PQ-73-son Qaror · 24.02.2023

Ipakchilik tarmogʻini yanada rivojlantirish boʻyicha chora-tadbirlar toʻgʻrisida

Rekvizitlar

  • Hujjat turi:Qaror
  • Raqami:PQ-73
  • Qabul qilingan sana:24.02.2023
  • Kuchga kirgan sana:24.02.2023
  • Holati:Amalda
  • Rasmiy nashr:QMMB 07/23/73/0102

Yuqori sifatli ipak mahsulotlari ishlab chiqarishni ragʻbatlantirish, respublika ipakchilik tarmogʻi korxonalarining barqaror faoliyat yuritishini hamda ipakchilik tarmogʻini kompleks rivojlantirishni taʼminlash, shuningdek, ipakchilik tarmogʻida ilmiy salohiyatni oshirish va tarmoq uchun malakali kadrlar tayyorlashda yirik ipakchilik korxonalari va zamonaviy laboratoriyalar bilan hamkorlikni yoʻlga qoʻyish maqsadida:

1. “Oʻzbekipaksanoat” hamda “Oʻztoʻqimachiliksanoat” uyushmalari ishtirokchilarining tegishincha Ipakchilik ilmiy-tadqiqot institutini va Oʻzbekiston tabiiy tolalar ilmiy-tadqiqot institutini Qishloq xoʻjaligi vazirligi huzuridagi Ipakchilik va jun sanoatini rivojlantirish qoʻmitasiga (keyingi oʻrinlarda — Qoʻmita) amaldagi moliyalashtirish tartibini saqlab qolgan holda, shu jumladan ularning mol-mulkini balans qiymatida bepul oʻtkazish toʻgʻrisidagi taklifi maʼqullansin.

2. Qishloq xoʻjaligi vazirligi, Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vazirligi, Davlat aktivlarini boshqarish agentligi hamda “Oʻzbekipaksanoat” va “Oʻztoʻqimachiliksanoat” uyushmalarining:

Andijon qishloq xoʻjaligi va agrotexnologiyalar institutida Ipakchilik va tutchilik fakultetini tashkil etish hamda 2023/2024 oʻquv yilidan boshlab Toshkent shahri va Samarqand viloyatida joylashgan tegishli oliy taʼlim muassasalarining “Ipakchilik va tutchilik” va “Ipakchilik” taʼlim yoʻnalishlari boʻyicha qabul kvotalarini ushbu fakultetga oʻtkazish;

Toshkent shahri va Samarqand viloyatida joylashgan tegishli oliy taʼlim muassasalarida qabul toʻxtatiladigan taʼlim yoʻnalishlari va mutaxassisliklarida tahsil olayotgan talabalar oʻqishini taʼlim olish muddatiga mos ravishda davom ettirish;

Andijon qishloq xoʻjaligi va agrotexnologiyalar institutining Ipakchilik va tutchilik fakultetini Andijon viloyati, Marhamat tumani, “Guliston” MFY, Mustaqillik koʻchasi, 1-A uy manzilida joylashtirish toʻgʻrisidagi takliflariga rozilik berilsin.

(2-bandning toʻrtinchi va beshinchi xatboshilari Oʻzbekiston Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2024-yil 16-fevraldagi PF-36-sonli Farmoniga asosan toʻrtinchi xatboshi bilan almashtirilgan — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 16.02.2024-y., 06/24/36/0130-son)

(3-band Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2024-yil 16-fevraldagi PF-36-sonli Farmoniga asosan oʻz kuchini yoʻqotgan — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 16.02.2024-y., 06/24/36/0130-son)

(4-band Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2024-yil 16-fevraldagi PF-36-sonli Farmoniga asosan oʻz kuchini yoʻqotgan — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 16.02.2024-y., 06/24/36/0130-son)

(5-band Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2024-yil 16-fevraldagi PF-36-sonli Farmoniga asosan oʻz kuchini yoʻqotgan — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 16.02.2024-y., 06/24/36/0130-son)

6. Belgilansinki, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2023-yil 10-yanvardagi “Paxta-toʻqimachilik klasterlari faoliyatini qoʻllab-quvvatlash, toʻqimachilik va tikuv-trikotaj sanoatini tubdan isloh qilish hamda sohaning eksport salohiyatini yanada oshirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi PF-2-son Farmoni 2-bandi “a” kichik bandining ikkinchi xatboshisida nazarda tutilgan mablagʻlar doirasida tijorat banklari tomonidan ipak mahsulotlari eksport qiluvchi korxonalarga 3 yil muddatga yillik 5 foiz stavkada (shu jumladan bank marjasi 1 foizdan oshmagan miqdorda oʻrnatiladi) uzluksiz aylanma mablagʻ bilan taʼminlash uchun revolver kreditlar ajratiladi.

