Soʻnggi yillarda aholiga avtotransport xizmati koʻrsatishni yaxshilash, jamoat transporti yoʻnalishlari tarmogʻini kengaytirish va harakat tarkibini zamonaviy, ekologik toza avtobuslar bilan yangilash boʻyicha keng koʻlamli ishlar amalga oshirildi.
Xorijiy ekspertlar ishtirokida yangicha yondashuvlar asosida Toshkent shahar jamoat transportining yangi yoʻnalishlari tarmogʻi ishlab chiqildi.
Shu bilan birga, qatnov muntazamligiga, harakat xavfsizligi va sifat talablariga rioya etilmasligi, yoʻlkira haqining tabaqalashgan tariflari mavjud emasligi, jamoat transporti harakati ustuvorligi taʼminlanmasligi jamoat transporti jozibadorligini pasaytirmoqda.
Jamoat transportini moliyalashtirishning amaldagi tizimi harakat tarkibini tizimli ravishda yangilab borish va sohaga xususiy investitsiyalarni keng jalb qilish imkonini bermayapti.
Aholining yuqori sifatli va qulay yoʻlovchi tashish xizmatlariga boʻlgan ehtiyojlarini toʻliq qondirish, sohada bozor tamoyillarini joriy etish, xususan moliyalashtirish tizimi va tarif siyosatini takomillashtirish orqali xususiy sektor uchun jozibali biznes muhitini yaratish maqsadida, shuningdek, 2022 — 2026-yillarga moʻljallangan Yangi Oʻzbekistonning taraqqiyot strategiyasiga muvofiq:
1. Transport vazirligi hamda Iqtisodiyot va moliya vazirligining muntazam shahar avtobus yoʻnalishlarida cheklangan tariflar boʻyicha yoʻlovchilar tashishni brutto-shartnoma asosida tashkil etish va moliyalashtirish tizimini bosqichma-bosqich joriy etish toʻgʻrisidagi taklifi maʼqullansin.
2. Muntazam shahar avtobus yoʻnalishlarida cheklangan tariflar boʻyicha yoʻlovchilar tashishni brutto-shartnoma asosida tashkil etish va moliyalashtirish tizimi doirasida shunday tartib oʻrnatilsinki, unga muvofiq:
avtobusda yoʻlovchi tashish xizmatlarini koʻrsatuvchi tashuvchilar (keyingi oʻrinlarda — tashuvchilar) bilan hisob-kitoblar “bosib oʻtilgan yoʻl” va “sifat” mezonlari asosida vakolatli davlat organi tomonidan amalga oshiriladi;
yoʻlkira haqi tushumlari vakolatli davlat organi tasarrufiga oʻtkazilgan holda tashuvchilar uchun yoʻlkira haqini kunlik yigʻish reja-topshirigʻini belgilash amaliyoti bekor qilinadi;
har bir avtobus yoʻnalishi boʻyicha tashuvchilar elektron tender natijalari boʻyicha aniqlanadi;
tender savdolariga chiqariladigan yoʻnalish qiymatining boshlangʻich narxi har bir avtobus yoʻnalishi boʻyicha yoʻlovchi tashish bilan bogʻliq xarajatlar hamda rentabellikning 10 foiz miqdori inobatga olingan holda, har bir kilometr bosib oʻtiladigan masofa uchun shakllantiriladi;
Qoraqalpogʻiston Respublikasi Transport vazirligi, viloyatlar va Toshkent shahar transport boshqarmalari qoshida tashuvchilar tomonidan yoʻnalish koʻrsatkichlari bajarilishini monitoring qilish, bajarilgan ish hajmi va sifatini aniqlash hamda baholash, yoʻlkira haqi toʻlanishini va koʻrsatilgan xizmatlar sifatini nazorat qilish uchun avtomatlashtirilgan dispetcherlik boshqaruvi va nazorat tizimi tashkil etiladi;
avtomatlashtirilgan dispetcherlik boshqaruvi va nazorat tizimini saqlash, yoʻlkira haqi boʻyicha tushumlarni jamlash va tashuvchilar bilan hisob-kitoblarni amalga oshirish uchun Qoraqalpogʻiston Respublikasi Iqtisodiyot va moliya vazirligi, viloyatlar va Toshkent shahar iqtisodiyot va moliya boshqarmalari huzurida maxsus jamgʻarmalar (keyingi oʻrinlarda — Maxsus jamgʻarmalar) tashkil etiladi;
(2-bandning yettinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2024-yil 25-martdagi PQ-139-sonli qarori tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 27.03.2024-y., 07/24/139/0243-son)
Maxsus jamgʻarmalar xarajatlari va daromadlari oʻrtasidagi tafovut Davlat budjeti mablagʻlari hisobidan qoplanadi;
(2-bandning sakkizinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2024-yil 25-martdagi PQ-139-sonli qarori tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 27.03.2024-y., 07/24/139/0243-son)
tashuvchilarga cheklangan tariflarda xizmat koʻrsatishdan koʻrilgan zararlarni hamda avtobuslarni xarid qilish bilan bogʻliq xarajatlarni Davlat budjetidan qoplab berish tartibi qoʻllanilmaydi.
