PQ-452-son Qaror · 23.12.2022

Zargarlik buyumlarini ishlab chiqarish quvvatlarini kengaytirish va mahalliy zargarlarni har tomonlama qoʻllab-quvvatlash boʻyicha qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida

Rekvizitlar

  • Hujjat turi:Qaror
  • Raqami:PQ-452
  • Qabul qilingan sana:23.12.2022
  • Kuchga kirgan sana:11.01.2023
  • Holati:Amalda
  • Rasmiy nashr:QMMB 07/23/452/0015

Soʻnggi yillarda zargarlik sanʼati anʼanalarini qayta tiklash, mahalliy zargarlik buyumlarini ishlab chiqarishni rivojlantirish, ularning ichki va tashqi bozorda raqobatbardoshligini taʼminlash, shuningdek, aholining sifatli zargarlik mahsulotlariga boʻlgan ehtiyojini qondirishga qaratilgan bir qator chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda.

Shu bilan birga, mamlakatimizda zargarlik buyumlarini ishlab chiqarish, xom ashyo xaridi, ishlab chiqarilgan mahsulot savdosining katta qismi yashirin tarzda amalga oshirilmoqda va tashkil etilgan yangi ishlab chiqarish quvvatlari toʻlaqonli faoliyat koʻrsatmayapti.

Zargarlik sohasini mahalliy sanoatning asosiy drayverlaridan biriga aylantirish, qimmatbaho metallar va qimmatbaho toshlardan zargarlik buyumlarini ishlab chiqarish faoliyati hamda savdosini qoʻllab-quvvatlash, shuningdek, tadbirkorlik subyektlarining xom ashyoga boʻlgan ehtiyojini qondirish maqsadida:

1. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2021-yil 22-fevraldagi “Zargarlik sanoatini yanada rivojlantirish uchun qulay shart-sharoitlar yaratish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi PQ-4998-son qaroriga muvofiq zargarlik buyumlarini ishlab chiqaruvchilarga qimmatbaho metallarni tovar-xom ashyo birjasi orqali 15 foizlik avans toʻlovini amalga oshirgan holda kechiktirib toʻlash sharti bilan sotish tartibi joriy etilganligi maʼlumot uchun qabul qilinsin.

Qimmatbaho metallarni tovar-xom ashyo birjasi orqali kechiktirib toʻlash sharti bilan sotish tartibining amal qilish muddati 2026-yil 1-yanvarga qadar uzaytirilsin.

2023-yil 1-fevraldan boshlab shunday tartib joriy etilsinki, unga muvofiq qimmatbaho metallarni tovar-xom ashyo birjasi orqali kechiktirib toʻlash sharti bilan sotganda:

sotib olingan qimmatbaho metallar uchun toʻlov majburiyatlarini “Oʻzmilliybank” AJning kafolati bilan bir qatorda boshqa banklarning kafolatlari hamda Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi huzuridagi Eksportni ragʻbatlantirish agentligining kafilligi bilan ham taʼminlashga;

bank kafolatini zargarlik buyumlarini ishlab chiqaruvchi yakka tartibdagi tadbirkorlarga ham berishga;

toʻlov majburiyatlarini taʼminlash maqsadida beriladigan bank kafolati boʻyicha xizmat haqini taraflarning kelishuviga asosan qatʼiy miqdordagi summada belgilashga ruxsat etiladi.

