PQ-12-son Qaror · 20.01.2023

2023-2026-yillarda ftiziatriya va pulmonologiya xizmatini yanada rivojlantirishga qaratilgan chora-tadbirlar toʻgʻrisida

Rekvizitlar

  • Hujjat turi:Qaror
  • Raqami:PQ-12
  • Qabul qilingan sana:20.01.2023
  • Kuchga kirgan sana:21.01.2023
  • Holati:Amalda
  • Rasmiy nashr:QMMB 07/23/12/0041

Respublikada aholi salomatligini muhofaza qilish va tuberkulyoz infeksiyasidan himoyalash, tuberkulyoz va oʻpkaning nospetsifik kasalliklari tarqalishining oldini olish boʻyicha aniq maqsadga yoʻnaltirilgan ishlar amalga oshirilmoqda.

Xususan, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2019-yil 13-fevraldagi “Ixtisoslashtirilgan ftiziatriya va pulmonologiya yordami koʻrsatish tizimini takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi PQ-4191-son qaroriga muvofiq quyidagi ishlar amalga oshirildi:

2021-yilga kelib tuberkulyozdan kasallanish koʻrsatkichi 100 ming aholiga nisbatan 35,2 tani, oʻlim koʻrsatkichi esa 1 tani tashkil qilib, 2019-yil koʻrsatkichlariga nisbatan mos ravishda 9,3 va 16,6 foizga kamaydi;

tizimdagi multidissiplinar guruhlar tomonidan koʻrsatilgan ruhiy-ijtimoiy yordam natijasida davolash muddatlariga rioya etmagan bemorlar soni 2 baravarga kamaydi;

xavfli guruhga kiruvchi 12 ming shaxslarda tuberkulyozning latent shakli aniqlangan va profilaktik davo bilan toʻla qamrab olindi;

80 ta tumandagi birlamchi tibbiy-sanitariya yordami muassasalarida zamonaviy tezkor molekulyar-genetik tashxislash usuli amaliyotga tatbiq etildi.

Shu bilan birga, tuberkulyoz va oʻpka nospetsifik kasalliklarining oldini olish chora-tadbirlarini kuchaytirish hamda 2022-yil 18-mart kuni oʻtkazilgan Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining sogʻliqni saqlash sohasi vakillari bilan “Tibbiyotdagi islohotlar — inson qadri uchun” mavzusidagi ochiq muloqoti doirasida belgilangan vazifalar ijrosini taʼminlash maqsadida:

1. Belgilansinki, Respublika ixtisoslashtirilgan ftiziatriya va pulmonologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi (keyingi oʻrinlarda — Markaz) ftiziatriya va pulmonologiya kasalliklarini profilaktika qilish, tashxislash, davolash hamda mazkur sohalarni yuqori malakali mutaxassislar bilan taʼminlash boʻyicha respublikada bosh muassasa hisoblanadi.

2. Quyidagilar tuberkulyoz va oʻpka nospetsifik kasalliklarining oldini olish, ularni skrining qilish va erta aniqlash, davolash hamda tarqalishiga qarshi kurashish boʻyicha Markazning asosiy vazifalari etib belgilansin:

sogʻliqni saqlash muassasalarida ixtisoslashtirilgan ftiziatriya va pulmonologiya tizimlarini ilgʻor xorijiy tajriba asosida takomillashtirish va modernizatsiya qilish;

ftiziatriya va pulmonologiya yoʻnalishida viloyat (respublika), tuman (shahar) hududiy tibbiyot muassasalari oʻrtasida tizimli uzviy bogʻliqlikni hamda uslubiy vertikal boshqaruvni taʼminlash;

tuman (shahar) ftiziatriya muassasalari qoshida mavjud shifo oʻrinlari va shtat birliklari doirasida kunduzgi statsionarlarni tashkil etish orqali aholiga malakali ftiziatriya va pulmonologik tibbiy yordam koʻrsatish hajmini oshirish hamda respublika ftiziatriya reabilitatsiya markazlarida oʻpka nospetsifik kasalliklarining shifoxonadan keyingi davrdagi kuzatuvini tashkillashtirish;

