Aholi oʻrtasida gimnastika sport turlari (sport gimnastikasi, badiiy gimnastika, trampolin, akrobatika) ommaviyligini oshirish, yoshlar orasidan iqtidorli sportchilarni saralab olish tizimini takomillashtirish, xalqaro talab va standartlar asosida professional sportchilarni tayyorlash orqali milliy terma jamoalarimizning nufuzli musobaqalarda yuqori natijalarga erishishini taʼminlash maqsadida:
1. Quyidagilar gimnastika sport turlarini rivojlantirishning asosiy yoʻnalishlari etib belgilansin:
aholi oʻrtasida gimnastika sport turlarining ommaviyligini oshirish, iqtidorli sportchilarni aniqlash, tanlash va saralash (seleksiya) hamda ularni professional sportchilar sifatida tayyorlashning yangi tizimini yoʻlga qoʻyish;
maktabgacha yoshdagi bolalarning gimnastika sport turlari bilan shugʻullanishi uchun keng imkoniyatlarni yaratish va ularda ushbu sport turlari boʻyicha boshlangʻich koʻnikmalarni shakllantirish;
umumiy oʻrta taʼlim maktablarining jismoniy tarbiya darslarida gimnastika sport turlari boʻyicha mashgʻulotlarni bosqichma-bosqich koʻpaytirish hamda mashgʻulot va toʻgaraklar faoliyatini tizimli yoʻlga qoʻyish;
gimnastika sport turlari boʻyicha professional trenerlar, malakali hakamlar va mutaxassislarni tayyorlash, oʻquv-uslubiy qoʻllanmalar hamda videomateriallar ishlab chiqish;
sport-taʼlim muassasalarining moddiy-texnika bazasini mustahkamlash, respublikada gimnastika sport turlari uchun zarur boʻlgan sport jihozlari va inventarlarini ishlab chiqarishni yoʻlga qoʻyish;
qizlar oʻrtasida erta yoshdan gimnastika sport turlarini ommalashtirish, bu borada uzoq yillarga moʻljallangan istiqbolli rejalarni ishlab chiqish va amalga oshirish;
Olimpiya va Osiyo oʻyinlari, jahon va Osiyo chempionatlariga gimnastika sport turlari boʻyicha milliy terma jamoa sportchilarini tayyorlash dasturlarini yanada takomillashtirish;
ommaviy axborot vositalarida sogʻlom turmush tarzining muhim tarkibiy qismi sifatida gimnastika sport turlarini targʻib qilish hamda bu jarayonda yuqori darajali axborotlashtirishni va multimedia mahsulotlaridan foydalanishni taʼminlash.
2. 2023/2024 oʻquv yilidan boshlab:
maktabgacha taʼlim tashkilotlarida “Gimnastikaga ilk qadam” dasturi;
umumiy oʻrta taʼlim maktablarida boshlangʻich sinf oʻquvchilariga moʻljallangan, gimnastika sport turlari boʻyicha sport maktabining boshlangʻich tayyorgarlik guruhlari uchun ishlab chiqilgan dastur asosida “Bolalar uchun gimnastika” dasturi joriy qilinsin.
Belgilansinki:
a) “Gimnastikaga ilk qadam” dasturi doirasida:
maktabgacha taʼlim tashkilotlarida gimnastikani ommalashtirish va keng targʻib qilish orqali tarbiyalanuvchilarni mazkur sport turi bilan muntazam shugʻullanishga jalb etish;
tarbiyalanuvchilar organizmini fiziologik rivojlantirish boʻyicha mutaxassis — shifokorlar tomonidan tavsiya etilgan sport koʻnikmalariga tayyorlash;
bolalarda gimnastika bilan shugʻullanishga kuchli va taʼsirchan motivatsiyani shakllantirishga katta eʼtibor qaratiladi;
b) “Bolalar uchun gimnastika” dasturi doirasida:
gimnastika bilan shugʻullanish istagi yuqori boʻlgan oʻquvchilarga ega hamda sport zallari mavjud umumiy oʻrta taʼlim maktablari belgilab olinadi;
tanlab olingan umumiy oʻrta taʼlim maktablarida gimnastika sport turlari boʻyicha darsdan tashqari alohida sport seksiyalarida mashgʻulotlar maktab joylashgan hududdagi sport maktabidan jalb etilgan trenerlar tomonidan olib boriladi;
umumiy oʻrta taʼlim maktablarida gimnastika zallarini tashkil etish, mavjud gimnastika infratuzilmasini kengaytirish va jihozlash uchun investitsiya va grantlar jalb qilinadi;
yoshlar oʻrtasida gimnastika sport turlarini keng targʻib qilish va ommalashtirish, ularda ushbu sport turiga qiziqishni oshirish, gimnastika boʻyicha musobaqalarni oʻtkazishga koʻmaklashish boʻyicha chora-tadbirlar amalga oshiriladi.
