Navoiy viloyatida tadbirkorlikni qoʻllab-quvvatlash, boʻsh turgan davlat aktivlari, mavjud tabiiy resurslar zaxiralari, qishloq xoʻjaligiga moʻljallangan yerlar toifasidagi yer maydonlari va suv resurslaridan samarali foydalanish, muhandislik-kommunikatsiya, ishlab chiqarish va xizmat koʻrsatish infratuzilmasini rivojlantirish hamda investitsiyalarni jalb qilish hisobiga qoʻshilgan qiymat zanjirini yaratish, yangi ish oʻrinlarini tashkil etish va aholi daromadlarini oshirish orqali viloyatni “kambagʻallik va ishsizlikdan xoli hudud”ga aylantirish maqsadida:
1. Quyidagilar Navoiy viloyatini 2023-2024-yillarda rivojlantirishning asosiy yoʻnalishlari etib belgilansin:
ishbilarmonlik muhitini yaxshilash hamda tadbirkorlikni qoʻllab-quvvatlash orqali aholi bandligini taʼminlash, mahallalarni ishsizlikdan xoli hududga aylantirish;
foydalanilmayotgan davlat aktivlari hamda mavjud tabiiy resurslar zaxiralaridan samarali foydalanishni yoʻlga qoʻyish orqali ishlab chiqarish va xizmat koʻrsatish sohalarini rivojlantirish;
mahallalar ixtisoslashuvini hisobga olgan holda mahallalarda sanoat, hunarmandchilik, kasanachilik, chorvachilik, savdo va xizmat koʻrsatish yoʻnalishlarida mikromarkazlarni tashkil etishni yanada jadallashtirish;
qishloq xoʻjaligiga moʻljallangan yer maydonlari va suv resurslaridan oqilona foydalanish orqali qishloq xoʻjaligi mahsulotlari yetishtirishni koʻpaytirish, shuningdek, yangi ish oʻrinlari yaratish.
2. Quyidagilar:
2023-2024-yillarda Navoiy viloyatini kompleks rivojlantirish boʻyicha chora-tadbirlar rejasi 1-ilovaga muvofiq;
2023-yilda Navoiy viloyati aholisi bandligini taʼminlash boʻyicha tarmoqlar va sohalar kesimida reja-grafik 2-ilovaga muvofiq;
muhandislik-kommunikatsiya, ishlab chiqarish va xizmat koʻrsatish infratuzilmasini rivojlantirish boʻyicha amalga oshiriladigan ishlarning manzilli roʻyxati 3-ilovaga muvofiq;
ijtimoiy soha obyektlarining infratuzilmasi va moddiy-texnika bazasini yaxshilash boʻyicha amalga oshiriladigan ishlarning manzilli roʻyxati 4-ilovaga muvofiq;
Xatirchi tumanida muhandislik-kommunikatsiya, ishlab chiqarish va xizmat koʻrsatish infratuzilmasini rivojlantirish boʻyicha amalga oshiriladigan ishlarning manzilli roʻyxati 5-ilovaga muvofiq;
Xatirchi tumanida ijtimoiy soha obyektlarining infratuzilmasi va moddiy-texnika bazasini yaxshilash boʻyicha amalga oshiriladigan ishlarning manzilli roʻyxati 6-ilovaga muvofiq;
irrigatsiya va melioratsiya obyektlarini rekonstruksiya qilish va taʼmirlash-tiklash tadbirlarining manzilli roʻyxati 7-ilovaga muvofiq;
qurilish materiallari sanoatini rivojlantirish va xom ashyo zaxiralarini chuqur qayta ishlashni yoʻlga qoʻyish maqsadida 2023-yilda investitsiya majburiyati bilan auksion savdolariga chiqariladigan zaxiralarga ega 18 ta yer qaʼri uchastkalari roʻyxati 8-ilovaga muvofiq;
2023-yilda sanoat, hunarmandchilik, kasanachilik, chorvachilik, savdo va xizmat koʻrsatish yoʻnalishlarida tashkil etiladigan mikromarkazlarning manzilli roʻyxati 9-ilovaga muvofiq;
2023-2024-yillarda jami 29,6 gektar yer maydonida yangi tashkil etiladigan kichik sanoat zonalarining manzilli roʻyxati va ularni muhandislik-kommunikatsiya infratuzilmasi bilan taʼminlash tadbirlarining manzilli dasturi 10, 10a-ilovalarga muvofiq tasdiqlansin.