Iqtisodiyot va moliya vazirligi 2024-yil uchun Davlat budjeti parametrlarini shakllantirishda tashuvchilarga shahar avtobus yoʻnalishlarida cheklangan tariflarda xizmat koʻrsatishdan koʻrilgan zararlar hamda avtobuslarni xarid qilish bilan bogʻliq xarajatlar qoplab berilmasligini inobatga olsin.
3. Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari Transport vazirligi hamda Iqtisodiyot va moliya vazirligi bilan birgalikda:
a) shaharlarda avtobus yoʻnalishlarining yangi tarmogʻi joriy etilishini, avtomatlashtirilgan toʻlov tizimi va avtomatlashtirilgan dispetcherlik xizmatining bosqichma-bosqich yoʻlga qoʻyilishini:
2023-yil 1-martgacha — Toshkent shahrida;
2023-yil 1-avgustgacha — Andijon, Samarqand, Namangan, Qarshi va Urganch shaharlarida;
2024-yil 1-iyungacha — Nukus shahri va boshqa viloyatlar markazlarida taʼminlasin;
b) muntazam shahar avtobus yoʻnalishida cheklangan tariflar boʻyicha yoʻlovchilar tashishni brutto-shartnoma asosida tashkil etish va moliyalashtirish tizimining bosqichma-bosqich ishga tushirilishini:
2023-yil 15-apreldan boshlab — Toshkent shahrida;
2024-yil 1-yanvardan boshlab — Andijon, Samarqand, Namangan, Qarshi va Urganch shaharlarida;
2024-yil 1-iyundan boshlab — Nukus shahri va boshqa viloyatlar markazlarida taʼminlasin;
v) muntazam shahar avtobus yoʻnalishida cheklangan tariflar boʻyicha yoʻlovchilar tashishni brutto-shartnoma asosida tashkil etish va moliyalashtirish tizimini joriy etish doirasida mazkur bandning “b” kichik bandida koʻrsatilgan muddatlardan kamida ikki oy oldin:
tender savdolariga chiqariladigan har bir yoʻnalishning boshlangʻich qiymatini aniqlasin hamda elektron tenderlarni oʻz muddatida oʻtkazilishini;
Davlat budjeti hisobidan ajratilishi lozim boʻlgan mablagʻlarni hisob-kitoblar asosida shakllantirilishini taʼminlasin.
Belgilansinki, muntazam shahar avtobus yoʻnalishida cheklangan tariflar boʻyicha avtobusda yoʻlovchilar tashishni brutto-shartnoma asosida tashkil etish va moliyalashtirish tizimi uchun zarur mablagʻlar 2023-yilda respublika budjetining qoʻshimcha mablagʻlari hisobidan ajratiladi, 2024-yildan boshlab mahalliy budjetlar parametrlarida nazarda tutiladi.
4. Quyidagilar:
2023-yil 15-apreldan boshlab Toshkent shahrida;
2024-yil 1-yanvardan boshlab Andijon, Samarqand, Namangan, Qarshi va Urganch shaharlarida;
2024-yil 1-iyundan boshlab Nukus shahri va boshqa viloyatlar markazlarida avtobus yoʻnalishlarini tashuvchilarga mazkur qarorda nazarda tutilganidan boshqacha tartibda biriktirish taqiqlansin.
