Soʻnggi yillarda mamlakatimizda keksa avlodni ijtimoiy qoʻllab-quvvatlash, ularni sogʻlomlashtirish ishlarini samarali tashkil etish va boʻsh vaqtlarini mazmunli oʻtkazish, ijtimoiy hayotdagi faolliklarini oshirish borasida qator ishlar amalga oshirilmoqda.
Jumladan, oʻtgan yilda 965 ming nafar nuroniy bepul tibbiy koʻrikdan oʻtkazildi, 23 ming nafar nuroniy dori-darmon va oziq-ovqat bilan taʼminlandi, 21 mingdan ortiq nuroniylar sanatoriylarda sogʻlomlashtirildi, 19 ming nafari reabilitatsiya texnik vositalari bilan taʼminlandi, 118 ming nafar nuroniylarga boshqa turdagi moddiy yordamlar koʻrsatildi, 221 nafar ikkinchi jahon urushi qatnashchilari va yakka yolgʻiz keksalarning uy-joylari taʼmirlab berildi, 1 milliondan ortiq nuroniylar uchun mamlakatimiz boʻylab sayohatlar tashkil etildi.
Nuroniylar hayotiy tajribasidan unumli foydalanib, oʻtkazilgan madaniy maʼrifiy tadbirlar natijasida 155 mingga yaqin profilaktik hisobda turgan yoshlarning sogʻlom turmush tarziga qaytishiga, 22 mingdan ortiq oilalar ajrimining oldi olinishiga hamda 3 mingdan ortiq notinch oilalarning yarashtirilishiga erishildi.
Keksa avlod vakillarini har tomonlama qoʻllab-quvvatlash, ularning hayotini yuqori darajaga koʻtarish va ijtimoiy faolliklarini yanada oshirish maqsadida:
1. Oʻzbekiston faxriylarining ijtimoiy faoliyatini qoʻllab-quvvatlash “Nuroniy” jamgʻarmasining (keyingi oʻrinlarda — “Nuroniy” jamgʻarmasi) tashabbusiga muvofiq uning faoliyatini jadallashtirish borasidagi ustuvor yoʻnalishlari 1-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
2. “Nuroniy” jamgʻarmasi va keng jamoatchilikning quyidagi takliflari maʼqullansin:
Oʻzbekiston faxriylarining ijtimoiy faoliyatini qoʻllab-quvvatlash “Nuroniy” jamgʻarmasining Vasiylik kengashini 2-ilovaga muvofiq tarkibda tashkil etish;
Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi Raisi, viloyatlar va Toshkent shahar hamda tuman (shahar) hokimlarini tegishlicha “Nuroniy” jamgʻarmasi boʻlimlari Vasiylik kengashlari raisi etib belgilash;
mahalla fuqarolar yigʻini raisining keksalar va faxriylar ishlari boʻyicha maslahatchisini “Keksalar maslahati” guruhining raisi etib belgilash;
“Nuroniy” jamgʻarmasining Qoraqalpogʻiston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahar hamda tuman (shahar) boʻlimi rahbarlariga bir vaqtning oʻzida tegishlicha Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi Raisining, viloyatlar va Toshkent shahar hamda tuman (shahar) hokimlarining maslahatchisi maqomini berish.
3. Belgilansinki:
2023-yil 1-apreldan boshlab Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi huzuridagi Nodavlat notijorat tashkilotlarni va fuqarolik jamiyatining boshqa institutlarini qoʻllab-quvvatlash jamoat fondi hisobidan “Nuroniy” jamgʻarmasining asoslangan hisob-kitoblariga muvofiq davlat subsidiyasini ajratish tizimi joriy etiladi;
“Nuroniy” jamgʻarmasining tashkiliy tuzilmasi, markaziy apparati, hududiy va tuman (shahar) boʻlinmalari tuzilmalari Vasiylik kengashi bilan kelishilgan holda uning raisi tomonidan tasdiqlanadi.