3. Maktabgacha va maktab taʼlimi vazirligi (X. Umarova) 2023/2024 oʻquv yilidan boshlab:
(3-bandning birinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2023-yil 12-iyundagi PF-92-sonli Farmoni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 13.06.2023-y., 06/23/92/0366-son)
Sport vazirligi, Oʻzbekiston gimnastika federatsiyasi bilan birgalikda gimnastika sport turlarini oʻquvchilar oʻrtasida ommalashtirish boʻyicha tanlangan maktablarni videodarsliklar, gimnastika gilamlari, jihozlari va boshqa zarur anjomlar bilan taʼminlash uchun Xalq taʼlimi sohasida islohotlarga koʻmaklashish jamgʻarmasi mablagʻlari hisobidan har yili zarur mablagʻlarni yoʻnaltirsin;
(3-bandning ikkinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2024-yil 24-dekabrdagi PF-226-sonli Farmoni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 25.12.2024-y., 06/24/226/1060-son)
boshlangʻich sinf oʻquvchilari uchun jismoniy tarbiya fanining amaldagi oʻquv dasturini qayta koʻrib chiqib, uning asosiy qismini gimnastikaning sogʻlomlashtiruvchi elementlari bilan boyitsin.
4. Maktabgacha va maktab taʼlimi vazirligi (A. Shin) Oʻzbekiston gimnastika federatsiyasi bilan birgalikda 2023-yil 1-iyulga qadar davlat maktabgacha taʼlim tashkilotlarida tarbiyalanuvchilarni gimnastikaga asoslangan muntazam jismoniy mashqlarga qiziqtirish va shugʻullantirish boʻyicha toʻgaraklar faoliyatini tizimli yoʻlga qoʻysin.
(4-band Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2023-yil 12-iyundagi PF-92-sonli Farmoni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 13.06.2023-y., 06/23/92/0366-son)
5. Sport vazirligi tizimida birinchi bosqichda Nukus, Samarqand va Fargʻona shaharlarida zamonaviy moddiy-texnika va oʻquv-mashq bazasiga ega boʻlgan hududiy Gimnastika sport turlariga tayyorlash markazlari (keyingi oʻrinlarda — Gimnastika markazlari) tashkil etilsin.
(5-band Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2024-yil 24-dekabrdagi PF-226-sonli Farmoni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 25.12.2024-y., 06/24/226/1060-son)
6. Belgilansinki:
Gimnastika markazlari ushbu hududlardagi gimnastika sport turlariga ixtisoslashtirilgan sport maktablari negizida tashkil qilinadi;
Gimnastika markazlari faoliyati gimnastika sport turlari boʻyicha qobiliyatli va iqtidorli yosh sportchilarni tanlab olish hamda ularni asosan terma jamoalarga nomzod sifatida tayyorlashga yoʻnaltiriladi;
Gimnastika markazlari yuridik shaxs maqomiga ega boʻlgan ixtisoslashtirilgan davlat sport-taʼlim muassasasi hisoblanadi;
Gimnastika markazlari oʻz faoliyatini 2024/2025 oʻquv yilidan boshlaydi;
Gimnastika markazlari oʻquvchilarining umumiy kontingenti jami 132 nafarni tashkil etib, ular 1 — 11-sinf oʻquvchilaridan iborat boʻladi;
Gimnastika markazlari oʻquvchilarini umumtaʼlim dasturlari boʻyicha oʻqitish ularga eng yaqin joylashgan umumiy oʻrta taʼlim maktablarida amalga oshiriladi;
Gimnastika markazlarining oʻquv jarayoni Sport vazirligi va Maktabgacha va maktab taʼlimi vazirligi tomonidan belgilanadi hamda tasdiqlangan oʻquv rejaga asosan amalga oshiriladi;