5. Jamoat transportidan foydalanishda yoʻlovchilar uchun qulay tariflarni joriy etish hamda elektron toʻlovlarni ommalashtirish maqsadida shunday tartib joriy etilsinki, unga muvofiq:
bir soat ichida bir yoʻnalishli yoʻlovchi transportidan boshqasiga oʻtish sonidan kelib chiqqan holda imtiyozli va bepul tariflar qoʻllaniladi;
yoʻnalishli yoʻlovchi transportidan foydalanishda, uning turidan qatʼiy nazar, kunlik, bir, uch va olti oylik, yillik cheklangan va cheklanmagan tarif rejalari joriy etiladi;
yoʻnalishlarda yoʻlkira haqini toʻlashda elektron toʻlov tizimidan foydalanishni ragʻbatlantiruvchi tariflar belgilanadi.
Toshkent shahar hokimligi mazkur banddan kelib chiqqan holda yangi tariflarni ishlab chiqib, xalq deputatlari shahar Kengashida va jamoatchilik muhokamasidan oʻtkazsin hamda 2023-yil 1-apreldan boshlab amaliyotga joriy etsin.
6. Quyidagilar Maxsus jamgʻarmalar mablagʻlarini shakllantirishning qoʻshimcha manbalari etib belgilansin:
(6-bandning birinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2024-yil 25-martdagi PQ-139-sonli qarori tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 27.03.2024-y., 07/24/139/0243-son)
yoʻnalishlardagi avtobuslarda oʻrnatilgan maxsus avtomatlashtirilgan foto va video qayd etish dasturiy-texnik vositalari orqali qayd etilgan yoʻl harakati qoidalari buzilganligi uchun undirilgan jarima summalarining 50 foizi;
yoʻnalishlardagi avtobuslarda reklama joylashtirishdan tushadigan mablagʻlarning 50 foizi, shuningdek, yoʻl-transport infratuzilmasi obyektlariga reklama joylashtirishdan tushadigan tushumlarning bir qismi;
muntazam yoʻnalishlarda chiptasiz yurgan yoʻlovchilarga hamda ularni chiptasiz tashigan tashuvchilarga nisbatan qonunchilik hujjatlariga muvofiq qoʻllanilgan jarima toʻlovlarining 100 foizi;
shahar koʻchalarida davlat-xususiy sheriklik asosida tashkil etilgan avtomobillarning avtomatlashtirilgan yoʻl boʻyi pullik toʻxtash joylaridan foydalanganlik uchun tushumning davlat sherigiga oʻtkaziladigan qismi, Toshkent shahri hududlari bundan mustasno.
(6-bandining beshinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2026-yil 27-iyuldagi PQ-279-sonli qarori tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 29.07.2026-y., 07/26/279/0795-son)
7. Vazirlar Mahkamasi ikki hafta muddatda quyidagilarni nazarda tutuvchi muntazam shahar avtobus yoʻnalishida cheklangan tariflar boʻyicha yoʻlovchilar tashishni brutto-shartnoma asosida tashkil etish va moliyalashtirish tizimi toʻgʻrisidagi qarorni qabul qilsin:
vakolatli organlar va tashuvchilar oʻrtasidagi hisob-kitoblarni “bosib oʻtilgan yoʻl” va “sifat” mezonlari asosida amalga oshirish tartibini;
avtobus yoʻnalishlarini ochish, yopish va oʻzgartirish tartibotlarini takomillashtirish hamda ushbu jarayonda jamoatchilik ishtirokini yanada kengaytirishni;
Qoraqalpogʻiston Respublikasi Transport vazirligi, viloyatlar va Toshkent shahar transport boshqarmalarining maxsus jamgʻarmalarini shakllantirish manbalari va mablagʻlardan foydalanish tartibini.
8. Quyidagilar:
Muntazam shahar avtobus yoʻnalishlarida cheklangan tariflarda yoʻlovchilar tashishni brutto-shartnoma asosida tashkil etish va moliyalashtirish tizimini joriy etish boʻyicha “yoʻl xaritasi” 1-ilovaga muvofiq;
Toshkent shahri, Nukus shahri hamda viloyatlar markazlarida jamoat transporti tizimini takomillashtirish boʻyicha “yoʻl xaritalari” 2 — 15-ilovalarga muvofiq tasdiqlansin.
