PQ-91-son Qaror · 11.03.2023

Toshkent shahridagi isteʼmolchilarni energiya resurslari bilan barqaror taʼminlash chora-tadbirlari toʻgʻrisida

Rekvizitlar

  • Hujjat turi:Qaror
  • Raqami:PQ-91
  • Qabul qilingan sana:11.03.2023
  • Kuchga kirgan sana:11.03.2023
  • Holati:Amalda
  • Rasmiy nashr:QMMB 07/23/91/0136

Toshkent shahridagi isteʼmolchilarning energiya resurslariga oʻsib borayotgan talabini taʼminlash va elektr tarmoqlarining oʻtkazuvchanlik qobiliyatini oshirish maqsadida:

1. Energetika vazirligining Toshkent shahrining qoʻshimcha elektr energiyasiga boʻlgan ehtiyojini qoplash uchun:

“ACWA Power” (Saudiya Arabistoni) kompaniyasi ishtirokida Toshkent viloyati Yuqori Chirchiq tumanidagi “Oʻzsuvtaʼminot” AJ hududida quvvati 200 MVt boʻlgan quyosh fotoelektr stansiyasini qurish loyihasining birinchi bosqichi quvvatlarini (100 MVt);

(1-bandning ikkinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 3-fevraldagi PQ-39-sonli qarori tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 05.02.2025-y., 07/25/39/0108-son)

“China Gezhouba Group Investment Company Co. LTD” (Xitoy Xalq Respublikasi) kompaniyasi ishtirokida Toshkent viloyati Yuqori Chirchiq tumanida quvvati 700 MVt boʻlgan quyosh fotoelektr stansiyasini qurish loyihasining birinchi bosqichi quvvatlarini (100 MVt) joriy yil yakuniga qadar ishga tushirish toʻgʻrisidagi takliflariga rozilik berilsin.

2. Energetika vazirligi, Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi hamda “Oʻzbekiston milliy elektr tarmoqlari” AJ bir hafta muddatda mazkur qarorning 1-bandida nazarda tutilgan loyihalarni amalga oshirish uchun tegishli investorlar bilan investitsiya shartnomalari va elektr energiyasini sotib olish toʻgʻrisidagi bitimlarning belgilangan tartibda imzolanishini taʼminlasin.

3. Energetika vazirligi, Toshkent shahri hokimligi, “Navoiy KMK” AJ, “Olmaliq KMK” AJ, “Oʻzavtosanoat” AJ va “Oʻzmetkombinat” AJning takliflariga asosan quyidagilarni nazarda tutuvchi 2023-yilda Toshkent shahri elektr taʼminotini yaxshilashga qaratilgan 35 — 110 kV kuchlanishli elektr tarmoqlarini rivojlantirish loyihasi (keyingi oʻrinlarda — Loyiha) 1-ilovaga muvofiq tasdiqlansin:

Yunusobod, Shayxontohur, Mirzo Ulugʻbek, Yashnobod va Yangihayot tumanlarida umumiy quvvati 664 MVA boʻlgan 5 ta 110 kV kuchlanishli podstansiya hamda 49,6 km uzunlikdagi 35 kV va 110 kV kuchlanishli elektr uzatish tarmoqlarini qurish;

Yunusobod, Mirzo Ulugʻbek, Olmazor va Mirobod tumanlaridagi 4 ta podstansiyani rekonstruksiya qilish orqali ularning oʻtkazish quvvatini 179 MVAga oshirish;

jismonan eskirgan 7,5 km uzunlikdagi 35 kV va 41,7 km uzunlikdagi 110 kV kuchlanishli elektr uzatish tarmoqlarini zamonaviy turdagi kabel va simlarga almashtirish.

4. Belgilansinki:

a) Loyiha doirasida “Hududiy elektr tarmoqlari” AJ — buyurtmachi, “Oʻzenergoinjiniring” AJ — bosh loyihachi, 1-ilovada belgilangan masʼullar — tegishliligi boʻyicha bosh pudratchi vazifasini amalga oshiradi.

Bunda, “Hududiy elektr tarmoqlari” AJ masʼul boʻlgan loyihalarda bosh pudratchi tanlov va tender savdolarini oʻtkazmasdan eng yaxshi takliflarni tanlash orqali aniqlanadi;

b) Loyihani amalga oshirish uchun jami 3,5 trln soʻm miqdoridagi mablagʻlar yoʻnaltiriladi, shu jumladan 566 mlrd soʻm “Oʻzbekiston milliy elektr tarmoqlari” AJ, “Navoiy KMK” AJ, “Olmaliq KMK” AJ, “Oʻzmetkombinat” AJ, “Oʻzavtosanoat” AJning (keyingi oʻrinlarda — Korxonalar) oʻz mablagʻlari, 199 mlrd soʻm “Hududiy elektr tarmoqlari” AJning oʻz mablagʻlari hamda 2,7 trln soʻm “Hududiy elektr tarmoqlari” AJ jalb qiladigan tovar kreditlari.