(6-bandning sakkizinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2024-yil 24-dekabrdagi PF-226-sonli Farmoni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 25.12.2024-y., 06/24/226/1060-son)
Gimnastika markazlarining oʻquv dasturini oʻzlashtirgan va yakuniy davlat attestatsiyasidan oʻtgan 11-sinf bitiruvchilariga qonun hujjatlarida belgilangan tartibda davlat namunasidagi diplom beriladi;
Gimnastika markazlarini bitirganlik toʻgʻrisidagi diplom berilgan mutaxassislik (trener, trener-seleksioner) boʻyicha mehnat faoliyatini amalga oshirish yoki taʼlimning keyingi bosqichlarida oʻqishni davom ettirish huquqini beradi;
Gimnastika markazlari oʻquvchilarini ovqatlantirish xarajatlari Davlat budjeti mablagʻlari hisobidan amalga oshiriladi;
Gimnastika markazlari direktorlari, ularning sport ishlari boʻyicha oʻrinbosarlari, trenerlari, yoʻriqchi-uslubchilariga Olimpiya va paralimpiya sport turlariga tayyorlash markazlari uchun belgilangan mehnatga haq toʻlash va moddiy ragʻbatlantirish shartlari qoʻllaniladi;
Gimnastika markazlari direktorlarining maʼnaviy-maʼrifiy ishlar boʻyicha oʻrinbosari va tarbiyachilari mehnatiga haq toʻlash va ragʻbatlantirish Vazirlar Mahkamasining 2005-yil 21-dekabrdagi “Xalq taʼlimi xodimlari mehnatiga haq toʻlashning takomillashtirilgan tizimini tasdiqlash toʻgʻrisida”gi 275-son qaroriga muvofiq amalga oshiriladi;
Gimnastika markazlari tibbiyot xodimlari mehnatiga haq toʻlash Vazirlar Mahkamasining 2005-yil 21-dekabrdagi “Tibbiyot xodimlari mehnatiga haq toʻlashning takomillashtirilgan tizimini tasdiqlash toʻgʻrisida”gi 276-son qaroriga muvofiq amalga oshiriladi, shuningdek, ularni moddiy ragʻbatlantirishda Olimpiya va paralimpiya sport turlariga tayyorlash markazlari uchun belgilangan moddiy ragʻbatlantirish shartlari qoʻllaniladi.
7. Quyidagilar Gimnastika markazlarini moliyalashtirish manbalari etib belgilansin:
Davlat budjeti mablagʻlari;
faoliyat ixtisosligi boʻyicha tovarlarni (ishlarni, xizmatlarni) realizatsiya qilishdan va Gimnastika markazlari ustavidagi vazifalarga muvofiq boʻlgan boshqa faoliyat turlaridan olingan daromadlar;
asosiy mashgʻulotlar oʻtkazilmaydigan vaqtda boʻsh turgan mol-mulkni ijaraga berishdan tushgan daromadlar;
jismoniy va yuridik shaxslarning homiylik xayriyalari;
qonunchilik hujjatlarida taqiqlanmagan boshqa manbalar.
8. Belgilab qoʻyilsinki:
a) Gimnastika markazlarini zamonaviy va xalqaro talablarga muvofiq tashkil etish (binolar qurish, mavjudlarini rekonstruksiya qilish va taʼmirlash) “Oʻzavtosanoat” AJning homiylik mablagʻlari hisobidan amalga oshiriladi;
b) Gimnastika markazlarini xalqaro standartlarga muvofiq, zamonaviy jihoz va inventarlar bilan taʼminlash uchun Sport vazirligiga Davlat budjetidan zarur mablagʻ ajratiladi.
(8-band “b” kichik bandining birinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2024-yil 24-dekabrdagi PF-226-sonli Farmoni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 25.12.2024-y., 06/24/226/1060-son)
Iqtisodiyot va moliya vazirligi ushbu maqsadlar uchun hamda Gimnastika markazlari faoliyatini saqlash bilan bogʻliq zarur mablagʻlarni 2024-yildan boshlab Davlat budjeti parametrlarida nazarda tutsin.