9. Transport vazirligi, Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi, “Oʻzavtosanoat” AJ, “Oʻzmilliybank” AJ hamda “Toshshahartransxizmat” AJ tomonidan Xitoy Xalq Respublikasining yirik avtobus ishlab chiqaruvchilari bilan oʻtkazilgan muzokaralar natijasida:
Toshkent shahri jamoat transporti uchun 200 ta 18 metrli va 500 ta 12 metrli tabiiy gazda ishlaydigan avtobuslar hamda 300 ta 12 metrli elektrobuslar;
Nukus shahri va viloyat markazlari jamoat transporti uchun jami 1000 ta tabiiy gazda ishlaydigan avtobuslar hamda elektrobuslarni xarid qilish boʻyicha kelishuvlarga erishilganligi maʼlumot uchun qabul qilinsin.
(9-bandning uchinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2024-yil 18-noyabrdagi PQ-395-sonli qarori tahririda)
Transport vazirligi, Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi, Iqtisodiyot va moliya vazirligi hamda “Oʻzmilliybank” AJning mazkur bandda koʻzda tutilgan avtobus va elektrobuslarni Xitoy Xalq Respublikasi avtobus ishlab chiqaruvchilaridan toʻgʻridan-toʻgʻri shartnomalar asosida xarid qilish toʻgʻrisidagi taklifiga rozilik berilsin.
10. Toshkent shahri uchun xarid qilinayotgan avtobuslar boʻyicha tuziladigan import shartnomalarini moliyalashtirish manbalari etib quyidagilar belgilansin:
15 foizi “Oʻzmilliybank” AJning oʻz mablagʻlari hisobidan 2023-yilning birinchi yarim yilligi natijalari boʻyicha bankning kutilayotgan sof foydasini toʻliq bank kapitaliga yoʻnaltirish orqali ajratiladigan kreditlar;
85 foizi xalqaro moliya institutlari va xorijiy banklardan davlat kafolati ostida ajratiladigan kreditlar.
Bunda, “Toshshahartransxizmat” AJga bank kreditlari xitoy yuanida 1 yillik imtiyozli davr bilan 10 yilgacha muddatga yillik 6,07 foiz stavkada ajratiladi.
11. “Oʻzmilliybank” AJ tomonidan Toshkent shahri uchun xarid qilinayotgan avtobuslar boʻyicha texnik-iqtisodiy asosi tasdiqlangunga qadar kreditlar ajratilishiga ruxsat berilsin. Bunda:
istisno tariqasida, “Oʻzmilliybank” AJ tomonidan ajratiladigan kreditlar boʻyicha bir qarz oluvchi, oʻzaro aloqador qarz oluvchilar guruhi, shu jumladan bankka aloqador shaxslar uchun tavakkalchilikning eng koʻp miqdorini hisoblashda iqtisodiy normativlar tatbiq etilmaydi;
jalb qilinadigan kreditlar boʻyicha asosiy qarz, unga hisoblangan foizlar, vositachilik toʻlovlari, kreditga xizmat koʻrsatish bilan bogʻliq boshqa barcha xarajatlar 2024-yil 1-yanvarga qadar Oʻzbekiston Respublikasi Davlat budjeti mablagʻlari hisobidan, 2024-yildan boshlab tashuvchilarning oʻz mablagʻlari hisobidan qoplanadi.
12. Nukus shahri va viloyat markazlari uchun avtobuslar xaridini moliyalashtirish manbalari etib quyidagilar belgilansin:
15 foizi yoʻlovchi tashuvchi korxonalarning oʻz mablagʻlari hisobidan oldindan boʻnak toʻlovlari;
85 foizi xalqaro moliya institutlari va xorijiy banklardan davlat kafolati ostida ajratiladigan kreditlar.
Bunda, tashuvchilarga bank kreditlari xitoy yuanida 1 yillik imtiyozli davr bilan 10 yilgacha muddatga yillik 6,07 foiz stavkada ajratiladi.
13. Iqtisodiyot va moliya vazirligi:
“Oʻzmilliybank” AJ tomonidan avtobuslar xaridi uchun jalb qilinadigan kredit liniyalari boʻyicha xalqaro moliya institutlari va xorijiy banklar foydasiga davlat kafolatini rasmiylashtirsin;
tuziladigan kredit shartnomalari yuzasidan taʼminot sifatida “Toshshahartransxizmat” AJ majburiyatlari boʻyicha “Oʻzmilliybank” AJ foydasiga tasdiq xati taqdim etsin.