5. Loyihaning oʻz vaqtida amalga oshirilishi uchun:

shaxsiy javobgarlik energetika vaziri J. Mirzamahmudov, “Oʻzbekiston milliy elektr tarmoqlari” AJ boshqaruvi raisi D. Isakulov, “Hududiy elektr tarmoqlari” AJ boshqaruvi raisi U. Mustafoyev, “Navoiy KMK” AJ boshqaruvi raisi Q. Sanaqulov, “Olmaliq KMK” AJ boshqaruvi raisi A. Xursanov, “Oʻzmetkombinat” AJ boshqaruvi raisi R. Pirmatov va “Oʻzavtosanoat” AJ boshqaruvi raisi Sh. Umurzakov zimmasiga yuklatilsin;

Korxonalar mazkur qarorga 1-ilovaga muvofiq jami 384 nafar xodimini hamda 102 ta texnikani belgilangan obyektlarning qurilish-montaj ishlariga biriktirsin.

6. Energetika vazirligining “Hududiy elektr tarmoqlari” AJ va “Oʻzbekiston milliy elektr tarmoqlari” AJga tegishli elektr tarmoqlari obyektlarini (keyingi oʻrinlarda — obyektlar) 2-ilovaga muvofiq roʻyxat boʻyicha tegishlicha “Oʻzbekiston milliy elektr tarmoqlari” AJ va “Hududiy elektr tarmoqlari” AJga balans (qoldiq) qiymatida berish toʻgʻrisidagi taklifiga rozilik berilsin.

Bunda, obyektlar barcha elektr qurilmalari, mol-mulklar, ularning texnik hujjatlari, shuningdek, boshqa muhandislik tarmoqlari va kommunikatsiyalari bilan birga “Oʻzbekiston milliy elektr tarmoqlari” AJ va “Hududiy elektr tarmoqlari” AJning ustav kapitalidagi davlat ulushini oshirish (kamaytirish) hisobiga oʻtkaziladi hamda soliq solish obyekti hisoblanmaydi.

7. Quyidagilar:

2023 — 2025-yillarda Toshkent shahrining past kuchlanishli elektr tarmoqlarini yangilash dasturining (keyingi oʻrinlarda — Dastur) maqsadli koʻrsatkichlari 3-ilovaga muvofiq;

2023-yilda Toshkent shahri tumanlarining past kuchlanishli elektr tarmoqlarini yangilash dasturining manzilli roʻyxatlari 3.1 — 3.12-ilovalarga muvofiq tasdiqlansin.

Bunda Vazirlar Mahkamasiga ushbu qarorga 1, 3 va 3.1 — 3.12-ilovalarga oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritish boʻyicha vakolat beriladi.

(7-band Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2024-yil 11-sentabrdagi PF-139-sonli Farmoniga asosan toʻrtinchi xatboshi bilan toʻldirilgan)

Belgilansinki:

Dastur doirasida jami 2 969,8 km past kuchlanishli elektr uzatish tarmoqlari hamda 703 ta transformator punkti, shu jumladan 2023-yilda 903,3 km past kuchlanishli elektr uzatish tarmoqlari hamda 228 ta transformator punkti yangilanadi;

Dasturning oʻz vaqtida amalga oshirilishi uchun shaxsiy javobgarlik “Hududiy elektr tarmoqlari” AJ boshqaruvi raisi U. Mustafoyev va Toshkent shahri hokimi v.b. B. Raxmonov zimmasiga yuklatiladi.