(8-band “b” kichik bandining ikkinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2023-yil 12-iyundagi PF-92-sonli Farmoni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 13.06.2023-y., 06/23/92/0366-son)
Qurilish va uy-joy kommunal xoʻjaligi vazirligi (B. Zakirov) Gimnastika markazlarining loyiha hujjatlarini ishlab chiqishda eng maqbul meʼmoriy hamda texnik yechimlar qoʻllanilishini, ularni innovatsion texnologiyalarga asoslangan, energiya tejamkor va tez barpo etiladigan yengil konstruksiya va materiallardan qurish, shinamlik va ekologik xavfsizlik talablariga muvofiqlik yuzasidan loyiha-smeta hujjatlarini kompleks ekspertizadan oʻtkazishni taʼminlasin va qurilish-montaj ishlarining sifatli bajarilishi ustidan doimiy davlat arxitektura-qurilish nazoratini oʻrnatsin.
(8-band “b” kichik bandining uchinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2023-yil 12-iyundagi PF-92-sonli Farmoni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 13.06.2023-y., 06/23/92/0366-son)
Yoshlar siyosati va sport vaziriga Sportni qoʻllab-quvvatlash jamgʻarmasi mablagʻlari hisobidan gimnastika sport turlari boʻyicha malakali xorijiy trenerlar, menejerlar, ekspertlar va boshqa mutaxassislarni jalb qilish huquqi berilsin.
(8-band “b” kichik bandining toʻrtinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2023-yil 12-iyundagi PF-92-sonli Farmoni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 13.06.2023-y., 06/23/92/0366-son)
9. Vazirlar Mahkamasi mazkur qaror talablaridan kelib chiqib, uch oy muddatda Gimnastika markazlari faoliyatini tashkil etish boʻyicha Hukumat qarorini qabul qilsin.
10. Gimnastika sport turlari ommaviyligini oshirish hamda sportchilarni eng quyi boʻgʻindan boshlab tayyorlash va seleksiya qilish boʻyicha quyidagi tizim joriy qilinsin:
maktabgacha taʼlim tashkilotlarida — 3 yoshdan 7 yoshgacha boʻlgan bolalarni jismoniy tarbiya, ayniqsa, gimnastikaga asoslangan muntazam jismoniy mashqlarga qiziqtirish va shugʻullantirish orqali ularda iroda va qatʼiyatlilik, shuningdek, oʻzini tutish kabi axloqiy va jismoniy fazilatlar shakllantiriladi;
umumiy oʻrta taʼlim maktablarida — 7 yoshdan 10 yoshgacha boʻlgan oʻquvchilar uchun jismoniy tarbiya dars mashgʻulotlarida gimnastika sportining sogʻlomlashtiruvchi elementlaridan foydalangan holda bolalarda tana rivojlanishi, mushaklar egiluvchanligi, chaqqonlik, chidamlilik hamda muvozanat hissi va harakatlarni muvofiqlashtirish koʻnikmasi kabi jismoniy sifatlar shakllantiriladi;
sport maktablarida — “Besh tashabbus olimpiadasi” doirasida oʻtkazilgan ommaviy sport musobaqalari, shuningdek, maktabgacha taʼlim tashkilotlari va umumiy oʻrta taʼlim maktablaridan gimnastika sport turlari boʻyicha saralab olingan bolalar dastlab sport maktabining sport-sogʻlomlashtirish guruhlarida harakatlanish qobiliyatini kuchaytirish va harakat faolligi tanqisligini toʻldirish boʻyicha shugʻullantiriladi.
Bunda, sport-sogʻlomlashtirish guruhida shugʻullangan yoshlar aholining jismoniy tayyorgarlik darajasini baholash tizimi boʻyicha sinovlardan muvaffaqiyatli oʻtgan taqdirda, ular sport maktabining navbatdagi guruhlariga bosqichma-bosqich oʻtkazib boriladi;
Gimnastika markazlarida — taʼlim muassasalarida eng yaxshi natija koʻrsatgan, sport sinovlaridan muvaffaqiyatli oʻtgan va yuqori iqtidorga ega boʻlgan yoshlar tanlov asosida qabul qilinib, gimnastikaning ixtisoslashtirilgan turlari boʻyicha professional tarzda shugʻullantiriladi va ular hisobidan hududiy terma jamoalarga asosiy nomzodlar zaxirasi shakllantiriladi;
Gimnastika boʻyicha ixtisoslashtirilgan respublika bolalar-oʻsmirlar olimpiya zaxirasi sport maktabida (keyingi oʻrinlarda — Gimnastika boʻyicha olimpiya zaxiralari maktabi) — Gimnastika markazlari, shuningdek, boshqa taʼlim muassasalaridan sport gimnastikasi, badiiy gimnastika va trampolin bilan shugʻullanuvchi sportchilarni erishgan natijalari asosida tanlab olish orqali ular eng yangi ilmiy-metodik tavsiya hamda yutuqlar asosida milliy terma jamoalar uchun sport zaxirasi va yuqori darajali sportchilar sifatida tayyorlanadi.