3. Togʻ-kon sanoati va geologiya vazirligi Navoiy viloyati hokimligi bilan birgalikda mazkur qarorga 8-ilovada keltirilgan zaxiralarga ega 18 ta yer qaʼri uchastkalarining 2023-yil 1-iyunga qadar auksion savdolariga chiqarilishini taʼminlasin.
4. Belgilab qoʻyilsinki, mazkur qarorga 10a-ilovaga muvofiq tasdiqlanayotgan dastur boʻyicha:
bosh reja loyihalarini ishlab chiqish Navoiy viloyati mahalliy budjeti hamda Navoiy viloyati hokimligi huzuridagi Tadbirkorlik infratuzilmasini rivojlantirish jamgʻarmasi mablagʻlari hisobidan amalga oshiriladi;
bosh reja loyihalarini ishlab chiqish boʻyicha loyiha tashkiloti belgilangan tartibda aniqlanadi;
obyektlarni moliyalashtirish kichik sanoat zonalarining bosh rejalari ishlab chiqilganidan soʻng belgilangan tartibda taʼminotchi tashkilotlar tomonidan berilgan texnik shartlar asosida hamda Navoiy viloyati hokimligi huzuridagi Tadbirkorlik infratuzilmasini rivojlantirish jamgʻarmasi mablagʻlari hisobidan amalga oshiriladi.
5. Navoiy viloyati hududida ommaviy savdolarga chiqarilib, uzoq muddatdan buyon sotilmay turgan, boshlangʻich qiymatini 50 foizgacha qadam-baqadam pasaytirish mexanizmi qoʻllaniladigan davlat aktivlari roʻyxati 11-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
6. Vazirlar Mahkamasi, Navoiy viloyati hokimligi, Qishloq xoʻjaligi vazirligi, Tabiat resurslari vazirligi, Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligining Navoiy viloyati tumanlarida kichik sanoat zonalari, savdo va maishiy xizmat koʻrsatish komplekslari va boshqa sanoat obyektlarini barpo etish maqsadida 12-ilovaga muvofiq zaxira yerlari hisoblangan jami 543,3 gektar, shundan 13,0 gektar qishloq xoʻjaligiga moʻljallangan sugʻoriladigan yerlarni qishloq xoʻjaligiga moʻljallangan yerlar toifasidan sanoat, transport, aloqa, mudofaa va boshqa maqsadlarga moʻljallangan yerlar toifasiga oʻtkazish toʻgʻrisidagi taklifi maʼqullansin.
7. Kadastr agentligi Qishloq xoʻjaligi vazirligi bilan birgalikda mazkur qarorga 12-ilovada belgilangan yer uchastkalarining yer fondi toifasi oʻzgartirilishi munosabati bilan yer resurslarining holati toʻgʻrisidagi milliy hisobotga tegishli oʻzgartirishlar kiritsin.
8. Navoiy viloyati hokimligi:
yer uchastkalarining yer fondi toifasi oʻzgartirilishi natijasida qishloq xoʻjaligi va oʻrmon xoʻjaligi ishlab chiqarishi nobudgarchiliklarining oʻrni belgilangan tartibda qoplanishini;
mazkur qarorga 12-ilovaga muvofiq toifasi oʻzgartirilgan yer uchastkalari belgilangan tartibda realizatsiya qilinishini taʼminlasin.
9. Quyidagilar:
Navoiy viloyatida qishloq xoʻjaligiga moʻljallangan yer uchastkalari qisqarib ketishining oldini olish maqsadida foydalanishdan chiqib ketgan jami 5 047 gektar yer maydonini 2023-yilda qayta foydalanishga kiritishning maqsadli koʻrsatkichlari 13-ilovaga muvofiq;
2023-yilda Navoiy viloyatida foydalanishga kiritiladigan yer maydonlari va ulardan foydalanish yoʻnalishlari 14-ilovaga muvofiq;
Navoiy viloyati hududidagi yaylovlar va suv taʼminoti ogʻir boʻlgan yer maydonlaridan samarali foydalanishni tashkil etishning manzilli roʻyxati 15-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
Suv xoʻjaligi vazirligi va Qishloq xoʻjaligi vazirligi Navoiy viloyati hokimligi bilan birgalikda suv tejovchi texnologiyalarning joriy qilinishi, lazerli tekislash tadbirlarining amalga oshirilishi hamda foydalanishdan chiqib ketgan yer maydonlarining qayta foydalanishga kiritilishini taʼminlasin.
10. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2022-yil 10-sentabrdagi “Dehqon xoʻjaliklari tashkil etishni qoʻllab-quvvatlash orqali aholi daromadlarini oshirish boʻyicha qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi PQ-373-son qaroriga muvofiq 2023-yilda fermer xoʻjaliklari va klasterlar foydalanishidagi paxta va gʻalladan qisqartirilgan hamda aholi punktlariga yaqin va suv taʼminoti yaxshi boʻlgan 3 195 gektar ekin maydonlari 16-ilovaga muvofiq aholiga ochiq elektron tanlov orqali ijaraga berilishi maʼlumot uchun qabul qilinsin.
11. Kambagʻallikni qisqartirish va bandlik vazirligi Qishloq xoʻjaligi vazirligi, Navoiy viloyati hokimligi bilan birgalikda:
qishloq xoʻjaligi ekinlari ekin maydonlariga “Bir hudud — bir mahsulot” tamoyili asosida mahallalarning ixtisoslashuvidan kelib chiqqan holda ekilishini;
2023-yilda aholiga ochiq elektron tanlov orqali ijaraga beriladigan yer maydonlarida ekinlarni ekish va hosil olish hisobining yuritilishini;
dehqon xoʻjaliklariga ilgʻor texnologiyalardan foydalanish hamda dehqonchilikda samarali natijalarga erishishda koʻmaklashish va oʻquv seminarlari tashkil etilishini;
qishloq xoʻjaligi kooperativiga aʼzo boʻlgan yer egalariga sugʻorish vositalarini xarid qilish, urugʻliklar va koʻchatlar sotib olish uchun subsidiyalar ajratilishini;
issiqxona tarmogʻi keng rivojlangan tumanlarda dehqon xoʻjaliklariga ajratib berilgan ekin maydonlarida isitish tizimlarini oʻrnatmasdan yengil konstruksiyali issiqxonalar qurilishiga imtiyozli kredit mablagʻlarining ajratilishini taʼminlasin.
12. Oilaviy tadbirkorlikni rivojlantirish dasturi koordinatorlari 2023-yil davomida Navoiy viloyatiga Oilaviy tadbirkorlikni rivojlantirish dasturi doirasida 780 milliard soʻm kredit resurslarini ajratsin.
13. Qishloq xoʻjaligi vazirligi Kadastr agentligi va Navoiy viloyati hokimligi bilan birgalikda 2023-yil 1-iyunga qadar Navoiy viloyatida 2023-yilda aholiga yangi dehqon xoʻjaliklari tashkil qilish uchun ochiq elektron tanlov orqali ijaraga berilib, yer uchastkasiga ijara huquqi davlat roʻyxatidan oʻtkazilgan ekin yerlari toʻgʻrisida Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasiga axborot kiritsin.
14. Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi Navoiy viloyati hokimligi bilan birgalikda Navoiy viloyatida 2023-yil davomida umumiy investitsiya qiymati qariyb 5 trln soʻm va yaratiladigan yangi ish oʻrinlari 5 mingga yaqin boʻlgan sanoat, qishloq xoʻjaligi va xizmat koʻrsatish sohalarida amalga oshiriladigan investitsiya loyihalarining manzilli roʻyxatini shakllantirib, Hukumat komissiyasiga tasdiqlash uchun kiritsin.
15. Iqtisodiyot va moliya vazirligi mazkur qarorga 5 va 6-ilovalarga muvofiq Xatirchi tumanida amalga oshiriladigan qurilish-montaj ishlarini 2023-yil respublika budjeti parametrlarida Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti topshiriqlariga asosan hududlarni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish tadbirlari uchun koʻzda tutilgan mablagʻlar hisobidan moliyalashtirsin.
Bunda, Navoiy viloyati hokimligi huzuridagi “Yagona buyurtmachi xizmati” Injiniring kompaniyasini buyurtmachi etib belgilash hamda buyurtmachi, bosh loyiha va bosh pudrat tashkilotlariga qurilish-montaj ishlari uchun asoslangan hisob-kitoblarga koʻra 30 foiz avans ajratishga, istisno tariqasida, rozilik berilsin.