8. Shunday tartib oʻrnatilsinki, unga muvofiq:

a) Dastur doirasida:

2023-yilda past kuchlanishli transformator punktlari va kabel mahsulotlarini xarid qilish uchun Toshkent shahri hokimligi tomonidan “Oʻzmilliybank” AJdan 220 mlrd soʻm miqdorida kredit mablagʻlari jalb qilinadi va “Hududiy elektr tarmoqlari” AJ uchun belgilangan tartibda ochiladigan maxsus hisobvaraqqa oʻtkazib beriladi;

Toshkent shahri hokimligi tomonidan jalb qilingan kredit mablagʻlari 2024-yildan boshlab “Hududiy elektr tarmoqlari” AJ tomonidan tegishli tarmoq jadvaliga muvofiq toʻlab beriladi;

loyihalashtirish, ekspertiza va qurilish-montaj ishlari “Hududiy elektr tarmoqlari” AJ tomonidan xoʻjalik usulida amalga oshiriladi;

b) Loyiha va Dastur doirasida:

loyihalashtirish, qurilish-montaj ishlarini bajarish, uskunalar va jihozlarni xarid qilish va oʻrnatish ishlari “fast track” usulida amalga oshiriladi. Bunda, qurilish-montaj ishlari uchun texnik-iqtisodiy asoslar ishlab chiqilmaydi;

“Hududiy elektr tarmoqlari” AJ, “Toshkent shahar elektr tarmoqlari korxonasi” filiali, “Oʻzenergoinjiniring” AJ va Korxonalarga tanlov va tender savdolarini oʻtkazmasdan eng yaxshi takliflarni tanlash orqali mahsulotlar ishlab chiqaruvchilar va yordamchi pudratchilar bilan toʻgʻridan-toʻgʻri shartnoma tuzishga ruxsat beriladi. Bunda, ushbu shartnomalar Iqtisodiyot va moliya vazirligi huzuridagi “Loyihalar va import kontraktlarini kompleks ekspertiza qilish markazi” DUK tomonidan hujjatlar taqdim etilgan sanadan eʼtiboran 10 kun muddatda ekspertizadan oʻtkaziladi;

qurilish-montaj ishlarini amalga oshirish uchun zarur boʻladigan temir-beton mahsulotlari hamda qoʻshimcha qurilmalar Loyihada belgilangan Korxonalar tomonidan xarid qilinadi;

v) Loyiha doirasida:

Tashqi savdo, investitsiyalar, mahalliy sanoatni rivojlantirish va texnik jihatdan tartibga solish masalalari boʻyicha Hukumat komissiyasi “Oʻzbekiston milliy elektr tarmoqlari” AJ tomonidan Loyiha doirasida bajariladigan ishlar yuzasidan Oʻzbekiston Respublikasining 2023 — 2025-yillarga moʻljallangan investitsiya dasturiga tegishli oʻzgartirishlar kiritilishini taʼminlaydi;

“Hududiy elektr tarmoqlari” AJ tomonidan Loyiha uchun sarflanadigan mablagʻlar “Respublikaning 0,4 — 110 kV kuchlanishli elektr tarmoqlarini yangilash va modernizatsiya qilish (3-bosqich)” loyihasi doirasida qoplanadi;

Loyiha doirasida xarid qilinadigan elektr qurilmalari Davlat zaxiralarini boshqarish qoʻmitasi omborlarida saqlanadi;

elektr qurilmalari uchun olingan mablagʻlar 2024-yildan boshlab “Hududiy elektr tarmoqlari” AJ tomonidan xalqaro va mahalliy moliya institutlaridan jalb qilinadigan mablagʻlar va debitor qarzdorlikni qisqartirish hisobidan qoplanadi.

8-1. Quyidagilarga:

a) tovar krediti doirasida:

“Hududiy elektr tarmoqlari” AJ tizimidagi korxonalarga uning Toshkent shahar filiali orqali tovarlar (ishlar, xizmatlar) xarid qilishga, bunda “Hududiy elektr tarmoqlari” AJ Toshkent shahar filialiga jamiyat tizimidagi korxonalar bilan tovarlar (ishlar, xizmatlar) yetkazib berish boʻyicha toʻgʻridan-toʻgʻri shartnoma imzolashga;

shartnomalarni auditdan oʻtkazish uchun mustaqil auditorlik tashkilotini tanlash maqsadida xaridlar toʻgʻrisidagi maʼlumotlarni maxsus elektron portalga joylashtirmasdan toʻgʻridan-toʻgʻri xarid qilishga;

xarid qilinayotgan tovarlar (ishlar, xizmatlar) boʻyicha qurilish-montaj ishlarini amalga oshirish uchun manzilli roʻyxat Vazirlar Mahkamasi bilan kelishilgan holda Energetika vazirligi tomonidan tasdiqlanishiga;

b) Toshkent shahar hokimligi tomonidan olib berilgan “SV” turdagi tayanchlarni past kuchlanishli elektr tarmoqlarini yangilash dasturi uchun ishlatishga va zarur hollarda “Hududiy elektr tarmoqlari” AJ tizimidagi korxonalardan olib kelishga ruxsat berilsin.