11. Shunday tartib oʻrnatilsinki, unga muvofiq:
Gimnastika boʻyicha olimpiya zaxiralari maktabi — milliy terma jamoalarga gimnastika sport turlari boʻyicha zaxira sportchilarni yetkazib beruvchi bazaviy davlat sport-taʼlim muassasasi hisoblanadi;
Gimnastika boʻyicha olimpiya zaxiralari maktabida 7 yoshdan 18 yoshgacha boʻlgan taʼlim oluvchi oʻquvchi-sportchilarning umumiy kontingenti 132 nafarni tashkil etgan holda, oʻqish muddati 11 yil boʻlib, har yili 12 nafar iqtidorli oʻquvchi-sportchi qabul qilinadi;
Gimnastika boʻyicha olimpiya zaxiralari maktabini toʻliq tamomlagan oʻquvchi-sportchilarga qonun hujjatlarida belgilangan tartibda davlat namunasidagi diplom beriladi;
Gimnastika boʻyicha olimpiya zaxiralari maktabini bitirganlik toʻgʻrisidagi diplom berilgan mutaxassislik (trener, trener-seleksioner) boʻyicha mehnat faoliyatini amalga oshirish yoki taʼlimning keyingi bosqichida oʻqishni davom ettirish huquqini beradi.
12. Yoshlar siyosati va sport vazirligi hamda Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vazirligi 2023/2024 oʻquv yilidan boshlab Oʻzbekiston davlat jismoniy tarbiya va sport universiteti va uning filiallarida gimnastika boʻyicha amaldagi oʻqishga qabul qilishning davlat buyurtmasi parametrlarini ikki baravarga oshirish choralarini koʻrsin.
(12-band Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2023-yil 12-iyundagi PF-92-sonli Farmoni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 13.06.2023-y., 06/23/92/0366-son)
13. Quyidagilar:
2023 — 2025-yillarda gimnastika sport turlarini yanada rivojlantirish boʻyicha “yoʻl xaritasi” 1-ilovaga muvofiq;
2023 — 2025-yillarda gimnastika sport turlarini rivojlantirishning maqsadli koʻrsatkichlari 2-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
14. Belgilab qoʻyilsinki, 2023-yil 1-yanvardan boshlab anʼanaviy tarzda gimnastika sport turlari boʻyicha Oʻzbekiston Respublikasida quyidagi musobaqalar oʻtkaziladi:
gimnastrada sport turi boʻyicha xotin-qizlar oʻrtasida Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti kubogi;
badiiy gimnastika boʻyicha yoshlar oʻrtasida “Yorqin yulduzcha” va kattalar oʻrtasida “Grand Prix Uzbekistan” xalqaro turniri;
sport gimnastikasi boʻyicha “Duxoba yoʻl” xalqaro turniri;
trampolin boʻyicha “Samodan baland” xalqaro turniri;
xalqaro gimnastika kuniga bagʻishlab oʻtkaziladigan “Gymnastics Day” butun Oʻzbekiston ommaviy forumi;
umumiy oʻrta taʼlim maktablari oʻquvchilari oʻrtasida “Maktabgacha va maktab taʼlimi vaziri kubogi”;
(14-bandning yettinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2023-yil 12-iyundagi PF-92-sonli Farmoni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 13.06.2023-y., 06/23/92/0366-son)
gimnastika sport turlari boʻyicha Xalqaro gimnastika federatsiyasining tasdiqlangan norma va qoidalarida belgilangan yosh toifalari boʻyicha uch bosqichli (tuman/shahar, hududiy va respublika) chempionatlar va kuboklar.