16. Xatirchi tumanida mavjud uzumzorlardan samarali foydalanish hamda yangi uzumzorlar tashkil etish maqsadida:
a) Qishloq xoʻjaligi vazirligi Kadastr agentligi va Navoiy viloyati hokimligi bilan birgalikda namuna tariqasida Xatirchi tumanida:
2023-yil yakuniga qadar “Baxshijar” MFY hududida salohiyatli tadbirkorlarni jalb qilgan holda ularning oʻz mablagʻlari va bank krediti hisobiga jami 200 gektar yer maydonida kooperatsiya usulida uzumchilik plantatsiyalarini tashkil etsin;
loyiha tashabbuskorlari bilan birgalikda uzum koʻchatlari hosilga kirgunga qadar kelgusi uch yil davomida agrotexnik talablar asosida qator oralaridan unumli foydalanishni yoʻlga qoʻysin;
b) Qishloq xoʻjaligi vazirligi Kambagʻallikni qisqartirish va bandlik vazirligi, Kadastr agentligi, Navoiy viloyati hokimligi bilan birgalikda ikki oy muddatda 200 gektar yer maydonlarida tashkil etiladigan uzumzorlarni aholiga belgilangan tartibda ikkilamchi ijaraga berish choralarini koʻrsin;
v) Qishloq xoʻjaligi vazirligi Fermer, dehqon xoʻjaliklari va tomorqa yer egalari kengashi, Kadastr agentligi, Navoiy viloyati hokimligi bilan birgalikda bir oy muddatda Xatirchi tumanida mavjud uzumzorlarni har bir fermer xoʻjaliklari kesimida yaroqsiz va iqtisodiy jihatdan samarasizlarini aniqlash boʻyicha xatlovdan oʻtkazsin hamda uzumzorlar holati, uzum navlari, uzumzorlarning barpo qilingan vaqti va boshqa koʻrsatkichlarni oʻz ichiga olgan yagona elektron reyestrni shakllantirsin;
g) Suv xoʻjaligi vazirligi Navoiy viloyati hokimligi bilan birgalikda bir oy muddatda uzum plantatsiyalarida irrigatsiya tadbirlarini oʻtkazish, jumladan artezian quduqlari va rezervuarlar barpo etish, suv yetkazib berish uchun nasos va quvurlar, suv saqlash uchun mavjud sigʻimlarni xatlovdan oʻtkazish hamda yaroqsizlarini taʼmirlash choralarini koʻrsin;
d) Qishloq xoʻjaligi vazirligi Akademik M. Mirzayev nomidagi bogʻdorchilik, uzumchilik va vinochilik ilmiy-tadqiqot instituti, Navoiy viloyati hokimligi bilan birgalikda bir oy muddatda:
tumanning tuproq-iqlim sharoitlariga mos keladigan uzum navlarini joylashtirish boʻyicha ilmiy asoslangan tavsiyalar ishlab chiqsin hamda hudud aholisi koʻnikmasini oshirish maqsadida, amalda ekish jarayonini koʻrsatgan holda ularni oʻqitsin;
tashqi bozorlarda talab yuqori boʻlgan uzum navlarini joylashtirish va yetishtirish boʻyicha tavsiyalar ishlab chiqsin;
xatlov natijasida aniqlangan yaroqsiz va iqtisodiy jihatdan samarasiz foydalanilayotgan uzumzorlarda hududning tuproq-iqlim sharoitini hisobga olgan holda hamda uzumchilik xoʻjaligida ilmiy yutuqlar, ilgʻor innovatsion ishlanmalar va zamonaviy resurs tejamkor texnologiyalarni, shu jumladan tomchilatib sugʻorish tizimlarini qoʻllagan holda bosqichma-bosqich, xususan, birinchi yil namuna tarzida ushbu maydonlarning 50 foiz qismida xoʻraki va kishmishbop uzum navlarini payvandlash va yangidan koʻchatlar ekishni tashkil etsin;
uzumning xoʻraki va kishmishbop navli uzum plantatsiyalarini kengaytirish, uzumchilik korxonalarini kompleks modernizatsiyalashga koʻmaklashish orqali hududning eksport salohiyatini oshirish choralarini koʻrsin.
17. Qishloq xoʻjaligi vazirligi Navoiy viloyati hokimligi bilan birgalikda ikki oy muddatda Xatirchi tumanidagi mavjud 3 ming gektar yaylov yer maydonlarini oʻzlashtirish va uning negizida meva-sabzavot va uzum mahsulotlarini yetishtirish, qayta ishlash va eksport qilishga yoʻnaltirilgan klasterlarni tashkil etish boʻyicha takliflarni Vazirlar Mahkamasiga kiritsin.