14. Transport vazirligi Davlat aktivlarini boshqarish agentligi bilan birgalikda ikki oy muddatda “Toshshahartransxizmat” AJning avtobus saroylarini ularning faoliyatini takomillashtirish, moliyaviy sogʻlomlashtirish va xizmat koʻrsatuvchi avtobus yoʻnalishlarini brutto-shartnomalariga oʻtkazishni taʼminlash uchun “Oʻzmilliybank” AJ, “Oʻzsanoatqurilishbank” ATB va “Asakabank” AJga biriktirish boʻyicha takliflarni Vazirlar Mahkamasiga kiritsin.
(Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 30-dekabrdagi PF-269-sonli Farmoniga asosan 14-1-bandning oʻz kuchini yoʻqotish sanasi — 2026-yil 1-yanvar — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 30.12.2025-y., 06/25/269/1253-son)
15. Transport vazirligi:
bir oy muddatda mazkur qaror bilan joriy etilayotgan tizim boʻyicha oʻqitish ishlarini tashkil etish maqsadida Toshkent davlat transport universitetida ilgʻor mutaxassislarni jalb qilgan holda, vakolatli organlar, tashuvchilar, yoʻlovchi tashishni tashkil etishda ishtirok etuvchi boshqa tashkilotlar xodimlari uchun muntazam oʻquv kurslarini tashkil etsin;
ikki hafta muddatda mazkur qaror bilan joriy etilayotgan tizimni samarali tashkil etish maqsadida xorijiy ekspertlarni toʻgʻridan-toʻgʻri shartnomalar asosida jalb qilsin. Bunda, ekspertlarni jalb qilish va ularning xizmatiga haq toʻlash bilan bogʻliq xarajatlar Transport va logistikani rivojlantirish jamgʻarmasi hisobidan moliyalashtiriladi;
Toshkent shahar hokimligi bilan birgalikda 2023-yil 1-mayga qadar viloyatlardan keladigan transportlarni inobatga olgan holda barcha transport turlari boʻyicha yoʻlovchi oqimini oʻrganish, transportga boʻlgan talabni aniqlash hamda ijtimoiy soʻrovnomalarni oʻtkazish orqali Toshkent shahri uchun ishlab chiqilgan yangi yoʻnalishlar tarmogʻini takomillashtirsin.
Toshkent shahar hokimi v.b. B. Raxmonov mazkur bandning toʻrtinchi xatboshisida nazarda tutilgan tadbirni amalga oshirish uchun mablagʻlarning 2023-yil 1-martga qadar Toshkent shahar mahalliy budjetining 2022-yil IV choragidagi qoʻshimcha manbalari hisobidan ajratilishini taʼminlasin.
16. Ichki ishlar vazirligi va Milliy gvardiya:
ikki oy muddatda jamoat transporti uchun alohida ajratilgan tasmalar va avtobuslarga maxsus avtomatlashtirilgan foto va video qayd etish dasturiy texnik vositalarini oʻrnatish, fuqarolar tomonidan yoʻl harakati qoidalarini buzish holatlari toʻgʻrisidagi videoyozuvlarni mobil ilova orqali yuborish imkoniyatini yaratish, ularni huquqbuzardan undirilgan jarima hisobidan pul mukofoti bilan ragʻbatlantirish miqdorini oshirish boʻyicha Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritsin;
doimiy ravishda jamoat transporti harakatlanadigan yoʻnalishlarda harakat xavfsizligini, jamoat transporti ustuvorligini, jamoat transporti uchun ajratilgan tasmalar va bekatlarning boshqa transport vositalaridan xoli boʻlishini taʼminlasin.
17. Iqtisodiyot va moliya vazirligining maxsus tashkil qilinadigan davlat muassasasiga yer uchastkalarini toʻgʻridan-toʻgʻri ajratgan holda Davlat budjeti hisobidan yoki davlat-xususiy sheriklik asosida Toshkent shahrida koʻp qavatli avtoturargohlarni qurish va ularni tayyor biznes sifatida tadbirkorlik subyektlariga avtoturargoh profilini oʻzgartirmaslik sharti bilan sotish amaliyotini joriy etish haqidagi taklifi maʼqullansin.