tuberkulyoz va oʻpka nospetsifik kasalliklari boʻyicha epidemik vaziyatni muntazam tahlil qilish, monitoringini olib borish, kasalliklar tarqalish tendensiyalarini prognozlash, takliflar shakllantirish hamda bemorlarning milliy elektron reyestrini yuritish;

tuberkulyoz va oʻpkaning nospetsifik kasalliklari oldini olish, tashxislash va davolashga qaratilgan fundamental, amaliy va innovatsion loyihalar hamda ilmiy tadqiqotlar boʻyicha ekspert taqrizini berish;

oʻpka patologiyasining klinikoldi belgilarini erta aniqlash uchun yillik tibbiy koʻrik doirasida skrining dasturlarini ishlab chiqish va amaliyotga tatbiq qilish;

tashxislash va davolashning yuqori texnologiyali usullarini amaliyotga joriy etish orqali Markazda va hududlarda yuqori texnologik jarrohlik amaliyotlari ulushini oshirish;

raqamli texnologiyalar yordamida bemorlarni qoʻllab-quvvatlash hamda ambulator davolashning videonazorat usulini kengaytirish;

koʻp tarmoqli markaziy poliklinikalar qoshida “Astma va surunkali obstruktiv oʻpka kasalliklari maktabi”ni tashkil etish orqali oʻpkaning nospetsifik kasalliklariga chalingan bemorlar hayoti sifatini yaxshilash va ularni kasallik zoʻrayishining oldini olishga oʻrgatish;

hududiy ftiziatriya va pulmonologiya markazlari huzurida mavjud shifo oʻrinlari va shtat birliklari doirasida masofaviy oʻqitish va monitoring qilish innovatsion markazlarini tashkil etish.

3. 2023 — 2026-yillarda ftiziatriya va pulmonologiya xizmatini rivojlantirish boʻyicha maqsadli koʻrsatkichlar 1-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.

4. Sogʻliqni saqlash vazirligining quyidagilarni nazarda tutuvchi ftiziatriya va pulmonologiya tizimlarini takomillashtirishga qaratilgan takliflariga rozilik berilsin:

a) sohada yaxlit vertikal tizimning tuman boʻgʻinini yaratish maqsadida tuman (shahar) koʻp tarmoqli markaziy poliklinikalar tarkibidagi ftiziatriya boʻlimlari va xonalari negizida mavjud ftiziatr va pulmonolog shtat birliklari doirasida ftiziopulmonologiya boʻlimlarini tashkil etish;

b) viloyat koʻp tarmoqli tibbiyot markazlarida faoliyat yuritadigan bosh pulmonolog shtatlarini shifo oʻrni fondi qoldirilgan holda hududdagi ftiziatriya va pulmonologiya markazlariga oʻtkazish.

Sogʻliqni saqlash vazirligi (A. Inoyatov) Iqtisodiyot va moliya vazirligi (Sh. Kudbiyev), Kambagʻallikni qisqartirish va bandlik vazirligi (B. Musayev) bilan birgalikda 2023-yil 1-iyulga qadar ftiziatriya kasalligining xususiyatlarini hamda ftiziatriya va pulmonologiya tizimlarini takomillashtirish jarayonlarini inobatga olgan holda barcha boʻgʻinlarda yangilangan shtat meʼyorlarini tasdiqlasin.

Markazga ftiziatriya va pulmonologiya sohasida faoliyat yuritayotgan davlat tibbiyot muassasalari, shu jumladan ularning boʻlinmalari ish hajmi va mavjud ehtiyojidan kelib chiqqan holda shifo oʻrinlarini qayta taqsimlash boʻyicha asoslangan takliflarni Sogʻliqni saqlash vazirligiga kiritish vakolati berilsin;

v) tungi uyqu sifati va nafas olish funksiyasi buzilishlarini tashxislash va davolash maqsadida hududiy ftiziatriya va pulmonologiya markazlariga ajratilgan shtat birliklari va mablagʻlar doirasida “Uyqu apnoe” markazlarini tashkil qilish.