Bunda, yaylovlarni oʻzlashtirish xarajatlari Navoiy viloyati mahalliy budjeti hisobidan qoplanadi.
18. Kambagʻallikni qisqartirish va bandlik vazirligi Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vazirligi, Navoiy viloyati hokimligi bilan birgalikda 2023-yil 1-sentabrga qadar Nurota kasb-hunarga oʻqitish markazi, Xatirchi uy-joy kommunal xoʻjaligi kasb-hunar kolleji va Navbahor tumandagi Navbahor suv xoʻjaligi va melioratsiya kollejining boʻsh turgan qismida Kambagʻallikni qisqartirish va bandlik vazirligiga ajratilgan mablagʻlar doirasida monomarkazlar tashkil etib, xorijiy mutaxassislarni jalb qilsin va kamida 2 ming nafar yoshlarni zamonaviy kasb-hunarga oʻqitsin.
19. Navoiy viloyati hokimligi ikki oy muddatda Zarafshon shahrini kelgusida rivojlantirish maqsadida, aholi turar joy massivlarini barpo etish hamda sanoat korxonalarini joylashtirish uchun Zarafshon shahri hududini Tomdi tumani hududi hisobidan kengaytirishga qaratilgan chegaralarni oʻzgartirish yuzasidan taklifni belgilangan tartibda Vazirlar Mahkamasiga kiritsin.
Bunda, Tomdi tumani hududidan Zarafshon shahri hududiga qoʻshib berilayotgan yaylovlar qishloq xoʻjaligiga moʻljallangan yerlar toifasidan yer fondining boshqa toifasiga oʻtkazilishi inobatga olinsin.
20. Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi Oʻzbekiston Milliy teleradiokompaniyasi, Oʻzbekiston Milliy axborot agentligi va Navoiy viloyati hokimligi bilan birgalikda mazkur qarorning mazmun-mohiyati hamda maqsad va vazifalarining ommaviy axborot vositalarida keng yoritilishini taʼminlasin.
21. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2022-yil 25-iyuldagi PQ-331-son qarori bilan tasdiqlangan Mahallalarda sanoat, hunarmandchilik, kasanachilik va chorvachilik yoʻnalishlarida tashkil etiladigan mikromarkazlarning manzilli roʻyxati “VI. Navoiy viloyati” boʻlimining “Mikromarkazlarni ishga tushirish muddati” ustunidagi “2022-yil noyabr”, “2022-yil dekabr” soʻzlari “2023-yil oktabr”, “2023-yil noyabr” soʻzlari bilan almashtirilsin.
22. Mazkur qarorning ijrosini samarali tashkil qilishga masʼul va shaxsiy javobgar etib Navoiy viloyati hokimi N.T. Tursunov belgilansin.
Qaror ijrosini har chorakda muhokama qilib borish, ijro uchun masʼul idoralar faoliyatini muvofiqlashtirish va nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri A.N. Aripov zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Sh. MIRZIYOYEV
Toshkent sh.,
2023-yil 10-fevral,
PQ-52-son
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2023-yil 10-fevraldagi PQ-52-son qaroriga 1-ILOVA
2023-2024-yilda Navoiy viloyatini kompleks rivojlantirish yuzasidan amalga oshiriladigan
(1-ilova Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 30-yanvardagi PQ-34-sonli qarori tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 31.01.2025-y., 07/25/34/0096-son)
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2023-yil 10-fevraldagi PQ-52-son qaroriga 2-ILOVA
2023-yilda Navoiy viloyati aholisi bandligini taʼminlash boʻyicha tarmoqlar va sohalar kesimida
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2023-yil 10-fevraldagi PQ-52-son qaroriga 3-ILOVA
Muhandislik-kommunikatsiya, ishlab chiqarish va xizmat koʻrsatish infratuzilmasini rivojlantirish boʻyicha amalga oshiriladigan ishlarning
* Izoh: obyektlar qiymatlariga loyiha-smeta hujjatlari ishlab chiqilib, oʻrnatilgan tartibda ekspertizadan oʻtkazilgandan soʻng aniqlik kiritiladi.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2023-yil 10-fevraldagi PQ-52-son qaroriga 4-ILOVA
Ijtimoiy soha obyektlarining infratuzilmasi va moddiy-texnika bazasini yaxshilash boʻyicha amalga oshiriladigan ishlarning
