PQ-88-son Qaror · 09.03.2023

Aholi tomonidan toʻlovlarni amalga oshirishda qoʻshimcha qulayliklar yaratish toʻgʻrisida

Rekvizitlar

  • Hujjat turi:Qaror
  • Raqami:PQ-88
  • Qabul qilingan sana:09.03.2023
  • Kuchga kirgan sana:09.03.2023
  • Holati:Amalda
  • Rasmiy nashr:QMMB 07/23/88/0130

Toʻlov xizmatlari bozorida ilgʻor toʻlov turlari hamda usullari salmogʻini oshirish, sogʻlom raqobat va yangi texnologik yechimlarni qoʻllab-quvvatlash hamda aholiga qoʻshimcha qulayliklar yaratish maqsadida:

1. Shunday tartib oʻrnatilsinki, unga muvofiq 2023-yil 1-maydan boshlab ilovada keltirilgan, benefitsiari budjet va korporativ buyurtmachi hisoblangan toʻlovlar boʻyicha toʻlov xizmatlari koʻrsatganlik uchun vositachilik haqi (yigʻimlar) toʻlov shaklidan qatʼi nazar toʻlovchi — jismoniy shaxsdan emas, balki toʻlov summasidan chegirib qolish yoʻli bilan undiriladi.

Mazkur bandda koʻrsatilgan toʻlovlarning benefitsiari hisoblangan budjet va korporativ buyurtmachilar 2023-yil 1-mayga qadar toʻlov xizmatlari koʻrsatishga doir amaldagi shartnomalarga tegishli oʻzgartirishlar kiritilishini taʼminlasin.

Bunda, vositachilik haqi (yigʻimlar) miqdori toʻlov summasining bir foizigacha, biroq jami summasi Markaziy bank tomonidan belgilanadigan chegaraviy miqdorlardan koʻp boʻlmagan miqdorda boʻlishi nazarda tutilsin.

2. 2023-yil 1-mayga qadar Toshkent shahrida huquqiy eksperiment tariqasida virtual kassa bilan qamrab olingan savdo va xizmat koʻrsatish shoxobchalarida Markaziy bank tomonidan belgilanadigan cheklangan limit va kunlik naqd pul tushumlari doirasida naqd pul yechish xizmatini koʻrsatish amaliyoti joriy etilsin.

Bunda, mazkur bandda koʻrsatilgan naqd pul yechish xizmatini koʻrsatish tartibi Markaziy bank tomonidan belgilanadi.

3. Markaziy bank “NUMO” va “UZCARD” toʻlov tizimlari oʻzaro integratsiyasini bosqichma-bosqich, jumladan 2023-yil may oyiga qadar bankomatlar hamda 2023-yil yakuniga qadar toʻlov terminallari tizimini integratsiya qilish ishlarini yakunlasin.

4. Iqtisodiyot va moliya vazirligi Markaziy bank bilan birgalikda 2023-yil 1-sentabrga qadar Yagona gʻazna hisobvaragʻi orqali hisob-kitoblarni 24/7 rejimida onlayn tartibda amalga oshirish maqsadida Iqtisodiyot va moliya vazirligining axborot tizimini Markaziy bankning “Tezkor toʻlovlar” tizimiga integratsiya qilishni taʼminlasin.

5. Mazkur qarorning ijrosini nazorat qilish Bosh vazir oʻrinbosari J.A. Qoʻchqorov zimmasiga yuklansin.

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Sh. MIRZIYOYEV

Toshkent sh.,

2023-yil 9-mart,

PQ-88-son

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2023-yil 9-martdagi PQ-88-son qaroriga ILOVA

2023-yil 1-maydan boshlab vositachilik haqi (yigʻimlar) toʻlov summasidan chegirib qolish yoʻli bilan undiriladigan, benefitsiari budjet va korporativ buyurtmachi hisoblangan toʻlovlar

Izoh: Iqtisodiyot va moliya vazirligi tomonidan Markaziy bank bilan kelishilgan holda mazkur roʻyxatga qoʻshimcha toʻlov turlari kiritilishi mumkin.

Bu hujjat sizga qanday ta'sir qiladi?

HuquqTech hujjat va qonun moddalariga tayanib, savolingizga oddiy tilda javob beradi.

AI'dan bepul so'rash

Matn lex.uz rasmiy manbasidan olingan va avtomatik yangilanadi. Huquqiy ahamiyatga ega qarorlar uchun rasmiy nashrga va malakali mutaxassisga murojaat qiling.