5. Shunday tartib oʻrnatilsinki, unga muvofiq, 2023-yildan boshlab har yili:

a) quyidagilar:

latent tuberkulyoz infeksiyasiga skrining tekshiruvlari soni 1 million nafargacha;

latent tuberkulyoz infeksiyasiga chalingan shaxslarni davolash qamrovi 21 ming nafargacha;

tuberkulyoz mikobakteriyasini bir vaqtning oʻzida 1 va 2-qator tuberkulyozga qarshi dori vositalariga rezistentlikni aniqlaydigan tezkor gen-molekulyar tashxislash qamrovi 120 ming nafargacha;

tuberkulyoz bilan kasallangan 18 ming nafargacha bemorlarni dori vositalari bilan taʼminlash, shu jumladan:

1-qator (doriga sezuvchan tuberkulyoz bilan kasallangan bemorlar) boʻyicha — 15 ming nafargacha;

2- va 3-qatorlar (doriga rezistent tuberkulyoz bilan kasallangan bemorlar) boʻyicha — 3 ming nafargacha yetkaziladi;

b) 2023-yil 1-martga qadar tuman (shahar) tibbiyot birlashmalari tomonidan birlamchi tibbiyot muassasalariga biriktirilgan aholi orasidan tuberkulyoz bilan kasallanishga moyilligi boʻlgan xavf guruhiga mansub shaxslar roʻyxati tuziladi;

v) tuman (shahar) tibbiyot birlashmasi mutaxassislari tomonidan tuberkulyoz bilan kasallanish xavf guruhiga mansub:

shaxslar (oʻsmirlar va kattalar) rentgenologik tekshiruvdan;

bolalar immunologik tekshiruvdan oʻtkaziladi;

g) jazoni ijro etish muassasalarida saqlanayotgan mahkumlar bilan bevosita aloqada boʻlgan Ichki ishlar vazirligi jazoni ijro etish muassasalari va qorovul qoʻshinlarining xodimlarida latent tuberkulyoz infeksiyasini erta aniqlash maqsadida yillik profilaktik tibbiy koʻriklar doirasida tegishli skrining tadbirlari oʻtkaziladi.

Sogʻliqni saqlash vazirligi Ichki ishlar vazirligi bilan birgalikda latent tuberkulyoz infeksiyali shaxslarda diagnostika jarayonini tubdan yaxshilash uchun ikki oy muddatda xavf guruhlarini skrining qilish uchun test-diagnostikumlarini xarid qilish hamda 2023-yildan boshlab skrining qilishning yillik grafigini tasdiqlashni nazarda tutuvchi takliflarni Vazirlar Mahkamasiga kiritsin.

6. Sogʻliqni saqlash vazirligi (A. Inoyatov):

2023-yil 1-martga qadar sogʻliqni saqlash tizimini raqamlashtirishga ajratilgan mablagʻlar hisobidan Sogʻliqni saqlash vazirligi muassisligidagi “IT-Med” masʼuliyati cheklangan jamiyati tomonidan Ftiziatriya kasalliklarining yagona elektron reyestri (keyingi oʻrinlarda — Reyestr) ishlab chiqilishini, shuningdek, kelgusida uning texnik va dasturiy qoʻllab-quvvatlanishini taʼminlasin;

2023-yil 1-iyulga qadar Markazda Reyestr yuritilishini, uning tizimidagi hududiy boʻlinmalar hamda respublika, viloyat va tuman (shahar) darajasida ftiziatriya sohasida faoliyat yuritayotgan davlat muassasalari, shu jumladan ularning boʻlinmalarida Reyestr joriy qilinishini va oʻzaro integratsiyasini yoʻlga qoʻysin.