4. “Bir nuroniy oʻn yoshga masʼul” tamoyiliga muvofiq yoshlar har bir mahalladagi hayotiy tajribaga ega boʻlgan zamonaviy fikrlaydigan faol nuroniylarga biriktirilishi belgilansin. Bunda:
mahallalardagi yoshlar yetakchilari “Keksalar maslahati” guruhlari bilan birgalikda shakllantirilgan roʻyxatlar asosida oʻn nafar uyushmagan va muammoli yoshlar nuroniylarga biriktirib chiqiladi;
boy hayotiy tajribaga ega ziyoli, hunarmand, tadbirkor, fermer va boshqa soha vakillari boʻlgan nuroniylar hududlardagi barcha taʼlim muassasalariga biriktiriladi.
5. “Nuroniy har bir oilaga masʼul” loyihasi asosida oilalardagi ahillik, tinchlik va osoyishtalikni taʼminlash maqsadida muammoli oilalarning har biriga “Keksalar maslahati” guruhlarining bir nafardan aʼzolari biriktiriladi.
“Nuroniy” jamgʻarmasi (S. Turdiyev) Nuroniylar jamoatchilik kengashlari qaroriga binoan “Bir nuroniy oʻn yoshga masʼul” tamoyili hamda “Nuroniy har bir oilaga masʼul” loyihasi asosida faoliyat olib borgan va ijobiy natijalarga erishgan nuroniylarni “Nuroniy” jamgʻarmasi mablagʻlari hisobidan ragʻbatlantirib borish tizimini joriy etsin.
Belgilansinki, mahallalarda faoliyat yuritayotgan “Keksalar maslahati” guruhlari rahbarlari “Nuroniy” jamgʻarmasi va mahalliy budjetning qoʻshimcha manbalari hisobidan har chorakda bazaviy hisoblash miqdorining ikki baravari miqdorida ragʻbatlantirib boriladi.
6. Nuroniylar jamoatchilik kengashi va “Keksalar maslahati” guruhining quyidagilar ustidan jamoatchilik nazoratini oʻrnatish bilan bogʻliq tashabbuslariga rozilik berilsin:
nuroniylarning huquq va qonuniy manfaatlarini taʼminlashga oid qonunchilik hujjatlari, Davlat dasturlarida belgilangan vazifalarning amalga oshirilishi;
aholining ijtimoiy sohadagi muammolari, jumladan oziq-ovqat va dori-darmon narxlarining sunʼiy oshirilishi hamda maktablardagi oʻquvchilar davomati, tadbirkorlik faoliyati, bandlik, tomorqadan foydalanish va boshqa yoʻnalishlardagi muammolarining hal etilishi;
“Yashil makon” umummilliy loyihasi asosida olib borilayotgan ishlar;
maktabgacha va maktab taʼlimi tizimi muassasalarida “Ikkita til va bir kasb” tamoyili asosida olib borilayotgan ishlarning sifati va samaradorligi.
7. “Nuroniy” jamgʻarmasining Yoshlar siyosati va sport vazirligi, Kambagʻallikni qisqartirish va bandlik vazirligi hamda manfaatdor vazirliklar bilan hamkorlikda quyidagi tadbirlarni amalga oshirish toʻgʻrisidagi takliflari maʼqullansin:
a) faxriy nuroniylar, oʻrta avlod vakillari hamda yoshlar oʻrtasida “Uch avlod uchrashuvi” tadbirlarini tashkil etish.
b) kasb-hunarga ega boʻlmagan, ishsiz va uyushmagan yoshlar bilan yuqori natijalarga erishgan sportchilar, fan olimpiadalari gʻoliblari, shuningdek, oʻzini oʻzi ish bilan taʼminlagan nogironligi boʻlgan shaxslar hamda paralimpiya sport musobaqalari sovrindorlari oʻrtasida “Matonat va jasorat” tadbirlari oʻtkazib boriladi.
Bunda, nogironligi boʻlgan shaxslarning oʻz matonati bilan erishayotgan yutuqlari, jamiyatdagi oʻrni hamda ibratli hayotini yoshlarga oʻrnak qilib koʻrsatish nazarda tutiladi.