Yoshlar siyosati va sport vazirligi (Sh. Maxmudov) Maktabgacha va maktab taʼlimi vazirligi, Oʻzbekiston Milliy olimpiya qoʻmitasi va Oʻzbekiston gimnastika federatsiyasi bilan birgalikda:
(14-bandning toʻqqizinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2023-yil 12-iyundagi PF-92-sonli Farmoni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 13.06.2023-y., 06/23/92/0366-son)
ikki oy muddatda mazkur bandda koʻrsatilgan musobaqalarga puxta tayyorgarlik koʻrish va ularni yuqori saviyada oʻtkazish boʻyicha chora-tadbirlar rejasini tasdiqlasin;
respublikada oʻtkaziladigan xalqaro turnirlarda mahalliy gimnastikachilar bilan birgalikda yuqori reytingga ega boʻlgan xalqaro gimnastikachilar, trenerlar va hakamlarning ishtirokini taʼminlasin;
yuqoridagi musobaqalar va turnirlarni oʻtkazish jarayonini mahalliy va xorijiy ommaviy axborot vositalari hamda boshqa kommunikatsiya manbalarida keng yoritsin.
Turizm qoʻmitasi (U. Shadiyev) ushbu musobaqalar va turnirlarni turistik marshrutlar obyektlari roʻyxatiga kiritsin, ularga xorijiy va mahalliy turistlarni jalb qilish choralarini koʻrsin.
(14-bandning oʻn uchinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2023-yil 25-dekabrdagi PF-214-sonli Farmoni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 29.12.2023-y., 06/23/214/0984-son)
15. Yoshlar siyosati va sport vazirligi (A. Ikramov):
(15-bandning birinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2023-yil 12-iyundagi PF-92-sonli Farmoni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 13.06.2023-y., 06/23/92/0366-son)
Kambagʻallikni qisqartirish va bandlik vazirligi bilan birgalikda gimnastika sport turlari ommaviyligini oshirish maqsadida 2023-yildan boshlab “Besh tashabbus olimpiadasi” doirasida oʻtkaziladigan ommaviy sport musobaqalari dasturiga gimnastrada musobaqalarini kiritsin;
(15-bandning ikkinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2023-yil 12-iyundagi PF-92-sonli Farmoni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 13.06.2023-y., 06/23/92/0366-son)
Iqtisodiyot va moliya vazirligi bilan birgalikda 2023-2024-yillarda bosqichma-bosqich hududlardagi gimnastika sport turlariga ixtisoslashtirilgan sport maktablarining moddiy-texnika bazasini mustahkamlash, mavjud sport inshootlarini mashgʻulotlar uchun xavfsiz va sanitariya meʼyorlari asosida rekonstruksiya qilish, ularni zamonaviy talablarga javob beradigan jihoz va inventarlar bilan taʼminlash choralarini koʻrsin.
(15-bandning uchinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2023-yil 12-iyundagi PF-92-sonli Farmoni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 13.06.2023-y., 06/23/92/0366-son)
16. Vazirlar Mahkamasi Sportni rivojlantirish vazirligi, Sogʻliqni saqlash vazirligi, Oʻzbekiston gimnastika federatsiyasi bilan birgalikda ikki oy muddatda gimnastika sport turlari boʻyicha davlat sport-taʼlim muassasalarida shugʻullanuvchi oʻquvchi-sportchilar uchun amaldagi sutkalik oziq-ovqat meʼyorlari, jihoz va inventarlar normalarini tanqidiy qayta koʻrib chiqib, yangi tahrirdagi Hukumat qarorini qabul qilsin.
17. Sportni rivojlantirish vazirligi (A. Ikramov), Oʻzbekiston gimnastika federatsiyasi bir oy muddatda gimnastika sport turlari boʻyicha milliy terma jamoalar sportchilarini 2024-yil Parij shahrida (Fransiya) boʻlib oʻtadigan XXXIII yozgi Olimpiya oʻyinlariga puxta tayyorlash boʻyicha chora-tadbirlarni ishlab chiqib, Vazirlar Mahkamasiga kiritsin. Bunda, iqtidorli sportchilarni sport kiyimlari va ekipirovkalari bilan taʼminlash nazarda tutilsin.
18. Iqtisodiyot va moliya vazirligi Yoshlar siyosati va sport vazirligi, Toshkent shahri hokimligi va Oʻzbekiston gimnastika federatsiyasi bilan birgalikda 2024-2025-yillarga moʻljallangan Oʻzbekiston Respublikasining ijtimoiy va ishlab chiqarish infratuzilmasini rivojlantirish dasturi doirasida Toshkent shahri, Yunusobod tumani, Korxoji ota koʻchasi, 2a-uy manzilida joylashgan Gimnastika boʻyicha olimpiya zaxiralari maktabi tasarrufidagi bino va inshootlarni xalqaro talablarga muvofiq rekonstruksiya qilish va kapital taʼmirlash, shuningdek, ushbu obyektning tegishli boʻsh yer maydonida 36x30 oʻlchamli sport gimnastikasi zalini qurish hamda zamonaviy sport anjomlari bilan toʻliq jihozlangan oʻquv-mashgʻulot bazasiga aylantirish choralarini koʻrsin.