7. “Oʻpka salomatligi” mobil brigadasi doirasida hududlardagi olis, chekka, ekologik jihatdan noqulay hududlarda yashovchi aholiga bepul tibbiy koʻrik doirasida skrining tadbirlari oʻtkazilsin.

Sogʻliqni saqlash vazirligi “Oʻzavtosanoat” AJ bilan birgalikda “Isuzu” mikroavtobusi bazasida olis, chekka va togʻli hududlarga moʻljallangan ixtisoslashtirilgan avtotransport vositasining texnik parametrlarini ishlab chiqsin va tasdiqlasin.

8. Markazning quyidagi takliflariga rozilik berilsin:

mamlakatimizda tuberkulyoz kasalligini davolash maktabini yaratishga qoʻshgan ulkan hissasini inobatga olgan holda Markazda akademik Shokir Alimov nomini tiklash;

Markaz huzurida mavjud shifo oʻrinlari va shtat birliklari doirasida respirator kasalliklar boʻyicha zamonaviy yoʻnalishlarni hisobga olgan holda fundamental va amaliy innovatsion tadqiqotlarni oʻzida mujassamlashtirgan Shokir Alimov nomidagi ilmiy maktab tashkil etish;

Markaz tarkibida Milliy referens laboratoriya tashkil etish. Bunda belgilansinki, Milliy referens laboratoriyani qurish bilan bogʻliq xarajatlar Davlat budjeti mablagʻlari hisobidan, jihozlash bilan bogʻliq xarajatlar esa xorijiy grant mablagʻlari hisobidan qoplanadi;

Markazning va homiylik mablagʻlari hisobidan mahalliy va chet ellik mikrobiologik laboratoriya mutaxassislari uchun ilmiy-amaliy trening markazi faoliyatini yoʻlga qoʻyish;

Markazga, hududlardagi ftiziatriya va pulmonologiya markazlariga hamda kattalar uchun moʻljallangan sihatgohlarga Sogʻliqni saqlash vazirligi bilan kelishilgan holda davlat tomonidan kafolatlangan bepul tibbiy xizmatlar va dori vositalari paketiga kiritilmagan tibbiy xizmatlarni pullik asosda koʻrsatish.

Sogʻliqni saqlash vazirligi (A. Inoyatov) Iqtisodiyot va moliya vazirligi (Sh. Kudbiyev) bilan birgalikda 2023-yil yakuniga qadar Davlat budjeti mablagʻlari hisobidan qoplanadigan pulmonologiya yordamining kafolatlangan hajmlari roʻyxatini tasdiqlasin.

9. Belgilansinki, 2023-yil fevraldan boshlab Markaz faoliyatida aralash moliyalashtirish shakli joriy etiladi. Bunda:

Markaz tarkibidagi laboratoriya hamda Tuberkulyoz strategiyasini aniqlash, epidemiologiya, monitoring va dorilar menejmenti boʻlimini saqlash bilan bogʻliq xarajatlar smeta asosida Sogʻliqni saqlash vazirligiga ajratilgan budjet mablagʻlari doirasida moliyalashtiriladi;

Markaz tomonidan imtiyozli toifaga kiruvchi shaxslarga yoʻllanma asosida koʻrsatilgan tibbiy xizmatlar sarf-xarajatlari bazaviy narxlar doirasida Davlat tibbiy sugʻurtasi jamgʻarmasi orqali belgilangan tartibda qoplab beriladi.

Sogʻliqni saqlash vazirligi Iqtisodiyot va moliya vazirligi bilan birgalikda bir oy muddatda qolgan respublika ixtisoslashtirilgan tibbiyot markazlarini oʻrganib chiqib, ulardagi faoliyati bevosita bemorlar bilan bogʻlanmagan boʻlinmalar xarajatlarini moliyalashtirish boʻyicha taklif kiritsin.

