PQ-83-son Qaror · 01.03.2023

Davlat ishtirokidagi korxonalarni isloh qilish jarayonlarini jadallashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida

Rekvizitlar

  • Hujjat turi:Qaror
  • Raqami:PQ-83
  • Qabul qilingan sana:01.03.2023
  • Kuchga kirgan sana:02.03.2023
  • Holati:Amalda
  • Rasmiy nashr:QMMB 07/23/83/0120

Mamlakatimizda davlat ulushi mavjud xoʻjalik jamiyatlari va davlat unitar korxonalarida (keyingi oʻrinlarda — davlat ishtirokidagi korxonalar) korporativ boshqaruvni joriy etish, ularning operatsion samaradorligini oshirish va ochiqligini taʼminlash boʻyicha tizimli ishlarni davom ettirish, shuningdek, davlat ishtirokidagi korxonalarning bozor mexanizmlariga oʻtishini jadallashtirish maqsadida:

1. 2023 — 2025-yillarda isloh qilinadigan va operatsion samaradorligi oshiriladigan davlat ishtirokidagi yirik korxonalar roʻyxati ilovaga muvofiq tasdiqlansin.

Iqtisodiyot va moliya vazirligiga mazkur korxonalarni isloh qilish vazifasi yuklansin.

(1-bandning ikkinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2023-yil 18-avgustdagi PQ-283-sonli qarori tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 21.08.2023-y., 07/23/283/0633-son)

2. Belgilansinki:

Iqtisodiyot va moliya vazirligi “UzAssets” investitsiya kompaniyasi” AJ (keyingi oʻrinlarda — “UzAssets” investitsiya kompaniyasi) va mazkur qarorga ilovada koʻrsatilgan davlat ishtirokidagi korxonalarda davlat aksiya paketi (ulushi) boʻyicha aksiyador (ishtirokchi) funksiyasini amalga oshiradi;

(2-bandning ikkinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2023-yil 18-avgustdagi PQ-283-sonli qarori tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 21.08.2023-y., 07/23/283/0633-son)

mazkur qarorga ilovada koʻrsatilgan davlat ishtirokidagi korxonalar ustav kapitalidagi davlat aksiya paketlari (ulushlari) “UzAssets” investitsiya kompaniyasiga boshqaruvga beriladi;

“UzAssets” investitsiya kompaniyasi tomonidan unga boshqaruvga berilgan korxonalarning ijroiya organi va kuzatuv kengashi aʼzolarini tayinlash hamda sof foydani taqsimlash masalalari yuzasidan qarorlar belgilangan tartibda kelishilgan holda qabul qilinadi;

“UzAssets” investitsiya kompaniyasi tomonidan xalqaro konsalting, auditorlik va investitsiya maslahatchilari, investitsiya banklari va boshqa ixtisoslashgan kompaniyalarni jalb etish eng yaxshi takliflarni tanlab olish asosida amalga oshiriladi. Bunda, ular bilan tuziladigan shartnomalarni ekspertizadan oʻtkazish talab etilmaydi;

davlat xizmatchilari davlat ishtirokidagi korxonalar kuzatuv kengashi tarkibiga kiritilishi mumkin, ushbu korxonalar faoliyatini litsenziyalash, tartibga solish va ularning moliya-xoʻjalik faoliyatini tekshirish vazifalari yuklangan davlat organlarining xodimlari (davlat organlarining rahbarlari va ularning oʻrinbosarlaridan tashqari) bundan mustasno;

boshqariladigan investitsiya aktivlari oʻrtacha yillik qiymatining kamida 5 foizi miqdorida oʻz moddiy aktivlariga ega boʻlish toʻgʻrisidagi talab “UzAssets” investitsiya kompaniyasiga nisbatan tatbiq etilmaydi.

3. Iqtisodiyot va moliya vazirligining “UzAssets” investitsiya kompaniyasiga quyidagi qoʻshimcha vazifalarni yuklash toʻgʻrisidagi taklifi maʼqullansin:

(3-bandning birinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2023-yil 18-avgustdagi PQ-283-sonli qarori tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 21.08.2023-y., 07/23/283/0633-son)

iqtisodiyot uchun muhim ahamiyatga ega boʻlgan yirik korxonalarni isloh qilish, shu jumladan ekologik, ijtimoiy va korporativ boshqaruv (ESG) tamoyillarini joriy etish hamda xususiy sektorni jalb qilish;

korxonalarning rentabelligi va operatsion samaradorligini oshirish, moliyaviy barqarorligini taʼminlash hamda biznes-jarayonlarni optimallashtirish;

Iqtisodiy hamkorlik va rivojlanish tashkilotining korporativ boshqaruv boʻyicha tavsiyalarini joriy etish orqali oʻziga boshqaruvga berilgan korxonalarning samarali boshqarilishini va barqaror rivojlanishini taʼminlash hamda ularning qiymatini va investitsion jozibadorligini oshirish;

oʻziga boshqaruvga berilgan korxonalarning ijroiya organi va kuzatuv kengashiga mahalliy hamda xorijiy malakali menejerlarni jalb qilish.

(4-band Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2023-yil 18-avgustdagi PQ-283-sonli qaroriga asosan oʻz kuchini yoʻqotgan — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 21.08.2023-y., 07/23/283/0633-son)

(5-band Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2023-yil 18-avgustdagi PQ-283-sonli qaroriga asosan oʻz kuchini yoʻqotgan — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 21.08.2023-y., 07/23/283/0633-son)

(6-band Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2023-yil 18-avgustdagi PQ-283-sonli qaroriga asosan oʻz kuchini yoʻqotgan — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 21.08.2023-y., 07/23/283/0633-son)

7. Mazkur qarorning ijrosini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi rahbari S.U. Umurzakov zimmasiga yuklansin.

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Sh. MIRZIYOYEV

Toshkent sh.,

2023-yil 1-mart,

PQ-83-son

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2023-yil 1-martdagi PQ-83-son qarorigaILOVA

2023 — 2025-yillarda isloh qilinadigan va operatsion samaradorligi oshiriladigan davlat ishtirokidagi yirik korxonalar

Izoh: davlat ulushi miqdori oʻzgargan taqdirda, ulush Iqtisodiyot va moliya vazirligiga oʻzgarishlarni hisobga olgan holda oʻtkazib beriladi.

(izoh Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2023-yil 18-avgustdagi PQ-283-sonli qarori tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 21.08.2023-y., 07/23/283/0633-son)

Bu hujjat sizga qanday ta'sir qiladi?

HuquqTech hujjat va qonun moddalariga tayanib, savolingizga oddiy tilda javob beradi.

AI'dan bepul so'rash

Matn lex.uz rasmiy manbasidan olingan va avtomatik yangilanadi. Huquqiy ahamiyatga ega qarorlar uchun rasmiy nashrga va malakali mutaxassisga murojaat qiling.