2. Iqtisodiyot va moliya vazirligi hamda “Oʻzbekzargarsanoati” uyushmasining 2026-yil 1-fevralga qadar “Navoiy kon-metallurgiya kombinati” AJ va “Olmaliq kon-metallurgiya kombinati” AJ tomonidan ishlab chiqarilgan qimmatbaho metallarni birja savdolari hamda toʻgʻridan-toʻgʻri shartnomalar orqali sotishda zargarlik sohasida 75 dan 125 tagacha ish oʻrinlarini yaratgan tadbirkorlik subyektlariga — London qimmatbaho metallar bozori uyushmasining ertalabki fiksing narxining 1 foizi miqdorida, 125 dan 200 tagacha ish oʻrinlarini yaratganlarga — 2 foizi miqdorida, 200 dan 300 tagacha ish oʻrinlarini yaratganlarga — 3 foizi miqdorida, 300 ta va undan ortiq ish oʻrinlarini yaratganlarga — 4 foizi miqdorida chegirma berish toʻgʻrisidagi taklifi maʼqullansin.

(2-bandning birinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2024-yil 23-iyuldagi PF-104-sonli Farmoni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 25.07.2024-y., 06/24/104/0551-son)

Iqtisodiyot va moliya vazirligi Kambagʻallikni qisqartirish va bandlik vazirligi hamda “Oʻzbekzargarsanoati” uyushmasi bilan birgalikda ikki hafta muddatda zargarlik buyumlarini ishlab chiqaruvchi tadbirkorlik subyektlarining roʻyxatini va ular tomonidan yaratilgan zargarlik sohasidagi ish oʻrinlari toʻgʻrisidagi maʼlumotlarni “Oʻzbekiston respublika tovar-xom ashyo birjasi” AJ va “Toshkent tovar xomashyo birjasi” AJga kiritsin va zarur hollarda ularni yangilab borsin.

(2-bandning ikkinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2026-yil 9-iyundagi PF-108-sonli Farmoni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 10.06.2026-y., 06/26/108/0579-son)

Belgilansinki, ushbu chegirmalardan foydalanadigan zargarlik buyumlarini ishlab chiqaruvchi tadbirkorlik subyektlarining roʻyxati quyidagi mezonlarni inobatga olgan holda shakllantiriladi:

a) zargarlik buyumlarini ishlab chiqaruvchi tadbirkorlik subyektlari tomonidan yaratilgan ish oʻrinlari soni.

(2-band “a” kichik bandining ikkinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2024-yil 23-iyuldagi PF-104-sonli Farmoniga asosan chiqarilgan — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 25.07.2024-y., 06/24/104/0551-son)

b) yaratilgan ish oʻrinlariga ishga qabul qilingan xodimlar bilan belgilangan tartibda mehnat shartnomasi tuzilganligi, ularga kamida olti oy davomida mehnatga haq toʻlashning eng kam miqdorining bir baravaridan kam boʻlmagan miqdorda ish haqi hisoblanganligi hamda ushbu holat soliq organlari tomonidan tasdiqlanganligi;

v) zargarlik buyumlarini ishlab chiqaruvchi tadbirkorlik subyektlarida yuqori qoʻshilgan qiymatli zargarlik buyumlarini ishlab chiqarish uchun zarur boʻlgan moddiy-texnika bazasi, uskunalar va boshqa texnika vositalari, shuningdek, zargarlik buyumlarini ishlab chiqarish boʻyicha belgilangan talablarga javob beradigan ishlab chiqarish maydonlari va sharoitlarining mavjudligi.

Vazirlar Mahkamasi ikki hafta muddatda Qimmatbaho metallarni birja savdolarida sotishda chegirmalar berish uchun zargarlik buyumlarini ishlab chiqaruvchi tadbirkorlik subyektlarining roʻyxatini shakllantirish va yuritish tartibini tasdiqlasin.