(8-1-band Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2024-yil 23-avgustdagi PF-118-sonli Farmoniga asosan kiritilgan)

9. “Hududiy elektr tarmoqlari” AJ (U. Mustafoyev) uch oy muddatda moliyalashtirish manbalarini aniq belgilagan holda respublikaning boshqa hududlaridagi elektr tarmoqlarini rivojlantirish boʻyicha rejalarni ishlab chiqsin va Vazirlar Mahkamasiga kiritsin.

Bunda, quyidagilar inobatga olinsin:

shaharlarda va yirik aholi punktlarida 35/0,4 kV kuchlanishli transformatorlardan foydalanishni kengaytirish;

tarmoqlarni 10 kV va 35 kV kuchlanishga oʻtkazish orqali 6 kV kuchlanishli elektr tarmoqlarini bosqichma-bosqich ekspluatatsiyadan chiqarish hamda 0,4 kV kuchlanishli elektr uzatish tarmoqlarining uzunligini qisqartirish;

shaharlarda va yirik aholi punktlarida 35 kV va 110 kV kuchlanishli yangidan quriladigan podstansiyalarni yopiq turga oʻtkazish.

10. Loyiha va Dastur ijrosi ustidan tizimli nazorat oʻrnatish maqsadida 4-ilovaga muvofiq Bosh prokuror oʻrinbosari S. Samadov boshchiligida Ishchi guruh tuzilsin.

Ishchi guruhga quyidagi vazifalar yuklatilsin:

qurilish-pudrat ishlarining sifatli bajarilishi va belgilangan muddatlarda yakunlanishini nazorat qilish;

ajratilgan mablagʻlarning maqsadli va samarali ishlatilishi, qoʻshimcha iqtisod qilish imkoniyatlarini ishga solish ustidan tizimli nazoratni amalga oshirish;

Loyiha doirasida xarid qilinadigan tovarlar (ishlar, xizmatlar)ning narxlarini tahlil qilish, ularni asossiz ravishda oshirishga va tasdiqlangan loyiha hujjatlariga oʻzboshimchalik bilan oʻzgartirishlar kiritishga yoʻl qoʻymaslik choralarini koʻrish;

nazorat tadbirlari doirasida aniqlanadigan qonun buzilishi holatlarini va ularning kelib chiqishiga imkon beruvchi omillarni bartaraf etish choralarini koʻrish.

Ishchi guruh har ikki haftada Loyiha va Dastur ijrosi doirasida amalga oshirilgan nazorat tadbirlari haqida Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasiga axborot kiritib borsin.

11. Energetika vazirligi manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda bir oy muddatda qonunchilik hujjatlariga ushbu qarordan kelib chiqadigan oʻzgartirish va qoʻshimchalar toʻgʻrisida Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritsin.

12. Mazkur qarorning ijrosini samarali tashkil qilishga masʼul va shaxsiy javobgar etib energetika vaziri J. Mirzamahmudov, Toshkent shahar hokimi v.b. B. Raxmonov hamda “Hududiy elektr tarmoqlari” AJ boshqaruvi raisi U. Mustafoyev belgilansin.

Qaror ijrosini muhokama qilib borish, ijro uchun masʼul idoralar faoliyatini muvofiqlashtirish va nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vaziri A. Aripov zimmasiga yuklansin.

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Sh. MIRZIYOYEV

Toshkent sh.,

2023-yil 11-mart,

PQ-91-son

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2023-yil 11-martdagi PQ-91-son qaroriga 1-ILOVA

2023-yilda Toshkent shahri elektr taʼminotini yaxshilashga qaratilgan 35 — 110 kV kuchlanishli elektr tarmoqlarini rivojlantirish

* Qurilish-montaj ishlari korxonalarning oʻz mablagʻlari hisobidan amalga oshiriladi.

** Qurilish ishlari yakunlangandan soʻng qurilgan obyektlar “Hududiy elektr tarmoqlari” AJ, “Toshkent shahar elektr tarmoqlari korxonasi” filialiga begʻaraz topshiriladi.

*** Loyiha doirasida “Oʻzavtosanoat” AJ pudrat ishlarini moliyalashtirish vazifasini amalga oshiradi, qurilish ishlari yakunlangandan soʻng qurilgan obyektlar “Hududiy elektr tarmoqlari” AJ, “Toshkent shahar elektr tarmoqlari korxonasi” filialiga begʻaraz topshiradi.

**** Loyiha doirasida “Oʻzmetkombinat” AJ tomonidan sarflangan xarajatlar obyektlar belgilangan tartibda foydalanishga topshirilgandan soʻng Jamiyatga elektr energiyasini yetkazib berish hisobiga qoplab beriladi.