Qurilish va uy-joy kommunal xoʻjaligi vazirligi Toshkent shahar hokimligi, Transport vazirligi hamda Iqtisodiyot va moliya vazirligi bilan birgalikda bir oy muddatda koʻp qavatli avtoturargohlarni qurish boʻyicha mazkur bandda nazarda tutilgan tartibni tasdiqlash uchun Vazirlar Mahkamasiga kiritsin.
18. Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi va viloyatlar hokimliklari Transport vazirligi hamda Qurilish va uy-joy kommunal xoʻjaligi vazirligi bilan birgalikda 2023-yil yakuniga qadar Nukus shahri va viloyat markazlarida jamoat transporti tizimi va infratuzilmasini takomillashtirishga doir chora-tadbirlar rejalari va ularni amalga oshirish boʻyicha manzilli dasturlar ishlab chiqilishini taʼminlasin.
19. Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi, Oʻzbekiston Milliy teleradiokompaniyasi, Oʻzbekiston Milliy axborot agentligi Transport vazirligi, Iqtisodiyot va moliya vazirligi, mahalliy davlat hokimiyati organlari bilan birgalikda ommaviy axborot vositalari, jamoatchilik vakillari va ekspertlarni jalb qilgan holda:
a) aholi orasida:
yangi tashkil etiladigan jamoat transporti yoʻnalishlarining afzalligi, qulayligi, tezkorligi hamda muntazamligi;
jamoat transportida elektron toʻlov tizimlaridan foydalanishning hamda tabaqalashtirilgan tariflarning afzalliklari va qulayliklari;
jamoat transportida yoʻlkira toʻlovlari amalga oshirilishini nazorat qiluvchi nazoratchilar guruhi faoliyati tashkil qilinayotganligi keng yoritilishini taʼminlasin;
b) tadbirkorlik subyektlari orasida “bosib oʻtilgan yoʻl” va “sifat” mezonlari boʻyicha bajarilgan ishlar hajmidan kelib chiqqan holda jamoat transporti faoliyatini moliyalashtirishning yangi tizimi jozibadorligi va kafolatlangan biznesga aylanayotganligi yuzasidan brifinglar oʻtkazsin.
20. Transport vazirligi Iqtisodiyot va moliya vazirligi, manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda:
a) yil yakuniga qadar mazkur qaror talablaridan kelib chiqqan holda “Toshshahartransxizmat” AJ faoliyatini takomillashtirish, moliyaviy sogʻlomlashtirish, biznes jarayonlarini takomillashtirish, jamiyat faoliyatini raqamlashtirish va korporativ boshqaruvning zamonaviy usullarini joriy etish boʻyicha;
b) ikki oy muddatda:
jamoat transporti infratuzilmasi obyektlarini, xususan avtovokzallar va avtostansiyalarni qurish hamda ularni ekspluatatsiya qilishga xususiy sektorni jalb qilishni ragʻbatlantirishga qaratilgan davlat tomonidan qoʻllab-quvvatlash choralari yuzasidan;
xorijiy ekspertlarni jalb qilgan holda avtobus yoʻnalishlarini tashuvchilarga biriktirish boʻyicha elektron tender jarayonlarini takomillashtirish boʻyicha;
v) bir hafta muddatda shahar jamoat transportiga moʻljallangan avtobuslarni Oʻzbekiston Respublikasi hududiga import qilishda bojxona boji va qoʻshilgan qiymat soligʻidan ozod etiladigan texnologik asbob-uskunalar roʻyxatiga kiritish boʻyicha;
g) uch oy muddatda qonunchilik hujjatlariga ushbu qarordan kelib chiqadigan oʻzgartirish va qoʻshimchalar toʻgʻrisida takliflarni Vazirlar Mahkamasiga kiritsin.
21. Mazkur qarorning ijrosini samarali tashkil qilishga masʼul va shaxsiy javobgar etib transport vaziri I.R. Maxkamov hamda iqtisodiyot va moliya vaziri Sh.D. Kudbiyev belgilansin.