(2-band Oʻzbekiston Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2024-yil 24-fevraldagi PQ-85-son qaroriga asosan xatboshilar bilan toʻldirilgan — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 26.02.2024-y., 07/24/85/0148-son)

3. Zargarlik buyumlarini ishlab chiqaruvchilarning xom ashyoga boʻlgan ehtiyojini qoplash va faoliyati uzluksizligini taʼminlash maqsadida 2023-yil 1-fevraldan boshlab:

a) tijorat banklariga zargarlik buyumlarini ishlab chiqaruvchilarga kreditlar hamda bank kafolatlarini revolver tarzda taqdim etish;

b) “Olmaliq kon-metallurgiya kombinati” AJga:

zargarlik buyumlarini ishlab chiqaruvchilar tomonidan tovar-xom ashyo birjasi orqali 100 foiz oldindan toʻlov yoki kechiktirib toʻlash sharti bilan sotib olingan qimmatbaho metallarni “Oʻzmilliybank” AJ orqali yetkazib berish va tovar yukxatlari asosida ajratish;

“Oʻzmilliybank” AJning Andijon, Buxoro, Namangan, Samarqand, Surxondaryo va Fargʻona viloyatlari hamda Toshkent shahridagi mintaqaviy filiallari omborxonalarida zargarlik buyumlarini ishlab chiqaruvchilar uchun qulay boʻlgan shakl va miqdorlarda qimmatbaho metallar zaxiralarini yaratish tavsiya etilsin.

4. 2024-yil 1-noyabrdan boshlab quyidagilarga:

rezident va norezident jismoniy shaxslarga ogʻirligi 200 grammgacha boʻlgan kumushdan hamda 65 grammgacha boʻlgan oltin va boshqa qimmatbaho metallardan yasalgan tayyor zargarlik buyumlarini yoʻlovchi bojxona deklaratsiyasini toʻldirmasdan, ushbu miqdorlardan ortiq boʻlgan buyumlarini yoʻlovchi bojxona deklaratsiyasi asosida Oʻzbekiston Respublikasi bojxona hududidan tashqariga olib chiqishga;

zargarlik buyumlarini ishlab chiqaruvchi yakka tartibdagi tadbirkorlarga tayyor zargarlik buyumlarini yoʻlovchi bojxona deklaratsiyasini toʻldirgan holda, maʼlumotlarni Tashqi savdo operatsiyalarining yagona elektron axborot tizimiga kiritmasdan Oʻzbekiston Respublikasi bojxona hududidan tashqariga tijorat maqsadlarida olib chiqishga ruxsat etilsin.

(4-band Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2024-yil 23-iyuldagi PF-104-sonli Farmoni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 25.07.2024-y., 06/24/104/0551-son — 2024-yil 1-noyabrdan kuchga kiradi)

5. Belgilansinki:

a) 2023-yil 1-fevraldan boshlab affinaj korxonalari va zargarlik buyumlarini ishlab chiqaruvchilar quyidagi hollarda maxsus turdagi tovarlarni eksport va import qilish uchun litsenziya olish majburiyatidan ozod etiladi:

qimmatbaho metallarni va tarkibida qimmatbaho metallari mavjud boʻlgan xom ashyoni bojxona hududida qayta ishlash bojxona rejimiga joylashtirishda;

bojxona hududida qayta ishlash bojxona rejimiga joylashtirilgan qimmatbaho metallar va tarkibida qimmatbaho metallari mavjud boʻlgan xom ashyoni qayta ishlash mahsulotlarini Oʻzbekiston Respublikasi bojxona hududidan tashqariga olib chiqishda;

b) 2026-yil 1-yanvarga qadar marvarid, olmos, qimmatbaho va yarim qimmatbaho toshlarga (TIF TN ning 7101 — 7104 pozitsiyalari) import bojxona bojlari 0 foiz etib belgilanadi.

6. Savdo-sanoat palatasi Bojxona qoʻmitasi hamda “Oʻzbekzargarsanoati” uyushmasi bilan birgalikda Oʻzbekistonda tashkil qilinadigan xalqaro zargarlik koʻrgazma-savdolari ishtirokchilarining vaqtincha olib kiradigan tovarlarini ularning xohishiga koʻra, Vaqtincha olib kirish toʻgʻrisidagi konvensiya (1990-yil 26-iyun, Istanbul) talablariga muvofiq A.T.A. karnetlari asosida rasmiylashtirish choralarini koʻrsin.

