun nazarda tutilgan budjet mablagʻlari doirasida koʻrib chiqiladi.
6. Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi Qishloq xoʻjaligi vazirligi hamda Oʻzbekistonning xorijiy davlatlardagi elchixonalari bilan birgalikda:
bir oy muddatda xususiy sektor ishtirokida anʼanaviy yirik eksport bozorlari hududida meva-sabzavotlarni saqlash, saralash va qadoqlash kabi kompleks logistika imkoniyatlariga ega boʻlgan savdo majmualarini tashkil etish yuzasidan takliflarni Vazirlar Mahkamasiga kiritsin;
tashqi bozorlarda “oldindan kutilmagan” va nosogʻlom raqobat oqibatida yuzaga keladigan moliyaviy yoʻqotishlarni, avvalo eksportga yuklanadigan mahsulotlar boʻyicha xorijiy hamkorlar bilan tuziladigan uzoq muddatli savdo shartnomalari orqali oldini olish choralarini koʻrsin;
2022-yil yakuniga qadar Yaponiya, Koreya Respublikasi, Yevropa mamlakatlarida yangi eksport bozorlarini ochish yuzasidan hukumatlararo kelishuvlar imzolanishini taʼminlasin.
7. Monopoliyaga qarshi kurashish qoʻmitasi va Energetika vazirligi bir oy muddatda hududlardagi issiqlik elektr stansiyalari va markazlaridan issiqlik energiyasi olib faoliyat yuritadigan issiqxonalarga energiya yetkazib berishda “sunʼiy” vositachilar paydo boʻlishi va narxlarning asossiz oʻsishining oldini olish choralarini koʻrsin.
8. Qishloq xoʻjaligi vazirligi Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi bilan birgalikda issiqxonalarda yetishtirilgan mahsulotlarni bozorlarga yetkazishni kengaytirish maqsadida xalqaro moliya institutlari mablagʻlari hisobidan agrologistika loyihalarini amalga oshirishda yuk avtomobillarini (sovitkichli) xarid qilishni moliyalashtirish choralarini koʻrsin.
9. Issiqxona xoʻjaliklari moliyaviy ahvolini sogʻlomlashtirish va rivojlantirish boʻyicha respublika ishchi guruhining tarkibi (keyingi oʻrinlarda — Respublika ishchi guruhi) 2-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
Respublika ishchi guruhi (A. Voitov):
Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar hokimliklari, tijorat banklari bilan birgalikda hududlardagi samarasiz issiqxona xoʻjaliklarini aniqlab, egalari bilan kelishgan holda ularning yangi tashabbuskorlarga oʻtkazib berilishini (oldi-sotdi, kredit boʻyicha bank oldidagi majburiyatlarni sotib olish yoki boshqa kelishilgan shartlarda) tashkil etsin;
ikki oy muddatda yer uchastkasiga boʻlgan egalik huquqini rasmiylashtirishda muammosi boʻlgan issiqxona xoʻjaliklarini xatlovdan oʻtkazib, ularning yechimi boʻyicha Qishloq xoʻjaligiga moʻljallangan va oʻrmon fondi yerlarining yer fondi toifalarini oʻzgartirish masalalarini koʻrib chiqish boʻyicha Hukumat komissiyasiga taklif kiritsin;
issiqxona xoʻjaliklari moliyaviy ahvolini sogʻlomlashtirish va rivojlantirish boʻyicha doimiy ravishda takliflar kiritib borsin.
10. Oʻzbekiston Milliy teleradiokompaniyasi, Oʻzbekiston Milliy axborot agentligi ommaviy axborot vositalarida issiqxona xoʻjaliklarida intensiv usulda mahsulot yetishtirish, ularni ichki va tashqi bozorlarga yoʻnaltirish boʻyicha ijobiy tajribalarni atroflicha yoritib borsin.
11. Qishloq xoʻjaligi vazirligi manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda ikki oy muddatda qonunchilik hujjatlariga ushbu qarordan kelib chiqadigan oʻzgartirish va qoʻshimchalar toʻgʻrisida Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritsin.
12. Mazkur qarorning ijrosini samarali tashkil qilishga masʼul va shaxsiy javobgar etib qishloq xoʻjaligi vaziri A.B. Voitov va moliya vaziri T.A. Ishmetov belgilansin.
Qaror ijrosini muhokama qilib borish, uning ijrosi uchun masʼul idoralar faoliyatini muvofiqlashtirish va nazorat qilish Bosh vazir oʻrinbosarlari Sh.M. Gʻaniyev va J.A. Xodjayev zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Sh. MIRZIYOYEV
Toshkent sh.,
2022-yil 2-noyabr,
PQ-413-son
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2022-yil 2-noyabrdagi PQ-413-son qaroriga 1-ILOVA
2022-2023-yillarda issiqxona xoʻjaliklarini muhandislik-kommunikatsiya tarmoqlari (ichimlik va oqova suv, elektr energiyasi va irrigatsiya tarmoqlari) bilan taʼminlash boʻyicha
Izoh: viloyat va tuman (shahar) hokimlariga mahalliy budjetning qoʻshimcha manbalari hisobidan hududdagi mazkur ilovada nazarda tutilmagan issiqxona xoʻjaliklarini tashqi muhandislik-kommunikatsiya tarmoqlari (ichimlik va oqova suv, elektr energiyasi va irrigatsiya tarmoqlari va avtomobil yoʻli) bilan taʼminlash xarajatlarini moliyalashtirish vakolati beriladi.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2022-yil 2-noyabrdagi PQ-413-son qaroriga 2-ILOVA
Issiqxona xoʻjaliklari moliyaviy ahvolini sogʻlomlashtirish va rivojlantirish boʻyicha respublika ishchi guruhi
1. A.B. Voitov — qishloq xoʻjaligi vaziri, Ishchi guruh rahbari 2. A.A. Kamalov — Markaziy bank raisining oʻrinbosari, Ishchi guruh rahbari oʻrinbosari 3. Lavozimiga koʻra — Agrosanoatni rivojlantirish agentligi direktori, Ishchi guruh rahbari oʻrinbosari 4. Sh.Sh. Mirzayev — qishloq xoʻjaligi vazirining oʻrinbosari 5. Sh.X. Xodjayev — energetika vazirining oʻrinbosari 6. J.I. Abdiyev — Davlat soliq qoʻmitasi raisining oʻrinbosari 7. B.B. Eshmuratov — “Hududgaztaʼminot” AJ boshqaruvi raisi 8. I.K. Ergashev — Oʻsimliklar karantini va himoyasi agentligi direktori 9. Lavozimiga koʻra — Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi Raisi, viloyatlar hokimlarining qishloq va suv xoʻjaligi masalalari boʻyicha oʻrinbosarlari 10. A. Mirzayev — Qishloq xoʻjaligi vazirligi boshqarma boshligʻi oʻrinbosari — Ishchi guruh kotibi
Izoh: Ishchi guruh aʼzolari boshqa ishga oʻtgan taqdirda, uning tarkibiga ushbu lavozimlarga yangidan tayinlangan shaxslar yoxud zimmasiga tegishli funksiyalar yuklangan shaxslar kiritiladi.
(2-ilova Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2024-yil 30-sentabrdagi PF-151-sonli Farmoni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 02.10.2024-y., 06/24/151/0764-son)