9-1. Markaz 2026-yil 1-oktabrdan boshlab Davlat budjeti mablagʻlari hisobidan imtiyozli toifaga kiruvchi shaxslarni elektron axborot tizimi orqali hisobga olish va navbat asosida davolanishga yoʻllash tizimidan chiqariladi. Bunda Markaz va hududlardagi ftiziatriya va pulmonologiya yoʻnalishidagi tibbiyot muassasalariga Davlat budjeti va boshqa manbalardan ajratiladigan mablagʻlar Davlat tibbiy sugʻurtasi jamgʻarmasi mablagʻlari tarkibida respublika budjeti darajasida alohida jamlanadi hamda tuberkulyoz va nafas olish organlari kasalliklarining oldini olish, erta aniqlash, davolash, reabilitatsiya qilish bilan bogʻliq tadbirlar har bir davolangan holat boʻyicha va boshqa usullarda moliyalashtiriladi.

(9-1-band Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2026-yil 10-sentabrdagi PF-191-sonli Farmoniga asosan kiritilgan — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 16.09.2026-y., 06/26/191/0937-son)

10. Sogʻliqni saqlash vazirligi hamda Iqtisodiyot va moliya vazirligining mazkur qaror qabul qilingunga qadar Markazning xodimlarga ish haqi va unga tenglashtirilgan toʻlovlarni amalga oshirish hamda saqlash xarajatlarini qoplash hisobiga Davlat tibbiy sugʻurtasi jamgʻarmasi oldida hosil boʻlgan qarzdorligini hisobdan chiqarish toʻgʻrisidagi taklifi maʼqullansin.

11. Quyidagilar:

Oʻzbekiston Respublikasi aholisiga ftiziatriya va pulmonologiya yordamini koʻrsatish tizimini rivojlantirish boʻyicha chora-tadbirlar dasturi 2-ilovaga muvofiq;

2024 — 2026-yillarda ftiziatriya va pulmonologiya tizimidagi muassasalarni qayta taʼmirlash dasturi 3-ilovaga muvofiq;

Ftiziatriya va pulmonologiya tizimidagi muassasalarni zamonaviy tashxislash, davolash va reanimatsiya uskunalari bilan jihozlash chora-tadbirlar rejasi 4-ilovaga muvofiq;

2023 — 2025-yillarda ftiziatriya va pulmonologiya tizimidagi sihatgohlarni zamonaviy reabilitatsiya, davolash va laboratoriya uskunalari bilan jihozlash chora-tadbirlar rejasi 5-ilovaga muvofiq;

2023-2024-yillarda “Oʻpka salomatligi” mobil brigadalarini jihozlash uchun uskunalar roʻyxati 6-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.

Sogʻliqni saqlash vazirligi Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi bilan birgalikda Germaniya taraqqiyot banki tomonidan mazkur qarorga 4-ilovaga muvofiq Markazga ajratilayotgan grant mablagʻlarini jalb qilishda koʻmaklashsin.

12. Iqtisodiyot va moliya vazirligi Sogʻliqni saqlash vazirligi bilan birgalikda Davlat budjeti parametrlarini shakllantirishda har yili tuberkulyoz va surunkali obstruktiv oʻpka kasalliklari oldini olish boʻyicha chora-tadbirlarni amalga oshirish, ushbu qarorda nazarda tutilgan immunodiagnostika, tuberkulyozga qarshi dori vositalari, laboratoriya reagentlari xaridi uchun zarur boʻlgan mablagʻlar ajratilishini taʼminlasin.

13. Sogʻliqni saqlash vazirligi (A. Inoyatov):

Qurilish va uy-joy kommunal xoʻjaligi vazirligi bilan birgalikda Sogʻliqni saqlash vazirligiga ajratilgan budjet mablagʻlari doirasida Markazning bino-inshootlarini kapital taʼmirlash hamda tibbiy uskunalarini sozlash;

Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi hamda Tashqi ishlar vazirligi bilan birgalikda ushbu qaror bilan tasdiqlangan chora-tadbirlar rejalarining bajarilishi uchun xalqaro moliya institutlarining sohaga tegishli grantlarini jalb qilish;

Iqtidorli va malakali tibbiyot mutaxassislarini qoʻllab-quvvatlash hamda tibbiyot muassasalariga jalb qilish jamgʻarmasi mablagʻlari hisobidan tanlov asosida saralab olingan 40 nafargacha ftiziatr va pulmonologlarni 2023 — 2026-yillar davomida nufuzli xorijiy tibbiyot markazlarida malaka oshirishga yuborish choralarini koʻrsin.

14. Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vazirligi Sogʻliqni saqlash vazirligi bilan birgalikda tuberkulyoz va oʻpkaning nospetsifik kasalliklari oldini olish, tashxislash va davolashga qaratilgan ilmiy ishlar dissertatsiya himoyasigacha Markazning tegishli mavzudagi taqrizi olinishini taʼminlansin.

15. Innovatsion rivojlanish agentligi, Sogʻliqni saqlash vazirligi hamda Markaz ilmiy-tadqiqot loyihalarini amalga oshirish uchun davlat buyurtmasini shakllantirishda tuberkulyoz va oʻpkaning nospetsifik kasalliklari oldini olish, tashxislash va davolashga qaratilgan loyihalar tanlovini eʼlon qilsin.

16. Oʻzbekiston Milliy axborot agentligi hamda Oʻzbekiston Milliy teleradiokompaniyasi bir oy muddatda 2023-yilga moʻljallangan tuberkulyoz va oʻpkaning nospetsifik kasalliklarini profilaktika qilish, tashxis qoʻyish, davolash hamda reabilitatsiya jarayonlariga nisbatan jamoatchilikda ijobiy fikrni shakllantirish, ommaviy axborot vositalari va ijtimoiy tarmoqlarda keng targʻibot-tashviqot ishlarini olib borishga qaratilgan maqolalar eʼlon qilish, tematik telekoʻrsatuvlar namoyish etish boʻyicha media-reja qabul qilsin.

17. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining va Oʻzbekiston Respublikasi Hukumatining ayrim hujjatlariga 7-ilovaga muvofiq oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritilsin.

18. Sogʻliqni saqlash vazirligi manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda ikki oy muddatda qonunchilik hujjatlariga mazkur qarordan kelib chiqadigan oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritish toʻgʻrisida Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritsin.

19. Mazkur qarorning ijrosini samarali tashkil qilishga masʼul va shaxsiy javobgar etib sogʻliqni saqlash vaziri A.Sh. Inoyatov belgilansin.

Qaror ijrosi uchun masʼul idoralar faoliyatini muvofiqlashtirish va nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri A.N. Aripov hamda Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti maslahatchisining birinchi oʻrinbosari L.N. Tuychiyev zimmasiga yuklansin.

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Sh. MIRZIYOYEV

Toshkent sh.,

2023-yil 20-yanvar,

PQ-12-son

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2023-yil 20-yanvardagi PQ-12-son qaroriga 1-ILOVA

2023 — 2026-yillarda ftiziatriya va pulmonologiya xizmatini rivojlantirish boʻyicha

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2023-yil 20-yanvardagi PQ-12-son qaroriga 2-ILOVA

Oʻzbekiston Respublikasi aholisiga ftiziatriya va pulmonologiya yordamini koʻrsatish tizimini rivojlantirish boʻyicha chora-tadbirlar

(2-ilova Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2026-yil 10-sentabrdagi PF-191-sonli Farmoni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 16.09.2026-y., 06/26/191/0937-son)

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2023-yil 20-yanvardagi PQ-12-son qaroriga 3-ILOVA

2024 — 2026-yillarda ftiziatriya va pulmonologiya tizimidagi muassasalarni qayta taʼmirlash

* 2024 — 2026-yillarda Oʻzbekiston Respublikasining ijtimoiy va ishlab chiqarish infratuzilmasini rivojlantirish dasturi doirasida amalga oshiriladi.