7. Andijon, Buxoro, Namangan, Samarqand, Surxondaryo, Fargʻona viloyatlari va Toshkent shahar hokimliklari hamda Kambagʻallikni qisqartirish va bandlik vazirligining hududlardagi “Ishga marhamat” monomarkazlari va kasb-hunarga oʻqitish markazlarida xorijiy davlatlardan (Italiya, Turkiya va boshqalar) malakali mutaxassislarni jalb qilgan holda, zargarlik ishi yoʻnalishi boʻyicha mutaxassislarni tayyorlashga oid maxsus oʻquv kurslarini tashkil etish toʻgʻrisidagi taklifi maʼqullansin.

Belgilansinki, maxsus oʻquv kurslarini muvaffaqiyatli tugatib, tegishli sertifikatni olgan shaxslarga oilaviy tadbirkorlikni rivojlantirish dasturlari doirasida zargarlik buyumlari ishlab chiqarish uchun zarur boʻlgan jihozlar va asbob-uskunalarni sotib olish maqsadlari uchun oʻrnatilgan tartibda 50 million soʻmgacha imtiyozli kreditlar ajratiladi.

8. Iqtisodiyot va moliya vazirligi hamda “Oʻzbekzargarsanoati” uyushmasi zargarlik buyumlari ishlab chiqarish uchun zarur boʻlgan jihozlar va asbob-uskunalarni lizing asosida berishni yoʻlga qoʻysin.

9. Andijon, Buxoro, Namangan, Samarqand, Surxondaryo va Fargʻona viloyatlari hamda Toshkent shahar hokimliklarining uyushmagan holda faoliyat yuritayotgan zargarlar ishini tizimli tashkil qilish maqsadida 2023-yil yakuniga qadar Andijon, Buxoro, Namangan, Samarqand, Termiz, Qoʻqon va Toshkent shaharlarida zargarlik yoʻnalishidagi savdo va ishlab chiqarish majmualarini (keyingi oʻrinlarda — majmualar), shu jumladan kooperatsiya usulida tashkil qilish toʻgʻrisidagi taklifi maʼqullansin.

Davlat aktivlarini boshqarish agentligi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari Andijon, Buxoro, Namangan, Samarqand, Termiz, Qoʻqon va Toshkent shaharlarida majmualar faoliyatini yoʻlga qoʻyish uchun:

a) 2023-yil 1-martga qadar davlat mulkidagi bino va inshootlarni tanlasin, ularni lotlar (qismlar va xonalar)ga boʻlsin hamda ijaraga berishdan oldin mahalliy budjetning qoʻshimcha daromadlari va qonunchilik hujjatlari bilan taqiqlanmagan boshqa mablagʻlar hisobidan taʼmirlash hamda rekonstruksiya qilish ishlarini amalga oshirsin;

b) 2023-yil 1-sentabrga qadar belgilangan tartibda “E-auksion” elektron savdo platformasi orqali:

Andijon, Buxoro, Namangan, Samarqand, Termiz va Qoʻqon shaharlarida joylashgan davlat mulkidagi bino va inshootlarni lotlar (qismlar va xonalar)ga boʻlgan holda keyinchalik zargarlik buyumlarini ishlab chiqaruvchilarga ijaraga berish uchun elektron onlayn-auksion savdolariga chiqarilishini;

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2019-yil 18-maydagi “Oʻzbekiston Respublikasida zargarlik tarmogʻini jadal rivojlantirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi PF-5721-son Farmoniga asosan “Oʻzbekzargarsanoati” uyushmasiga bepul foydalanish uchun berilgan “2-Zargarlik korxonasi” davlat korxonasi bino va inshootlarini lotlar (qismlar va xonalarga)ga boʻlgan holda keyinchalik zargarlik buyumlarini ishlab chiqaruvchilarga belgilangan tartibda xususiylashtirib berish uchun ommaviy savdolarga chiqarilishini taʼminlasin.