7. Xonadonlarda pilla yetishtiruvchi jismoniy shaxslarga har yili yetishtiriladigan pilla (hoʻl pilla) hosilining bir kilogrammi uchun 5 ming soʻm miqdorida respublika budjeti hisobidan ajratiladigan subsidiya bekor qilinsin.

Shunday tartib oʻrnatilsinki, unga koʻra mazkur band bilan bekor qilinayotgan subsidiyaning moliyalashtirish manbalari doirasida 2023-yil 1-martdan boshlab 2026-yil 1-yanvarga qadar pillani qayta ishlash va pilla qurti urugʻini ishlab chiqaruvchi korxonalarga ular tomonidan bevosita pilla boquvchilarga yetkazib berilgan har bir quti ipak qurti urugʻi uchun 120 ming soʻm miqdorida respublika budjeti hisobidan subsidiya ajratiladi.

8. Qishloq xoʻjaligi vazirligi manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda bir oy muddatda har bir quti ipak qurti urugʻi uchun subsidiya ajratish tartibini ishlab chiqsin va tasdiqlash uchun Vazirlar Mahkamasiga kiritsin.

9. Tashqi ishlar vazirligi hamda Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi:

“Oʻzbekipaksanoat” uyushmasi bilan birgalikda Xitoy va Vyetnam davlatlaridan ipak qurtining elita va superelita urugʻining Oʻzbekistonga olib kelinishi hamda hukumatlararo komissiyalarga taklif kiritilishini taʼminlasin;

ipakchilik sanoatini rivojlantirish boʻyicha ilgʻor tajribani oʻrganish va Oʻzbekistonda joriy qilish uchun “Oʻzbekipaksanoat” uyushmasi tomonidan tasdiqlanadigan ishchi guruhning xorijiy davlatlarga (Vyetnam, Italiya, Xitoy, Hindiston) doimiy ravishda yuborilishi yuzasidan choralar koʻrsin;

“Oʻzbekipaksanoat” uyushmasiga ipak sanoati rivojlangan xorijiy davlatlarning tadbirkorlik birlashmalari (uyushmalari) bilan yaqin aloqalar va hamkorlik oʻrnatish yoʻnalishida amaliy yordam koʻrsatsin.

10. Ipakchilik sanoati korxonalarining “Temir daftar”, “Ayollar daftari” va “Yoshlar daftari”ga kiritilgan fuqarolarning bandligini va pilla yetishtirish prognozlari bajarilishini taʼminlash hamda pilla mavsumlarini uyushqoqlik bilan tashkil etish uchun, shuningdek, hokimliklar tomonidan tarmoq korxonalariga doimiy amaliy yordam koʻrsatilishini taʼminlash maqsadida tumanlar (shaharlar) hokimlariga ipakchilik sanoati korxonalarini ilovaga muvofiq biriktirish toʻgʻrisidagi taklifi maʼqullansin.

11. Bosh prokuratura “Oʻzdavyerloyiha” davlat ilmiy loyihalash instituti, Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar, tumanlar (shaharlar) hokimliklari bilan birgalikda ikki oy muddatda:

hududiy “Agrorilla” masʼuliyati cheklangan jamiyatlariga ijaraga berilgan tutzorlar joylashgan yer maydonlarini toʻliq xatlovdan oʻtkazsin;

tutzorlar joylashgan yer maydonlarining noqonuniy egallab olinishi holatlari yuzasidan aybdor shaxslarga nisbatan qonuniy choralar koʻrilishini taʼminlasin;

tutzorlar joylashgan va noqonuniy egallab olingan yer maydonlarini hududiy “Agrorilla” masʼuliyati cheklangan jamiyatlariga qaytarish yuzasidan takliflar tayyorlab, Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar, tumanlar (shaharlar) hokimliklariga kiritsin.

12. Ichki ishlar vazirligi “Oʻzbekipaksanoat” uyushmasi bilan birgalikda 2023-yil bahorgi pilla yetishtirish mavsumidan boshlab tajriba tariqasida pillachilik klasterlari hamda Toshkent viloyati Boʻka va Ohangaron tumanlarida joylashgan manzil-koloniya tipidagi jazoni ijro etish muassasalari oʻrtasida pilla xomashyosini yetishtirish yuzasidan shartnomalar tuzish amaliyotini yoʻlga qoʻysin.