(1-ilova Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2026 yil 10-fevraldagi PQ-56-sonli qarori tahririda)

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2023-yil 11-martdagi PQ-91-son qaroriga 2-ILOVA

“Hududiy elektr tarmoqlari” AJ va “Oʻzbekiston milliy elektr tarmoqlari” AJ oʻrtasida oʻzaro topshiriladigan va qabul qilib olinadigan elektr tarmoqlari obyektlari

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2023-yil 11-martdagi PQ-91-son qaroriga 3-ILOVA

2023 — 2025-yillarda Toshkent shahrining past kuchlanishli elektr tarmoqlarini yangilash dasturining

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2023-yil 11-martdagi PQ-91-son qaroriga 3.1-ILOVA

2023-yilda Toshkent shahri Bektemir tumanining past kuchlanishli elektr tarmoqlarini yangilash dasturining

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2023-yil 11-martdagi PQ-91-son qaroriga 3.2-ILOVA

2023-yilda Toshkent shahri Mirzo Ulugʻbek tumanining past kuchlanishli elektr tarmoqlarini yangilash dasturining

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2023-yil 11-martdagi PQ-91-son qaroriga 3.3-ILOVA

2023-yilda Toshkent shahri Mirobod tumanining past kuchlanishli elektr tarmoqlarini yangilash dasturining

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2023-yil 11-martdagi PQ-91-son qaroriga 3.4-ILOVA

2023-yilda Toshkent shahri Olmazor tumanining past kuchlanishli elektr tarmoqlarini yangilash dasturining

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2023-yil 11-martdagi PQ-91-son qaroriga 3.5-ILOVA

2023-yilda Toshkent shahri Sergeli tumanining past kuchlanishli elektr tarmoqlarini yangilash dasturining

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2023-yil 11-martdagi PQ-91-son qaroriga 3.6-ILOVA

2023-yilda Toshkent shahri Uchtepa tumanining past kuchlanishli elektr tarmoqlarini yangilash dasturining

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2023-yil 11-martdagi PQ-91-son qaroriga 3.7-ILOVA

2023-yilda Toshkent shahri Chilonzor tumanining past kuchlanishli elektr tarmoqlarini yangilash dasturining

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2023-yil 11-martdagi PQ-91-son qaroriga 3.8-ILOVA

2023-yilda Toshkent shahri Shayxontohur tumanining past kuchlanishli elektr tarmoqlarini yangilash dasturining

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2023-yil 11-martdagi PQ-91-son qaroriga 3.9-ILOVA

2023-yilda Toshkent shahri Yunusobod tumanining past kuchlanishli elektr tarmoqlarini yangilash dasturining

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2023-yil 11-martdagi PQ-91-son qaroriga 3.10-ILOVA

2023-yilda Toshkent shahri Yakkasaroy tumanining past kuchlanishli elektr tarmoqlarini yangilash dasturining

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2023-yil 11-martdagi PQ-91-son qaroriga 3.11-ILOVA

2023-yilda Toshkent shahri Yangihayot tumanining past kuchlanishli elektr tarmoqlarini yangilash dasturining

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2023-yil 11-martdagi PQ-91-son qaroriga 3.12-ILOVA

2023-yilda Toshkent shahri Yashnobod tumanining past kuchlanishli elektr tarmoqlarini yangilash dasturining

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2023-yil 11-martdagi PQ-91-son qaroriga 4-ILOVA

2023 — 2025-yillarda Toshkent shahrining taqsimlovchi elektr tarmoqlarini yangilash va rivojlantirish tadbirlarini nazorat qilish boʻyicha ishchi guruh

Izohlar:

Ishchi guruh aʼzolari boshqa ishga oʻtgan taqdirda, uning tarkibiga mazkur lavozimga yangi tayinlangan yoki zimmasiga tegishli funksiyalarni bajarish yuklangan shaxslar kiritiladi.

Ishchi guruh oʻziga yuklatilgan vazifalarni bajarish maqsadida, zarur hollarda, boshqa tegishli vazirlik, idora va tashkilotlarning rahbarlari hamda vakillarini jalb qilishi mumkin.

Bu hujjat sizga qanday ta'sir qiladi?

HuquqTech hujjat va qonun moddalariga tayanib, savolingizga oddiy tilda javob beradi.

AI'dan bepul so'rash

Matn lex.uz rasmiy manbasidan olingan va avtomatik yangilanadi. Huquqiy ahamiyatga ega qarorlar uchun rasmiy nashrga va malakali mutaxassisga murojaat qiling.