Bunda, onlayn-auksion va ommaviy savdolarga chiqariladigan obyektlardan kelgusida foydalanish shartlari sifatida ularda zargarlik buyumlarini ishlab chiqarish, taʼmirlash hamda mazkur buyumlarning chakana savdosini amalga oshirish belgilansin.

10. Iqtisodiyot va moliya vazirligi “Oʻzbekiston respublika tovar-xom ashyo birjasi” AJ bilan birgalikda ikki oy muddatda tovar-xom ashyo birjasi orqali qalay mahsulotlari sotuvini yoʻlga qoʻyish imkoniyatlarini oʻrgansin va natijasi boʻyicha Vazirlar Mahkamasiga tegishli takliflarni kiritsin.

11. Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi Tashqi ishlar vazirligi, “Oʻzbekzargarsanoati” uyushmasi hamda “Hunarmand” uyushmasi bilan birgalikda:

zargarlik sanoatini rivojlantirish, eksport salohiyatini oshirish, milliy zargarlik brendini jahon bozoriga olib chiqish maqsadida xorijiy konsalting kompaniyalarini jalb qilish;

mahsulotni chet el xaridorining manziligacha yetkazib berish xizmatlarini koʻrsatadigan kompaniyalarni Oʻzbekistonga jalb qilish, ushbu tashkilotlarga qulay investitsiyaviy muhit yaratish boʻyicha qonunchilik hujjatlariga tegishli oʻzgartirishlar kiritish;

zargarlik buyumlarini ishlab chiqaruvchilarning xalqaro koʻrgazmalarda ishtirok etishi bilan bogʻliq xarajatlarini qoplab berish;

Oʻzbekiston Respublikasining xorijdagi diplomatik vakolatxonalari koʻmagida Oʻzbekiston zargarlik sanoati salohiyatini ilgari surish, shu jumladan mamlakatimizda yaratilgan shart-sharoitlar va imkoniyatlarga bagʻishlangan taqdimotlar oʻtkazish orqali xorijiy investorlarni jalb qilish choralarini koʻrsin.

12. Iqtisodiyot va moliya vazirligi uch oy muddatda Namangan shahrida Davlat asillik darajasini belgilash palatasining qimmatbaho metallar va zargarlik buyumlarini tahlil qilish hamda ularning asillik darajasini belgilash faoliyati bilan shugʻullanadigan hududiy filialini tashkil qilsin.

13. 2023-2024-yillarda zargarlik sanoatining ishlab chiqarish quvvatlaridan toʻlaqonli foydalanish va eksport salohiyatini oshirish boʻyicha chora-tadbirlar dasturi 1-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.

14. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining va Oʻzbekiston Respublikasi Hukumatining ayrim qarorlariga 2-ilovaga muvofiq qoʻshimcha va oʻzgartirishlar kiritilsin.

15. Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi hamda Iqtisodiyot va moliya vazirligi manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda ikki oy muddatda qonunchilik hujjatlariga ushbu qarordan kelib chiqadigan oʻzgartirish va qoʻshimchalar toʻgʻrisida Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritsin.

16. Mazkur qaror ijrosini samarali tashkil qilishga masʼul va shaxsiy javobgar etib investitsiyalar, sanoat va savdo vaziri hamda Markaziy bank raisi M.B. Nurmuratov belgilansin.

Qaror ijrosi uchun masʼul idoralar faoliyatini muvofiqlashtirish va nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri A.N. Aripov zimmasiga yuklansin.