8. Keksa avlod vakillarini har tomonlama qoʻllab-quvvatlash hamda ularning ijtimoiy faolligini oshirishga doir qoʻshimcha chora-tadbirlar rejasi 3-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
9. “Nuroniy” jamgʻarmasining Davlat budjetidan ajratilgan mablagʻlar va budjet mablagʻlari hisobiga olingan mol-mulkni jalb etmagan holda qonunchilikka muvofiq oʻz ustav maqsadlariga mos keladigan doiralarda tadbirkorlik faoliyati bilan shugʻullanish borasidagi tashabbusi maʼqullansin.
Bunda, “Nuroniy” jamgʻarmasi mablagʻlari hisobidan “Nuroniy-sayyoh” MCHJga 2 ta avtobus keksalarni diqqatga sazovor joylarga sayyohlik safarlarini tashkil etish va tadbirkorlik faoliyatini yuritish uchun sotib olib berilgani inobatga olinsin.
10. “Nuroniy” jamgʻarmasi Respublika Boshqaruvi raisi va uning oʻrinbosarlariga vazir va uning oʻrinbosarlari uchun nazarda tutilgan tibbiy xizmat koʻrsatish shart-sharoitlari tatbiq etilsin.
11. Mazkur qarorning ijrosini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri A.N. Aripov zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Sh. MIRZIYOYEV
Toshkent sh.,
2023-yil 11-mart,
PQ-92-son
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2023-yil 11-martdagi PQ-92-son qaroriga1-ILOVA
Oʻzbekiston faxriylarining ijtimoiy faoliyatini qoʻllab-quvvatlash “Nuroniy” jamgʻarmasining faoliyatini jadallashtirish borasidagi ustuvor yoʻnalishlari
a) yoshlarni Vatanga muhabbat, ezgulik, shukronalik, mehnatsevarlik, milliy va umummilliy qadriyatlarga hurmat ruhida tarbiyalash uchun “Bir nuroniy oʻn yoshga masʼul” tamoyilini joriy etish orqali nuroniylarning katta hayotiy tajribasidan keng va samarali foydalanilishini tashkil etish;
b) vazirlik va idoralar, xoʻjalik birlashmalari, tashkiliy-huquqiy shaklidan qatʼiy nazar, korxona va tashkilotlardagi Faxriylar kengashlari faoliyatini muvofiqlashtirish;
v) Ikkinchi jahon urushi qatnashchilari, urush orti mehnat faxriylari va oʻzgalar parvarishiga muhtoj boʻlgan yakka-yolgʻiz nuroniylar hamda “Hech kim mehr va eʼtibordan chetda qolmasin” shiori ostida ijtimoiy himoyaga muhtoj boʻlgan keksalar holidan doimiy xabar olish tizimini tashkil qilish va ijtimoiy himoya dasturlari doirasida davlat xizmatlari koʻrsatilishini taʼminlashda koʻmaklashish;
g) nuroniylarning ijtimoiy faolligini oshirish maqsadida “Nuroniylar maskani” majmualarida va mahallalarda turli madaniy-maʼrifiy tadbirlar oʻtkazish;
d) keksalarga tizimli ravishda jismoniy tarbiya va sport bilan shugʻullanishlari uchun zarur sharoitlarni yaratib borish;
e) fuqarolar yigʻinlari raislarining keksalar va faxriylar ishlari boʻyicha maslahatchilarining samarali faoliyat koʻrsatishini taʼminlash;
j) tadbirkorlikka va ijtimoiy foydali mehnatga jalb etilgan boy hayotiy va kasbiy malakaga ega boʻlgan faxriylarni har tomonlama qoʻllab-quvvatlash.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2023-yil 11-martdagi PQ-92-son qaroriga2-ILOVA
Oʻzbekiston faxriylarining ijtimoiy faoliyatini qoʻllab-quvvatlash “Nuroniy” jamgʻarmasining Vasiylik kengashi
Izoh. Vasiylik kengashi raisiga kengash tarkibiga oʻzgartirish kiritish huquqi beriladi.
(2-ilova Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2023-yil 25-dekabrdagi PF-214-sonli Farmoni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 29.12.2023-y., 06/23/214/0984-son)
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2023-yil 11-martdagi PQ-92-son qaroriga3-ILOVA
Keksa avlod vakillarini har tomonlama qoʻllab-quvvatlash hamda ularning ijtimoiy faolligini oshirishga doir qoʻshimcha chora-tadbirlar rejasi