Qaror ijrosini muhokama qilib borish, ijro uchun masʼul idoralar faoliyatini muvofiqlashtirish va nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri A.N. Aripov zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Sh. MIRZIYOYEV
Toshkent sh.,
2023-yil 16-fevral,
PQ-59-son
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2023-yil 16-fevraldagi PQ-59-son qaroriga1-ILOVA
Muntazam shahar avtobus yoʻnalishlarida cheklangan tariflarda yoʻlovchi tashishni brutto-shartnoma asosida tashkil etish va moliyalashtirish tizimini joriy etish boʻyicha
(1-ilova Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2024-yil 25-martdagi PQ-139-sonli qarori tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 27.03.2024-y., 07/24/139/0243-son)
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2023-yil 16-fevraldagi PQ-59-son qaroriga2-ILOVA
Nukus shahrida jamoat transporti tizimini takomillashtirish boʻyicha
Izoh: Vazirlar Mahkamasiga “Yoʻlovchi tashishni monitoring va nazorat qilish” davlat muassasalarini Transport vazirligining bir tarkibiy tuzilmasidan boshqasiga oʻtkazish huquqi beriladi.
(2-ilova Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2024-yil 25-martdagi PQ-139-sonli qarori tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 27.03.2024-y., 07/24/139/0243-son)
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2023-yil 16-fevraldagi PQ-59-son qaroriga3-ILOVA
Andijon shahrida jamoat transporti tizimini takomillashtirish boʻyicha
Izoh: Vazirlar Mahkamasiga “Yoʻlovchi tashishni monitoring va nazorat qilish” davlat muassasalarini Transport vazirligining bir tarkibiy tuzilmasidan boshqasiga oʻtkazish huquqi beriladi.
(3-ilova Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2024-yil 25-martdagi PQ-139-sonli qarori tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 27.03.2024-y., 07/24/139/0243-son)
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2023-yil 16-fevraldagi PQ-59-son qaroriga4-ILOVA
Buxoro shahrida jamoat transporti tizimini takomillashtirish boʻyicha
Izoh: Vazirlar Mahkamasiga “Yoʻlovchi tashishni monitoring va nazorat qilish” davlat muassasalarini Transport vazirligining bir tarkibiy tuzilmasidan boshqasiga oʻtkazish huquqi beriladi.
(4-ilova Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2024-yil 25-martdagi PQ-139-sonli qarori tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 27.03.2024-y., 07/24/139/0243-son)
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2023-yil 16-fevraldagi PQ-59-son qaroriga5-ILOVA
Jizzax shahrida jamoat transporti tizimini takomillashtirish boʻyicha
Izoh: Vazirlar Mahkamasiga “Yoʻlovchi tashishni monitoring va nazorat qilish” davlat muassasalarini Transport vazirligining bir tarkibiy tuzilmasidan boshqasiga oʻtkazish huquqi beriladi.
(5-ilova Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2024-yil 25-martdagi PQ-139-sonli qarori tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 27.03.2024-y., 07/24/139/0243-son)
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2023-yil 16-fevraldagi PQ-59-son qaroriga6-ILOVA
Qarshi shahrida jamoat transporti tizimini takomillashtirish boʻyicha
Izoh: Vazirlar Mahkamasiga “Yoʻlovchi tashishni monitoring va nazorat qilish” davlat muassasalarini Transport vazirligining bir tarkibiy tuzilmasidan boshqasiga oʻtkazish huquqi beriladi.
(6-ilova Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2024-yil 25-martdagi PQ-139-sonli qarori tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 27.03.2024-y., 07/24/139/0243-son)
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2023-yil 16-fevraldagi PQ-59-son qaroriga7-ILOVA
Navoiy shahrida jamoat transporti tizimini takomillashtirish boʻyicha
Izoh: Vazirlar Mahkamasiga “Yoʻlovchi tashishni monitoring va nazorat qilish” davlat muassasalarini Transport vazirligining bir tarkibiy tuzilmasidan boshqasiga oʻtkazish huquqi beriladi.
(7-ilova Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2024-yil 25-martdagi PQ-139-sonli qarori tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 27.03.2024-y., 07/24/139/0243-son)
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2023-yil 16-fevraldagi PQ-59-son qaroriga8-ILOVA
Namangan shahrida jamoat transporti tizimini takomillashtirish boʻyicha
Izoh: Vazirlar Mahkamasiga “Yoʻlovchi tashishni monitoring va nazorat qilish” davlat muassasalarini Transport vazirligining bir tarkibiy tuzilmasidan boshqasiga oʻtkazish huquqi beriladi.
