Surxondaryo viloyatining sanoat va xizmat koʻrsatish sohalaridagi imkoniyatlaridan samarali foydalanish orqali mintaqaviy savdoni rivojlantirish, shuningdek, mahalliy mahsulotlarni tashqi bozorlarga olib chiqish maqsadida tashkil etilgan “Termiz xalqaro savdo markazi” erkin savdo zonasi hududida savdo komplekslari, ishlab chiqarish va omborxona binolari, logistika va sogʻlomlashtirish markazlari, mehmonxona obyektlari qurilib, bosqichma-bosqich foydalanishga topshirilmoqda.
Xususan, birinchi bosqichda, qurilish ishlari yakunlangan savdo komplekslari tadbirkorlik faoliyatini yoʻlga qoʻyish uchun mahalliy va xorijiy investorlarga taklif etilmoqda.
“Termiz xalqaro savdo markazi” erkin savdo zonasi hududida qurilish ishlarini jadallashtirish, shuningdek, qoʻshni mamlakat fuqarolariga tibbiy va boshqa turdagi xizmatlar koʻrsatish faoliyatini boshlashga koʻmaklashish maqsadida:
1. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2020-yil 12-noyabrdagi “Surxondaryo viloyati va Toshkent shahrida maxsus iqtisodiy va kichik sanoat zonalari faoliyatini yanada rivojlantirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi PF-6109-son Farmoniga ilovaga muvofiq quyidagilarni nazarda tutuvchi oʻzgartirishlar kiritilsin:
Tiklanish va taraqqiyot jamgʻarmasi tomonidan Surxondaryo viloyati hokimligiga 3 yil muddatga, shu jumladan 1 yillik imtiyozli davrni hisobga olgan holda ajratilgan kreditni qaytarish muddatini 1 yilga uzaytirish;
kreditni qaytarish prognoz jadvalini qayta tasdiqlash.
2. Tiklanish va taraqqiyot jamgʻarmasi Surxondaryo viloyati hokimligi bilan birgalikda bir oy muddatda ushbu Farmondan kelib chiqqan holda kredit shartnomasi shartlarini qayta koʻrib chiqsin.
3. Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi:
Savdo-sanoat palatasi, Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahri hokimliklari bilan birgalikda ikki oy muddatda “Termiz xalqaro savdo markazi” erkin savdo zonasiga hududlarda eksportbop mahsulotlar ishlab chiqaruvchi hamda oʻz faoliyatini kengaytirish istagidagi tadbirkorlik subyektlarini;
Tashqi ishlar vazirligi bilan birgalikda “Termiz xalqaro savdo markazi” erkin savdo zonasida yaratilgan keng imkoniyatlar (imtiyozlar) toʻgʻrisida xorijiy hamkorlar bilan muzokaralar oʻtkazgan holda ishlab chiqarish va xizmat koʻrsatish yoʻnalishida toʻgʻridan-toʻgʻri xorijiy investitsiyalarni jalb etish choralarini koʻrsin.
4. Mazkur Farmon ijrosini samarali tashkil qilishga masʼul va shaxsiy javobgar etib Surxondaryo viloyati hokimi vazifasini bajaruvchi U.B. Qosimov hamda investitsiyalar, sanoat va savdo vaziri L.Sh. Qudratov belgilansin.
Farmon ijrosini muhokama qilib borish, ijro uchun masʼul idoralar faoliyatini muvofiqlashtirish va nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vaziri A.N. Aripov zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Sh. MIRZIYOYEV
Toshkent sh.,
2023-yil 23-fevral,
PF-26-son
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2023-yil 23-fevraldagi PF-26-son FarmonigaILOVA
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2020-yil 12-noyabrdagi “Surxondaryo viloyati va Toshkent shahrida maxsus iqtisodiy va kichik sanoat zonalari faoliyatini yanada rivojlantirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi PF-6109-son Farmoniga kiritilayotgan oʻzgartirishlar
1. 10-bandning ikkinchi xatboshisi quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“Jamgʻarma kreditlari Surxondaryo viloyati hokimligiga 4 yil muddatga, shu jumladan 2 yillik imtiyozli davrni va Toshkent shahar hokimligiga 3 yil muddatga, shu jumladan 1 yillik imtiyozli davrni hisobga olgan holda, yillik foiz stavkasi 6 oylik LIBOR + 2 foizda obyektlar qurilish-montaj ishlarini bajarish hamda zarur infratuzilmalarni barpo etishga Maʼmuriy kengashlar tomonidan tasdiqlanadigan manzilli roʻyxatlarga asosan ajratiladi”.
2. 2-ilovaning matni quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“Oʻzbekiston Respublikasi Tiklanish va taraqqiyot jamgʻarmasidan Surxondaryo viloyati hokimligiga ajratiladigan kreditni qaytarish prognoz
*Kreditning haqiqatda olingan miqdori va sanasidan kelib chiqqan holda aniqlashtiriladi.
**Haqiqiy toʻlovlar.”