(18-band Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2023-yil 12-iyundagi PF-92-sonli Farmoni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 13.06.2023-y., 06/23/92/0366-son)
19. Oʻzbekiston gimnastika federatsiyasi (Sh. Umurzakov) va Milliy olimpiya qoʻmitasi (O. Qosimov):
zamonaviy ilm-fan yutuqlari va innovatsion texnologiyalardan foydalangan holda gimnastika sport turlari boʻyicha trenerlar, seleksionerlar, hakamlar va boshqa mutaxassislarning kasbiy mahoratini doimiy oshirib borish maqsadida mahalliy va xorijiy mutaxassislar ishtirokida seminar, trening va mahorat darslarini oʻtkazishni tizimli ravishda yoʻlga qoʻysin;
uch oy muddatda maktabgacha taʼlim tashkilotlarida “Gimnastikaga ilk qadam” va umumiy oʻrta taʼlim maktablarida “Bolalar uchun gimnastika” dasturlarini amalga oshirish hamda joylardagi trenerlar faoliyatiga koʻmaklashish maqsadida ushbu dasturlarni amalga oshirish konsepsiyasi hamda gimnastika sport turlari boʻyicha videodarsliklar toʻplamini yaratsin;
faoliyati davomida namuna koʻrsatgan yuqori malakaga ega trener va mutaxassislar malakasini yanada oshirish, zamonaviy bilim hamda koʻnikmalarga ega boʻlishlarini taʼminlash uchun ularni milliy terma jamoalarning xorijda oʻtkaziladigan oʻquv-yigʻin mashgʻulotlari va xalqaro musobaqalar jarayoniga jalb etish choralarini koʻrsin.
20. Oʻzbekiston Milliy axborot agentligi hamda Oʻzbekiston Milliy teleradiokompaniyasi mazkur qarorning mazmun-mohiyati va amaliy ahamiyatini yoritishga oid maqolalar, brifinglar, tematik telekoʻrsatuvlar tashkil etsin.
21. Yoshlar siyosati va sport vazirligi manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda ikki oy muddatda qonunchilik hujjatlariga ushbu qarordan kelib chiqadigan oʻzgartirish va qoʻshimchalar toʻgʻrisida Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritsin.
(21-band Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2023-yil 12-iyundagi PF-92-sonli Farmoni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 13.06.2023-y., 06/23/92/0366-son)
22. Ushbu qarorning ijrosini samarali tashkil qilishga masʼul va shaxsiy javobgar etib yoshlar siyosati va sport vaziri A.I. Ikramov, Oʻzbekiston milliy olimpiya qoʻmitasi bosh kotibi O.A. Qosimov hamda Oʻzbekiston gimnastika federatsiyasi raisi Sh.B. Umurzakov belgilansin.
(22-bandning birinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2023-yil 12-iyundagi PF-92-sonli Farmoni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 13.06.2023-y., 06/23/92/0366-son)
Qaror ijrosini muhokama qilib borish, ijro uchun masʼul idoralar faoliyatini muvofiqlashtirish va nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vaziri A.N. Aripov hamda Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining maslahatchisi O.Q. Abduraxmanov zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Sh. MIRZIYOYEV
Toshkent sh.,
2022-yil 23-dekabr,
PQ-449-son
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2022-yil 23-dekabrdagi PQ-449-son qaroriga1-ILOVA
2023 — 2025-yillarda gimnastika sport turlarini yanada rivojlantirish boʻyicha
(1-ilova Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2026 yil 21-yanvardagi PQ-22-sonli qarori tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 23.01.2026-y., 07/26/22/0069-son)
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2022-yil 23-dekabrdagi PQ-449-son qaroriga2-ILOVA
2023 — 2025-yillarda gimnastika sport turlarini rivojlantirishning maqsadli koʻrsatkichlari
(2-ilova Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2024-yil 24-dekabrdagi PF-226-sonli Farmoni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 25.12.2024-y., 06/24/226/1060-son)