(8-ilova Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2024-yil 25-martdagi PQ-139-sonli qarori tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 27.03.2024-y., 07/24/139/0243-son)
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2023-yil 16-fevraldagi PQ-59-son qaroriga9-ILOVA
Samarqand shahrida jamoat transporti tizimini takomillashtirish boʻyicha
Izoh: Vazirlar Mahkamasiga “Yoʻlovchi tashishni monitoring va nazorat qilish” davlat muassasalarini Transport vazirligining bir tarkibiy tuzilmasidan boshqasiga oʻtkazish huquqi beriladi.
(9-ilova Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2024-yil 25-martdagi PQ-139-sonli qarori tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 27.03.2024-y., 07/24/139/0243-son)
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2023-yil 16-fevraldagi PQ-59-son qaroriga10-ILOVA
Guliston shahrida jamoat transporti tizimini takomillashtirish boʻyicha
Izoh: Vazirlar Mahkamasiga “Yoʻlovchi tashishni monitoring va nazorat qilish” davlat muassasalarini Transport vazirligining bir tarkibiy tuzilmasidan boshqasiga oʻtkazish huquqi beriladi.
(10-ilova Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2024-yil 25-martdagi PQ-139-sonli qarori tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 27.03.2024-y., 07/24/139/0243-son)
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2023-yil 16-fevraldagi PQ-59-son qaroriga11-ILOVA
Termiz shahrida jamoat transporti tizimini takomillashtirish boʻyicha
Izoh: Vazirlar Mahkamasiga “Yoʻlovchi tashishni monitoring va nazorat qilish” davlat muassasalarini Transport vazirligining bir tarkibiy tuzilmasidan boshqasiga oʻtkazish huquqi beriladi.
(11-ilova Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2024-yil 25-martdagi PQ-139-sonli qarori tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 27.03.2024-y., 07/24/139/0243-son)
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2023-yil 16-fevraldagi PQ-59-son qaroriga12-ILOVA
Toshkent viloyatida jamoat transporti tizimini takomillashtirish boʻyicha
Izoh: Vazirlar Mahkamasiga “Yoʻlovchi tashishni monitoring va nazorat qilish” davlat muassasalarini Transport vazirligining bir tarkibiy tuzilmasidan boshqasiga oʻtkazish huquqi beriladi.
(12-ilova Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2024-yil 25-martdagi PQ-139-sonli qarori tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 27.03.2024-y., 07/24/139/0243-son)
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2023-yil 16-fevraldagi PQ-59-son qaroriga13-ILOVA
Fargʻona shahrida jamoat transporti tizimini takomillashtirish boʻyicha
Izoh: Vazirlar Mahkamasiga “Yoʻlovchi tashishni monitoring va nazorat qilish” davlat muassasalarini Transport vazirligining bir tarkibiy tuzilmasidan boshqasiga oʻtkazish huquqi beriladi.
(13-ilova Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2024-yil 25-martdagi PQ-139-sonli qarori tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 27.03.2024-y., 07/24/139/0243-son)
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2023-yil 16-fevraldagi PQ-59-son qaroriga14-ILOVA
Urganch shahrida jamoat transporti tizimini takomillashtirish boʻyicha
Izoh: Vazirlar Mahkamasiga “Yoʻlovchi tashishni monitoring va nazorat qilish” davlat muassasalarini Transport vazirligining bir tarkibiy tuzilmasidan boshqasiga oʻtkazish huquqi beriladi.
(14-ilova Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2024-yil 25-martdagi PQ-139-sonli qarori tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 27.03.2024-y., 07/24/139/0243-son)
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2023-yil 16-fevraldagi PQ-59-son qaroriga15-ILOVA
Toshkent shahrida jamoat transporti tizimini takomillashtirish boʻyicha
Izoh: Vazirlar Mahkamasiga “Yoʻlovchi tashishni monitoring va nazorat qilish” davlat muassasalarini Transport vazirligining bir tarkibiy tuzilmasidan boshqasiga oʻtkazish huquqi beriladi.
(15-ilova Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2024-yil 25-martdagi PQ-139-sonli qarori tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 27.03.2024-y., 07/24/139/0243-son)