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2023-yil 20-yanvardagi PQ-12-son qaroriga 4-ILOVA

Grant mablagʻlari hisobidan ftiziatriya va pulmonologiya tizimidagi muassasalarni zamonaviy tashxislash, davolash va reanimatsiya uskunalari bilan jihozlash chora-tadbirlar

Izoh:

Ushbu ilovada keltirilgan diagnostika, davolash va reanimatsiya asbob-uskunalarini oluvchilar:

1. Qoraqalpogʻiston Respublikasi ftiziatriya va pulmonologiya markazi

2. Viloyatlar ftiziatriya va pulmonologiya markazlari

3. Toshkent shahri ftiziatriya va pulmonologiya shifoxonasi

4. Respublika ixtisoslashtirilgan ftiziatriya va pulmonologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi

5. Respublika bolalar ftiziatriya va tayanch harakat tizimi kasalliklari reabilitatsiya markazi.

* Germaniya taraqqiyot banki (KFW) tomonidan ajratilgan grant mablagʻlari doirasida amalga oshiriladi.

Mazkur ilovada keltirilgan tibbiy jihozlar 2027-yil yakuniga qadar yetkazib beriladi.

(4-ilovaning izoh qismi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2026-yil 10-sentabrdagi PF-191-sonli Farmoniga asosan toʻqqizinchi xatboshi bilan toʻldirilgan — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 16.09.2026-y., 06/26/191/0937-son)

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2023-yil 20-yanvardagi PQ-12-son qaroriga 5-ILOVA

2023 — 2025-yillarda ftiziatriya va pulmonologiya tizimidagi sihatgohlarni zamonaviy reabilitatsiya, davolash va laboratoriya uskunalari bilan jihozlash chora-tadbirlar

Izoh:

Ushbu ilovada keltirilgan reabilitatsiya, diagnostika va laboratoriya asbob-uskunalarini oluvchilar:

1. Qoraqalpogʻiston Respublikasi bolalar ftiziatriya sihatgohi

2. Andijon viloyati ftiziatriya sihatgohi

3. Andijon viloyati bolalar ftiziatriya sihatgohi

4. Buxoro viloyati bolalar ftiziatriya sihatgohi

5. Jizzax viloyati bolalar ftiziatriya sihatgohi

6. Qashqadaryo viloyati ftiziatriya sihatgohi

7. Qashqadaryo viloyati bolalar ftiziatriya sihatgohi

8. Navoiy viloyati ftiziatriya sihatgohi

9. Namangan viloyati ftiziatriya sihatgohi;

10. Samarqand viloyati ixtisoslashtirilgan bolalar ftiziatriya sihatgohi

11. Surxondaryo viloyati bolalar ftiziatriya sihatgohi

12. Toshkent viloyati bolalar ftiziatriya sihatgohi

13. Fargʻona viloyati bolalar ftiziatriya sihatgohi

14. Xorazm viloyati bolalar ftiziatriya sihatgohi

15. Toshkent shahri bolalar ftiziatriya sihatgohi.

* hududlarning mahalliy budjetlarining qoʻshimcha mablagʻlari doirasida amalga oshiriladi.

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2023-yil 20-yanvardagi PQ-12-son qaroriga 6-ILOVA

2023-2024-yillarda “Oʻpka salomatligi” mobil brigadalarini jihozlash uchun uskunalar

Izoh:

* mahalliy budjet mablagʻlari hisobidan xarid qilinadi;

** xalqaro grantlar mablagʻlari hisobiga xarid qilinadi.

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2023-yil 20-yanvardagi PQ-12-son qaroriga 7-ILOVA

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining va Oʻzbekiston Respublikasi Hukumatining ayrim hujjatlariga kiritilayotgan oʻzgartirish va qoʻshimchalar

1. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2021-yil 28-iyuldagi “Sogʻliqni saqlash sohasida ixtisoslashtirilgan tibbiy yordam koʻrsatish tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi PQ-5199-son qarorida:

a) 1-bandi “a” kichik bandining yettinchi xatboshisi quyidagi tahrirda bayon etilsin:

“yoʻllanma axborot tizimida avtomatik tarzda shakllantiriladi va davlat yoki nodavlat tibbiyot tashkilotlarida tibbiy xizmatlar olish huquqini beradi. Bunda, yoʻllanma tasdiqlangandan soʻng 60 kun mobaynida bemor tomonidan tegishli tibbiyot tashkilotiga murojaat qilinmaganda ushbu yoʻllanma oʻz kuchini yoʻqotadi”;

b) 2-bandi quyidagi mazmundagi ikkinchi xatboshi bilan toʻldirilsin:

“Imtiyozli toifaga kiruvchi bemorlarni davlat va nodavlat tibbiyot tashkilotlarida tekshiruvdan oʻtkazish va davolash natijasida aniqlashtirilgan tashxis asosida hamda ogʻir ahvoldagi bemorlarga reanimatsiya va intensiv terapiya sharoitida koʻrsatilgan tibbiy yordam xarajatlarining bazaviy narxdan oshiqcha qismi Davlat tibbiy sugʻurtasi jamgʻarmasi tomonidan koʻrib chiqish xulosasiga koʻra qoplab beriladi. Mazkur holatlarni koʻrib chiqish tartibi Vazirlar Mahkamasi tomonidan belgilanadi”.

2. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2022-yil 25-apreldagi “Birlamchi tibbiy-sanitariya yordamini aholiga yaqinlashtirish va tibbiy xizmatlar samaradorligini oshirish boʻyicha qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi PQ-215-son qarori 4-bandining ikkinchi xatboshisidagi “hamda ularga ipoteka asosida” soʻzlari “hamda ularga oʻzi ishlayotgan olis va chekka hududdan ipoteka krediti asosida” soʻzlari bilan almashtirilsin.

3. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2022-yil 16-maydagi “Aholiga narkologik yordam koʻrsatish tizimini yanada takomillashtirish boʻyicha qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi PQ-244-son qarorida 3-ilovaning matni quyidagi tahrirda bayon etilsin:

“2022-yil yakuniga qadar narkologik bemorlarni ixtiyoriy va majburiy davolash uchun narkologiya dispanserlarida qoʻshimcha tashkil etiladigan oʻrinlar fondi

4. Vazirlar Mahkamasining 2018-yil 23-martdagi 213-son qarori bilan tasdiqlangan Dori vositalari, tibbiy buyumlar va tibbiy texnikani davlat roʻyxatidan oʻtkazish hamda roʻyxatdan oʻtkazilganlik guvohnomasi berish tartibi toʻgʻrisidagi nizomda 5-bandning uchinchi xatboshisi quyidagi tahrirda bayon etilsin:

“Bir ishlab chiqaruvchi tomonidan turli savdo nomlari ostida ishlab chiqilgan, tarkibi bir xil boʻlgan dori vositalari roʻyxatdan oʻtkazilishi mumkin”.

5. Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 19-sentabrdagi “Birlamchi tibbiy-sanitariya muassasalarida faoliyat yuritayotgan shifokorlar oylik ish haqiga qoʻshimcha har oylik ustama toʻlanadigan olis va chekka hududlar roʻyxatini tasdiqlash toʻgʻrisida”gi 510-son qarori 1-bandining uchinchi xatboshisidagi “hamda ularga ipoteka asosida” soʻzlari “hamda ularga oʻzi ishlayotgan olis va chekka hududdan ipoteka asosida” soʻzlari bilan almashtirilsin.

Bu hujjat sizga qanday ta'sir qiladi?

HuquqTech hujjat va qonun moddalariga tayanib, savolingizga oddiy tilda javob beradi.

AI'dan bepul so'rash

Matn lex.uz rasmiy manbasidan olingan va avtomatik yangilanadi. Huquqiy ahamiyatga ega qarorlar uchun rasmiy nashrga va malakali mutaxassisga murojaat qiling.