13. Qishloq xoʻjaligi vazirligi Qoʻmita bilan birgalikda bir oy muddatda qishloq xoʻjaligi mahsulotlari yetishtirish uchun berilgan yer uchastkalari atroflariga ixota sifatida pilla xomashyosi yetishtirishda ozuqa sifatida foydalaniladigan tut daraxtlarini ekish majburiyatini belgilashni nazarda tutuvchi qonun loyihasini Vazirlar Mahkamasiga kiritsin.

(Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2024-yil 14-oktabrdagi PF-156-sonli Farmoniga asosan 14-bandning oʻz kuchini yoʻqotish sanasi — 2025-yil 16-yanvar — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 15.10.2024-y., 06/24/156/0816-son)

15. Kambagʻallikni qisqartirish va bandlik vazirligi Iqtisodiyot va moliya vazirligi bilan birgalikda kiyim-kechak va poyabzal ishlab chiqarish loyihasini amalga oshirish va 2 mingta doimiy ish oʻrinlarini yaratish uchun “Dream Silk” MCHJga 2021-yil 5-avgustda ajratilgan 15 mlrd soʻm foizsiz ssudani qaytarish muddatini 2027-yil 31-dekabrgacha uzaytirsin.

16. Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi 2023-yil 1-martdan boshlab ipak mahsulotlari eksportini amalga oshirishda tadbirkorlik subyektlariga qulay shart-sharoitlar yaratish va bu boradagi byurokratik toʻsiqlarni bartaraf qilish maqsadida xom ipakni eksport qilish tartibini soddalashtirsin.

(17-band Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2024-yil 16-fevraldagi PF-36-sonli Farmoniga asosan oʻz kuchini yoʻqotgan — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 16.02.2024-y., 06/24/36/0130-son)

18. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2022-yil 26-apreldagi “Respublikada goʻsht, jun va sut yoʻnalishidagi mayda shoxli mollarni koʻpaytirish va tarmoq ozuqa bazasini mustahkamlashga qaratilgan qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi PQ-224-son qarori bilan ipak qurti urugʻi, tut koʻchatlari va pilla yetishtirish, pillani qayta ishlash va tayyor mahsulotlar ishlab chiqarish hamda qorakoʻlchilik bilan shugʻullanayotgan subyektlar, qorakoʻlchilik mahsulotlarini qayta ishlash korxonalari va qorakoʻlchilik mahsulotlari ishlab chiqaruvchilar uchun koʻzda tutilgan soliq va bojxona toʻlovlari boʻyicha imtiyozlarning amal qilish muddati 2023-yil 1-yanvardan 2026-yil 1-yanvarga qadar uzaytirilganligi maʼlumot uchun qabul qilinsin.

19. Qishloq xoʻjaligi vazirligi, Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi, Iqtisodiyot va moliya vazirligi manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda ikki oy muddatda qonunchilik hujjatlariga ushbu qarordan va Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2022-yil 26-apreldagi “Respublikada goʻsht, jun va sut yoʻnalishidagi mayda shoxli mollarni koʻpaytirish va tarmoq ozuqa bazasini mustahkamlashga qaratilgan qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi PQ-224-son qaroridan kelib chiqadigan oʻzgartirish va qoʻshimchalar toʻgʻrisida Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritsin.

20. Mazkur qarorning ijrosini samarali tashkil qilishga masʼul va shaxsiy javobgar etib qishloq xoʻjaligi vaziri A.B. Voitov hamda investitsiyalar, sanoat va savdo vaziri L.Sh. Qudratov belgilansin.

21. Qaror ijrosini muhokama qilib borish, ijro uchun masʼul idoralar faoliyatini muvofiqlashtirish va nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri A.N. Aripov zimmasiga yuklansin.

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Sh. MIRZIYOYEV

Toshkent sh.,

2023-yil 24-fevral,

PQ-73-son

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2023-yil 24-fevraldagi PQ-73-son qarorigaILOVA

“Temir daftar”, “Ayollar daftari” va “Yoshlar daftari”ga kiritilgan aholining bandligini va pilla yetishtirish prognozlarini taʼminlash hamda pilla mavsumini uyushqoqlik bilan tashkil etish uchun tuman (shahar) hokimlariga ipakchilik sanoati korxonalarini biriktirish

Bu hujjat sizga qanday ta'sir qiladi?

HuquqTech hujjat va qonun moddalariga tayanib, savolingizga oddiy tilda javob beradi.

AI'dan bepul so'rash

Matn lex.uz rasmiy manbasidan olingan va avtomatik yangilanadi. Huquqiy ahamiyatga ega qarorlar uchun rasmiy nashrga va malakali mutaxassisga murojaat qiling.