* Izoh: Obyektlar qiymatlariga loyiha-smeta hujjatlari ishlab chiqilib, oʻrnatilgan tartibda ekspertizadan oʻtkazilgandan soʻng aniqlik kiritiladi.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2023-yil 10-fevraldagi PQ-52-son qaroriga 5-ILOVA
Xatirchi tumanida muhandislik-kommunikatsiya, ishlab chiqarish va xizmat koʻrsatish infratuzilmasini rivojlantirish boʻyicha amalga oshiriladigan ishlarning
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2023-yil 10-fevraldagi PQ-52-son qaroriga 6-ILOVA
Xatirchi tumanida ijtimoiy soha obyektlarining infratuzilmasi va moddiy-texnika bazasini yaxshilash boʻyicha amalga oshiriladigan ishlarning manzilli roʻyxati
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2023-yil 10-fevraldagi PQ-52-son qaroriga 7-ILOVA
Irrigatsiya va melioratsiya obyektlarini rekonstruksiya qilish va taʼmirlash-tiklash tadbirlarining
* Izoh: Obyektlar qiymatlariga loyiha-smeta hujjatlari ishlab chiqilib, oʻrnatilgan tartibda ekspertizadan oʻtkazilgandan soʻng aniqlik kiritiladi.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2023-yil 10-fevraldagi PQ-52-son qaroriga 8-ILOVA
2023-yilda investitsiya majburiyati bilan auksion savdolariga chiqariladigan zaxiralarga ega yer qaʼri uchastkalari
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2023-yil 10-fevraldagi PQ-52-son qaroriga 9-ILOVA
2023-yilda Navoiy viloyati mahallalarida sanoat, hunarmandchilik, kasanachilik, chorvachilik, savdo va xizmat koʻrsatish yoʻnalishlarida tashkil etiladigan mikromarkazlarning
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2023-yil 10-fevraldagi PQ-52-son qaroriga 10-ILOVA
2023-2024-yillarda Navoiy viloyatida yangi tashkil etiladigan kichik sanoat zonalarining
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2023-yil 10-fevraldagi PQ-52-son qaroriga 10a-ILOVA
2023-2024-yillarda tashkil qilinadigan kichik sanoat zonalarini tashqi muhandislik-kommunikatsiya infratuzilmasi bilan taʼminlash tadbirlarining
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2023-yil 10-fevraldagi PQ-52-son qaroriga 11-ILOVA
Navoiy viloyati hududida ommaviy savdolarga chiqarilib, uzoq muddatdan buyon sotilmay turgan, boshlangʻich qiymatini 50 foizgacha qadam-baqadam pasaytirish mexanizmi qoʻllaniladigan davlat aktivlari
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2023-yil 10-fevraldagi PQ-52-son qaroriga 12-ILOVA
Navoiy viloyatida yer fondi toifasi qishloq xoʻjaligiga moʻljallangan yerlar toifasidan sanoat, transport, aloqa, mudofaa va boshqa maqsadlarga moʻljallangan yerlar toifasiga oʻzgartiriladigan yer uchastkalarining chegara konturlari
Izoh: Davlat organlari va tashkilotlariga tegishli boʻlgan yerlar belgilangan tartibda zaxira yerlar toifasiga oʻtkazilgandan soʻng ularning toifasi sanoat, transport, aloqa, mudofaa va boshqa maqsadlarga moʻljallangan yerlar toifasiga oʻzgartiriladi.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2023-yil 10-fevraldagi PQ-52-son qaroriga 13-ILOVA
2023-yilda Navoiy viloyatida qayta foydalanishga kiritiladigan yer maydonlarining
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2023-yil 10-fevraldagi PQ-52-son qaroriga 14-ILOVA
2023-yilda Navoiy viloyatida foydalanishga kiritiladigan yer maydonlari va ulardan foydalanish
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2023-yil 10-fevraldagi PQ-52-son qaroriga 15-ILOVA
Navoiy viloyati hududidagi yaylovlar va suv taʼminoti ogʻir boʻlgan yer maydonlaridan samarali foydalanishni tashkil etishning
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2023-yil 10-fevraldagi PQ-52-son qaroriga 16-ILOVA
Navoiy viloyatida “E-auksion” savdo maydonchasida ochiq elektron tanlov orqali dehqon xoʻjaligi yuritish uchun fuqarolarga ijaraga beriladigan yer maydonlari