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Sh. MIRZIYOYEV

Toshkent sh.,

2022-yil 23-dekabr,

PQ-452-son

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2022-yil 23-dekabrdagi PQ-452-son qaroriga1-ILOVA

2023-2024-yillarda zargarlik sanoatining ishlab chiqarish quvvatlaridan toʻlaqonli foydalanish va eksport salohiyatini oshirish boʻyicha chora-tadbirlar dasturi

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2022-yil 23-dekabrdagi PQ-452-son qaroriga2-ILOVA

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining va Oʻzbekiston Respublikasi Hukumatining ayrim qarorlariga kiritilayotgan qoʻshimcha va oʻzgartirishlar

1. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2018-yil 29-iyundagi “Oʻzbekiston Respublikasining tashqi iqtisodiy faoliyatini yanada tartibga solish hamda bojxona-tarif jihatdan tartibga solish tizimini takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi PQ-3818-son qaroriga 1-ilovaning rus tilidagi matnida izohdagi “do 1-marta 2023 goda” soʻzlari “do 1-yanvarya 2026 goda” soʻzlari bilan almashtirilsin.

2. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2021-yil 22-fevraldagi “Zargarlik sanoatini yanada rivojlantirish uchun qulay shart-sharoitlar yaratish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi PQ-4998-son qarorining 1-bandida:

birinchi xatboshidagi “2023-yil 1-martga” soʻzlari “2026-yil 1-martga” soʻzlari bilan almashtirilsin;

beshinchi va oltinchi xatboshilar quyidagi tahrirda bayon etilsin:

“zargarlik buyumlarini ishlab chiqaruvchilar tovar-xom ashyo birjasi orqali 180 kunga kechiktirib toʻlash sharti bilan olingan qimmatbaho metallar uchun toʻlovni taʼminlash maqsadida “Navoiy kon-metallurgiya kombinati” AJ va “Olmaliq kon-metallurgiya kombinati” AJ bilan kelishilgan holda bank kafolatini yoki Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi huzuridagi Eksportni ragʻbatlantirish agentligining kafilligini taqdim etadi;

bank yoki Eksportni ragʻbatlantirish agentligi tovar-xom ashyo birjasi orqali 180 kunga kechiktirib toʻlash sharti bilan sotilgan qimmatbaho metallar uchun bank kafolatini (kafillikni) shartnoma summasining 85 foizigacha (85 foizi ham kiradi) miqdorda yillik 2 foizgacha komissiya undirgan holda taqdim etadi. Bunda, toʻlov majburiyatlarini taʼminlash maqsadida beriladigan bank kafolati va kafillik boʻyicha xizmat haqini taraflarning kelishuviga asosan qatʼiy miqdorlarda belgilashga ruxsat etiladi”.

3. Vazirlar Mahkamasining 2020-yil 10-yanvardagi “Oʻzbekiston Respublikasi zargarlik sanoatining zamonaviy uskuna, texnologiyalari va zargarlik buyumlari “Uzbek Jewellery Fair-2020” birinchi xalqaro koʻrgazma-savdosini tashkil etish va oʻtkazish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi 17-son qarori 5-bandida:

quyidagi mazmundagi ikkinchi va uchinchi xatboshilar bilan toʻldirilsin:

“koʻrgazma doirasida respublika hududiga olib kiriladigan tovarlarning roʻyxati shakllantirilishini va ushbu roʻyxatda ularning nomi, oʻlchov birligi, qiymati, TIF TN kodi hamda olib kiruvchining rekvizitlari koʻrsatilishini;

roʻyxatda koʻrsatilgan tovarlarni Oʻzbekiston Respublikasi bojxona hududiga olib kirish va olib chiqishda identifikatsiya qilinishini”;

ikkinchi va uchinchi xatboshilar tegishincha toʻrtinchi va beshinchi xatboshilar deb hisoblansin.

Bu hujjat sizga qanday ta'sir qiladi?

HuquqTech hujjat va qonun moddalariga tayanib, savolingizga oddiy tilda javob beradi.

AI'dan bepul so'rash

Matn lex.uz rasmiy manbasidan olingan va avtomatik yangilanadi. Huquqiy ahamiyatga ega qarorlar uchun rasmiy nashrga va malakali mutaxassisga murojaat qiling.